17 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 3, 2026, Wednesday

Surah Nur

Revealed in Madina.

Juz 18,Surah 24,64 verses

1.Bu Biz nozil qilgan va hukmlarini farz qilgan bir suradirki, unda sizlar eslatma olishingiz uchun ochiq-oydin oyatlarni nozil qildik.

2.Zinokor ayol va zinokor erkakning har biriga yuz darra uringlar. Agar Allohga va oxirat kuniga iymon keltiruvchi boʻlsangizlar, Allohning dinidagi hukmlarni bajarishda sizlarni u ikkisiga nisbatan rahm-shafqat qilish tuyg‘ulari tutmasin. Shuningdek, ularning jazolanishida moʻminlardan bir guruh shohid boʻlsinlar.

3.Zinokor erkak faqat zinokor ayolga yoki mushrik ayolga uylanadi. Zinokor ayolga faqat zinokor erkak yoki mushrik erkak uylanadi. Bu nikoh moʻminlarga harom qilindi.

4.Iffatli ayollarga zinokor deb tosh otib, keyin bu daʼvolariga toʻrtta guvoh keltira olmagan kimsalarni sakson darradan uringlar va hech qachon ularning guvohliklarini qabul qilmanglar. Ana ular aynan fosiqlardir.

5.Biroq keyin bu ishlardan tavba qilib, oʻzlarini tuzatgan kishilargina fosiq emaslar. Chunki Alloh, albatta, gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

6.Oʻzlaridan boshqa guvohlari boʻlmagan holda oʻz xotinlariga buzuq deb tosh otadiganlar har biri oʻzini, shubhasiz, rostgoʻylardan deb, Alloh nomiga toʻrt marta guvohlik berishi kerak.

7.Beshinchi guvohligi esa, agar yolg‘onchilardan boʻlsa, unga Allohning laʼnati boʻlishini istashdir.

8.Shundan keyin u ayoldan azobni qaytaradigan narsa Allohning nomi bilanAlbatta, u erim yolg‘onchilardan”, deb toʻrt marta guvohlik berishidir.

9.Ayolning beshinchi guvohligi esa, agar eri rostgoʻylardan boʻlsa unda, oʻziga Allohning g‘azabi tushishini soʻrashidir.

10.Agar sizlarga Allohning fazli boʻlmaganida, er yoki xotin sharmanda boʻlar edi. Shubhasiz, Alloh koʻplab tavbalarni qabul qiluvchi – Tavvob va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

11.Albatta, bu tuhmatni vujudga keltirgan kimsalar orangizdan boʻlgan bir toʻdadir. Bu tuhmatni oʻzingiz uchun yomonlik deb oʻylamanglar, balki u sizlar uchun yaxshidir. Ulardan har bir kishi uchun oʻzi orttirgan gunohning jazosi bordir. Ularning orasidan gunohning kattasini koʻtargan kimsa uchun esa katta azob bordir.

12.Ey moʻminlar, sizlar bu boʻhtonni eshitgan paytingizda moʻmin va moʻminalar bir-birlari haqida yaxshilikni oʻylab: “Bu aniq boʻhton-ku!” – desalar boʻlmasmidi?!

13.Boʻhton qiluvchilar unga toʻrtta guvoh keltirsalar boʻlmasmidi?! Endi, agar guvoh keltira olmasalar, demak, Alloh nazdida ular yolg‘onchidirlar.

14.Agar sizlarga dunyo va oxiratda Allohning fazli boʻlmaganida edi, albatta, ichiga shoʻng‘igan bu lofingiz sababli sizlarni katta azob tutgan boʻlar edi.

15.Oʻshanda sizlar uni tillaringiz bilan ilib olib, og‘izlaringiz bilan oʻzlaringiz aniq bilmagan narsani aytar va buni yengil hisoblar edingiz. Holbuki, u Alloh nazdida u katta gunohdir.

16.Uni eshitgan paytingizda: “Bu mish-mishni gapirish biz uchun joiz emasdir. Ey pok Robbim, bu katta boʻhton-ku!” – desangiz boʻlmasmidi?!

17.Agar moʻmin boʻlsangizlar, Alloh hech qachon unga oʻxshagan narsalarga boshqa qaytmasligingizni sizlarga vaʼz qiladi.

18.Alloh mana shu tarzda sizlarga oyatlarini bayon qiladi. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

19.Albatta, iymon keltirgan kishilar orasida buzuq gaplar tarqalishini yaxshi koʻradigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir. Alloh hamma narsani biladi, sizlar esa bilmaysizlar.

20.Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati boʻlmaganida edi, jazoni tayin qilgan boʻlar edi. Zero, Alloh bandalariga shafqatli – Raʼuf va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

21.Ey iymon keltirganlar, shaytonning izidan ergashmanglar. Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, shayton buzuqlik va yomonlikka buyuradi. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati boʻlmaganida edi, sizlardan biror kishi gunohdan poklanmas edi. Lekin Alloh Oʻzi xohlagan kishisining gunohlarini poklaydi. Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va barchasini bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

22.Sizlardan fazilat va boylik egalari qarindoshlarga, miskinlarga, va muhojirlarga Alloh yoʻlida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirib yuborsinlar. Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizlarmi?! Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

23.Albatta, fahsh ishlardan bexabar pokiza va iffatli moʻmina ayollarga tuhmat toshi otadigan kimsalar bu dunyoda ham, oxiratda ham laʼnatlanadilar. Ularga katta azob bordir.

24.Qiyomat kuni qilgan ishlari uchun ularning tillari, qoʻllari va oyoqlari oʻz zararlariga guvohlik beradi.

25.Oʻsha kuni Alloh ularning haqiqiy jazolarini toʻliq qilib beradi va ular Allohning aniq haq ekanini biladilar.

26.Nopok ayollar nopok erkaklar uchun, nopok erkaklar nopok ayollar uchun loyiqdir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchun, pokiza erlar esa pokiza ayollar uchundir. Aynan oʻsha pokiza er va ayollar ularning aytayotgan boʻhtonlaridan tozadirlar. Ular uchun mag‘firat va ulug‘ rizq bordir.

27.Ey iymon keltirganlar, oʻz uylaringizdan boshqa uylarga siz to ruxsat soʻramaguncha va ularning ahliga salom bermagungacha kirmanglar. Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Shoyadki, bu gapdan eslatma olsangizlar.

28.Bas, agar u uylarda hech kimni topmasangiz, unda to sizlarga ruxsat berilmaguncha ularga kirmanglar. Agar sizlarga, “qaytinglardeyilsa, darhol qaytib ketinglar. Shu sizlar uchun eng toza yoʻldir. Alloh qilayotgan barcha ishlaringizni biluvchidir.

29.Xususiy maskan boʻlmagan va sizlar foydalanadigan uylarga izn soʻramasdan kirishingizda sizlarga gunoh yoʻqdir. Alloh nimani oshkora qilayotganingizni ham va nimani yashirincha qilayotganingizni ham biladi.

30.Ey Muhammad, moʻminlarga: “Koʻzlarini nomahram ayollarga qarashdan tiysinlar va avratlarini zinodan saqlasinlar”, – deb ayting. Mana shu ular uchun eng toza yoʻldir. Albatta, Alloh ularning nima hunar qilayotganlaridan xabardor.

31.Shuningdek, moʻmina ayollarga ham: “Koʻzlarini nomahram erkaklardan tiysinlar va avratlarini zinodan saqlasinlar. Hamda sirtdan koʻrinib turadigandan boshqa ziynatlarini koʻrsatmasinlar va roʻmollarini koʻkraklari ustiga tashlab olsinlar. Ular zeb-ziynatlarini erlari yo otalari, yo erlarining otalari, yo oʻg‘illari, yo erlarining oʻg‘illari, yo oʻzlarining aka-ukalari, yo aka-ukalarining oʻg‘illari, yo opa-singillarining oʻg‘illari, yo oʻzlari kabi ayollar, yo qoʻl ostilaridagi choʻrilar, yo juda keksayib yoki aqlsiz-devona boʻlib ayollarga hojati boʻlmagan erkak xizmatkor, ayollarning avratlaridan xabardor boʻlmagan bolalardan boshqalarga koʻrsatmasinlar. Hamda yashirgan ziynatlarini bildirib, oyoqlarini yerga urmasinlar”, – deb ayting. Ey moʻminlar, barchalaringiz Allohga tavba qilinglar, Shoyad, shunda zafar topsangiz.

32.Orangizdagi nikohlanmagan erkak va ayollarni hamda qul va choʻrilaringizdan holati yaxshilarini uylantiringlar. Agar ular kambag‘al boʻlsalar, Alloh ularni Oʻz fazli bilan boy qiladi. Alloh fazlu karami keng – Vosiʼ va barcha narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

33.Nikoh uchun imkon topa olmaganlar, to Alloh ularni Oʻz fazlidan boy qilgunicha iffatlarini haromdan saqlasinlar. Qoʻl ostingizdagi qullardan ozod qilinishiga doir mukotaba tuzishni istaydiganlari boʻlsa hamda ularda yaxshilik borligini bilsangiz, ular bilan mukotaba tuzing va Allohning sizga bergan molidan ularga ham bering. Oʻtkinchi dunyo hayotining matohini istab, iffatni istagan choʻrilaringizni buzuqlikka majburlamang. Kim ularni buzuqlikka majbur qilgan boʻlsa, albatta, Alloh majburlanganlaridan keyin kechiruvchi va rahmlidir.

34.Ey moʻminlar, darhaqiqat, Biz sizlarga bayon etuvchi oyatlarni, sizlardan oldin oʻtganlarning masallarini va taqvodorlar uchun nasihatni nozil qildik.

35.Alloh osmonlar va Yerning nuridir. Uning borliqda aks etgan nurining misoli xuddi bir tokcha ichidagi chiroq, bu chiroq esa bir shisha ichida, u shisha goʻyo bir durdan boʻlgan yulduzga oʻxshaydi. U chiroq sharqiy ham g‘arbiy ham boʻlmagan koinotning qoq markazidagi muborak zaytun daraxtining yog‘idan yoqiladi. Uning yog‘i musaffo boʻlganidan, garchi unga olov tegmasa ham atrofni yoritib yuborgudek boʻladi. Agar olov tegib ketsa nur ustiga aʼlo nur boʻladi. Alloh xohlagan odamni Oʻz nuriga hidoyat qiladi. Alloh odamlar ibrat olishi uchun mana shunday misollarni keltiradi. Alloh barcha narsani bilib turuvchidir.

36.Bu nur, Alloh ularning baland koʻtarilishiga va ularda Oʻzining nomi zikr qilinishiga izn bergan uylardadir. U yerlarda ertayu kech Unga tasbeh aytiladi.

37.Shunday kishilar borki, ularni tijorat ham savdo-sotiq ishlari ham Allohning zikridan, namozni toʻliq ado qilishdan va zakot berishdan chalg‘ita olmaydi. Ular yuraklar va koʻzlar u yerda iztirobga tushib qoladigan qiyomat kunidan qoʻrqadilar.

38.Alloh qilgan amallarining ularga eng goʻzali bilan mukofotlashi va fazlu karamidan savobni orttirib berishi uchun ibodat qiladilar. Alloh Oʻzi xohlagan kishilarga behisob rizq beradi.

39.Kufr keltirgan kimsalarning qilgan amallari esa sahrodagi sarobga oʻxshaydi. Chanqoq odam uni suv deb oʻylaydi va uning oldiga kelgach esa, hech narsa topa olmaydi. Yonida har yerda hoziru nozir boʻlgan Allohni topadi. Alloh qiyomatda uning hisob-kitobini toʻliq qilib beradi. Alloh oʻta tez hisob qiluvchidir.

40.Yoki kofirlarning qilgan amallari ustma-ust toʻlqin va uning ustida qora bulut qoplab olgan tubsiz dengizdagi qorong‘iliklarga oʻxshaydi. Ular bir-birining ustidagi zulmatlardir. U oʻz qoʻlini chiqarib qarasa ham uni koʻra olmaydi. Alloh kimga iymon nurini bermasa, bas, uning uchun hech qanday nurdan asar boʻlmaydi.

41.Ey Muhammad, Allohga osmonlar va Yerdagi bor jonzot hamda saf tizilgan qushlar tasbeh aytishini koʻrmadingizmi? Har biri oʻz duosini va tasbehini biladi. Alloh esa, ularning qilayotgan barcha ishlarini biluvchidir.

42.Osmonlar va Yerning mulki Allohnikidir. Qaytish ham, faqat Allohning huzurigadir.

43.Allohning bulutlarni haydashini, soʻngra ularning orasini birlashtirishini, soʻngra uni ustma-ust qilib qoʻyishini koʻrmadingizmi? Soʻngra bulut orasidan yomg‘ir chiqayotganini koʻrasiz. Alloh osmondan va undagi bulutlar tog‘idan doʻl yog‘dirib, uni Oʻzi xohlagan kishilarga yetkazadi va Oʻzi xohlagan kishilardan nari ketkazadi. Chaqmog‘ining yorug‘ligi esa koʻzlarni ketkazib yuborgudek boʻladi.

44.Alloh kecha va kunduzni aylantirib turadi. Albatta, bunda qalb koʻzi borlar uchun ibrat bordir.

45.Alloh barcha jonivorlarni suvdan yaratdi. Ulardan qorni bilan sudralib yuradiganlari ham, ikki oyoqda yuradiganlari ham, toʻrt oyoqda yuradiganlari ham bordir. Alloh Oʻzi istagan narsani yaratadi. Albatta, Alloh hamma narsaga qodirdir.

46.Darhaqiqat, Biz bayon qiluvchi oyatlarni nozil qildik. Alloh Oʻzi xohlagan kishilarni toʻg‘ri yoʻlga boshlaydi.

47.Munofiqlar: “Allohga va payg‘ambarga iymon keltirdik va itoat qildik”, – deydilar. Lekin shundan keyin ulardan bir guruh dindan yuz oʻgirib ketadi. Ana oʻshalar moʻminlardan emasdir.

48.Qachonki, oʻrtalarida hukm chiqarish uchun Alloh va Uning payg‘ambariga chaqirilsalar, birdaniga ulardan bir guruhi payg‘ambar huzuriga kelishdan yuz oʻgiruvchidirlar.

49.Agar haqiqat ular tarafda boʻlsa, payg‘ambar oldiga boʻyin egib keladilar.

50.Ularning qalblarida kasallik bormi yoki Muhammadning haq payg‘ambar ekanligidan shubhalandilarmi yoxud Alloh va Rasuli ularga adolatsizlik qilishidan qoʻrqadilarmi?! Aksincha, ularning oʻzlari zolimlardir.

51.Albatta, moʻminlarning Allohga va Rasuliga oralarida hukm chiqarishi uchun chaqirilganlarida ularning gaplari: “Eshitdik va itoat qildik”, – deyishlari kerak edi. Ana oʻshalar najot topuvchilardir.

52.Kimki Alloh va payg‘ambariga itoat qilsa va Allohdan qoʻrqib, Unga taqvo qilsa, bas, aynan oʻshalar yutuqqa erishuvchilardir.

53.Munofiqlar agar siz buyursangiz, albatta, jihodga chiqishlari haqida jon-jahdlari bilan qasam ichdilar. Ularga: “Qasam ichmanglar, jihod maʼlum bir toatdir, qasam ichishga hojat yoʻqdir. Alloh qilayotgan barcha ishlaringizdan xabardor Zotdir.

54.Ey Rasulim, ularga: “Allohga itoat qilinglar va Payg‘ambarga itoat qilinglar. Bas, agar yuz oʻgirib ketsangiz, uning oʻz zimmasiga yuklangan narsa, Allohning buyrug‘ini yetkazishdir. Sizning esa oʻz zimmangizga yuklatilgan narsa, unga itoatdir. Payg‘ambar zimmasida faqat sizlarga haq dinni ochiq-oydin yetkazish bordir.

55.Alloh sizlardan iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarga xuddi oldin yashab oʻtgan iymonli zotlarni yer yuziga oʻrinbosar qilganidek, ularni ham yer yuziga oʻrinbosar qilishni va ular uchun Oʻzi rozi boʻlgan Islom dinini mustahkam qilishni hamda ularning Makkadagi koʻrgan xavf-xatarlaridan soʻng Madinada xotirjamlikka aylantirib qoʻyishni vaʼda qildi. Ular, faqat Menga ibodat qiladilar va Menga biror narsani sherik qilmaydilar. Kimki ushbu vaʼdadan keyin noshukrlik qilsa, bas, ular fosiqlardir.

56.Ey moʻminlar, namozni toʻliq ado qilinglar, haqdorlarga zakotni beringlar va Rasulga itoat etinglar, shoyad, shunda rahm qilinsangizlar.

57.Ey Muhammad, kofir boʻlgan kimsalarni yer yuzida Allohni ojiz qoldiruvchilar deb oʻylamang. Ularning borar joylari doʻzaxdir. U qanchalar yomon borar joydir!

58.Ey moʻminlar, qoʻl ostingizdagi qul va choʻrilaringiz hamda balog‘atga yetmagan farzandlaringiz bir kunda uch marta huzuringizga kirishda sizlardan ruxsat soʻrasinlar. Bu vaqtlar, bomdod namozidan oldin, peshin vaqtida issiqdan kiyimlaringizni yechgan paytingiz va xufton namozidan keyindir. Bu uch vaqt sizlarning avratlaringiz ochiq boʻlishi mumkin boʻlgan vaqtlardir. Ular oʻsha vaqtlardan soʻng izn soʻramay kirsalar, sizlarga ham, ularga ham gunoh yoʻqdir. Chunki sizlar bir-biringizning atrofingizda aylanib yuruvchisizlar. Alloh sizlarga oyatlarni mana shunday bayon qiladi. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

59.Qachonki, yosh bolalaringiz balog‘atga yetsalar bas, ular ham xuddi oʻzlaridan oldingi balog‘atga yetganlar kabi izn soʻrasinlar. Alloh sizlarga Oʻz oyatlarni mana shunday bayon qiladi. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

60.Ayollardan yoshi keksayib oʻtirib qolgan va nikohni umid qilmaydiganlari ziynatlarini koʻz-koʻz qilmagan holda ustki kiyimlarini yechib qoʻyishlarida gunoh yoʻqdir. Lekin yopinchiqlarini ustlariga tashlagan holda iffatlarini saqlasalar, oʻzlari uchun yaxshidir. Albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va barchasini bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

61.Jangga chiqmay qolishda koʻzi ojiz kishiga, oyog‘i choʻloqqa va bemorga gunoh yoʻqdir. Ey moʻminlar, oʻz uylaringizdan, yo otalaringizning uylaridan, yo onalaringizning uylaridan, yo aka-ukalaringizning uylaridan, yo opa-singillaringizning uylaridan, yo amakilaringizning uylaridan, yo ammalaringizning uylaridan, yo tog‘alaringizning uylaridan, yo xolalaringizning uylaridan, yo sizlar kalitlariga ega boʻlgan uylardan, yo doʻstingizning uyidan taom yeyishingizda sizlarga gunoh yoʻqdir. Birgalashib yoki alohida ovqatlanishingizda ham sizlarga gunoh yoʻqdir. Bas, qachonki, uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan boʻlgan muborak, pokiza salomni aytinglar. Aql ishlatishingiz uchun Alloh oyatlarni sizlarga mana shunday bayon qiladi.

62.Albatta, moʻminlar faqat Allohga va payg‘ambariga iymon keltirgan kimsalardir. Ular payg‘ambar bilan biror umumiy ish ustida boʻlgan vaqtlarida undan izn soʻramaguncha turib ketib qolmaydilar. Lekin sizdan izn soʻraydigan kimsalarana ular Alloh va Uning payg‘ambariga iymon keltiradigan zotlardir. Endi, qachonki, ular sizdan baʼzi bir ishlari uchun ruxsat soʻrasalar, bas, ulardan kimni xohlasangiz izn bering va Allohdan ularga mag‘firat soʻrang. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

63.Ey moʻminlar, payg‘ambarni chaqirishni oʻrtalaringizda bir-birlaringizni chaqirish kabi qilmanglar. Alloh orangizdan berkingan holda payg‘ambar huzuridan sug‘urilib chiqib ketadigan kimsalarni yaxshi biladi. Payg‘ambarning amriga xilof ish tutadigan kimsalar oʻzlariga biror fitna yetib qolishidan yoki ularga alamli azob yetib qolishidan ehtiyot boʻlsinlar.

64.Ogoh boʻlinglar, osmonlar va Yerdagi bor narsalar, albatta, Allohnikidir. U sizning qay holatda ekaningizni yaxshi biladi. Uning Oʻziga qaytariladigan qiyomat kunida esa qilgan amallarining xabarini beradi. Alloh har bir narsani juda yaxshi biluvchidir.