1.To, Ho.
Surah Toho
Revealed in Makka.
Juz 16,Surah 20,135 verses2.Ey Muhammad, Biz sizga ushbu Qurʼonni qiynalib mashaqqat chekishingiz uchun nozil qilmaganmiz.
3.Aksincha, uni Allohdan qoʻrqadigan kishilar uchun eslatma qilib nozil qilganmiz.
4.Qurʼon Yerni va yuksak osmonlarni yaratgan Zot tomonidan nozil qilingandir.
5.U Zot Oʻz Arshini egallagan Rahmondir.
6.Osmonlardagi, Yerdagi va ularning orasidagi hamda tuproq ostidagi barcha narsalar Uning mulkidir.
7.Agar siz soʻzni oshkora qilsangiz ham yoki pinhona gapirsangiz ham, U Zotga bari birdir. Bas, albatta, U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham biladi.
8.Allohdan oʻzga iloh yoʻqdir faqat yolg‘iz Uning Oʻzi bordir. Eng goʻzal ismlar Unikidir.
9.Ey Muhammad, sizga Muso haqidagi xabar keldimi?
10.Oʻshanda u uzoqdan bir olovni koʻrib oilasiga: “Shu yerda kutib turinglar, men bir olovni koʻrib qoldim, balki sizlarga undan bir choʻg‘ olib kelarman yoki shu oʻt atrofida biror yoʻl koʻrsatuvchi toparman”, – dedi.
11.Vaqtiki, u olov yaqiniga kelgach: “Ey Muso!” – deb nido qilindi.
12.Ey Muso, albatta, Men sening Robbingman. Bas, kavushlaringni yechgin. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan.
13.Men seni payg‘ambarlik uchun tanladim. Bas, oʻzingga yuborilayotgan vahiyga quloq sol!
14.Haqiqatan, Men Allohman! Mendan oʻzga iloh yoʻq! Bas, Mengagina ibodat qil va Meni zikr qilish uchun namozni toʻkis ado qil!
15.Albatta, qiyomat soati keluvchidir. Lekin har bir jon qilgan harakatiga yarasha jazo olishi uchun uni maxfiy tutaman.
16.Bas, qiyomatga ishonmaydigan va havoyi nafsiga ergashgan kimsalar aslo seni undan toʻsmasinlarki, u holda halok boʻlasan.
17.Ey Muso, ana u qoʻlingdagi nima?!
18.Muso: “U hassam, unga suyanaman va u bilan qoʻylarimga daraxtdan barg qoqib beraman. Shuningdek, unda boshqa hojatlarim ham bor”, – dedi.
19.Alloh Musoga: “Ey Muso, uni yerga tashla”, – dedi.
20.Bas, Muso uni tashlagan edi, birdaniga u harakatlanayotgan ilon boʻlib qoldi.
21.Alloh unga: “Uni qaytib ol, qoʻrqma. Biz uni avvalgi holiga qaytaramiz”, – dedi.
22.Qoʻlingni qoʻltig‘ingga tiq, qoramtir boʻlgan qoʻling hech qanday yomonliksiz oppoq holda boʻlib chiqadi. Bu esa yana bir boshqa moʻʼjizadir.
23.Biz senga katta moʻʼjizalarimizdan birini koʻrsatish uchun shunday qildik.
24.Endi, sen firʼavnning oldiga bor. Haqiqatan, u “xudoman” deb haddan oshdi.
25.Muso: “Ey Robbim, koʻksimni keng qil”, – dedi.
26.Hamda ishimni oson qilgin.
27.Duduqligim sababli tilimdagi tugunni yechib yubor.
28.Qavmim gapimni yaxshi tushunsinlar.
29.Menga oʻz ahlimdan vazir qilgin.
30.U vazir birodarim Horun boʻlsin.
31.U birodarim bilan belimni quvvatli qilgin.
32.Hamda uni payg‘ambarlik ishimda sherik qilgin.
33.Toki, Senga koʻproq tasbeh aytaylik.
34.Hamda Seni koʻp zikr qilaylik.
35.Shubhasiz, Sen bizni koʻrib turuvchi Zotsan.
36.Alloh Musoga: “Ey Muso, soʻragan narsang senga berildi”, – dedi.
37.Darhaqiqat Biz senga goʻdaklik chog‘ingda ham bir marta inʼom etgan edik.
38.Oʻshanda sen beshikda ekaningda onangga shunday vahiy yuborgan edik:
39.“Uni sandiqqa solib, daryoga tashlagin. Bas, uni daryo toʻlqini sohilga otsin. Shunda uni Mening ham, uning ham dushmani firʼavn ushlab oladi”. Ey Muso, sen barchaga suyukli boʻlishing va Mening koʻz oʻngimda oʻsishing uchun senga oʻz tomonimdan muhabbat tashladim.
40.Oʻshanda opang seni daryodan ushlab olgan odamlar ortidan yurib: “Sizlarni bu bolaga kafil boʻlib emizadigan ayol oldiga boshlab boraymi?” – deganlarini esla! Soʻng Biz seni koʻzlari quvonsin, g‘amgin boʻlmasin, – deb onangga qaytargan edik. Yigitlik chog‘ingda bir jonni oʻldirib qoʻyganingda, Biz seni bu darddan ham qutqargan edik. Keyin Biz seni koʻp sinovlar bilan sinab koʻrdik. Madyan ahli orasida ham ancha yillar qolding, soʻngra ey Muso, payg‘ambarlik uchun belgilab qoʻyilgan taqdirga koʻra bu yerga kelding.
41.Seni oʻzimga payg‘ambarlik uchun tanlab oldim.
42.Ey Muso, endi sen va birodaring Horun Mening oyatlarim bilan odamlarga boringlar va Meni zikr qilishda sustlik qilmanglar!
43.Ikkingiz firʼavning oldiga boringlar, chunki u “xudoman", deb haddidan oshdi.
44.Bas, unga yumshoq soʻz aytinglar. Shoyad, u eslatma olar yoki halok boʻlishidan qoʻrqar.
45.Muso va Horun: “Ey Robbimiz, darhaqiqat biz agar uni iymon keltirishga daʼvat qilsak bizga shoshqaloqlik bilan azobga duchor qilishidan yoki battar tug‘yonga ketishidan qoʻrqamiz”, – dedilar.
46.Alloh ularga: “Qoʻrqmanglar, albatta, Men sizlar bilan birgaman, barchasini eshitib turaman va koʻraman”, – dedi.
47.Bas, sizlar uning oldiga borib: “Biz Robbingning elchilarimiz. Bani Isroil avlodini biz bilan birga vatanlariga qoʻyib yuborgin, ularni azoblama. Biz senga Robbing tomonidan moʻʼjiza keltirdik. Hidoyatga ergashganlarga salom boʻlsin”, – deb aytinglar.
48.Unga: “Allohning payg‘ambarlarini yolg‘onchiga chiqargan va iymon keltirishdan yuz oʻgirgan kimsalarga, albatta, azob bor deb, bizga vahiy qilindi”, – deb aytinglar.
49.Ular firʼavnning yoniga borib daʼvat qilishdi, shunda u: “Ey Muso, siz ikkingizning Robbingiz kim?” – dedi.
50.Muso firʼavnga: “Bizning Robbimiz har bir narsaga oʻz yaratilishini koʻrsatib bergan soʻngra uni hidoyatga solgan Zotdir”, – dedi.
51.Keyin firʼavn: “Unda avvalgi avlodlarning holi nima boʻldi?” – dedi.
52.Muso unga: “Ularning maʼlumoti Robbim huzuridagi kitobda bitilgandir. Robbim sira adashmaydi va unutmaydi”, – dedi.
53.U Zot Yerni sizlar uchun beshik qilib qoʻydi va unda yoʻllar paydo qildi hamda osmondan suv yog‘dirdi. Bas, u suv bilan turli nabototlardan juftlarini chiqardik.
54.Sizlar ulardan yenglar va chorvalaringni oʻtlatinglar. Albatta, bunda aql egalari uchun ibratlar bordir.
55.Biz sizlarni yerdan yaratdik, unga qaytaramiz va qiyomat kunida sizlarni yana bir bor undan chiqaramiz.
56.Darhaqiqat, Biz u firʼavnga barcha moʻʼjizalarimizni koʻrsatdik. Bas, firʼavn ularni yolg‘onga chiqardi va yuz oʻgirdi.
57.Firaʼvn: “Ey Muso, sen oʻz sehring bilan bizlarni yerimizdan chiqarib yuborish uchun keldingmi”, – dedi.
58.U holda, biz ham senga unga oʻxshash sehr keltiramiz. Bas, biz bilan oʻzing orangda bir vaʼdalashilgan joy tanlagin. Biz ham sen ham unga qarshi chiqmaydigan mos bir joy boʻlsin.
59.Muso unga: “Vaʼda qilingan vaqtingiz odamlar choshgohda toʻplanadilar ziynat bayrami kunidir”, – dedi.
60.Bas, firʼavn borib, oʻzining sehrgarlar bilan makrini yig‘di. Soʻngra vaʼda qilingan joyga keldi.
61.Muso u sehrgarlarga: “Holingizga voy boʻlsin, sizlar Alloh shaʼniga yolg‘on toʻqib moʻʼjizani sehr demanglar, u holda Alloh sizlarni azob bilan halok qiladi. Yolg‘on toʻqiganlar noumid boʻlishlari muqarrardir”, – dedi.
62.Bas, sehrgarlar qiladigan ishlarini talashib-tortishib, asta shivirlasha boshladilar.
63.Soʻng bir-birlariga: “Albatta, bu ikkovi oʻz sehrlari bilan sizlarni yeringizdan chiqarishni va barchaga namuna boʻlgan yoʻlingizni yoʻqotishni xohlaydigan sehrgarlardir”, – dedilar.
64.Endi, bor makr-hiylangizni yig‘ing, keyin saf tortib kelinglar. Bugun ustun boʻlgan kishilar zafar quchadilar.
65.Maslahatlari bitgach, ular: “Ey Muso, qoʻlingdagi asongni sen oldin tashlaysanmi yoki bizlar birinchi tashlovchi boʻlaylikmi?” – dedilar.
66.Muso ularga: “Yoʻq, sizlar oldin tashlanglar”, – dedi. Ular qoʻllaridagi narsalarni tashlagan edilar sehrlari sababli birdan arqonlari va hassalari unga yurib ketayotgandek tuyuldi.
67.Bas, Muso ichida bir qoʻrquvni his qildi.
68.Biz unga: “Qoʻrqmagin, albatta, sen ulardan ustunsan”, – dedik.
69.Alloh unga: “Qoʻlingdagi narsani tashla, sehrgarlarning yasagan narsalarini yutib yuboradi. Ularning yasagani faqat bir sehrgarning makridir. Sehrgar esa, qaerga borsa ham zafar topmaydi”, – dedi.
70.Muso asosini tashlagach, ajdarhoga aylanib, ular yasagan narsalarini yutib yubordi. Bas, sehrgarlar sajda qilgan hollarida yerga tashlanib: “Horun va Musoning Robbisiga iymon keltirdik”, – dedilar.
71.Firʼavn sehrgarlarga: “Men sizlarga ruxsat bermay turib, unga iymon keltirdingizmi?! Shubhasiz, u sizlarga sehr oʻrgatgan kattangizdir. Bas, endi men, albatta, qoʻl va oyoqlaringizni qarama-qarshisiga qilib kesaman va sizlarni xurmo shoxlariga osaman, oʻshanda menmi yoki Musoning xudosimi qaysimiz azoblashda qattiqroq va uzoqroq ekanligini bilib olasizlar”, – dedi.
72.Sehrgarlar: “Bizlar oʻzimizga kelgan moʻʼjizalardan va bizlarni yoʻqdan bor qilgan Zotdan aslo seni ustun qoʻymaymiz. Bas, bizga qarshi nima hukm qilsang, qilaver. Sen faqat shu dunyo hayotida hukm qilasan, xolos”, – dedilar.
73.Xatolarimizni va bizlarni unga majbur qilgan sehrgarlikdan gunohimizni kechirishi uchun biz Robbimizga iymon keltirdik. Allohning savobi yaxshiroq va azobi boqiyroqdir”, – dedilar.
74.Haqiqatan, kimda-kim Robbisining huzuriga gunohkor holida kelsa, albatta, uning uchun jahannam bordir, u joyda na oʻlib qutiladi va na yashab rohatda qoladi.
75.Kim u Zotga haqiqatdan yaxshi amallarni qilib, moʻmin holida kelsa, bas, ana ular uchun oliy darajalar bordir.
76.Ularga ostidan anhorlar oqadigan, u yerda doimiy qoladigan Adn nomli mangulik jannatlari boʻladi. Bu shirk va kufrdan pok boʻlgan kishilarning mukofotidir.
77.Biz Musoga: “Bandalarim bani Isroil avlodini tunda olib ket va ular uchun asong bilan urib dengizdan quruq yoʻl och. Ortingdan dushmanlar yetib kelishidan xavf qilmagan va g‘arq boʻlishdan ham qoʻrqma”, – deb vahiy yubordik.
78.Shundan keyin, firʼavn ularning ortidan oʻz lashkarlari bilan quvib bordi. Dengiz ularni oʻragancha oʻrab barchalarini dengizga g‘arq qildi.
79.Firʼavn oʻz qavmini adashtirdi va toʻg‘ri yoʻlga boshlamadi.
80.Ey bani Isroil avlodi, Biz sizlarga dushmaningizdan najot berdik va Musoga Tavrot nozil qilish uchun Tur tog‘ining oʻng tomonida sizlar bilan vaʼdalashdik va sizlarga holva va bedanalar tushirdik.
81.Pok rizqlarimizdan yenglar va ularga shukr qilmaslik bilan haddan oshmanglar, aks holda ustingizga g‘azabim tushadi. Kimning ustiga g‘azabim tushsa, albatta, u yiqilib halok boʻladi.
82.Shubhasiz, Men tavba qilgan hamda iymon keltirib, solih amallar qilgan, soʻngra toʻg‘ri yurgan kishilar uchun mag‘firat qiluvchi – G‘affor Zotman.
83.Ey Muso, qavmingdan nega ildamlab ketding?
84.Muso: “Ana ular, izimdan kelyaptilar. Ey Robbim, men esa Sen tomon rozi boʻlishing uchun shoshildim”, – dedi.
85.Alloh unga: “Haqiqatan, Biz sening ortingdan qavmingni imtihon qilib koʻrdik. Somiriy nomli kishi ularni yoʻldan ozdirdi”, – dedi.
86.Keyin, Muso oʻz qavmiga g‘azablangan va afsuslangan holda qaytib kelib: “Ey qavmim, Robbingiz sizlarga Tavrot nozil qilinishi haqida chiroyli vaʼda qilmaganmidi?! Sizlarga oʻtgan vaqt uzun koʻrinib ketdimi yoki ustingizga Robbingiz tomonidan g‘azab tushishini xohlab, menga bergan vaʼdangizni buzdingizmi?!” – dedi.
87.Shunda ular: “Bizlar senga bergan vaʼdani oʻz ixtiyorimiz bilan buzmadik. Lekin bizlar Misrdan chiqib kelayotganimizda, qavmning zeb-ziynatlaridan iborat narsalarni koʻtarib chiqqan edik. Keyin Somiriyning koʻrsatmasi bilan ularni olovga tashladik. Soʻngra Somiriy ham narsalarini olovga tashladi”, – dedilar.
88.Keyin Somiriy ularni olovda eritib, xuddi boʻkirayotgan buzoq kabi haykal yasab chiqarib berdi, soʻng Somiriy va uning sheriklari: “Sizlarning ham, Musoning ham ilohi endi shudir. Bas, Muso buni sizga aytishni unutdi”, – dedilar.
89.Axir, bu haykal ularga hech qanday soʻz qaytara olmasligini hamda zarar ham, foyda ham keltirishga kuchi yetmasligini koʻrmaydilarmi?!
90.Holbuki, Horun buzoqqa sig‘inishlaridan oldin ularga: “Ey qavmim, sizlar bu bilan imtihon qilindingiz. Robbingiz, shubhasiz, yagona Rahmondir. Bas, menga ergashinglar va amrimga itoat qilinglar!” – degan edi.
91.Ular: “Toki Muso bizga qaytib kelmaguncha unga berilib sig‘inishdan aslo toʻxtamaymiz”, – dedilar.
92.Muso qaytib kelgach: “Ey Horun, ularning adashganlarini koʻrganingda toʻxtatib qolishdan seni nima man qildi?” – dedi.
93.Yoki nega mening orqamdan izlab bormading? Amrimga itoatsizlik qildingmi?!.
94.Horun Musoga: “Ey onamning oʻg‘li, soch-soqolimdan tortmagin va meni koyima. Agar orqangdan borsam, sen: “Mening gapimga kirmay, bani Isroil avlodini boʻlib yuboribsan”, – deb aytishingdan qoʻrqdim.
95.Soʻngra Muso Somiriyga yuzlanib: “Ey Somiriy, bu nima qilganing?!” – dedi.
96.Somiriy Musoga: “Men ular koʻrmagan narsani koʻrib qoldim. Bas, elchi Jabroilning izidan bir siqim olib, uni buzoqning haykaliga sochgan edim undan tirik buzoq kabi boʻkirgan ovoz chiqdi. Nafsim shu ishni qilishni menga chiroyli koʻrsatdi”, – dedi.
97.Muso unga: “Bas, joʻna! Endi, sen uchun hayotda, faqat “Menga teginmang!” – deb yurishing qoladi. Hamda senga oxiratda aslo xilof qilinmaydigan bir vaʼda bordir. Sen ustidan berilib sig‘ingan ilohing holiga nazar sol! Biz, albatta, uni yondirib, keyin kulini dengizga maydalab sochib yuboramiz”, – dedi.
98.Albatta, ilohingiz Undan oʻzga iloh boʻlmagan Allohdir. U har bir narsani Oʻz ilmi bilan qamrab olgan.
99.Ey Muhammad, sizga oʻtib ketgan qavmlar xabarlarini shu tarzda qissa qilib beramiz. Shuningdek, sizga oʻz dargohimizdan zikr boʻlmish Qurʼonni keltirdik.
100.Kim undan yuz oʻgirsa, bas, shubhasiz, u qiyomat kunida og‘ir gunoh yukini koʻtaradi.
101.Ular u yuk ostida mangu qoladilar. Qiyomat kunida ular uchun juda yomon yuk boʻladi.
102.Sur chalinib, barcha odamlar tiriltiriladigan oʻsha kunda jinoyatchilarni koʻzlari qoʻrquvdan koʻkarib ketgan hollarida jamlaymiz.
103.Ular dahshatga tushib oʻzaro: “Dunyoda faqat oʻn kungina turdinglar”, – deya pichirlashadilar.
104.Biz ularning aytayotgan soʻzlarini juda yaxshi biluvchimiz. Oʻshanda ularning yoʻl jihatidan eng munosiblari: “Dunyoda faqat bir kungina qoldinglar”, – deb aytadilar.
105.Ey Muhammad, sizdan tog‘larning qiyomatdagi vaziyati haqida soʻraydilar. Bas, ularga: “Robbim ularni qum kabi sochib tashlaydi”, – deb ayting.
106.Keyin ularni tep-tekis yer qilib qoʻyadi.
107.U yerda chuqurlik ham balandlik ham koʻrmaysiz.
108.U kunda barcha odamlar chorlovchi farishtalarga og‘ishmay soʻzsiz ergashadilar. Ovozlar ham Rahmon haybatidan kesiladi. Ularning faqat pichirlashini eshitasiz.
109.U kunda Rahmon unga izn bergan va uning soʻziga rozi boʻlganlardan boshqaga shafoat foyda bermaydi.
110.Alloh ularning oldilaridagi narsalarni ham, orqalaridagi narsalarni ham biladi. Odamlar esa, Uni ilm bilan qamrab ololmaydilar.
111.Barcha yuzlar tirik va doim turuvchi Allohga bosh egdi. Kim zulmni koʻtarib kelgan boʻlsa, albatta, noumid boʻldi.
112.Kimda-kim moʻmin boʻlgan holda solih amallarni qilsa, bas, u zulmdan ham mukofoti kamayishdan ham qoʻrqmaydi.
113.Shuningdek, Biz uni arabiy Qurʼon qilib nozil qildik va unda ogohlatirishga doir vaʼdalarni bayon qildik. Balki, ular bu shirk va kufrdan saqlanadilar yoki bu Qurʼon ular uchun eslatma paydo qiladi.
114.Haq podshoh boʻlgan Alloh oliy Zotdir. Ey Muhammad, sizga Qurʼonning vahiysi hali bitmasdan oldin uni qiroat qilishga shoshilmang hamda: “Ey Robbim, menga ilmni yanada ziyoda qil”, – deb ayting.
115.Darhaqiqat, Biz oldin Odam bilan jannatdagi bir daraxtga yaqinlashmasligi haqida ahdlashgan edik. U esa ahdni unutdi va Biz unda azmu qaror koʻrmadik.
116.Bir vaqtlar farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar”, – deyishimiz bilan barchalari sajda qildilar, faqat iblis sajda qilishdan bosh tortdi.
117.Biz: “Ey Odam, albatta, bu iblis senga ham, juftingga ham dushmandir. Yana u ikkovingizni jannatdan chiqarib yubormasin, aks holda baxtsiz boʻlib qolasan”, – degan edik.
118.Shubhasiz, sen u yerda och ham boʻlmaysan va yalang‘och ham qolmaysan.
119.Shuningdek, u yerda chanqoq ham boʻlmaysan, issiqda ham qolmaysan.
120.Shundan keyin shayton unga vasvasa qilib: “Ey Odam, men seni mangulik daraxti va tuganmas mulkka boshlab boraymi?” – dedi.
121.Bas, Odam bilan Havvo undan yeyishlari bilan ularning avratlari ochilib qoldi va oʻzlarini jannat yaproqlari bilan toʻsa boshladilar. Odam Robbisiga osiy boʻlib, adashdi.
122.Keyin ular tavba qilishgach, Robbisi uni tanlab oldi. Ularning tavbasini qabul qilib toʻg‘ri yoʻlga soldi.
123.Alloh ularga: “Endi, ikkingiz birgalikda, bir-biringizga dushman holda u yerdan tushinglar. Qachonki sizlarga Men tarafdan hidoyat boʻlmish din, kitob yoki payg‘ambar kelgach, kim yuborgan hidoyatimga ergashsa, demak u adashmaydi va baxtsiz boʻlmaydi”, – dedik.
124.Kim Mening eslatmamdan yuz oʻgirsa, bas, albatta, uning uchun dunyoda tor hayot boʻladi. Hamda uni qiyomat kunida koʻzlari koʻr holda tiriltiramiz.
125.U odam: “Ey Robbim, nima uchun meni koʻzim koʻr holda tiriltirding, axir men dunyoda koʻradigan edim-ku?!” – deydi.
126.Alloh unga: “Ha shunday, lekin senga oyatlarimiz kelganida, ularni unutding. Bugun sen ham ana shunday unutilasan”, – deydi.
127.Haddidan oshgan va Robbisining oyatlariga iymon keltirmaganlarni mana shunday jazolaymiz. Oxirat azobi esa, shubhasiz, qattiqroq va uzunroqdir.
128.Biz ulardan ilgari oʻzlarining maskanlarida yashab yurgan qanchadan-qancha nasllarni kufrlari sababli halok qilganimiz ham ularni toʻg‘ri yoʻlga solmadimi?! Albatta, bunda aql egalari uchun ibratlar bordir.
129.Agar Robbingiz tomonidan mukofot va jazolar qiyomat kunida boʻlishi haqidagi soʻz va belgilangan muddat aytib oʻtilmaganda edi, ularga darrov azob berilishi lozim edi.
130.Bas, ey Rasulim, ular aytayotgan soʻzlarga sabr qiling va quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting. Tunning boshi va oxirgi vaqtlarida hamda kunduzning avvalgi va oxirgi taraflarida ham tasbeh ayting shoyad, shunda rozilikka erishsangiz.
131.Ey Rasulim, ularni sinashimiz uchun dunyo hayotining ziynati qilib, ayrimlarini bahramand qilgan narsalarimizga koʻzingizni tikmang. Robbingizning sizga ato qiladigan rizqi yaxshiroq va boqiydir.
132.Ahlingizni namoz oʻqishga buyuring va oʻzingiz ham unga bardoshli boʻling. Biz sizdan rizq soʻramaymiz, aksincha, Biz sizga rizq beramiz. Chiroyli oqibat esa taqvo ahli uchundir.
133.Mushrik va kofirlar: “Muhammad Robbisidan bizlarga biror hujjat keltirsa edi”,– deydilar. Axir ularga avvalgi sahifalardagi narsalarning bayoni boʻlgan Qurʼon kelmadimi?!
134.Agar Biz ularni Muhammadning kelishi va Qurʼon nozil boʻlishidan oldin biror azob bilan halok qilganimizda, ular, albatta: “Ey Robbimiz, bizlarga biror payg‘ambar yuborganingda edi, bizlar xor-zor va sharmanda boʻlmay oyatlaringga ergashar edik”, – der edilar.
135.Ey Muhammad, ularga: “Barchamiz oxiri kim haq, kim nohaq boʻlib chiqishini kutuvchimiz, bas, siz ham kutaveringlar. Yaqinda kimlar toʻg‘ri yoʻl egalari va kim hidoyat topganini bilib olasizlar.

