Tur tog‘i bilan qasam ichaman.
Surah Tur
Revealed in Makka.
Juz 27,Surah 52,49 versesRevealed in Makka.
Juz 27,Surah 52,49 versesRahmon va Rahim boʻlgan Alloh nomi bilan boshlayman.
Tur tog‘i bilan qasam ichaman.
Satrlangan kitob bilan qasam.
U kitob ochiq sahifadadir.
Hamda Bayt ul-Maʼmur bilan qasam.
Osmonda baland koʻtarilgan tom bilan qasam.
Toʻlib toshgan dengiz bilan qasam.
Robbingizning azobi, shubhasiz, roʻy beruvchidir.
Uni daf etuvchi hech qanday kuch yoʻqdir.
U kunda osmon larzaga kelib, chayqaladi.
Tog‘lar ham joylaridan siljib, toʻzon kabi sayr qiladi.
Ana oʻsha kunda payg‘ambarlarni yolg‘onga chiqaruvchilarga voy boʻlsin!
Ular zalolatga shoʻng‘ib, beparvo oʻynab yuradigan kimsalardir.
U kunda jahannam otashiga kuch bilan haydaladilar.
U kunda ularga: “Sizlar yolg‘on deb yurgan doʻzax mana shudir”, – deyiladi.
Qani, bu ham sehrmi yoki sizlar koʻrmayapsizlarmi?!
Unga kirib, kuyinglar. Endi uning azobiga xoh sabr qilinglar, xoh sabr qilmanglar, sizlarga barobardir. Sizlar faqat oʻzingiz qilib oʻtgan qilmishlaringizning jazosini olmoqdasiz, xolos.
Taqvodor kimsalar esa bog‘lar va neʼmatlar ichidadirlar.
Ular Robbilari ato etgan narsalar bilan xursanddirlar. Robbilari ularni doʻzax azobidan saqlagan.
Ularga: “Sizlar dunyoda qilib oʻtgan yaxshi amallaringiz sababli bemalol yenglar va ichinglar”, – deyiladi.
Ular jannatda qator soʻrilarda yastangan hollarida boʻladilar. Biz ularga shahlokoʻz hurlarni juft qilib beramiz.
Oʻzlari iymon keltirib, zurriyotlari ham ularga iymon bilan ergashgan zotlarga oʻsha zurriyotlarini qoʻshib, ularga qilgan amallaridan biror narsani ham kamaytirmaymiz. Har bir kishi oʻzi kasb qilgan ishi bilan garovga olinuvchidir.
Yana ularni koʻngillari istaydigan lazzatli meva va mazali goʻsht bilan ketma-ket taʼminlab turamiz.
Jannat ahli u yerda sharob toʻla kosalarini bir-birlariga uzatadilar. Undan ichganlarida behuda gap va gunoh boʻlmaydi.
Ularning atroflarida goʻyo sadaf ichida yashiringan durdek pok va xushsurat g‘ulomlar aylanib xizmat qilib yuradi.
Jannatdagilar bir-birlariga qarab, savol-javob qiladilar.
Ular: “Haqiqatan, bizlar ilgari dunyoda oilamiz orasida Allohning azobiga duchor boʻlishdan qoʻrquvchilar edik”, – deydilar.
Mana, Alloh bizlarga marhamat qildi va bizlarni “samum” nomli doʻzax shamolining azobidan saqladi.
Darhaqiqat, bizlar ilgari dunyoda ekanimizda Unga duo qilar edik. Albatta, U yaxshiliklarni ato qiluvchi – Barr va marhamati cheksiz boʻlgan – Rahim Zotdir.
Bas, ey Muhammad, insonlarga Qurʼon oyatlari bilan eslatma beravering, chunki siz Robbingizning neʼmati sababli kohin ham, majnun ham emassiz.
Balki, mushriklar: “Muhammad shoirdir unga zamon halokatlari yetishini kutarmiz”, – deydilar?!
Ey Rasulim, ularga: “Kutaveringlar men ham sizlar bilan birga kutuvchilardanman”, – deb ayting.
Balki, ularning aqllari mana shunga amr qilar?! Yoki ular tug‘yonga ketgan qavmdirlar?!
Balki, ular: “Muhammad Qurʼonni oʻzi toʻqib olgan”, – deydilar?! Yoʻq, ular Allohga iymon keltirmaydilar.
Bas, agar chindan ham rostgoʻy boʻlsalar, oʻzlari ham oʻsha Qurʼonga oʻxshash biror soʻz keltirsinlar-chi?!
Yoki ular hech narsasiz yaralib qolganmilar?! Yoki ular oʻzlari yaratuvchimilar?!
Yoki ular osmonlar va Yerni ham yaratgandirlar?! Yoʻq, ular haq soʻzga ishonmaydilar!
Yoki ularning huzurlarida Robbingizning xazinalari bormi?! Yoki ular butun borliqni boshqarib turuvchimilar?!
Balki, ularda ustiga chiqib, farishtalarning soʻzlarini eshitib oladigan narvon bordir?! U holda ularning eshitib oluvchisi Allohning amridan aniq hujjat keltirsin!
Yoxud qizlar Unga nisbat berildi-yu, oʻg‘illar sizgami?
Ey Muhammad, yoki siz ulardan daʼvatingiz uchun haq soʻramoqdasiz-u, ular oʻsha toʻlovdan qiynalgandirlar?!
Yoki ularning huzurlarida g‘ayb ilmi boʻlib, ular undan koʻchirib yozib olayotgandirlar?!
Balki, ular sizni halok qilish uchun biror hiyla qilmoqchidirlar?! Unday boʻlsa, oʻsha kufr keltirgan kimsalarning oʻzlari hiylaga giriftor boʻluvchidir.
Yoxud ular uchun Allohdan boshqa iloh bormi?! Subhanalloh, Alloh ularning keltirayotgan shirklaridan pokdir!
Agar ular ustilariga ularni halok qilish uchun osmonning bir parchasi tushayotganini koʻrsalar ham: “Bu toʻplanib qolgan bulutdir”, – deydilar.
Bas, ey Muhammad, siz ularni, to oʻzlari halok qilinadigan kunlariga yoʻliqqunlaricha, qoʻyib bering.
U kunda ularning hiylalari aslo foyda bermaydi va ularga azobdan qutulish uchun yordam ham berilmaydi.
Albatta, zulm qilgan kimsalar uchun u qiyomat kunidan oldin mana shu dunyoda ham azoblar bordir. Lekin ularning koʻpchiligi buni bilmaydilar.
Ey Muhammad, siz Robbingizning hukmiga sabr qiling. Shundoq ham siz, albatta, Bizning koʻz oʻngimizdasiz! Tongda uyqudan turgan paytingizda, Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting!
Shuningdek, kechadan bir vaqt ajratib va yulduzlar botgach, saharda ham Unga tasbeh ayting.