Shuningdek, uni bani Isroil avlodlariga payg‘ambar qilib yuboradi. U esa oʻz qavmiga: “Men haqiqatan, payg‘ambar ekanligim toʻg‘risida sizlarga Robbingizdan dalil keltirdim. Darhaqiqat, men sizlarga loydan qush shaklini oʻxshatib yasayman. Keyin unga puflayman va u Allohning izni bilan haqiqiy bir qush boʻladi. Tug‘ma koʻr va pes kasalligini tuzataman. Allohning izni bilan oʻliklarni ham tiriltira olaman. Bulardan tashqari sizlar uylaringizda tanovul qilayotgan hamda zaxiraga saqlab qoʻyayotgan narsalaringizni ham xabarini bera olaman. Agar haqiqatan, moʻmin boʻlsangiz, albatta, bularning barchasida sizlar uchun payg‘ambar ekanimga ochiq oydin alomat bordir”, – deydi.

