17 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 3, 2026, Wednesday

Surah Anfol

Revealed in Madina.

Juz 9,Surah 8,75 verses

1.Ey Rasulim, sizdan janglarda olingan oʻljalarning taqsimoti haqida soʻraydilar. Ularga: “Oʻljalar Alloh va Rasulga oiddir. Agarda chinakam moʻminlardan boʻlsangiz, u holda Allohdan qoʻrqinglar va oʻzaro orangizni yaxshilab olinglar. Hamda Allohga va Rasuliga itoat qilinglar”, – deb ayting.

2.Albatta, haqiqiy moʻminlar Allohning nomi esga olinganda qalblari titraydigan, Uning oyatlari tilovat qilinganda iymonlari yanada ortadigan va yolg‘iz Robbilariga suyanadigan kimsalardir.

3.Shuningdek, ular namozlarini toʻliq ado qiladilar va ularga rizq qilib berganlarimizdan muhtojlarga ehson qiladilar.

4.Ana oʻshalar haqiqiy moʻmin kishilardir. Ular uchun Robbilari huzurida ulkan darajalar va Allohdan mag‘firat va keng rizq bordir.

5.Bu holat xuddi moʻminlardan bir qismi urushga chiqishni yoqtirmagan boʻlsalar ham, Robbingiz sizni haq yoʻlda Badr jangi uchun uyingizdan chiqarganiga oʻxshaydi.

6.Urush qilish hukmi toʻg‘risidagi haqiqat bayon boʻlgandan keyin ham siz bilan tortishmoqdalar. Goʻyoki ular koʻrib bilib turgan hollarida oʻlimga yetaklab ketilayotgandeklar.

7.Ikki toifadan biri, albatta, sizlarniki boʻladi deb, Allohning qilgan vaʼdasini esga olinglar. Lekin sizlar qoʻlida quroli boʻlmagan guruhni oʻzingizniki boʻlishni xohlar edingiz. Alloh esa Oʻz soʻzi bilan haqiqatni oʻrtaga chiqarishni va kofirlarning ketini uzib tashlashni xohlar edi.

8.Hamda osiylar yoqtirmasa ham, haqni yuzaga chiqarishni va botilni butkul yoʻq qilishni iroda qilar edi.

9.Badr jangi avvalida Robbingizdan madad soʻrab yolvorgan edingiz. Oʻshanda: “Albatta, Men orqama-orqa keluvchi minglab farishta bilan sizlarga madad beraman”, – deb duongizni ijobat qilganini eslanglar.

10.Alloh sizlarga bu madadni xushxabar boʻlishi va qalblaringiz taskin topishi uchun qildi. Zero, g‘alaba faqat Alloh tarafidan boʻladi. Shubhasiz, Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

11.Oʻsha payt sizlarni Oʻz huzuridan omonlik boʻlsin deb, yengil uyquga choʻmdirgan edi. Hamda u bilan sizlarni pokiza qilish, shaytonning nopokliklarini ketkazish, qalb rishtalaringizni oʻzaro bog‘lash va qadamlaringizni mustahkam qilish uchun osmondan suv yog‘dirganini eslanglar.

12.Robbingiz jangda hozir boʻlgan farishtalarga vahiy qilib: “Shubhasiz, Men sizlar bilan birgaman. Iymon keltirganlarni jangda sobitqadam qilinglar. Men kufr keltirganlarning qalblariga qoʻrquv solaman. Sizlar mushriklarning boʻyniga urib oʻldiringlar. Hamda ularning har bir barmoqlarini urib sindiringlar”, – deganini yodga olinglar.

13.Ularga bu jazolar Alloh va Rasuliga qarshi chiqqanlari uchundir. Kimki Alloh va Rasuliga qarshi ish tutsa, bas, Allohning ularga azobi shiddatlidir.

14.Mana shu siz kofirlarning bu dunyodagi jazongizdir, bas, uni totib koʻringlar. Qiyomatda esa, albatta, kofirlar uchun doʻzax azobi bordir.

15.Ey iymon keltirganlar, jangda toʻda holidagi kufr keltirganlar bilan roʻbaroʻ kelib qolsangiz, ularga orqa oʻgirib qochmanglar.

16.Kimki oʻsha kunda jang uchun usulni qoʻllab joyidan chetlangan yoki boshqa guruhga qoʻshilmoqchi boʻlgan holatdan tashqari ulardan orqa oʻgirib qochib ketsa, albatta, Allohdan boʻlgan g‘azab bilan qaytgan boʻladi. Uning joyi esa jahannamdir. U naqadar yomon borar joydir.

17.Ularni jangda siz oʻldirmadingiz, balki ularni Alloh oʻldirdi. Ey Muhammad, ularga qarata yuziga qoʻlingizdagi bir siqim tuproqni otgan paytingizda, siz otmadingiz, balki uni Alloh otdi hamda Oʻz tarafidan g‘alabani moʻminlarga chiroyli lutf boʻlsin, deb qildi. Albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.

18.Mana shunday inʼomlar moʻminlar uchundir. Albatta, Alloh kofirlarning hiylasini zaiflatuvchi Zotdir.

19.Ey mushriklar, agar jangdan oldin musulmonlar bilan orani ochishni xohlagan boʻlsangiz, darhaqiqat, mana musulmonlar foydasiga fath qilish keldi. Bordi-yu musulmonlarga qarshi jang qilishdan tiyilsangiz, bu siz uchun yaxshiroqdir. Agarda ibrat olmay yana urushga qaytsangiz, u holda bizlar ham qaytamiz. Guruhingiz sanog‘i garchi koʻpchilik boʻlsa ham, sizlarga hech narsa foyda bermaydi. Chunki Alloh, albatta, moʻminlar bilan birgadir.

20.Ey iymon keltirganlar, Allohga va Rasuliga itoat qilinglar! Oʻzlaringiz Qurʼon hukmlarini eshitib turib, undan yuz oʻgirib ketmanglar!

21.Hamda ular Qurʼon hukmlarini eshitmaganlari hollaridaeshitdik”, – degan kimsalar kabi boʻlmanglar.

22.Chunki Alloh nazdida Yer yuzidagi jonzotlarning eng yomoni haqdan yiroq boʻlib kar va soqov boʻlib olib, aql yuritmaydigan kimsalardir.

23.Agar Alloh ulardan biror yaxshilik chiqishini bilganida edi, albatta, ularga haqiqatni bildirib quloq soldirardi. Agarda ularga haqiqatni eshittirgan taqdirda ham ular yuz oʻgirib ketgan boʻlar edilar.

24.Ey iymon keltirganlar! Sizlarni huzurli hayotga chorlovchi narsa bilan daʼvat qilsa, darhol Allohga va Rasulga itoat qilib, javob beringlar! Hamda bilib qoʻyinglarki, albatta, Alloh kishi bilan uning qalbi orasini egallab turadi. Shak-shubhasiz, Uning huzurida jam boʻlasizlar.

25.Sizlardan faqat zolim kimsalarga xos boʻlmay, balki hamma uchun keladigan balolardan qoʻrqinglar. Shuningdek, bilib qoʻyinglarki, albatta, Alloh azobi qattiq boʻlgan Zotdir.

26.Sizlarni Makka yerida ozchilik va nochor ahvolda boʻlib, mushrik insonlarning mol-mulkingizni tortib olishlaridan qoʻrqib yurgan paytingizda sizlarga Madinadan joy berganini va Oʻz yordami bilan sizlarni qoʻllab-quvvatlaganini, shoyad, shukr qilasizlar deb, pokiza neʼmatlardan rizqlantirganini eslanglar.

27.Ey iymon keltirganlar! Alloh va Rasulga osiy boʻlib xiyonat qilmanglar. Hamda bila turib oralaringizdagi omonatlaringizga xiyonat qilmanglar.

28.Hamda bilib qoʻyinglar: mol-dunyongiz va farzandlaringiz faqatgina bir sinovdir. Allohning huzurida esa ulkan ajru mukofot bordir.

29.Ey iymon keltirganlar! Agar Allohga itoat qilib taqvo qilsangiz, sizlarga haq bilan nohaqni ajratadigan hidoyat yoʻlini qilib qoʻyadi. Hamda gunohlaringizni kechib, sizlarni mag‘firat qiladi. Alloh buyuk fazlu karam sohibidir.

30.Ey Rasulim, kufr keltirganlarning sizni ushlab olish, oʻldirish yoki Makkadan chiqarib yuborish uchun sizga makr qilganlarini eslang. Ular oʻzlaricha makr qilar edilar, Alloh ham ularga qarshi makr qilar edi. Biroq Alloh makr qiluvchilarning yaxshirog‘idir.

31.Qachonki u kofirlarga oyatlarimiz tilovat qilib berilsa, “Bularni eshitganmiz, agar istasak, shunga oʻxshash gapni biz ham toʻqib aytgan boʻlar edik. Bu oyatlar avvalgilardan qolgan afsonalardan boshqa narsa emas”, – der edilar.

32.Yana ularning: “Yo Alloh, agarda mana shu Qurʼon Sening huzuringdan, haqiqatan, nozil qilingan boʻlsa, u holda mayli, ustimizga samodan tosh yog‘dir yoki bizlarga alamli azobni keltir”, – deganlarini eslang.

33.Biroq siz ularning orasida ekansiz, Alloh ularni azoblamoqchi emas. Hamda mag‘firat tilab turganlarida ham Alloh ularni azoblovchi emasdir.

34.Lekin ular moʻminlarni Masjid ul-Haromga borishga toʻsqinlik qilsalar-u Alloh nima uchun ham ularni azoblamasin. Holbuki, u mushriklar Kaʼbaning egalari ham emaslar. Uning egalari faqatgina Allohdan qoʻrqadigan kimsalardir. Lekin ularning koʻplari buni bilmaydilar.

35.Ularning Baytulloh oldida qilgan ibodatlari faqat hushtak va chapak chalishdan iborat edi. Ana endi Badr jangida kufr keltirganingiz uchun azobni totib koʻringlar.

36.Albatta, kufr keltirganlar mol-dunyolarini Allohning yoʻlidan odamlarni toʻsish uchun sarflaydilar. Ular yana sarflashda davom etaveradilar, biroq bu qilmishlari ularga nadomat boʻlib qoladi keyin esa, mag‘lubiyatga uchraydilar. Kufr keltirganlar jahannam sari toʻplanib keltiriladilar.

37.Bu pok moʻminlarni nopok mushriklardan ayirish va nopoklarning barchasini bir-birining ustiga uyumlab jahannamda boʻlishlari uchundir. Ana oʻshalar oxiratda aniq ziyon koʻruvchilardir.

38.Ey Muhammad, kufr keltirganlarga: “Agar kufrdan toʻxtasalar, oldingi qilgan gunohlari kechirilishini, bordi-yu shirkka qaytsalar, u holda avvalgilarning yoʻli ibrat tariqasida qanday boʻlib oʻtganini”, – ayting.

39.Ular bilan fitna yoʻq boʻlib va dinning barchasi, faqat yolg‘iz Alloh uchun boʻlguncha jang qilinglar. Agar ular kufr va shirkdan tiyilsalar, albatta, Alloh ular nima qilayotganlarini koʻrib turuvchi Zotdir.

40.Agarda yana iymondan yuz oʻgirsalar, unda bilib qoʻyinglar, Alloh sizning Egangizdir. U Zot naqadar yaxshi doʻst va naqadar yaxshi yordamchidir.

41.Sizlar agar Allohga va Badr jangida ikki jamoa toʻqnashib haq va botilning orasini ayiruvchi kunda qulimiz Muhammadga nozil qilgan oyatlarimizga iymon keltirgan boʻlsangiz, unda urushda olgan g‘animatlaringizning beshdan biri Allohga, payg‘ambarga, qarindoshlarga yetim-yesirlarga, miskinlarga va musofirlarga tegishli ekanini bilib qoʻyinglar. Albatta, Alloh har narsaga kuchi yetadigan Zotdir.

42.Ikki jamoa toʻqnashgan paytda sizlar vodiyning Madinaga yaqin tarafida, u mushriklar esa vodiyning chekka tomonida ekanini eslanglar. Sizlar oʻlja qilib olmoqchi boʻlgan karvon esa sizdan pastroqda edi. Bordi-yu mushriklar bilan jang qilish uchun oldindan vaʼdalashgan boʻlsangiz ham, baribir muayyan vaqt va joy haqida kelisha olmay ixtilof qilgan boʻlar edingiz. Lekin Alloh jangda halok boʻlganlar ham dalil bilan halok boʻlishlari, hayotda qolganlar ham dalil bilan tirik qolishlari uchun ishni tamomiga yetkazish maqsadida sizlarni dushman bilan toʻsatdan toʻqnashtirib qoʻydi. Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchi Zotdir.

43.Ey Muhammad! Siz jangdan oldin koʻrgan tushingizda Alloh sizga matonat berishi uchun ularning sonini oz qilib koʻrsatdi. Chunki sizlarga ularning adadini koʻp qilib koʻrsatganida edi, sizlar vahimaga tushib sustlashib qolgan va bu boradagi ishda tortishib qolgan boʻlar edingiz. Lekin Alloh Oʻzining yordami bilan sizlarni undan salomat qildi. Shubhasiz, U koʻngillardagi yashiringan narsalarni ham biluvchi Zotdir.

44.Sizlar jangda yov bilan yuzma-yuz kelganingizda, Alloh boʻlishi kerak boʻlgan ilohiy amrni qilish uchun u dushmanlarni sizlarning koʻzingizga kamaytirib, sizlarni ham ularning koʻzlariga ozchilik qilib koʻrsatganini esga oling. Zero, barcha ishlar Allohga qaytariladi.

45.Ey iymon keltirganlar! Biror bir dushman toʻdasiga duch kelib qolsangiz, matonat va sabot bilan turinglar. Shuningdek, Allohni koʻp esga olinglar. Shoyad, shunda zafar quchsangizlar.

46.Allohga va Uning Rasuliga itoat qilinglar va oʻzaro ixtilofga tushib tortishmanglar. Aks holda, sustlashib, kuch-quvvatingiz ketib qoladi. Sabr-toqatli boʻlinglar, Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.

47.Oʻz diyorlari Makkadan kibr va odamlarga riyokorlik bilan chiqqan hamda Allohning haq yoʻlidan toʻsadigan kofir kimsalar kabi boʻlmanglar. Alloh ularning qilayotgan barcha ishlarini qamrab oluvchidir.

48.Badr jangi avvalida shayton turli bahonalar bilan ularga qilayotgan ishlarini chiroyli qilib koʻrsatib: “Bu kunda odamlar ichida sizlarga g‘olib keladigani yoʻq. Albatta, men sizning yoningizda madadkorman”, – deganini eslang. Vaqtiki, ikki qoʻshin bir-biri bilan uchrashganda, u orqasiga qarab qochgan edi. Shunda shayton ularga: “Men sizlar qilayotgan ishlardan uzoqman. Shubhasiz, men sizlar koʻrmayotgan narsani koʻryapman. Men, albatta, Allohdan qoʻrqaman, shuningdek, Allohning azobi qattiqdir”, – degan edi.

49.Munofiqlar va qalblarida illat boʻlgan kimsalar: “Hov anavi musulmonlarning dinlari ularni juda mag‘rurlantirib yuboribdi”, – deganlarini esga oling. Kimki Allohga suyansa, albatta, g‘olibdir. Shubhasiz, Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

50.Jang maydonida farishtalar kofir boʻlganlarning yuzlari va orqalariga urib jonlarini olayotganlarini koʻrganingizda edi. Maloikalar: “Kuyduruvchi doʻzax azobini totinglar”, – der edilar.

51.Bu azoblar oʻz qoʻllaringiz bilan qilgan yomon ishlaringiz uchundir. Zero, Alloh oʻz bandalariga zulm qiluvchi emas edi.

52.Ularning ahvoli xuddi firʼavn xonadoni va izdoshlarining hamda ulardan avvalgi oʻtganlarning holatiga oʻxshaydi. Ular Allohning oyatlariga kufr keltirganlar, keyin esa, Alloh ularni gunohlari sababli tutib azobladi. Albatta, Alloh kuchlidir va azobi qaqshatgichdir.

53.Sababi, toki odamlar oʻzlaridagi yaxshi holatni yomon holatga oʻzgartirmagunlaricha, shubhasiz, Alloh ham bir qavmga ato etgan neʼmatini oʻzgartiruvchi emasdir.

54.Ularning ahvoli xuddi firʼavn xonadoni va izdoshlarining hamda ulardan avvalgi oʻtganlarning holatiga oʻxshaydi. Ular Robbilarining oyatlarini yolg‘onga chiqarishgandan keyin gunohlari sababli ularni halok etdik va firʼavn xonadonini dengizga g‘arq qildik. Chunki ularning barchasi zolim kimsalar edi.

55.Allohning nazdida maxluqlarning eng yomoni, bu kufr keltirganlardir. Bas, ular iymon keltirmaydilar.

56.Ularning orasida siz bilan ahdlashib, soʻngra Allohdan qoʻrqmasdan har gal oʻz ahdlarini buzaveradigan kimsalar ham bordir.

57.Bas, agar ularni jang maydonida uchratib qolsang, yoʻq qilish bilan ularni shunday tarqatib yuborki, ortlaridan ularga yordamga keluvchi kimsalar ham shoyad, hurkib eslatma olib qolsalar.

58.Bordi-yu biror qavm tarafidan qilingan ahdga xiyonat boʻlishidan aniq xavotirga tushsangiz, u holda ikki tomonlama barobar ahd buzilganini oʻrtaga tashlang. Shubhasiz, Alloh xoinlarni yaxshi koʻrmaydi.

59.Kufr keltirgan kimsalar oʻzlarini aslo oʻzib ketgan deb oʻylamasinlar. Albatta, ular Allohni ojiz qoldiruvchi emaslar.

60.Ular uchun qoʻlingizdan kelganicha harbiy kuch-quvvat va egarlangan otlarni tayyor qilib qoʻyinglar, bu bilan Allohning dushmanini, oʻz dushmaningizni va ulardan boshqa oʻzingiz bilmaydigan, lekin Alloh biladiganlarni ham qoʻrqitasiz. Alloh yoʻlida nimani sarf qilsangiz, sizga toʻla-toʻkis qilib adolat bilan qaytariladi va sizlarga zulm qilinmaydi.

61.Agar ular tinchlikka moyil boʻlsalar, siz ham unga moyil boʻling. Hamda har bir ishda Allohga suyaning, shubhasiz, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

62.Agar kofirlar hiyla qilib sizni aldamoqchi boʻlsalar, shubhasiz, Allohning Oʻzi sizga kifoya qiladi. U Oʻz yordami bilan moʻminlarni qoʻllab-quvvatlagan Zotdir.

63.Hamda moʻminlarning qalblarini oʻzaro birlashtirgan Zotdir. Agar siz Yer yuzidagi barcha narsani sarf qilsangiz ham, ularning qalblarini birlashtira olmas edingiz. Lekin Alloh ularning oralarini birlashtirdi. Shubhasiz, U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

64.Ey Payg‘ambar, sizga va sizga ergashgan moʻminlarga Allohning Oʻzi kifoyadir.

65.Ey Payg‘ambar! Moʻminlarni dushmanga qarshi jangga chorlang! Agar sizlardan yigirma nafar sabrli moʻmin kishi boʻlsa, ikki yuz nafar dushman ustidan g‘alaba qiladi. Bordi-yu sizlardan yuz nafar boʻlsa, unda ming nafar kofir kimsalarga g‘olib keladi. Buning sababi esa, ularning fahmlamaydigan qavm ekanliklaridandir.

66.Endi esa Alloh sizlardan yukni yengillashtirdi va sizlarda ojizlik borligini bildi. Bas, agar sizlardan yuzta sabrli moʻmin boʻlsa, endi ikki yuzta kofirni yengadi. Bordi-yu sizlardan ming nafar boʻlsa, Allohning izni bilan ikki ming nafarni yengadi. Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.

67.Biror bir Payg‘ambar uchun toki Yer yuzida dushmanlarga zarba berib kuchga toʻlmaguncha asirlarga ega boʻlib, keyin ularni fidya evaziga qoʻyib yuborish toʻg‘ri boʻlmaydi. Siz moʻminlar esa oʻtkinchi dunyoning manfaatini xohlaysiz. Holbuki, Alloh sizlarga oxirat neʼmatlarini berishni xohlaydi. Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

68.Agar Allohning oldindan xatolarni kechirilishi haqidagi bitigi boʻlmaganida, olgan narsalaringiz tufayli ulkan azob yetgan boʻlar edi.

69.Jangda g‘animat qilib olganlaringizdan halol va pok holda tanovul qilaveringlar va yolg‘iz Allohdan qoʻrqinglar. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

70.Ey Payg‘ambar, qoʻlingizdagi asir olingan kimsalarga: “Agar Alloh qalblaringizda yaxshilikka moyillik koʻrganda edi, sizlardan olingan oʻljadan koʻra yaxshiroq neʼmatni sizlarga ham berar va sizlarni kechirar edi. Zero, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir”, – deb ayting.

71.Ey Rasulim! Agar asirlar oʻz soʻzida turmay sizga xiyonat qilmoqchi boʻlishsa, tashvishlanmang, darhaqiqat, ular avval ham Allohga xiyonat qilgan edilar. Shuning uchun ham, Alloh sizga ularning ustidan g‘alaba imkonini berdi. Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi – Hakim Zotdir.

72.Albatta, iymon keltirgan, Makkadan Madinaga koʻchib oʻtgan, Allohning yoʻlida mollari va jonlari bilan jiddu jahd qilganlar hamda joy berib, yordam koʻrsatganlar, ana oʻshalar bir-birlariga haqiqiy doʻstdirlar. Ammo iymon keltirgan, lekin hali hijrat qilmaganlarga esa, to hijrat qilmagunlaricha, ular bilan doʻstlik qilish sizlar uchun joiz emasdir. Agar ular sizlardan din ishlarida yordam soʻrasalar, siz bilan oʻrtalarida urishmaslik haqida ahdnoma bor qavm ziddiga boʻlmagani holda ularga yordam berishingiz kerak. Alloh nima qilayotganingizni koʻrib turuvchiBasir Zotdir.

73.Kufr keltirgan kimsalar esa bir-birlariga doʻstdirlar. Agar moʻminga doʻst, kofirga dushman muomalasini qilmasangizlar, u holda Yer yuzida fitna va katta fasod boʻlib ketadi.

74.Iymon keltirgan, hijrat qilgan va Alloh yoʻlida dushmanga qarshi kurashganlar hamda muhojirlarga joy berib, yordam qilganlar, aynan oʻshalar haqiqiy moʻmin kimsalardir. Ular uchun Allohdan mag‘firat va keng rizq bordir.

75.Keyinchalik iymon keltirib, Makkadan Madinaga koʻchib oʻtgan va sizlar bilan birga dushmanga qarshi jang qilganlar ham sizlardandir. Qon-qarindoshlar esa, Allohning kitobidagi hukmiga koʻra meros olishda bir-birlariga haqliroqdirlar. Alloh, shubhasiz, hamma narsani bilib turuvchi Zotdir.