18 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 4, 2026, Thursday

Surah Hijr

Revealed in Makka.

Juz 14,Surah 15,99 verses

1.Alif, Lom, Ro. Ushbu oyatlar kitob va ochiq-oydin Qurʼonning oyatlaridir.

2.Qiyomat kunida hali kufr keltirganlar afsuslanib, koshki, oldin musulmonlardan boʻlsaydik, – deb istab qoladilar.

3.Ey Rasulim, ularni oʻz holiga qoʻyib bering, hozirchalik yeb-ichib qolsinlar, oʻtkinchi dunyo matohlaridan foydalansinlar va orzular ularni chalg‘itaversin. Bas, yaqinda qilmishlarining oqibatini bilib oladilar.

4.Biz biror shahar aholisini uning uchun maʼlum muddat oʻtib ajallari kelmaguncha halok qilmaganmiz.

5.Biror ummat oʻz ajalidan oldinga ham keta olmaydi va ortda ham qololmaydi.

6.Makka kofirlari Muhammadni masxaralab: “Ey oʻziga zikr nozil qilingan kishi, haqiqatan, sen majnunsan”, – dedilar.

7.Agar chindan ham daʼvoingda rostgoʻylardan boʻlsang, unda bizga osmondan farishtalarni keltirgin-chi?!

8.Biz esa farishtalarni faqatgina kofirlar ustiga haq boʻlgan azob bilan tushirarmiz va u holda kofirlar kutib turilmay halok qilinadilar.

9.Shubhasiz, Biz bu zikrni Oʻzimiz nozil qildik va Biz uni muhofaza qiluvchimiz.

10.Darhaqiqat, Biz sizdan oldin avvalgi guruhlarga ham payg‘ambarlar yuborganmiz.

11.Ular oʻzlariga kelgan har bir payg‘ambarni ustidan kulib masxara qilgan edilar.

12.Shunday qilib, u masxara qilish illatini barcha jinoyatchilarning dillariga solib qoʻyamiz.

13.Zolimlar unga iymon keltirmaydilar. Holbuki, avvalgi kufrda yashaganlarning yoʻllari oʻtib boʻlgan va oqibatlari maʼlum edi.

14.Bordi-yu ularga osmondan bir darvoza ochib qoʻysak-u, undan osmonga qarab koʻtarila boshlasalar ham, baribir iymon keltirmaydilar.

15.Ular shunda ham: “Shubhasiz, bizning koʻzlarimiz bog‘lanib qolgan, balki, bizlar sehrlanib qolgan qavmdirmiz”, – der edilar.

16.Biz osmonda burjlarni yaratdik va uni ibrat bilan tomosha qiluvchilar uchun yulduzlar bilan bezab qoʻydik.

17.Hamda u osmonni Allohning dargohidan quvilgan har bir shaytondan muhofaza qildik.

18.Agar jinlardan birortasi farishtalarning soʻzini oʻg‘rincha eshitib olsa, darhol unga yorqin yulduz quvib yetadi va yakson qiladi.

19.Yerni esa, mavjudotlarning koʻpayishi va rivojlanishiga mos tarzda uni keng qilib yoyib qoʻydik, ustiga esa tebranmas tog‘larni joylashtirdik. Hamda unda har yerning oʻziga xos turli-tuman narsalardan, oʻsimlik va mevalardan undirib chiqardik.

20.Hamda u yerda siz uchun ham, siz ularni rizq bilan taʼminlay olmaydigan boshqa maxluqotlar uchun ham rizq manbalarini qilib qoʻydik.

21.Yeru osmonda mavjud boʻlgan har bir narsaning xazinalari Bizning huzurimizdadir. Biz sizlarga ularni maʼlum oʻlchov bilan tushiramiz.

22.Biz shamollarni daraxtlar hosil berishi uchun changlatuvchi va urchituvchilar qilib yubordik. Ketidan osmondan suv yog‘dirib u bilan sizlarni suvga toʻydirdik. Aksincha, siz uni g‘amlab oluvchilar emassiz.

23.Albatta, Biz barcha jonzotga hayot beramiz va jonini olamiz. Shuningdek, biz oxirida har bir narsaning yagona egasi va vorislarimiz.

24.Albatta, Biz sizlardan oldin yashab oʻtganlarni bildik. Shubhasiz, orqasida keluvchilarni ham bildik.

25.Shubhasiz, Robbingizning Oʻzi qiyomat kuni ularni toʻplaydi. Albatta, U hikmat egasi – Hakim va hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

26.Darhaqiqat, Biz ilk inson Odam Atoni shakli oʻzgartirilgan qora balchiqdan olib, keyin quritilgan loydan yaratganmiz.

27.Jinlardan boʻlgan iblisni esa Odamdan oldin qizigan va tutunsiz olovdan yaratdik.

28.Ey Muhammad: Robbingiz farishtalarga: “Men qora balchiqdan olib, quritilgan loydan bir inson yaratuvchiman”, – deb aytganini eslang.

29.Bas, uni benuqson qilib rostlab ichiga jon ato qilish Oʻz ruhimdan puflaganimda unga darhol sajda qilgan holingizda yiqilinglar. – dedi.

30.Bas, Odam yaratilib ularga namoyish qilingach, farishtalar jam boʻlib, barchalari Allohni ulug‘lab Odamga sajda qildilar.

31.Faqat iblis takabburlik qilib sajda qiluvchilar bilan birga boʻlishdan bosh tortdi.

32.Shunda Alloh unga: “Ey iblis, senga ne boʻldiki, sajda qiluvchilar bilan birga boʻlmading?” – dedi.

33.Keyin iblis: “Men qora balchiqdan olinib, odam surati berilgan, keyin Sen uni quritilgan loydan yaratgan basharga sajda qiluvchi boʻlmayman”, – dedi.

34.Alloh iblisga: “Bas, u holda bu yerdan chiq. Endi sen, Mening dargohimdan quvilgan malʼunsan”, – dedi.

35.Senga jazo kuni boʻlgan qiyomat qoimgacha hammaning laʼnati boʻladi.

36.Iblis iltijo qilib: “Ey Robbim, unday boʻlsa, menga ular qayta tiriladigan kungacha oʻlmasdan yashashim uchun muhlat bergin”, – dedi.

37.Alloh unga: “Bas, sen qiyomatgacha tirik qolib, muhlat berilganlardansan”, – dedi.

38.Sening muhlating maʼlum vaqt boʻlmish qiyomat kunigacha.

39.Iblis: “Ey Robbim, ont ichamanki, endi meni yoʻldan ozdirganing sababli, albatta, u Odam bolalariga Yerdagi barcha yomon ishlarni chiroyli qilib koʻrsataman va albatta, ularning hammasini yoʻldan ozdiraman”, – dedi.

40.Ularning orasidan ixlosli bandalaring bundan mustasnodir.

41.Keyin Alloh: “Mana bu Menga yetib boruvchi toʻg‘ri yoʻldir”, – dedi.

42.Mening bandalarim ustidan sen uchun aniq hech qanday hukmronlik yoʻq. Faqat sen oʻzingga ergashgan gumrohlarni yoʻldan ozdira olasan.

43.Ularning barchalari uchun vaʼda qilingan joy, albatta, jahannamdir.

44.U jahannamning yettita darvozasi boʻlib, ulardan har bir eshik uchun zolimlarning gunohlari darajasiga qarab ajratilgan bir boʻlak bor.

45.Albatta, Allohdan qoʻrqqan kimsalar bog‘lar va chashmalar ichidadir.

46.Unga salom va omonlikda kiringlar, deyiladi.

47.Biz jannatdagi soʻrilarda birodarlarcha bir-birlariga yuzlanib oʻtirganlarning dillaridagi gina-kuduratlarni chiqarib tashladik.

48.Jannat ahlini u yerda charchoq tutmaydi, shuningdek, ular u joydan chiqariluvchi ham emaslar.

49.Ey Muhammad, bandalarimga xabar berib qoʻying, Men Oʻzim, albatta, kechirimli va rahmliman.

50.Shuningdek, azobim ham u eng alamli azobdir.

51.Ey Rasulim, yana ularga Ibrohimning mehmonlari haqida ham xabar bering.

52.Oʻshanda inson qiyofasidagi farishtalar uning huzuriga kirib: “Salom”, – dedilar. Ibrohimning ularga pishirib kelgan taom uchun qoʻl choʻzishmagach ularga: “Biz sizlardan hadiksirayapmiz, kimsiz oʻzi?” – dedi.

53.Ular: “Qoʻrqmagin, biz farishtalarmiz, senga bir bilimdon oʻg‘il koʻrishing haqida xushxabarini keltiryapmiz”, – dedilar.

54.Ibrohim ularga: “Menga keksalik yetgan paytda farzandli boʻlishim haqida xushxabar beryapsizmi? Menga qanday g‘alati narsa bilan xushxabar bermoqdasiz oʻzi?” – dedi.

55.Farishtalar: “Biz senga chindan ham farzand koʻrishing xushxabarini keltirdik. Bas, sen umidsizlardan boʻlmagin”, – dedilar.

56.Ibrohim ularga: “Ha, albatta, Robbisining rahmatidan faqat adashgan kimsalargina noumid boʻladilar”, – dedi.

57.Soʻngra Ibrohim ularga qarab: “Xoʻsh, ey elchilar, yumushingiz nimadir?” – dedi.

58.Farishtalar Ibrohimga: “Bizlar Lut payg‘ambarning gunohkor qavmiga ularni halok qilish uchun yuborildik”, – dedilar.

59.Lekin biz Lutning iymon keltirgan barcha oilasini qutqaruvchimiz.

60.Biroq uning xotiniga qutulish yoʻqdir. Chunki Biz, shubhasiz, unga azobda qoluvchilardan boʻlishini taqdir qilib qoʻyganmiz.

61.Shunday qilib, elchilar Lutning oilasiga yetib kelishdi.

62.Lut payg‘ambar ularga: “Sizlar notanish qavmsiz, kimsizlar oʻzi?” – dedi.

63.Farishtalar: “Yoʻq, biz senga qavming u haqida balo kelishini shubha qilayotgan azobni keltirdik”, – dedilar.

64.Biz senga azobni chindan ham keltirdik. Biz, albatta, rostgoʻylarmiz.

65.Endi sen kechaning bir qismida oilang bilan yoʻlga tush va oʻzing ularning ortidan yur. Sizlardan biror kishi orqasiga oʻgirilib qaramasin. Shu tariqa sizlar buyurilgan tomonga qarab ketaveringlar.

66.Biz Lutga sahar chog‘ida ana oʻsha kofirlarning keti qirqilib halok boʻlishi haqidagi mana shu hukmni bildirdik.

67.Shahar aholisi mehmonlarni eshitib xursand boʻlgan hollarida yetib keldilar.

68.Shunda Lut payg‘ambar ularga: “Axir bu yigitlar mening mehmonlarim-ku! Meni ular oldida axloqsizlik qilib sharmanda qilmanglar”, – dedi.

69.Allohdan qoʻrqinglar va meni rasvo qilmanglar.

70.Ular Lutga: “Axir biz seni olamlardan odamlarni himoya qilishingni qaytarmagan edikmi?!” – dedilar.

71.Lut oʻz qavmiga: “Agar shu ishni qiluvchi boʻlsangizlar, ana qizlarimiz bor-ku axir, ularni nikohlaringizga olaveringlar”, – dedi.

72.Ey Muhammad, umringizga qasamki, ular oʻzlarining shahvoniy mastliklarida gangib yurar edilar.

73.Sahar chog‘ida birdan ularni dahshatli qichqiriq tutdi.

74.Bas, Biz u shaharni ostin-ustun qilib yubordik va ularning ustiga sopoldan iborat qizitilgan toshlarni ketma-ket yog‘dirdik.

75.Albatta, bunday hodisalarda farosatli kishilar uchun ibratli belgilar bordir.

76.Darvoqe, oʻtmishda vayron boʻlgan bu shaharlar doimiy yoʻl ustidadir.

77.Albatta, bunday hodisalarda moʻminlar uchun ibratli belgi bordir.

78.Shubhasiz, daraxtzor egalari boʻlgan Shuʼayb qavmi ham zolimlardan boʻlgan edi.

79.Bas, Biz ulardan zulmlari sababli intiqom oldik. Darvoqe, Lut va Shuʼayb qavmidan qolgan xaroba shaharlarning ikkisi ham ibrat olishingiz uchun hanuzgacha aniq yoʻl ustidadir.

80.Aniqki, Samud qavmining Hijr vodiysi egalari ham payg‘ambarlari Solihni yolg‘onchiga chiqargan edilar.

81.Biz ularga oyatlarimizni keltirgan edik, lekin ulardan yuz oʻgiruvchi boʻldilar.

82.Ular tog‘lardan mustahkam uylar yoʻnib, bizga hech qanday ofat yetmaydi deb, goʻyo omonlikda edilar.

83.Bas, ularni ham sahar paytida dahshatli qichqiriq tutdi.

84.Kasb qilgan narsalari ularga hech qanday foyda bermadi.

85.Biz osmonlar va Yerni hamda ularning oʻrtasidagi barcha narsani faqat haq hikmat bilan yaratdik. Qiyomat soati ham, albatta, keluvchidir. Bas, shunday ekan, siz johillarning ozorlariga sabr qiling va ularga chiroyli muomalada boʻlib turing.

86.Albatta, Robbing U koʻplab yaratuvchi – Xalloq va hamma narsani biluvchi – Aʼlim Zotdir.

87.Ey Muhammad, darhaqiqat, Biz sizga namozning har bir rakatida takrorlanadigan yetti oyatli “Fotiha” surasini va ulug‘ Qurʼonni berdik.

88.Biz kofirlardan ayrim toifalarni oʻtkinchi dunyoda u bilan bahramand qilib qoʻygan narsalarimizga koʻz tikmang. Ularning iymonsizliklari ustida g‘amgin ham boʻlmang. Moʻminlar uchun esa shafqat qanotingizni past tutib xokisor boʻling.

89.Ularga: “Chindan ham, men sizlarni Allohning azobidan ochiqchasiga ogohlantiruvchiman”, – deb ayting.

90.Xuddi ilgari ahli kitobdan hukmlarning oson qismini olib, qiyinini chetga surib, taqsimlab oluvchilarga nozil qilganimizdek.

91.Shunday kimsalarki, ular Qurʼonni ham boʻlak-boʻlak qilib olgan edilar.

92.Ey Muhammad, Robbingizga qasamki, albatta, ularning barchasini soʻroqqa tutaman.

93.Dunyoda qilib oʻtgan narsalari toʻg‘risida soʻrab olaman.

94.Ey Rasulim, bas, siz oʻzingizga buyurilgan ishni oshkora qiling va mushriklardan yuz oʻgiring.

95.Albatta, Biz sizni masxara qiluvchilarga jazo berish uchun kifoya qilamiz.

96.Unday kimsalar Allohga boshqa soxta “ilohni sherik qiladilar. Bas, yaqinda qilmishlarining oqibatini bilib oladilar.

97.Haqiqatan, Biz sizni ular masxara qilib aytayotgan soʻzlaridan qalbingiz siqilishini bilamiz.

98.Bas, Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting va yolg‘iz Allohga sajda qiluvchilardan boʻling.

99.Hamda oʻlim deb ataluvchi mutlaq haqiqat yaqin kelguncha Robbingizga ibodat qilavering.