Ey insonlar, agar sizlar qayta tirilishdan shubhada boʻlsangizlar, unda qarang, Biz sizlarga Allohning qudratini bayon qilish uchun sizlarning otangiz Odamni tuproqdan, soʻngra Odam naslini maniydan, soʻngra laxta qondan, soʻngra shakllanib bitgan va bitmagan bir parcha goʻshtdan yaratdik. Biz sizlarni xohlaganimizcha muayyan vaqtga bachadonlarda qoldirib, keyin chaqaloq holingizda dunyoga chiqaramiz, soʻngra voyaga yetguningizgacha parvarish qilamiz. Sizlardan goʻdaklik va yoshlikda vafot etadiganlar va yana sizlardan koʻp narsa bilganidan keyin qarib hech narsani bilmay qoladigan darajada nochor umrga yetib keladiganlar ham bor. Yerni suvsiz qaqrab yotgan holda koʻrasiz, agar qachon unga osmondan suv yog‘dirsak, u harakatga kelib koʻpchiydi. Keyin har xil goʻzal oʻsimlik juftlarini undirib chiqaradi.

