Bulutlarni haydab yuruvchi shamollarga qasam boʻlsin.
Surah Zoriyot
Revealed in Makka.
Juz 26,Surah 51,60 versesRevealed in Makka.
Juz 26,Surah 51,60 versesRahmon va Rahim boʻlgan Alloh nomi bilan boshlayman.
Bulutlarni haydab yuruvchi shamollarga qasam boʻlsin.
Yomg‘irdek yukni tashuvchi bulutlarga qasam boʻlsin.
Suv yuzida yengil suzuvchi kemalarga qasam boʻlsin.
Alloh buyurgan ishlarni taqsimlovchi farishtalarga qasam boʻlsin.
Sizlarga vaʼda qilinayotgan qayta tirilish, shak-shubhasiz, rostdir.
Albatta, hisob-kitob qilingandan keyin jazo va mukofot ham voqe boʻluvchidir.
Osmondagi yulduzlar harakat qiladigan yoʻllar egasi boʻlgan osmonga qasam boʻlsin.
Albatta, sizlar bu Payg‘ambar xususida qarama-qarshi soʻzdasizlar.
Bu Qurʼondan haqdan burilgan, baxtsiz kimsagina og‘ib ketadi.
Ana oʻsha yolg‘onchilarga oʻlim boʻlsin.
Ular jaholat botqog‘ida adashib yuruvchi kimsalardir.
Ular jazo kuni qachon boʻlishini soʻraydilar.
U kun ular doʻzaxda sinaladigan kundir.
Oʻshanda ularga: “Sinovingizni totinglar! Sizlar dunyoda ekaningizda uni shoshtirgan narsa mana shudir!” – deyiladi.
U kunda albatta, taqvodorlar jannatlar va buloqlar ichida boʻladilar.
Robbilari ularga ato etgan narsalarni olgan hollarida boʻladilar. Zero, ular bundan ilgari dunyoda yaxshi ishlarni qiluvchi edilar.
Ular tunning ozgina qismida uxlar edilar.
Saharlarda ular qilgan xatolari uchun Allohdan mag‘firat soʻrar edilar.
Ularning mol-mulklarida soʻrovchi va mol-davlatdan mahrum kishilar uchun ajratilgan haq boʻlar edi.
Ey insonlar, yer yuzida ishonuvchilar uchun koʻplab ibratlar bordir.
Oʻzlaringizda ham ibratlar bor. Axir, bularni koʻrmaysizlarmi?!
Osmonda esa rizqlaringiz va sizlarga vaʼda qilinayotgan jannat bordir.
Bas, osmon va Yerning Robbisiga qasam boʻlsinki, albatta, bu vaʼda xuddi siz nutq qilayotganingiz kabi haqiqatdir.
Ey Muhammad, sizga Ibrohimning aziz va mukarram mehmonlari haqidagi xabar keldimi?
Oʻshanda ular Ibrohimning huzuriga kirib: “Salom”, – deyishganda, u ham: “Salom, ey notanish qavmlar”, – dedi.
Soʻngra u asta oilasi oldiga chiqib, bir semiz buzoqni pishirib keltirdi.
Uni ularga yaqin qilib: “Qani, taomdan yemaysizlarmi?” – dedi.
Lekin ular ovqatga qoʻl uzatishmagach, ulardan xavfsiray boshladi. Shunda ular: “Qoʻrqmagin, biz farishtalar taom yemaymiz”, – dedilar va Ibrohimga bir bilimdon oʻg‘il koʻrishi haqidagi xushxabarni aytdilar.
Shunda ularning soʻzini eshitib turgan Ibrohimning xotini qichqirgancha keldida, ajablanganidan yuziga shapaloq urib: “Axir, men tug‘mas bir kampirmanku!” – dedi.
Farishtalar: “Robbing mana shunday, dedi. Albatta, Uning Oʻzi hikmat egasi boʻlgan – Hakim va hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir”, – dedilar.
Ibrohim farishtalarga qarab: “Ey elchilar, yumushlaringiz nima?” – dedi.
Farishtalar Ibrohimga: “Bizlar Lut payg‘ambarning bir jinoyatchi qavmiga yuborildik.
Loydan pishirilgan toshlarni ularning ustiga yog‘dirishimiz uchun keldik.
Robbing nazdida haddan oshuvchi kimsalar uchun har bir toshga belgi qoʻyilgan boʻlib, halok boʻluvchilarning nomlari yozib qoʻyilgan.
Bas, Biz u yerdagi moʻminlardan boʻlgan kishilarni chiqarib yubordik.
Lekin u joyda birgina Lut xonadonidan boshqa musulmonlarni topmadik.
Biz kofirlarni halok qilganimizdan soʻng alamli azobdan qoʻrqadigan kimsalarning ibrat olishlari uchun u joyda belgi qoldirdik.
Muso qissasida ham ibrat bor. Oʻshanda, Biz uni aniq hujjat bilan firʼavnning yoniga yuborgan edik.
U oʻz arkoni davlatiga suyanib, Allohga iymon keltirishdan yuz oʻgirdi va yonidagilarga: “Muso sehrgar yoki bir majnundir”, – dedi.
Bas, Biz uni ham, askarlarini ham ushlab, ularni dengizga otdik. U oʻzining kibru havosi va kufru isyoni sababli har qanday malomatga loyiqdir.
Od qabilasi qissasida ham ibrat bordir. Oʻshanda, Biz ularning ustiga hech qanday foyda keltirmaydigan qisir boʻronni yuborgan edik.
U boʻron nimaning ustidan oʻtsa, albatta, uni yoʻq qilib, xuddi chirigan suyaklardek qilib tashlar edi.
Samud qabilasining qissasida ham ibratlar bor. Oʻshanda, Alloh tomonidan moʻʼjiza qilib yuborilgan tuyani soʻyib yuborgan paytlarida ularga: “Vaqtinchalik dunyo neʼmatidan foydalanib turinglar”, – deyilgan edi.
Bas, ular Robbilarining amridan bosh tortishgach, qarab turgan hollarida ularni dahshatli chaqmoq urdi.
Bas, ular ofatdan qochish uchun oʻrinlaridan turishga ham kuchlari yetmadi va hech kim tomonidan yordam beriluvchi ham boʻlmadilar.
Bu qavmlardan oldin Nuh qavmini ham halok qilgan edik. Chunki, ular fosiq qavm edilar.
Osmonni Biz qudrat qoʻllarimiz bilan bino qildik. Darhaqiqat, Biz uni kengaytiruvchimiz.
Yerni esa yoyib toʻshab qoʻydik. Bas, Biz naqadar yaxshi tayyorlovchimiz!
Sizlar eslatma olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik.
Ey Rasulim, ularga: “Bas, Allohga iymon keltirish uchun chopinglar. Albatta, men sizlar uchun Uning azobidan aniq ogohlantiruvchiman”, – deb ayting.
Alloh bilan birga yana boshqa iloh bor, deb aytmanglar. Albatta, men sizlar uchun Uning azobidan aniq ogohlantiruvchi payg‘ambarman.
Xuddi shuningdek, Makka mushriklaridan avvalgi kofirlarga biror payg‘ambar kelsa, ular ham, albatta, uni sehrgar yoki majnun, der edilar.
Nima, ular bu soʻzni bir-birlariga vasiyat qilib qoldirganmilar? Yoʻq! Ular tug‘yonga ketgan qavmdirlar.
Bas, ey Muhammad, ulardan yuz oʻgiring. Endi, siz zimmangizdagi payg‘ambarlikni yetkazganingizdan keyin kofirlardan yuz oʻgirsangiz malomatga qoluvchi emassiz.
Qurʼon bilan eslating, zero, eslatma moʻminlarga manfaat keltiradi.
Men jin va ins toifasini faqatgina Menga ibodat qilishlari uchun yaratdim.
Men ulardan hech qanday bir rizq istamayman va ular Meni taomlantirishini ham istamayman.
Zero, Allohning Oʻzi barcha xaloyiqqa rizq beruvchi – Razzoqdir. U quvvat egasi va qudratlidir.
Bas, zolimlar uchun, shubhasiz, xuddi ilgari oʻtgan kofir doʻstlarining nasibalari kabi azobdan nasiba bordir. Bas, ular Mening azobimga shoshilmasinlar.
Bas, kufr keltirgan kimsalarga azob vaʼda qilinayotgan kunlaridan halokat boʻlsin!