1.Haqiqatan, moʻminlar najot topdilar.
Surah Mu'minun
Revealed in Makka.
Juz 18,Surah 23,118 verses2.Ular namozlarida xokisordirlar.
3.Hamda ular behuda soʻz va ishlardan yuz oʻgiruvchidirlar.
4.Ular haqdorlarga zakotni ado qiluvchilardir.
5.Ular avratlarini begonalardan saqlovchi kishilardir.
6.Faqat oʻz jufti halollari va qoʻl ostidagi choʻrilari bundan mustasnodir. Chunki ular bundan malomat qilinuvchi emaslar.
7.Bas, kimki shu halol qilinganlardan boshqani istasa, ana oʻshalar haddan oshuvchilardir.
8.Moʻminlar odamlarning topshirgan omonatlariga va oralaridagi ahdlariga rioya qiluvchi kimsalardir.
9.Ular namozlarini oʻz vaqtida ado qilib, muhofaza qiluvchilardir.
10.Aynan oʻshalar, jannatning haqiqiy merosxoʻrlaridir.
11.Firdavs jannatiga voris boʻlib, ular u yerda abadiy qoluvchilardir.
12.Qasam boʻlsinki, Biz Odamni loyning aslidan yaratdik.
13.Soʻngra uni bachadondagi mustahkam qarorgohda nutfa qildik.
14.Soʻngra nutfadan laxta qonni yaratdik, keyin laxta qonni parcha goʻsht qildik, keyin esa parcha goʻshtga suyaklarni qildik. Soʻngra bu suyaklarga goʻsht qopladik, keyin unga jon kirgizib, oldingi holidan butunlay boshqacha bir vujudni paydo qildik. Yaratuvchilarning eng goʻzali boʻlgan Alloh barakatlidir!
15.Soʻngra, albatta, ey siz insonlar, mana shundan keyin, albatta, vafot etuvchidirsizlar.
16.Keyin sizlar qiyomat kunida, albatta, qayta tirilasizlar.
17.Darvoqe, Biz ustingizda yetti qavat yoʻldan iborat osmonni yaratdik. Biz yaratishda g‘ofil boʻlmadik.
18.Biz osmondan aniq miqdor bilan suv tushirib, uni yerga joylab qoʻydik va albatta, Biz uni ketkazishga ham, qodirmiz.
19.Keyin Biz sizlar uchun bu suv bilan xurmo va uzum bog‘larini paydo qildik. Sizlar uchun u bog‘larda koʻp mevalar bor va sizlar ulardan yeysizlar.
20.Shu bilan birga, Biz sizlar uchun Sayno tog‘idan chiqadigan yog‘ va tanovul qiluvchilar uchun nonxurush holda oʻsadigan bir zaytun daraxtni ham yaratdik.
21.Albatta, sizlar uchun chorva mollarida ham ibrat bordir. Sizlarga ularning qornidagi sutlardan ichiramiz, yana sizlar uchun ularda boshqa koʻp foydalar bordir, shuningdek, ularning goʻsht va yog‘laridan yeysizlar.
22.Shuningdek, quruqlikda ularda minasizlar va dengizlarda esa kemalarda yuk tashiysizlar.
23.Darvoqe, Biz Nuhni oʻz qavmiga payg‘ambar qilib yubordik. Bas, Nuh ularga: “Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar, sizlar uchun Undan boshqa iloh yoʻqdir. Axir, Uning azobidan qoʻrqmaysizlarmi?” – dedi.
24.Shunda uning qavmidan kofir boʻlgan zodagonlar: “Bu ham xuddi sizlarga oʻxshagan odam. Lekin sizlardan ustun boʻlmoqchi. Agar Alloh payg‘ambar yuborishni istasa edi, ularni farishtalar qilib tushirgan boʻlar edi. Nuhning bu soʻzlarini avvalgi ota-bobolarimizdan eshitmaganmiz”, – dedilar.
25.U faqat bir telba odamdir. Bas, uni bir oz vaqtgacha kuzatib turinglar.
26.Nuh: “Ey Robbim, meni yolg‘onga chiqarganlari uchun Oʻzing menga yordam bergin”, – dedi.
27.Keyin, Biz unga vahiy qilib: “Bizning himoyamiz va vahiyimiz bilan bir kema yasagin. Bas, qachonki, Bizning amrimiz kelib, tannurdan olov oʻrniga favvoralar otilgan payt, u kemaga bir juft har bir jonivordan va oilangni olgin. Lekin kofirlardan kim haqida Bizni g‘arq boʻlishi xususida soʻzimiz oʻtgan boʻlsa, ulardan voz kech. Hamda zulm qilganlar haqida yordam soʻrab Menga xitob qilma. Ular, albatta, g‘arq qilinuvchilardir”, – deb vahiy qildik.
28.Endi, qachonki oʻzing va sen bilan birga boʻlgan kishilar kemaga joylashib olgach: “Bizlarga zolim qavmlardan najot bergan Allohga hamd boʻlsin”, – deb ayt.
29.Hamda yana: “Ey Robbim, meni bir muborak manzilga tushirgin. Sen manzilga tushiruvchilarning eng yaxshirog‘isan”, – deb duo qil.
30.Albatta, bu Nuh va uning qavmi haqidagi voqealarda ibratlar bordir. Biz, albatta, imtihon qiluvchilarmiz.
31.Keyin Biz ulardan keyin boshqa avlodni yaratdik.
32.Bas, ularga oralaridan Hudni payg‘ambar qilib yubordik. Hud ularga: “Faqat yolg‘iz Allohga ibodat qilinglar. Sizlar uchun Undan oʻzga iloh yoʻqdir. Axir, balolardan qoʻrqmaysizlarmi?!” – dedi.
33.Uning qavmidan kufr keltirgan kimsalar, oxiratga duch kelishni inkor qilganlar va Biz dunyo hayotida badavlat qilib qoʻygan kimsalar: “Bu ham xuddi sizlarga oʻxshagan odam. U ham sizlar yeydigan narsadan yeydi, sizlar ichadigan narsadan ichadi”,– dedilar.
34.Qasam boʻlsinki, agar sizlar oʻzingizga oʻxshagan odamga itoat qilsangiz, u holda albatta, sizlar ziyon koʻruvchisiz.
35.Ular: “Hud, sizlarga oʻlib tuproq va suyaklarga aylangan paytingizda ham, albatta, qabrlaringizdan chiqariluvchisiz, deb vaʼda bermoqdami?” – dedilar.
36.Sizlar vaʼda qilinayotgan narsa mantiqan juda-juda uzoqdir!
37.Bu hayotimiz faqat shu dunyodagi yashashimizdir. Ayrimlarimiz oʻlsak, boshqalarimiz yashayveramiz. Biz qayta tiriluvchilar emasmiz.
38.U faqat Alloh shaʼniga yolg‘on toʻqigan shaxsdir. Bizlar unga ishonuvchi kimsalar emasmiz.
39.Shunda Hud: “Ey Robbim, Meni yolg‘onchi qilganlari uchun menga yordam ber”, – dedi.
40.Alloh unga: “Bir oz vaqtdan keyin ular, albatta, pushaymon qiluvchilarga aylanib qoladilar”, – dedi.
41.Keyin, haqiqatan, ham ularni dahshatli bir qichqiriq tutdi. Biz esa ularni xazonga aylantirdik. Zolim qavmlarga halokat boʻlsin!
42.Ulardan keyin yana boshqa avlodlarni yaratdik.
43.Hech bir ummat oʻz ajalidan oʻzib ham keta olmaydi, uni orqaga ham sura olmaydi.
44.Keyin ketma-ket payg‘ambarlar yubordik. Har safar biror ummatga oʻz payg‘ambari kelsa, uni yolg‘ochiga chiqardilar. Bas, Biz ularni birin-ketin halok qildik va ularni odamlar og‘zida aylanib yuradigan gaplarga aylantirib qoʻydik. Bas, iymon keltirmaydigan qavmga halokat boʻlsin!
45.Keyin Biz Muso va uning birodari Horunni moʻʼjizalarimiz va aniq dalil bilan payg‘ambar qilib yubordik.
46.Ularni daʼvat uchun firʼavn va uning zodagonlariga yubordik. Ular esa takabburlik qildilar. Ular katta ketgan qavm edilar.
47.Firʼavn va uning zodagonlari daʼvatni eshitgach: “Xuddi oʻzimizga oʻxshagan ikki kishiga iymon keltiramizmi?! Holbuki, ularning qavmi bizlarga quldirlar”, – dedilar.
48.Bas, Muso va Horun payg‘ambarni yolg‘onchiga chiqarib, halok qilinuvchilardan boʻldilar.
49.Darhaqiqat, Musoga hidoyat topishlari uchun Tavrot kitobini ato qildik.
50.Keyin Maryamning oʻg‘li Isoni va uning onasini odamlarga belgi qildik va har ikkisini bir oqar suvli baland qarorgohga joyladik.
51.Biz payg‘ambarlarga: “Ey payg‘ambarlar, pokiza taomlardan yenglar va yaxshi amallar qilinglar. Albatta, Men barcha qilayotgan ishlaringizni bilib turuvchiman”, – dedik.
52.Albatta, bu ummatingiz bir ummatdir. Men esa sizlarning Robbingizdirman, bas, faqat Mendan qoʻrqinglar.
53.Keyin odamlar oʻrtalarida ishlarini parcha-parcha qilib yubordilar. Har bir guruh oʻz oldilaridagi narsa bilan xursanddirlar.
54.Bas, ey Rasulim, ularni maʼlum vaqtgacha oʻz g‘aflatlarida yurib turishlariga qoʻyib bering.
55.Biz ularga boylik va farzandlardan madad berib turibmiz deb, oʻylaydilarmi?!
56.Berilgan neʼmatlarni oʻzlari uchun yaxshiliklarni tezlatishimiz belgisi deb hisoblaydilarmi?! Yoʻq, ular buning sababini sezmaydilar.
57.Albatta, Robbilaridan qoʻrqib, xavfda turuvchi kimsalar,
58.Robbilarining oyatlariga iymon keltiradigan kimsalar,
59.Robbilariga aslo shirk keltirmaydigan kimsalar,
60.Shuningdek, sadaqalarini oxiratda Robbilariga qaytuvchi ekanlaridan qalblari qoʻrqib turgan holda beradigan kimsalar,
61.Aynan mana shular yaxshiliklarni qilishga shoshadilar va uni qilishda oʻzib ketuvchilardir.
62.Biz hech bir jon egasiga kuchidan tashqaridagi narsani taklif qilmaymiz. Bizning dargohimizda, faqat haqni soʻzlaydigan kitob bordir. Ular oxiratda zarracha zulm qilinmaydilar.
63.Yoʻq, kofirlarning dillari bundan g‘aflatdadir. Ularning bundan boshqa oʻzlari qiluvchi boʻlgan behuda ishlari bordir.
64.Toki Biz ularning maishatda yashaydiganlarini biror azobga duchor qilganimizda, birdan ular faryod qiladilar.
65.Bugun endi faryod qilmanglar! Albatta, sizlar Biz tomondan yordam qilinmaysizlar.
66.Chunki sizlarga oyatlarim tilovat qilinganida, sizlar ortingizga qarab qochgan edingiz.
67.Bu bilan moʻminlarga qarshi mutakabbirlik qilib, tungi suhbatlaringizda Qurʼon xususida behuda soʻzlarni aytar edingiz.
68.Axir, ular bu Qurʼon soʻzini tafakkur qilib koʻrmadilarmi yoki ularga avvalgi ota-bobolariga kelmagan narsa keldimi?!
69.Yoki oʻz payg‘ambarlarini tanimay uni inkor qiluvchilardan boʻldilarmi?!
70.Yoxud unda telbalik bor, deb aytadilarmi?! Yoʻq, Muhammad ularga haqiqatni keltirdi. Ularning koʻpchiliklari esa, haqiqatni yomon koʻruvchilardir.
71.Agar haqiqat ularning havoyi nafslariga ergashganda edi, shubhasiz, osmonlar, Yer va ulardagi bor jonzot buzilib, halok boʻlib ketgan boʻlar edi. Yoʻq, Biz ular uchun eslatmalarini keltirdik, ular esa, oʻzlariga kelgan eslatmalaridan yuz oʻgiruvchidirlar.
72.Ey Muhammad, yoki siz ulardan qilgan daʼvatingiz uchun haq soʻrayapsizmi! Robbingizning ajri yaxshiroqdir. U rizq beruvchilarning eng yaxshisidir.
73.Albatta, siz ularni, faqat toʻg‘ri yoʻlga daʼvat qilmoqdasiz.
74.Oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalar bu yoʻldan ozuvchilardir.
75.Agar Biz ularga rahm qilsak va ulardagi zararni aritsak, shubhasiz, ular yana oʻz tug‘yonlarida tentirab yurgan boʻlar edilar.
76.Ana endi ularni azobga tutdik. Ular esa Robbilariga boʻyin egmadilar va tavba-tazarru ham qilmadilar.
77.To qachonki, Biz ularga qattiq azob eshigini ochib qoʻyganimizda, birdan ular noumid boʻlib qoluvchilardir.
78.U Zot sizlarga eshitish uchun quloqlarni, koʻrish uchun koʻzlarni va anglash uchun dillarni yaratdi. Sizlar esa bunga juda kam shukr qilasizlar.
79.U sizlarni yer yuzida yaratib, soʻngra taratgan Zotdir. Qiyomat kuni, albatta, Uning huzuriga yig‘ilasizlar.
80.U Zot hayot beradi va oʻldiradi. Kecha va kunduzning almashib turishi ham Unga bog‘liqdir. Axir, aql ishlatmaysizlarmi?!
81.Yoʻq, ular avvalgi qavmlar aytgan narsaga oʻxshash narsani aytdilar.
82.Ular: “Bizlar oʻlib, tuproq va suyaklarga aylanganimizda, yana qayta tiriluvchimizmi?!” – dedilar.
83.Darvoqe, bizlar ham, ota-bobolarimiz ham oldin mana shu gaplarga vaʼda qilingan edik. Bu faqat avvalgilarning afsonalaridir.
84.Ey Muhammad, ularga: “Agar bilsangiz, aytinglar-chi, Yer va undagi bor jonzot kimniki?” – deb ayting.
85.Ular: “Albatta, ular Allohnikidir”, – deydilar. Siz ularga: “Bas, shundan eslatma olmaysizlarmi?!” – deb ayting.
86.Ey Rasulim ularga: “Yetti qavat osmonning Robbisi hamda ulug‘ Arshning Robbisi kim?” – deb soʻrang.
87.Ular: “Bular ham Allohniki”, – deydilar. Keyin ularga: “Axir Allohdan qoʻrqmaysizlarmi?!” – deb ayting.
88.Ey Muhammad ularga: “Agar bilsangiz, aytinglar-chi, barcha narsaning hukmronligi Uning qoʻlida boʻlgan, oʻzi barchaga homiylik qiladigan, lekin Unga nisbatan homiylik qilinmaydigan Zot kimdir?” – deb ayting.
89.Ular yana: “Bular ham Allohniki”, – deydilar. Ularga: “Bas, unda qanday sehrlanib aldanmoqdasiz”, – deb ayting.
90.Yoʻq, Biz ularga qayta tirilishlari haqidagi haqiqatni keltirdik. Ular esa hali ham yolg‘onchidirlar.
91.Alloh hech qanday farzand tutmagan va U bilan birga biror bir iloh boʻlmagan. Aks holda, albatta, har bir iloh oʻzi yaratgan narsa bilan ketib, baʼzilari baʼzisida ustun boʻlib olar edilar. Natijada, Yeru osmon buzilib ketgan boʻlar edi. Alloh ular aytayotgan sifatlardan pokdir.
92.Alloh pinhona va oshkora barcha narsani biluvchidir. Bas, Alloh ular keltirayotgan shirklaridan oliy va pokdir.
93.Ey Rasulim: “Ey Robbim, menga kofirlarga vaʼda qilinayotgan narsani, koʻrsatadigan boʻlsang?!” – shunday degin:
94.Ey Robbim, oʻshanda meni u zolimlar qavmi ichida qilmagin!.
95.Albatta, Biz ularga vaʼda qilayotgan narsani sizga koʻrsatishga qodirmiz.
96.Siz ular qilayotgan yomonlikni eng chiroyli soʻzlar bilan daf qilib turing. Biz ular sifatlayotgan narsani yaxshi biluvchimiz.
97.Ey Rasulum: “Ey Robbim, men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni soʻrayman”, – deb ayting.
98.Ey Robbim, yana men Sendan, ular mening huzurimga kelishlaridan ham panoh soʻrayman”, – degin.
99.Toki u mushriklardan birortasiga oʻlim oni kelganida: “Ey Robbim, meni yana hayotga qaytaringlar”, – deydi.
100.Shoyad, men tark etgan dunyodagi yerimda yaxshi amal qilsam, – deydi. Yoʻq, u aslo dunyoga qaytarilmaydi. Albatta, bu quruq gap boʻlib, u buni gapiruvchi, xolos. Ularning ortida, to qayta tiriladigan kunlarigacha, ikki dunyo oʻrtasini toʻsib turadigan bir toʻsiq bordir.
101.Bas, qachonki, qiyomat boshlanib, surga puflangan oʻsha kunda ularning oʻrtalarida hech qanday nasab aloqalari qolmaydi va ular oʻzaro savol-javob ham qila olmaydilar.
102.Bas, kimning yaxshilik tarozilari og‘ir kelsa, ana oʻshalar najot topuvchilardir.
103.Kimning tarozilari yengil boʻlsa, bas, ana oʻshalar nafslariga zarar qildilar. Ular jahannamda mangu qoluvchilardir.
104.Ularning yuzlarini olov yalaydi va ular u yerda tishlari koʻrinib, badbashara boʻlib qoluvchilardir.
105.Sizlarga mening oyatlarim tilovat qilinganida, sizlar uni yolg‘onga chiqargan emasmidingiz?!.
106.Ular: “Ey Robbimiz, baxtsizligimiz bizlarga ustun keldi va biz, shubhasiz, adashgan qavmlar edik”, – deydilar.
107.Ey Robbimiz, bizlarni doʻzaxdan qayta dunyoga chiqargin. Bas, agar shunda ham kufr va tug‘yon yoʻliga qaytsak, unda biz chindan ham oʻzimizga zulm qiluvchilarmiz.
108.Alloh ularga: “Jahannamda xor boʻlinglar va Menga gapirmanglar”, – deydi.
109.Darvoqe, Mening bandalarim orasida bir guruh bordir. Ular: “Ey Robbimiz, Senga iymon keltirdik. Bas, bizlarni mag‘firat qil va bizlarga rahm qilgin. Sen rahm qiluvchilarning eng yaxshisisan”, – der edilar.
110.Bas, sizlar u moʻminlarni masxara qildingiz. Hatto bu ishingiz sizlarga Meni eslashni unuttirdi. Ha, sizlar ularning ustidan kular edingiz.
111.Men esa bugun ularni sabr qilganlari uchun mukofotladim. Albatta, ular ulkan yutuqqa erishganlardir.
112.Alloh ularga: “Yerda hayotingizdagi yillarning hisobi boʻyicha qancha qoldingizlar?” – deydi.
113.Ular: “Bir kun yoki yarim kun. Uni sanab boruvchi farishtalardan soʻragin!” – deydilar.
114.Alloh ularga: “Agar bilsangiz, dunyoda juda oz qoldingiz”, – deydi.
115.Yoki Biz sizlarni bekorga yaratdigu, sizlar Bizning huzurimizga qaytarilmaysiz, deb oʻyladingizmi?!.
116.Bas, haq podshoh boʻlgan Alloh hamma narsadan oliydir. Undan oʻzga iloh yoʻqdir va U ulug‘ Arshning Robbisidir.
117.Kimki oʻzida hech qanday dalil boʻlmagan holda Alloh bilan birga boshqa biror soxta ilohga iltijo qilsa, bas, uning hisob-kitobi Robbisining huzuridadir. Albatta, kofir boʻlganlar azobdan qutulmaydilar.
118.Ey Muhammad: “Ey Robbim, gunohlarimizni mag‘firat et va holimizga rahm qil! Sen oʻzing rahm qiluvchilarning eng yaxshisisan”, – deb ayting.

