1.Hamd osmonlar va Yerni yoʻqdan bor qilgan hamda farishtalarni ikki, uch, toʻrt qanotli elchilar qilgan Allohgadir. U yaratgan narsalarida nimani xohlasa oʻshani ziyoda qiladi. Albatta, Alloh hamma narsaga qodir Zotdir.
Surah Fotir
Revealed in Makka.
Juz 22,Surah 35,45 verses2.Alloh odamlar uchun nimaiki rahmatni ochib qoʻysa, bas, uni tutib qoluvchi yoʻqdir. Agar U zot ushlab qolganidan soʻng u narsani bandalarga biron yuboruvchi ham yoʻqdir. U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
3.Ey insonlar, sizlarga Allohning ato etgan neʼmatini yodga olinglar! Sizlarga osmonu yerdan rizq beradigan Allohdan boshqa yaratuvchi bormi?! Undan oʻzga iloh yoʻq! Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!
4.Ey Muhammad, agar mushriklar sizning payg‘ambar ekanligingizni inkor qilsalar, bas, bilingki, sizdan avvalgi payg‘ambarlar ham qavmlari tomonidan inkor qilinganlar. Albatta, barcha ishlar Allohga qaytariladi.
5.Ey insonlar, albatta, Allohning qiyomat haqidagi vaʼdasi haqdir. Bas, sizlarni dunyo hayoti aslo aldab qoʻymasin! Yana aslo sizlarni aldoqchi shayton Alloh “gunohlarni kechiradi”, degan gap bilan aldab qoʻymasin!
6.Shayton sizlarga aniq dushmandir, bas, uni dushman tutinglar! U oʻziga ergashgan firqasini doʻzax ahli boʻlishga chaqiradi.
7.Kufr keltirgan kimsalar uchun jahannamda qattiq azob bordir. Iymon keltirgan va solih amallarni qilganlar uchun esa mag‘firat va ulkan mukofot bordir.
8.Axir qilgan yomon amali oʻziga chiroyli koʻrsatilib, uni yaxshi ish deb oʻylagan kimsadan yaxshilik chiqarmidi?! Shubhasiz, Alloh Oʻzi xohlagan kimsalarni yoʻldan ozdiradi va Oʻzi xohlagan kishilarni hidoyat qiladi. Bas, ey Rasulim, ularning iymon keltirmaganlariga hasrat-nadomatlar qilib joningiz achinib ketmasin. Albatta, Alloh ularning nima hunar qilayotganlarini biluvchi Zotdir.
9.Alloh shamollarni yuborib, bulutni qoʻzg‘atadi. Biz uni “oʻlik” shaharga haydab, u bilan suvsizlikdan oʻlgan yerni tiriltirdik. Qiyomatda qayta tirilish ham shunga oʻxshashdir.
10.Kimki izzat istaydigan boʻlsa, bas, barcha qudrat Allohnikidir. Har bir chiroyli kalima U tomon chiqadi. Solih amalni esa, Alloh Oʻz dargohiga koʻtaradi. Yomonliklar bilan makr qiladiganlar uchun qattiq azob bordir va ularning makrlari behuda ketib, ham halok boʻladi.
11.Alloh sizlarni avval tuproqdan, soʻngra uning naslini bir tomchi nutfadan yaratib, keyin sizlarni erkak va ayol qilib juftlar qildi. Har bir ayol nimaga homilador boʻlsa va nimani tug‘sa, faqat Uning ilmi bilan boʻladi. Biror uzoq umr koʻruvchining umri uzaytirilgan boʻlsa yoki umridan kamaytirilgan boʻlsa, albatta, u kitobda yozilgan boʻladi. Albatta, bu ishlar Allohga osondir.
12.Ikki dengiz teng boʻlmaydi. Bunisi shirin-totli va yutumli, unisi esa shoʻr-nordondir. Sizlar ularning har biridan yangi baliq goʻshtini tutib yeysizlar va taqadigan zeb-ziynat chiqarib olasizlar. Allohning fazlidan istashlaringiz uchun suvni yorib ketayotgan kemalarni koʻrasizlar. Shoyad, bularga shukr qilsangizlar.
13.Alloh kechani kunduzga kiritadi va kunduzni kechaga kiritadi. U quyoshni va oyni sizlarning manfaatingiz uchun xizmatkor qilib qoʻygan. Har biri muayyan muddatgacha yurib boradi. Ana shu sizlarning Robbingiz – Allohdir, podshohlik faqat Unikidir. Ey mushriklar, sizlar U Zotni qoʻyib iltijo qilayotgan narsalaringiz esa, danak poʻstlog‘icha ham narsaga ega emaslar.
14.Agar sizlar ularni chaqirsangiz, chaqirig‘ingizni ham eshitmaydilar. Agar eshitsalar ham sizlarga javob bera olmaydilar va qiyomat kunida ularni Allohga sherik qilganlaringizni inkor qiladilar. Ey Muhammad, dunyo va oxirat haqida sizga xabardor Zot Allohdek hech kim xabar bera olmaydi.
15.Ey insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar. Alloh esa hech kimga muhtoj boʻlmagan – G‘aniy va maqtovga sazovar – Hamid Zotdir.
16.Agar U xohlasa, sizlarni yer yuzidan ketkazib, oʻrningizga boshqa yangi bir xalqni keltiradi.
17.Bularni qilish Allohga qiyin emasdir.
18.Qiyomat kunida hech bir gunoh yukini koʻtaruvchi oʻzga kishining yukini koʻtarmaydi. Agar gunoh yuki og‘ir egasi oʻz yukini koʻtarishga birovni chaqirsa ham, garchi chaqiriluvchi uning qarindoshi boʻlsa-da, u gunohdan biror narsa yuklatilmaydi. Ey Muhammad, siz faqat Robbilaridan g‘oyibona qoʻrqadigan va namozni toʻliq ado etgan zotlarnigina ogohlantira olasiz. Kimki poklansa, u faqat oʻzi uchun poklangan boʻladi. Oxir oqibat qaytish faqat Allohning huzurigadir.
19.Qalb koʻzi koʻr boʻlgan kofir bilan haqni koʻruvchi moʻmin hech qachon barobar boʻlmaydi.
20.Zulmatlar bilan iymon nuri ham teng boʻlmaydi.
21.Soya bilan jazirama ham barobar boʻlmaydi.
22.Tiriklar bilan oʻliklar ham barobar boʻlmaydi. Albatta, Alloh Oʻzi xohlagan kishilarga haqni eshittiradi. Ey Muhammad, siz qabrlardagi oʻlik kimsalarga eshittira oluvchi emassiz.
23.Siz faqat oxirat azobidan ogohlantiruvchisiz.
24.Albatta, Biz sizni haq din bilan, xushxabar beruvchi va jahannam azobidan ogohlantiruvchi payg‘ambar qilib yubordik. Har bir ummat ichida ham, albatta, bir ogohlantiruvchi payg‘ambar boʻlib oʻtgan.
25.Agar mushriklar sizning payg‘ambar ekaningizni inkor qilsalar, bas, bilingki, ulardan avvalgilar ham payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqarganlar. Holbuki, payg‘ambarlari ularga aniq moʻʼjizalar, ilohiy sahifalar va nurli kitob keltirgan edilar.
26.Soʻngra kufr keltirgan kimsalarni isyonlari tufayli azobim bilan tutdim. Ana, Mening inkorim qanday boʻldi?!
27.Alloh osmondan suv yog‘dirib, u bilan ranglari turli xil boʻlgan mevalarni chiqarganimizni koʻrmadingizmi?! Hamda tog‘lardan oq, qizil hamda turli yoʻllarni paydo qildik. Ulardan tim qoralari ham bor.
28.Shuningdek, odamlar, hayvonlar va chorvalar orasida ham turli ranglilari bordir. Allohdan bandalari orasida faqat olimlarigina qoʻrqadilar. Shubhasiz Alloh izzati ulug‘ – Aziz va gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur Zotdir.
29.Allohning kitobini tilovat qiladigan, namozni toʻliq ado qiladigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora ehson qiladigan zotlar aslo kasod boʻlmaydigan tijoratdan umidvor boʻladilar.
30.Alloh ularga ajrlarini toʻliq qilib beradi va Oʻz fazlini ularga yanada ziyoda qiladi. Albatta, U mag‘firatli va koʻp savob beruvchidir.
31.Ey Muhammad, Biz sizga vahiy qilgan kitob oʻzidan avvalgi ilohiy kitoblarni tasdiqlovchi boʻlgan haq kitobdir. Albatta, Alloh Oʻz bandalarining barcha ishlaridan xabardor va hammasini koʻrib turuvchi Zotdir.
32.Soʻngra Biz bu kitobni Oʻz bandalarimizdan tanlab olganlarimizga meros qildik. Bas, ularning orasida unga amal qilmay oʻz nafsiga zulm qiluvchi ham bor, ularning orasida oʻrtacha amal qiluvchi ham bor va ularning orasida Allohning izni bilan yaxshiliklarda oʻzib ketuvchilar ham bor. Qurʼonga voris boʻlish bu – Allohning ulug‘ marhamatidir.
33.Ular u yerda abadiy qolinadigan Adn jannatlarga kiradilar va oltin bilakuzuklar va marvaridlar bilan bezatiladilar. U joyda ularning liboslari ipakdan boʻladi.
34.Jannatga kirgan paytlarida: “Bizlardan g‘am-qayg‘uni ketkazgan Zot – Allohga hamd boʻlsin! Darhaqiqat, Robbimiz mag‘firatli va koʻp savob beruvchidir”, – deydilar.
35.U Oʻz fazli bilan bizlarni abadiy turadigan diyorga tushirdiki, bu yerda bizlarga mashaqqat ham charchoq ham yetmaydi.
36.Kufr keltirgan kimsalarga esa jahannam otashi bordir. Ularga yana bir bor oʻlishlari uchun hukm qilinmaydiki oʻlsalar. Shu bilan birga, ulardan doʻzax azobi ham yengillatilmaydi. Biz har bir kofirni mana shunday jazolaymiz.
37.Ular u joyda: “Ey Robbimiz, bizlarni doʻzaxdan chiqargin, qilib oʻtgan amallarimizdan boshqacha yaxshi ishlarni qilamiz”, – deb faryod qiladilar. Axir, dunyo hayotida Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermadikmi?! Sizlarga ogohlantiruvchi payg‘ambarlar ham kelgan edi-ku! Bas, endi amallaringizga yarasha azoblaringizni totaveringlar! Zolim kimsalar uchun yordamchi boʻlmaydi.
38.Albatta, Alloh osmonlar va Yerning g‘ayb sirlarini biluvchidir. Shubhasiz, U koʻngillardagi yashiringan narsalarni ham biluvchi Zotdir.
39.U sizlarni Yer yuzida xalifalar qilib qoʻygan Zotdir. Bas, kimki Allohga kufr keltirsa, kufri faqat oʻzining zararigadir. Kofirlarning kufri ularga Robbilari huzurida faqat g‘azabni orttiradi. Kofir boʻlganlarning kufri ularga ziyondan boshqa narsani orttirmaydi.
40.Ey Muhammad, mushriklarga: “Menga Allohdan boshqa iltijo qilayotgan sheriklaringizning xabarini bering-chi?! Menga koʻrsatinglar-chi, ular yer yuzida nimani yaratdilar?! Yoki ularning osmonlarni yaratishda sherikliklari bormi?! Yoxud ularga biror kitob berganmidik, unda sherik ekanliklari haqida biron hujjat boʻlsin?!” – deb ayting. Yoʻq, zolimlar bir-biriga faqat yolg‘onni vaʼda qiladilar.
41.Albatta, Alloh osmonlar va Yerni qulab tushishidan saqlab ushlab turadi. Agarda ular qulab tushsa U Zotdan keyin hech kim ularni ushlab tura olmaydi. U bandalariga mehribon – Halim va mag‘firatli boʻlgan G‘ofur Zotdir.
42.Makka kofirlari agar ularga biror ogohlantiruvchi payg‘ambar kelsa, albatta, unga iymon keltirib har qanday ummatlardan koʻra hidoyatliroq boʻlishlari haqida jon-jahdlari bilan qasam ichgan edilar. Vaqtiki, ularga ogohlantiruvchi payg‘ambar kelgach, bu ularni hidoyatdan yanada uzoqlashtirdi.
43.Ular yer yuzida takabburlik qilgan va payg‘ambarga qarshi yomon makr qilgan hollarida hidoyatdan uzoqlashdilar. Yomon makr esa, faqat oʻz egalarini qurshab oladi. Bas, ular faqat avvalgi ummatlarning yoʻllariga koʻz tutmoqdalar. Bas, Allohning sunnatiga aslo oʻzgartirish ham topmaysiz, Allohning sunnatida hargiz almashtirish topmaysiz.
44.Axir, ular yer yuzida sayr qilib, oʻzlaridan oldingi iymonsizlarning oqibati qanday boʻlganini koʻrmaydilarmi?! Holbuki, oldingilar bulardan koʻra quvvatliroq edilar. Na osmonlarda va na Yerda Allohni ojiz qoldiruvchi hech narsa yoʻqdir. Shubhasiz, U hamma narsani biluvchi, qodir Zotdir.
45.Agar Alloh odamlarni ular qilgan gunohlari bilan jazolasa edi, Yer ustida biror jonivorni tirik qoʻymagan boʻlar edi. Lekin Alloh ularni jazolashni belgilangan qiyomat kunidagi muddatgacha kechiktiradi. Bas, belgilangan muddatlari kelgach esa ularning har biriga qilib oʻtgan yaxshi yoki yomon amallarining mukofot va jazosini beradi. Shubhasiz, Alloh bandalarini koʻrib turuvchi Zotdir.

