1.Ho, Mim.
Surah Zuxruf
Revealed in Makka.
Juz 25,Surah 43,89 verses2.Ochiq-oydin kitob boʻlgan Qurʼonga qasamki,
3.Albatta, Biz uni sizlar tushunishingiz uchun arabiy tilda Qurʼon nozil qildik.
4.Darhaqiqat, ushbu Qurʼon dargohimizdagi ona kitobdadir. Uning qadri oliy martabali va hikmatlidir.
5.Nahotki, haddidan oshgan qavm boʻlganingiz uchun sizdan yuz oʻgirib, eslatmani burib yuborsak?!
6.Sizlardan avvalgi qavmlarga ham qanchadan-qancha payg‘ambar yuborganmiz.
7.Ular ham oʻzlariga kelgan payg‘ambarni faqat istehzo qilgan edilar.
8.Bas, u Makka kofirlaridan ham kuchliroqlarni halok qilganmiz. Qurʼonda avvalgilarning misoli oʻtgan.
9.Ey Muhammad, qasam boʻlsinki, agar ulardan: “Osmonlar va Yerni kim yaratgan?” – deb soʻrasangiz, albatta ular: “Ularni qudratli va oʻta biluvchi Alloh yaratgan”, – deydilar.
10.Oʻsha Zot sizlar uchun yerni beshik qilib qoʻygan va safarlaringizda koʻzlagan manzillaringizga yoʻl topishingiz uchun unda turli yoʻllarni paydo qildi.
11.U Zot osmondan aniq oʻlchov bilan suv yog‘dirdi. Bas, Biz bu suv bilan suvsizlikdan oʻlgan shaharlarni tiriltirdik. Sizlar ham qiyomat kunida qabrlaringizdan mana shu tarzda chiqarilasizlar.
12.U Zot mavjudotlardan barcha juftlarni yaratdi va sizlar uchun kemalar va chorva hayvonlaridan sizlar minadigan narsalarni paydo qildi.
13.Toki sizlar ularning ustiga oʻrnashib olib minasizlar. Keyin unga oʻrnashib olgach, Robbingiz neʼmatini eslab: “Bizlarga bu ulovni boʻysundirib qoʻygan Zot ayb va nuqsonlardan pokdir. Vaholanki, bizlar bunga qodir emas edik”, – deysizlar.
14.Albatta, bizlar barchamiz qiyomatda Robbimiz huzuriga qaytuvchilarmiz.
15.Mushriklar Unga bandalaridan ayrimlarini boʻlak qildilar. Darhaqiqat, inson aniq noshukurdir.
16.Yoki Alloh Oʻzi yaratadigan narsalardan qizlarni olib, sizlarga oʻg‘illarni tanlab berdimi?!
17.Qachonki, ularning birortasiga Rahmonga misol qilib aytgan qiz tug‘ilgani haqidagi xushxabar berilsa, g‘azabga toʻlib, yuzi qorayib ketadi.
18.Hali zeb-ziynat ichida parvarish qilinadigan, munozarada oʻz fikrini ochiq bayon qilib bera olmaydigan zaifa bir qiznimi?!
19.Rahmonning bandalari boʻlgan farishtalarni mushriklar qizlar dedilar. Yoki mushriklar ularning yaratilishiga guvoh boʻlganmidilar?! Unday boʻlsa ularning bu guvohliklari, albatta, yozib qoʻyiladi va ular qiyomat kunida soʻroq qilinadilar.
20.Mushriklar: “Agar Rahmon xohlaganida, bizlar ularga ibodat qilmagan boʻlar edik”, – deydilar. Ular uchun bunga hech qanday maʼlumot yoʻqdir. Ular faqat yolg‘on gapiryaptilar.
21.Yoki ularga bu Qurʼondan oldin biror kitob berganmiz-u, ular uni mahkam tutib oluvchi boʻldilarmi?!
22.Aksincha mushriklar: “Bizlar ota-bobolarimizni bir din ustida topganmiz va albatta, bizlar ularning izlaridan borib hidoyat topuvchilarmiz”, – dedilar.
23.Ey Muhammad, shuningdek, sizdan avval qaysi bir shaharga ogohlantiruvchi payg‘ambar yuborsak u joyning maishatparastlari: “Albatta, bizlar ota-bobolarimizni bir millat ustida topganmiz va albatta, bizlar ularning izlaridan ergashuvchilarmiz”, – deb aytganlar.
24.Payg‘ambar ularga: “Agar men sizlarga ota-bobolaringizni uning ustida topgan dindan toʻg‘riroq bir dinni keltirgan boʻlsam-chi?” – deganida, ular: “Albatta, bizlar sizlar elchi qilib yuborilgan dinni inkor qiluvchilarmiz”, – dedilar.
25.Bas, ulardan intiqom oldik. Mana endi payg‘ambarlarni yolg‘onchi qilganlarning oqibatlari qanday boʻlganini koʻring.
26. Ibrohim otasiga va qavmiga qarab: “Men sizlar ibodat qilayotgan maʼbudalardan bezorman”, – deganini eslang.
27.Men faqat meni yaratgan Zotga ibodat qilaman. Bas, U meni haq dinga hidoyat qiladi.
28.Ibrohim bu nasihatni zora haqqa qaytsalar deb, oʻz ortidan zurriyotiga boqiy qoluvchi soʻz qildi.
29.Men esa Ibrohim qoldirgan soʻzga itoat etmagan ana u Makka aholisini ham, ularning ota-bobolarini ham to ularga haq Qurʼon va aniq payg‘ambar boʻlgan Muhammad kelguncha, hayotdan foydalantirib turdim.
30.Lekin ularga haq Qurʼon kelgan paytda: “Bu sehrdir, bizlar uni inkor qiluvchilarmiz kofirdirmiz”, – dedilar.
31.Yana ular: “Bu Qurʼon ikki shaharning biridan boʻlgan ulug‘ odamga nozil qilinganida edi”, – dedilar.
32.Ey Muhammad, Robbingizning rahmati boʻlgan payg‘ambarlikni ular taqsim qiladilarmi?! Dunyo hayotida ularning oralarida maishatlarini Biz taqsimladik va baʼzilari baʼzilarini xizmatkor qilib olishlari uchun ayrimlarining darajalarini ayrimlaridan ustun qilib qoʻydik. Robbingizning rahmati esa ular yig‘ib boradigan boyliklaridan yaxshiroqdir.
33.Agar iymonsizlarning toʻq yashayotganlarini koʻrib odamlar bir millat boʻlib qolish xavflari boʻlmaganida Rohmanga kufr keltiradiganlarning uylarining tomini va unga chiqadigan zinalarini ham kumushdan qilib qoʻyar edik.
34.Yana uylarining eshiklarini ham, ustida yastanib oʻtiradigan soʻrilarni ham kumushdan qilib qoʻygan boʻlar edik.
35.Shuningdek, koʻplab zeb-ziynatlarni ham qilib qoʻyar edik. Zero, bularning barchasi faqat oʻtkinchi dunyo hayotining matohlaridir. Oxirat esa, Robbingiz nazdida, taqvodorlar uchundir.
36.Kimki Rahmonning zikri boʻlgan Qurʼon nasihatlaridan koʻr boʻlib, yuz oʻgirsa, unga shaytonni biriktirib qoʻyarmiz, bas, u unga yaqin hamrohdir.
37.Albatta, bu shaytonlar ularni yoʻldan toʻsadilar, buning ustiga oʻzlarini aniq hidoyat topuvchilar, deb hisoblaydilar.
38.Ular huzurimizga kelganda: “Qani endi men bilan sening orang g‘arb bilan sharq oʻrtasidagi uzoqlik kabi boʻlsa edi. Bas sen, naqadar yomon hamrohsan”, – deydi.
39.Kufr yoʻlini tanlash bilan oʻzlaringizga zulm qilganlaringiz sababli bu kunda azobda sherik ekaningiz sizlarga aslo foyda bermaydi.
40.Bas, ey Muhammad, siz karlarga eshittira olarmidingiz, yoki koʻrlar va aniq zalolatdagi kimsalarni toʻg‘ri yoʻlga boshlay olarmidingiz?!
41.Bas, agar Biz sizni dunyodan ketkazib vafot ettirsak ham, albatta, ulardan oxiratda intiqom oluvchimiz.
42.Yoki Biz ularga vaʼda qilgan azobni hayotlik chog‘ingizdayoq sizga koʻrsatamiz. Shubhasiz, Biz ularga azob berishga qodirmiz.
43.Bas, oʻzingizga vahiy qilingan Qurʼonni mahkam tuting. Albatta, siz toʻg‘ri yoʻldasiz!
44.Albatta, bu Qurʼon siz uchun ham, qavmingiz uchun ham bir sharafdir va yaqinda neʼmat xususida soʻralasizlar.
45.Ey Muhammad, sizdan ilgari yuborgan rasullarimizdan soʻrab koʻring-chi, Rahmondan boshqa ibodat qilinadigan ilohlar qilgan ekanmizmi?!
46.Biz Musoni moʻʼjizalarimiz bilan firʼavn va uning zodagonlariga payg‘ambar qilib yubordik. Bas, Muso: “Men barcha olamlar Robbisining payg‘ambariman”, – dedi.
47.Bas, qachonki, Muso moʻʼjizalarimiz bilan ularga kelganida, ular birdaniga bu moʻʼjizalardan kula boshladilar.
48.Biz ularga qaysi bir moʻʼjizani koʻrsatsak, albatta, u oʻzidan oldingi sherigidan kattaroq boʻlar edi. Shoyad kufrdan iymonga qaytsalar, deb ularni azobga tutdik.
49.Ular moʻʼjizalarni koʻrganlarida: “Ey sehrgar, duoyingni qabul qilishi xususidagi senga bergan ahdiga binoan Robbingga bizlar uchun duo qil bizlarni azobdan xalos qilsin, shunda biz albatta, hidoyat topuvchilardan boʻlamiz”, – dedilar.
50.Bas, qachonki, Musoning duosi sharofati bilan ulardan azobni aritsak, birdan ular oʻz ahdlarini buza boshlar edilar.
51.Firʼavn qavmiga nido qilib: “Ey qavmim, Misr podshohligi va mana bu ostimdan oqib turgan daryolar meniki emasmi?! Axir, koʻrayapsizlarmi?!” – dedi.
52.Yoki mana bu haqir va nutqini aniq bayon qila olmaydigan kimsadan men yaxshiroq emasmanmi?!
53.Bas, unga oltindan boʻlgan bilaguzuklar tashlanganida yoki u bilan birga farishtalar hamroh boʻlib kelganida edi payg‘ambarligiga ishonardik.
54.Bas, firʼavn qavmini yerga urdi va ular unga itoat qildilar. Darhaqiqat, ular fosiqlar qavmi edilar.
55.Bas, qachonki, firʼavn va uning qavmi g‘azabimizni keltirishgach, Biz ulardan intiqom oldik va barchalarini dengizga g‘arq qilib yubordik.
56.Bas, ularni oʻtmishga aylantirib qoʻydik va keyingilarga misol qilib qoʻydik.
57.Ey Muhammad, agar Maryam oʻg‘li Iso misol keltirilsa, birdaniga qavmingiz bundan xursand boʻlib qichqira boshlaydilar.
58.Ular: “Bizlarning ilohlarimiz yaxshiroqmi yoki umi?!” – deydilar. Ular sizga bu misolni faqatgina tortishish uchun keltiradilar. Aslida ular xusumatchi qavmdirlar.
59.U faqatgina Biz payg‘ambarlik inʼom etgan bir bandadir. Biz uni otasiz dunyoga keltirish bilan bani Isroil avlodi uchun bir misol qildik.
60. Agar xohlasak, oʻrningizga yer yuzida xalifa boʻladigan farishtalar paydo qilib qoʻyar edik.
61.Albatta, Iso qiyomat soati kelishi uchun bir alomatdir. Bas, sizlar u qiyomat haqida aslo shubha qilmanglar. Ey Muhammad, Makka ahliga: “Menga ergashinglar! Mana shu toʻg‘ri yoʻldir”, – deb ayting.
62.Shayton sizlarni Allohning dinidan aslo toʻsmasin! Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir.
63.Iso ochiq-oydin hujjatlar bilan kelgan paytda: “Shubhasiz, men sizlarga hikmat bilan oʻzlaringiz ixtilof qilayotgan ayrim narsalarni bayon qilib berish uchun keldim. Bas, Allohdan qoʻrqinglar va menga itoat qilinglar”, – dedi.
64.Albatta, Alloh mening ham Robbim, sizning ham Robbingizdir. Bas, Unga ibodat qilinglar. Mana shu toʻg‘ri yoʻldir.
65.Soʻngra nasroniylar ichidan chiqqan guruhlar Iso xususida oʻzaro ixtilof qildilar. Zulm qilganlarning holiga alamli kun azobidan voy boʻlsin!
66.Ular faqat oʻzlari sezmagan hollarida qiyomat soati toʻsatdan kelib qolishini kutib oʻtiribdilar, xolos.
67.Oʻsha qiyomat kunida taqvodorlardan boshqa doʻstlar bir-birlariga dushmandir.
68.U kunda Allohdan qoʻrqqanlarga: “Ey bandalarim, bu kunda sizlarga xavfu xatar yoʻqdir va sizlar aslo g‘am chekmaysizlar”, – deyiladi.
69.Sizlar oyatlarimizga iymon keltirgan va musulmonlardan boʻlgansiz.
70.Juftlaringiz bilan birga xursand boʻlgan holingizda jannatga kiringlar.
71.Ularga oltindan boʻlgan laganlarda yeguliklar va qadahlarda sharoblar aylantirib turiladi. U yerda nafslar tusaydigan va koʻzlar lazzatlanadigan barcha narsa bordir. Sizlar u joyda mangu qoluvchisizlar.
72.Mana shu dunyoda qilib oʻtgan amallaringiz sababli u sizga meros qilib berilgan jannatdir.
73.Sizlar uchun u joyda koʻplab mevalar boʻlib, sizlar ulardan tanovul qilasizlar.
74.Lekin jinoyatchi kofirlar albatta, jahannam azobida mangu qoluvchidirlar.
75.Ulardan jahannamdagi azob yengillatilmaydi va ular undan butunlay umidsizdirlar.
76.Biz ularga zulm qilmadik, lekin oʻzlari nafslariga zulm qiluvchi boʻldilar.
77.Ular doʻzax farishtasiga: “Ey Molik, Robbing bizlarga hukmini qilib, jonimizni olsin”, – deb nido qiladilar. Shunda qoʻriqchi farishta: “Sizlar bu yerda mangu qoluvchisiz”, – deydi.
78.Biz sizlarga haq Qurʼonni keltirdik, lekin aksariyatingiz haqni yomon koʻruvchi kimsalarsiz.
79.Yoki Makka mushriklari zulm qilish uchun biror ishga qaror qildilarmi?! Bas, albatta, Biz ham qaror qiluvchimiz.
80. Balki ular Biz ularning sirlarini va pichirlashib qilgan maslahatlarini eshitmaymiz, deb oʻylaydilarmi?! Yoʻq! Bizning elchi farishtalarimiz ularning oldilarida boʻlib, qilgan barcha ishlarini yozib bormoqdalar.
81.Ey Muhammad, Allohning bolasi bor deb aytayotgan mushriklarga: “Agar Rahmonning farzandi boʻlganida men unga ibodat qiluvchilarning birinchisi boʻlar edim”, – deb ayting.
82.Osmonlar va Yerning Robbisi va Arsh egasi boʻlgan Alloh ular sifatlayotgan aybu nuqsonlardan pokdir.
83.Bas, ey Rasulim, hozircha ularni oʻz holiga qoʻyib tark qiling. Ular, to oʻzlariga vaʼda qilingan qiyomat kunga duch kelgunlaricha, gunohga botib, oʻz dunyolarida oʻynab yuraversinlar.
84.U osmonda ham iloh, yerda ham iloh boʻlgan Zotdir. U hikmat egasi boʻlgan – Hakim va hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.
85.Osmonlar va Yer hamda ularning oʻrtasidagi narsalarning hukmronligiga ega boʻlgan Zot barakatlidir. Qiyomat soati haqidagi ilmi ham yolg‘iz Uning huzuridadir va barchangiz Ungagina qaytarilasizlar.
86.Allohni qoʻyib sig‘inayotgan narsalari qiyomat kuni shafoat qilishga ega boʻla olmaydilar. Faqat oʻzlari bilgan hollarida haq bilan guvohlik bergan kishilargina shafoat qilishga izn oladilar.
87.Ey Muhammad, qasam boʻlsinki, agar ulardan oʻzlarini kim yaratgani haqida soʻrasangiz, albatta, ular: “Alloh”, – deydilar. Bas, shunday ekan, haq yoʻldan qayoqqa burilib ketmoqdalar?!
88.Alloh oʻz rasuli Muhammadning: “Ey Robbim, haqiqatan, ana ular iymon keltirmaydigan qavmdir”, – degan gapini ham biladi.
89.Bas, Ey Muhammad, ulardan yuz oʻgiring va “Salomat boʻling” deb qoʻying. Bas, ular yaqinda barcha haqiqatni bilib oladilar.

