17 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 3, 2026, Wednesday

Surah Nuh

Revealed in Makka.

Juz 29,Surah 71,28 verses

1.Haqiqatan, Biz Nuhni: “Qavmingni ularga alamli azob kelmasdan oldin ogohlantirgin”, – deb oʻz qavmiga payg‘ambar qilib yubordik.

2.Nuh qavmiga: Ey qavmim, albatta, men sizlarga yuborilgan aniq ogohlantiruvchi payg‘ambarman”, dedi.

3.Yolg‘iz Allohga ibodat qilinglar, Undan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar.

4.Shunda Alloh sizlarni gunohlaringizni mag‘firat qiladi va sizlarni belgilangan muddatgacha hayotda qoldiradi. Agar bilsangiz edi, Allohning muddati kelganda, aslo ortga surdirilmaydi.

5.Nuh iltijo qilib: “Ey Robbim, men qavmimni kecha-yu kunduz iymonga daʼvat qildim”, dedi.

6.Ammo daʼvatim ularga faqat iymondan qochishni ziyoda qildi, xolos.

7.Darvoqe, har gal men ularni Sening mag‘firatingga chaqirsam, ular eshitmaslik uchun barmoqlarini quloqlariga tiqib, kiyimlariga oʻralib oladilar va oʻz kufrlarida qattiq turib oladilar hamda menga itoat qilishga kibr qiladilar.

8.Soʻngra men ularni baland ovozda oshkora daʼvat qildim.

9.Soʻngra men ularga daʼvatimni ochiq eʼlon ham qildim, pinhona qilib ham aytdim.

10.Bas, ularga: “Robbingizdan mag‘firat soʻranglar, albatta, U oʻta kechirimli – G‘affor Zotdir”, dedim.

11.Shunda U ustilaringizga osmondan moʻl-koʻl yomg‘ir yog‘diradi.

12.Sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad beradi hamda sizlarga chiroyli bog‘lar ato qiladi va sizlarga anhorlarni ham ato qiladi.

13.Sizlarga nima boʻldiki, Allohning ulug‘ligidan qoʻrqmaysizlar?!

14.Holbuki, U sizlarni bosqichma-bosqich yaratdi.

15. Alloh yetti qavat osmonni qanday ustma-ust qilib yaratganini koʻrmadingizmi?!

16.Oyni ular ichida nur qilib, quyoshni esa chiroq qilib qoʻydi.

17.Alloh sizlarni yerdan undirib chiqardi.

18.Vafot etganlaringizdan keyin sizlarni yana yerga qaytaradi va qiyomatda sizlarni yana undan chiqaradi.

19.Alloh yerni sizlar uchun gilamdek toʻshab qoʻydi.

20.Sizlar undagi keng yoʻllarda yurishlaringiz uchun tekis qilib qoʻydi.

21.Nuh yana ularga: “Ey Robbim, darhaqiqat, ular menga itoatsizlik qildilar hamda topgan mol-dunyosi va farzandlari oʻziga faqat ziyonni orttiradigan kimsalarga ergashib ketdilar”, – dedi.

22.Ular juda katta makr qildilar.

23.Oʻzlariga ergashgan kimsalarga: “Sizlar oʻz ilohlaringizni sira tark etmanglar! “Vadni ham, “Suvaʼni ham, “Yag‘usni ham, “Yaʼuqni vaNasrni ham sira tark qilmanglar!” – dedilar.

24.Darhaqiqat, Nuh qavmining kofirlaridan boʻlganlar koʻplab odamlarni yoʻldan ozdirdilar. Ey Robbim, zolimlarga faqat zalolatni ziyoda qilgin!

25.Ular oʻz xatolari tufayli g‘arq qilinib, suv balosidan soʻng yana olovga kiritildilar. Bas, oʻzlariga Allohdan oʻzga yordam beruvchilarni topmadilar.

26.Nuh: Ey Robbim, yer yuzida kofirlardan birorta yurt egasini qoldirmagin”, dedi.

27.Chunki, Sen agar ularni tirik qoldirsang, bandalaringni yoʻldan ozdiradilar va faqat fojiru kofirlarni tug‘adilar.

28.Ey Robbim, meni, ota-onamni, uyimga moʻmin holda kirgan kishilarni va barcha moʻminu moʻminalarni mag‘firat qilgin! Zolimlarga esa faqat halokatni ziyoda qilgin!