17 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 3, 2026, Wednesday

Surah Shuro

Revealed in Makka.

Juz 25,Surah 42,53 verses

1.Ho, Mim.

2.Ayn, Sin, Qof.

3.Ey Muhammad, izzatli va hikmatli Alloh sizga va sizdan oldingi payg‘ambarlarga shunday vahiy qiladi.

4.Osmonlar va Yerdagi barcha narsalar Unikidir. U oliy va buyukdir.

5.Mushriklarning keltirayotgan shirkidan ustilaridagi osmonlar yorilib ketay deydi. Farishtalar esa, Robbilarining hamdi bilan tasbeh aytadilar va yer yuzidagilar uchun Allohdan mag‘firat soʻraydilar. Ogoh boʻlinglarki, albatta, Allohning Oʻzi gunohlarni mag‘firat qiluvchi G‘ofur va bandalariga marhamatli boʻlgan Rahim Zotdir.

6.Undan oʻzgani doʻst tutib olgan kimsalarning ustidan Alloh kuzatib turuvchidir. Ey Muhammad, siz ularga vakil emassiz.

7.Ana shunday qilib, shaharlar onasi boʻlgan Makka va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun va u haqida hech qanday shubha boʻlmagan toʻplanish kunidan ham ogohlantirishingiz uchun sizga arabiy Qurʼonni vahiy qildik. U kunda bir guruh jannatda, bir guruh esa doʻzaxdadir.

8.Agar Alloh xohlaganida, albatta, insonlarni bir millat qilgan boʻlar edi. Lekin U Oʻzi xohlagan kishilarni Oʻz rahmati boʻlgan jannatga kiritadi. Zolimlar uchun esa, biror doʻst va yordam beruvchi ham yoʻqdir.

9.Yoki ular Allohdan oʻzgalarni doʻst tutib oldilarmi? Haqiqiy doʻst U Allohdir. U oʻliklarni tiriltiradi va U barcha narsaga qodirdir.

10.Ey Muhammad ularga: “Sizlar ixtilof qilgan har bir narsaning hukmi Allohdadir. Mana shu Alloh mening Robbimdir. Unga tavakkul qildim va Unga tavba qilaman”, deb ayting.

11.Alloh osmonlar va Yerning ilk yaratuvchisidir. U sizlar uchun oʻzlaringizdan boʻlgan juftlarni yaratdi va chorva hayvonlaridan ham juft-juft qilib yaratdi. U sizlarni oʻsha juftlik asosida koʻpaytiradi. U Zotga oʻxshash biror narsa yoʻqdir. U hamma narsani eshitib turuvchi Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.

12.Osmonlar va Yer xazinalarining kalitlari Unikidir. U Oʻzi xohlagan kishilarning rizqini keng qiladi va xohlaganini tor qiladi. Darhaqiqat, U barcha narsani biluvchidir.

13.Ey iymon keltirganlar, Alloh sizlar uchun din qilib Nuhga buyurgan narsani va Biz siz Muhammadga vahiy qilgan narsani, shuningdek, Biz Ibrohim, Muso va Iso payg‘ambarlarga buyurgan narsani shariat qildi va: “Dinni barpo qilinglar va unda firqalarga ajralmanglar”, – dedi. Ey Muhammad, mushriklarga siz unga daʼvat qilayotgan narsa og‘irlik qildi. Alloh dinga Oʻzi xohlagan kishilarni tanlab oladi va Oʻziga tavba qiluvchi kishilarni hidoyat qiladi.

14.Avvalgi oʻtgan qavmlar oʻzlariga ajralmaslik haqida bilim kelganidan soʻng oʻzaro hasad qilishib, firqalarga boʻlinib ketganlar. Agar Robbingiz tomonidan azoblashni maʼlum muddatgacha kechiktirish haqida soʻz oʻtmaganida, ular orasida albatta hukm chiqarilgan boʻlar edi. Aniqki, ulardan keyin Tavrot va Injil kitoblariga voris qilingan yahudiy va nasroniy kimsalar undan shubhadadirlar.

15.Bas, ey Muhammad shuning uchun ham siz oʻzingizga buyurilganidek daʼvat qiling va toʻg‘ri yoʻlda boʻling hamda ularning havoyi nafslariga ergashmang. Ularga: “Men Alloh nozil qilgan kitobga iymon keltirdim va sizlarning oʻrtangizda adolatli boʻlishga buyurildim. Alloh bizning ham Robbimiz, sizning ham Robbingizdir. Bizning amallarimiz oʻzimizga, sizlarning amallaringiz esa oʻzingizgadir. Bizlar bilan sizlarning oʻrtangizda janjalga oʻrin yoʻqdir. Alloh qiyomatda barchamizni bir oraga jamlaydi va qaytib borish faqat Uning Oʻzigadir”, deb – ayting.

16.Allohning dini haqida uni qabul qilinganidan soʻng odamlarni adashtirish uchun talashadigan kishilarning hujjatlari Robbilari nazdida botildir. Ularga bu dunyoda g‘azab, oxiratda esa shiddatli azob bordir.

17.Alloh haq bilan kitobni va adolat tarozisini tushirgan Zotdir. Qaerdan bilasiz, ehtimol, qiyomat soati yaqindir.

18.Qiyomatga iymon keltirmaydigan kimsalar uni tezroq kelishini istaydilar. Iymon keltirgan kimsalar esa undan qoʻrquvchidirlar. Ular uning haq ekanligini biladilar. Ogoh boʻlinglarki, qiyomat xususida tortishadigan kimsalar haq yoʻldan uzoq zalolatdadirlar!

19.Alloh bandalariga mehribondir. U Oʻzi xohlagan kishilarga keng rizq beradi. U barcha narsaga kuchi yetuvchi – Qoviy va izzati ulug‘ boʻlgan Aziz Zotdir.

20.Kim oʻz amali bilan oxirat hosilini istasa, unga hosilini ziyoda qilib beramiz. Kimki, faqat dunyo hosilini xohlasa, unga bu dunyo nasibasini beramiz. Biroq uning uchun oxiratda nasiba boʻlmaydi.

21.Balki ularning dindan Alloh ruxsat bermagan narsalarni ularga shariat qilib bergan sheriklari bordir?! Agar qiyomat kunida yaxshi va yomon amallar ajralishi xususidagi soʻz boʻlmaganida, albatta ularning oʻrtalarida shu dunyodayoq hukm qilingan boʻlar edi. Zolimlar uchun shubhasiz, alamli azob bordir.

22.Qiyomatda zolimlarni qilgan yomon ishlaridan qoʻrqib turgan hollarida koʻrasiz. Bu jazo baribir ularga tushuvchidir. Iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa jannat bog‘larida boʻlib, ular uchun Robbilari huzurida xohlagan narsalari bordir. Mana shuning oʻzi katta fazldir.

23.Allohning iymon keltirgan va solih amallarni qilgan bandalariga beradigan xushxabari mana shudir. Ey Muhammad, ularga: “Men sizlardan bu daʼvatim uchun haq soʻramayman, faqat qarindoshchilikdagi mehrinigina soʻrayman”, deb ayting. Kimki, biror yaxshi amal qilsa, uning uchun oʻsha amalida yaxshilikni ziyoda qilamiz. Albatta, Alloh gunohlarni kechiruvchi G‘ofur va koʻp savob beruvchi – Shakur Zotdir.

24.Yoki mushriklar: “Muhammad payg‘ambarman deb, Alloh shaʼniga yolg‘on toʻqidi”, – deydilarmi?! Undoq emas, chunki agar siz yolg‘on toʻqigan boʻlsangiz Alloh xohlasa, dilingizni muhrlab qoʻyar edi. Alloh Oʻz soʻzlari bilan botil gaplarni yoʻq qiladi va haqni muqarrar qiladi. Albatta, U koʻngillardagi yashiringan narsalarni ham biluvchi Zotdir.

25.U bandalaridan tavbani qabul qiladigan, yomonliklarni afv etadigan va qilayotgan ishlaringizning barchasini biladigan Zotdir.

26.U iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning duolarini ijobat qiladi va ularga Oʻz fazlidan ziyoda qiladi. Kofirlar uchun esa shiddatli azob bordir.

27.Agar Alloh bandalarining rizqlarini keng-moʻl qilib yuborsa, albatta, ular yer yuzida haddan oshib ketgan boʻlar edilar. Lekin Alloh rizqni xohlagancha oʻlchov bilan tushiradi. Albatta, U bandalaridan xabardor va barchasini koʻrib turuvchidir.

28.U qurg‘oqchilik tufayli odamlar umidsizlikka tushganlaridan keyin yomg‘ir yog‘diradigan va Oʻz rahmatini keng qilib yoyadigan Zotdir. U bandalariga doʻst Valiy va maqtovga sazovor Hamid Zotdir.

29.Osmonlar va Yerning yaratilishi hamda ularda turli jonzotlarni taratib qoʻyishi Uning alomatlaridandir. U Oʻzi xohlagan vaqtida ularni yig‘ib olishga kuchi yetuvchidir.

30.Ey insonlar, sizlarga nimaiki musibat yetsa, bas, u oʻz qoʻllaringiz qilgan gunoh ishlaringiz sabablidir. Shunda ham Alloh koʻp gunohlarni afv qilib turadi.

31.Sizlar yer yuzida Allohni ojiz qoldiruvchi emassizlar. Sizlar uchun Allohdan boshqa biror doʻst ham, yordamchi ham yoʻqdir.

32.Dengizdagi tog‘lardek suzib yuruvchi ulkan kemalar ham Uning alomatlaridandir.

33.Agar Alloh xohlasa, shamolni toʻxtatib qoʻyadi, bas, kemalar u dengizning ustida turib qoladilar. Albatta, bunda har bir musibatga sabr qiluvchi va Allohning neʼmatlariga shukr qiluvchilar uchun ibratlar bordir.

34.Yoki odamlarning qilgan gunoh ishlari sababli u kemalarni halok qiladi shunda ham Alloh koʻp gunohlarni afv qilib turadi.

35.Oyatlarimiz haqida tortishadigan kimsalar oʻzlari uchun Allohning azobidan qochib qutuladigan joy yoʻq ekanini bilib olsinlar!

36.Sizga berilgan narsalar oʻtkinchi dunyo hayotining matohi, xolos. Iymon keltirgan va Robbilariga suyanadigan kimsalar uchun Allohning huzuridagi narsa dunyo matolaridan yaxshiroq va boqiyroqdir.

37.Ular katta gunohlardan va fahsh ishlardan chetlanadigan, g‘azablangan vaqtlarida esa kechirib yuboradigan kimsalardir.

38.Ular Robbilarining har bir amriga ijobat etgan va namozni toʻliq ado etgan zotlardir. Ularning ishlari oʻzaro maslahat bilan boʻladi va Biz ularni rizqlantirgan narsalardan muhtojlarga ehson qiladilar.

39.Ular oʻzlariga tajovuz qilinganda unga qarshi kurashib, g‘olib boʻladigan zotlardir.

40.Har qanday yomonlikning jazosi xuddi oʻziga oʻxshash yomonlikdek boʻladi. Bas, kimki intiqom olishga kuchi yetsa ham afv qilib oʻrtani tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolimlarni sevmaydi.

41.Albatta, kimki mazlum boʻlganidan soʻng oʻziga zulm qilgan kimsadan ustun kelib oʻch olsa bas, ularni ayblashga yoʻl yoʻqdir.

42.Faqat odamlarga zulm qiladigan va yer yuzida nohaqlik bilan tajovuzkorlik qiladigan kimsalarni ayblab jazolashgagina yoʻl bordir. Ana oʻshalar uchun alamli azob bordir.

43.Albatta, kimki berilgan aziyatlarga sabr qilsa va Alloh uchun kechirib yuborsa, albatta, bu puxta ishlardandir.

44.Kimni Alloh yoʻldan ozdirsa, bas, unga oʻshandan keyin biror yoʻl koʻrsatuvchi doʻst boʻlmaydi. Unday zolimlarning qiyomat kuni azobni koʻrgan vaqtlarida: “Yana bir bor dunyoga qaytishga yoʻl bormikan?” – deb aytayotganlarini koʻrasiz.

45.Ularning xorlikdan boshlari egilgan va doʻzaxga koʻz qirlari bilan qaragan hollarida unga koʻndalang qilinayotganlarini koʻrasiz. Iymon keltirgan zotlar: “Albatta, haqiqiy ziyon koʻruvchilar qiyomat kunida oʻzlariga, ahli oilalariga ziyon qilgan kimsalardir”, – deydilar. Ogoh boʻlinglarki, zolimlar doimiy azobdadirlar.

46.Qiyomatda ularga Allohdan boshqa yordam beradigan hech qanday doʻstlar boʻlmaydi. Kimni Alloh yoʻldan ozdirsa, bas, uning uchun biror toʻg‘ri yoʻl yoʻqdir.

47.Ey insonlar, Alloh tomonidan hech ortga qaytarib boʻlmaydigan bir kun kelib qolishidan oldin Robbingizning amrlariga ijobat itoat qilinglar. U kunda sizlar uchun panoh boʻlmaydi. Sizlar uchun qilib oʻtgan ishlaringizni inkor qilish imkoni ham boʻlmaydi.

48.Ey Muhammad, agar mushriklar shunda ham iymon keltirishdan yuz oʻgirsalar, bas, Biz sizni ularning ustiga qoʻriqchi qilib yubormaganmiz. Sizning zimmangizda faqat vahiyni yetkazish bor, xolos. Darhaqiqat, Biz insonga Oʻz tomonimizdan rahmat qilib neʼmat tottirgan vaqtimizda bu bilan xursand boʻladi, ammo agar ularga oʻz qoʻllari bilan qilgan gunohlari sababli biror yomonlik yetsa, bas, albatta, inson noshukrlik qiladi.

49.Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohnikidir. U Oʻzi xohlagan narsani yaratadi. U Oʻzi xohlagan kishiga qiz farzandlarni ato qiladi va xohlagan kishiga oʻg‘illarni beradi.

50.Yoki ularga oʻg‘il va qizlarni juftlab beradi. Shuningdek, Oʻzi xohlagan kishini tug‘mas qilib qoʻyadi. Albatta, U barcha narsani biluvchi – Aʼlim va oʻzi xohlagan narsani qiluvchi Qodir Zotdir.

51.Alloh insonga bevosita soʻzlashi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki farishtalarni elchi qilib yuborib gapiradi. Oʻz izni bilan xohlagan narsani vahiy qiladi. Albatta, U shaʼni ulug‘ – Aliy va hikmat egasi boʻlgan Hakim Zotdir.

52.Ey Muhammad, shunday qilib, xuddi avvalgi payg‘ambarlarga vahiy qilganimizdek amrimiz bilan sizga Ruhni vahiy qildik. Siz bundan oldin kitobni ham iymon mohiyatini ham bilmas edingiz. Lekin Biz bu Qurʼonni bir nur qildik va u bilan bandalarimizdan Oʻzimiz xohlagan kishilarni hidoyat qilamiz. Albatta, siz vahiy yordamida odamlarni toʻg‘ri yoʻlga boshlaysiz.

53.Bu yoʻl osmonlardagi va Yer yuzidagi barcha narsa Uniki boʻlgan Allohning yoʻlidir. Ogoh boʻlinglarki, barcha ishlar albatta, Allohga qaytadi.