Ho, Mim.
Surah Fussilat
Revealed in Makka.
Juz 24,Surah 41,54 versesRevealed in Makka.
Juz 24,Surah 41,54 versesRahmon va Rahim boʻlgan Alloh nomi bilan boshlayman.
Ho, Mim.
Ushbu Qurʼon Rahmon va Rahim boʻlgan Alloh tomonidan nozil qilingandir.
U haqiqatni biladigan qavm uchun arabiy Qurʼon holida nozil qilinib, oyatlari mufassal bayon qilingan kitobdir.
U jannatdan xushxabar beruvchi va doʻzax azobidan ogohlantiruvchidir. Bas, kofirlarning koʻplari undan yuz oʻgirdilar. Demak, ular haqni eshitmaydilar.
Kofirlar: “Qalblarimiz sen bizlarni unga daʼvat qilayotgan narsadan toʻsilgan, quloqlarimizda esa og‘irlik bordir va sen bilan bizlarning oʻrtamizda bir parda bordir. Bas, sen ishingni qilaver, biz ham oʻz ishimizni qiluvchimiz”, – dedilar.
Ey Muhammad, ularga: “Haqiqatan, men ham xuddi sizlar kabi bir basharman. Menga “Ilohingiz yagona Alloh”, deb vahiy qilinmoqda. Bas, Uning Oʻziga toʻg‘ri yuzlaning va Unga istig‘for ayting. Mushriklarning holiga voy boʻlsin!” – deb ayting.
Ular zakot bermaydigan va oʻzlari oxiratga ishonmaydigan kimsalardir.
Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilgan kimsalar uchun bitmas-tuganmas ajrlar bordir!
Ey Rasulim ularga: “Haqiqatan, ham sizlar Yerni ikki kunda yaratgan Zotga kufr keltirasizlarmi?! Unga boshqalarni teng qilasizlarmi?! Axir, U olamlarning Robbidir”, – deb ayting.
Alloh yerning ustida barqaror tog‘larni paydo qildi va uni barakatli qildi. Neʼmatlardan foydalanishni soʻrovchilar uchun u yerda ularning rizqlarini toʻrt kunda barobar qilib taqsimlab qoʻydi.
Soʻngra tutun holatdagi osmonga yuzlanib unga va Yerga: “Ikkovingiz buyrug‘imga ixtiyoriy yoki majburiy holda kelinglar!” – dedi. Osmon va Yer: “Oʻz ixtiyorimiz bilan keldik”, – dedilar.
Bas, ikki kunda yetti qavat osmonni barpo qildi va har bir osmonga qilishi kerak boʻlgan ishini vahiy qildi. Biz dunyoga yaqin osmonni yulduzli chiroqlar bilan bezadik va uni ofatlardan saqladik. Bu izzati ulug‘ – Aziz va barcha narsani biluvchi – Aʼlim Zotning oʻlchovidir.
Ey Muhammad, bas, agar mushriklar iymondan yuz oʻgirsalar, u holda ularga: “Men sizlarni xuddi Od va Samudning qabilalarini halok qilgan chaqmoqqa oʻxshash bir chaqmoq urishidan ogohlantirdim” – deb ayting.
Oʻshanda payg‘ambarlari ularning oldilaridan ham, orqalaridan ham kelib: “Faqat yagona Allohga ibodat qilinglar”, der edilar. Ular esa: “Agar Robbimiz payg‘ambar yuborishni xohlaganida, albatta, farishtalarni payg‘ambar qilib tushirar edi. Bas, sizlar elchi qilib yuborilgan dinni biz inkor qiluvchilarmiz”, – dedilar.
Bas, Od qavmi yer yuzida nohaq kibrlanib: “Dunyoda bizdan ham quvvatliroq kim bor?” – dedi. Axir, ularni yaratgan Alloh kuch-qudratda ulardan quvvatliroq ekanini bilmadilarmi?! Ular Bizning oyatlarimizni inkor qilar edilar.
Bas, ularning ustiga mana shu dunyo hayotida xor qiluvchi azobni tottirib qoʻyish uchun mashʼum kunlarda ustilariga bir dahshatli boʻron yubordik. Oxirat azobi esa, shubhasiz, yanada sharmandali boʻladi va ularga oʻzlari sig‘inib yurgan butlari tomonidan hech qanday yordam berilmaydi.
Samud qavmini esa, toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qilgan edik. Ular hidoyat oʻrniga haqiqatni bilishdan koʻr boʻlishni afzal bildilar Bas, qilgan yomon ishlari tufayli ularni xor qiluvchi azob chaqmog‘i urdi.
Iymon keltirgan va Allohdan qoʻrqqan kimsalarga azobdan najot berdik.
Allohning dushmanlari doʻzaxga haydalish uchun toʻplanib, keyin ular tizilib qoʻyiladigan kunni eslang.
Bas, ular doʻzax yoniga kelganlarida quloqlari, koʻzlari va terilari dunyoda qilib oʻtgan narsalari haqida oʻzlariga qarshi guvohlik beradi.
Ular terilariga: “Nima uchun bizga qarshi guvohlik berdinglar?” – deydilar. Terilari: “Har bir narsani gapirtirgan Alloh bizni ham gapirtirdi. U Zot sizlarni ilk bor yaratgan va yana Uning huzuriga qaytarilyapsizlar”, – deydilar.
Sizlar gunoh ishlarni qilayotganingizda odamlardan berkitar edingiz, lekin quloqlaringiz, koʻzlaringiz va terilaringiz sizlarga qarshi guvohlik berishidan ehtiyotlanmas edingiz. Aksincha, Alloh qilayotgan amallaringizning koʻpini bilmaydi, deb oʻylardingiz.
Robbingiz haqida oʻylagan mana shu gumoningiz sizlarni halok qilib doʻzaxga tashladi. Bas, ziyon koʻruvchilarga aylanib qoldingiz.
Endi, agar azobga sabr qila olsalar, mana, doʻzax ularning joyidir. Agar ortga qaytishni talab qilsalar, bas, ular ortga qaytariluvchilardan emaslar.
Biz dunyoda ular uchun toʻg‘ri yoʻldan ozdiradigan yaqin doʻstlar biriktirib qoʻydik. Bas, bu doʻstlar ularga oldilaridagi va orqalaridagi gunoh ishlarni chiroyli qilib koʻrsatdilar. Ularga ham, insu jindan iborat oʻzlaridan avvalgi yashab oʻtgan ummatlar qatorida, azob haqidagi soʻz muqarrar boʻldi. Haqiqatan, ular ziyon koʻruvchi boʻldilar.
Kufr keltirgan kimsalar bir-birlariga: “Muhammad tilovat qilayotgan paytda sizlar bu Qurʼonga quloq solmanglar va chalg‘itish uchun unga xalaqit bering, shunda zora ustun kelsangizlar!” – dedilar.
Bas, albatta, kufr keltirgan kimsalarga qattiq azobni tottiramiz va qilib oʻtgan gunoh ishlari uchun ularni eng yomon jazo bilan jazolaymiz.
Bu azob Alloh dushmanlarining jazosi boʻlgan doʻzaxdir. Oyatlarimizni inkor qilganlarining jazosi sifatida ularga u yerda mangulik diyori bordir.
U kunda kufr keltirgan kimsalar: “Ey Robbimiz, bizlarni toʻg‘ri yoʻldan adashtirgan insu jindan iborat kimsalarni bizlarga koʻrsat, ularni oyoqlarimiz ostiga olaylik, toki ular doʻzaxdagi eng tuban kimsalardan boʻlsinlar”, – deydilar.
Albatta, “Robbimiz yagona Allohdir”, deb soʻngra ibodatda toʻg‘ri boʻlgan kimsalar huzuriga oʻlim paytida farishtalar tushib: “Qoʻrqmanglar va g‘amgin boʻlmanglar. Sizlarga vaʼda qilingan jannat xushxabarini qabul qilinglar”, – deydilar.
Dunyo hayotida ham, oxiratda ham biz sizlarning doʻstlaringizmiz. Sizlar uchun jannatda koʻngillaringiz tusagan narsalar va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz bordir.
Bu mag‘firatli va mehribon Zot tomonidan boʻlgan ziyofatdir.
Odamlarni Allohning haq yoʻliga daʼvat qilgan va solih amallarni qilib, “Albatta, men musulmonlardanman”, – deydigan kishidan ham chiroyli soʻzli kim?!
Yaxshilik bilan yomonlik barobar boʻlmaydi. Siz har qanday yomonlikka eng chiroyli muomala bilan javob qaytaring. Shunda birdan siz bilan oʻrtalaringizda adovat boʻlgan kimsa qadrdon doʻstdek boʻlib qoladi.
Bunday xislatga faqat sabrli kimsalar erishadilar. Unga, faqat ulug‘ nasiba egasigina qovushadi.
Agar sizni shayton tomonidan vasvasa tutsa, u holda darhol Allohdan panoh soʻrang. Albatta, U hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va barchasini bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.
Kecha va kunduz, quyosh va oy Uning ibratli alomatlaridandir. Agar sizlar yolg‘iz Allohga ibodat qiluvchi boʻlsangizlar, quyoshga ham, oyga ham sajda qilmanglar, balki ularni yaratgan Zot – Allohga sajda qilinglar.
Bas, agar sajda qilishdan bosh tortib kibrlansalar, bilingki, Robbingiz huzuridagi farishtalar kecha-yu kunduz hech malol olmay Unga tasbeh aytib sajda qiladilar.
Uning qudratiga dalolat qiluvchi alomatlaridan biri yerni suvsizlikdan qaqragan holda koʻrishingizdir. Bas, qachonki, Biz uning ustiga osmonda suv yog‘dirsak, u harakatga keladi va oʻsadi. Albatta, oʻsha yerni tiriltirgan Zot oʻliklarni ham tiriltira oluvchidir. Shubhasiz, U har bir narsaga qodirdir.
Albatta, oyatlarimiz haqida ularni buzmoqchi boʻlib, egrilik qiladiganlar Bizga maxfiy boʻlib qolmaydilar. Axir, doʻzaxga tashlanadigan kimsa yaxshiroqmi yoki qiyomat kunida Allohning azobidan xotirjam holda keladigan kishimi?! Ey odamlar, mana sizlarga ikki yoʻl. Xohlagan narsangizni qilaveringlar, albatta, U qilayotgan ishlaringizni koʻrib turuvchidir.
Shubhasiz, oʻzlariga eslatma boʻlib kelgan Qurʼonni inkor qilgan kimsalar azobga duchor boʻladilar. Albatta, u aziz kitobdir.
Ushbu Qurʼonga oldidan ham, ortidan ham hech qanday botil kelmaydi. Chunki u hikmat egasi boʻlgan – Hakim va maqtovga sazovar – Hamid Zot tomonidan nozil qilingan.
Ey Muhammad, sizga ham kofirlar tomonidan sizdan oldingi payg‘ambarlarga aytilgan narsalargina aytilmoqda. Shubhasiz, Robbingiz mag‘firat sohibi va alamli azob egasidir.
Bordi-yu Biz uni arab tilida boʻlmagan ajamiy bir Qurʼon qilganimizda, albatta, ular: “Uning oyatlari oʻz tilimizda mufassal bayon qilinganida edi. Arabiy tilda soʻzlovchiga ajamiy kitob tushadimi?” – degan boʻlar edilar. Ey Muhammad, ularga: “Bu Qurʼon iymon keltirgan kimsalar uchun hidoyat va shifo manbaidir. Iymon keltirmaydigan kimsalarning esa, quloqlarida og‘irlik bor va bu Qurʼon ularga maʼnan koʻrlik omili boʻladi. Ular xuddi uzoq makondan chaqirilayotgan odamlardek”, – deb ayting.
Ey Muhammad, darhaqiqat, Biz Musoga Tavrot kitobini ato qilganimizda, u haqida ham ixtilof qilingan. Agar oldin Robbingiz tomonidan qiyomat xususidagi soʻz oʻtmaganida, ularning oʻrtasida allaqachon hukm chiqarilgan boʻlar edi. Chindan ham, ular bu Qurʼon haqida shak-shubhadalar.
Kimki yaxshi amal qilsa, oʻzining foydasi uchundir. Kim yomonlik qilsa, oʻz zararigadir. Robbingiz bandalarga zulm qiluvchi emasdir.
Qiyomat soatining qachon boʻlishi haqidagi ilm Allohning Oʻziga qaytariladi. Barcha mevalarning gulkosalaridan chiqishi ham, bir ayolning nimaga homila boʻlishi ham, nimani tug‘ishi ham, faqat Uning ilmi bilan boʻladi. Qiyomat kunida U zot mushriklarga: “Oʻzingiz toʻqib olgan Mening sheriklarim qani?! – deb nido qiladi. Mushriklar: “Senga bildiramizki, oramizda sheriklaring borligiga birorta ham guvoh yoʻq”, – deydilar.
Oʻzlari oldin iltijo qilib oʻtgan narsalari ulardan g‘oyib boʻldi. Ular oʻzlari uchun Allohning azobidan qochadigan biror joy yoʻq ekanligiga toʻliq ishondilar.
Inson oʻzi uchun yaxshilik tilashdan hech charchamaydi. Agar unga biror yomonlik yetib qolsa, u umidsiz va tushkun boʻlib qoladi.
Qasam boʻlsinki, agar unga biror qiyinchilikdan keyin Oʻz tomonimizdan biror marhamatni tottirsak, albatta, u: “Bu yolg‘iz oʻzimdan. Men qiyomat qoim boʻladi deb, oʻylamayman. Agar qiyomat boʻlib, men Robbimga qaytarilsam ham shubhasiz, Uning dargohida men uchun goʻzal mukofot boʻladi”, – deydi. Bas, albatta, kufr keltirgan kimsalarga qilgan amallarining xabarini beramiz va albatta, ularga qattiq azobdan tottiramiz.
Qachonki, insonga neʼmat ato qilsak, shukr qilishdan yuz oʻgiradi va oʻz tomoniga ketadi. Agar yana unga yomonlik yetib qolsa, uzundan-uzoq duo qiluvchidir.
Ey Muhammad, mushriklarga: “Qani, aytinglar-chi, agar bu Qurʼon Allohning huzuridan boʻlsa-yu, siz uni inkor qilib yurgan boʻlsangiz, u holda sizlardek chuqur ixtilofda boʻlganlardan ham adashganroq kim bor?!” – deb ayting.
Ularga Qurʼon Alloh tomonidan nozil qilingan haq kitob ekanligi maʼlum boʻlgunicha, Biz ularga atrofda va oʻzlaridagi qudratimizga dalolat qiladigan oyatlarimizni yaqinda koʻrsatamiz. Axir ularga Robbingizning, albatta, U barcha narsaga guvoh ekani kifoya qilmaydimi?!
Ogoh boʻlinglar, albatta, ular qiyomatda Robbilariga roʻbaroʻ boʻlishdan shubhadalar. Ogoh boʻlinglarki, albatta, U barcha narsani qamrab oluvchidir.