Ey moʻminlar, maʼlum bir muddatga bir-birlaringiz bilan qarz oldi-berdi muomalasini qilsangiz, uni yozib qoʻyinglar. Oralaringizdagi bir kotib adolat bilan toʻg‘ri qilib yozsin. Hech qaysi bir kotib Alloh bildirganidek yozishdan bosh tortmasin, qanday boʻlsa, shunday yozsin. Zimmasida qarzi boʻlgan kishi aytib turib yozdirsin hamda Robbisi boʻlgan Allohdan qoʻrqsin va olgan qarzidan biror narsa kamaytirib yozdirmasin. Bordi-yu boʻynida qarzi boʻlgan odam aqli noraso, yosh yoki juda keksaligi bois ojiz hamda karligi, soqovligi va til bilmasligi tufayli aytib turishga qodir boʻlmasa, u holda uning vakili adolat bilan aytib tursin. Shuningdek, erkaklaringizdan ikki kishini guvoh qilinglar. Agarda ikki erkak boʻlmasa, sizlar rozi boʻladigan guvohlardan bir erkak kishi va ikki ayolni guvoh qilinglarki, biri unutib adashganda ikkinchisi eslatib turadi. Guvohlar guvohlik uchun chaqirilganda kelishdan bosh tortmasinlar. Qarz xoh katta boʻlsin, xoh kichik boʻlsin muddatigacha yozib qoʻyishdan erinmanglar. Mana shu Alloh nazdida eng adolatli, shohidlik uchun eng durust va gumon qilmaslik uchun eng yaqin boʻlgan hukmdir. Lekin oralaringizda aylantirib turgan naqd savdo muomalangiz boʻlsa, uni yozmaslikda sizlarga gunoh boʻlmaydi. Oʻzaro oldi-berdi qilganingizda ham guvoh keltiringlar. Agar xarajatlari boʻlsa, yozgan odam ham, guvoh ham zarar qilmasinlar. Agar ularga zarar qilsangiz, shubhasiz, bu sizning fosiqligingizdir. Allohdan qoʻrqinglar, Alloh sizlarga shu tariqa taʼlim beradi. Alloh barcha narsani biluvchi Zotdir.

