1.Alloh yoʻlida saf-saf tizilib turuvchi farishtalar bilan qasam boʻlsin.
Surah Soffat
Revealed in Makka.
Juz 23,Surah 37,182 verses2.Gunoh ishlardan toʻsuvchilar bilan qasam boʻlsin.
3.Allohning kalomini doimo tilovat qiluvchi farishtalar va insonlardan iborat barcha zotlarga qasam boʻlsin.
4.Albatta, Ilohingiz yagonadir!
5.U osmonlar va Yer hamda ularning oʻrtasidagi narsalarning Robbisidir. U yana kunchiqar tomonlarning Robbisidir.
6.Darhaqiqat, Biz dunyo osmonini yulduzlar bilan ziynatlab qoʻydik.
7.Osmonni har bir itoatsiz shaytondan saqladik.
8.Shaytonlar eng oliy mavjudotlar boʻlgan farishtalarning soʻzlarini eshita olmaydilar, u yerdan quvilish uchun har tomondan yulduzlar bilan otiladilar.
9.Haydalgan holda ularga doimiy azob bordir.
10.Agar kim bir soʻzni ilib olsa, unga ham kuydiruvchi shuʼla quvib yetadi.
11.Bas, ey Muhammad, Makka kofirlaridan soʻrang, ularni yaratish qiyinroqmi yoki Biz yaratgan narsalarnimi?! Zotan, Biz ularni avval yopishqoq loydan yaratganmiz.
12.Balki siz ularning qayta tirilishini inkor qilayotganlaridan ajablangandursiz, ammo ular oxirat haqidagi soʻzlaringizni masxara qiladilar.
13.Agar ular Qurʼon bilan eslatma qilinsalar, eslatma olmaydilar.
14.Sizning haq payg‘ambar ekanligingizga dalolat qiladigan biror belgi koʻrsalar, iymon keltirish oʻrniga yanada qattiqroq masxara qiladilar.
15.Bu oyatlar faqat aniq bir sehrdir, deydilar.
16.Bizlar oʻlib, tuproq va suyaklarga aylanib ketganimizda chindan ham, yana qayta tiriluvchi boʻlamizmi?!
17.Avvalgi oʻtib ketgan ota-bobolarimiz ham tiriladilarmi?!
18.Ey Muhammad, ularga: “Ha, sizlar qiyomat kuni xor boʻlgan holingizda, albatta, qayta tirilasizlar”, – deb ayting.
19.Vaʼda qilingan bu qayta tirilish faqatgina Isrofilning suri bilan chalinuvchi bir qichqiriqdir, xolos. Bas, ular qayta tirilib, Allohning hukmiga qarab turadilar.
20.Shunda ular: “Holimizga voy! Bu axir jazo kuni-ku!” – deb qoladilar.
21.Mana shu sizlar uni yolg‘onga chiqargan va haq bilan botilni ajratiladigan kunidir.
22.Ey farishtalar, zulm qilgan kimsalar va ularning juftlarini hamda Allohdan boshqaga ibodat qilib oʻtgan narsalarini toʻplanglar.
23.Allohdan oʻzga ibodat qilgan narsalarini toʻplanglar. Keyin ularni doʻzax yoʻliga boshlab boringlar.
24.Allohdan buyruq boʻlguncha ularni doʻzaxga tashlamay toʻxtatib turinglar. Chunki ular dunyodagi qilmishlari toʻg‘risida soʻraluvchidirlar.
25.Ularga: “Nega bir-birlaringizga yordam bermayapsizlar?!” – deyiladi.
26.Yoʻq, ular bu kunda hech narsa qilolmay, Bizning hukmimizga taslim boʻluvchidirlar!
27.Ular savol berib, bir-birlariga yuzlanadilar.
28.Ergashganlar oʻz rahnamolariga: “Haqiqatan, sizlar biz ishonib yaxshilik kutadigan oʻng tomondan kelar edingiz”, – deydilar.
29.Rahnamolari ularga: “Yoʻq, oʻzlaringiz moʻmin boʻlmagan edingizlar”, – deydilar.
30.Axir bizlar uchun sizlarning ustingizdan dunyoda hukmronlik yoʻq edi-ku! Yoʻq, sizlar oʻzlaringiz tug‘yonga ketgan qavm edingiz.
31.Bas, endi bizlarga Robbimizning azob haqidagi soʻzi muqarrar boʻldi. Endi, bizlar bu azobni totuvchilarmiz.
32.Chunki bizlar yoʻldan ozuvchi boʻlganimiz uchun sizlarni ham yoʻldan urdik.
33.Bas, albatta, ular oʻsha kunda azobda sherikdirlar.
34.Albatta, Biz gunohkorlarni mana shunday azobga duchor qilamiz.
35.Chunki ularga: “Allohdan oʻzga iloh yoʻq”,deyilganda, takabburlik qilar edilar.
36.Mushriklar: “Nima, bizlar bir majnun shoirni deb ilohlarimizni tark qilamizmi?” – deb aytardilar.
37.Yoʻq, Muhammad haq dinni olib keldi va oldingi barcha payg‘ambarlarni tasdiq qildi.
38.Ey jinoyatchilar, sizlar, shak-shubhasiz, alamli azobni totuvchidirsizlar!
39.Sizlar faqat qilib oʻtgan gunohlaringiz sababli jazolanasizlar.
40.Faqat Allohning ixlosli bandalari bundan mustasnodir.
41.Ana ular uchun maʼlum rizq bordir.
42.Ularga jannatda turli mevalar boʻladi. Ular izzat-ikromdadirlar,
43.Neʼmatlanish jannatlarida boʻladilar.
44.Jannatdagi soʻrilar ustida bir-birlariga roʻbaroʻ boʻlib oʻtiradilar.
45.Ularga oqar chashmadan qadahlar aylantirilib turiladi.
46.Bu qadahlardagi sharoblar uni ichuvchilar uchun lazzatli va oppoqdir.
47.U sharobda aqldan ozdiruvchi narsa boʻlmaydi va ular undan mast boʻlmaydilar.
48.Yana ularning oldilarida nigohlari begonalarga qarashdan tiyilgan, shahlo koʻzli hur qizlar boʻladi.
49.Ular xuddi pardaga oʻralgan oppoq tuxumdekdirlar.
50.Bas, ular jannatda bir-birlariga yuzlanib savol-javob qiladilar.
51.Ulardan biri: “Mening dunyoda bir doʻstim bor edi”, – deydi.
52.U menga: “Chindan ham sen oʻlganimizdan keyin yana qayta tirilishimizni tasdiq qiluvchilardanmisan?” – der edi.
53.Oʻlib, tuproq va suyaklarga aylanib ketgan vaqtimizda haqiqatan, ham qayta tirilib jazolanuvchimizmi?, – deb aytardi.
54.Oxiratni inkor qilgan doʻsti haqidagi voqeani aytib beruvchi soʻzini tugatgach jannatdagilarga: “Sizlar ham oʻsha doʻstimning doʻzaxdagi holiga qarayapsizlarmi?” – deydi.
55.Keyin oʻzi qarab uni doʻzaxning oʻrtasida koʻradi.
56.Shundan keyin: “Allohga qasamki, meni ham halok qilishingga oz qolgan ekan”, – deydi.
57.Agar Robbimning hidoyat neʼmati boʻlmaganida edi, albatta, men ham sen bilan birga doʻzaxga hozir qilinuvchilardan boʻlar edim.
58.Qani, endi ayt-chi, bizlar oʻluvchi emas ekanmizmi?!
59.Birinchi oʻlimimizdan keyin azoblanuvchi ham emas ekanmizmi?!
60.Albatta, mana bu jannat neʼmatlari ulkan yutuqdir!
61.Bas, amal qiluvchilar mana shunday abadiy saodat uchun amal qilsinlar!
62.Mana shu jannat yaxshi ziyofatmi yoki doʻzaxdagi zaqqum daraxtimi?
63.Haqiqatan, Biz bu zaqqum daraxtini zolimlar uchun fitna qilib qoʻydik.
64.Chindan ham, u doʻzax qaʼridan oʻsib chiqadigan bir daraxtdir.
65.Uning butoqlaridagi mevalari xuddi shaytonlarning boshlariga oʻxshab xunukdir.
66.Bas, doʻzax ahllari, albatta, undan yeyuvchi va qorinlarni u bilan toʻldiruvchidirlar.
67.Soʻngra, buning ustiga, ularga qaynoq suvdan aralashtirish ham bordir.
68.Soʻngra ularning qaytar joylari, albatta, doʻzax tomon boʻladi.
69.Albatta, ular oʻzlarining ota-bobolarini haq yoʻldan adashgan holda topdilar.
70.Bas, oʻzlari ham ularning izlaridan yugurib bormoqdalar.
71.Ulardan avval oʻtganlarning koʻpchiliklari haq yoʻldan adashgan edilar.
72.Holbuki, Biz ularning orasiga ogohlantiruvchi payg‘ambarlarni yuborgan edik.
73.Bas, ogohlantirilganlarning oqibatlari qanday boʻlganini mana koʻring!
74.Faqat Allohning ixlosli bandalarigina halokatga duchor boʻlmadilar.
75.Qasam boʻlsinki, Nuh payg‘ambar qavmidan shikoyat qilib, Bizga nido qildi. Bas, Biz duolarni naqadar yaxshi ijobat qiluvchimiz!
76.Biz unga va uning ahliga katta tashvishdan najot berdik.
77.Toʻfondan keyin uning zurriyotini boqiy qoluvchi kishilar qilib qoʻydik.
78.Keyingi avlodlar orasida u haqida chiroyli maqtovlar qoldirdik.
79.Barcha olamlarda Nuhga salom boʻlsin!
80.Biz yaxshi amal qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!
81.Albatta, u Bizning moʻmin bandalarimizdandir!
82.Soʻngra Nuhga ergashganlardan boshqalarni toʻfonda g‘arq qilib yubordik.
83.Haqiqatan, Ibrohim ham u Nuh payg‘ambarning guruhidandir.
84.Oʻshanda, Ibrohim Robbisiga sog‘lom qalb bilan keldi.
85.Oʻshanda u otasi va qavmiga: “Nimalarga ibodat qilyapsizlar?!” – dedi.
86.Allohni qoʻyib, uydirma ilohlarga sig‘inishni xohlaysizlarmi?!
87.U holda butun olamlar Robbisining jazosi haqida nima gumoningiz bor?!”
88.Keyin u yulduzlarga bir nazar soldi.
89.Soʻngra: “Haqiqatan, men bemorman”, – dedi.
90.Odamlar darhol undan yuz oʻgirib, ortga qarab ketdilar
91.Keyin Ibrohim ularning uydirma ilohlari oldiga asta kelib: “Oldilaringizga qoʻyilgan taomdan yemaysizlarmi?” – dedi.
92.Sizlarga nima boʻldi, gapirmaysizlar?!
93.Soʻngra ularga yaqin kelib, oʻng qoʻlidagi bolta bilan urdi.
94.Shunda, qavmi uning oldiga bir-birlarini turtib keldilar.
95.Ibrohim ularga: “Oʻzlaringiz yoʻnib, yasab olgan narsalarga ibodat qilasizlarmi?!” – dedi.
96.Holbuki, sizlarni ham, yasagan butlaringizni ham Alloh yaratgan-ku?!
97.Ular bir-birlariga qarab: “U Ibrohim uchun ichida olov yonadigan binolar qurib, uni oʻsha olov ichiga tashlanglar”, – dedilar.
98.Bas, ular Ibrohimga makr qilmoqchi boʻldilar. Biz esa ularni eng tubanlardan qildik.
99.Ibrohim olov ichidan salomat chiqib: “Albatta, men Robbim buyurgan tarafga ketuvchiman. Uning Oʻzi meni toʻg‘ri yoʻlga boshlaydi”, – dedi.
100.Ey Robbim, menga solih farzandlardan ato qilgin.
101.Bas, Biz unga bir yumshoqkoʻngil oʻg‘ilning xushxabarini berdik.
102.Bas, qachonki u bola otasi bilan birga yuradigan boʻlgach, Ibrohim unga: “Ey oʻg‘ilcham, men koʻpincha tushimda seni qurbon qilish uchun soʻyayotganimni koʻrmoqdaman. Oʻylab qarab koʻr, nima deysan?” – degan edi. Oʻg‘li Ismoil: “Ey otajon, senga tushingda Alloh tomonidan nima buyurilgan boʻlsa, oʻsha narsani qilgin. Inshaalloh, meni sabr qiluvchilardan topasan”.
103.Bas, qachonki, ikkovlari ham Allohning amriga taslim boʻlib, Ismoilni qurbonlik uchun peshonasi bilan yerga yotqizgan edi.
104.Biz unga: “Ey Ibrohim toʻxta!” – deb nido qildik.
105.Darhaqiqat, sen tushni tasdiqlading. Albatta, Biz yaxshi ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.
106.Albatta, bu qurbonlikka amr qilishim aniq bir sinov edi.
107.Biz Ismoilning oʻrniga jannatdan tushgan katta bir qoʻchqor soʻyishni evaz qilib berdik.
108.Keyingi avlodlar orasida u Ibrohim haqida yaxshi gaplarni qoldirdik.
109.Ibrohimga salom boʻlsin!
110.Biz yaxshi ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!
111.Darhaqiqat, u Bizning moʻmin bandalarimizdandir.
112.Yana, Biz unga solihlardan va payg‘ambar boʻlgan Ishoqning xushxabarini berdik.
113.Unga ham, Ishoqqa ham baraka berdik. U ikkisining zurriyotidan yaxshi amal qiluvchi ham, oʻziga aniq zulm qiluvchi ham boʻladi.
114.Qasam boʻlsinki, Biz Muso va Horunga ham payg‘ambarlik inʼom qildik.
115.Biz ikkisiga ham ularning qavmiga ham katta tashvishdan najot berdik.
116.Biz ularga madad berdik, bas, ular firʼavn ustidan g‘olib boʻldilar.
117.Biz u ikkisiga mukammal bayonli Tavrot kitobini berdik.
118.Shuningdek, ularni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qildik.
119.Keyingi avlodlar orasida u ikkisi xususida yaxshi gaplarni qoldirdik.
120.Muso va Horunga salom boʻlsin!
121.Biz yaxshi ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!
122.Darhaqiqat, u ikkisi ham moʻmin bandalarimizdandir.
123.Albatta, Ilyos ham payg‘ambarlardandir!
124.Oʻshanda, u oʻz qavmiga: “Allohdan qoʻrqmaysizlarmi?!” – degan edi:.
125.Sizlar yaratuvchilarning eng yaxshisini qoʻyib, oltindan yasalgan Baʼl nomli butga sig‘inasizlarmi?!
126.Sizlarning Robbingiz va avvalgi ota-bobolaringizning ham Robbisi Allohdan boshqaga ibodat qilasizlarmi?!
127.Bas, qavmi Ilyosni yolg‘onchiga chiqardilar. Soʻngra, albatta, ular doʻzaxga hozir qilinuvchilardir.
128.Faqat Allohning ixlosli bandalarigina bundan mustasnodir.
129.Biz keyingi avlodlar orasida u haqida chiroyli maqtovlar qoldirdik.
130.Ilyosinga salom boʻlsin!
131.Biz yaxshi amal qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz!
132.Shubhasiz, u moʻmin bandalarimizdandir.
133.Lut ham, shubhasiz, payg‘ambarlardandir!
134.Oʻshanda, Biz unga va uning barcha ahliga najot bergan edik.
135.Lekin azobda qoluvchilardan boʻlgan bir kampirga najot bermadik.
136.Soʻngra qolganlarini halok qildik.
137.Ey Makka ahli, aniqki sizlar haligacha ularning ustidan tongda oʻtib turasizlar.
138.Tunlari ham ularning ustidan oʻtasizlar. Axir, Lutning qavmi boshiga tushgan halokat sizlarning ham boshingizga tushib qolishidan qoʻrqib aql yuritmaysizlarmi?!
139.Yunus ham, shubhasiz, payg‘ambarlardandir!
140.Oʻshanda u oʻz qavmidan g‘azablanib ichi toʻla yukli kemaga qarab qochgan edi.
141.Keyin kemadagilar bilan qurʼa tashlashdi va mag‘lub boʻldi.
142.Soʻngra Yunusni dengizga uloqtirishdi, uni malomatga qolgan holida bir nahang baliq yutib yubordi.
143.Bas, agar u Allohga doimo tasbeh aytuvchilardan boʻlmaganida…
144.Aniq, u baliq qornida, to qayta tiriladigan qiyomat kunigacha qolib ketgan boʻlar edi.
145.Keyin Biz uni xasta holida quruqlikka uloqtirdik.
146.Uning ustida soya tashlab turishi uchun bir qovoq daraxtini oʻstirib qoʻydik.
147.Biz uni yuz ming, balki undan ham koʻproq odamlarga payg‘ambar qilib yubordik.
148.Bas, ular Allohga iymon keltirdilar. Keyin ularni maʼlum bir muddatgacha hayotdan bahramand qildik.
149.Ey Muhammad, Makka kofirlaridan soʻrang-chi, qizlar Robbingizniki-yu, oʻg‘illar ularnikimi?!
150.Yoki Biz farishtalarni ularning guvohliklarida qiz qilib yaratdikmi?!
151.Ogoh boʻlinglar, ular uydirmalari tufayli shunday deydilar.
152.Mushriklar: “Alloh bola tug‘di”, deb boʻhton qiladilar. Ular, aniq yolg‘onchidirlar!
153.Alloh oʻg‘illarni qoʻyib, qizlarni tanlab olgan ekanmi?!
154.Ey mushriklar sizlarga nima boʻldi?! Qanday nohaq hukm chiqaryapsizlar?!
155.Axir oʻylab koʻrmaysizlarmi?!
156.Yoki sizlar uchun Allohning farzandi bor ekani haqida biror aniq hujjat bormi?!
157.Bas, agar rostgoʻy boʻlsangiz, mana shu daʼvolaringizni tasdiqlovchi kitobingizni keltiringlar-chi?!
158.Mushriklar U bilan jinlar oʻrtasida nasab bor deb gumon qildilar. Holbuki, jinlar bu mushriklarning Allohning azobiga hozir qilinuvchi ekanlarini bilganlar.
159.Alloh mushriklarning sifat berayotgan narsalaridan pokdir.
160.Faqat Allohning ixlosli bandalari Allohni toʻg‘ri sifatlaydilar.
161.Ey mushriklar, shak-shubha yoʻqki, sizlar ham, sig‘inayotgan butlaringiz ham…
162.U Zotga qarshi fitnaga soluvchi emassizlar.
163.Faqat doʻzaxga kiruvchi boʻlgan kimsalarnigina fitna qilasizlar.
164.Farishtalar: “Bizlarning har birimiz uchun osmonlarda maʼlum bir maqom bordir”, – dedilar.
165.Albatta, bizlar Allohning yoʻlida saf tortib turuvchilarmiz.
166.Hamda bizlar doimo Allohga tasbeh aytuvchilardirmiz.
167.Darvoqe Makka ahli Qurʼon nozil boʻlishidan ilgari aytar edilarki…
168.“Koshki, bizning oldimizda ham avvalgilarning kitoblaridan biror eslatma boʻlsa edi.
169.Shunda, albatta, bizlar ham Allohning ixlosli bandalari boʻlar edik.
170.Bas, Qurʼon nozil boʻlgach, uni inkor qildilar. Bas, yaqinda qilmishlarining oqibatini biladilar.
171.Payg‘ambar qilib yuborilgan bandalarimiz uchun soʻzimiz sobit boʻlgan.
172.Soʻzimiz, albatta, ularning nusrat topuvchilar boʻlishidir.
173.Shubhasiz, payg‘ambarlar va moʻminlardan boʻlgan lashkarlarimiz – ular g‘olibdirlar.
174.Bas, ey Muhammad, siz ulardan maʼlum bir vaqtgacha yuz oʻgirib turing.
175.Ularni mag‘lub boʻlganlarida koʻring! Bas, yaqinda ular kufrlarining oqibatini koʻradilar.
176.Hali ular azobimizga oshiqmoqdalarmi?!
177.Bas, qachonki, azobimiz ularning hovlilariga tushganida ogohlantirilgan kimsalarning tonglari juda yomon boʻladi.
178.Bas, ey Muhammad, siz ulardan maʼlum bir vaqtgacha yuz oʻgirib turing.
179.Ularni mag‘lub boʻlganlarida koʻring! Bas, yaqinda ular kufrlarining oqibatini koʻradilar.
180.Izzat egasi boʻlgan Robbingiz ular sifatlayotgan nuqsonlardan pokdir.
181.Hamda rasullarga salom boʻlsin!
182.Barcha olamlarning Robbi – Allohga hamd boʻlsin!

