Ey insonlar, Robbingizdan qoʻrqingiz! Zero, qiyomat soatining dahshatli zilzilasi ulkan narsadir.
Haj surasi
Madinada nozil bo'lgan.
17-juz,22-sura,78 oyatdan iboratMadinada nozil bo'lgan.
17-juz,22-sura,78 oyatdan iboratRahmon va Rahim boʻlgan Alloh nomi bilan boshlayman.
Ey insonlar, Robbingizdan qoʻrqingiz! Zero, qiyomat soatining dahshatli zilzilasi ulkan narsadir.
Uni koʻradigan kuningizda har bir emizuvchi ona emizib turgan bolasini unutib qochadi va qoʻrquvdan har bir homilador homilasini tushirib yuboradi. Odamlarni mast boʻlmagani holda ularni mast ahvolda koʻrasiz. Lekin Allohning azobi shiddatlidir.
Odamlar orasida Alloh haqida bilmasdan tortishadigan va har qanday itoatsiz shaytonga ergashib ketadigan kimsalar ham bor.
Unga oʻzini doʻst tutgan kimsani, albatta, toʻg‘ri yoʻldan ozdirish va doʻzax azobiga boshlash yozib qoʻyilgan.
Ey insonlar, agar sizlar qayta tirilishdan shubhada boʻlsangizlar, unda qarang, Biz sizlarga Allohning qudratini bayon qilish uchun sizlarning otangiz Odamni tuproqdan, soʻngra Odam naslini maniydan, soʻngra laxta qondan, soʻngra shakllanib bitgan va bitmagan bir parcha goʻshtdan yaratdik. Biz sizlarni xohlaganimizcha muayyan vaqtga bachadonlarda qoldirib, keyin chaqaloq holingizda dunyoga chiqaramiz, soʻngra voyaga yetguningizgacha parvarish qilamiz. Sizlardan goʻdaklik va yoshlikda vafot etadiganlar va yana sizlardan koʻp narsa bilganidan keyin qarib hech narsani bilmay qoladigan darajada nochor umrga yetib keladiganlar ham bor. Yerni suvsiz qaqrab yotgan holda koʻrasiz, agar qachon unga osmondan suv yog‘dirsak, u harakatga kelib koʻpchiydi. Keyin har xil goʻzal oʻsimlik juftlarini undirib chiqaradi.
Bular, Alloh, albatta, haq ekani va Uning Oʻzi qiyomatda oʻliklarni qayta tiriltirishi hamda U barcha narsaga qodir ekanidan dalolatdir.
Albatta, qiyomat soati, shubhasiz, keluvchidir va albatta, Alloh qabrdagilarning barchasini tiriltiradi.
Odamlar orasida Alloh haqida ilmsiz, hidoyatsiz va bir nurli kitobsiz holda tortishadiganlari ham bor.
Haq yoʻldan boʻyin tovlab, boshqalarni ham Allohning yoʻlidan adashtirish uchun yuradiganlari ham bor. Undaylar uchun bu dunyoda sharmandalik bor, qiyomat kunida esa unga yonish azobini tottiramiz.
Bu azob oʻz qoʻllaring bilan qilgan gunohing sababidandir. Zero, Alloh bandalariga aslo zulm qiluvchi emasdir.
Odamlar orasida Allohga bir tomonlama ibodat qiladigan kimsalar ham bor. Bordi-yu unga biror-bir yaxshilik yetsa, u sababli koʻngli xotirjam boʻladi, agar biror balo yetsa, dindan yuz oʻgirib ketadi. U bu dunyoda ham oxiratda ziyon koʻrdi. Mana bu esa ochiq-oydin ziyondir.
U, Allohni qoʻyib, oʻziga zarar ham bermaydigan, foyda ham keltirmaydigan narsalarga iltijo qilar edi. Mana bu eng tuban zalolatdir.
Ana ular foydasidan koʻra zarari yaqinroq boʻlganga iltijo qiladilar. Ular qanday ham yomon yordamchi va qanday ham yomon hamroh!
Albatta, Alloh iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni tagidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritadi. Albatta, Alloh nimani xohlasa oʻshani qiladi.
Kimki dunyo va oxiratda Alloh oʻz payg‘ambariga aslo yordam qilmaydi, deb gumon qilsa, bir arqon bilan balandlikka osilib, soʻngra oyog‘ini uzsin. Keyin nazar solib koʻrsinchi, uning bu nayranggi g‘azabini ketkaza oladimi?!
Biz bu Qurʼonni mana shunday bayon qiluvchi oyatlar bilan nozil qildik. Alloh oʻzi istagan kishilarni toʻg‘ri yoʻlga boshlaydi.
Shubhasiz, Alloh qiyomat kunida iymon keltirgan kimsalar, yahudiy dinida boʻlganlar, sobiiylar deb atalgan eʼtiqodda boʻlganlar, nasroniy dinida boʻlganlar, majusiy otashparastlar va shirk keltirganlarning oralarida, albatta, hukm qiladi. Shubhasiz, Alloh har narsaga shohiddir.
Ey Rasulim, osmonlardagi va Yerdagi bor jonzot, quyosh, oy, yulduzlar, tog‘lar, daraxtlar va barcha jonivorlar hamda insonlarning koʻpchiligi yolg‘iz Allohga sajda qilayotganini koʻrmadingizmi? Odamlarning koʻpchiligiga esa kufr keltirganlari uchun azob haq boʻlgan edi. Alloh kimni xor qilsa, bas, uni aziz qiluvchi yoʻqdir. Albatta, Alloh nimani xohlasa oʻshani qiladi.
Mana shu ikki raqib boʻlgan moʻmin va kofir Robbilarining dini xususida tortishdilar. Bas, kufr keltirganlar uchun qiyomatda olovdan kiyimlar bichilib, boshlari ustidan qaynoq suv toʻkiladi.
Uning qaynog‘idan ularning qorinlaridagi narsalar ham, terilari ham eritib yuboriladi.
Ular uchun doʻzaxda temirdan qamchilar bordir.
Har safar ular doʻzax g‘amidan qochib chiqmoqchi boʻlsalar, qamchilar bilan urilib yana unga qaytariladilar va ularga: “Yong‘in azobini totinglar”, – deyiladi.
Albatta, Alloh iymon keltirgan va solih amallarni qilgan kimsalarni tagidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritadi. Ular u yerda oltin bilakuzuklar va marvaridlar bilan bezanadilar. U yerdagi kiyimlari esa ipakdan boʻladi.
Ular bu dunyoda goʻzal soʻzga hidoyat qilindilar. Shuningdek, maqtalgan Zotning yoʻliga ham hidoyat qilindilar.
Albatta, kufr keltirgan kimsalarga, Allohning yoʻlidan hamda Biz Makka ahli uchun ham, tashqaridan keluvchilar uchun ham ziyorat qilishni barobar qilib qoʻygan Masjid ul-Haromdan toʻsadigan kimsalarga va u joyda zulm bilan yoʻldan chiqmoqchi boʻlgan kimsalarga alamli azobdan tottirib qoʻyamiz.
Ey Muhammad, Biz Ibrohimga Baytullohning oʻrnini belgilab berib: “Menga hech narsani sherik qilma va Mening uyimni tavof qiluvchilar, namozda qoim turuvchilar, ruku va sajda qiluvchilar uchun poklagin”, deganimizni eslang.
Odamlar orasida yurib ularni haj qilishga chaqirgin. Ular senga tomon piyoda ham har qanday tuyada ham uzoq yoʻllardan keladilar.
Ular oʻzlari uchun boʻlgan diniy va dunyoviy manfaatlarga guvoh boʻlishlari uchun va Qurbon hayitidagi maʼlum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini qurbonlik uchun soʻyish ustida Alloh nomini zikr qilishlari uchun keladilar. Bas, undan oʻzlaringiz ham tanovul qilaveringlar, bechora, kambag‘allarga ham yediringlar.
Qurbonlik qilganlaridan keyin ehromdan chiqib, soch oldirib, toza liboslarini kiyib kirlarini ketkazsinlar. Nazrlarini ado qilsinlar va “qadimgi uy” boʻlgan Kaʼbani tavof qilsinlar.
Ana shunday, kimki Alloh harom qilgan narsalarni rioya qilgan holda uni eʼzozlasa bas, bu Robbisi nazdida oʻzi uchun yaxshidir. Sizlar uchun harom ekanligi tilovat qilinadigan narsalardan boshqa barcha chorva hayvonlari halol qilindi. Bas, butlardan iborat ifloslikdan uzoqlashing va yolg‘on soʻzdan ham chetda boʻlinglar.
Bu amallarni Allohga chin ixlos qilib, Unga shirk keltirmagan holingizda bajaring. Kimki Allohga shirk keltirsa, bas, u xuddi osmondan qulagan va uni yirtqich qush oʻlja qilib tortib ketgan yoki uni kuchli shamol olis joylarga uchirib ketgandek boʻladi.
Mana shunday, kimki Allohning qonunlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu qalblarning taqvodorligi sababidandir.
Sizlar uchun ularda maʼlum vaqtgacha manfaatlar bor. Keyin ularning qurbonlik yeri “qadimgi uy”dir.
Oldingi barcha ummatlarga, ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlari ustida Allohning ismini zikr qilishlari uchun, qurbonlik ibodatini joriy qilganmiz. Bas, ilohingiz yagona ilohdir. Bas, Ungagina taslim boʻlinglar va itoat qiluvchilarga xushxabar bering
Ular Alloh zikr qilinganida qalblari titraydigan, oʻzlariga yetgan kulfatlarga sabr qiladigan, nomozni toʻliq ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan ehson qiladigan kimsalardir.
Qurbon qilinadigan katta bosh hayvonlarni sizlar uchun Allohning nishonalaridan qildik. Ularni qurbon qilishda sizlar uchun yaxshilik bordir. Bas, tizib qoʻyilgan hollarida ularning ustida Allohning nomini zikr qilinglar. Qachon yonboshlari bilan tushib jonlari chiqqanda ulardan oʻzlaringiz ham yeyaveringlar. Undan qanoatli kishiga ham va muhtoj tilanchiga ham yediraveringlar. Shukr qilishingiz uchun sizlarga bu chorva hayvonlarni boʻysundirib qoʻydik.
Allohga qilgan qurbonliklaringizning goʻshtlari ham, qonlari ham yetib bormaydi. Lekin Unga sizlardan taqvo yetib boradi. Sizlarni hidoyat qilgani sababli Allohni ulug‘lashingiz uchun ularni sizlarga boʻysundirib qoʻydi. Goʻzal ish qiluvchilarga xushxabar bering.
Albatta, Alloh iymon keltirganlarni mushriklardan mudofaa qiladi. Shubhasiz, Alloh barcha xoin va haqni inkor qiluvchilarni sevmaydi.
Hujumga uchrayotgan musulmonlarga zulm qilinganlari uchun jang qilishga izn berildi. Albatta, Alloh ularga nusrat berishga qodirdir.
Ular oʻz yurtlaridan faqatgina “Robbimiz Alloh”, deganlari uchun haydab chiqarilgan edilar. Agar Alloh odamlarning baʼzilarini baʼzilari bilan daf qilib turmas ekan, albatta, Allohning nomi koʻplab zikr qilinadigan rohiblarning uzlatgohlari, nasroniylarning kanisalari, yahudiylarning ibodatxonalari va musulmonlarning masjidlari vayron qilingan boʻlar edi. Albatta, Alloh oʻz diniga yordam beradiganlarga yordam beradi. Shubhasiz, Alloh kuchli va izzatlidir.
Ularga yer yuzida imkon bersak, namozni toʻliq ado qiladilar, haqdorlarga zakotni beradilar, odamlarni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaradilar. Barcha ishlarning oqibati Allohga oiddir.
Ey Muhammad, agar ular sizni yolg‘onchiga chiqarsalar, ulardan oldin Nuhning qavmi, Od va Samud qabilalari ham oʻzlariga yuborilgan payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqargan edilar.
Ular Ibrohimning qavmi va Lut payg‘ambarning qavmini ham yolg‘onchiga chiqargan edilar.
Madyan shahrining aholisi ham Shuʼayb payg‘ambarni yolg‘onchiga chiqargan edilar. Muso payg‘ambar ham yolg‘onchiga chiqarildi. Men kofirlarga bir oz muhlat berib qoʻyib, keyin ularni oʻz azobim bilan tutdim. Bas, Mening inkorim qanday boʻldi?!
Qanchadan-qancha shahar va qishloqlarni zolim boʻlgan hollarida halok qildik. Bas, ular hozirda tomlari qulab huvullab qolgan, tashlandiq quduqlari boʻlgan va kimsasiz baland qasrlar holatida turibdi.
Axir, Makka mushriklari yer yuzida sayr qilmaydilarmi?! Ana shunda ular uchun aql yuritadigan qalblar, haqni eshitadigan quloqlar boʻlar edi. Zero, koʻzlar koʻr boʻlmaydi, aksincha, koʻkraklardagi qalblar koʻr boʻladi.
Ular sizdan azobning tezroq kelishini soʻraydilar. Holbuki, Alloh vaʼdasiga aslo xilof qilmaydi. Darvoqe, Robbingiz nazdidagi bir kun sizlar hisoblayotgan ming yil kabidir.
Qanchadan-qancha shahar-qishloqlarga zolim boʻlgan hollarida ham muhlat berdim. Keyin ularni azobim bilan tutdim. Oxir oqibat qaytish, faqat Mengadir.
Ey Muhammad ularga: “Ey insonlar, men sizlar uchun, faqatgina aniq ogohlantiruvchiman”, – deb ayting.
Bas, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlar uchun mag‘firat va farovon rizq bordir.
Oyatlarimizni oʻzlaricha ojiz qoldirishga harakat qilgan kimsalar esa, doʻzax egalaridir.
Ey Muhammad, Biz sizdan oldin yuborgan har bir rasul va payg‘ambar qachon oʻziga nozil boʻlgan oyatlarni qiroat qilsa, shayton uning qiroatiga boshqa narsalarni tashlagan. Bas, Alloh shayton tashlaydigan narsalarni oʻchiradi soʻngra, Alloh oʻz oyatlarini mustahkam qiladi. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
Alloh shayton tashlaydigan narsani qalblarida illat boʻlgan munofiqlar va toshbag‘ir kofirlarni sinash uchun qildi. Albatta, zolimlar haqdan uzoq ayriliqdalar.
Shuningdek, ilm berilgan zotlarni esa bu Qurʼonni Robbingiz tomonidan kelgan haqiqat ekanini bilib keyin unga iymon keltirishlari va dillari u bilan ixlosli boʻlishi uchun qildi. Albatta, Alloh iymon keltirganlarni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qiluvchidir.
Kufr keltirgan kimsalar ularga toʻsatdan qiyomat kelgunicha yoki ertasi boʻlmagan qisir kunning azobi kelgunicha, undan shak-shubhadadirlar.
U kunda hukmronlik yolg‘iz Alloh uchundir. Allohning Oʻzi ular oʻrtasida hukm qiladi. Bas, iymon keltirgan va solih amallarni qilgan kimsalar neʼmatlanish jannatlaridalar.
Kufr keltirgan va oyatlarimizni yolg‘onga chiqarganlar, ana ular uchun xor qiluvchi azob bordir.
Alloh yoʻlida yurtlaridan hijrat qilgan, keyin oʻldirilgan yoki vafot etgan zotlarni, albatta, Alloh jannatda goʻzal rizq bilan rizqlantiradi. Albatta, Allohning Oʻzi rizq beruvchilarning eng yaxshisidir.
Albatta, Alloh ularni oʻzlari rozi boʻladigan joyga kiritadi. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va bandalariga marhamatli boʻlgan – Halim Zotdir.
Ha, shunday, kim oʻziga berilgan uqubat barobarida oʻch olsa, soʻngra yana unga zulm qilinsa, albatta, Alloh unga yordam qiladi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – Aʼfuv va mag‘firati koʻp boʻlgan – G‘ofur Zotdir.
Zero Alloh kechani kunduzga kiritadi va kunduzni kechaga kiritadi. Albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.
Chunki Allohning yolg‘iz Oʻzi haqdir. Undan boshqaga iltijo qilayotgan narsalari esa botildir. Albatta, Allohning Oʻzi eng ustun boʻlgan – Aliy va barchadan ulug‘ boʻlgan – Kabir Zotdir.
Alloh osmondan suv tushirgach, yerning yam-yashil boʻlib qolishini koʻrmadingizmi?! Darhaqiqat, Alloh nozik narsalarni koʻra oluvchi – Latif va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir.
Osmonlardagi va Yerdagi hamma narsa Unikidir. Shubhasiz, Allohning Oʻzi hech kimga muhtoj boʻlmagan – G‘ani va maqtovga sazovor – Hamid Zotdir.
Alloh sizlarga yerdagi narsalarni va dengizda Uning amri bilan suzib ketayotgan kemalarni boʻysundirib qoʻyganini hamda osmonni Uning iznisiz yerga qulab tushishdan tutib turishini koʻrmadingizmi?! Shubhasiz, Alloh odamlarga shafqatli – Raʼuf va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
U sizlarga hayot bergan, soʻngra ajallaringiz yetganida oʻlim beradigan, keyin qiyomatda sizga yana qayta hayot beradigan Zotdir. Darhaqiqat, inson juda noshukrdir.
Biz har bir ummatga oʻziga xos shariat qilib ibodat shaklini qildik va ular unga amal qiluvchidirlar. Bas, ey Rasulim, ular siz bilan bu ishda aslo tortishmasinlar. Ularni Robbingizning yoʻliga daʼvat qiling. Shubhasiz, siz toʻg‘ri yoʻldasiz.
Agar siz bilan tortishsalar ularga: “Alloh sizlarning qilayotgan barcha ishlaringizni juda yaxshi biluvchidir”, – deb ayting.
Alloh sizlar ixtilof qilgan narsalar haqida qiyomat kuni orangizda hukm chiqaradi.
Ey Muhammad, Alloh osmon va Yerdagi bor narsani aniq bilishini bilmadingizmi?! Albatta, bular kitobda yozib qoʻyilgandir. Shubhasiz, bu ish Allohga osondir.
Ular Allohni qoʻyib, unga biror hujjat tushirmagan va oʻzlarida u haqida maʼlumot boʻlmagan narsalarga ibodat qiladilar. Zolimlar uchun hech bir yordamchi yoʻqdir.
Qachonki, ularga aniq oyatlarimiz tilovat qilinsa, kufr keltirgan kimsalarning yuzlarida eʼtiroz alomatini koʻrasiz. Ular, oʻzlariga oyatlarimizni tilovat qilayotgan zotlarga hujum qilishgacha boradilar. Ey Rasulim, ularga: “Endi, sizlarga bundan ham yomonroq narsaning xabarini beraymi? U doʻzax boʻlib, Alloh uni kufr keltirgan kimsalarga vaʼda qilgan va u naqadar yomon borar joydir”, – deb ayting.
Ey insonlar, sizga shunday masal aytildi, bas, unga quloq solinglar. Shubha yoʻqki, sizlar Allohni qoʻyib, sig‘inayotgan narsalaringiz, agar hammalari uni qilishga birlashsalar ham bir pashshani yarata olmaydilar. Agar pashsha ulardan biror narsani tortib olsa, undan uni qutqarib qololmaydilar. Butlardan yordam talab qiluvchi ham, yordam talab qilingan butlar ham ojiz boʻldilar.
Allohning shaʼnini Unga loyiq tarzda toʻg‘ri qadrlamadilar. Darhaqiqat, Alloh kuchli va qudratlidir.
Alloh farishtalardan va odamlardan elchilar tanlab oladi. Albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.
Alloh ularning oldilaridagi va orqalaridagi hamma narsani biladi. Shuningdek, barcha ishlar yolg‘iz Allohga qaytariladi.
Ey iymon keltirganlar, ruku va sajda qilinglar hamda yolg‘iz Robbingizga ibodat qilinglar. Hamda doimo yaxshilik qilinglar, shoyadki, najot topsangiz.
Alloh yoʻlida haqqoniy jiddu jahd qilinglar. U sizlarni shu muqaddas din uchun tanlab oldi va dinda sizlarga biror tanglik qilmadi. Otalaringiz Ibrohimning dini boʻlgan Islomni mahkam tutinglar. Toki qiyomat kunida payg‘ambar sizlarga guvoh boʻlishi, sizlar esa qolgan odamlarga guvoh boʻlishingiz uchun Allohning Oʻzi sizlarni oldingi samoviy kitoblarda nomlaganidek, mana bu Qurʼonda ham musulmonlar deb nomladi. Bas, namozni toʻliq ado qilinglar va haqdorlarga zakotni beringlar hamda Allohga bog‘laninglar. U sizning Xojangizdir. Bas, U Zot qanday yaxshi Xoja va qanday ham yaxshi yordam beruvchidir!