17 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 3, 2026, Wednesday

Surah Ankabut

Revealed in Makka.

Juz 20,Surah 29,69 verses

1.Alif, Lom, Mim.

2.Odamlar: “Allohga iymon keltirdik”, – deyishlari bilangina, imtihon qilinmay, shundoq tashlab qoʻyiladilar deb oʻyladilarmi?

3.Biz ulardan oldingi iymonli kishilarni ham sinovdan oʻtkazganmiz. Bas, bu sinov orqali Alloh iymonida sodiq kishilarni ham biladi, shuningdek, yolg‘onchilarni ham aniq biladi.

4.Yoki yomon ishlarni qiladigan kimsalar Bizning jazoimizdan qochib qolishni oʻylaydilarmi?! Ular qanday ham yomon hukm chiqaradilar!

5.Kimki Allohga roʻbaroʻ boʻlishdan umidvor boʻlsa, bas, Allohning belgilangan muddati, albatta, keluvchidir. Albatta, U hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va barchasini bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

6.Kimki jihod qilsa, faqat oʻzi uchun jihod qilgan boʻladi. Zero, Alloh barcha olamlardan behojatdir.

7.Iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning oldin qilgan gunohlarini, albatta, oʻchiramiz va ularni dunyoda qilib oʻtgan amallarining eng yaxshisi bilan mukofotlaymiz.

8.Biz insonga ota-onasi uchun yaxshilik qilishni buyurdik. Biroq ular oʻzing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishingga undasalar, u holda ularga itoat qilma! Barchangizning qaytib boradigan joyingiz Mening huzurimgadir. Bas, oʻshanda sizlarga qilib oʻtgan amallaringizning xabarini beraman.

9.Iymon keltirgan va yaxshi amal qilgan kimsalarni, albatta, solih bandalar qatoriga kiritamiz.

10.Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular: “Allohga iymon keltirdik”, – deydilar-da, agar Alloh yoʻlida ozorlansalar, odamlarning bu fitnalarini Allohning azobidek qabul qiladilar. Qasam boʻlsinki, agar Robbingiz tomonidan yordam kelsa, shubhasiz, ular: “Albatta, bizlar sizlar bilan birga edik”, – deydilar. Axir, Alloh barcha olamlarning dillaridagi narsalarni juda yaxshi biluvchi emasmi?!

11.Albatta, Alloh iymon keltirgan kimsalarni ham, munofiqlarni ham yaxshi biladi.

12.Kofir boʻlgan kimsalar iymon keltirganlarga: “Bizning yoʻlimizga ergashinglar, xatolaringizni biz koʻtaramiz”, – deydilar. Holbuki, ularning gunohlaridan hech narsani koʻtara oluvchi emaslar. Albatta, ular yolg‘onchilardir.

13.Albatta, ular oʻzlarining gunoh yuklarini ham, oʻz yuklari bilan birga boshqalarning yuklarini ham koʻtaradilar. Albatta, qiyomat kunida oʻzlari toʻqib olgan yolg‘onlari toʻg‘risida soʻraladilar.

14.Biz Nuhni oʻz qavmiga payg‘ambar qilib yubordik. Bas, Nuh ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi. Bas, iymon keltirmadilar va ularni zolim boʻlgan hollarida toʻfon balosi tutdi.

15.Keyin unga va kemadagi hamrohlariga najot berdik va uni barcha olamlarga ibrat qilib qoʻydik.

16.Ibrohim payg‘ambar ham oʻz qavmiga: “Allohga ibodat qilinglar va Undan qoʻrqinglar. Agar bilsangiz, mana shu siz uchun yaxshidir”,– dedi.

17.Sizlar Allohni qoʻyib faqat butlarga ibodat qilyapsizlar va ularni xudo deb boʻhton toʻqiyapsizlar. Aniqki, sizlar Allohdan boshqaga ibodat qilayotgan narsalar sizlarga rizq berishga qodir emaslar. Bas, shunday ekan, sizlar rizqni Allohdan istanglar va Ungagina ibodat qilinglar va Unga shukr qilinglar. Sizlar, albatta, Uning huzuriga qaytarilasizlar.

18.Agar payg‘ambarimni yolg‘onga chiqarsangiz, bas, sizlardan avvalgi ummatlar ham payg‘ambarlarini yolg‘onchiga chiqarganlar. Payg‘ambar zimmasida esa faqat Allohning buyruqlarini bandalariga aniq yetkazishlik bordir.

19.Axir, ular Alloh qanday qilib ilk bor yoʻqdan yaratishini soʻngra qiyomat kunida yaratgan u barcha narsasini qaytarishini koʻrmadilarmi?! Albatta, bu ishlar Allohga osondir.

20.Ey Muhammad, ularga: “Yer yuzida sayr qilib Alloh qanday qilib yaratishni boshlaganiga nazar solinglar. Soʻngra Alloh qiyomatda ikkinchi marta paydo qiladi. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir!

21.Alloh xohlagan kimsalarni azoblaydi va xohlagan kishilarga marhamat qiladi. Sizlar, albatta, Uning huzuriga qaytarilasizlar.

22.Sizlar Yerda ham osmonda ham hech kimni ojiz qoldiruvchi emassizlar. Sizlar uchun Allohdan boshqa biror doʻst ham yordamchi ham yoʻqdir.

23.Allohning oyatlarini va Unga roʻbaroʻ boʻlishni inkor qilgan kimsalar, aynan oʻshalar Mening rahmatimdan noumid kimsalardir va ular uchun alamli azob bordir.

24.Bas, Ibrohimga qavmining javobi faqat: “Uni oʻldiringlar yoki olovda kuydiringlar”, – deyish boʻldi. Soʻngra Alloh unga olovdan najot berdi. Albatta, bunda iymon keltiradigan qavm uchun katta ibratlar bordir!

25.Ibrohim ularga: “Sizlar faqat oʻtkinchi dunyo hayotidagi oʻzaro doʻstligingiz uchun Allohdan boshqa butlarni iloh qilib oldingiz. Soʻngra qiyomat kunida baʼzi yoʻlboshchilaringiz baʼzi ergashuvchilaringizdan tonadi, ayrimlaringiz ayrimlarini laʼnatlaydi. Borar joyingiz doʻzax boʻlib, u joyda sizlarga yordam beruvchilar boʻlmaydi.

26.Bas, faqat Lut unga iymon keltirdi. Keyin Ibrohim: “Albatta, men Robbim buyurgan tomonga hijrat qilib ketuvchiman. Shubhasiz, U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

27.Biz unga oʻg‘li Ishoq va nabirasi Yaʼqubni ato qildik hamda payg‘ambarlikni va samoviy kitoblarni uning zurriyotiga xos qildik va unga shu dunyoda ham ajru mukofotini berdik, albatta, u oxiratda ham solih zotlardandir.

28.Lut oʻz qavmiga: “Albatta, sizlar shunday fahsh ishni qilyapsizlarki, sizlardan oldin olamlardan hech kimda bu boʻlib oʻtmagan edi”, – dedi.

29.Haqiqatan, ham sizlar xotinlaringizni qoʻyib yaqinlik uchun erkaklarga kelyapsizlar, yoʻltoʻsarlik qilyapsizlar, yig‘ilishlaringizda xunuk ishlarni amalga oshiryapsizlar. Shunda Lut qavmining unga javobi faqat: “Agar daʼvoingda rostgoʻy kishilardan boʻlsang, bizlarga Allohning azobini keltir”, – deyishdan iborat boʻldi.

30.Shunda Lut nido qilib: “Ey Robbim, bu buzg‘unchi qavmlarga qarshi Oʻzing menga nusrat ber”, – dedi.

31.Vaqtiki, elchi farishtalarimiz Ibrohimga bola koʻrishi haqidagi xushxabarni keltirishgach: “Albatta, bizlar mana shu qishloq ahlini halok qiluvchilarmiz. Albatta, uning aholisi zolimlardan boʻldi”, – dedi.

32.Ibrohim ularga “Axir, u yerda Lut bor-ku?” – dedi. Farishtalar: “Biz u joyda kim borligini yaxshi biluvchiroqmiz. Albatta, uni va oilasini balodan qutqaramiz. Faqat uning iymonsiz xotini azobda qoluvchilardan boʻldi”, – dedilar.

33.Vaqtiki, elchilarimiz Lutning oldiga kelganlarida, u bundan yomon ahvolga tushdi va ularning kelishidan qoʻl-oyog‘i boʻshashib, yuragi siqildi. Farishtalar: “Qoʻrqma va tashvishlanma, albatta, biz seni va ahlingni balodan qutqaruvchilarmiz. Biroq iymonsiz xotining azobda qoluvchilardan boʻldi”, – dedilar.

34.Biz fosiq boʻlganlari uchun bu qishloq ahli ustiga osmondan azob yog‘diruvchilarmiz.

35.Biz aql ishlatadigan qavmlarga ibrat boʻlsin, deb u qishloqlardan aniq belgi qoldirganmiz.

36.Madyan qavmiga esa birodarlari Shuʼaybni payg‘ambar qilib yubordik. Shuʼayb qavmiga: “Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar bir kun, albatta, keladigan oxirat kunidan umidvor boʻlinglar. Hamda Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yurmanglar”, – dedi.

37.Ular Shuʼaybni yolg‘onchiga chiqarishdi. Shundan keyin ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida murdaga aylanib tiz choʻkib qoldilar.

38.Od va Samud qabilalarini ham shunday halok qildik. Bu sizlarga hozirda ham ularning maskanlaridagi xarobalardan koʻrinib turibdi. Shayton ularga qilayotgan xunuk amallarini chiroyli koʻrsatib, ularni haq yoʻldan toʻsib qoʻydi. Holbuki, ular haqiqatni koʻrib turuvchi edilar.

39.Qorun, firʼavn va Homonni ham kufrlari sababli halok qildik. Muso ularga payg‘ambar ekanligi haqida turli hujjatlarni keltirganida, ular yer yuzida takabburlik qildilar va lekin ular azobdan qochib ketuvchi boʻlmadilar.

40.Biz ularning hammalarini gunohlari sababli azobimiz bilan tutdik. Bas, ularning orasida Biz ustiga tosh yog‘dirganlar ham, ular orasida dahshatli qichqiriq tutganlar ham, ular orasida Biz yer tubiga yuttirganlar va ular orasida Biz suvga g‘arq qilgan kimsalar ham bordir. Alloh ularga zulm qiluvchi boʻlmadi, lekin ular oʻzlariga zulm qiluvchi boʻldilar.

41.Allohdan boshqalarni doʻst tutgan kimsalarning misoli xuddi oʻsha uyidan panoh istab in qurib olgan oʻrgimchakka oʻxshaydi. Agar aql ishlatib koʻra bilsalar, inlarning eng zaifi esa, albatta, oʻrgimchak inidir.

42.Albatta, Alloh Oʻzidan boshqa nimaga duo qilayotganlarini yaxshi biladi. Shubhasiz, U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

43.Ushbu masallarni odamlar ibrat olishlari uchun aytib beramiz. Lekin ularni faqat olim zotlargina fahmlaydilar.

44.Alloh osmonlar va Yerni haq hikmat bilan yaratdi. Albatta, bunda moʻminlar uchun katta ibratlar bordir!

45.Ey Muhammad, sizga kitobdan nima vahiy qilingan boʻlsa, oʻshani tilovat qilib bering va namozni toʻliq ado qiling! Albatta, namoz fahsh va yomonlikdan qaytaradi. Albatta, Allohni zikr qilmoq barcha narsadan ulug‘dir. Alloh barcha qilayotgan ishlaringizni bilib turadi.

46.Ey moʻminlar, ahli kitob boʻlgan yahudiy va nasroniylarning zulm qilganlaridan boshqalari bilan faqat eng chiroyli tarzda munozara qilinglar. Shuningdek, ularga: “Biz oʻzimizga nozil qilingan Qurʼonga ham, sizlarga nozil qilingan Tavrot va Injil kitobiga ham iymon keltirganmiz. Bizning ilohimiz ham sizlarning ilohingiz ham bir Ilohdir va bizlar, faqat Unga boʻysunuvchilarmiz.

47.Ey Muhammad, shunday qilib, sizga kitobni nozil qildik. Bas, Biz ilgari Tavrot va Injil kitobini bergan zotlar unga iymon keltiradilar. Ana u Makka ahli orasidagilarda ham unga iymon keltiradigan kishilar bordir. Bizning oyatlarimizni faqat kofirlar inkor qiladilar.

48.Ey Muhammad, siz oldin biror bir kitobni tilovat qilmagan va qoʻlingiz bilan uni yozmagan edingiz. Agar unday boʻlganda buzg‘unchilar, albatta, shubhaga tushgan boʻlar edilar.

49.Yoʻq, bu Qurʼon ilm berilgan zotlarning qalblaridagi aniq oyatlardir. Bizning oyatlarimizni faqat zolimlar inkor qiladilar.

50.Kofirlar: “Unga ham Robbisi tomonidan moʻʼjizalar tushirilganda edi”, – dedilar. Ey Rasulim ularga: “Moʻʼjizalar, faqat Allohning huzuridadir. Men esa faqat aniq sizlarni oxiratdan ogohlantiruvchiman, , xolos”, – deb ayting.

51.Axir oʻzlariga tilovat qilinayotgan ushbu kitobni, sizga nozil qilganimiz ular uchun yetarli emasmi?! Albatta, bunda iymon keltiradigan qavm uchun rahmat va eslatma bordir!

52.Ey Rasulim, ularga: “Men bilan sizning oramizda guvohlikka Allohning Oʻzi yetarlidir. U osmonlar va Yerdagi barcha narsani biladi. Botil narsaga iymon keltirib, Allohni inkor qilgan kimsalarana ular oxiratda ziyon koʻruvchilardir”, deb ayting.

53.Kofirlar sizdan azobni tezlatishni talab qiladilar. Agar belgilangan qiyomat kunining muddati boʻlmaganda edi, albatta, ularga darhol azob kelgan boʻlar edi. Azob kelganda ham, aniqki, ular sezmagan hollarida birdan kelardi.

54.Ular sizdan azobni tezlatishni talab qiladilar. Albatta, jahannam kofirlarni oʻrab turuvchidir.

55.Qiyomat kunida azob ularning ustilaridan ham, oyoqlarining ostidan ham oʻrab oladi va Alloh ularga: “Endi, qilib oʻtgan yomon ishlaringizning jazosini totinglar!” – deydi.

56.Ey iymon keltirgan bandalarim, albatta, Mening yerim kengdir. Bas, Mengagina ibodat qilinglar!

57.Har bir jon oʻlim sharbatini totuvchidir. Keyin, albatta, Bizning huzurimizga qaytarilasizlar.

58.Iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, jannatda tagidan anhorlar oqib turadigan qasrlarga joylashtiramiz. Ular u yerda mangu qoladilar. Chiroyli amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshidir.

59.Ular musibatlarga sabr qilgan va yolg‘iz Robbilariga suyanadigan kimsalardir.

60.Borliqda oʻz rizqini koʻtara olmaydigan qanchadan-qancha jonzotlar bor. Alloh ularga ham, sizlarga ham rizq beradi. Albatta, U hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va barchasini bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

61.Ey Rasulim, qasam boʻlsinki, agar siz ulardan: “Osmonlar va Yerni yaratgan, quyosh va oyni amriga boʻysundirib qoʻygan Zot kim?” – deb soʻrasangiz, ular: “Albatta, Alloh”, – deydilar. Bas, shunday ekan, haqdan boshqa qayoqqa burilib ketmoqdalar?!

62.Alloh bandalaridan Oʻzi xohlagan kishilarning rizqini keng qiladi va xohlagan kishilarning rizqini tor qiladi. Albatta, Alloh barcha narsani bilib turuvchidir.

63.Ey Rasulim, qasam boʻlsinki, yana agar ulardan: “Osmondan suv tushirib qaqrab yotgan yerni oʻlganidan keyin tiriltirgan Zot kim?” – deb soʻrasangiz, shubhasiz, ular: “Albatta, Alloh”, – deydilar. Ularga: “Allohga hamd boʻlsin”, – deb ayting. Lekin ularning koʻpchiligi aql ishlatmaydilar.

64.Bu dunyo hayoti faqat behuda oʻyin-kulgidan iboratdir. Agar bilsalar edi, haqiqiy hayot buoxirat diyoridir.

65.Qachonki, ular kemaga minsalar choʻkib ketishdan qoʻrqib, Uning diniga ixlos qilgan hollarida Allohga duo qiladilar. Bas, agar Alloh ularni eson-omon quruqlikka chiqarib, najot bergach, qarabsizki, yana ular Allohga shirk keltira boshlaydilar.

66.Biz ularga ato qilgan neʼmatlarni inkor qilaversinlar. Oʻtkinchi dunyo hayotidagi vaqtinchalik berilgan neʼmatlardan foydalanib qolaversinlar. Albatta, yaqinda bor haqiqatni bilib oladilar.

67.Ular atroflaridagi odamlarning mol-mulki tortib olinayotgan bir paytda, Biz Makkani osoyishta Haram qilib qoʻyganimizni koʻrmadilarmi?! Nega ular botil dinlarga ishonib, Allohning neʼmati boʻlgan Islomni inkor qiladilar.

68.Allohga nisbatan yolg‘on toʻqigan yoki oʻziga kelgan haq Qurʼonni yolg‘onga chiqargan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Kofirlarning manzili jahannamda emasmi?

69.Bizning yoʻlimizda jiddu jahd qilganlarni, albatta, haq yoʻllarimizga boshlaymiz. Albatta, Alloh yaxshi ish qiluvchilar bilan birgadir.