17 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 3, 2026, Wednesday

Surah Taloq

Revealed in Madina.

Juz 28,Surah 65,12 verses

1.Ey Payg‘ambar, qachonki, sizlar xotinlaringizni taloq qilsangizlar, ularning poklik paytlaridagi iddalarida taloq qilinglar va iddani sananglar. Robbingiz boʻlgan Allohdan qoʻrqinglar. Idda tugaguncha ularni yashab turgan uylaridan chiqarmanglar va ular ham oʻzlaricha chiqib ketmasinlar. Faqat ular ochiq fahsh ishni qilsalargina uylaridan chiqariladilar. Bu Allohning chegaralaridir. Kimki, Alloh chegaralaridan chiqsa, demak, u oʻziga zulm qilibdi. Siz bilmaysiz, ehtimol, Alloh bu taloqdan keyin biror ishni paydo qilar.

2.Bas, qachonki, idda muddatlariga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolinglar yoki yaxshilik bilan mahrlarini berib ajrashinglar. Shuningdek, yarashayotgan yoki ajralishayotganda oʻzlaringizdan ikki adolatli kishini guvoh qilinglar va guvohlikni Alloh uchun mukammal ado qilinglar. Bu hukmdan faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltiruvchi kishi pand-nasihat oladi. Kim Allohga taqvo qilsa, unga tashvishlardan chiqish yoʻlini paydo qiladi.

3.Hamda unga oʻzi oʻylamagan tarafdan rizq beradi. Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, unga Allohning Oʻzi kifoya qiladi. Albatta, Alloh Oʻzi xohlagan ishiga yetuvchidir. Alloh har bir narsaga oʻlchov qilib qoʻygan.

4.Xotinlaringiz orasidagi keksayib hayz koʻrishdan umid uzganlari, agar sizlar ularning iddalari qancha davom etishi xususida shubhalansangizlar, bas, bilingki, ularning iddalari uch oydir, yana hali hayz koʻrmaganlarning iddalari ham shundaydir. Homiladorlarning idda muddatlari homilalarini tug‘ishlaridir. Kimki Allohga taqvo qilsa, Alloh uning ishini oson qiladi.

5.Bu hukmlar Allohning sizlarga nozil qilgan amridir. Kimki Allohga taqvo qilsa, uning yomonliklarini oʻchiradi va uning mukofotini buyuk qilib beradi.

6.Idda saqlayotgan xotinlaringizga oʻzlaringiz yashab turgan joydan imkoniyatingizga qarab joy beringlar va ularni turgan joylaridan siqib chiqarish maqsadida ularga zarar yetkazmanglar. Agar ular homilador boʻlsalar, u holda, to homilalarini qoʻygunlaricha, ularga nafaqa berib turinglar. Bas, agar taloq qilgan ayollaringiz sizlar uchun bola emizsalar, u holda ularning haqlarini beringlar. Emizish xususida yaxshilik bilan oʻzaro kelishib olinglar. Agar kelisha olmasdan qiyinchilikka uchrasangiz, bas, u ota uchun bolasini boshqa bir ayol emizadi.

7.Oʻziga toʻq odam boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tor qilingan boʻlsa, u holda, Alloh unga ato qilgan narsadan holiga yarasha nafaqa bersin. Alloh hech bir jonga Oʻzi berganidan ortiqchani berishni taklif qilmaydi. Alloh qiyinchilikdan keyin osonchilikni ham paydo qiladi.

8.Qanchadan-qancha qishloq va shaharlar borki, ular Robbilari va payg‘ambarlarining amridan bosh tortganlar, bas, Biz ularni qattiq hisob-kitob qilganmiz va xunuk azob bilan azoblaganmiz.

9.Bas, u qishloq va shaharlarning ahli oʻz qilmishlarining uqubatini tottilar va bu yomon ishlarining oqibati ziyon koʻrish boʻldi.

10.Alloh ularga oxiratda ham qattiq azobni tayyorlab qoʻygan. Bas, ey iymon keltirgan aql egalari, Allohdan qoʻrqinglar. Haqiqatan, Alloh sizlarga eslatma boʻlib kelgan Qurʼonni nozil qildi.

11.Iymon keltirgan va solih amallarni qilgan kimsalarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun sizlarga Allohning bayon qiluvchi oyatlarini tilovat qiladigan payg‘ambarni yubordi. Kimki Allohga iymon keltirsa va yaxshi amallar qilsa, Alloh uni tagidan anhorlar oqib turadigan hamda abadiy qolinadigan jannatlarga kiritadi. Haqiqatan, Alloh uning uchun goʻzal jannatning tuganmas rizqini ato qilgandir.

12.Alloh yetti qavat osmonni va Yerdan ham oʻshancha miqdorni yaratgan Zotdir. Allohning amri u osmon va Yer oʻrtasida nozil boʻlib turadi. Bular toki sizlar Allohning barcha narsaga qodir ekanini va Alloh barcha narsani Oʻz ilmi bilan ihota qilib olganini bilishlaringiz uchundir.