18 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 4, 2026, Thursday

Surah Naml

Revealed in Makka.

Juz 19,Surah 27,93 verses

1.To, Sin. Bular Qurʼon va ochiq-oydin kitobning oyatlaridir.

2.Bu oyatlar Allohning moʻmin qullariga hidoyat va xushxabardir.

3.Ular namozni toʻliq ado qiladilar, haqdorlarga zakotni beradilar va oxiratga aniq ishonadilar.

4.Albatta, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning qilayotgan amallarini oʻzlariga chiroyli koʻrsatib qoʻyganmiz. Bas, ular tug‘yonlarida tentirab yuraveradilar.

5.Ana oʻshalar uchun dunyoda ham azobning eng yomoni bordir va ular oxiratda eng koʻp ziyon koʻruvchilardir.

6.Ey Muhammad, albatta, sizga bu Qurʼon oʻta hikmatli va oʻta biluvchi Zot tomonidan beriladi.

7.Muso oilasiga: “Men bir olovni koʻrib qoldim. Sizlarga undan biror bir xabar keltiraman yoki sizlarga sovuqdan isinib olishingiz uchun choʻg‘ olib kelaman”, – deganini eslang!

8.Shunday qilib, Muso olov yoniga kelgach, unga: “Olov oldidagi Zotga va uning atrofidagi kishilarga baraka berildi! Olamlarning Robbisi Allohga tasbehlar boʻlsin.

9.Ey Muso, albatta, Men aziz va hakim boʻlgan Allohman!

10.Ey Muso, asongni tashla. Bas, qachonki, Muso asosining xuddi u ilondek harakat qilayotganini koʻrgach, ortiga qaramay qochdi. Shunda Biz unga: “Ey Muso, qoʻrqmagin! Zero, Mening huzurimda payg‘ambarlar qoʻrqmaydi”, – dedik.

11.Lekin kim zulm qilsa-yu, soʻngra bu yomonliklardan keyin uni chiroyli ishga almashtirsa, bas, albatta, Men gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotman.

12.Qoʻlingni yoqangning ichiga sol, va qoramtir boʻlgan rangi hech qanday yomonliksiz oppoq boʻlib chiqadi. Bu moʻʼjizalar firʼavn va uning qavmiga olib boradigan toʻqqiz moʻʼjiza ichidadir. Darhaqiqat, ular itoatsiz qavm boʻldilar.

13.Bas, qachonki, moʻʼjizalarimiz ularga ochiqchasiga koʻrinuvchi holda yetib kelganda, ular: “Bu aniq sehrdir”, – dedilar.

14.Oʻzlari aniq bilgan boʻlsalar ham, zulm va kibrga berilib, u moʻʼjizalarni inkor qildilar. Endi ey Muhammad, buzg‘unchilarning oqibati qanday boʻlganini koʻring.

15.Qasamki, Biz Dovud va Sulaymonga yetuk bilim ato qildik va u ikkovlari: “Bizlarni koʻpgina moʻmin bandalaridan afzal qilib qoʻygan Allohga hamd boʻlsin!” – dedilar.

16.Sulaymon payg‘ambarlik va podshohlikda otasi Dovudga voris boʻldi va: “Ey odamlar, bizga qushlarning va boshqa jonzotlarning tili oʻrgatildi va shohlarga beriladigan barcha narsalardan berildi. Albatta, bu aynan ochiq-oydin fazlning oʻzidir”, – dedilar.

17.Sulaymon uchun jin, ins va qushlardan iborat lashkarlari toʻplanib, uning qarshisida tizilgan hollarida turdilar.

18.Ular chumolilar vodiysiga kelganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar, inlaringizga kiringlar, yana Sulaymon va uning lashkarlari oʻzlari bilmay sizlarni ezib ketmasinlar”, – dedi.

19.Sulaymon uning bu soʻzidan kulib, tabassum qildi va: “Ey Robbim, menga va ota-onamga inʼom etgan neʼmatingga shukr qilishga va Oʻzing rozi boʻladigan yaxshi amallarnigina qilishga meni muvaffaq qilgin va meni Oʻz fazling bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin!” – dedi.

20.U qushlarni koʻzdan kechirdi va ularning orasida hudhudga koʻzi tushmagach: “Nega men hudhudni koʻrmayapman yoki u beruxsat koʻzdan g‘oyib boʻluvchilardan boʻldimi?” – dedi.

21.Albatta, uni qattiq azob bilan azoblayman yo soʻyib yuboraman yoki menga uzrini bayon qilib aniq hujjat keltirsin.

22.Soʻng uzoq vaqt oʻtmasdan hudhud kelib: “Men sen bilmagan narsalardan ogoh boʻldim va senga Sabaʼ shahridan ishonchli xabar keltirdim”, – dedi.

23.Men u mamlakatda ularning malikasi boʻlgan bir ayolni koʻrdim. Unga barcha narsadan ato etilgan boʻlib, ulkan taxti ham bor ekan.

24.Men uning va qavmining Allohni qoʻyib, quyoshga sajda qilayotganlarini ham koʻrdim. Shayton ularga qilayotgan amallarini chiroyli koʻrsatib, ularni haq yoʻldan toʻsib qoʻygan. Shuning uchun ular hidoyat topa olmayaptilar.

25.Axir osmonlar va Yerdagi barcha sirlarni oshkor qiladigan hamda sizlar yashiradigan va oshkor qiladigan barcha narsalarni biladigan Allohga sajda qilmaydilarmi?!

26.Allohdan boshqa iloh yoʻq, faqat Uning Oʻzi bordir U ulkan Arsh egasidir.

27.Sulaymon unga: “Sen rost aytdingmi yoki yolg‘onchilardan boʻldingmi, yaqinda koʻrarmiz”, – dedi.

28.Mana bu maktubimni olib borgin keyin ularga saroydan tashla, soʻngra ulardan chetga chiqqinda kuzatib tur, qani, nima javob qaytarar ekanlar.

29.Hudhud maktubni olib kelib malika Bilqis oldiga tashladi, shunda malika: “Ey aʼyonlarim, haqiqatan, bugun menga ulug‘ bir maktub tashlandi”, – dedi.

30.Albatta, bu maktub Sulaymondandir va u maktubda “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan”, deb yozilgan.

31.Maktub davomida: “Menga qarshi bosh koʻtarmay, taslim boʻlgan holingizda yonimga kelinglar”, – deb yozilgan.

32.Malika: “Ey aʼyonlar, menga bu ishimda fatvo beringlar. Men toki sizlar guvoh boʻlmaguningizcha biror ishga qatʼiy qaror qiluvchi emasman”, – dedi.

33.Saroy ahli: “Bizlar quvvat va qattiq matonat egalarimiz. Nima ishga buyursang, ham oʻzingga havola. Bas, nimaga amr qilishni oʻylab koʻraver!” – dedilar.

34.Malika Bilqis: “Aniqki, podshohlar qachon biror bir qishloqqa bostirib kirsalar, uni vayron qiladilar, aholisining hurmatli kishilarini esa xor qiladilar. Ular shu tarzda ish tutadilar”, – dedi.

35.Men ularga sinov uchun bir sovg‘a yuborib koʻray-chi, elchilar nima xabar bilan qaytar ekanlar.

36.Bas, qachonki, malikaning elchilari sovg‘ani olib Sulaymon huzuriga kelgach, u: “Sizlar menga mol-dunyo bilan madad bermoqchimisiz?! U holda bilingizki, Alloh menga ato etgan payg‘ambarlik va podshohlik sizlarga bergan mol-dunyodan yaxshiroqdir. Lekin sizlar sovg‘alaringiz bilan sevinyapsizlar”,– dedi.

37.Sen qavmingga qaytib borib aytginki, agar menga taslim boʻlmasalar, albatta, biz ularga shunday qoʻshin bilan boramizki, ular unga aslo bas, kela olmaydilar va albatta, biz ularni yurtlaridan xoru zor qilib quvib chiqaramiz.

38.Sulaymon: “Ey zodagonlar, ular mening huzurimga taslim boʻlib kelishlaridan oldin qaysi biringiz menga uning taxtini keltira oladi?” – dedi.

39.Shunda Sulaymonning amridagi kuchli jinlardan boʻlgan ifrit: “Men uni senga oʻrningdan turishingdan oldin keltiraman. Albatta, men bunga qodir va ishonchlidirman”, – dedi.

40.Kitobdan ilmi bor boʻlgan bir zot esa: “Men uni koʻzingni ochib yumguningcha senga keltiraman”, – dedi. Keyin Sulaymon u taxtning oldida turganini koʻrgach: “Bu Robbimning shukr qilamanmi yoki noshukrlik qilamanmi, imtihon qilish uchun bergan fazlidandir. Kim shukr qilsa, bas, albatta, u faqat oʻzi uchun shukr qiladi. Kimki noshukrlik qilsa, bas, albatta, Robbim hamma narsadan behojat va ulug‘ Zotdir”, – dedi.

41.Sulaymon malikani sinash uchun: “Uning taxtini tanimaydigan qilib, oʻzgartirib qoʻyinglar, u taxtini bilib olishga yoʻl topadimi yoki yoʻl topa olmaydigan kimsalardan boʻladimi, tomosha qilamiz”, – dedi.

42.Bas, malika kelgach unga: “Sening taxting shundaymidi?” – deyildi. Bilqis hayratlanib: “Xuddi oʻshaning oʻzi”, – dedi. Sulaymon: “Allohga hamd boʻlsinki, bizlarga undan ilgari ilm berilgan va musulmonlardan boʻlganmiz”, – dedi.

43.Uni esa Allohdan boshqaga ibodat qilgan narsasi musulmon boʻlishdan toʻsib qoʻygan edi. Chunki u kofirlar qavmidan edi.

44.Malikaga: “Endi, saroyga kir”, – deyildi. Bas, u saroyni koʻrgach, uni suv toʻlqini deb oʻylab, etagini koʻtarib, oyoqlarini ochdi. Sulaymon unga: “Bu billur shishadan yasalgan silliq qasrdir”, – dedi. Shunda malika: “Ey Robbim, darhaqiqat, men quyoshga sig‘inish bilan oʻzimga zulm qilibman, endi Sulaymon bilan birga olamlar egasi Allohga bosh egdim”, – dedi.

45.Qasam boʻlsinki, Biz Samud qabilasiga birodarlari Solihni payg‘ambar qilib yubordik. Solih payg‘ambar oʻz qavmiga: “Allohga ibodat qilinglar”, – dedi. Bas, ular daʼvatga quloq solmay birdan kelisha olmaydigan ikki guruhga boʻlinib oldilar.

46.Solih: “Ey qavmim, nima uchun sizlar yaxshilikdan oldin yomonlikka oshiqyapsiz?! Allohdan xatolaringiz uchun mag‘firat soʻrasangiz boʻlmaydimi! Shoyad, shunda rahm qilinasizlar”, – dedi.

47.Ular: “Ey Solih, boshimizga tushgan musibatlarga sen va sen bilan birga boʻlgan moʻminlarning kasofatidan deb badgumon boʻldik”, – dedilar. Solih ularga: “Boshingizga tushgan baxtsizligingiz Allohdan. Aksincha, sizlar imtihon qilinayotgan qavmdirsiz”, – dedi.

48.Shaharda isloh qilmaydigan, aksincha, yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan toʻqqiz nafar kimsa bor edi.

49.Ular Alloh nomiga oʻzaro qasam ichib bir-birlariga: “Albatta, Solihni va unga ergashgan ahlini tunda oʻldiramiz, soʻngra uning vorisiga: “Bizlar na Solihning va na ahlining oʻlimiga guvoh boʻlmadik, Chindan ham bizlar rostgoʻy kishilarmiz”, – deymiz.

50.Ular Solih payg‘ambarga qarshi makr qildilar. Biz ham ular sezmagan hollarida ularni halok qilish bilan makr qildik.

51.Bas, qilgan makrlarining oqibati qanday boʻlganiga nazar soling. Biz ularni va qavmlarining barchasini yer bilan yakson qildik.

52.Ana, zulm qilganlari tufayli ularning uylari huvillab yotibdi. Albatta, bunda biladigan qavm uchun katta ibrat bordir.

53.Iymon keltirgan va Allohdan qoʻrqadigan kimsalarga esa najot berdik.

54.Ey Rasulim, Lutni ham yodga oling. Vaqtiki u oʻz qavmiga: “Sizlar koʻra bilib turib fahsh ishlarni qilasizlarmi?!” – dedi.

55.Sizlar ayollarni qoʻyib, erkaklarga shahvat bilan kelasizlarmi?! Yoʻq, sizlar johillik qilayotgan qavmdirsiz!

56.Lut qavmining javobi esa faqat: “Lutning oilasini qishlog‘ingizdan haydab chiqaringlar. Darhaqiqat, ular juda poklanib ketayotgan kishilardir, – deb masxaralab gapirishlari boʻldi.

57.Keyin Biz Lutga va uning oilasiga najot berdik. Ammo uning xotini najot topmadi, chunki uni azobda qoluvchilardan deb taqdir qildik.

58.Shundan soʻng, ularning ustiga toshli yomg‘ir yog‘dirdik. Bas, halokatdan ogohlantiriluvchilarning yomg‘iri naqadar yomon boʻldi!

59.Ey Muhammad: “Allohga hamd va payg‘ambarlik uchun tanlagan bandalariga salom boʻlsin! Alloh yaxshiroqmi yoki ular sherik qilayotgan narsalarimi?!” – deb ayting.

60.Yoki osmonlar va Yerni yaratgan hamda sizlar uchun osmondan suv tushirib, u bilan goʻzal bog‘larni oʻstirgan Zot yaxshiroqmi?! Sizlarda u bog‘larning daraxtini oʻstirish qudrati boʻlmagan edi. Alloh bilan birga yana biror iloh bormi?! Yoʻq, ular Allohga oʻzgalarni tenglashtiradigan qavmdirlar!

61.Yoki Yerni barcha jonzotlar uchun qarorgoh qilib, uning oʻrtasida daryolar paydo qilgan va uning uchun baland tog‘lar barpo qilgan hamda shoʻr va chuchuk boʻlgan ikki dengiz oʻrtasida toʻsiq qilgan Zot yaxshiroqmi?! Alloh bilan birga yana biror iloh bormi?! Yoʻq, odamlarning koʻpchiligi haqiqatni bilmaydilar.

62.Yoki nochor odam duo qilgan paytda duosini ijobat qiladigan va undan yomonlikni ketkazadigan hamda sizlarni Yer yuzining oʻrinbosarlari qiladigan Zot yaxshiroqmi?! Alloh bilan birga yana biror iloh bormi?! Bu oʻgitlardan juda kam eslatma olasizlar!

63.Yoki sizlarga quruqlik va dengiz qorong‘iliklarida toʻg‘ri yoʻlni koʻrsatadigan va Oʻz rahmat yomg‘iri oldidan shamollarni xushxabar qilib joʻnatadigan Zot yaxshiroqmi?! Alloh bilan birga yana biror iloh bormi?! Alloh ular shirk keltirayotgan narsalardan munazzah va oliydir.

64.Yoki maxluqotni ilk boshdan paydo qiladigan, keyin qiyomatda uni yana qayta yaratadigan va sizlarni osmondan va yerdan turli neʼmatlar bilan rizqlantiradigan Zot yaxshimi? Alloh bilan birga yana biror iloh bormi?! Ey Muhammad, ularga: “Agar rostgoʻy boʻlsangiz, dalilingizni keltiring!” – deb ayting.

65.Yana ularga: “Allohdan oʻzga osmonlar va Yerdagi biror kimsa g‘ayb xabarlarini bilmaydi. Shuningdek, ular qachon qayta tirilishlarini ham sezmaydilar”, – deb ayting.

66.Balki, ularning oxirat haqidagi bilimlari pishib yetilgandir?! Yoʻq, ular oxiratning boʻlishidan gumondalar, aksincha, ular u haqda koʻrdirlar.

67.Kufr keltirgan kimsalar: “Biz va ota-bobolarimiz tuproqqa aylanib ketganimizda yana qabrlarimizdan qayta tirilib chiqariluvchimizmi?!” – deydilar.

68.Darhaqiqat, bizlarga ham, ota-bobolarimizga ham oldin mana shu narsa vaʼda qilingan edi. Bu faqat avvalgilarning afsonalari, , xolos!

69.Ey Rasulim: “Yerni aylanib, jinoyatchi kimsalarning oqibatlari qanday boʻlganiga nazar solinglar!” – deb ayting.

70.Ey Muhammad, ularning iymonsizliklari borasida g‘am chekmang va ular qilayotgan nayranglardan siqilmang.

71.Kofirlar: “Agar rostgoʻy boʻlsangiz qani, aytinglar-chi, shu vaʼda qilinayotgan azob qachon boʻladi?” – deydilar.

72.Ularga: “Balki, sizlar oshiqayotgan azobning baʼzisi allaqachon sizlarga yaqin kelib qolgandir”, – deb ayting.

73.Albatta, Robbingiz odamlarga fazlu marhamatlidir. Lekin ularning koʻpchiligi shukr qilmaydilar.

74.Albatta, Robbingiz ularning koʻngillari berkitayotgan narsani ham, oshkor qilayotgan narsani ham bilib turadi.

75.Osmon va Yerdagi har bir sir-asror aniq kitobda yozib qoʻyilgandir.

76.Albatta, bu Qurʼon bani Isroil avlodiga ular u haqida ixtilof qilayotgan narsalarning koʻpini qissa qilib beradi.

77.Albatta, bu Qurʼon moʻminlar uchun hidoyat va rahmat manbaidir.

78.Albatta, Robbingiz odamlar oʻrtasida Oʻz hukmi bilan ajrim chiqaradi. Shuningdek, U izzati ulug‘ boʻlgan – Aziz va hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

79.Ey Rasulim, bas, siz Allohga tavakkul qiling! Albatta, siz aniq haq yoʻlning ustidasiz.

80.Albatta, siz oʻz daʼvatingizni qalbi oʻliklarga eshittira olmaysiz. Hamda haqdan yuz oʻgirib ketayotgan karlarga ham chaqiriqni uqtira olmaysiz.

81.Shuningdek, siz qalb koʻzi koʻrlarni ham zalolatlaridan chiqarib, haq yoʻlga boshlovchi emassiz. Siz faqat oyatlarimizga iymon keltiradigan va musulmon boʻladigan kishilargagina daʼvatingizni eshittira olasiz.

82.Qiyomat oldidan kofirlarning ustiga aytilgan azob tushganida Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqaramiz. Jonivor ularga odamlar oyatlarimizga aniq ishonmaydigan boʻlganlarini aytib beradi.

83.Oʻsha kunda har bir ummatdan oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan guruhlarni toʻplaymiz keyin ular saf-saf boʻlib tizilib turadilar.

84.Bas, ular savol-javobga kelishgach, Alloh ularga: “Sizlar aniq bilmagan holingizda oyatlarimni yolg‘onga chiqardingizmi?! Yoki nima qilgan edingiz?” – deydi.

85.Zulm qilganlari sababli ularning ustiga azob haqidagi soʻz tushadi. Bas, ular u kunda gapira olmaydilar.

86.Biz odamlar orom olishi uchun kechani paydo qilganimizni va kunduzni yorug‘ qilib qoʻyganimizni koʻrmadilarmi?! Albatta, bunda iymon keltiradigan qavm uchun katta ibratlar bordir.

87.Surga puflangan kunda Alloh Oʻzi xohlagan zotlardan boshqa osmonlar va Yerdagi barcha kimsalar dahshatga tushib qoladi. Hamma Uning huzuriga boʻyin ekkan hollarida keladi.

88.Siz tog‘larni koʻrib qimirlamasdan qotib turuvchi, deb oʻylarsiz. Holbuki, ular ham xuddi bulutlarning suzib yurishidek suzib yuradilar. Bu barcha narsani puxta qilgan Zot boʻlmish Allohning sanʼatidir. Albatta, U sizlar qilayotgan barcha ishlardan xabardordir.

89.Kim Allohning huzuriga yaxshi amallar bilan kelsa, bas, uning uchun undan ham yaxshiroq mukofot boʻladi. Shuningdek, ular qiyomat kunining dahshatidan omonda boʻladilar.

90.Bordi-yu kimki yomonlik bilan kelsa, bas, yuztuban hollarida doʻzaxga tashlanadilar. Sizlarga faqat qilib oʻtgan amallaringizning jazosi beriladi.

91.Ey Muhammad, ularga: “Men mana shu Makka shahrining Robbisiga ibodat qilishga buyurilganman. Alloh bu shaharni hurmatli qildi va barcha narsa yolg‘iz Unikidir! Men musulmonlardan boʻlishga buyurilganman.

92.Shunngdek, Qurʼonni tilovat qilishga ham buyurilganman. Bas, kim haq yoʻlda yursa, faqat oʻzi uchun hidoyat topadi. Kim zalolatda boʻlsa, u holda unga: “Men faqat Allohning azobidan ogohlantiruvchiman”, – deb ayting.

93.Ey Rasulim, ularga: “Hamd, faqat Allohgadir. Yaqinda sizlarga Oʻz moʻʼjizalarini koʻrsatadi. Bas, u moʻʼjizalarni eʼtirof qilasizlar. Robbingiz qilayotgan ishlaringizdan bexabar emas”, – deb ayting.