18 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 4, 2026, Thursday

Surah Qamar

Revealed in Makka.

Juz 27,Surah 54,55 verses

1.Qiyomat soati yaqinlashib qoldi. Mana oy ham boʻlindi.

2.Agar Quraysh kofirlari yana biror moʻʼjiza koʻrsalar, yuz oʻgiradilar va: “Bu davom etayotgan sehr-ku!” deydilar.

3.Ular payg‘ambarni inkor qildilar va havoyi-nafslariga ergashdilar. Har bir ish oʻz qarorini topuvchidir.

4.Ularga ilgari oʻtgan kofirlarning xabarlari kelgan va ularda yomonlikdan taqiq bor edi.

5.U yetuk hikmat boʻlsa-da, ularga hech qanday ogohlantirishlar foyda bermadi.

6.Ey Muhammad, endi siz ulardan yuz oʻgiring! Chaqiruvchi farishta notanish bir narsaga chaqiradigan kunda

7.Ular koʻzlari qoʻrqinchga toʻlgan hollarida, goʻyo toʻzigan chigirtkalar kabi qabrlaridan chiqib keladilar.

8.Kofirlar chaqiruvchi tomoniga qarab boʻyinlarini choʻzib, shoshganlaricha borar ekanlar,: “Bu og‘ir kundir”, – deydilar.

9.Makka kofirlaridan oldin Nuh qavmi ham uni inkor etgan edi. Ular bandamiz Nuhni yolg‘onchiga chiqarib: “U bir majnun”, – dedilar va u payg‘ambarlik ijrosidan toʻsib qoʻyildi.

10.Shunda Nuh Robbisiga: “Men mag‘lubdirman, yordam qilgin!” – deb duo qildi.

11.Biz osmon darvozalarini sharros quyiluvchi suv bilan ochib yubordik.

12.Yana yerdan buloqlar otiltirib chiqardik. Bas, osmon va Yer suvi taqdir qilib qoʻyilgan bir ish ustida uchrashdilar.

13.Nuhni esa taxtalar va mixlar bilan yasalgan kemada koʻtardik.

14.U kema Bizningkoʻzlarimizoʻngida suzib borar edi. Bu inkor qilingan kishi uchun mukofotdir.

15.Biz toʻfon asoratini bir belgi qilib qoldirdik. Bas, bulardan eslatma oluvchi bormi?!

16.Bas, Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday boʻldi?!

17.Haqiqatan, Biz Qurʼonni eslatma uchun oson qilib qoʻydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

18.Od qabilasi ham payg‘ambarni inkor qildi. Bas, Mening payg‘ambarlarimni yolg‘onchi qilgan kimsalarga koʻrsatgan azobim va ogohlantirishlarim qanday boʻldi?!

19.Biz ularning ustiga davomli nahs kunida bir dahshatli boʻronni yubordik.

20.Boʻron odamlarni xuddi qoʻporilgan xurmo daraxti tanalaridek sug‘urib ketar edi.

21.Bas, Mening kofirlarga azobim va ogohlantirishlarim qanday ekan?!

22.Biz Qurʼonni eslatma olishlari uchun oson qilib qoʻydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!

23.Samud qabilasi ham ogohlantirishlarni yolg‘onga chiqargan edilar.

24.Shunda ular: “Bizlar oʻzimizning oramizdagi bir odamga ergashamizmi?! U holda bizlar haqiqatan ham gumrohlik va nodonlikda boʻlamiz-ku!, – dedilar.

25.Bizlarning oramizdan oʻshanga eslatma tushirilibdimi?! Yoʻq, u kazzob va kibrlidir.

26.Kofirlar tongda kim kazzob va kibrli ekanini bilib oladilar.

27.Biz ularni sinash uchun bir tuya yuboruvchimiz. Bas, ey Solih, sen ularni kuzat va ozorlariga sabr qilib tur.

28.Suvning ular bilan tuya oʻrtasida taqsimlab qoʻyilgani va har bir ichishga navbat bilan hozir boʻlish kerakligi haqida ularga xabar bergin.

29.Soʻngra Samud qabilasi oʻzlarining bir sheriklarini tuyani soʻyishga chaqirgan edilar, u qilichini oldi-da, tuyani soʻyib yubordi.

30.Bas, keyin ularga Mening azobim va ogohlantirishlarim qanday boʻldi?!

31.Biz ularning ustiga bir qichqiriq yuborgan edik, ular xuddi qoʻy uchun qoʻra yasovchining qoʻrasidan toʻkilgan xas-xashak kabi yakson boʻlib qoldilar.

32.Biz Qurʼonni eslatma olish uchun oson qilib qoʻydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?

33.Lut qavmi u keltirgan ogohlantirishlarni yolg‘onga chiqardi.

34.Darvoqe, Biz ularning ustiga toshli boʻron yubordik. Faqat, Lutning oilasiga tong saharda najot berdik.

35.Bu Bizning huzurimizdan boʻlgan neʼmatdir. Shukr qilganlarni mana shunday mukofotlaymiz.

36.Lut Bizning azob bilan ushlashimizdan ularni ogohlantirgan edi, ammo ular ogohlantirishlarga shubha qildilar.

37.Ular Lutning mehmonlarini yoʻldan urmoqchi boʻldilar. Bas, Biz ularning koʻzlarini koʻr qilib qoʻydik. Bas, azobimni va ogohlantirishlarimni totib koʻringlar.

38.Haqiqatan, erta tongda ularni davomli azob tutdi.

39.Bas, Mening azobimni va ogohlantirishlarimni totib koʻringlar.

40.Biz Qurʼonni eslatma qilish uchun oson qilib qoʻydik. Bas, undan eslatma oluvchi bormi?!

41.Firʼavn xonadoniga ham ogohlantirishlar kelgan edi.

42.Ular moʻʼjizalarimizni inkor qilganlaridan soʻng, Biz ularni kuchli va qudratli Zotning ushlashi bilan ushlab dengizga g‘arq qildik.

43.Ey Makka ahli, sizlarning kofirlaringiz ana ulardan yaxshiroqmi yoki sizlar uchun samoviy kitoblarda oqlov vasiqasi bormi?!

44.Balki, ular: “Biz g‘olib keluvchi jamoatdirmiz”, – deb aytarlar?!

45.Yaqinda oʻsha jamoat yengilib, ortlariga qarab qochib qoladilar.

46.Faqat bu emas, balki ularga vaʼda qilingan vaqt, qiyomat soati ham bordir. Qiyomat soati esa, yanada halokatli va achchiqroqdir.

47.Albatta, jinoyatchilar adashuv va lovullagan olovdadirlar.

48.Ular yuztuban hollarida doʻzax tomon sudraladigan kunda ularga: “Doʻzax taʼsirini totib koʻringlar!” – deyiladi.

49.Albatta, Biz har bir narsani oʻlchov bilan yaratdik.

50.Bizning farmonimiz faqat birgina “Boʻl”, – degan soʻzdir. Uning muddati koʻz yumib ochgunchadir.

51.Biz sizlarning oʻxshashlaringizni avval halok qilgan edik. Bas, ulardan eslatma oluvchi bormi?

52.Ular qilgan har bir narsa nomai aʼmollardagi kitoblardadir.

53.Har bir kichik va katta ish Lavh ul-Mahfuzda bitilgandir.

54.Albatta, taqvodorlar jannatlarda va daryolar ichida boʻladilar.

55.Qudratli Podshoh huzuridagi sadoqat maqomida boʻladilar.