U taqvodor kimsalar g‘oyibdan kelgan xabarlarga iymon keltiradigan va barcha namozlarni toʻliq ado etadigan hamda Biz ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan muhtoj odamlarga nafaqa, ehson va sadaqa qiladigan kimsalardir.
Siz qidirgan غ ي ب masdar-o'zagidan hosil bo'lgan 60 ta oyat mavjud.
g'aybga, g'ayblarini, ko'rinmas olamning, g'ayb, yashirinni, yashirinda, yashirinlarini, g'aybni, g'aybning, ulardan uzoq
Quyida o'sha oyatlar arabcha matni va o'zbekcha tarjimasi bilan keltirilgan.
U taqvodor kimsalar g‘oyibdan kelgan xabarlarga iymon keltiradigan va barcha namozlarni toʻliq ado etadigan hamda Biz ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan muhtoj odamlarga nafaqa, ehson va sadaqa qiladigan kimsalardir.
Shundan keyin Alloh: “Ey Odam, qani, farishtalarga u narsalarning nomlarini birma-bir aytib ber-chi!” – dedi. Odam farishtalarga ularning ismlari haqida xabar bergach, Alloh farishtalarga qarata: “Albatta, Men osmonlaru Yerning barcha sir-asrorini bilaman hamda sizlar oshkora qilgan va ichingizda yashirgan narsalaringizni ham bilaman, demaganmidim?” – dedi.
Ey Rasulim, mana bular g‘ayb xabarlaridan boʻlib, uni sizga vahiy qilib bildirmoqdamiz. Oralaridan qaysi birlari Maryamni qaramog‘iga olishga kafil boʻladi deb, qurʼa tashlash maqsadida qalamlarini otgan vaqtlarida siz u yerda yoʻq edingiz. Shuningdek, ular bu borada talashib tortishganlarida ham ularning yonida boʻlmagansiz.
Alloh moʻminlarni pokdan nopokni ajratmasdan, sizlarni hozirgi bu holatda tashlab qoʻymaydi. Shuningdek, Alloh sizlarni g‘aybdan xabardor qilib qoʻymadi. Biroq Alloh Oʻz Rasullaridan xohlagan kishisini tanlab oladi. Allohga va Uning Rasullariga iymon keltiringlar. Agar iymon keltirib, Allohdan qoʻrqsangiz, sizlar uchun ulkan ajr bordir.
Erkaklar ayollar ustidan rahbardirlar. Buning sababi Alloh baʼzilarini baʼzilaridan maʼlum xususiyatga koʻra afzal qilib yaratishi hamda erkaklar ishlab topgan mol-mulklaridan oʻz oilalari uchun sarf-xarajat qilib turishlaridir. Soliha ayollar esa itoatkor boʻlganlaridir. Hamda Alloh ayollarning haqini qanday muhofaza qilgan boʻlsa, ular ham erlari yonlarida boʻlmaganida mol-mulklarini, sir-asrorlarini va oʻz iffatlarini shunday himoya qiluvchilardir. Agarda u xotinlarning isyon qilib sizga bosh koʻtarishlaridan qoʻrqsangiz, oldin ularga chiroyli nasihat qilinglar. Nasihat kor qilmasa ularni yotoqlarda yolg‘iz tark qilib, ulardan uzoq turinglar. Bordi-yu unda ham boʻlmasa, u holda sekingina uringlar. Biroq sizga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa bahona qidirib, yoʻl axtarmanglar. Albatta, Alloh eng ustun boʻlgan – Aʼliy va barchadan ulug‘ boʻlgan – Kabir Zotdir.
Ey iymon keltirganlar, Alloh g‘oyibona, koʻrmagan holda Oʻzidan qoʻrqadigan kishilarni bilish uchun ehromda ekanligingizda qoʻllaringiz va nayzalaringiz uni osonlikcha tutib oladigan baʼzi bir ov oʻljalari bilan sizlarni, albatta, sinab koʻradi. Kimki shu hukmdan keyin haddidan oshib ov qilsa, unga alamli azob bordir.
Alloh barcha payg‘ambarlarni jamlaydigan kunda ularga: “Daʼvatingizga sizlarga qanday javob berildi?” – deydi. Shunda ular: “Bizlar bilmaymiz, albatta, Sen Oʻzing g‘ayblarni yaxshi biluvchisan”, – deydilar.
Alloh oʻshanda: “Ey Maryam oʻg‘li Iso, odamlarga Allohni qoʻyib, meni va onamni ikki xudo qilib olinglar deb sen aytdingmi?” – dedi. Iso esa: “Subhanalloh, men haqim boʻlmagan narsani ayta olmayman-ku. Bordi-yu uni aytgan boʻlsam ham, albatta, Sen uni bilar eding. Chunki Sen mening ichimdagilarni bilasan, men esa Zotingdagini bilmayman. Sen Oʻzing g‘ayblarni yaxshi biluvchisan”, – deb javob berdi.
Ey Muhammad, ularga: “Sizlarga menda Allohning xazinalari bor, demayman, g‘aybni ham bilmayman, “men farishtaman”, ham demayman, men faqat oʻzimga vahiy qilinganga ergashaman”, – deb ayting. Yana ularga: “Koʻradigan odam bilan koʻrmaydigan teng boʻladimi? Tafakkur qilmaysizlarmi axir?!” – deng.
G‘aybning kalitlari Uning huzuridadir. Undan boshqasi ularni bilmaydi. U Zot quruqlik va dengizdagi barcha narsalarni biladi. Biror bir barg uzilib tushsa ham, uni biladi. Hatto Yer qaʼridagi qorong‘iliklarda bir urug‘ ham, xoʻlu quruq – barcha mavjudotlar ham aniq kitob boʻlgan Lavh ul-Mahfuzda yozib qoʻyilgandir.
U osmonlar va Yerni barhaq yaratgan Zotdir. U Zot “Boʻl!” – degan kuni barchasi muhayyo boʻladi. Uning soʻzi haqdir. Qiyomat kunidagi surga puflanadigan kunda butun hukmronlik Uning qoʻlidadir. Alloh yashirin va oshkora barcha narsalarni biluvchi Zotdir. U hikmat egasi – Hakim va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir.
Keyin ularga qilmishlarini aniq maʼlumot bilan aytib beramiz. Biz bexabarlardan emasmiz.
Ey Rasulim, ularga: “Alloh iroda qilganidan tashqari oʻz nafsimga na bir foyda keltirishga, na bir zararni daf qilishga qodir emasman. Agarda g‘aybni bilganimda edi, xayrli ishlardan koʻp qilgan boʻlar edim. Shuningdek, menga yomonlik ham yetmagan boʻlardi. Men faqat iymon keltiradigan qavmlarga jahannamdan ogohlantiruvchi va jannatdan xushxabar beruvchi elchidirman xolos”, – deb ayting.
Munofiqlar Alloh ularning sirlarini ham, yashirin suhbatlarini ham, albatta, bilishini bilmasmidilar?! Darhaqiqat, Alloh g‘ayblarni oʻta yaxshi biluvchi Zotdir.
Safardan ularning yonlariga qaytganingizda sizlarga uzrlarini aytadilar. Ularga: “Uzr soʻramanglar! Biz sizlarga aslo ishonmaymiz. Darhaqiqat, Alloh bizlarga hali yoʻlda ekanimizda siz haqingizdagi xabarlarni bildirdi. Yaqinda Alloh va Uning Rasuli bundan keyin qanday amal qilishingizni koʻradi. Keyin esa, g‘oyib va oshkora ishlarni biluvchi Zot boʻlgan Allohning huzuriga qaytarilasizlar. Ana oʻshanda sizlarga barcha qilgan ishlaringizning xabarini beradi”, – deb ayt.
Ey Muhammad, ularga: “Amallaringizni qilaveringlar! Bas, yaqinda Alloh va Uning Rasuli hamda moʻminlar ishlaringizni koʻradilar. Tez orada yashirin va oshkora ishlarni biluvchi Zot huzuriga qaytarilasizlar. Keyin sizlarga qilgan ishlaringizning xabarini beradi”, – deb ayting.
U Muhammadga Robbisi tomonidan biz ishonishimiz uchun biror moʻʼjiza tushirilsa edi!” – deydilar. Bas, ularga: “Albatta, g‘ayb ishlari Allohga xosdir. Kutib turinglar, men ham sizlar bilan birga kutib turuvchilardanman”, – deb ayting.
Nuh ularga: “Men sizlarga yonimda Allohning xazinalari bor, demayman. Koʻzdan pinhon boʻlgan g‘ayb hodisalarini ham bilmayman. Men farishtaman, – deb ham aytmayman. Shuningdek, sizlar koʻzlaringiz mensimay, haqir koʻrayotgan kimsalar haqida Alloh ularga hech qanday yaxshilik bermaydi, – deb ham aytmayman. Ularning qalblaridagi ixlosni Alloh juda yaxshi biluvchidir. Agar unday desam, unda men, shubhasiz, zolimlardan boʻlaman”, – deb aytdi.
Ey Muhammad, bular Biz sizga Qurʼonda vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. Bularni oldin siz ham qavmingiz ham bilmas edingiz. Bas, kofirlarning sizga yetkazayotgan ozorlariga sabr qiling. Albatta, goʻzal oqibat Allohdan qoʻrquvchi kimsalar uchundir.
Osmonlar va Yerning maxfiy g‘ayblari, faqat Allohga xosdir. Barcha ishlar Unga qaytariladi. Shunday ekan, Unga ibodat qiling va Unga suyaning. Hamda Robbing qilayotgan ishlaringizdan bexabar emasdir.