18 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 4, 2026, Thursday

Surah Furqon

Revealed in Makka.

Juz 18,Surah 25,77 verses

1.Olamlarga doʻzax azobidan ogohlantiruvchi boʻlishi uchun bandasi Muhammadga Furqonni nozil qilgan Zot barakatli va ulug‘dir.

2.U osmonlar va Yerning mulki Unga xos boʻlgan, Oʻziga farzand tutmagan, mulkida sherigi boʻlmagan, har bir narsani aniq miqdorda oʻlchab yaratgan Zotdir.

3.Mushriklar esa Uni qoʻyib, biror narsa yarata olmaydigan, aksincha, oʻzlari yaraluvchi boʻlgan, oʻzlariga zarar ham foyda ham berishga ega boʻlmaydigan, oʻlimga ham, hayotga ham, qayta tirilishga ham molik boʻlmaydigan soxta ilohlarni qilib unga sig‘indilar.

4.Kufr keltirgan kimsalar: “Bu Qurʼon faqat Muhammad uni toʻqib olgan bir uydirmadir. Bu ishda unga boshqa qavmlar yordam berganlar”, – dedilar. Darhaqiqat ular bu soʻzlari bilan zulm va yolg‘on keltirdilar.

5.Yana ular: “Bu avvalgilarning afsonalaridir, Muhammad ularni yozdirib olgan. Bas, bu afsonalar unga ertayu kech oʻqib beriladi”, – dedilar.

6.Ey Rasulim, ularga: “Bu Qurʼonni osmonlar va Yerdagi barcha sirni biladigan Zot nozil qilgan. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir”, – deb ayting.

7.Ular yana masxara qilib: “Bu qanday payg‘ambar boʻldiki, oddiy odamlardek taom yeydi va bozorlarda yuradi?! Unga payg‘ambarligini tasdiqlaydigan biror farishta osmondan tushirilib, u bilan birga ogohlantiruvchi boʻlsa edi?!” – deydilar.

8.Ular yana: “Yoki unga osmondan ehtiyoji uchun xazina tashlansa yoxud uning uchun bir bog‘ boʻlib, undan tanovul qilsa edi”, – deb aytadilar. Zolimlar moʻminlarga qarata: “Sizlar faqat bir sehrlangan kishiga ergashmoqdasiz”, – dedilar.

9.Ey Muhammad, sizga qanday misollar keltirishganiga nazar soling. Bas, ular haq yoʻldan ozdilar. Endi, toʻg‘ri yoʻl topishga kuchlari yetmaydi.

10.Agar istasa, sizga shu dunyodayoq ular aytgan narsalardan yaxshirog‘ini, tagidan anhorlar oqib turadigan bog‘larni va siz uchun qasrlar qilib bera oladigan Zot ulug‘dir.

11.Yoʻq, ular qiyomat soatini yolg‘onga chiqardilar. Biz esa qiyomatni yolg‘onga chiqarganlari uchun doʻzaxni tayyorlab qoʻyganmiz.

12.Doʻzax ularni uzoqdan koʻrishi bilan zolimlar uning g‘azabli qaynashini va dahshatli shovqinini eshitadilar.

13.Qachonki, kishanlangan hollarida uning tor joyiga tashlanganlarida, oʻsha joyda oʻzlariga oʻlim tilab qoladilar.

14.Shunda ularga: “Siz bugun bir oʻlimni emas, koʻp oʻlimni istanglar”, – deyiladi.

15.Ey Muhammad, ularga: “Qani, mana shu doʻzax yaxshimi yoki taqvodorlarga mukofot va qaytish joyi boʻlib, ularga vaʼda qilingan abadiylik jannatimi?!” deb ayting.

16.Ular uchun u yerda mangu qoluvchi hollarida, istagan narsalari bordir. Bu Robbingiz zimmasidagi masʼuliyatli vaʼdadir.

17.U kunda Robbingiz mushriklarni ham, Allohni qoʻyib ibodat qilayotgan butlarini ham jamlab ularga: “Mening anavi bandalarimni sizlar yoʻldan ozdirdingizmi yoki oʻzlari yoʻldan ozdilarmi?” deydi.

18.Shunda ular: “Ey pok Robbimiz, bizlar uchun Sendan oʻzga doʻstlar tutish mumkin emas edi. Lekin Sen ularni va ota-bobolarini dunyoda turli neʼmatlar bilan bahramand qilib qoʻydinki, hatto ular Seni eslashni ham unutdilar va halokatga uchragan qavm boʻldilar.

19.Mana, sizlar uni “iloh” deb sig‘ingan butlaringiz aytayotgan gaplaringizni yolg‘onga chiqardilar. Endi, azobdan qutulishga ham, bir-biringizga yordam qilishga ham qodir emassiz. Sizlardan kim zulm qilsa, unga katta azobni tottiramiz.

20.Ey Muhammad, sizdan oldingi Biz yuborgan barcha payg‘ambarlar ham, albatta, odamlardek taom yeb, bozorlarda yurar edilar. Biz baʼzilaringizni baʼzilaringiz uchun sinov qilib qoʻydik, qani, bu sinovlarga sabr qila olarmikinsiz? Robbingiz esa barchasini koʻrib turuvchi Zotdir.

21.Bizga duch kelishni umid qilmaydiganlar: “Bizga payg‘ambar oʻrniga farishtalar tushirilsa edi yoki biz Robbimizni koʻzlarimiz bilan koʻrsak edik”, – deydilar. Darhaqiqat, ular haddan oshdilar va juda katta ketdilar.

22.Ular farishtalarni koʻradigan qiyomat kunida jinoyatchilar uchun u kun hech qanday xushxabar yoʻqdir. Farishtalar ularga: “Sizlarga xushxabar butunlay haromdir”, – deydilar.

23.Shundoq ham Biz ular qilgan har bir amalning oldiga oʻtib, uni sochilgan toʻzon kabi qilib qoʻygan boʻlamiz.

24.Jannat ahllari esa u kunda eng yaxshi maskan va eng chiroyli oromgohlarda boʻladilar.

25.U kunda bulutli osmon yorilib, farishtalar yer yuziga tushiriladilar.

26.Oʻsha kunda haq podshohlik yolg‘iz Rahmon uchundir. U kofirlarga juda qiyin boʻlgan kundir.

27.U kunda zolim oʻz qoʻllarini tishlab nadomatda: “Eh, qani, edi, men ham payg‘ambar bilan bir yoʻlni tutganimda edi”, – deydi.

28.Holimga voy, qani, edi falonchini doʻst qilib olmaganimda!

29.Aniqki, menga eslatma kelganidan keyin oʻsha falonchi meni yoʻldan ozdirdi. U kunda shayton oʻziga ergashgan barcha insonni yordamsiz tashlab ketuvchidir.

30.Payg‘ambar: “Ey Robbim, darhaqiqat, mening qavmim bu Qurʼonni tark qildilar”, – dedi.

31.Biz sizdan oldingi har bir payg‘ambar uchun ham jinoyatchi kimsalardan mana shunday dushmanlar qilganmiz. Hidoyat qiluvchi va yordamchilikka Robbingizning Oʻzi kifoyadir.

32.Kufr keltirgan kimsalar: “Muhammadga Qurʼon yaxlit bir toʻplam holida nozil qilinsa boʻlmasmidi?” – deydilar. Ey Muhammad, qalbingizni bu Qurʼon bilan sobit qilish uchun shunday qildik. Hamda uni boʻlib-boʻlib tartil bilan bayon qildik.

33.Ular sizga Qurʼonni ayblash uchun biror masal keltirsalar, albatta, Biz sizga haq javobni va eng chiroyli sharhni keltirib qoʻydik.

34.Ular jahannam tomon yuztuban hollarida toʻplanadilar. Ana oʻshalar makonlari eng yomon va butunlay yoʻllaridan adashgan kimsalardir.

35.Haqiqatan, Biz Musoga kitob berdik va birodari Horunni unga yordamchi qildik.

36.Soʻngra ularga: “Bizning oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan firʼavn qavmiga boringlar”, – dedik. Ular kufrlaridan qaytmagach ularni dengizga g‘arq qilib qirib yubordik.

37.Payg‘ambarlarini inkor qilgan Nuh qavmini ham toʻfonda g‘arq qildik va ularni odamlar uchun ibrat qilib qoʻydik. Shu bilan birga, bunday zolimlar uchun oxiratda ham alamli azob tayyorlab qoʻyganmiz.

38.Od, Samud qabilalarini va quduq egalarini hamda shu orada yashab oʻtgan koʻplab nasllarni ham halok qildik.

39.Barchalariga turli masallar keltirdik va iymonga kelmaganlari uchun barchalarini butunlay yoʻq qilib yubordik.

40.Aniqki, ular safar chog‘larida yomon toshli yomg‘ir yog‘dirilgan shahardan oʻtgandirlar. Axir, uni koʻrib ibrat olmaganmilar?! Yoʻq, ular qayta tirilishga umid qilmaydigan kimsalardir.

41.Ey Muhammad, qachonki, ular sizni koʻrsalar: “Alloh mana shu odamni payg‘ambar qilib yubordimi?!” deb masxara qiladilar.

42.Yana ular: “Agar chidab qattiq turmaganimizda, chindan ham u bizlarni ilohlarimizdan ozdirishiga oz qoldi”, – deydilar. Yaqinda, alamli azobni koʻrgan paytlarida kim yoʻldan adashganroq ekanini bilib oladilar.

43.Ey Rasulim, koʻrdingizmi, kim havoyi nafsini iloh qilib olgan boʻlsa, endi siz uning ustida vakil boʻlarmidingiz?!

44.Yoki boʻlmasa siz ularning koʻplarini haq soʻzni tinglay oladilar yo aql ishlatadilar deb oʻylaysizmi?! Yoʻq, aslo, ular hayvonlarga oʻxshaydilar, balki, ular hayvondan ham battarroq yoʻldan adashuvchidirlar.

45.Robbingiz soyaning qanday yoyib qoʻyganini koʻrmadingizmi?! Agar xohlasa, uni qimirlatmay qoʻygan boʻlar edi. Soʻngra soyaning mavjudligini nurga bog‘ladik va quyoshni unga dalil qildik.

46.Soʻngra quyosh koʻtarilayotganda uni asta-sekin Oʻzimizga tortib oldik.

47.Alloh sizlar uchun tunni libos, uyquni orom qilib qoʻydi, kunduzni esa har tarafga yoyilib hayot kechirish vaqti qildi.

48.U Zot Oʻz rahmati oldidan yomg‘ir yog‘ishi uchun xushxabar qilib shamollarni yubordi. Keyin osmondan toza suv yog‘dirdik.

49.Bu yomg‘ir suvi bilan qaqrab yotgan oʻlik shaharlarni tiriltirish va Oʻzimiz yaratgan koʻplab chorva hayvonlari hamda insonlarni sug‘orish uchundir.

50.Biz bu Qurʼonni odamlar eslatma olishlari uchun oralarida taqsimlab qoʻydik. Biroq odamlarning koʻplari faqat noshukrlikni xohladilar.

51.Agar Biz xohlasak, har bir qishloq va shaharga bir ogohlantiruvchi payg‘ambar yuborgan boʻlar edik.

52.Bas, ey Rasulim, kofirlarga itoat qilmang va bu Qurʼon bilan ularga qarshi qattiq jang qiling.

53.Alloh ikki dengizni bunisi chuchuk va shirin, unisi shoʻr va achchiq qilib oqizib qoʻygan va aralashib ketmasligi uchun ularning oʻrtasida toʻsiq va ochilmas parda qilib qoʻygan Zotdir.

54.U bir tomchi suvdan insonni yaratdi, keyin uni ota-ona tarafidan nasab, qudachilik tomondan esa qarindosh qilib qoʻydi. Darhaqiqat, Robbingiz har ishga qodirdir.

55.Mushriklar Allohni qoʻyib, oʻzlariga foyda ham, zarar ham bera olmaydigan narsalarga ibodat qiladilar. Kofir Robbisiga qarshi shaytonga yordamchidir.

56.Ey Muhammad, sizni faqat moʻminlarga jannatdan xushxabar beruvchi, kofirlarga esa oxirat azobidan ogohlantiruvchi qilib yubordik.

57.Ey Rasulum ularga: “Men daʼvatim uchun sizlardan unga hech qanday haq soʻramayman, faqat kim xohlasa, Robbisi tomon yoʻl olishini soʻrayman”, – deb ayting.

58.Oʻlmaydigan hamisha tirik Zotga tavakkul qiling hamda Unga hamdu sano bilan tasbeh ayting. Bandalarining gunohlaridan xabardor boʻlishda Uning Oʻzi yetarlidir.

59.U osmonlar va Yerni hamda ularning orasidagi barcha narsalarni olti kunda yaratib, soʻngra Arshga egalik qilgan Zotdir. U Rahmondir, bas, U haqida xabardor Zotdan soʻrang.

60.Agar mushriklarga: “Rahmonga sajda qilinglar!” – deyilsa, ular: “Rahmon u nima? Syen buyurgan narsaga sajda qilaveramizmi?” – deydilar. Bu soʻz ularni yanada iymondan yiroqlashtiradi.

61.Osmonda burjlarni paydo qilgan va unda chiroq hamda nur taratuvchi oyni yaratgan Zot barakatli va ulug‘dir.

62.U eslatma olmoqchi yoki shukr qilmoqchi boʻlgan kishilar uchun kecha va kunduzni bir-birining oʻrnini bosuvchi qilib qoʻygan Zotdir.

63.Rahmonning suyukli bandalari yerda bosiqlik bilan yuradigan hamda johil kimsalar ularga keraksiz gaplar aytganida: “Salomat boʻling!” – deb javob qaytaradigan kishilardir.

64.Ular tunlarini Robbilari uchun sajda qilgan va tik turgan hollarida bedor oʻtkazadigan kimsalardir.

65.Ular: “Ey Robbimiz, bizlardan jahannam azobini uzoqlashtirgin. Albatta, uning azobi doimiydir.

66.Shubhasiz, u eng yomon maskan va eng yomon maqomdir.

67.Ular hayru ehson qilganlarida isrof ham, ziqnalik ham qilmaydilar. Shu ikkisining oʻrtasida moʻtadil yoʻl topadilar.

68.Ular Alloh bilan birga boshqa soxta ilohga iltijo qilmaydilar. Alloh oʻldirishni harom qilgan jonni nohaq oʻldirmaydilar. Hamda zino qilmaydilar. Kimki mana shu gunohlardan birontasini qilsa, uqubatga duchor boʻladi.

69.Bu gunohlarni qilganlarga qiyomat kunida azob bir necha barobar orttirib beriladi va u yerda xorlangan holida mangu qoladi.

70.Faqat kim tavba qilib iymon keltirsa va yaxshi amallarni qilsa, bas, Alloh ana ularning yomonliklarini yaxshiliklarga aylantirib qoʻyadi. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

71.Kimki tavba qilib solih amallarni qilsa, shubhasiz, Allohning rizosiga haqiqiy qaytish bilan qaytadi.

72.Rahmonning suyukli bandalari yolg‘on guvohlik bermaydilar. Agarda behuda soʻz oldidan oʻtib qolsalar oliyjanoblik bilan undan yuz oʻgirib oʻtib ketadilar.

73.Robbilarining oyatlari zikr qilingan paytda ular oyatlarga kar va koʻr boʻlib, beeʼtibor harakat qilmaydilar.

74.Ular: “Ey Robbimiz, juftu halollarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga koʻz quvonchini hadya qil va bizlarni taqvodorlarga yetakchi qil”, – deydilar.

75.Ana oʻshalar ozorlarga sabr qilganlari uchun jannatdagi baland qasrlar bilan mukofotlanadilar va u yerda farishtalar tomonidan salom va tabrik bilan kutib olinadilar.

76.Moʻminlar u yerda abadiy qoladilar. U eng goʻzal maskan va eng goʻzal maqomdir.

77.Ey Muhammad, mushriklarga: “Agar duolaringiz boʻlmaganida, Robbim sizlarga qiymat bermas edi. Bas, sizlar yuborilgan payg‘ambarni inkor qildingiz bas, yaqinda sizlarga azob shart boʻladi”, – deb ayting.