1.Ho, Mim.
Surah Ahqof
Revealed in Makka.
Juz 26,Surah 46,35 verses2.Bu Qurʼon Aziz va Hakim boʻlgan Alloh tomonidan nozil qilingan kitobdir.
3.Biz osmonlar va Yerni hamda ularning oʻrtasidagi narsalarni faqat haq hikmat va qiyomatgacha belgilangan maʼlum muddat bilan yaratdik. Kufr keltirgan kimsalar esa oʻzlari ogohlantirilgan narsadan yuz oʻgiruvchidirlar.
4.Ey Muhammad, mushriklarga: “Sizlar Allohni qoʻyib iltijo qilayotgan butlaringiz haqida xabar berib menga koʻrsatinglar-chi, ular yerdan nimani yaratganlar?! Yoki ular uchun osmonlarni yaratishda sheriklik bormi?! Agar rostgoʻy boʻlsangizlar, menga ushbu Qurʼondan oldin nozil qilingan biror kitobni yoki biror ilmiy asarni keltiringlar-chi!” – deb ayting.
5.Allohni qoʻyib, qiyomat kunigacha ham chaqiriqqa javob qila olmaydiganlarga iltijo qiladigan kimsadan ham adashganroq kim bor?! Holbuki, u jonsiz butlar oʻsha mushriklarning duolaridan bexabardirlar.
6.Qiyomat kuni barcha insonlar hisobot uchun Uning huzuriga jam qilinganda, oʻsha butlar ularga dushman va ularning ibodat qilganlarini ham inkor qiluvchi boʻladilar.
7.Qachon ularga oyatlarimiz bayon etuvchi holida tilovat qilinsa, kufr keltirgan kimsalar haq Qurʼon toʻg‘risida u oʻzlariga kelgan paytda: “Bu aniq sehrdir”, – dedilar.
8.Yoki ular: “Muhammad uni oʻzi toʻqib olgan”, – deydilarmi?! Ey Rasulim, ularga: “Agar uni oʻzim toʻqib olgan boʻlsam, u holda, Allohdan keladigan biror narsani mendan qaytarishga qodir emassiz. U Zot bu kitob haqida siz shoʻng‘iyotgan narsalarni yaxshi biluvchidir. Uning Oʻzi men bilan sizlarning oʻrtangizda yetarli guvohdir”, – deb ayting. Shubhasiz, U gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
9.Ey Muhammad, ularga: “Men payg‘ambarlarning dastlabkisi emasman. Men kelajakda oʻzimga ham sizlarga ham nima qilinishini bilmayman. Men faqat oʻzimga vahiy qilinadigan narsaga ergashaman. Men faqat qiyomat azobidan aniq bir ogohlantiruvchiman”, – deb ayting.
10.Ularga: “Ey mushriklar, qani aytinglar-chi, agar ushbu Qurʼon Allohning huzuridan boʻlsa-yu, sizlar uni inkor qilib turibsiz holbuki, bani Isroil avlodidan boʻlgan bir guvoh ham bu Qurʼonning oʻxshashiga guvohlik berib, iymon keltirib turibdi. Sizlar esa iymon keltirmay takabbarlik qilganingiz nimasi?! Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmas”, – deb ayting.
11.Kufr keltirgan kimsalar iymon keltirganlarga: “Agar bu Qurʼon yaxshi boʻlganida anavi quyi tabaqalar unga bizlardan oldin bormagan boʻlar edilar”, – dedilar. Mana bu Qurʼon bilan hidoyat topa olishmagach: “Bu qadimgi uydirmadir”, – deydilar.
12.Ushbu Qurʼondan oldin Musoning yoʻl boshlovchi va rahmat boʻlgan kitobi Tavrot bor edi. Bu Qurʼon arabiy tildagi oʻzidan oldingi ilohiy kitoblarni tasdiqlovchi bir kitobdir. U zulm qilgan kimsalarni oxirat azobidan ogohlantirish va yaxshilik qiluvchilarga jannat haqida bashorat beruvchi boʻlib nozil qilingan.
13.Shubhasiz, Robbimiz yagona Alloh, – deb, soʻngra toʻg‘ri yoʻlda qoim turgan kimsalar uchun xavf yoʻqdir va ular g‘am chekmaydilar.
14.Aynan oʻshalar jannat ahli boʻlib, u joyda mangu qoladilar. Bu ular qilib oʻtgan amallarining mukofotidir.
15.Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni buyurdik. Onasi uni qornida qiynalib koʻtarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorligi va uni sutdan ajratish muddati oʻttiz oydir. Bas, qachonki, u voyaga yetib, qirq yoshga toʻlganida: “Ey Robbim, menga va ota-onamga inʼom etgan neʼmatingga shukr qilishga va Oʻzing rozi boʻladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq qilgin va men uchun zurriyotimni isloh qil! Albatta, men Senga gunohlarimdan tavba qildim va albatta, men musulmonlardanman”, – deydi.
16.Aynan ular shunday zotlardirki, Biz ulardan qilgan chiroyli amallarini qabul qilamiz va jannat egalari qatorida ularning yomonliklarini kechib yuboramiz. Ularga berilgan haq vaʼda mana shudir.
17.Yana bir kimsa borki, ota-onasiga: “Uf, sizlarga, menga oʻlgandan keyin qabrdan qayta chiqarilishimni vaʼda qilyapsizlarmi?! Holbuki, mendan oldin ham avlodlar oʻtgan-ku nima ular tirildimi?!” – deydi. U ikkisi Allohdan madad tilagan hollarida farzandiga qarab: “Holingga voy boʻlgur, Allohga iymon keltirgin! Allohning vaʼdasi haqdir”, – deydilar. Farzand esa ularga: “Bular bari avvalgilarning afsonalaridir”, – deydi.
18.Ana oʻshalarga oʻzlaridan avval oʻtgan jin va ins ummatlari qatorida azob haqidagi soʻz muqarrar boʻlgandir. Albatta, ular ziyon koʻruvchilardan boʻldilar.
19.Hamma uchun qilgan amallariga yarasha darajalar bordir. Alloh ularga qilgan amallarining mukofot va jazosini toʻliq qilib beradi va ularga aslo zulm qilinmaydi.
20.Kufr keltirgan kimsalar doʻzaxga koʻndalang qilinadigan kunda ularga: “Sizlar dunyo hayotingizdayoq mazangizni qilib, huzurlanib boʻlgansiz. Bugun Yer yuzida nohaq takabburlik va fosiqlik qilganingiz uchun xorlik azobi bilan jazolanasizlar”, – deyiladi.
21.Ey Muhammad, Od qabilasining birodari Hudni yodga oling! Oʻshanda u qum tepaliklarda qavmini: “Faqat yolg‘iz Allohgagina ibodat qilinglar! Men, haqiqatan, sizlarga ulug‘ kunning azobi kelishidan qoʻrqaman”, – deb ogohlantirgan edi. Vaholanki, undan oldin ham keyin ham ogohlantiruvchi payg‘ambarlar oʻtgan edi.
22.Qavmi unga: “Sen bizlarni xudolarimizdan burish uchun keldingmi?! Bas, agar rostgoʻylardan boʻlsang, bizlarga vaʼda qilayotgan azobni keltirgin-chi?” – dedilar.
23.Hud ularga: “Azob haqidagi bilim faqatgina Alloh huzuridadir. Men sizlarga oʻzim elchi qilib yuborilgan dinni yetkazaman. Lekin men sizlarni johillik qilayotgan qavm ekaningizni koʻryapman”, – dedi.
24.Bas, qachonki, ular oʻsha azobni vodiylariga qarab kelayotgan bir qora bulut holida koʻrganlarida: “Bu bizlarga yomg‘ir keltiruvchi bulutdir”, – dedilar. Yoʻq, u sizlar kelishini shoshiltirgan boʻrondir va unda alamli azob bordir.
25.U Robbisining amri bilan barcha narsani yer bilan yakson qiladi. Bas, boʻron kelib, tong otganida ularning faqat xaroba maskanlarigina koʻrinib turar edi. Biz jinoyatchi qavmlarni mana shunday jazolaymiz.
26.Ey Makka ahli, holbuki, Biz boylik va quvvat jihatidan sizlarga bermagan imkonlarni ularga bergan edik. Ularga puxta eshituvchi quloqlar, teran koʻzlar va dillarni ato qilgan edik. Lekin ular Allohning oyatlarini inkor etganlari uchun ularga quloqlari ham koʻzlari ham, dillari ham biror foyda bermadi va ularni oʻzlari masxara qilib yurgan narsalari oʻrab oldi.
27.Ey Makka ahli, Biz sizlarning atrofingizdagi qishloq va shaharlarni halok qildik. Biz ularga shoyad toʻg‘ri yoʻlga qaytsalar, deb oyatlarni batafsil bayon qilgan edik.
28. Qani endi, Allohni qoʻyib, U Zotga yaqinlashtiruvchi deb tutgan soxta ilohlari halokatdan qutulishlari uchun ularga yordam bersalar boʻlmaydi-mi!? Yoʻq, ular koʻzdan g‘oyib boʻlib qoldilar. Ana bu ularning uydirma hamda toʻqib olgan narsalaridir.
29.Ey Muhammad, huzuringizga bir guruh jinlarni Qurʼon tinglasinlar, deb yuborganimizni eslang. Bas, qachonki, ular Qurʼon tilovatiga hozir boʻlishgach, bir-birlariga: “Jim boʻlinglar”, – dedilar. Bas, qachonki, tilovat tugatilgach, ular oʻz qavmlari oldiga ogohlantiruvchi boʻlgan hollarida qaytib ketdilar.
30.Jinlar: “Ey qavmimiz, darhaqiqat, biz Musodan keyin nozil qilingan, oʻzidan oldingi ilohiy kitoblarni tasdiqlovchi, haq dinga va toʻg‘ri yoʻlga boshlaydigan bir kitobni tingladik”, – dedilar.
31.Ey qavmimiz, Allohning daʼvatchisi Muhammadga javob beringlar. va unga iymon keltiringlar, shunda Alloh gunohlaringizni mag‘firat qiladi va sizlarni alamli azobdan saqlaydi.
32.Kim Allohning daʼvatchisini qabul qilmasa, bas, u yer yuzida biron joyga qochib qutuluvchi emasdir va uning uchun Allohdan boshqa doʻstlar ham yoʻqdir. Ana oʻshalar aniq zalolatdadirlar.
33.Axir, oxiratni inkor qiluvchilar osmonlar va Yerni yaratgan, ularni yaratishda behol boʻlmagan Alloh oʻliklarni tiriltirishga ham qodir ekanligini oʻylab koʻrmadilarmi?! Yoʻq! Albatta, U barcha narsaga qodir Zotdir.
34.Kufr keltirgan kimsalar doʻzaxga duchor qilinadigan kunda ularga: “Mana bu azob haq emas ekanmi?!” – deyiladi. Ular: “Robbimizga qasamki, xuddi shunday, haq ekan”, – deydilar. Shunda Alloh: “Bas, kufr keltirganingiz uchun mana shu azobni totinglar!” – deydi.
35.Bas, ey Muhammad, matonat egasi boʻlgan payg‘ambarlar sabr qilganlaridek siz ham ozorlarga sabr qiling va ularga tushadigan azobga oshiqmang. Ular oʻzlariga vaʼda qilinayotgan azobni koʻradigan kunda bu dunyoda goʻyo faqat kunduzdan bir soatgina turgandek boʻlib qoladilar. Bu Alloh tomonidan bir yetkazishdir. Bas, faqat fosiq qavmlargina halok qilinadi.

