Ey Muhammad, Biz sizga aniq fathni berdik.
Fath surasi
Madinada nozil bo'lgan.
26-juz,48-sura,29 oyatdan iboratMadinada nozil bo'lgan.
26-juz,48-sura,29 oyatdan iboratRahmon va Rahim boʻlgan Alloh nomi bilan boshlayman.
Ey Muhammad, Biz sizga aniq fathni berdik.
Bu fath Alloh sizning oldingi va keyingi gunohlaringizni mag‘firat etishi, sizga Oʻz neʼmatini mukammal qilib berishi va sizni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qilishi uchundir.
Shuningdek, Alloh sizga kuchli nusrat berishi uchundir.
U iymonlariga yana iymon qoʻshilishi uchun moʻminlarning qalblariga sokinlik tushirgan Zotdir. Osmonlar va Yerning farishtalar va jonzotlardan iborat qoʻshinlari faqat Allohnikidir. Alloh barcha narsani biluvchi va hikmatli Zotdir.
Alloh moʻmin va moʻminalarni ostidan anhorlar oqib turadigan, u yerda mangu qoladigan jannatlarga kiritish uchun va ulardan gunohlarini oʻchirish uchun shunday qildi. Mana bu Alloh nazdida ulkan yutuqdir.
Shuningdek, moʻminlarga g‘alaba yoʻqdir deb, Alloh haqida yomon gumon qiluvchi munofiq va munofiqalarni hamda mushrik va mushrikalarni azoblash uchun moʻminlarni ularga qarshi qoʻydi. Ularning ustiga halokat balosi tushuvchidir. Alloh ulardan g‘azablandi va ularni laʼnatladi. Alloh ular uchun jahannamni tayyorlab qoʻydi va u naqadar yomon joydir!
Osmonlar va Yerning farishtalar va jonzotlardan iborat qoʻshinlari faqat Allohnikidir. Alloh hammadan ulug‘ va hikmatli Zotdir.
Ey Muhammad, haqiqatan, Biz sizni qiyomat kuni ummatlarga guvohlik beruvchi, moʻminlarga jannatdan xushxabar beruvchi va kofirlarni doʻzax azobidan ogohlantiruvchi qilib yuborganmiz.
Ey insonlar, Biz Muhammadni Allohga va uning Rasuliga iymon keltirishingiz va u Payg‘ambarni qoʻllab-quvatlab, izzat-ikrom qilishingiz hamda erta-yu kech Allohga tasbeh aytishingiz uchun yubordik.
Ey Muhammad, haqiqatan, sizga bayʼat qiladiganlar, albatta, Allohga bayʼat qilgan boʻladilar. Allohning qudrat qoʻli ularning qoʻllari uzradir. Bas, kimki oʻz ahdini buzsa, bas, faqat oʻz zarariga buzgan boʻladi. Kimki Alloh bilan ahdlashgan narsasiga vafo qilsa, u holda Alloh unga ulkan mukofot beradi.
Ey Muhammad, hali Madinaga qaytganingizda sizga aʼrobiylardan jangga chiqmay, uyda qolgan munofiqlar: “Bizlarni mollarimiz va ahli oilalarimiz urushga chiqishdan mashg‘ul qilib qoʻydi. Endi sen bizlar uchun Allohdan mag‘firat soʻra”, – deydilar. Ular dillarida boʻlmagan narsani tillari bilan aytadilar. Ey Rasulim ularga: “Agar U Zot sizlarga biror zarar yetkazishni xohlasa yoki sizlarga biror manfaat yetkazishni istasa, bas, kim sizlar uchun Alloh tomonidan boʻlgan biror narsani daf qilishga qodir boʻla oladi?! Yoʻq, Alloh sizlar qilayotgan amallaringizdan xabardordir”, – deb ayting.
Balki sizlar Payg‘ambar va moʻminlar bu safardan oʻz ahli oilalariga aslo qaytib kelmaydilar, deb oʻylagandirsiz. Bu oʻylov dillaringizga chiroyli koʻrsatilib, yomon gumon qildinglar hamda halok boʻluvchi qavm boʻldingiz.
Kimki Allohga va uning Payg‘ambariga iymon keltirmagan boʻlsa, bas, albatta, Biz unday kofirlar uchun lovullagan olovni tayyorlab qoʻyganmiz.
Osmonlar va Yerning hukmronligi yolg‘iz Allohnikidir. U xohlagan kishilarni mag‘firat qiladi va xohlagan kimsalarni azoblaydi. Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir.
Hali sizlar Xaybar jangidagi oʻljalarni olish uchun ketayotgan vaqtingizda jangga chiqmay uyda qolgan kimsalar: “Bizlarga ham oʻlja olish uchun sizlarga ergashishimizga yoʻl qoʻyinglar”, – deydilar. Ular Allohning kalomini oʻzgartirmoqchi boʻladilar. Ey Muhammad ularga: “Aslo bizlarga ergashmaysizlar. Alloh avval sizga buni aytgan”, – deb ayting. Bas, ular: “Balki, bizlarga hasad qilayotgandirsizlar”, – deydilar. Yoʻq, ular juda oz fahmlaydilar.
Ey Rasulim, aʼrobiylardan jangga chiqmay qolgan munofiq kimsalarga: “Yaqinda sizlar katta kuch egalari boʻlmish bir qavm bilan jang qilishga chaqirilasizlar. Oʻshanda ular bilan urushasizlar yoki ular jangsiz Islomga kiradilar. Bas, agar oʻshanda Payg‘ambarga itoat qilsangizlar, Alloh sizlarga goʻzal mukofot ato qiladi. Agar ilgari yuz oʻgirib ketganlaringizdek yuz oʻgirib ketsangizlar, Alloh sizlarni alamli azob bilan azoblaydi.
Jangda qatnashmaslikda koʻzi ojiz kishiga tanglik yoʻq. Oyog‘i choʻloq odamga ham tanglik yoʻq. Bemorga ham tanglik yoʻq. Kimki Alloh va uning payg‘ambariga itoat qilsa, uni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritadi. Kimki yuz oʻgirib ketsa, Alloh uni alamli azob bilan azoblaydi.
Ey Muhammad, darhaqiqat, Alloh moʻminlardan daraxt ostida sizga bayʼat qilayotgan vaqtlarida rozi boʻldi. Bas, Alloh ularning dillaridagi sadoqatni bilib, ularga xotirjamlik tushirdi va ularni Xaybar jangidagi yaqin g‘alaba bilan mukofotladi.
Musulmonlarni oladigan koʻplab oʻljalar bilan ham mukofotladi. Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
Ey moʻminlar, Alloh sizlarga oʻzingiz oladigan koʻpgina oʻljalarni vaʼda qildi. Mana bu Xaybar jangidagi oʻljalarni esa tezlatib berdi va dushman odamlarning qoʻllarini sizlarga ziyon berishdan toʻsib qoʻydi. Boʻlib oʻtgan voqealar moʻminlarga ibrat boʻlishi va Alloh sizlarni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qilishi uchundur.
Yana sizlar hali qodir boʻlmagan boshqa oʻljalar ham borki, Alloh ularni oʻljalaringiz ekanini Oʻz ilmi bilan ihota qilib qoʻygandir. Alloh barcha narsaga qodir Zotdir.
Agar kufr keltirgan kimsalar sulh tuzish oʻrniga sizlar bilan jang qilganlarida, albatta, ular ortlariga qarab qochgan boʻlar edilar. Soʻngra ular oʻzlariga doʻst ham yordamchi topa olmas edilar.
Bu Allohning avvaldan kelayotgan sunnatidir. Allohning yoʻliga esa oʻzgartirish topa olmaysiz.
U Zot Makkaning ichida sizlarni u mushriklarining ustiga g‘olib qilganidan keyin ularning qoʻllarini sizlardan, sizlarning qoʻllaringizni ulardan toʻsib, sulh qildirgandir. Alloh qilayotgan barcha ishlaringizni koʻrib turuvchidir.
Ular, kufr keltirgan va sizlarni Masjid ul-Haromdan qurbonliq qilish uchun olgan hadyani ushlanib, oʻz joyiga yetishidan toʻsgan kimsalardir. Agar Makkada siz bilmagan moʻmin erkaklar va moʻmina ayollar boʻlmasa edi, ularni bilmay mushriklardan deb oʻylab bostirib halok qilganingiz tufayli ziyon yetishi boʻlmaganida, Alloh sizlarni Makkaga yurish qilishdan toʻsmagan boʻlar edi. Alloh xohlaganini Oʻz rahmatiga kiritishi uchun ularni mushriklar qatorida halok boʻlib ketishlaridan asrab sizlarni jang qilishdan toʻsdi. Agar moʻminlar ajralib olganlarida, albatta ulardan kufr keltirgan kimsalarni alamli azob bilan azoblagan boʻlar edik.
Oʻshanda kufr keltirgan kimsalar qalblariga qiziqqonlikni – johiliyat qiziqqonligini joylaganlarida, Alloh Oʻz payg‘ambarining va moʻminlarning ustiga xotirjamligini tushirdi. Hamda ularga taqvo kalimasini lozim koʻrdi. Ular oʻsha taqvo kalimasiga juda haqli va loyiq edilar. Alloh barcha narsani biluvchi Zotdir.
Qasam boʻlsinki, Alloh Rasulining koʻrgan tushini haq bilan tasdiqladi. Ey moʻminlar, inshoalloh, albatta, sizlar Masjid ul-Haromga omonlikda, sochlaringizni qirdirgan yoki qisqartirgan hollaringizda qoʻrqmasdan kirasizlar. Bas, Alloh sizlar bilmagan narsani bilib, Makka fathidan oldin yaqin Xaybar g‘alabasini nasib qildi.
U Oʻz Payg‘ambari Muhammadni hidoyat va haq din boʻlgan Islom bilan, uni barcha dinlarga g‘olib qilishi uchun yuborgan Zotdir. Allohning Oʻzi ushbu vaʼdaning roʻyobga chiqishiga yetarli guvohdir.
Muhammad Allohning Rasulidir. U bilan birga boʻlgan moʻminlar kofirlarga qattiq, oʻz oralarida moʻminlarga nisbatan rahm-shafqatlidirlar. Ularni doimo Allohdan fazl va rozilik istab, ruku va sajda hollarida koʻrarsiz. Ularning yuzlarida sajda izlaridan qolgan belgilar bordir. Mana shu sifatlar ularning Tavrotdagi misollaridir. Ularning Injildagi misollari esa, goʻyo urug‘ini yorib chiqib, quvvatga kiradigan, yoʻg‘onlashib oʻz novdasida tik turadigan va dehqonlarni hayron qoldiradigan oʻsimlikka oʻxshaydi. Bu moʻminlarning kuchayishi sababli kofirlarning jahlini chiqarish uchundir. Alloh ulardan iymon keltirgan va solih amallarni qilganlariga mag‘firat va ulkan ajrni vaʼda qildi.