18 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 4, 2026, Thursday

Surah Fajr

Revealed in Makka.

Juz 30,Surah 89,30 verses

1.Tong vaqtiga, qasam boʻlsin.

2.Oʻn kechaga qasam boʻlsin.

3.Juft va toq narsalarga qasam boʻlsin.

4.Oʻtayotgan kechaga qasam boʻlsinki, albatta, kofirlar jazolanadilar.

5.Mana shu narsalarda aql egasi uchun yetarli qasam bormi?

6.Robbingiz Od qabilasini qanday halokatga duchor qilganini koʻrmadingizmi?!

7.Ular baland ustunli Iram shahridan boʻlib,

8.Boshqa yurtlarda uning oʻxshashi yaratilmagan.

9.Vodiyda xarsang toshlarni uy solish uchun yoʻngan Samud qabilasini,

10.Qoziqlar egasi boʻlmish firʼavnni qanday halok qilganini-chi?

11.Ular yurtlarida hadlaridan oshdilar.

12.U joylarda buzg‘unchilikni koʻpaytirib yuborgan edilar.

13.Bas, Robbingiz ularning ustiga turli azob yog‘dirdi.

14.Albatta, Robbingiz barchasini kuzatib turuvchidir.

15.Bas, endi insonni qachonki, Robbisi imtihon uchun ikrom qilib, unga neʼmat ato etsa, darhol: “Robbim loyiq boʻlganim uchun meni ikrom qildi”, – deydi.

16.Ammo qachonki, uni imtihon uchun, rizqini tor qilib qoʻysa, darhol: “Robbim meni xor qildi”, – deydi.

17.Yoʻq! Aksincha, sizlar yetimni ikrom qilmaysizlar.

18.Miskin va bechoralarga taom berishga ham bir-biringizni undamaysizlar.

19.Merosni esa oʻz ulushingizga oʻzgalarnikini qoʻshib yeysizlar.

20.Yana mol-dunyoni qattiq muhabbat bilan sevasizlar.

21.Yoʻq! Vaqtiki, Yer qattiq silkinganda,

22.Robbingizning hukmi va farishtalar saf-saf boʻlib kelganda,

23.Oʻsha kuni jahannam ham yaqin keltirib qoʻyiladi. Ana oʻsha kunda inson bu koʻrganlaridan eslatma oladi. Ammo unga eslashdan foyda qani?!

24.U: “Eh, koshki, men hayot vaqtimda yaxshi amallarni taqdim qilganimda!”, – deydi.

25.U kunda Allohning azobidek hech kim azoblamaydi.

26.Uning kishan va zanjirlarni bog‘lashidek hech kim bog‘lamaydi.

27.Ey xotirjam nafs!

28.Ato etilgan neʼmatlardan rozi boʻlgan va Alloh taolo tomonidan ham rozi boʻlingan holingda, Robbing huzuriga qaytgin!

29.Bas, solih bandalarim safiga kirgin.

30.Hamda jannatimga kirgin!