Har bir jon egasining qilayotgan ishini kuzatib turuvchi Zotni hech narsaga qodir boʻlmagan maxluqlar bilan tenglashtirish mumkinmi? Ular turli narsalarni Allohga sherik qilib oldilar. Ey Rasulim, ularga: “Qani, u butlarning nomlarini va qila oladigan ishlarini aytinglar-chi? Yoki Unga Yer yuzidagi bilmaydigan biron narsasining xabarini berasizlarmi?! Yoki, faqat yuzaki gap bilan soʻzlariga ishonib, sig‘inib ketaverasizlarmi?” – deb ayting. Aksincha, kufr keltirgan kimsalarga oʻzlarining makrlari chiroyli koʻrsatildi va ular haq yoʻldan toʻsildilar. Kimni Alloh yoʻldan adashtirsa, uning uchun biror hidoyat qiluvchi yoʻqdir.

