Yo, Sin.
Yosin surasi
Makkada nozil bo'lgan.
22-juz,36-sura,83 oyatdan iboratMakkada nozil bo'lgan.
22-juz,36-sura,83 oyatdan iboratRahmon va Rahim boʻlgan Alloh nomi bilan boshlayman.
Yo, Sin.
Ey Muhammad, ushbu hikmatli Qurʼonga qasam boʻlsin.
Albatta, siz rasullardansiz!
Shubhasiz siz toʻg‘ri yoʻldasiz.
Ushbu Qurʼon aziz va rahmli boʻlgan Allohning nozil qilgan kitobidir,
Ota-bobolari ogohlantirilmagan, oʻzlari ham g‘ofil boʻlgan qavmlarni ogohlantirishing uchun nozil qilingandir.
Ularning koʻplariga azob haqidagi soʻz muqarrar boʻlgan. Bas, ular iymon keltirmaydilar.
Darhaqiqat, Biz ularning boʻyinlariga, iyaklarigacha yetadigan kishanlarni solib qoʻydik. Bas, ular haqqa boʻyin egmay kekkayib turaveradilar.
Yana ularning oldilaridan ham bir toʻsiq, orqalaridan ham bir toʻsiq qilib, koʻzlariga parda tortdik. Bas, ular koʻra olmaydilar.
Ey Muhammad, ularni oxirat azobidan ogohlantirsangiz ham yoki ogohlantirmasangiz ham ularga baribir, iymon keltirmaydilar.
Siz faqat eslatma boʻlib kelgan Qurʼonga ergashgan va Rahmondan g‘oyibona qoʻrqqan kishilarnigina ogohlantira olasiz. Bas, oʻsha kimsalarga mag‘firat va ulug‘ mukofot borligi haqida xushxabar bering!
Albatta, Biz qiyomatda oʻliklarni tiriltiramiz va ularning taqdim qilgan narsalarini va hayotda qoldirgan izlarini yozib boramiz. Barcha narsani ochiq-oydin kitobda hisoblab qoʻyganmiz.
Ey Muhammad, ularga qishloq aholisiga rasullar kelgan paytni misol qilib keltiring.
Oʻshanda Biz ularga ikkita payg‘ambarni yuborganimizda qishloq ahli ikkisini ham yolg‘onchiga chiqarishdi. Keyin uchinchi payg‘ambar bilan quvvatlantirdik. Bas, uchchala payg‘ambar qishloq ahliga: “Chindan ham, biz sizlarga yuborilgan elchilarmiz”, degan edilar.
Qishloq ahli ularga: “Sizlar ham xuddi bizga oʻxshagan odamlarsiz. Rahmon hech narsa nozil qilgan emas. Sizlar faqat yolg‘on gapiryapsizlar”, – dedilar.
Payg‘ambarlar ularga: “Albatta, biz sizlarga yuborilgan elchilar ekanimizni Robbimiz biladi”, – dedilar.
Bizlarning zimmamizda faqat Allohning vahiysini sizlarga aniq qilib yetkazish bor.
Qishloq ahli: “Bizlar sizlardan badgumon boʻldik. Qasamki, agar daʼvatlaringizni toʻxtatmasangizlar, sizlarni, albatta, toshboʻron qilamiz va sizlarga biz tomondan alamli azob yetadi”, – dedilar
Elchilar ularga: “Badgumon boʻlishingiz oʻzingiz bilandir. Sizlarga eslatma berilsa, yomon gumon qilasizlarmi?! Yoʻq, sizlar haddidan oshgan qavmdirsiz!” – dedilar.
Shu payt bir kishi shaharning chekkasidan shoshgancha kelib: “Ey qavmim, bu elchilarning daʼvatiga ergashinglar!” – dedi.
Oʻzlari hidoyatda boʻlgan va sizlardan haq soʻramaydigan zotlarga ergashinglar!
U xaloyiqqa yuzlanib: “Nega men oʻzimni yaratgan Zotga ibodat qilmas ekanman? Barchangiz Uning huzuriga qaytarilasizlar”, – dedi.
Men Undan oʻzgalarni iloh qilib olaymi?! Holbuki, agar Rahmon menga biror zarar yetkazishni istasa, u soxta ilohlarning shafoatlari menga biror foyda bermaydi va ular meni azobdan ham qutqara olmaydilar.
U holda men, albatta, aniq zalolatda boʻlaman-ku!
Haqiqatan, men Robbingizga iymon keltirganman, bas, meni tinglanglar.
Uning soʻzlarini eshitmay uni qatl qilishgach, unga: “Jannatga kir”, – deyildi. Jannatdagi neʼmatlarni koʻrgach: “Qani, edi, qavmim bularni bilsalar”, – dedi.
Robbimning meni mag‘firat qilganini va meni mukarram kishilardan qilganini bilsalar edi.
Biz uning qatlidan keyin qavmi ustiga osmondan azob farishtalaridan iborat biror qoʻshin tushirmadik. Biz osmondan hech narsa tushiruvchi boʻlmadik.
Faqat birgina dahshatli qichqiriq boʻldi-yu, birdaniga ular oʻchib qoldilar.
Allohning elchilarini yolg‘onchiga chiqarib ularni oʻldirgan bandalarga hasrat boʻlsin! Qachonki ularga payg‘ambar kelsa, uni masxara qiluvchi boʻlar edilar.
Axir, ular oʻzlaridan oldin ham qanchadan-qancha avlodlarni halok qilganimizni va ular oldilarga tirilib, qaytib kelmayotganini koʻrmadilarmi?!
Albatta, barchalari qiyomatda toʻplangan hollarida huzurimizga hozir qilinuvchidirlar.
Oʻlik yer ular uchun qiyomatda qayta tirilishga bir alomatdir, Biz uni suv bilan tiriltirdik va undan turli donlarni undirib chiqardik. Bas, ular u donlardan yeydilar.
Yana Biz u yerda xurmozor va uzumzor bog‘larni paydo qildik va ichidan buloqlarni oqizib qoʻydik.
Odamlar uning mevasidan yeyishlari uchun ularni yaratdik. Holbuki, u mevalarni oʻz qoʻllari bilan barpo qilmagan edilar. Axir shukr qilmaydilarmi?!
Yer undiradigan narsalardan, odamlarning oʻzlaridan va yana ular bilmaydigan narsalardan iborat barcha juftlarni yaratgan Alloh har qanday aybu-nuqsondan pok Zotdir.
Tun ham ular uchun qudratimizni koʻrsatib turgan bir alomatdir. Undan kunduzni sug‘urib olishimiz bilan birdaniga ular zulmatda qoladilar.
Quyosh toʻxtamay oʻz qarorgohi tomon yurib boradi. Bu qudratli va barcha narsani biluvchi Zotning oʻlchovidir.
Biz oyni ham, toki u eski xurmo butog‘i kabi egilib qolgunicha manzillarga botadigan qilib oʻlchab qoʻyganmiz.
Na quyosh oyga yetib olishi mumkin va na tun kunduzdan oʻzib ketuvchi boʻla oladi. Samodagi barcha sayyoralar falakda suzib yuradilar.
Biz ularning zurriyotlarini Nuh payg‘ambar yasagan ichi toʻla kemada koʻtarganimiz va toʻfon balosidan qutqarganimiz ular uchun qudratimizdan yana bir alomatdir.
Yana Biz ularga oʻsha kemaga oʻxshash minadigan boshqa ulov vositalarini ham yaratdik.
Agar xohlasak, ularni suvga g‘arq qilamiz-da, soʻng ular uchun biror yordamchi ham boʻlmaydi va ular halokatdan qutqarilmaydilar.
Faqat Biz tomondan boʻlgan marhamat tufayli va maʼlum bir vaqtgacha hayot neʼmatlaridan bahramand boʻlishlari uchun muhlat berdik.
Agarda ularga: “Rahm qilinishingiz uchun oldingizdagi oxirat azobidan va ortingizdagi dunyo musibatlaridan qoʻrqinglar”, – deyilsa, parvo qilmaydilar.
Agar ularga Robbilarining oyatlaridan biror oyat kelsa, faqat undan yuz oʻgiruvchi boʻladilar.
Agar ularga: “Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalardan muhtojlarga ehson qilinglar”, – deyilsa, kufr keltirgan kimsalar iymon keltirganlarga istehzo bilan: “Agar Alloh xohlasa, uni Oʻzi yediradigan kimsani biz taomlantiramizmi?! Sizlar, aniq zalolatdasizlar”, – deydilar.
Yana ular: “Agar rostgoʻy boʻlsangizlar, aytinglar-chi, mana shu vaʼda qilinayotgan azob qachon boʻladi?” – deydilar.
Ular tortishib turganlarida, toʻsatdan ularni tutib oluvchi birgina qichqiriqni kutmoqdalar, xolos.
Oʻshanda, ular vasiyat qilishga ham ahli oilalarining oldiga qaytib borishga ham kuchlari yetmaydi.
Qiyomat kuni sur chalinishi bilan birdaniga ular qabrlaridan Robbilari tomon sug‘urilib chiqadilar.
Ular: “Holimizga voy boʻlsin! Kim bizlarni qabrdagi uxlayotgan joyimizdan uyg‘otdi?” – deydilar. Mana shu Rahmon vaʼda qilgan va payg‘ambarlar tasdiqlagan narsadir.
Faqatgina bir qichqiriq boʻldi va darhol ularning barchalari Bizning huzurimizda hozir qilinuvchidirlar.
Mana bugun hech bir jonga zulm qilinmaydi va sizlar faqat qilib oʻtgan amallaringizga yarasha jazolanasizlar.
Albatta, jannat ahli bu kunda rohat va farog‘at ishlari bilan xursanddirlar.
Ular juftlari bilan birga salqin joylardagi soʻrilarda yastanib oʻtiradilar.
Ular uchun u yerda turli mevalar va ularning istagan narsalari mavjuddir.
Ularga Rahim Zot boʻlgan Parvardigor tomonidan salom aytiladi.
Ey jinoyatchilar, endi bu kunda, moʻminlardan ajralinglar!
Men sizlarga: “Ey Odam bolalari, shaytonga ibodat qilmanglar, albatta, u sizlarga aniq dushmandir”, – deb amr qilmaganmidim?!
Mengagina ibodat qilinglar! Mana shu toʻg‘ri yoʻldir, – demaganmidim?!
Shayton sizlarning ichingizdan koʻplab avlodlarni yoʻldan ozdirdi. Axir, aql ishlatuvchi boʻlmadingizmi?
Mana endi, sizlarga vaʼda qilingan jahannam shudir!
Dunyoda kufr keltirib oʻtganingiz tufayli bugungi kunda unga kirib, kuyinglar.
Biz bu kunda gapirmasliklari uchun ularning og‘izlarini muhrlab qoʻyamiz. Bizga ularning qilib oʻtgan ishlari haqida qoʻllari soʻzlab, oyoqlari guvohlik beradi.
Agar xohlasak, ularning koʻzlarini yoʻq qilgan boʻlar edik. Ana unda yoʻlga shoshardilar-u, ammo qanday qilib yoʻlni koʻrsinlar.?!
Agar xohlasak, ularni turgan joylarida boshqa narsalarga aylantirib qoʻygan boʻlar edik. Keyin ular oldinga yurishga ham kuchlari yetmas edi orqalariga ham qayta olmas edilar.
Biz kimga uzoq umr bersak, uning vujudini egik qilib qoʻyamiz. Axir, aql ishlatmaydilarmi?!
Biz Muhammadga sheʼrni oʻrgatmadik va unga shoirlik toʻg‘ri kelmaydi. Bu vahiy faqat zikr va aniq Qurʼondir.
U tirik kishilarni ogohlantirish va kofirlarga azob soʻzi muqarrar boʻlishi uchun nozil qilingan kitobdir.
Biz ular uchun qudrat qoʻlimiz bilan qilgan chorva hayvonlarini yaratib qoʻyganimizni koʻrmadilarmi?! Mana ular oʻsha hayvonlarga egadirlar.
Biz oʻsha hayvonlarni ularga boʻysundirib qoʻydik. Ana u hayvonlardan minadiganlari ham va ulardan soʻyib yeydiganlari ham bor.
Yana ular uchun oʻsha hayvonlarda boshqa turli foydalar va sut-qaymoq kabi ichimliklar ham bor. Axir, shukr qilmaydilarmi?!
Lekin odamlar Allohni qoʻyib, yordam olish umidida soxta ilohlarni xudo qilib oldilar.
Soxta ilohlari ularga yordam berishga kuchlari yetmaydi. Holbuki, ular bu butlar uchun xizmatga shay turgan lashkar kabi edilar.
Bas, ey Muhammad, sizni ularning soʻzlari xafa qilmasin! Zotan, Biz ularning berkitib yurgan narsalarini ham, oshkora qilayotgan ishlarini ham bilamiz.
Biz uni bir tomchi nutfadan yaratganimizni, inson bilmaydimi?! Endi, esa u birdan, ochiq-oydin xusumatchi boʻlib turibdi!
U Bizga: “Chirigan suyaklarni kim ham tiriltira oladi?” – deb, masal keltirdi-yu, lekin oʻzining qanday yaratilishini unutib qoʻydi.
Ey Muhammad, ularga: “U chirigan suyaklarni birinchi marta paydo qilgan Zotning Oʻzi uni qayta tiriltiradi. U har bir yaratilgan narsani biluvchidir”, deb ayting.
U sizlar uchun yashil daraxtdan olov paydo qilib bergan Zotdir. Bas, sizlar uning oʻtinidan olov yoqasizlar.
Osmonlar va Yerni yaratgan Zot yana ularning oʻxshashini yaratishga qodir emasmi?! Yoʻq, albatta, qodirdir. U koʻplab yaratuvchi va hamma narsani biluvchidir.
Biror narsa yaratishni iroda qilganda, Uning amri faqatgina unga “Boʻl!” deb aytishdir. Bas, U amr qilgan narsa darhol paydo boʻladi.
Bas, barcha narsaning toʻliq mulki Uning qoʻlida boʻlgan Zot barcha nuqsonlardan pokdir. Hammangiz Uning huzuriga qaytarilasizlar.