18 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 4, 2026, Thursday

Surah An'om

Revealed in Makka.

Juz 7,Surah 6,165 verses

1.Osmonlaru Yerni yaratgan, qorong‘iliklar va yorug‘likni paydo qilgan Allohga hamdu sanolar boʻlsin. Shundan keyin ham kufr keltirgan kimsalar Robbilariga boshqalarni tenglashtirmoqdalar.

2.U sizlarni boshida loydan yaratgan keyin esa oʻlim vaqtini tayin qilgan Zotdir. Hamda belgilangan yana bir ajal zamoni Uning huzuridadir. Sizlar shundan keyin ham shubha qilmoqdasizlar.

3.U koʻklarda ham Yerda ham bir boʻlgan Allohdir. Sizlarni berkitgan va oshkora ishlaringizni hamda barcha qilayotgan ishlaringizni bilib turibdi.

4.U kofir va mushriklarga Robbilarining dalillaridan qachon bir oyat kelsa, undan yuz oʻgiruvchi boʻldilar.

5.Ular oʻzlariga haq bilan kelgan Qurʼonni yolg‘onga chiqardilar. Yaqinda ularga oʻzlari istehzo qilib yurgan oyatlarning haqligi haqidagi xabarlar keladi.

6.Ulardan avval qancha-qancha nasllarni halok qilganimizni koʻrmaydilarmi? Yer yuzida ularga hali sizlarga bermagan imkoniyatlarni bergan edik. Ularning ustidan shovillab yoqqan yomg‘irlarni yog‘dirib va taglaridan esa anhorlarni oqizib qoʻydik. Soʻngra ularni qilgan gunohlari tufayli halok qildik, keyin ularning oʻrniga boshqa nasllar yaratdik.

7.Ey Muhammad, agar sizga qog‘oz ustiga yozilgan bir kitob nozil qilib, uni qoʻllari bilan ushlab koʻrsalar ham, kufr keltirgan kimsalar, albatta: “Bu aniq sehrdan boshqa narsa emas”, – deb inkor qilar edilar.

8.Yana ular: “Uni yoniga bir farishta ham tushirilsa edi”, – deydilar. Agarda farishta tushirganimizda edi sizning ishingiz allaqachon bitirilgan boʻlar edi. Soʻngra ularga tavbalari uchun muhlat ham berib oʻtirilmas edi.

9.Agarda payg‘ambarni bir farishta qilib yuborsak ham, uni erkak suratida qilar edik. Shunda ham kofirlarni shubha qilayotgan xususlarida chalkashtirib qoʻyar edik.

10.Ey Muhammad, sizdan oldingi payg‘ambarlar ham mazax qilingan edi. Soʻngra ular bilan masxara qilgan kimsalarni shu mazax qilgan haqiqatlari qamrab olib halok qildi.

11.Ey Rasulim, ularga: “Yer yuzini kezib chiqib, payg‘ambarlarni yolg‘onga chiqarganlarning oqibati qanday boʻlganiga nazar solinglar”, – deb ayting.

12.Ey Rasulim, ularga: “Osmonlar va Yer yuzidagi barcha narsa kimning mulkidir?” – deb ayting. Keyin esa: “Barchasi Allohnikidir”, – deng. Alloh Oʻziga maxluqotlari uchun marhamat qilishni yozdi. U sizlarni shak-shubhasiz boʻladigan qiyomat kunida toʻplaydi. Faqat oʻzlariga ziyon qilgan kimsalar iymon keltirmaydilar.

13.Kechaning qorong‘iligida va kunduzning oydinligida boʻlib turgan barcha mavjudot Unikidir. Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

14.Ey Rasulim, ularga: “Osmonlaru Yerni yoʻqdan bor qilib, bandalarini yedirgan Oʻzi esa yemoqdan xoli boʻlgan Allohdan boshqasini doʻst tutaymi?” – deb ayting. Ularga: “Menga, albatta, Allohga eng avval boʻyin eguvchi kimsalardan boʻlish buyurilgan va aslo mushriklardan boʻlmang deyilgan”, – deb ayting.

15.Yana: “Agar men Robbimga itoatsizlik qilsam, ulug‘ kun boʻlgan qiyomatdagi azobdan qoʻrqaman”, – deb ayting.

16.Kimki oʻsha qiyomat kunidagi azobdan qaytarilsa, chindan ham unga Alloh marhamat qilibdi. Mana bu ochiq-oydin yutuqdir.

17.Agar sizga Alloh biror bir zarar yetkazsa, u musibatni Oʻzidan boshqa olib tashlovchi yoʻqdir. Shuningdek, sizga biror yaxshilik yetkazsa, bilingki, U har narsaga kuchi yetadigan Zotdir.

18.U bandalarining ustidan mutlaq hukmrondir. U hikmat egasi – Hakim va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir.

19.Ey Muhammad, ularga: “Guvohlikka eng katta boʻlgan narsa nimadir?” – deb soʻrang. Ularga javoban yana: “Alloh men bilan sizlarning oramizda guvohdir. Bu Qurʼon sizlarni va sizdan keyin yetib kelgan barchani u bilan ogohlantirishim uchun menga vahiy qilindi. Qani, sizlar, albatta, Alloh bilan birga boshqa ilohlar ham bor, deb guvohlik bera olasizlarmi?” – deb ayting. Keyin yana: “Men unday deb guvohlik bermayman”, – deng. Ularga: “Albatta, U yagona ilohdir. Men esa, sizlar shirk keltirayotgan narsalardan uzoqman”, – deb ayting.

20.Biz kitob bergan yahudiy va nasroniylar u Muhammadning payg‘ambar ekanligini xuddi oʻz oʻg‘illarini tanigandek bilardilar. Faqat oʻzlariga ziyon qilgan kimsalar iymon keltirmaydilar.

21.Allohning shaʼniga nisbatan yolg‘on toʻqigan yoki Uning oyatlarini yolg‘onga chiqargan kimsadan ham zolimroq kishi bormi?! Shubhasiz, zolimlar najot topmaydilar.

22.Biz u kunda ularning barchasini yig‘ib keyin shirk keltirgan kimsalarga qarata: “Iloh deb hisoblab yurgan sheriklaringiz qani?” – deymiz.

23.Keyin ular: “Robbimiz Allohga qasam boʻlsinki, mushriklardan boʻlmagan edik”, – deydigan, fitnadan boshqa choralari boʻlmaydi.

24.Ey Rasulim, oʻzlarini qanday aldaganliklarini va toʻqib olgan narsalarining oʻzlaridan yoʻq boʻlib ketishini koʻring.

25.Ularning orasidan siz Qurʼon oʻqiyotganingizda uni goʻyoki tinglaydigan kimsalar ham bor. Holbuki, biz uni anglamasliklari uchun qalblariga toʻsiqlar va quloqlariga og‘irlik qilib qoʻyganmiz. Agar ular har qanday moʻʼjiza koʻrsalar ham, iymon keltirmaydilar. Hatto siz bilan tortishgani oldingizga kelgan vaqtda kufr keltirgan kimsalar: “Bular avvalgilardan qolgan afsonalardir, xolos”, – deydilar.

26.Ular ham oʻzlarini payg‘ambardan qaytarishga harakat qiladilar, ham oʻzlari undan uzoqlashadilar. Ular sezmagan hollarida faqat oʻzlarini halok qilmoqdalar.

27.Ular doʻzax tepasida toʻxtatib turilib: “Eh, koshki, dunyoga qaytarilsak-da Robbimizning oyatlarini yolg‘onga chiqarmasak va moʻminlardan boʻlsak edi”, – deb aytishlarini koʻrganingizda edi!

28.Yoʻq, unday emas! Ularning oldindan yashirib yurgan qilmishlari fosh boʻlib qoldi. Bordi-yu ular yana bu dunyoga qaytarilsalar ham, man qilingan ishlarga qaytgan boʻlar edilar. Ular, albatta, yolg‘on aytuvchilardir.

29.Hamda ular: “Hayotimiz faqat shu dunyodan iboratdir va bizlar qayta tiriltirilmaymiz”, – der edilar.

30.Ey Rasulim, Vaqtiki, Robbilari huzurida toʻxtatib turilganda Alloh ularga: “Mana bu qayta tirilish haq emas ekanmi?!” – deganini koʻrsang edi. Ular: “Robbimizga qasamki, ha, haq ekan”, – deydilar. Shunda Alloh: “Unday boʻlsa, kufr keltirganingiz sababli shu azobni totinglar”, – deydi.

31.Allohga roʻbaroʻ kelishni yolg‘on deganlar chindan ham ziyon koʻrdilar. Nihoyat qiyomat soati ularning boshlariga birdaniga kelib qolganda ular gunohlarini orqalariga ortib: “U yerda qilgan nuqsonlarimiz uchun bizlarga afsus va nadomatlar boʻlsin”, – deydilar. Mana ular naqadar yomon yukni orqalab yuradilar.

32.Bu dunyoning hayoti oʻyin-kulgu va behuda ishlardan iboratdir. Allohdan qoʻrqadigan kimsalar uchun esa oxirat diyori yaxshiroqdir. Aql ishlatsangiz, boʻlmaydimi?!

33.Ey Rasulim, ularning aytayotgan gaplari, albatta, sizni xafa qilayotganini bilib turibmiz. Ular aslida sizni yolg‘onchiga chiqarmayaptilar, lekin bu zolimlar Allohning oyatlariga qarshi chiqmoqdalar.

34.Sizdan burungi payg‘ambarlar ham yolg‘onchiga chiqarilgan edilar. Ularga yordamimiz kelgunga qadar yolg‘onchiga chiqarilganlariga va berilgan aziyatlarga sabr qildilar. Allohning soʻzlarini oʻzgartiruvchi kimsa yoʻq. Albatta, sizga Alloh tomonidan payg‘ambarlarning xabarlaridan bir qismi kelgandir.

35.Ey Rasulim, agarda ularning eʼtirozlari sizga og‘ir botayotgan boʻlsa, unda ularga moʻʼjiza koʻrsatish uchun kuchingiz yetsa, yerdan teshik ochib yoki osmonga narvon qoʻyishni istab chiqib keting. Agar Alloh xohlaganda edi, albatta, ularni hidoyat ustida jamlagan boʻlar edi. Shunday ekan, aslo johillardan boʻlmang.

36.Sizni, faqat chin dildan eshitadiganlar qabul qiladilar. Qalbi oʻlik kofirlarni esa Alloh, albatta, tiriltiradi va Uning huzuriga qaytariladilar.

37.Kofirlar: “Unga Robbidan biror bir moʻʼjiza tushirilsa edi”, – deydilar. Ey Rasulim, ularga: “Hech shak-shubhasiz, Alloh moʻʼjiza tushirishga qodir boʻlgan Zotdir”, – deb ayting. Ammo ularning koʻpchiligi moʻʼjizani inkor qilish oqibatlari haqida bilmaydilar.

38.Yer yuzida sudralib yuruvchi hayvonlar va samoda ikki qanoti bilan uchayotgan qushlar ham xuddi sizlar kabi bir guruh maxluqdirlar. Biz Lavh ul-Mahfuzdagi kitobda hamma narsani benuqson qilib yozib qoʻydik. Oxirida esa barchalari Robbilari huzurida toʻplanadilar.

39.Oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan kimsalar zulmatlar tubida maʼnan kardirlar – eshitmaydilar, soqovdirlar – gapira olmaydilar. Alloh xohlagan kishini adashtiradi va xohlagan kishini toʻg‘ri yoʻlda barqaror qilib qoʻyadi.

40.Ey Rasulim, ularga: “Agarda gapingizda rostgoʻylardan boʻlsangiz, xabar beringlar-chi, bordi-yu sizlarga Allohning azobi kelib qolsa yoki qiyomat vaqti kelib qolsa, Allohdan oʻzgaga iltijo qilgan boʻlarmidinglar?!” – deb ayting.

41.Yoʻq, Uning oʻzigagina iltijo qilgan boʻlardinglar. Alloh xohlasa, balodan qoʻrqib iltijo qilayotganingizni daf qiladi. Sizlar esa shirk keltirib yurganlaringizni unutib yuborasizlar.

42.Ey Rasulim, darhaqiqat, sizdan oldingi ummatlarga ham payg‘ambarlar yuborganmiz. Keyin shoyad, tavba-tazarru qilsalar deb, ularni qiyinchilik va musibatlar bilan sinovga tutganmiz.

43.Koshki, ularga musibatlarimiz kelganida tazarru qilsalar edi. Lekin ularning qalblari qattiq boʻldi va shayton ularga qilayotgan amallarini chiroyli qilib koʻrsatib qoʻydi.

44.Ular eslatma qilib berilgan oʻgitlarni unutganlarida ularga hamma narsaning eshiklarini ochib kengchilik qilib qoʻydik. Toki ularga berilgan neʼmatlar bilan xursand boʻlib turganlarida birdaniga ularni azobimiz bilan tutdik. Oʻsha payt ular umiddan mahrum boʻlib qoldilar.

45.Shunday qilib, zulm qilgan qavmlarning keti qirqildi. Olamlarning Robbisi Allohga hamdlar boʻlsin.

46.Ey Rasulim, ularga: “Qani, aytinglar-chi, agar Alloh quloqlaringizni eshitmaydigan, koʻzlaringizni koʻrmaydigan qilib olib qoʻysa hamda qalblaringizga tamg‘a urib qoʻysa, Allohdan boshqa uni sizga qaytarib beradigan iloh kim ekan?” – deb ayting. Qarang, oyatlarni qanday qilib bayon etmoqdamiz, ular shundan keyin ham haqdan yuz oʻgirmoqdalar.

47.Ey Rasulim, yana ularga: “Qani, menga xabar beringlar-chi, Allohning azobi birdan yoki ochiqchasiga kelib qolsa, zolim qavmlardan boshqasi halok qilinarmidi?!” – deb ayting.

48.Biz payg‘ambarlarni faqat jannat bilan xushxabar beruvchi va doʻzaxdan ogohlantiruvchi qilib yuboramiz. Agarda kim iymon keltirib, oʻzini oʻnglasa oxirat kunida ularga hech qanday xavfu xatar yoʻq va ular g‘am-tashvish ham chekmaydilar.

49.Biroq oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan kimsalarni esa, fosiqlik qilganlari uchun azob kelib tutadi.

50.Ey Muhammad, ularga: “Sizlarga menda Allohning xazinalari bor, demayman, g‘aybni ham bilmayman, “men farishtaman”, ham demayman, men faqat oʻzimga vahiy qilinganga ergashaman”, – deb ayting. Yana ularga: “Koʻradigan odam bilan koʻrmaydigan teng boʻladimi? Tafakkur qilmaysizlarmi axir?!” – deng.

51.Ey Rasulim, Robbilari huzuriga kelib jam boʻlishdan qoʻrqadigan kimsalarni bu Qurʼon bilan ogohlantiring. Chunki ularning Undan boshqa doʻsti ham himoyachisi ham yoʻqdir. Shoyad, ular taqvo qilsalar.

52.Ey Rasulim, Robbilarining rizolik yuzini istab ertayu kech duoda boʻlayotgan kimsalarni yoningizdan haydamang. Ularning qilgan amallarining hisoboti xususida sizning zimmangizda hech narsa yoʻq. Shuningdek, sizning qilgan amalingiz hisoboti xususida ularning zimmalarida hech narsa yoʻqdir. Ularni haydab, zolim kimsalardan boʻlib qolmang.

53.Shunday qilib, Biz ularni “Kelib kelib ichimizdan Alloh anavilarga neʼmat beribdimi?!” – deb aytishlari uchun baʼzilarini boshqalari bilan imtihon qildik. Axir shukr qiluvchilarning kim ekanini Alloh yaxshiroq biluvchi emasmi?

54.Ey Rasulim, agar sizning yoningizga oyatlarimizga iymon keltiradigan kimsalar kelsalar ularga: “Sizlarga salom boʻlsin, Robbingiz Oʻziga maxluqotlari uchun marhamat qilishni yozdi. Sizlardan kimki bilmay turib biron bir yomon ishni qilib qoʻysa va uni orqasidan tavba qilib oʻzini tuzatsa, shak-shubhasiz, U gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

55.Gunohkorlarning yoʻli maʼlum boʻlsin deb, shu yoʻsinda oyatlarmizni batafsil bayon qilmoqdamiz.

56.Ey Rasulim, ularga: “Men Allohdan boshqa sizlar iltijo qilayotganingizga ibodat qilishdan qaytarilganman”, – deb ayting. Yana ularga: “Sizlarning havoyi nafslaringizga ergashmayman. Unda men ham sizlardek toʻg‘ri yoʻldan adashgan boʻlaman va hidoyat topganlardan boʻlmay qolaman”, – deb ayting.

57.Ey Rasulim, ularga qarata: “Men, albatta, Robbimdan kelgan aniq hujjatga egadirman. Sizlar esa uni yolg‘onga chiqardingiz. Sizlar tez boʻlishni xohlayotgan azobning hukmi menda emas. Hukm faqat Alloh uchun xosdir. U faqat haqiqatni bayon qilib beradi. U haq va botil orasini eng yaxshi ayiruvchidir.

58.Ey Rasulim, ularga: “Agar sizlar tez boʻlishni xohlayotgan azobning hukmi menda boʻlganda edi, unda men bilan sizning orangizdagi ish allaqachon nihoyasiga yetardi”, – deb ayting. Alloh zolim kimsalarning qilmishlarini yaxshiroq biluvchidir.

59.G‘aybning kalitlari Uning huzuridadir. Undan boshqasi ularni bilmaydi. U Zot quruqlik va dengizdagi barcha narsalarni biladi. Biror bir barg uzilib tushsa ham, uni biladi. Hatto Yer qaʼridagi qorong‘iliklarda bir urug‘ ham, xoʻlu quruq barcha mavjudotlar ham aniq kitob boʻlgan Lavh ul-Mahfuzda yozib qoʻyilgandir.

60.U tunlari sizlarni vafot ettirib uxlatadigan va kunduzlari nimalar qilganingizni biladigan Zotdir. Soʻngra belgilangan umr muddati ado qilinishi uchun sizlarni undan yana tiriltirib uyg‘otadi. Oxirida qaytishingiz yana Uning huzurigadir. Keyin sizlarga bu dunyoda qilgan amallaringizning xabarini beradi.

61.U bandalarining ustidan mutlaq hukmrondir. Ustingizga qilgan amallaringizni saqlab boruvchi farishtalarni yuboradi. Sizlardan biringizga oʻlim oni kelgan paytda elchilarimiz uning jonini oladilar. Ular vazifalarini benuqson bajaradilar.

62.Keyin bandalar haqiqiy egalari boʻlgan Allohning huzuriga qaytariladilar. Ogoh boʻlinglar, hukm qilish, faqat Uning Oʻzigagina xosdir va U eng tez hisob-kitob qiluvchidir.

63.Ey Muhammad, ularga: “Quruqlik va dengiz zulmatining ofatlaridan sizlarni kim qutqaradi? Oʻshanda sizlar ustingizda yo ichingizda Unga: “Ey Robbimiz, agar bizni bu falokatlardan qutqarsang, albatta, shukr qiluvchilardan boʻlamiz”, – deb duo qilar edingiz”, – deb ayting.

64.Ey Rasulim, “Sizlarni u balolardan va barcha tashvishlardan, faqat Alloh qutqaradi. Shundan keyin ham sizlar yana shirk keltirib yuraverasizlar”, – deb ayting.

65.Ey Rasulim, ularga qarata: “U sizlarning ustingizdan yoki oyoqlaringiz ostidan azob yuborishga yoxud sizlarni turli guruhlarga aralashtirib, bir-biringizning mashaqqatingizni tottirishga ham qodir boʻlgan Zotdir”, – deb ayting. Qarang, fahmlay olsinlar deb, oyatlarni qanday qilib bayon etmoqdamiz.

66.Ey Muhammad, qavmingiz bu Qurʼonning haqligini bilgani holda, yolg‘onga chiqardi. Ularga: “Men sizlarga kafil emasman”, – deb ayting.

67.Har bir xabarning qaror topadigan vaqti va oʻrni bordir. Yaqinda hammasini bilib olasizlar.

68.Ey Rasulim, oyatlarimizga masxara qilib shoʻng‘iyotgan kimsalarni koʻrsangiz, to bundan tiyilib boshqa suhbatga shoʻng‘imagunlaricha, ulardan yuz oʻgiring. Agar shayton sizni yuz oʻgirishdan unuttirib qoʻysa, eslagandan keyin zolim qavmlar bilan birga oʻtirmang.

69.Allohdan qoʻrquvchi kimsalar zimmasida kofirlar amalining hisoboti xususida hech narsa yoʻqdir. Balki Allohdan qoʻrqarlar, deb eslatma berish bor, xolos.

70.Ey Rasulim, oʻtkinchi dunyo hayoti ularni aldab qoʻyib, dinlarini oʻyin-kulgu va bekorchi narsa qilib olganlarni tark qiling. Har bir nafs qilgan yomon ishlari sababli halokatga uchramasliklari uchun bu Qurʼon bilan eslatib, nasihat qiling. Unga qiyomat kunida Allohdan oʻzga biror doʻst ham, shafoatchi ham boʻlmaydi. Agar bor narsani fido qilib bersa ham, undan qabul qilinmaydi. Ana oʻshalar qilgan ishlari tufayli halokatga uchragandirlar. Kufr keltirganlari uchun ularga doʻzaxda qaynoq suv va alamli azob beriladi.

71.Ey Rasulim, ularga: “Allohni qoʻyib, bizga foyda ham bermaydigan, zarar ham yetkaza olmaydigan butlarga iltijo qilamizmi? Alloh bizlarga hidoyat berganidan keyin ham ortimizga qaytarilamizmi?! Unda goʻyo shaytonlar uni chalib ketib, yerda dovdirab yurganida, doʻstlari ungaHey, bizning yonimizga kel”, – deb, adashgan yoʻlidan toʻg‘ri yoʻlga chaqirgan kimsaga oʻxshab qolamiz-ku?!” – deb ayting. Hamda ularga: “Eng toʻg‘ri yoʻl buAllohning hidoyatidir va bizlar olamlar Robbisiga boʻyin egishga buyurilganmiz”, – deb ayting.

72.Hamda bizlarga “Namozni toʻliq ado eting va Uning Oʻzidan qoʻrqinglar”, – deb, amr qilingan. Sizlar U Zotning huzuriga toʻplanasizlar.

73.U osmonlar va Yerni barhaq yaratgan Zotdir. U Zot “Boʻl!” – degan kuni barchasi muhayyo boʻladi. Uning soʻzi haqdir. Qiyomat kunidagi surga puflanadigan kunda butun hukmronlik Uning qoʻlidadir. Alloh yashirin va oshkora barcha narsalarni biluvchi Zotdir. U hikmat egasi – Hakim va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir.

74.Ey Rasulim, Ibrohim otasi Ozarga: “But-sanamlarni iloh qilib olyapsanmi? Men seni va qavmingni aniq zalolatda ekanini koʻryapman”, – deb aytganini eslang.

75.Shunday qilib, Ibrohimga aniq ishonuvchilardan boʻlishi uchun osmonlar va Yerning ulkan saltanatini koʻrsatamiz.

76.Vaqtiki tun uni qoplaganda bir yulduzni koʻrib: “Balki, mana shu mening Robbimdir”, – dedi. Yulduz botib ketgach, u: “Men botib ketuvchilarni sevmayman”, – dedi.

77.Chiqayotgan oyni koʻrib: “Balki, mana shu mening Robbimdir”, – dedi. Oy ham botib ketgach: “Agar Robbim meni Oʻzi toʻg‘ri yoʻlga boshlamasa, unda, albatta, adashgan qavmlardan boʻlib qolaman”, – dedi.

78.Chiqayotgan quyoshni koʻrib: “Balki mana shu mening Robbimdir, axir bu kattaroq-ku”, – dedi. Quyosh ham botib ketgach: “Ey qavmim, hech shak-shubhasiz men sizlar shirk keltirayotgan narsalardan xoliman”, – dedi.

79.Men yuzimni haq yoʻldan toymaydigan hanif boʻlib, osmonlar va Yerni yoʻqdan bor qilgan Zotga burdim hamda men mushriklardan emasman.

80.Qavmi u bilan bahslashganda Ibrohim ularga qarata: “Men bilan Alloh haqida tortishasizlarmi? Shubhasiz, U meni toʻg‘ri yoʻlga boshlagandir. Men sizlar Allohga shirk keltirayotgan narsalaringizdan qoʻrqmayman. Faqat Robbim biror narsani qilishni xohlasa, u boʻladi. Robbimning ilmi barcha narsani qamrab olgan. Eslab ibrat olsangizlar, boʻlmaydimi?” – dedi.

81.Sizlarga u haqda hech qanday dalil tushirilmagan holda Allohga shirk keltirishdan qoʻrqmaysizlar-da, qanday qilib men sizlar shirk keltirgan narsalardan qoʻrqay? Agar bilsangiz, aytinglar-chi, bu ikki toifaning qaysi biri xotirjam boʻlishga haqliroqdir?

82.Iymon keltirgan va iymonlarini zulm bilan aralashtirmagan kimsalar ana oʻshalar uchun haqiqiy omonlik bor, hamda ular toʻg‘ri yoʻlni topganlardir.

83.Ana oʻshalar oʻz qavmiga qarshi Ibrohim uchun bergan hujjatlarimizdir. Biz xohlagan bandamizni yuqori darajalarga koʻtaramiz. Albatta, Robbing hikmat egasi – Hakim va hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

84.Biz unga Ishoqni va Yaʼqubni ato etdik. Barchalarini hidoyatga yoʻlladik. Ilgari Nuhni ham hidoyatga yoʻllagan edik. Hamda uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horun payg‘ambarlarni ham hidoyat qilgan edik. Ezgu amallarni qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz.

85.Shuningdek, Yahyo, Iso va Ilyosni ham hidoyatga yoʻlladik. Barchalari solih kimsalardan edi.

86.Hamda Ismoil, al-Yasaʼ, Yunus va Lut payg‘ambarlarni ham hidoyatga yoʻlladik. Barchalarini butun olamlar uzra afzal qildik.

87.Shuningdek, ularning ota-bobolaridan, zurriyotlaridan va aka-ukalaridan koʻplarini afzal qildik. Ularni odamlar orasidan tanlab olib, toʻg‘ri yoʻlga yetakladik.

88.Bu Allohning hidoyati boʻlib, u bilan xohlagan bandalarini toʻg‘ri yoʻlga soladi. Agarda shirk keltirganlarida edi, butun qilgan amallari behuda ketgan boʻlar edi.

89.Ana ular, biz ularga kitob, hikmat ilmi va payg‘ambarlik bergan zotlardir. Bularni anavi mushriklar inkor qilsalar, u holda ularni inkor etmaydigan qavmni unga vakil qilib qoʻyganmiz.

90.Ana u payg‘ambarlarning barchalari Alloh hidoyatga boshlagan zotlardir, siz ham ularning yoʻllariga ergashing. Ey Muhammad, ularga: “Men sizlardan bu daʼvatim uchun biron bir haq talab qilmayman. Bu Qurʼon butun olamlar uchun faqat bir eslatmadir xolos”, – deb ayting.

91.Yahudiylar: “Alloh inson zotiga hech narsa nozil qilmagan”, – deb Allohning shaʼnini Unga loyiq tarzda toʻg‘ri qadrlamadilar. Ey Rasulim, ularga: “Unda sizlar u kitobni alohida qog‘oz sahifalar holida qilib olib, baʼzilarini maʼlum qilgan, aksariyatini esa yashirgan, ilgari ota-bobolaringiz ham sizlar ham bilmagan maʼlumotlar sizlarga bildirilgan hamda odamlarga nur va hidoyat boʻlib Muso keltirgan kitobni kim nozil qildi?” – deb ayting. Ularga javoban: “Ularni Alloh nozil qildi”, – deng. Shundan keyin ularni oʻz hollariga tashlab qoʻying, botqoqlarida chalg‘ib yuraversinlar.

92.Bu Qurʼon oʻzidan avvalgi kitoblarni tasdiqlovchi, u bilan shaharlar onasi boʻlgan Makka va uning atrofidagi odamlarni ogohlantirishingiz uchun Biz nozil qilgan muborak kitobdir. Oxiratga ishonadigan kimsalar unga iymon keltiradilar. Hamda ular namozlarini muhofaza qiladilar.

93.Allohning shaʼniga yolg‘on toʻqigan yoki oʻziga hech narsa vahiy qilinmagani holda: “Menga ham vahiy qilindi”, – deydigan hamdaAlloh nozil qilganga oʻxshaganni men ham nozil qilaman”, – deb daʼvo qilgan kimsadan ham zolimroq odam bormi? Ey Rasulim, siz oʻshanda u zolimlarni oʻlim talvasasida hamda ajal farishtalari qoʻllarini choʻzib: “Jonlaringizni chiqaringlar, bugun sizlar Alloh shaʼniga nohaq gaplarni aytganlaringiz va oyatlaridan yuz oʻgirib takabburlik qilganlaringiz uchun xorlik azobi bilan jazoga tortilasizlar”, – deb aytayotganlarini koʻrsangiz edi!

94.Dunyoda sizlarga bergan mol-dunyolarni orqangizda tark qilib, sizlarni birinchi marta qanday yaratgan boʻlsak, yana shunday yolg‘iz holda Bizning huzurimizga keldingiz. Oʻz orangizda ular, albatta, Allohga “sherikdirlar”, deb gumon qilgan himoyachilaringizni ham yoningizda koʻrmayapmiz. Ular bilan oʻrtalaringizdagi aloqa uzilib qoldi va ularni iloh deb gumon qilganlaringiz birdan yoʻq boʻlib qoldi.

95.Shubhasiz, Alloh don va urug‘larni yorib chiqaruvchidir. U oʻlikdan tirikni chiqaradi va tirikdan oʻlikni chiqaradi. Ana oʻsha Zot Allohdir. Shunday ekan, haqdan qanday qilib burilib ketyapsizlar?

96.Alloh tongni ottiruvchidir. Tunni sukunat, quyosh va oyni esa bir hisoblash vasilasi qildi. Bu izzati ulug‘ – Aziz va hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotning oʻlchovidir.

97.U sizlarga quruqlik va dengiz qorong‘iliklarida adashmay yoʻl topishingiz uchun yulduzlarni yaratgan Zotdir. Haqiqatan, biladigan qavmlar uchun oyatlarni batafsil bayon qilib berdik.

98.U sizlarni bir jondan vujudga keltirdi. Oxirat – qarorgoh bu dunyo esa omonatgohdir. Fahmlaydigan qavmlar uchun oyatlarni batafsil bayon qilib berdik.

99.U osmondan suv yog‘dirib tushirgan Zotdir. Bu suv bilan har turli nabototlarni undirib chiqardik. Bu nabototlardan yashil ekinlarni chiqardik. Bu ekinlardan esa uyum-uyum donlarni chiqaramiz. Xurmo daraxtining novdalaridan esa yerga yaqin boʻlib tegay deb turgan mevali shodalar undirdik. Hamda anvoyi uzum bog‘lari, bir-biriga oʻxshagan va oʻxshamagan turli zaytun va anorlarni chiqaramiz. Ularning sekin-asta yetishayotgan g‘oʻr hosiliga va mevasining pishib yetilishiga bir nazar solinglar. Shubhasiz, mana bularda iymon keltirgan qavmlar uchun alomatlar bordir.

100.Mushriklar Allohga jinlarni sherik qildilar. Vaholanki, u jinlarni ham Alloh yaratgandir. Hamda nodonlarcha Unga oʻg‘il va qizlarni ham toʻqib oldilar. Subhanalloh, Alloh ular sifatlayotgan narsalardan munazzah va ulug‘ Zotdir.

101.Alloh osmonlaru Yerning yaratuvchisidir. Uning rafiqasi boʻlmay turib, bolasi qanday boʻlsin?! U barcha maxluqotni yaratdi. Alloh hamma narsani bilib turuvchi Zotdir.

102.Mana shu Robbingiz boʻlgan Allohdir. Undan oʻzga hech qanday iloh yoʻqdir. U barcha narsaning yaratuvchisidir, demak, faqat Unga ibodat qilinglar. U har narsaning ustida vakildir.

103.Koʻzlar Uni idrok qila olmaydi, U esa koʻzlarni idrok qila oladi. U nozik narsalarni koʻra oluvchi – Latif va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir.

104.Robbingizdan sizlarga ravshan dalillar kelgan. Kimki ibrat bilan koʻra olsa, bu oʻzining foydasigadir. Kimki haqiqatga koʻr boʻlsa, oʻzining zararigadir. Ey Rasulim, ularga: “Men tepangizda qoʻriqchi emasman”, – deb ayting.

105.Ularni yaxshi dars olibsan deyishlari va fahmlaydigan qavmlarga bayon qilish uchun oyatlarni mana shu tariqa boʻlib-boʻlib aytib bermoqdamiz.

106.Ey Muhammad, Robbingizdan sizga vahiy qilingan oyatlarga ergashing. Undan oʻzga hech qanday iloh yoʻqdir. Mushriklardan esa yuz oʻgiring.

107.Ey Rasulim, Agar Alloh xohlasa edi, ular shirk keltirmagan boʻlardilar. Sizni esa ularning tepasiga qoʻriqchi qilib qoʻymaganmiz hamda siz ularga vakil emassiz.

108.Allohdan boshqaga sig‘inadiganlarni soʻkib yurmanglar. Aks holda, ular ham haddan oshib, johillik bilan Allohni soʻkib yuboradilar. Shunday qilib, har bir ummatga qilayotgan ishlarini oʻziga chiroyli qilib koʻrsatib qoʻydik. Keyin oxirida barchalarining boradigan joylari Robbilari huzurigadir. Soʻngra ularga qilgan ishlarining xabarini beradi.

109.Agar ularga biron bir oyat kelsa, albatta, iymon keltirishlariga doir jon-jahd bilan Allohga qasam ichadilar. Ey Rasulim, ularga: “Shubhasiz, oyatlar Allohning huzuridadir”, – deb ayting. Ularga oyat va moʻʼjizalar kelganda ham iymonga kelmasliklarini sezmayapsizmi?

110.Birinchi marta berilgan moʻʼjizalarga iymon keltirmaganlaridek ularning qalblarini va koʻzlarini teskari qilib qoʻyamiz va tug‘yonlarida tentiragan hollarida tashlab qoʻyamiz.

111.Bordi-yu Biz ularga osmondan farishtalarni tushirsak ham, oʻliklar tirilib kelib ularga gapirsalar ham va barcha narsani guvohlik uchun jamlab koʻz oʻnglarida qoʻysak ham, Alloh xohlamasa, iymon keltirmagan boʻlar edilar. Lekin ularning aksariyati johillik qilmoqdalar.

112.Ana shunday qilib, har bir payg‘ambarga inson va jinlardan boʻlgan shaytonlarni dushman qilib qoʻydik. Baʼzilari baʼzilarini aldash uchun usti yaltiroq soʻzlar bilan pichirlab vasvasa qiladilar. Agar Robbingiz xohlasa, ular bunday qilolmas edilar. Ularni toʻqiyotgan yolg‘onlari bilan oʻz hollariga tashlab qoʻying.

113.Shaytonlar u yaltiroq gaplarga oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning koʻngillari moyil boʻlib og‘ishi, u soʻzlardan rozi boʻlib, qiladigan gunohlarida davom etishlari uchun vasvasa qiladilar.

114.Ey Rasulim, ularga: “Allohdan oʻzgani istab hakam qilib olaymi? Axir U sizlarga bu kitobni batafsil qilib nozil qilgan Zotdir”, – deb ayting. Biz kitob bergan yahudiy va nasroniy boʻlgan kimsalar aslida, albatta, bu Qurʼonning, haqiqatan, Robbingiz tarafidan nozil qilinganligini biladilar. Bas, shunday ekan, aslo shubha qiluvchilardan boʻlmang.

115.Robbingizning soʻzi toʻg‘rilik va adolat jihatida kamoliga yetgandir. Uning soʻzlarini aslo oʻzgartiruvchi yoʻqdir. Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

116.Ey Rasulim, Yer yuzidagi koʻp johil kimsalar soʻziga itoat qiladigan boʻlsangiz, ular sizni Allohning yoʻlidan uradilar. Ular faqat gumonlarga ergashadilar va faqat aldoqchilik qiladilar.

117.Shubhasiz, Robbingiz Oʻz yoʻlidan adashgan kimsani ham yaxshi biluvchi va U hidoyat yoʻlida yurganlarni ham juda yaxshi biluvchi Zotdir.

118.Agar Uning oyatlariga iymon keltirgan boʻlsangizlar, Allohning nomi aytilib soʻyilgan halol narsalardan tanovul qilaveringlar.

119.Sizlarga nima boʻldiki, uning ustida Allohning ismi zikr qilingan narsalardan yemaysizlar?! Vaholanki, U sizlarga majbur boʻlganingizdan tashqari barcha harom qilgan narsalarni batafsil bayon qilib bergan edi. Albatta, koʻpchilik maʼlumotga ega boʻlmay turib, havoyi nafslari bilan odamlarni adashtiradilar. Shubhasiz, Robbingiz haddidan oshganlarni juda yaxshi biluvchi Zotdir.

120.Gunoh ishlarning ochiqchasini ham, yashirinchasini ham tark qilinglar. Gunoh ishlarni kasb qilgan kimsalar, albatta, qilmishlariga yarasha jazo oladilar.

121.Allohning nomi aytilmay soʻyilgan narsalardan yemanglar, chunki u fosiqlikdir. Shaytonlar oʻz doʻstlarini sizlar bilan janjallashish uchun vasvasa qiladi. Agar ularga itoat qiladigan boʻlsangizlar, u holda, shubhasiz, sizlar ham mushriklardan boʻlasizlar.

122.Qalbi oʻlik ekanligida Biz bergan iymon nuri bilan odamlar orasida yuradigan kimsa zulmatlarda qolib undan chiqolmaydigan kimsaning ahvoli kabi boʻla oladimi? Shuningdek, kofirlarga oʻz qilayotgan ishlari chiroyli qilib qoʻyildi.

123.Shuningdek, har bir shahar va qishloqlarda u yerda nayrang qilishlari uchun eʼtibori katta odamlarni jinoyatchilar qilib qoʻydik. Ular oʻzlari sezmagan hollarida faqat oʻzlariga nayrang qilmoqdalar.

124.Ularga bir oyat kelgan paytda: “Allohning Rasullariga berilgan moʻʼjizalarga oʻxshash narsalar bizga ham berilmaguncha aslo iymon keltirmaymiz”, – deydilar. Alloh payg‘ambarlikni qaerga va qanday qilib berishni juda yaxshi biladi. Yaqinda jinoyat qilgan kimsalarga amalga oshirgan makrlari tufayli Allohning huzurida xorlik va shiddatli azob yetadi.

125.Alloh kimni hidoyat qilishni xohlasa uning koʻnglini Islom uchun keng qilib ochib qoʻyadi. Agarda kimni toʻg‘ri yoʻldan adashtirishni xohlasa, uning koʻnglini xuddi osmonga koʻtarilib ketayotgan odamdek tor va siqilgan qilib qoʻyadi. Shunday qilib, Alloh iymon keltirmaydiganlarga yomonlikni ravo qilib qoʻyadi.

126.Mana shu Robbingizning toʻg‘ri yoʻlidir. Eslatma oluvchi qavmlar uchun oyatlarni batafsil bayon qildik.

127.Ular uchun Robbilari huzurida omonlik diyori bordir. U Zot moʻminlarning qilgan yaxshi amallari uchun ularga doʻstdir.

128.Alloh qiyomat kunida ularning barchasini toʻplab: “Ey jinlar jamoasi, insonlardan oʻzingizga og‘ganini koʻpaytirdingiz”, – deydi. Shunda ularning insonlardan boʻlgan doʻstlari: “Ey Robbimiz, bizlar oʻtkinchi dunyoda birimiz birimizdan foydalangan edi. Endi esa Oʻzing bizlarga tayin qilgan ajalimizga yetib keldik”, – deydi. Alloh ularga: “Sizlarning joyingiz doʻzax, endi u yerda qolasizlar. Faqat Alloh xohlagani bundan mustasnodir”, – deydi. Albatta, Alloh hikmat egasi – Hakim va hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

129.Shunday qilib, zolimlarning qilgan yomon kasblari tufayli birini biriga bog‘lab doʻst qilib qoʻyamiz.

130.Ey jinlar va insonlar jamoasi! Sizlarga ichingizdan oyatlarimni soʻzlab beradigan, yoʻliqadigan bu kuningiz haqida sizlarni ogohlantirgan elchilarimiz kelmaganmidi? Ular: “Oʻzimizga qarshi guvohlik beramiz”, – deydilar. Oʻtkinchi dunyo hayoti ularni aldab qoʻydi va kofir ekanliklariga doir oʻzlariga qarshi oʻzlari guvohlik berdilar.

131.Chunki bu Robbingizning aholisi ogohlantirishdan bexabar boʻlgan oʻlkalarni zulm bilan halok qiluvchi emasligidir.

132.Har kimning qilgan amallariga koʻra darajalar bordir. Robbingiz ularning qilayotgan ishlaridan bexabar emasdir.

133.Robbingiz hech narsaga muhtoj boʻlmagan rahmat egasidir. Xuddi sizlarni boshqa qavmning zurriyotidan yaratganidek, istasa, sizlarni ham ketkazib, ortingizdan Oʻzi istagan boshqa qavmni oʻrinbosar qiladi.

134.Sizlarga vaʼda qilinayotgan narsalar, albatta, keluvchidir. Sizlar boʻladigan ishlarda Allohni ojiz qila olmaysizlar.

135.Ey Rasulim, ularga: “Ey qavmim, qoʻlingizdan kelgan imkoniyatga qarab, buzuq aqidangizga koʻra amal qilaveringlar. Men ham oʻzimga buyurilgandek amal qiluvchiman. Oxirat diyorining chiroyli oqibati kimga nasib qilishini yaqinda bilib olasizlar. Chunki zolimlar, albatta, najot topmaydi”, – deb ayting.

136.Mushriklar Alloh yaratgan ekin-tikin va hayvonlardan Allohga bir hissa ayirib, oʻzlaricha: “Bu Alloh uchun, bu esa sherik qilgan butlarimiz uchun”, – der edilar. Sheriklari uchun boʻlgani Allohga yetib bormas ekan, lekin Alloh uchun ayirganlari butlariga yetib borar ekan. Naqadar yomon hukm chiqaryaptilar.

137.Shunday qilib, sherik qilgan butlari mushriklardan koʻpini halokatga uchratish va dinlarini chalkashtirib yuborishlari uchun bolalarini butlari uchun qurbon qilishdek jirkanch ishni chiroyli qilib koʻrsatib qoʻydi. Agar Alloh xohlasa bunday qilolmas edilar. Ey Rasulim, ularni qilayotgan bu boʻhtonlarida oʻz holiga tashlab qoʻying.

138.Ular yana oʻzlaricha: “Bu hayvonlar va ekinlarning isteʼmoli man qilingandir. Uni faqat biz istaganlar yeyishi mumkin. Hamda hayvonlarning ustiga minish harom qilingandir. Baʼzi hayvonlar soʻyilayotganda ularga Allohning nomi aytilmaydi”, – deb, U Zotning shaʼniga boʻhton toʻqiydilar. Alloh qilayotgan tuhmatlari uchun yaqinda ularni jazolaydi.

139.Mushriklar yana: “Bu hayvonlarning qornidagilar tirik tug‘ilsa, faqat erkaklarimizga xos boʻlib, xotinlarimizga esa haromdir. Agar oʻlik boʻlib tug‘ilsa, u holda ular unga sherikdirlar”, – deydilar. Alloh ularning bunday xulosalari uchun yaqinda jazo beradi. Albatta, U hikmat egasi – Hakim va hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

140.Oʻz farzandlarini ahmoqlik qilib johillik bilan oʻldirgan, Allohga boʻhton qilib Alloh ularga rizq qilib bergan hayvonlarni haromga chiqargan kimsalar, haqiqatan, oʻzlariga ziyon qildilar hamda ular hidoyatga erishganlardan boʻlmadilar.

141.U ishkomlarga koʻtarilib qoʻyiladigan va koʻtarilmay yerda yetishadigan bog‘larni yaratgan Zotdir. Hamda mazasi turli boʻlgan xurmo va ekinlarni, bir-biriga oʻxshaydigan va oʻxshamaydigan zaytun va anorlar daraxtlarini yaratdi. Pishib yetilganda, mevalaridan yenglar va hosil yig‘imi kunida haqini ado etinglar. Isrofgarchilik qilmanglar, albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi.

142.Hayvonlardan esa, yuk tashiydigan va yotqizib soʻyiladiganlarini yaratdi. Alloh sizlarga rizq qilib bergan narsalardan yenglar. Shaytonning izlaridan ergashmanglar, albatta, u sizlarga aniq dushmandir.

143.Uy hayvonlari sakkiz juft boʻlib ular, qoʻydan erkak va urg‘ochi ikki juft va echkidan erkak va urg‘ochi ikki juftdir. Ey Rasulim, uni oʻzlaricha harom deb olganlarga: “Ikki erkakni harom qildimi yoki ikki urg‘ochinimi? Yoki boʻlmasa ikki urg‘ochining qornidagi homilanimi? Agar rostgoʻy boʻlsangiz, menga hujjat bilan xabar bering”, – deb ayting.

144.Hamda tuyadan erkak va urg‘ochi ikki juft va qoramoldan erkak va urg‘ochi ikki juftdir. Ey Rasulim, uni oʻzlaricha harom deb olganlarga: “Ulardan ikki erkakni harom qildimi yoki ikki urg‘ochinimi? Yoki boʻlmasa ikki urg‘ochining ichidagi homilanimi? Yoki Alloh bu haqida sizlarga hukm tavsiya qilayotganida guvoh boʻlib turganmidingiz? Maʼlumotga ega boʻlmagan holda odamlarni yoʻldan adashtirish uchun Alloh shaʼniga yolg‘on toʻqigan kimsadan ham zolimroq boʻlgan kim bor?” – deb ayting. Alloh, albatta, zolim qavmlarni toʻg‘ri yoʻlga boshlamaydi.

145.Ey Muhammad, ularga: “Menga vahiy qilingan Qurʼonda sizlar aytgan narsalarni tanovul qiluvchiga harom qilingan deb topmayapman. Faqatgina unda oʻlimtik, toʻkilgan qon, choʻchqa goʻshti, chunki u iflosdir yoki fosiqlik bilan Allohdan boshqasiga atab soʻyilganlar bor”, – deb ayting. Bordi-yu kimda-kim nochor holda ulardan yeyishga majbur qolsa, haddan va meʼyordan oshmay ozgina yesa, gunoh boʻlmaydi. Chunki Robbingiz, albatta, gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

146.Yahudiy boʻlgan kimsalarga maxsus barcha tirnoqli hayvonlarni harom qildik. Ularga mol va qoʻylarning yog‘larini ham harom qildik. Faqat bu hayvonlarning biqinlari, ichaklari va suyaklariga yopishgan yog‘lari halol edi. Haddilaridan oshganliklari sababli ularni shunday jazoladik. Albatta, Biz rost aytuvchimiz.

147.Ey Rasulim, agar sizni yolg‘onchiga chiqarsalar ularga: “Robbingiz rahmati keng Zotdir. Biroq uning gunohkor qavmlarga beradigan azobi orqaga qaytarilmaydi”, – deb ayting.

148.Ey Rasulim, yaqin orada shirk keltirgan kimsalar: “Alloh xohlaganida biz ham, ota-bobolarimiz ham shirk keltirmagan va biror narsani harom qilmagan boʻlar edik”, – deydilar. Ulardan burungilar ham, to azobimizni totib koʻrmagunlaricha payg‘ambarlarni xuddi shu kabi yolg‘onchiga chiqargan edilar. Ey Rasulim, ularga: “Sizlarda bizga chiqarib koʻrsatadigan biron bir ilmdan dalil bormi? Sizlar faqatgina gumonlarga ergashyapsizlar. Hamda sizlar faqat yolg‘on aytmoqdasizlar”, – deb ayting.

149.Ey Rasulim, ularga: “Qatʼiy yetuk dalil faqat Allohnikidir. Agar U xohlaganda edi, barchangizni hidoyat qilgan boʻlar edi”, – deb ayting.

150.Ey Rasulim, ularga: “Mana bularni Alloh harom qilganligiga doir guvohlik beruvchi shohidlaringizni keltiringlar”, – deb ayting. Agar ular guvohlik bersalar ham, siz ular bilan birga guvohlik bermang. Hamda oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan kimsalarning havoyi nafslariga ergashmang. Ular Robbilariga boshqalarni tenglashtirib shirk keltiryaptilar.

151.Ey Rasulim, ularga: “Kelinglar, Robbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni oʻqib beraman. U Zotga hech narsani sherik qilmanglar. Ota-onaga yaxshilik qilinglar. Kambag‘allikdan qoʻrqib farzandlaringizni oʻldirmanglar. Biz sizlarga ham, ularga rizq beramiz. Buzuq ishlarning oshkorasiga ham, undagi yashirinchasiga ham yaqinlashmanglar. Alloh oʻldirishni man qilgan jonni nohaq oʻldirmanglar. Shoyad, aql yuritsangiz, deb Alloh sizlarga bularni tavsiya qildi”, – deb ayting.

152.Shuningdek, yetimning moliga to voyaga yetguncha unga foyda boʻladigan eng chiroyli yoʻldan boshqa tarzda yaqinlashmanglar. Oʻlchov va tarozini adolat bilan bajaringlar. Hech qaysi bir jonga kuchi yetmaydigan narsani taklif qilmaymiz. Agar guvoh boʻlib soʻzlasangiz, garchi qarindoshingiz boʻlsa ham, adolatli boʻlinglar. Allohga bergan ahdingizga vafo qilinglar. Shoyad, oʻgit olarsizlar deb, Alloh sizlarga bularni tavsiya qildi.

153.Shubhasiz, mana shu Mening toʻg‘ri yoʻlimdir, bas, unga ergashinglar. Boshqa yoʻllarga ergashmanglar, aks holda, ular sizlarni Uning haq yoʻlidan ayiradilar.

154.Soʻngra bani Isroil avlodlaridan yaxshilik qilganlarga neʼmatimizni batamom berish, har bir narsani batafsil bayon qilish uchun hidoyat va rahmat qilib Muso payg‘ambarga Tavrot kitobni berdik. Shoyad, ular Robbilariga roʻbaroʻ kelishga iymon keltirsalar.

155.Mana bu Qurʼon – Biz nozil qilgan muborak kitobdir. Unga ergashinglar va Allohdan qoʻrqinglar, shoyad, rahm qilinasizlar.

156.Kitob faqat bizlardan oldingi yahudiy va nasroniy boʻlgan ikki toifaga tushirilgan edi. Bizlar esa ularning oʻqiyotganlaridan bexabar edik, deb bahona aytmasligingiz uchun uni nozil qildi.

157.Yoki boʻlmasa “Agar bizga ham kitob tushirilganda edi, albatta, biz ulardan koʻra toʻg‘riroq yoʻlda boʻlar edik”, – deb aytmasligingiz uchun ham uni nozil qildi. Shubhasiz, sizlarga Robbingizdan dalil, hidoyat va rahmat kelgandir. Allohning oyatlarini yolg‘onga chiqargan va undan yuz oʻgirgandan ham zolimroq kimsa bormi? Oyatlarimizdan yuz oʻgirgan kimsalarni yaqinda yuz oʻgirib yurganlari uchun yomon azob bilan jazolaymiz.

158.Ular faqat ajal farishtalari kelishiga, Robbingdan azob kelishiga yoki Robbingizdan baʼzi bir ishoratlar kelishiga qarab oʻtiribdilar. Robbingning baʼzi alomatlari kelgan kunda hech bir jonga, oldin iymon keltirmagan yoki iymon keltirgan taqdirda ham iymonida yaxshilik kasb qilmagan boʻlsa, iymoni foyda bermaydi. Ey Rasulim, ularga: “Kutib oʻtiraveringlar bizlar ham kutib turuvchimiz”, – deb ayting.

159.Dinlarini ayirib guruh boʻlib olgan kimsalar borasida sizning ular bilan hech narsada aloqangiz yoʻqdir. Ularning ishi faqat Allohga havola boʻlgandir. Keyin ularga qilgan ishlarining xabarini beradi.

160.Kimki Allohning huzuriga bir yaxshi amal bilan kelsa, unga uning oʻn misli savob beriladi, kimki bir yomon amal bilan kelsa, unga faqat uning bir mislicha jazo beriladi va ularga nohaqlik qilinmaydi.

161.Ey Muhammad, ularga: “Shubhasiz, Robbim meni toʻg‘ri yoʻlga, haq dinga, haq yoʻldan toymagan Ibrohimning hanif diniga yoʻllab qoʻygan, u mushriklardan emas edi”, – deb ayting.

162.Ey Muhammad, ularga: “Namozim, ibodatim, hayotim va mamotim, albatta, olamlarning Robbisi boʻlgan Alloh uchundir”, – deb ayting.

163.Uning aslo sherigi yoʻqdir. Men mana shunga buyurilganman va men Allohga taslim boʻlganlarning avvaliman.

164.Ey Rasulim, ularga: “U barcha narsaning Robbisi boʻlgani holda, men Allohdan boshqa bir robni izlaymi?” – deb ayting. Har bir nafsning qilgan yomonligi oʻzining zararigadir. Hech bir gunoh koʻtarib yuruvchi boshqasining yukini koʻtarmaydi. Oxirida qaytar joyingiz Robbingiz huzurigadir. Ana oʻshanda sizlarga tortishayotgan narsalaringiz haqida xabar beradi.

165.U sizlarni Yer yuzining xalifalari qilib, bergan neʼmatlarida sizlarni sinash uchun baʼzingizni baʼzingizdan yuqori darajalarga koʻtargan Zotdir. Albatta, Robbing jazosi tez boʻlgan Zotdir. Hamda U gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.