Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsa mutlaq podshoh, ayb va nuqsonlardan pok, qudrat va hikmat sohibi boʻlgan Allohga tasbeh aytadi.
Сура Jumu'a
Ниспослана в Madina.
28-й джуз,62-я сура,11 аятовНиспослана в Madina.
28-й джуз,62-я сура,11 аятовRahmon va Rahim boʻlgan Alloh nomi bilan boshlayman.
Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsa mutlaq podshoh, ayb va nuqsonlardan pok, qudrat va hikmat sohibi boʻlgan Allohga tasbeh aytadi.
U Zot omiy kishilar orasiga oʻzlaridan boʻlgan, ularga Uning oyatlarini tilovat qiladigan, ularni shirk va kufrdan poklaydigan hamda ularga kitob va hikmatni oʻrgatadigan bir payg‘ambarni yuborgan Zotdir. Haqiqatan, ular payg‘ambar kelishidan oldin ochiq-oydin zalolatda edilar.
Alloh Muhammadni yana ulardan boshqalarga – dunyoga keyin kelib ularga yetisha olmagan insonlar uchun ham yubordi. U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
Bu Allohning fazlidirki, uni Oʻzi xohlagan kishilarga beradi. Alloh buyuk fazl sohibidir.
Tavrot yuklatilgan, soʻngra unga amal qilmay koʻtara olmagan kimsalarning misoli xuddi kitoblarni koʻtarib ketayotgan eshakka oʻxshaydi. Allohning oyatlarini yolg‘onga chiqargan qavmning misoli naqadar yomondir. Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmaydi.
Ey Muhammad ularga: “Ey yahudiy boʻlganlar, agar sizlar boshqa odamlarni emas, faqat oʻzlaringizni Allohning doʻstlari deb daʼvo qilsangizlar, bas, agar shu daʼvolaringizda rostgoʻy boʻlsangizlar, unda oʻlimni orzu qilib koʻringlar-chi?” – deb ayting.
Oʻz qoʻllari bilan qilib qoʻygan yomon ishlari sababli hech qachon oʻlimni orzu qila olmaydilar. Alloh zolimlarni biluvchidir.
Ey Rasulim ularga: “Sizlar qochayotgan oʻlim, albatta, sizlarga yoʻliquvchidir! Soʻngra sizlar yashirin va oshkora narsalarni biluvchi Allohga qaytarilasizlar. Bas, U Zot qiyomatda sizlarga qilib oʻtgan amallaringizning xabarini beradi”, – deb ayting.
Ey iymon keltirganlar, qachonki, juma kunidagi namozga azon chaqirilsa, darhol Allohning zikri sari shoshilinglar va savdo-sotiqni tark qilinglar! Agar bilsangiz, mana shu ish oʻzingiz uchun yaxshidir.
Bas, qachonki, namoz tugaganidan keyin, yer yuzida tarqalib, Allohning fazlidan istayveringlar! Allohni koʻp yod qilinglar, shoyad shunda najot topsangiz.
Qachonki, ular biror tijoratni yoki oʻyin-kulgini koʻrib qolsalar, oʻshanga qarab tarqalib ketdilar va sizni minbarda tik turgan holingizda tark qildilar. Ey Rasulim ularga: “Alloh huzuridagi narsa oʻyin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir. Alloh rizq beruvchilarning yaxshirog‘idir”, – deb ayting.