To, Sin, Mim.
Surah Shu'aro
Revealed in Makka.
Juz 19,Surah 26,227 versesRevealed in Makka.
Juz 19,Surah 26,227 versesRahmon va Rahim boʻlgan Alloh nomi bilan boshlayman.
To, Sin, Mim.
Bular ochiq-oydin kitobning oyatlaridir.
Ey Rasulim, Makka mushriklari moʻmin boʻlmaganlari uchun ehtimol oʻzingizni halok qilmoqchidirsiz.
Agar Biz ularning moʻmin boʻlishlarini xohlasak, ularga osmondan moʻʼjiza tushirar edik, keyin unga majburan boʻyinlari egilib qolar edi.
Ularga Rahmon tomonidan yangi eslatma kelsa, albatta, ular undan yuz oʻgiruvchi boʻldilar.
Haqiqatan, ular payg‘ambarni yolg‘onga chiqargan edilar. Yaqinda ularga istehzo qilgan narsaning xabarlari keladi.
Axir ular yerga qarab, unda barcha turdagi chiroyli oʻsimliklardan qanchasini undirib qoʻyganimizni koʻrmadilarmi?!
Albatta, bunda ibratlar bordir, lekin ularning koʻpchiligi iymon keltiruvchi boʻlmadilar.
Shubhasiz, U Robbingiz izzati ulug‘ – Aziz va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
Ey Muhammad, Robbingiz Musoga nido qilib: “Zolim qavmlarga daʼvat uchun borgin”, – deganini eslang.
Alloh Musoga: “Firʼavnning qavmiga bor, ular Mendan qoʻrqmaydilarmi?!” – degan edi.
Muso: “Ey Robbim boraman, faqat ular meni yolg‘onchi qilishlaridan qoʻrqaman”, – dedi.
Koʻnglim siqiladi va tilim ham yaxshi aylanmaydi. Bas, birodarim Horunga ham payg‘ambarlik yuborgin.
Yana ularning nazdida mening bir gunohim bor. Keyin meni oʻldirib qoʻyishlaridan qoʻrqaman.
Alloh Musoga: “Yoʻq, seni oʻldirmaydilar, bas, Horun bilan ikkovingiz moʻʼjizalarimiz bilan boringlar. Albatta, Biz sizlar bilan birga suhbatingizni eshitib turuvchimiz.
Bas, ikkovingiz firʼavnga borib: “Haqiqatan, biz olamlar Robbisining elchisimiz”, – deb aytinglar.
Firʼavnga: “Bani Isroil avlodini biz bilan oʻz yurtlariga yubor”, – denglar.
Ular bu gaplarni aytishgach, firʼavn Musoga: “Biz seni bolalik chog‘ingdan oʻz ichimizda tarbiya qilmadikmi? Umringning bir necha yillarini bizning oramizda oʻtkazding-ku!” – dedi.
Keyin bir odamni oʻldirib qiladigan ishingni qilib qoʻyding. Sen juda noshukr kimsalardansan.
Muso unga: “Oʻshanda men u ishni bilmagan holda qilgan edim”,– dedi.
Keyin qilgan ishimdan qoʻrqib sizlardan qochib ketdim. Bas, Robbim menga hikmat berdi va meni payg‘ambarlardan qildi.
Oʻsha sen menga minnat qilayotgan yaxshilik ,aslida, bani Isroil avlodini qul qilib olishing sababidandir.
Firʼavn Musoga: “Olamlar Robbisi deganing nima u?” – dedi.
Muso unga: “Agar ishonadigan boʻlsangiz, U osmonlar va Yerning hamda ularning orasidagi barcha narsalarning Robbisidir”, – dedi.
Firʼavn atrofidagi aʼyonlarga qarab: “Uning gaplarini eshityapsizlarmi?!” – dedi.
Muso ularga: “U sizlarning ham, avvalgi oʻtgan ota-bobolaringizning ham Robbisidir”, – dedi.
Firʼavn: “Sizlarga yuborilgan bu payg‘ambaringiz, aniq, telbadir”, – dedi.
Muso ularga: “Agar aql ishlata olsangiz, U mashriq va mag‘rib hamda ularning oʻrtasidagi narsalarning ham Robbisidir”, – dedi.
Firʼavn Musoga: “Qasam boʻlsinki, agar mendan boshqani iloh qilib oladigan boʻlsang, albatta, men seni zindonbandlardan qilaman”, – dedi.
Muso unga: “Agar men senga aniq moʻʼjiza boʻlgan bir narsani keltirsam-chi!” – dedi.
Firʼavn unga: “Xoʻsh, agar rostgoʻylardan boʻlsang, oʻsha moʻʼjizangni keltir-chi?!” – dedi.
Shunda Muso qoʻlidagi asosini yerga tashlagan edi, birdan u haqiqiy ajdarhoga aylandi.
Keyin qoʻlini qoʻyniga tiqib chiqargan edi, qoramtir boʻlgan qoʻli koʻrganlarni hayratga tushiradigan darajada kundek oppoq boʻlib qoldi.
Firʼavn atrofidagi zodagonlarga: “Chindan ham, bu Muso bilimdon sehrgardir”, – dedi.
“U oʻz sehri bilan sizlarni yashab turgan yeringizdan chiqarmoqchi. Nima qilishimni buyurasizlar”, – dedi.
Firʼavnning aʼyonlari: “Hozirchalik uni va akasi Horunni oʻz holiga tashlab qoʻy. Shaharlarga sehrgarlarni yig‘ib keluvchilarni joʻnatgin”, – dedilar.
Ular senga barcha mohir sehrgarlarni toʻplab keltirsinlar,
Keyin sehrgarlar maʼlum kunda belgilangan joyga toʻplandilar.
Odamlarga: “Sizlar ham yig‘ilib boʻldingizmi?” – deyildi.
Toʻplangan odamlar: “Agar sehrgarlar g‘olib chiqsa, balki biz ularga ergasharmiz”, – dedilar.
Sehrgarlar belgilangan joyga kelganlarida firʼavnga: “Agar albatta, biz g‘olib chiqsak, bizlar uchun bir mukofot bormi?” – dedilar.
Firʼavn ularga: “Ha, agar shunday boʻlsa, albatta, sizlar mening yaqinlarimdan boʻlasizlar”, – dedi.
Muso ularga: “Qani, tashlaydigan narsalaringizni tashlanglar”, – dedi.
Bas, ular arqon va hassalarini yerga tashladilar. Hamda: “Firʼavnning izzatiga qasam boʻlsinki, albatta, biz g‘olib boʻluvchilarmiz”, – dedilar.
Keyin Muso asosini yerga tashlagan edi, birdan u aso ajdarhoga aylanib ularning uydirma qilayotgan narsalarini yuta boshladi.
Bas, birdan sehrgarlar sajda qilgan hollarida yerga yiqildilar.
Ular: “Olamlarning Robbisiga iymon keltirdik”, – dedilar.
Muso va Horunning Robbisiga iymon keltirdik.
Firʼavn g‘azablanib: “Hali men sizlarga ruxsat bermasimdan oldin unga iymon keltirdinglarmi?! Albatta, u Muso sizlarga sehr oʻrgatgan kattangizdir. Bas, yaqinda bilasizlar. Ont ichamanki, qoʻl-oyoqlaringizni chappasiga kesib tashlayman, keyin barchangizni olomon oldida osib qoʻyaman”, – dedi.
Sehrgarlar: “Mayli zarari yoʻq. Zero, biz Robbimizga qaytuvchimiz”, – dedilar.
Biz Musoga iymon keltirganlarning birinchisi boʻlganimiz uchun, Robbimiz bizning gunohlarimizni mag‘firat etishiga umid qilamiz.
Biz Musoga: “Bandalarim bilan tunda yoʻlga chiq. Albatta, sizlar firʼavn tomonidan taʼqib qilinuvchilarsiz”, – deb vahiy qildik.
Muso va uning qavmi yoʻlga tushganlaridan xabar topgan firʼavn barcha shaharlarga askar yig‘uvchilarni joʻnatdi.
Keyin: “Aniqki, ular ozgina bir jamoadir”, – dedi.
Darhaqiqat, ular qochib ketishlari bilan bizni g‘azabga soluvchilardir.
Bizlar esa juda hushyor jamoadirmiz.
Bas, firʼavn va unga ergashganlarni bog‘lar va buloqlardan ayirdik.
Xazinalar va goʻzal maskandan ham ayirdik.
Shunday qilib, ularga bani Isroil avlodini voris qildik.
Bas, firʼavn va askarlari tong paytida ularning ortiga tushdilar.
Bas, ikki jamoa bir-birlarini koʻrgan paytda Musoning odamlari: “Bizlar aniq ushlandik”, – dedilar.
Muso ularga: “Yoʻq, men bilan birga Robbim bor. Albatta, U menga qutilish yoʻlini koʻrsatadi”, – dedi.
Bas, Biz Musoga: “Asong bilan dengizga urgin”, – deb vahiy yubordik. Keyin dengiz boʻlinib, har boʻlagi ulkan tog‘dek boʻldi. Soʻng Muso va uning qavmi dengiz oʻrtasidan ochilgan yoʻlga tomon yurdilar.
Ortda qolgan firʼavn va uning askarlarini ham oʻsha yerga yaqinlashtirdik.
Muso va u bilan birga boʻlganlarning barchasini dengizda g‘arq boʻlishdan qutqardik.
Keyin ortda qolgan firʼavn va uning askarlarini dengizga g‘arq qilib yubordik.
Albatta, bunday hodisada katta ibrat bor. Lekin odamlarning koʻplari iymon keltiruvchi boʻlmadilar.
Albatta, U Robbingiz izzati ulug‘ – Aziz va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
Ey Muhammad, ularga Ibrohimning xabarini tilovat qilib bering.
Oʻshanda Ibrohim otasi va qavmiga qarata: “Nimaga ibodat qilyapsizlar?” – dedi.
Ular: “Sanamlarga ibodat qilyapmiz. Bundan keyin ham ularga sig‘inishda davom etamiz”, – dedilar.
Ibrohim ularga: “Ularni chaqirgan paytingizda butlar sizlarni eshitadilarmi?” – dedi.
Yoki sizlarga foyda yo zarar bera oladilarmi?
Ular: “Yoʻq, biz ota-bobolarimizni ana shunday qilganlarini koʻrganmiz”, – dedilar.
Ibrohim ularga: “Sig‘inayotgan narsalaringiz haqida oʻylab koʻrdingizlarmi?” – dedi.
Sizlar ham oldin oʻtgan ota-bobolaringiz ham oʻylab koʻrganmi?
Albatta, mana shu butlar menga dushmandir. Menga faqat olamlar Robbisi dushman emas.
U meni yaratdi va U meni toʻg‘ri yoʻlga boshlaydi.
Uning Oʻzi meni yediradi va ichiradi.
Agar kasal boʻlsam, Oʻzi menga shifo beradi.
U mening jonimni oladi, soʻngra qiyomat kuni qayta tiriltiradi.
Xatolarimni qiyomat kuni mag‘firat qilishidan umidvor boʻlganim ham Uning Oʻzidir.
Ey Robbim, menga hikmat ato etgin va meni solih bandalaring qatoriga qoʻshgin.
Yana meni keyingi avlodlar orasida yaxshi gaplar bilan eslanishni nasib qil.
Yana meni neʼmatlar jannatining vorislaridan qilgin.
Otamni mag‘firat qilgin, albatta, u adashganlardan edi.
Barcha odamlar qayta tiriladigan kunda meni sharmanda qilma.
U kunda mol-dunyo ham farzandlar ham aslo foyda bermaydi.
Faqat Alloh huzuriga toza qalb bilan kelgan kishilar foyda koʻradi.
U kunda jannat taqvodorlarga yaqinlashtiriladi.
Yoʻldan ozganlarga esa doʻzax koʻrsatiladi.
Ularga: “Ibodat qilib yurgan narsalaringiz qani?” – deyiladi.
Allohdan oʻzga sig‘inganlaringiz sizlarga yordam bera olyaptimi yoki oʻzlarini qutqara olyaptilarmi?!
Bas, ular ham yoʻldan ozganlar ham doʻzaxga uloqtiriladilar.
Iblisning lashkarlari va barchalari doʻzaxga tashlanadilar.
Ular u yerda tortishib gaplashadilar.
Allohga qasamki, albatta, biz aniq zalolatda boʻlgan ekanmiz, deydilar.
Chunki sizlarni olamlarning Robbisiga tenglashtirgan ekanmiz, deb aytadilar.
Bizlarni aynan isyonkorlar yoʻldan ozdirgan edilar.
Ana endi bizlar uchun shafoatchilar yoʻq.
Biron bir qadrdon doʻst ham yoʻq.
Bas, qani, edi yana bir marta dunyoda yashashlik boʻlsa-yu, biz ham moʻminlardan boʻlsak.
Albatta, bularda katta ibrat bor. Lekin ularning aksariyati moʻminlardan boʻlmadi.
Shubhasiz, U Robbingiz izzati ulug‘ – Aziz va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
Nuh qavmi ham payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqardi.
Oʻshanda ularga birodarlari Nuh: “Allohning azobidan qoʻrqmaysizlarmi?!” – dedi.
Albatta, men sizlarga Alloh tomonidan yuborilgan ishonchli payg‘ambarman.
Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar.
Men bu daʼvatim uchun sizlardan haq soʻramayman. Mening mukofotim faqat olamlarning Robbisi zimmasidadir.
Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar.
Qavmi unga: “Senga past tabaqa odamlar ergashgan boʻlsa-yu, biz senga iymon keltiramizmi?!” – dedilar.
Nuh ularga: “Ularning nima ish qilishlari haqida maʼlumotim yoʻq”, – dedi.
Agar his qila olsangiz, ularning hisob-kitobi yolg‘iz Robbimning zimmasidadir.
Men gapingizga kirib moʻminlarni huzurimdan haydab yuboruvchi emasman.
Men faqatgina sizlarni Allohning azobidan aniq ogohlantiruvchiman.
Ular: “Ey Nuh, qasam boʻlsinki, agar daʼvat qilishdan toʻxtamasang, albatta, toshboʻron qilinganlardan boʻlasan”, – dedilar.
Shunda Nuh: “Ey Robbim, qavmim meni yolg‘onchiga chiqardi”, – dedi.
Bas, men bilan ularning orasini qatʼiy ochib qoʻy va menga hamda men bilan birga boʻlgan moʻminlarga najot bergin.
Bas, unga va u bilan birga boʻlgan kishilarga ichi liq toʻla kemada najot berdik.
Ularga najot berganimizdan keyin qolganlarni g‘arq qildik.
Albatta, bunda katta ibrat bordir. Lekin ularning aksariyati iymon keltiruvchi boʻlmadilar.
Shubhasiz, U Robbingiz izzati ulug‘ – Aziz va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
Od qabilasi ham payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqardi.
Oʻshanda ularga birodarlari Hud: “Allohdan qoʻrqmaysizlarmi?” – degan edi.
Albatta, men sizlarga Alloh tomonidan yuborilgan ishonchli payg‘ambarman.
Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar.
Men bu daʼvatim uchun sizlardan haq soʻramayman. Mening mukofotim faqat olamlarning Robbisi zimmasidadir.
Sizlar har bir tepalikka oʻyin-kulgi uchun bir belgi boʻlsin deb, baland binolar quraverasizmi?!
Goʻyo boqiy yashaydigandek qasrlar solaverasizmi?!
Agar mazlum va bechoralarni ushlasangiz, ularga rahm qilmay zolimlardek ushlaysizlar.
Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar.
Sizlarni oʻzingiz biladigan neʼmatlar bilan qoʻllagan Zotdan qoʻrqinglar.
U sizlarni chorva hayvonlari va oʻg‘illar bilan qoʻlladi.
Goʻzal bog‘lar va buloqlar bilan ham madad berdi.
Men ustingizga ulug‘ kun boʻlgan qiyomatning azobi tushishidan qoʻrqaman.
Ular Hud payg‘ambarga: “Bizga vaʼz qilsang ham yoki vaʼz qiluvchilardan boʻlmasang ham baribir, senga itoat qilmaymiz”, – dedilar.
Bu aysh-ishratga berilishimiz avvalgilardan qolgan odatdir.
Bizlar buning uchun azoblanuvchi emasmiz.
Bas, ular Hudni yolg‘onchiga chiqarishdi, keyin Biz ularni halok qildik. Albatta, bunda katta ibrat bordir. Lekin ularning aksariyati iymon keltiruvchi boʻlmadilar.
Shubhasiz, U Robbingiz izzati ulug‘ – Aziz va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
Samud qabilasi ham payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqardi.
Oʻshanda birodarlari Solih ularga: “Allohdan qoʻrqmaysizlarmi?!” – dedi.
Albatta, men sizlarga Alloh tomonidan yuborilgan ishonchli payg‘ambarman.
Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar.
Men bu daʼvatim uchun sizlardan hech qanday haq soʻramayman. Mening mukofotim faqat olamlarning Robbisi zimmasidadir.
Bu yerdagi narsalar ichida abadiy omon qoluvchilar holida tashlab qoʻyiladi, deb oʻylaysizmi?
Soʻlim bog‘lar va tiniq buloq ichidami?
Ekinzorlar va novdalari yumshoq xurmo daraxtlari ichida mangu qolasizlarmi?!
Buning ustiga mohirlik bilan tog‘lardan uylar ham yoʻnib qurmoqdasizlar.
Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar.
Haddan oshuvchilarning amriga itoat qilmanglar.
Ular yer yuzida buzg‘unchilik qiladilar va hech narsani isloh qilmaydilar.
Ular payg‘ambarlariga: “Sen aniq sehrlangan kimsalardansan”, – dedilar.
Sen ham xuddi bizlarga oʻxshagan odamsan. Bas, agar gapingda rostgoʻylardan boʻlsang, biror moʻʼjiza keltir.
Solih ularga: “Mening moʻʼjizam mana shu tuyadir. Maʼlum bir kun suv ichish navbati unikidir va maʼlum bir kun esa sizlarniki”, – dedi.
Yana unga biror yomonlik yetkaza koʻrmang, aks holda sizlarni ulug‘ kunning azobi tutadi.
Bas, ular tuyani soʻydilar va nadomat qiluvchilarga aylandilar.
Ularni dahshatli azob tutdi. Albatta, bunda katta ibrat bor. Lekin ularning koʻpchiligi iymon keltiruvchi boʻlmadilar.
Shubhasiz, U Robbingiz izzati ulug‘ – Aziz va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
Lut qavmi ham payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqardi.
Oʻshanda ularga birodarlari Lut: “Allohdan qoʻrqmaysizlarmi?!” – dedi.
Albatta, men sizlarga Alloh tomonidan yuborilgan ishonchli payg‘ambarman.
Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar.
Men bu daʼvatim uchun sizlardan biror bir haq soʻramayman. Mening mukofotim faqat olamlarning Robbisi zimmasidadir.
Sizlar olamlardan farqli ravishda erkaklar bilan yaqinlik qilasizlarmi?!
Hamda Robbingiz sizlar uchun yaratgan juftlaringizni tark qilasizlar shundaymi?! Yoʻq, sizlar haddidan oshgan qavmdirsizlar.
Ular: “Qasam boʻlsinki, ey Lut, agar bu gaplaringdan toʻxtamasang, albatta, oramizdan haydab chiqarilganlardan boʻlasan”, – dedilar.
Lut ularga: “Albatta, men bu ishlaringizga nafrat qiluvchilardanman”, – dedi.
Ey Robbim, menga va iymonli ahlimga ular qilayotgan ishlarining kasofatidan najot bergin.
Bas, unga va uning barcha ahliga najot berdik.
Lekin azobda qoluvchilardan boʻlgan bir kampirga najot bermadik.
Soʻngra qolganlarini yer bilan yakson qildik.
Ular ustiga toshdan yomg‘ir yog‘dirdik. Bas, azobdan ogohlantirilgan bu kimsalarning yomg‘iri qanday ham yomon boʻldi!
Albatta, bunda katta ibrat bordir. Lekin ularning koʻplari moʻminlardan boʻlmadi.
Shubhasiz, U Robbingiz izzati ulug‘ – Aziz va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
Shuʼayb payg‘ambarning qavmi boʻlgan quyuq daraxtzor egalari ham payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqardilar.
Shuʼayb oʻshanda ularga: “Allohdan qoʻrqmaysizlarmi?!” – degan edi.
Albatta, men sizlarga Alloh tomonidan yuborilgan ishonchli payg‘ambarman.
Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar.
Men bu daʼvatim uchun sizlardan hech qanday haq soʻramayman. Mening mukofotim faqat olamlarning Robbisi zimmasidadir.
Oʻlchovni toʻliq oʻlchanglar va odamlarga ziyon yetkazuvchilardan boʻlmanglar.
Hamda toʻg‘ri tarozi bilan tortinglar!
Odamlarga narsalarni kamaytirib bermanglar va Yer yuzida yomonlikda haddan oshib, buzg‘unchilardan boʻlmanglar.
Sizni va avvalgi nasllarni yaratgan Zotdan qoʻrqinglar.
Ular Shuʼaybga: “Chindan ham, sen sehrlangan kimsalardansan”, – dedilar.
Sen ham xuddi bizlarga oʻxshagan odamsan. Biz seni yolg‘onchilardan deb oʻylaymiz.
Bas, agarda rostgoʻylardan boʻlsang, unda osmondan bir boʻlagini ustimizga tashlab yubor.
Shuʼayb ularga: “Robbim sizlarning qilayotgan ishlaringizni juda yaxshi biluvchidir”, – dedi.
Bas, ular Shuʼaybni yolg‘onchiga chiqarishdi. Ularni soyabon kunining azobi tutdi. Darhaqiqat, u ulkan kunning dahshatli azobi edi.
Albatta, bunda katta ibrat bor. Lekin ularning koʻplari iymon keltiruvchi boʻlmadilar.
Shubhasiz, U Robbingiz izzati ulug‘ – Aziz va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
Shubhasiz, bu Qurʼon olamlar Robbisining nozil qilgan kitobidir.
Uni Ruh ul-Amin Jabroil olib tushdi.
Ey Muhammad, uni qalbingizga ogohlantiruvchi payg‘ambarlardan boʻlishingiz uchun olib tushdi.
Ochiq-oydin arab tilida nozil qilindi.
Albatta, bu Qurʼondagi baʼzi xabarlar avvalgilarning kitoblarida ham bordir.
Axir Qurʼon toʻg‘risida bani Isroil avlodining olimlari ham bilishlari ular uchun uning haq ekanligiga hujjat emasmi?!
Agar bu Qurʼonni arab boʻlmagan baʼzi ajamiylardan biriga nozil qilganimizda-chi?
Ularga uni oʻqib berganda ham iymon keltiruvchi boʻlmas edilar.
Biz u kufrni jinoyatchilarning qalblariga ana shunday yoʻllab qoʻyganmiz.
Kofirlar to alamli azobni koʻrmagunlaricha, unga iymon keltirmaydilar.
Bas, u azob ularga oʻzlari sezmagan hollarida birdan keladi.
Keyin ular: “Bizlarga iymon keltirish uchun bir oz muhlat berilarmikan”, – deb qoladilar.
Bas, ular azobimiz kelishini shoshiltiryaptilarmi?!
Ey Muhammad, koʻrdingizmi, agar ularni yillar davomida dunyo hayotidan bahramand qilsak ham,
Keyin ularga vaʼda qilingan narsalari kelsa ham,
Ularga dunyoda foydalangan narsalari foyda bermadi-ku!
Biz birorta ham ogohlantiruvchi payg‘ambari boʻlmagan qishloq va shahar ahlini halok qilmadik.
Eslatma boʻlsin, deb shunday qildik, Biz bandalarimizga zulm qiluvchilar boʻlmadik.
Qurʼonni osmondan shaytonlar olib tushgan emas.
Ular uchun buning imkoni yoʻq va bunga kuchlari ham yetmaydi.
Chunki ular vahiyni xufyona eshitib olishdan uzoqlashtirilganlar.
Ey Rasulim, bas, Alloh bilan birga boshqa soxta ilohga iltijo qilmang. Aks holda azoblanganlardan boʻlib qolasiz.
Yaqin qarindoshlaringizni Alloh azobidan ogohlantiring.
Sizga ergashgan moʻminlar uchun shafqat qanotingizni past tuting.
Bas, agar ular isyon qilsalar, u holda ularga: “Albatta, men sizlar qilayotgan ishdan xoliman”, – deb ayting.
Izzatli va rahmli Allohga suyaning.
U sizni namoz uchun turayotgan vaqtingizda koʻrib turadigan Zotdir.
U sizni namoz uchun sajda qiluvchilar orasida kezgan vaqtingizda ham koʻrib turadi.
Albatta, U hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va barchasini bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.
Ey Muhammad, ularga: “Men sizlarga shaytonlar kimlarga tushishi haqida xabar beraymi?” – deb ayting.
Ular barcha oʻta uydirmachi va oʻta gunohkorlarga tushadilar.
Ular esa shaytonlarga quloq osadilar. Lekin ularning koʻplari yolg‘onchilardir.
Shoirlarga esa yoʻldan ozganlar ergashadilar.
Ularning oʻzlariga yoqib qolgan narsalarni koʻkka koʻtarib, har vodiyda daydib yurishlarini koʻrmadingizmi?!
Shoirlar oʻzlari qilmaydigan narsalarni sheʼr qilib aytib yuradilar.
Ammo iymon keltirgan, solih amallarni qilgan hamda doim Allohni koʻp zikr qilgan va oldin mazlum boʻlib, keyin g‘olib boʻlgan kimsalar bundan mustasnodirlar. Zulm qilgan kimsalar esa yaqinda qanday oqibat sari ketayotganlarini bilib oladilar.