17 Dhul-Hijjah 1447 AHJune 3, 2026, Wednesday

Surah Ahzob

Revealed in Madina.

Juz 21,Surah 33,73 verses

1.Ey Payg‘ambar, Allohdan qoʻrqing. Kofirlar va munofiqlarga itoat qilmang. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

2.Robbingiz tomonidan sizga vahiy qilinadigan oyatlarga ergashing. Albatta, Alloh sizlar qilayotgan ishlardan xabardordir.

3.Allohga tavakkul qiling. Allohning Oʻzi barcha narsaga yetarli vakildir.

4.Alloh hech bir kishining ichida ikki yurak qilgan emasdir. Shuningdek, sizlar zihor qiladigan xotinlaringizni ham sizlarga ona qilgan emas va asrandi bolalaringizni ham oʻz bolalaringiz qilgan emasdir. Bu, faqatgina sizlarning og‘izlaringizdagi soʻzingizdir. Alloh esa haqiqatni aytadi va Uning Oʻzi toʻg‘ri yoʻlga boshlaydi.

5.Boqib olgan bolalaringizni oʻz otalari ismi bilan chaqiringlar. Shu Alloh nazdida adolatliroqdir. Bas, agar ularning otalarini bilmasangizlar, u holda ular sizlarning diniy birodarlaringiz va doʻstlaringizdir. Qilgan xatolaringiz tufayli sizlarga gunoh yoʻqdir, lekin koʻngillaringiz bilan qasd qilingan narsalar xususida gunohkor boʻlasizlar. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

6.Payg‘ambar, moʻminlarga oʻz jonlaridan ham qiymatliroqdir, uning ayollari esa ularning onalaridir. Allohning kitobida qarindoshlar merosxoʻrlikda bir-birlariga qarindosh boʻlmagan moʻminlardan va muhojirlardan koʻra haqliroqdirlar. Biroq sizlar diniy doʻstlaringizga meros berishlik bilan yaxshilik qilishingiz mumkin. Bu, kitobda bitib qoʻyilgan hukmdir.

7.Ey Muhammad, Biz payg‘ambarlardan hamda sizdan, Nuhdan, Ibrohim, Muso va Iso ibn Maryamdan ham ahd olganimizni eslang. Biz ulardan qatʼiy ahd olganmiz.

8.Bular rostgoʻylardan qiyomatda sodiqliklari haqida soʻrash uchun edi. Alloh qiyomatda kofirlar uchun alamli azob tayyorlab qoʻygandir.

9.Ey iymon keltirganlar, Allohning sizga bergan neʼmatini eslanglar. Oʻshanda sizlarga qarshi turli firqalardan iborat qoʻshinlar kelganda Biz ularning ustiga shamol va sizlar koʻrmagan farishtalardan iborat qoʻshinlarni yuborgan edik. Alloh qilayotgan barcha amallaringizni koʻrib turuvchi Zotdir.

10.Oʻshanda ular sizlarning ustingizdan ham, sizlardan quyi tomondan ham bostirib kelgan edilar. Oʻsha payt koʻzlar tinib, yuraklar halqumga tiqilib qolgan va sizlar Alloh haqida turli xil gumonlar qila boshlagan edingizlar.

11.Ana oʻsha joyda moʻminlar yana bir bor imtihon qilindilar va bu dahshatdan qattiq larzaga tushdilar.

12.Oʻshanda munofiqlar va dillarida illat boʻlgan kimsalar: “Alloh va Uning payg‘ambari bizlarga faqat yolg‘on vaʼda qilgan ekan-da”, – deb ayta boshladilar.

13.Oʻshanda ulardan bir toifasi: “Ey Yasrib ahli, sizlar uchun bu qadar kuchli yovga qarshi turish imkoni yoʻqdir, bas, oʻz orqangizga qaytib ketinglar”, – dedi. Ulardan yana bir guruhi esa: “Uylarimiz ochiq-sochiq qoldi”, – deb Payg‘ambardan ruxsat soʻradilar. Holbuki, ularning uylari ochiq-sochiq emas edi. Ular faqat jang maydonidan qochishni xohlardilar.

14.Agar munofiqlarning ustiga Madinaning turli tomonlaridan bostirib kirilsa, soʻngra ulardan musulmonlarga xiyonat qilish uchun fitna talab qilinsa, aniqki, ular koʻp oʻylanib turmasdan xiyonatga rozilik bergan boʻlar edilar.

15.Holbuki, ular oldin jangda orqaga chekinmasliklari haqida Alloh bilan ahdlashgan edilar, Allohga berilgan ahd esa qiyomat kunida masʼuliyatdir.

16.Ey Muhammad, ularga: “Agar sizlar oʻlishdan yo oʻldirilishdan qochsangizlar, bu qochish sizlarga aslo foyda bermaydi, shunday ekan, sizlar bu oʻtkinchi dunyoda faqat juda kam foydalanib qolasizlar”, – deb ayting.

17.Ey Rasulim yana, ularga: “Agar Alloh sizlarga yomonlikni iroda qilsa yoki yaxshilikni xohlasa sizlarni kim undan toʻsa oladi”, – deb ayting. Ular oʻzlariga Allohdan boshqa doʻst ham, yordamchi ham topa olmaydilar.

18.Alloh sizlarning orangizdagi jihodga toʻsqinlik qiladigan va oʻz doʻstlariga: “Biz tomonga kelinglar”, – deydigan kimsalarni aniq biladi. Ular jangga juda oz keladilar.

19.Jangga kelsalar ham sizlarga nisbatan baxillik qilib keladilar. Bas, agar dushman tomonidan xavf kelsa, oʻlim talvasasidagi kishiga oʻxshab, koʻzlari aylanib siz tomonga qarayotganlarini koʻrasiz. Bas, qachonki xavf ketganda yaxshilik ustida ochkoʻzlik qilib, oʻtkir tillar bilan sizlarga ozor beradilar. Ular chindan iymon keltirmagan edilar. Bas, shu sababli Alloh ularning amallarini behuda ketkazdi va bu ish Allohga osondir.

20.Munofiqlar qoʻrqoqliklari sababli dushman firqalarni ketmagan deb oʻylaydilar. Agarda u firqalar qaytib kelib qolsalar, munofiqlar koʻchmanchi badaviylar orasida boʻlib, sizlarning mag‘lubiyatingiz haqida xabar soʻrab turishni istaydilar. Agarda ular orangizda boʻlganlarida ham kamdan-kam jang qilgan boʻlar edilar.

21.Ey moʻminlar, sizlar uchunAllohdan va oxirat kunidan umidvor boʻlgan hamda Allohni koʻp zikr qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambari xulqida goʻzal namuna bordir.

22.Moʻminlar dushman guruhlarini koʻrgan paytlarida: “Bu Alloh va Uning Payg‘ambari bizlarga vaʼda qilgan narsadir. Alloh va Uning Payg‘ambari rost aytadi”, – dedilar. Bu ularning iymon va itoatlarini yanada orttirdi.

23.Moʻminlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq qolgan kishilar bordir. Bas, ulardan oʻz ahdiga vafo qilib shahid boʻlgani va ulardan shahid boʻlishni kutayotgani ham bordir. Ular oʻz ahdu paymonlarini aslo oʻzgartirganlari yoʻq.

24.Alloh ahdiga sodiq kishilarning sadoqatlari tufayli mukofotlashi uchun, munofiqlarni esa, agar xohlasa, munofiq hollarida oʻldirib azobga giriftor qilishi yoki tavbalarini qabul qilishi uchun ushbu sinovga duchor qildi. Albatta, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

25.Alloh kofir firqalarni g‘azablari bilan ortlariga qaytardi. Ular hech qanday yaxshilikka erishmadilar. Alloh moʻminlarga jang borasida Oʻzi kifoya qildi. Shubhasiz, Alloh kuchli va qudratli Zotdir.

26.Alloh dushman guruhlarga yordam bergan, ahli kitobdan iborat kimsalarni oʻz qalʼalaridan tushirdi va qalblariga qoʻrquv soldi. Endi, siz ulardan bir guruhni oʻldirasizlar, bir guruhni esa asir olasizlar.

27.Hamda sizlarga ularning yerlarini, yurtlarini, mollarini va qadamingiz yetmagan yerni meros qilib berdi. Alloh har bir narsaga qodir Zotdir.

28.Ey Payg‘ambar, juftlaringizga: “Agar sizlar dunyo hayotini va uning zebu ziynatlarini istaydigan boʻlsangizlar, u holda kelinglar, men sizlarni oʻsha narsalar bilan bahramand qilay va yaxshilikcha javob berib, qoʻyib yuboray”, – deb ayting.

29.Agar Allohni va Uning payg‘ambarini hamda oxirat diyorini xohlaydigan boʻlsangiz, u holda Alloh sizlarning orangizdan yaxshi amal qiluvchilar uchun ulkan mukofot tayyorlab qoʻygan.

30.Ey Payg‘ambarning ayollari, sizlardan kim aniq gunoh ishni qilsa, unga beriladigan azob ikki marta koʻpaytirib beriladi. Bu ish esa Allohga osondir.

31.Sizlardan kim Alloh va Uning Payg‘ambariga itoat qilsa hamda solih amal qilsa, Biz mukofotini ikki barobar qilib beramiz va uning uchun jannatda goʻzal rizq tayyorlab qoʻyganmiz.

32.Ey Payg‘ambarning ayollari, agar taqvo qilsangizlar, sizlar boshqa ayollarning birortasi kabi emassizlar. Bas, sizlar nomahram erkaklarga mayin soʻz qilmanglar, aks holda qalbida buzuqlik boʻlgan kimsa taʼma qilib qoladi. Soʻzni oddiy qilib, toʻg‘ri aytinglar.

33.Besabab tashqariga chiqmay uylaringizda qaror topinglar. Koʻchaga chiqqanlaringizda esa oldingi johiliyat davridagi yasanishdek yasanmanglar. Namozni mukammal toʻliq qilinglar, zakotni beringlar hamda Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etinglar! Ey Payg‘ambarning xonadon ahli, Alloh sizlardan nopoklikni ketkazishni va sizlarni butunlay poklashni istaydi, , xolos.

34.Uylaringizda Allohning tilovat qilinadigan oyatlari va hikmatni zikr qilinglar. Albatta, Alloh nozik narsalarni koʻra oluvchi – Latif va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir.

35.Albatta, muslim va muslimalar, moʻmin va moʻminalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, sadoqatli erkaklar va sadoqatli ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozeli erkaklar va tavozeli ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, roʻza tutuvchi erkaklar va roʻza tutuvchi ayollar, avratlarini haromdan saqlovchi erkaklar va avratlarini haromdan saqlovchi ayollar, Allohni koʻp zikr qiluvchi erkaklar va Allohni koʻp zikr qiluvchi ayollar – ana ular uchun Alloh mag‘firat va ulkan mukofot tayyorlab qoʻygandir.

36.Alloh va Uning payg‘ambarlari bir ishni hukm qilgandahech bir moʻmin va moʻminaga uni bajarish yoki bajarmaslik ishlarida ixtiyor boʻlishi mumkin emas. Kimki Alloh va Uning payg‘ambariga osiylik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yoʻldan adashibdi.

37.Ey Muhammad, Alloh hidoyat bilan neʼmat bergan va siz ham qullikdan ozod qilish orqali inʼom qilgan shaxs Zayd ibn Horisaga: “Juftingni taloq qilishga shoshmay oʻzingda saqlagin va Allohdan qoʻrqqin”, – deb aytganingizni eslang. Alloh oshkor qiluvchi boʻlgan narsani ichingizda maxfiy tutardingiz va odamlarning ig‘vosidan qoʻrqar edingiz, holbuki, Allohdan qoʻrqmog‘ingiz haqliroq edi. Bas, qachonki, Zayd undan ehtiyojini ado etib taloq qilgach Biz sizni unga uylantirdik. Toki moʻminlarga asrandi bolalari oʻz xotinlaridan hojatlarini ado etishgach ularga uylanishlarida tanglik boʻlmasligi uchun shunday qildik. Allohning amri esa qilinuvchidir.

38.Allohning payg‘ambarga halol deb farz qilgan narsada unga tanglik boʻlmaydi. Bu oldingi oʻtgan payg‘ambarlar haqidagi Allohning yoʻlidir. Allohning amri belgilangan qadar boʻlgandir.

39.Oʻtgan payg‘ambarlar Allohning farmonlarini bandalarga yetkazadigan, faqat Undan qoʻrqadigan va Allohdan oʻzgadan qoʻrqmaydigan zotlardir. Allohning Oʻzi hisob qiluvchilikka kifoyadir.

40.Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasining otasi emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning oxirgisidir. Alloh barcha narsani biluvchi Zotdir.

41.Ey iymon keltirganlar, Allohni koʻp zikr qilinglar.

42.Hamda erta-yu kech Unga tasbeh aytinglar.

43.U sizlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun sizlarga marhamat koʻrsatayotgan Zotdir. Uning farishtalari ham sizlarga mag‘firat tilaydilar. U moʻminlarga oʻta mehribon – Rahim Zotdir.

44.U Zotga duch keladigan kundagi soʻrashishlari salom demoqlikdir. Alloh ular uchun jannatda ulkan mukofot tayyorlab qoʻygan.

45.Ey Payg‘ambar, haqiqatan, Biz sizni qiyomatda barcha ummatlarga guvoh boʻluvchi, moʻminlarga jannat xaqida xushxabar beruvchi va kofirlarni doʻzax azobidan ogohlantiruvchi qilib yubordik.

46.Allohning izni bilan Uning diniga daʼvat qiluvchi va haq yoʻlni koʻrsatuvchi nurli chiroq qilib ham yubordik.

47.Ey Rasulim, Alloh tomonidan beriladigan ulkan fazl haqida moʻminlarga xushxabar bering.

48.Kofirlar va munofiqlarga itoat qilmang va ularning ozorlariga eʼtibor bermang hamda Allohga tavakkul qiling! Allohning Oʻzi yetarli vakildir.

49.Ey moʻminlar, qachonki, sizlar moʻminalarni nikohlaringizga olsangizlar-u, soʻngra ularga jinsiy teginishdan oldin ularni taloq qilsangizlar, u holda sizlar uchun ularning zimmasida sanaydigan idda yoʻqdir. Bas, ularni ozgina moddiy bahramand qilib, chiroyli kuzatish bilan qoʻyib yuboringlar.

50.Ey Payg‘ambar, albatta, Biz sizga mahrlarini bergan juftlaringizni, Alloh sizga janglarda oʻlja qilib bergan qoʻl ostingizdagi choʻrilaringizni, siz bilan birga hijrat qilgan amakingizning qizlarini va ammalaringizning qizlarini, tog‘angizning qizlarini va xolalaringizning qizlarini yana har qanday moʻmina ayolniagar u oʻzini payg‘ambarga tortiq qilsa va payg‘ambar uni mahrsiz oʻz niqohiga olishni istasa, bu ayollarni siz uchun halol qildik. Mahrsiz uylanish barcha moʻminlar uchun emas, xolis siz uchundir. Biz moʻminlarga juftlari va qoʻl ostilaridagi choʻrilari haqida nimani farz qilganimizni aniq bilganmiz. Bu sizga tanglik boʻlmasligi uchundir. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

51.Siz ulardan oʻzingiz xohlagan ayolni nari qoʻyib, oʻzingiz xohlagan ayolni oʻzingizga yaqin olasiz. Oʻzingiz chetlatgan ayollaringizdan birortasini hamxonalikka istasangiz, sizga hech qanday gunoh boʻlmaydi. Bu ularning koʻzlari quvonishiga, xafa boʻlmasliklariga va siz ularga bergan narsaga hammalari rozi boʻlishlariga yaqinroq yoʻldir. Alloh sizlarning qalblaringizdagi narsani ham biladi. Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

52.Ey Muhammad, sizga bundan boshqa ayollar halol boʻlmaydi. Garchi boshqa ayollarning husni sizni qiziqtirsa ham ularni oʻz ayollaringizga almashtirish ham halol boʻlmaydi. Faqat qoʻlingizda mulk boʻlgan choʻrilar haloldir. Alloh barcha narsaning ustidan kuzatib turuvchi Zotdir.

53.Ey iymon keltirganlar, Payg‘ambarning uylariga faqat sizlarni biror taomga chaqirilsagina ruxsat bilan kiringlar. Oʻshanda ham uning pishishiga muntazir boʻlmaydigan holda kiringlar. Lekin chaqirilganingizda kiring va taomdan soʻng gapga berilib ketmay, darhol tarqalinglar. Chunki bu Payg‘ambarga ozor beradi, u esa sizlardan tortinadi. Alloh esa haq gapdan tortinmaydi. Agarda sizlar Payg‘ambarning ayollaridan biror narsa soʻrasangiz, parda ortidan soʻranglar. Mana shu sizlarning qalblaringiz va ularning qalblari uchun ham eng toza ishdir. Sizlar uchun Allohning Payg‘ambariga ozor berish va undan keyin ayollariga uylanishingiz umuman mumkin emasdir. Chunki bu ish Alloh nazdida ulkan gunohdir.

54.Agar sizlar biror narsani oshkor qilsangizlar, ham berkitsangizlar, ham, albatta, Alloh barcha narsani biluvchi Zotdir.

55.Payg‘ambarning ayollari otalariga, oʻg‘illariga, aka-ukalariga, aka-ukalarining oʻg‘illariga, opa-singillarining oʻg‘illariga, moʻmina ayollarga va qoʻl ostilaridagi choʻrilarga ochiq holda koʻrinishlarida ularga gunoh yoʻqdir. Ey payg‘ambarning ayollari, Allohdan qoʻrqinglar! Albatta, Alloh barcha narsaga guvohdir.

56.Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot aytadilar. Ey moʻminlar, sizlar ham unga salavot va salom aytinglar.

57.Albatta, Alloh va Uning payg‘ambariga ozor beradigan kimsalarni Alloh dunyoda ham, oxiratda ham laʼnatlagan va ular uchun oxiratda xor qiluvchi azobni tayyorlab qoʻygandir.

58.Moʻmin va moʻminalarga, ular biror narsa qilmasalar ham ozor beradigan kimsalar, albatta, oʻz ustilariga ochiq boʻhton va gunohni olgan boʻladilar.

59.Ey Payg‘ambar, juftlaringizga, qizlaringizga va moʻminlarning xotinlariga ayting, ustlariga yopinchiqlarini tashlab olsinlar. Mana shu ularning kim ekanliklari tanilib, ozorlanmasliklari uchun eng yaqin uslubdir. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

60.Qasamki, agar munofiqlar, dillarida illat boʻlgan kimsalar va Madinada ig‘vo tarqatib yuruvchilar oʻz qilmishlaridan tiyilmasalar, albatta, Biz sizni ularga qarshi qoʻzg‘atamiz, soʻngra Madinada siz bilan juda oz vaqt yonma-yon tura oladilar.

61.Yonma-yon tursalar ham laʼnatga duchor boʻlgan hollarida turadilar. Ular qaerda uchratilsalar ham, ushlanadilar va oʻldirib tashlanadilar.

62.Bu oldin oʻtgan zotlar xususidagi Allohning yoʻlidir. Allohning yoʻlini esa aslo oʻzgartirilgan holda topmaysiz.

63.Odamlar sizdan qiyomat qachon qoim boʻlishi haqida soʻraydilar. Ularga: “Uning ilmi faqat Allohning huzuridadir”, – deb ayting. Qaerdan bilasiz, balki, qiyomat yaqinda boʻlar.

64.Albatta, Alloh kofirlarni laʼnatladi va ular uchun mangu lovullagan doʻzaxni tayyorlab qoʻydi.

65.Kofirlar na bir doʻst va na bir yordamchi topmagan hollarida u yerda mangu qoladilar.

66.Yuzlari olov ichida aylantiriladigan kunda, ular: “Koshki edi, Allohga itoat qilganimizda, payg‘ambarga itoat etganimizda”, – deydilar.

67.Yana ular: “Ey Robbimiz, darhaqiqat, bizlar boshliqlarimizga va kattalarimizga itoat qildik, bas, ular bizlarni toʻg‘ri yoʻldan adashtirdilar, – dedilar.

68.Ey Robbimiz, ularga azobni ikki barobar qilib ber va ularni katta laʼnat bilan laʼnatlagin.

69.Ey iymon keltirgan kimsalar, sizlar Muso payg‘ambarga ozor bergan kimsalar kabi boʻlmanglar! Bas, Alloh Musoni ular aytgan ayblardan oqladi. Muso Alloh nazdida obroʻli kishi edi.

70.Ey iymon keltirganlar, faqat Allohdan qoʻrqinglar va toʻg‘ri soʻzni gapiringlar.

71.Shunda Alloh ishlaringizni oʻnglaydi va gunohlaringizni mag‘firat qiladi. Kimki Allohga va Uning payg‘ambariga itoat qilsa, bas, u ulkan yutuqqa erishibdi.

72.Biz bu din omonatini oldin osmonlarga, Yerga va tog‘larga taklif qildik, ular uni koʻtarishdan bosh tortdilar va undan qoʻrqdilar. Lekin inson uni oʻz zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u oʻziga zulm qiluvchi va johildir.

73.Alloh munofiq erkak va munofiqa ayollarni, mushrik va mushrikalarni jazolash uchun hamda moʻmin va moʻminalarning tavbalarini qabul qilish uchun Odam bolalariga bu omonatni yukladi. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.