Kufr keltirgan va boshqalarni ham Alloh yoʻlidan toʻsgan kimsalarning amallarini Alloh bekor qiladi.
Сура Muhammad
Ниспослана в Madina.
26-й джуз,47-я сура,38 аятовНиспослана в Madina.
26-й джуз,47-я сура,38 аятовRahmon va Rahim boʻlgan Alloh nomi bilan boshlayman.
Kufr keltirgan va boshqalarni ham Alloh yoʻlidan toʻsgan kimsalarning amallarini Alloh bekor qiladi.
Iymon keltirgan va solih amallarni qilgan hamda Robbilari tomonidan u haqiqat boʻlib Muhammadga nozil qilingan Qurʼonga iymon keltirgan zotlarning esa yomonliklarini oʻchiradi va ahvollarini yaxshilaydi
Bu, albatta, kufr keltirganlarning botil yoʻlga ergashganlari, iymon keltirganlarining esa Robbilari tomonidan boʻlgan haq Qurʼon yoʻliga ergashganlari uchundir. Alloh insonlarga oʻzlarining misollarini mana shunday keltiradi.
Bas, ey moʻminlar, qachonki, sizlar jang maydonida kufr keltirganlar bilan toʻqnashsangiz, boʻyinlariga urib oʻldiringlar. Bas, qachonki, ularni tor-mor qilib asirga tushirsangiz, arqonlar bilan mahkam bog‘langlar. Keyin urush oʻz yuklarini qoʻyib toʻxtamaguncha ularga iltifot qilib ozod qilib yuborasizlar, yoki qoʻyib yuborish evaziga tovon olasizlar. Agar Alloh xohlasa, ular ustidan jangsiz ham g‘olib kelar edi, lekin U sizlarning ayrimlaringizni ayrimlaringiz bilan imtihon qilish uchun sizlarga jang qilishni buyurdi. Alloh yoʻlida oʻldirilganlarning amallarini U Zot hech bekor qilmaydi.
Alloh ularni jannat yoʻliga hidoyat qiladi va ahvollarini yaxshilaydi.
Hamda ularni Alloh Oʻzi taʼriflagan jannatga kiritadi.
Ey iymon keltirganlar, agar sizlar din yoʻlida harakat qilib, Allohga yordam bersangiz. U zot ham sizlarga yordam beradi va qadamlaringizni sobit qiladi.
Kufr keltirgan kimsalar uchun esa halokat boʻladi va Alloh ularning amallarini zoe ketkazur.
Bunga sabab ularning Alloh nozil qilgan narsalarni yoqtirmaganlaridir. Bas, Alloh ularning amallarini behuda ketkazdi.
Axir, ular yer yuzida sayr qilib, oʻzlaridan avvalgi iymonsiz kimsalarning oqibatlari qanday boʻlganini koʻrsalar boʻlmaydimi? Alloh ularni yakson qildi-ku! Kofirlarga ham shunga oʻxshash oqibatlar boʻladi.
Bu, albatta, Alloh iymon keltirganlarning doʻsti ekanidan va albatta, kofirlarga hech qanday homiy yoʻqligidandir.
Albatta, Alloh iymon keltirgan va solih amallarni qilgan kimsalarni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritadi. Kufr keltirgan kimsalar esa dunyo lazzatlaridan foydalanib, chorva hayvonlari yeganidek yeb-ichadilar va oxirida doʻzax ularning joylaridir.
Ey Muhammad, sizni Makka shahridan haydab chiqarganlarning ahlidan koʻra aholisi quvvatliroq boʻlgan qanchadan-qancha shaharni halok qilganmiz. Bas, ularga biror yordamchi boʻlmagan.
Axir, Robbisi tomonidan aniq hujjatga ega boʻlgan kishi bilan qilgan yomon ishi oʻziga chiroyli koʻringan va havoyi nafslariga ergashgan kofir kimsalar barobar boʻladimi?!
Allohdan qoʻrqadigan taqvodorlar uchun vaʼda qilingan jannatning misoli shuki, unda mazasi aynimas suvdan iborat daryolar, taʼmi oʻzgarmaydigan sutdan iborat anhorlar, ichuvchilar uchun lazzatli maydan boʻlgan daryolar va musaffo asaldan iborat anhorlar bordir. Ular uchun u yerda barcha mevalardan va Robbilari tomonidan mag‘firat bordir. Ana shunday kimsalar doʻzaxda mangu qoladigan va qaynoq suv bilan sug‘orilganda ichaklarini tilka-pora qilib tashlaydigan kofirlar kabi boʻladimilar?!
Ey Muhammad, u munofiqlarning orasida shunday kimsalar ham borki, ular sizga quloq solib turadi-da, huzuringizdan chiqqach, ilm berilgan zotlar ustidan masxara qilib: “Hozirgina Muhammad nima dedi?” – deb aytadilar. Ana oʻshalar Alloh dillarini muhrlab qoʻygan va oʻzlarining havoyi nafslariga ergashgan kimsalardir.
Alloh hidoyat topganlarning hidoyatini yanada ziyoda qiladi va harom narsalardan tiyilish uchun ularga taqvolarini beradi.
Munofiqlar, faqat toʻsatdan qiyomat kelib qolishini kutib turibdilar, xolos. Darvoqe, uning baʼzi alomatlari kelib ham qoldi. Bas, ularga qiyomat kelgan vaqtida, eslatma olishlaridan qanday foyda bor?!
Bas, ey Muhammad, Allohdan oʻzga iloh yoʻq ekanini biling va oʻz gunohingiz uchun hamda moʻmin va moʻminalarning gunohlari uchun mag‘firat tilang. Alloh sizlarning bu dunyodagi kezadigan joylaringizni ham, oxiratda qaytib boradigan joylaringizni ham biladi.
Iymon keltirgan kimsalar: “Jihodga buyurilgan biror sura nozil qilinsa edi”, – deydilar. Bas, qachonki, u haqida qatʼiy bir sura nozil qilinib, unda jang zikr qilinsa, dillarida kasallik boʻlgan kimsalarning sizga xuddi oʻlimdan qoʻrqib behush boʻlib qolgan kimsaning nazaridek qarayotganlarini koʻrasiz. Holbuki, ular uchun sizga itoat qilish loyiqroq edi.
Ularning itoat qilishi va yaxshi soʻz soʻzlashi lozim edi. Endi, qachonki, ish muqarar boʻlganda, ular Allohga sodiq qolsalar, albatta, oʻzlari uchun yaxshi boʻlar edi.
Agar iymondan yuz oʻgirsangiz, ehtimol, sizlar yerda buzg‘unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz bilan ham aloqalaringizni ham uzarsizlar?!
Unday kimsalarni Alloh laʼnatlagan. Bas, ularning quloqlarini haqni eshitishdan kar, koʻzlarini esa soʻqir qilib qoʻygan.
Axir, ular Qurʼon oyatlari haqida fikr yuritmaydilarmi?! Yoki, qalblarida qulflari bormi?!
Chindan ham, oʻzlariga hidoyat yoʻli aniq boʻlganidan keyin yana ortlariga qaytib ketgan kimsalarga shayton bu ishlarni chiroyli qilib koʻrsatdi va ular uchun puch orzularni uzaytirib qoʻydi.
Bu kufrga qaytishlariga sabab – ularning Alloh nozil qilgan Qurʼonni yomon koʻrgan kimsalarga: “Biz ayrim ishlarda sizlarga itoat qilamiz”, – deganlaridir. Holbuki, Alloh ularning yashirgan sirlarini biladi.
Bas, farishtalar ularning yuzlari va orqalariga urib, jonlarini olar vaqtida, hollari qanday boʻladi?!.
Bunga sabab ularning Allohni g‘azablantirgan narsaga ergashib, Uning rizoligini yomon koʻrganlaridir. Bas, Alloh ularning qilgan yaxshi amallarini ham behuda ketkazdi.
Yoki qalblarida maʼnaviy kasallik boʻlgan kimsalar Alloh ularning moʻminlarga nisbatan boʻlgan dillaridagi adovatlarini oshkor qilmaydi, deb oʻyladilarmi?!
Ey Muhammad, agar xohlasak, albatta, sizga oʻsha munofiqlarni koʻrsatib qoʻygan boʻlar edik. U holda siz ularni belgilaridan tanib olgan boʻlar edingiz. Qasamki, albatta, siz ularni zohiran iymon, aslida esa kufr boʻlgan soʻz ohangidan tanib olasiz. Alloh qilayotgan barcha amallaringizni bilib turadi.
Albatta, Biz, to orangizdagi mollari va jonlari bilan jihod qiluvchi va musibatlarga sabr qiluvchi zotlarni bilgunimizcha hamda xabarlaringizni sinagunimizcha, sizlarni imtihon qilamiz.
Albatta, kufr keltirgan va boshqalarni ham Allohning yoʻlidan toʻsgan hamda oʻzlariga hidoyat yoʻli aniq boʻlganidan keyin yana Payg‘ambarga qarshilik qilgan kimsalar, Allohga biror zarar yetkaza olmaydilar. Alloh ularning payg‘ambarga qarshilik qilish yoʻlidagi barcha ishlarini behuda ketkazadi.
Ey iymon keltirganlar, Allohga itoat qilinglar va Payg‘ambarga itoat etinglar. Munofiqlik yoʻliga kirish bilan qilgan amallaringizni zoe qilmanglar.
Albatta, kufr keltirgan va boshqalarni ham Alloh yoʻlidan toʻsgan, keyin kofir hollarida oʻlgan kimsalarni Alloh aslo mag‘firat qilmaydi.
Bas, ey moʻminlar, jang maydonida sustkashlik qilmanglar va oʻzingiz ustun boʻla turib ularni sulhga chorlamanglar. Alloh sizlar bilan birgadir va U qilgan amallaringiz mukofotini aslo kamaytirmaydi.
Haqiqatan, bu dunyo hayoti faqat bir onlik oʻyin-kulgu va koʻngilxushlikdir. Agar sizlar iymon keltirsangizlar va Allohdan qoʻrqsangizlar, U mukofotlaringizni toʻliq qilib beradi va sizlardan mol-dunyolaringizni soʻramaydi.
Agar Alloh sizlardan mol-dunyolaringizni soʻrab, sizlarni qiynaydigan boʻlsa, sizlar baxillik qilasizlar va U sizlarning dillaringizdagi ginalaringizni fosh qiladi.
Ey siz odamlar! Sizlar Alloh yoʻlida ehson qilishga chaqirilmoqdasiz. Bas, aniqki orangizda baxillik qiladigan kimsalar ham bordir. Kimki baxillik qilsa, bas, faqat oʻz zarariga baxillik qiladi. Alloh boy, sizlar esa faqirdirsizlar. Agar sizlar Allohga itoat qilishdan bosh tortsangiz, U xohlasa oʻrningizga sizlardan boshqa bir qavmni almashtirib qoʻyadi. Keyin ular sizlarga oʻxshagan itoatsiz boʻlmaydilar.