1.Ey iymon keltirganlar, Mening dushmanim va sizlarning dushmaningiz boʻlgan mushriklarni doʻst tutmanglar! Sizlar ularga doʻstlik haqida xabar yuborasizlar, holbuki, ular sizlarga kelgan haq dinni inkor qilganlar. Ular payg‘ambarning va sizlarning Robbingiz boʻlgan Allohga iymon keltirganlaringiz uchun oʻz yurtlaringizdan haydab chiqarmoqdalar. Agar sizlar Mening yoʻlimda jihod qilish va roziligimni istash uchun chiqqan boʻlsangiz ularni doʻst tutmanglar! Sizlar ularga pinhona doʻstlik qilmoqdasizlar. Holbuki, Men sizlar berkitgan va oshkor qilgan narsani yaxshi biluvchiman. Sizlardan kimki shu ishni qilsa, bas, aniqki, u toʻg‘ri yoʻldan ozibdi.
Surah Mumtahana
Revealed in Madina.
Juz 28,Surah 60,13 verses2.Ey moʻminlar, agar mushriklar sizlardan ustun kelsalar, dushmanlaringiz boʻladilar va sizlarga qoʻl va tillarini yomonlik bilan uzatadilar. Yana ular sizlarni oʻzlariga oʻxshab kofir boʻlishingizni xohlaydilar.
3.Qiyomat kunida sizlarga qarindoshlaringiz ham, farzandlaringiz ham aslo foyda bermaydi! Qiyomat kuni Alloh oʻrtalaringizni ajratib qoʻyadi. Alloh barcha qilayotgan amallaringizni koʻrib turuvchidir.
4.Sizlar uchun Ibrohim va u bilan birga boʻlgan iymonli kimsalarda goʻzal namuna bordir. Oʻshanda ular oʻz qavmlariga: “Bizlar sizlardan va Allohdan boshqaga ibodat qilayotgan narsalaringizdan bezormiz. Bizlar sizlarni inkor qildik. Toki, sizlar yolg‘iz Allohga iymon keltirmaguningizgacha, sizlar bilan bizning oʻrtamizda doimiy adovat va nafrat paydo boʻldi”, – dedilar. Faqat Ibrohimning otasiga: “Albatta, men Allohdan sen uchun mag‘firat soʻrayman, lekin senga Alloh tomonidan boʻladigan biror narsani qaytarishga kuchim yetmaydi”, – degan soʻzi bundan mustasnodir. Ibrohim va u bilan birga boʻlgan iymonli kimsalarning duosi: “Ey Robbimiz, Sengagina tavakkul qildik, Oʻzingga qaytdik va qaytishimiz ham faqat sening huzuringgadir”, – deyish edi.
5.Ey Robbimiz, Bizni kufr keltirgan kimsalarga fitna qilib qoʻymagin, bizni mag‘firat qil! Ey Robbimiz, albatta, Sen izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotsan.
6.Darhaqiqat, sizlar uchun Alloh va oxirat kunidan umidvor boʻlgan kishilar uchun Ibrohim payg‘ambar va u zot bilan birga boʻlgan moʻminlarning tutgan yoʻllarida goʻzal namuna bordir. Kimki iymondan yuz oʻgirib ketsa, bas, albatta, Alloh hech kimga muhtoj boʻlmagan – G‘aniy va maqtovga loyiq – Hamid Zotdir.
7.Ajab emas, balki Alloh sizlar bilan va Makka kofirlari orasidagi sizlar dushmanlashib yurgan kimsalar oʻrtasida ularni iymonga kiritib doʻstlik paydo qilib qoʻyar. Alloh hammasiga qodirdir. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
8.Alloh din borasida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz diyorlaringizdan haydab chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli boʻlishlaringizdan sizlarni qaytarmaydi. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni sevadi.
9.Lekin albatta, Alloh dinlaringiz toʻg‘risida sizlar bilan urushgan va sizlarni oʻz diyorlaringizdan quvib chiqargan hamda sizlarni haydab chiqarishda bir-birlariga yordamlashgan kimsalarni doʻst tutishdan qaytaradi. Kimki ular bilan doʻstlashsa, bas, ana ular zolim kimsalardir.
10.Ey moʻminlar, qachonki, sizlarga Makka kofirlari tomonidan moʻminalar hijrat qilib kelsalar, sizlar ularni imtihon qilib koʻringlar! Alloh ularning qalblaridagi iymonlarini juda yaxshi biluvchidir. Bas, agar ularning chindan ham moʻmina ekanliklarini bilsangiz, u holda ularni kofirlarga qaytarmanglar! Bular endi kofirlar uchun halol emas va u kofirlar bu ayollar uchun halol emasdir. Sizlarning oldingizda qolgan moʻminalarning Makkada qolgan kofir erlariga mana shu xotinlari uchun sarflagan mahrlarini erlariga qaytarib beringlar. Qachonki, ularga mahrlarini bersangizlar keyin ularni nikohlaringizga olishda sizlarga gunoh yoʻqdir. Shuningdek, sizlar ham xotinlaringiz kofira boʻlgan hollarida kofirlar bilan qolishni istasa, ularning yoʻllarini toʻsib, nikohlaringizda saqlamanglar va kofir ayollarning qoʻllarini tutmanglar. Oʻzlaringiz sarflagan mahrni ulardan talab qilinglar va ular ham sarflagan mahrlarini moʻminlardan talab qilsinlar! Bu Allohning hukmidir. U sizlarning oʻrtangizda hukm qiladi. Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
11.Agar juftlaringizdan birortasi kofirlar tomoniga oʻtib ketsa-yu, ammo ular oʻsha xotin uchun berilgan mahrni uning eriga qaytarib bermasalar soʻng sizlar oʻch olsangiz va oʻlja qoʻlga kiritsangiz, u holda oʻsha oʻljalardan juftlari kofirlar tomoniga oʻtib ketgan kishilarga ular sarflagan mahr miqdorini beringlar. Hamda oʻzingiz Unga iymon keltiruvchi boʻlgan Allohdan qoʻrqinglar.
12.Ey Payg‘ambar, qachonki, oldingizga moʻminalar kelib, sizga oʻzlarining Allohga biror narsani sherik qilmasliklariga, oʻg‘irlik qilmasliklariga, zino qilmasliklariga, oʻz bolalarini oʻldirmasliklariga, qoʻllari va oyoqlari orasida toʻqib oladigan boʻhtonni keltirmasliklariga hamda biror yaxshi ishda sizga itoatsizlik qilmasliklariga doir bayʼat qilsalar, siz ularning bayʼatlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan mag‘firat soʻrang! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.
13.Ey iymon keltirganlar, Allohning g‘azabiga duchor boʻlgan qavmni doʻst tutmanglar. Xuddi barcha kofirlar qabr egalarining qayta tirilishlaridan noumid boʻlganlaridek, ular ham oxiratdan noumid boʻlgandirlar.

