1.Bandasi Muhammadga hikmat toʻla kitobni nozil qilgan Allohga hamd boʻlsin. Uni odamlarni shubha ostiga qoʻyadigan zarracha ziddiyat va egrilik qilmadi.
Surah Kahf
Revealed in Makka.
Juz 15,Surah 18,110 verses2.Qurʼon haq va toʻg‘ridir. Oʻz huzuridan keladigan qattiq azob bilan ogohlantirish va yaxshi ishlarni qiladigan moʻminlarga chiroyli mukofot xushxabarini berish uchun nozil boʻlgan.
3.Moʻminlar u yerda abadiy qoluvchilardir.
4.Shuningdek, “Allohning bolasi bor” deganlarni ogohlantirish uchun ham kitobni nozil qildi.
5. Zotan, mushriklarning oʻzlarida ham ota-bobolarida ham u haqida hech qanday ilm yoʻqdir. Og‘izlaridan chiqayotgan bu soʻz juda og‘irdir. Ular faqat yolg‘on soʻzni aytyaptilar.
6.Ey Muhammad, ular ushbu Allohdan nozil boʻlgan soʻzga iymon keltirmasalar, ehtimol, siz ularning ortidan, afsuslik bilan oʻzingizni halok qilmoqchi boʻlarsiz?!
7.Albatta, Biz odamlardan qaysi birlari chiroyliroq amal qilishlarini sinash uchun Yer yuzidagi bor narsani unga ziynat qilib qoʻydik.
8.Agar Biz xohlasak, albatta, Yerning ustini ziynatsiz holda sip-silliq va qup-quruq tuproq qilib ham qoʻyuvchidirmiz.
9.Balki, siz g‘or va ularning qissalari yozilgan bitik egalari haqidagi rivoyatdan xabardor boʻlgach, bu Bizning oxirat rost ekanligi toʻg‘risidagi oyatlarimizning eng ajoyibi, – deb oʻylagandirsiz?
10.Qachonki, yigitlar g‘orga panoh istab borib: “Ey Robbimiz, bizlarga Oʻz huzuringdan rahmat ato etgin va maqsadimizga erishishimiz uchun bu ishimizni bizlarga oson qilgin”, – dedilar.
11.Bas, Biz ularni oʻsha g‘orda “quloqlariga urib” uzoq yillar davom etadigan uyquga ketkazib qoʻydik.
12.Soʻngra ularning ichidagi qancha uxlaganlari haqida tortishadigan ikki guruhdan qaysi biri turgan muddatlarini toʻg‘ri hisoblaganini bilish uchun ularni qayta uyg‘otdik.
13.Ey Rasulim, Biz sizga ularning xabarini roʻy-rost aytib beramiz. Darhaqiqat, ular Robbilariga iymon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir.
14.Biz ularning qalblarini iymon bilan quvvatlantirdik. Oʻshanda ular zolim shoh qarshisida turib: “Bizning Robbimiz osmonlar va Yerning Parvardigoridir. Undan boshqa Ilohga aslo iltijo qilmaymiz. Aks holda, nohaq soʻzni aytgan boʻlamiz”, – dedilar.
15.Ana u qavmimiz esa Undan boshqalarni iloh qilib oldilar. Qani, u butlarga iloh ekani haqida biror aniq hujjat keltira olarmikinlar?! Bas, Alloh shaʼniga yolg‘on uydirgan odamdan ham zolimroq kim bor?!
16.Ularga: “Modomiki mushriklardan va Allohdan boshqaga sig‘inayotgan narsalaridan uzoqlashmoqchi ekansizlar, unda g‘orga qochib, panoh izlanglar. Shunda Robbingiz sizlarga Oʻz rahmatini yoyadi va sizga ishingizda osonlik yaratadi”, – deb aytildi.
17.Yigitlar uxlab yotganlarida quyosh chiqishda ularning uyqulariga aziyat bermaslik uchun g‘orlarining oʻng tarafidan oʻtib ketganini, botishda esa ularning chap tomoni boʻylab yiroqlashib ketganini va ular esa hamon uning keng joyida yotganlarini koʻrasiz. Bu ham Allohning moʻʼjizalaridan biridir. Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, u hidoyat topuvchidir. Kimni adashtirsa, bas, unga toʻg‘ri yoʻl koʻrsatuvchi va na bir doʻst topa olmaysiz.
18.Ular uyquda boʻlsalar ham, koʻzlari ochiq va harakatlanib turganlari uchun sen ularni uyg‘oq, deb oʻylaysan. Biz ularni badanlaridan yerga tegib turgan tomoni chirib ketmasligi uchun oʻng tomon va chap tomonga aylantirib turar edik. Ularning itlari esa old oyoqlarini ostonaga uzatib yotar edi. Agar birdan ularning ustidan chiqib qolsang, dahshatga tushib, ulardan yuz oʻgirib qochgan boʻlar eding.
19.Oʻzaro savol-javob qilishlari uchun ularni qanday uxlatib qoʻygan boʻlsak ana shunday uyg‘otdik. Ulardan biri: “Qancha muddat uyquda qoldingiz?, – dedi. Ularning ayrimlari: “Bir kun yoki yarim kun”, – dedilar. Baʼzilari esa: “Qancha uxlab qolganimizni faqat Robbingiz toʻg‘ri biluvchiroq, endi bir kishini mana shu pulingiz bilan shaharga yuboringlar u eng pokiza taomlarni qarab undan sizlarga ozuqa olib kelsin. U diqqatli boʻlsin va sizlarni birovga sezdirib qoʻymasin”, – dedilar.
20.Agarda u shahar ahllari sizlardan xabardor boʻlib qolsalar, sizlarni toshboʻron qiladilar yoki sizlarni oʻz dinlariga qaytaradilar va unday boʻlsa, hech qachon najot topa olmaysizlar.
21.Shunday qilib, ularga Allohning qayta tiriltirish haqidagi vaʼdasi haq ekanini va qiyomat soatining kelishi, shubhasiz ekanini bilishlari uchun g‘or egalari voqeasidan odamlarni xabardor qildik. Ular vafot etgan paytda odamlar oʻzaro ularning ishlari haqida tortisha boshladilar. Baʼzi kishilar: “Bas, ularning ustiga xotira uchun binolar quringlar. Robbilari ularni yaxshi biluvchidir”, – dedilar. Ishlari yuzasidan ularga ustun kelganlari esa: “Aksincha, biz, albatta, ularning ustiga bir masjid qurib olamiz”, – dedilar.
22.Hali yahudiy va nasroniylarning ayrimlari oʻsha Ashob ul-Kahfning adadi haqida: “Ular uch kishi edi, toʻrtinchilari itlaridir”, – deydilar. Yana boshqalari: “Ular beshta boʻlib, oltinchilari itlaridir”, – deya taxmin gap aytib, g‘aybga tosh otadilar. Shuningdek, yana: “Ular yettitadirlar, sakkizinchilari itlaridir”, – deyishadi. Ey Muhammad: “Ularning sanog‘ini Robbim eng yaxshi biluvchidir. Ularni juda oz kishi biladi”, – deb ayting. Bas, ular xususida tortishmang, faqat vahiy asosida ochiq munozara qiling. Hamda Ashobi Kahf haqida ularning birortasidan fatvo soʻramang.
23.Shuningdek, biron narsa haqida: “Buni ertaga, albatta, qiluvchiman”, – deya aslo aytmang.
24.Faqat “Inshoalloh, Alloh xohlasa”, – deb ayting. Agar bu soʻzni unutgan paytingizda, yodingizga kelgan zahoti Robbingizni zikr qiling. Hamda: “Shoyad, Robbim meni bundan ham yaqinroq toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qilsa”, – deb ayting.
25.Yigitlar g‘orlarida uch yuz yil uyquda qoldilar. Ayrimlar unga yana toʻqqiz yilni ziyoda qildilar.
26.Ey Muhammad, ularga: “Ularning qancha muddat g‘orda qolganlarini Alloh eng yaxshi biluvchidir. Osmonlar va Yerning sirlari faqat Unga oiddir. U naqadar mukammal koʻruvchi va eshituvchidir! Oʻsha odamlar uchun Undan oʻzga biror doʻst yoʻqdir. Alloh Oʻz hukmida hech kimni sherik qilmaydi”, – deb ayting.
27.Ey Muhammad, sizga vahiy qilingan Robbingizning kitobini tilovat qiling. Uning soʻzlarini oʻzgartiruvchi yoʻq. Undan boshqa aslo hech qanday panohni topa olmaysiz.
28.Siz oʻzingizni ertayu kech Uning yuzini iroda qilib, Robbilariga iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting. Oʻtkinchi dunyo hayotining ziynatini xohlab, ulardan ikki koʻzingizni burmang. Qalbini Oʻz zikrimizdan g‘ofil qilib qoʻyganlarimizga va havoyi nafsiga ergashib, ishi izdan chiqqanlarga itoat qilmang.
29.Ey Rasulim, ularga: “Bu Qurʼon Robbingiz tomonidan kelgan haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kimsa kofir boʻlsin”, – deb ayting. Albatta, Biz zolimlar uchun devorlari ularni oʻrab oladigan doʻzaxni tayyorlab qoʻyganmiz. Agar ular tashnalikka chidolmay suv deb yordam soʻrasalar, yuzlarni kuydiruvchi, eritilgan yog‘ga oʻxshash suv bilan yordam beriladilar. U naqadar yomon ichimlik va naqadar yomon boshpana.
30.Iymon keltirgan va solih amallarni qilgan kimsalar haqida esa, albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishilarning mukofotini yoʻqqa chiqarmaymiz.
31.Aynan ular uchun ostilaridan anhorlar oqib turadigan mangu Adn nomli jannatlar bor boʻlib, ular u yerda oltin bilakuzuklar bilan bezanadilar hamda yupqa va qalin ipakdan yashil liboslar kiyib soʻrilarda suyanib oʻtiradilar. U naqadar yaxshi mukofot va naqadar chiroyli boʻlgan maskan.
32.Ey Muhammad, ularga ikki kishi haqidagi misolni keltiring. Ulardan biri uchun ikki uzumzor bog‘ qilib bergan edik. U ikki bog‘ni xurmozor bilan oʻrab va oʻrtasini ekinzor qilgan edik.
33.Oʻsha ikki bog‘ hech narsani qoldirmay hosilini bekam-koʻst berar, ularning oʻrtasidan anhor oqizib qoʻygan edik.
34.Yana uning boshqa boyligi ham bor edi. Bas, u oʻrtog‘i bilan suhbat qurayotib: “Mening boyligim senikidan koʻproq va odamlarim sanog‘i ham kuchliroq”, – dedi maqtanib.
35.U oʻz nafsiga zulm qilgan holda, bog‘iga kirib: “Bu boyligim hech qachon yoʻq boʻlib ketadi deb oʻylamayman”, – dedi.
36.“Hamda qiyomat ham qoim boʻladi – deb oʻylamayman. Bordi-yu agar qiyomat boʻlib Robbimga qaytarilsam ham, albatta, bundan-da yaxshiroq oqibatni topaman”, – dedi.
37.U bilan suhbatlashib turgan oʻrtog‘i unga: “Seni tuproqdan, soʻng bir tomchi suvdan yaratib, keyin inson qilib rostlagan Zotga kufr keltirdingmi?!” – dedi.
38.Lekin men: “U Alloh mening Robbimdir va Robbimga hech kimni sherik qilmayman”, – deb aytaman.
39.Sen bog‘ingga kirganingda: “Bu Allohning irodasi, kuch-quvvat faqat Alloh bilandir”, – deganingda edi, durust boʻlardi. Agarda sen meni mol-dunyo va bola-chaqa jihatidan oʻzingdan kamroq deb bilsang.
40.Ajab emas, Robbim menga sening bog‘ingdan koʻra yaxshiroq bog‘ ato etar va sening bog‘ingga osmondan ofat yuborar, natijada, u silliq yerga aylanib qolar.
41.Yoki uning suvi yer qaʼriga singib ketib, sen uni izlab ham topa olmay qolasan.
42.Darhaqiqat, uning bog‘idagi mevalari ofat bilan qurshab olindi. U esa qulab yotgan ishkomlarni koʻrib va ularga qilgan xarajatlarni oʻylab, chapak chalganicha qoldi. Soʻng pushaymon qilib: “Koshki edi, men ham Robbimga hech kimni sherik qilmaganimda!” – deb qolaverdi.
43.Shuningdek, unga Allohdan boshqa na bir yordam beradigan jamoa boʻldi va na oʻzi oʻziga yordam bera oluvchi boʻldi.
44.Ana, oʻsha joyda madad faqat haq Allohga xosdir. U mukofoti yaxshi va oqibati xayrli Zotdir.
45.Ey Rasulim, ularga dunyo hayotining misolini keltirib oʻting. U xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog‘dirgach, u sababli bahorda yer oʻsimliklari bir-biriga aralashib oʻsib ketadi. Soʻngra kuz faslida shamollar uni uchirib ketadigan xas-choʻpga aylanib qoladi. Alloh hamma narsaga qodir Zotdir.
46.Mol-mulk, farzandlar dunyo hayotining ziynatidir. Boqiy qoluvchi solih amallar esa Robbingiz nazdida savob va orzu jihatidan yaxshiroqdir.
47.Qiyomatda tog‘larni oʻrnidan qoʻzg‘atib yurg‘izadigan va siz yerni tep-tekis holda koʻradigan kunni eslang! U kunda Biz ulardan birortasini qoʻymay toʻplagan boʻlamiz.
48.Ular saf tortgan hollarida Robbingizga roʻbaroʻ qilindilar. Biz ularga: “Sizlarni ilk bor qanday yalang‘och holingizda yaratgan boʻlsak, yana shunday Bizning huzurimizga keldingiz. Balki, sizlarga vaʼda qilgan qiyomatni qila olmasligimizni oʻylagandirsiz?!
49.Soʻng har bir kishining nomai aʼmoli bitilgan kitobi oʻz qoʻliga keltirib qoʻyiladi. Bas, gunohkorlarning undagi yozilgan narsalardan qoʻrquvga tushib: “Holimizga voy boʻlsin! Bu qanday kitobdirki, na kichik va na katta gunohni qoldirmay, barchasini hisoblab qoʻyibdi”, – deyishlarini koʻrasiz. Ular qilgan neki amallari boʻlsa, barchasini hozir holda topadilar. Robbingiz hech kimga zulm qilmaydi.
50.Vaqtiki, farishtalarga Odamga sajda qiling, – deyishimiz bilan barchalari sajda qildilar. Faqat iblis sajda qilmadi. U jinlardan edi. Bas, iblis Robbisining amridan tashqariga chiqdi. Ey Odam bolalari, Meni qoʻyib, u iblisni va zurriyotlarini doʻst qilib olasizlarmi?! Axir ular sizlarga dushman-ku! Allohni qoʻyib va shaytonni doʻst tutish zolimlar uchun qanday yomon almashishdir.
51.Men ularni osmonlar va Yerning yaratilishiga ham oʻzlarining yaratilishiga ham guvoh qilmaganman. Shuningdek, bu yoʻldan ozdiruvchilarni Oʻzimga yordamchi ham qilib olmaganman.
52.Qiyomat kunida Alloh: “Sizlar Mening sheriklarim deb oʻylagan butlaringizni chaqiringlar”, – deydi. Bas, ularni chaqiradilar, lekin ularga javob bermaydilar. Chunki Biz ularning oʻrtalariga halokatli chuqurlik qilib qoʻyganmiz.
53.Gunohkorlar doʻzaxni koʻrib, oʻzlarining unga tushuvchi ekanliklarini biladilar va undan qochishga joy topmaydilar.
54.Haqiqatan, Biz bu Qurʼonda odamlarga turli misollardan bayon qildik. Darhaqiqat, inson har narsada juda tortishuvchi boʻlgan edi.
55.Odamlarni ularga hidoyat kelganida iymon keltirishlaridan va Robbilaridan mag‘firat soʻrashlaridan faqatgina avvalgi ummatlarning boshiga tushgan halokatli yoʻlining kelishi yoki ularga ochiqchasiga azob kelishini kutishlari toʻsdi, xolos.
56.Biz payg‘ambarlarni faqat jannatdan xushxabar beruvchi va doʻzaxdan ogohlantiruvchilar qilib yuboramiz. Kufr keltirganlar esa botil hujjatlar bilan tortishadilar. U bilan haqiqatni yengmoqchi boʻladilar hamda oyatlarimni va oʻzlari ogohlantirilgan oxirat azobini masxara qilib oladilar.
57.Robbisining oyatlari bilan eslatilib nasihat qilingach, ulardan yuz oʻgirgan va oʻzi qilib oʻtgan gunohlarini unutib qoʻygan kimsadan ham zolimroq kishi bormi?! Darhaqiqat, Biz bu Qurʼonni anglamasliklari uchun ularning qalblariga pardalar va quloqlariga og‘irlik qilib qoʻydik. Demak, agar ularni hidoyatga chaqirsangiz ham hech qachon toʻg‘ri yoʻlda yurmaydilar.
58.Robbingiz mag‘firatli va rahmat egasidir. Agar ularni qilgan gunohlari sababli halokatlar bilan tutganida edi, ularga azobni tezlashtirgan boʻlar edi. Yoʻq, ular uchun vaʼda qilingan qiyomat vaqti bor va u, albatta, keladi. Undan oʻzga biror panoh aslo topa olmaydilar.
59.Oʻtmishdagi ana u shaharlar aholisini zulm qilganlarida, ularni halok qilganmiz va ularning halokatlariga vaʼda qilingan vaqtni belgilab qoʻyganmiz.
60.Bir zamonlar Muso oʻzining xizmatkor yigiti Yushoga: “To ikki dengiz birlashgan joyga yetmagunimcha, hatto koʻp yillar oʻtib ketsa ham, yuraveraman”, – degan edi.
61.Ular yoʻlga tushib, qachonki, ikki dengiz qoʻshiladigan yerga yetib borishgach baliqlarini u yerda unutib qoldirdilar. Shundan keyin baliq dengizda yoʻlini topib suzib ketdi.
62.Ikki dengizning tutashgan joyidan oʻtganlarida, Muso yigitiga: “Bizga tushligimizni keltir, haqiqatan, bu safarimizdan juda charchadik”, – dedi.
63.Shunda yigit: “Buni qarang, biz dengiz sohilidagi qoyaga joylashib dam olgan paytimizda, men baliqni unutib qoldiribman. Uni sizga eslatishimni faqat shayton yodimdan chiqardi. Baliq esa dengizga ajoyib tarzda yoʻlini topib suzib ketibdi.
64.Muso unga: “Mana shu biz istagan narsa edi”, – dedi. Darhol Xizrni qidirib, izlariga qaytdilar.
65.Keyin u yerda bandalarimizdan bir bandani topdilar. Biz unga Oʻz dargohimizdan rahmat ato qilgan va Oʻz huzurimizdan ilm bergan edik.
66.Muso Xizr bilan koʻrishgach, unga: “Senga bildirilgan bilimdan, menga ham toʻg‘ri yoʻlni oʻrgatishing uchun senga ergashsam maylimi?” – dedi.
67.Xizr Muso payg‘ambarga: “Aniqki, sen men bilan bu yoʻlda sabr qila olmaysan”, – dedi.
68.Axir oʻzing egallab xabardor boʻlmagan narsaga qanday sabr qila olasan?!
69.Muso unga: “Alloh xohlasa, sen mening sabrli ekanimni koʻrasan. Men senga biror ishda itoatsizlik qilmayman”, – dedi.
70.Xizr Musoga: “Bas, agar menga ergashsang, to oʻzim senga undan eslatma aytmagunimcha, biror narsa haqida mendan savol soʻramagin”, – dedi.
71.Keyin ikkisi yoʻlga tushdilar. Bir kemaga minganlarida Xizr kemani teshib qoʻydi. Muso bundan hayratlanib: “Kema ahlini choʻktirib yuborish uchun uni teshib qoʻydingmi?! Haqiqatan, juda g‘alati narsa qilding-ku!” – dedi.
72.Xizr Musoga: “Men bilan birga sabr qilishga aslo toqating yetmaydi, demaganmidim?!” – dedi.
73.Muso unga: “Meni unutib qilgan ishim uchun ayblama hamda ilm oʻrganishdagi ishimda meni qiyinchilikka solma”, – dedi.
74.Keyin ular yana yoʻlga tushdilar. Nihoyat, bir bolani uchratganlarida, Xizr uni oʻldirdi. Muso Xizrga qarab: “Hech kimni oʻldirmagan pokiza jonni oʻldirasanmi?! Haqiqatan, juda xunuk narsa qilding-ku?!” – dedi.
75.Xizr Musoga: “Men bilan birga sabr qilishga aslo toqating yetmaydi, – deb senga aytmaganmidim?!” – dedi.
76.Shunda Muso: “Agar bundan keyin ham sendan biror narsa haqida soʻrasam, meni oʻzingga hamroh qilmagin. Chunki men tomondan uzrda meʼyorga yetgan boʻlasan”, – dedi.
77.Keyin ular yana yoʻlga tushdilar. Bir shahar ahlining oldiga kelib, ulardan yegulik soʻragan edilar, aholi ularni mehmon qilishdan bosh tortdi. Soʻng oʻsha joyda yiqilay deb turgan bir devorni koʻrib qolishdi Xizr uni qayta tiklab qoʻydi. Muso Xizrga: “Agar xohlasang, bu ishing uchun xizmat haqi olishing mumkin edi”, – dedi.
78.Xizr Musoga: “Mana shu sen va mening oramdagi ayrilishdir. Endi senga sabr qilishga toqating unga yetmagan narsalarning taʼvilidan xabardor qilaman”, – dedi.
79.Xoʻsh, kema xususiga kelsak, u dengizda ishlaydigan kambag‘allarniki edi. Bas, men uni nuqsonli qilib qoʻymoqchi boʻldim. Sababi ularning ortida barcha benuqson kemalarni talon-toroj qilib tortib olayotgan bir zolim podshoh bor edi.
80.Haligi oʻldirilgan bolaning esa, ota-onalari moʻmin kishilar edilar. Bas, biz u bola kelajakda tug‘yon va kufr yoʻlida yurib ularni qiynab qoʻyishidan qoʻrqdik.
81.Shu sababdan, ularga Robbilari pokizalikda undan yaxshiroq va yanada mehribon boshqa bir bolani oʻrniga berishini istadik.
82.Endi devor esa, shu shahardagi ikki yetim bolaniki boʻlib, uning ostida ular uchun bir xazina koʻmilgan edi. Ularning marhum otasi solih kishi edi. Bas, Robbing ular voyaga yetishgach, Robbingdan rahmat boʻlib xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu ishlarni oʻzimcha qilganim yoʻq. Mana shu unga sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning taʼvilidir.
83.Ey Muhammad, yana sizdan Zulqarnayn haqida soʻraydilar. Ularga: “Endi sizlarga u haqdagi xabarni tilovat qilib beraman”, – deb ayting.
84.Darhaqiqat, Biz Zulqarnaynga Yerda ulkan imkon berdik. Hamda barcha istagan narsasiga erishish sababini ham ato qildik.
85.Bas, avval u g‘arbga qarab yoʻl oldi.
86.Nihoyat yoʻlida ketayotib quyosh botadigan joyga yetgach, uning loyqa buloq tomon botayotganini koʻrdi va uning oldida tug‘yonga ketgan bir qavmga duch keldi. Biz unga vahiy qilib: “Ey Zulqarnayn, yo ularni azoblaysan yoki ularga jazo bermay yaxshilik qilasan”, – dedik.
87.Zulqarnayn: “Biroq kim zulm qilgan boʻlsa, tezda uni azoblaymiz, soʻngra u Robbisiga qaytariladi bas, U Zot ham uni dahshatli azob bilan azoblaydi”, – dedi.
88.Ammo kim iymon keltirib, solih amal qilsa, bas, unga goʻzal mukofot bordir. Biz ham unga ishimizdan osonlarini buyuramiz.
89.Soʻngra, u sharqqa tomon yoʻl oldi.
90.Nihoyat yoʻlida ketayotib quyosh chiqadigan joyga yetgach, u quyoshning bir qavm ustida koʻtarilayotganini koʻrdi. Biz u qavm uchun quyosh haroratidan saqlanadigan biror toʻsiq qilmagan edik.
91.Zulqarnayn ana shunday qudratli hukmdor edi. Biz undagi barcha ishlarini ilm bilan qamrab olgan edik.
92.Soʻngra, u yana yoʻl oldi.
93.Nihoyat, yoʻlida ketayotib ikki tog‘ oʻrtasiga yetib kelgach, u tog‘lar ortida gapni sira tushunmaydigan boshqa bir qavmni uchratdi.
94.Ular: “Ey Zulqarnayn, albatta, shu tog‘lar ortidagi Yaʼjuj va Maʼjuj qabilalari Yer yuzida buzg‘unchilik qiluvchilardir. Bizlar senga bir miqdor haq toʻlasak, biz bilan ularning oʻrtasiga bir devor qilib berasanmi?” – dedilar.
95.Zulqarnayn ularga: “Robbimning menga ato etgani sizlar beradigan mol-dunyodan yaxshiroqdir. Bas, sizlar menga ishchi kuchi bilan yordam bering, men sizlar bilan ularning oʻrtasiga bir toʻsiq qilib beraman”, – dedi.
96.Menga temir boʻlaklarini olib kelinglar. Temir boʻlaklari ikkala tog‘ yonbag‘irlari bilan barobar boʻlgach, Zulqarnayn: “Bosqonlar bilan dam uringlar”, – dedi. Bas, qachonki u temir-tersaklarni qizdirib olov holiga keltirgach: “Menga eritilgan misni keltiringlar, u temir parchalarining ustidan toʻkaman”, – dedi.
97.Endi, Yaʼjuj va Maʼjuj qabilasi u toʻsiqning ustiga chiqishga ham, uni teshib oʻtishga ham kuchlari yetmaydi.
98.Zulqarnayn ularga: “Bu Robbim tomonidan boʻlgan bir marhamatdir. Endi qachonki, Robbimning qiyomatdan oldin Yaʼjuj va Maʼjujning chiqishi haqidagi vaʼda qilgan vaqti kelganida uni tep-tekis qilib qoʻyadi. Robbimning vaʼdasi haqdir”, – dedi.
99.U kunda Yaʼjuj va Maʼjuj qabilasini bir-birlariga aralashtirib tashlaymiz. Keyin surga puflangach, ularning barchalarini toʻplaymiz.
100.U kunda kofirlarga jahannamni ochiq qilib koʻrsatamiz.
101.Ularning koʻzlari dunyoda Mening eslatmalarimdan toʻsilgan edi. Ular nasihatlarni eshitishga ham qodir emas edilar.
102.Yoki kufr keltirganlar Meni qoʻyib, bandalarimni oʻzlariga doʻstlar qilib olishni oʻylaydilarmi?! Haqiqatan, Biz jahannamni kofirlar uchun tushadigan joy qilib tayyorlaganmiz.
103.Ey Muhammad, ularga: “Sizga amallari yuzasidan eng koʻp ziyon koʻruvchilarning xabarini beraylikmi?!” – deb ayting.
104.Kofir boʻlganlari sababli ularning qilgan saʼy-harakatlari shu dunyo hayotidayoq yoʻq boʻlib ketgan, ammo johilliklari sababli oʻzlarini chiroyli ish qilayotgan kishilar, – deb hisoblaydigan kimsalardir!.
105.Ular Robbilarining oyatlarini va U Zot bilan muloqotda boʻlishni inkor etgan kimsalardir. Bas, ularning qilgan ishlari behuda ketgandir. Demak, Biz qiyomat kunida ularning amallari uchun hech qanday vaznni qoim qilmaymiz.
106.Kufr keltirganlari hamda oyatlarimni va payg‘ambarlarimni masxara qilganlari sababli, ularning jazolari oʻsha jahannamdir!
107.Albatta, iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilgan zotlar uchun Firdavs jannati manzil boʻladi.
108.Ular, u yerda abadiy qoluvchidirlar, undan boshqa joyga koʻchishni istamaydilar.
109.Ey Rasulim, ularga: “Agar dengiz suvi Robbimning ilmu hikmat soʻzlarini yozish uchun siyoh boʻlsa va hatto yana shuncha siyoh keltirsak ham, Robbimning soʻzlari tugashidan oldin, dengiz suvlari tugab qolar edi”, – deb ayting.
110.Ey Muhammad, odamlarga: “Albatta, men ham sizlar kabi bir bashardirman. Faqat menga ilohingiz yolg‘iz Iloh ekani haqida vahiy qilinmoqda. Bas, kimki qiyomatda Robbisiga duch kelishidan muloqotda umidvor boʻlsa, u holda solih amal qilsin va Robbisiga ibodat qilishda hech kimni Unga sherik qilmasin!” – deb ayting.

