1447 yil 17 zulhijja2026 yil 3 iyun, chorshanba

Ra'd surasi

Makkada nozil bo'lgan.

13-juz,13-sura,43 oyatdan iborat

1.Alif, Lom, Mim, Ro. Bular muqaddas Kitob boʻlgan Qurʼon oyatlaridir. Ey Muhammad, sizga nozil qilingan bu Qurʼon ayni haqiqatdir, lekin shunda ham odamlarning koʻpchiligi iymon keltirmaydilar.

2.Alloh osmonlarni uni koʻrib turganingizdek ustunsiz koʻtarib qoʻygan, soʻngra Arshni egallagan hamda quyosh va oyni Oʻz amriga boʻysundirgan Zotdir. Har biri muayyan muddat boʻlgan qiyomat kunigacha yurib turadi. Alloh barcha ishning tadbirini qiladi va oyatlarni batafsil bayon qiladi. Shoyadki, sizlar qiyomat kunida Robbingizga roʻbaroʻ boʻlishga aniq ishonsangiz.

3.U Zot Yerni yoyib va unda tog‘lar va daryolar paydo qilgandir. U yerdagi barcha mevalardan ikkitadan erkak-urg‘ochi qilib juft yaratgandir. U tun bilan kunduzni qoplaydi. Albatta, bu misollarda fikr yuritadigan qavm uchun dalillar bordir.

4.Yer yuzida unumdor va unumsiz bir-biriga qoʻshni tuproq parchalari bor. Hamda uzumzor bog‘lar, ekinzorlar va shoxlab ketgan va shoxlab ketmagan xurmolar boʻlib, barchasi bir suv bilan sug‘oriladi. Lekin bir xil suv bilan sug‘orilsa ham ularning yemishlarini taʼmda baʼzilarini baʼzilaridan afzal qilib qoʻyamiz. Albatta, bunda aql ishlatadigan qavm uchun ibratlar bordir.

5.Ey Muhammad, agar bu ajoyib goʻzalliklardan hayratga tushib ajablanayotgan boʻlsangiz, unda u kofirlarning: “Tuproq boʻlib ketgach, yangidan yaratilamizmi?” – degan gaplari yanada ajablanarlidir. Ana oʻshalar Robbilariga kufr keltirganlardir. Qiyomat kunida ana ularning boʻyinlarida kishanlar boʻladi. Ana oʻshalar doʻzax ahli boʻlib, u yerda mangu qoladilar.

6.Ey Rasulim, mushriklar va munofiqlar, sendan yaxshilikdan oldin yomonlikni tezlashtirishni soʻraydilar. Holbuki, ulardan oldin ham halokatga uchragan qavmlar haqida koʻplab misollar oʻtgan. Lekin Robbing ularning zulmiga qaramay odamlar uchun mag‘firat egasidir. Shu bilan birga, shubhasiz, Robbingiz azobi qattiq Zotdir.

7.Kufr keltirgan kimsalar: “Unga Robbisi tomonidan biror moʻʼjiza tushirilsa edi”, – deydilar. Ey Muhammad, siz esa faqat ularni qiyomat azobidan ogohlantiruvchisiz. Har bir qavm uchun hidoyatga yetaklovchisi bor.

8.Faqat Alloh taologina har bir ayolning homilasini oʻg‘ilmi-qizmi, oqmi-qorami nima koʻtarib yurganini va bachadonlar muddatidan ilgari tashlaydigan bolani ham, toʻqqiz oydan ortiqroq turib qoladigan bolani ham biladi. Uning huzurida har bir narsa oʻlchov bilandir.

9.Alloh maxfiy va oshkora barcha narsani biluvchi buyuk va yuksak Zotdir.

10.Sizlardan kim soʻzini sir saqlasa yoki uni oshkor qilsa va kechasi yashiringan bilan kunduzi aylanib yurgan hammasi barobardir. Bularning barchasi Allohning ilmidadir.

11.U insonning oldida ham, orqasida ham taʼqib qilib, kuzatib yuruvchi farishtalar boʻlib, ular Allohning amri bilan uni saqlab turadilar. Shubhasiz, bir qavm oʻzidagi holatni oʻzgartirmaguncha Alloh ularning ahvolini oʻzgartirmaydi. Agarda Alloh biror qavmga yomonlikni ravo koʻrsa, bas, uni orqaga qaytarib boʻlmaydi va ular uchun Undan Oʻzga balodan saqlab qoluvchi hokim yoʻqdir.

12.Ey odamlar, U sizlarga momoqaldiroqning kuchli ovozidan xavf va uning natijasida yomg‘ir yog‘ishidan umidvor boʻlgan holingizda chaqmoqni koʻrsatadigan va og‘ir bulutlarni paydo qiladigan Zotdir.

13.Momaqaldiroq ham Unga hamd bilan tasbeh aytadi. Farishtalar ham Undan qoʻrqqanlaridan tasbeh aytadilar. U Zot yashinlarni yuborib, Oʻzi xohlagan kishilarni ular Alloh haqida talashib-tortishib turganlarida u bilan uradi. Uning azob bilan ushlashi qattiqdir.

14.Haqiqiy duo, faqat Unga qilinadi. Undan boshqani qoʻyib butlariga iltijo qilayotganlarida u mushriklarning birorta duosini ijobat qilmaydi. Ular xuddi ikki kaftini suvga uzatib, suv og‘ziga yetib kelishini kutib turgan odamga oʻxshaydilar. Vaholanki, u suv unga yetib keluvchi emasdir. Kofirlarning duosi yoʻqotishdan boshqa narsa emas.

15.Osmonlar va Yerdagi barcha maxluqot va ularning soyalari ham xoh istasin, xoh istamasin ertayu kech Allohga sajda qiladi.

16.Ey Muhammad, ularga: “Osmonlar va Yerning Robbisi kim?” – deb ayting. Keyin ularga: “Albatta, Allohdir”, – deb javob bering. Hamda ularga: “Bas, Uni qoʻyib, oʻzlariga foyda ham zarar ham yetkazishga kuchi yetmaydigan but va sanamlarni doʻstlar qilib oldingizmi?” – deb ayting. Yana ulardan: “Qalbi koʻr gumroh bilan hidoyat yoʻlini koʻruvchi odam barobar boʻladimi? Yoki boʻlmasa zulmatlar bilan nur barobar boʻladimi? Yo ular Alloh yaratgani kabi yarata oladigan butlarni U Zotga sherik qilib olib, soʻngra ularga yaratilgan narsalar Alloh tomonidanmi yoki but tomonidanmi ekanligi nomaʼlum boʻlib qoldimi?” – deb ayting. Ey Rasulim, ularga: “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U yolg‘iz va Oʻz ishida g‘olibdir”, – deb javob bering.

17.Alloh taolo osmondan suv yog‘dirgach, vodiylarda oʻz miqdoricha sel oqib toshadi. Shunda sel oʻz ustiga chiqib qolgan koʻpiklarni ham koʻtarib keladi. Odamlar zeb-ziynat yoki asbob-uskuna yasash uchun toblab yoqadigan olovlardan ham shunga oʻxshash koʻpik va chiqindi paydo boʻladi. Alloh haq bilan botilni mana shunday misol bilan bayon qiladi. Ammo koʻpik oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketadi. Odamlarga foyda beradigan narsa esa yerda qoladi. Alloh ibratli misollarni ana shu tarzda keltiradi.

18.Robbilarining chaqirig‘iga labbay deb javob bergan kimsalar uchun goʻzal mukofot boʻlgan jannat bordir. Biroq Unga ijobat qilmaganlar esa, bordi-yu Yer yuzidagi barcha narsa hatto, u yana ikki barobar koʻpayib ularniki boʻlsa, uni Allohning azobidan qutulish uchun fido qilgan boʻlar edilar. Ular uchun hisob-kitobning yomoni boʻladi. Borar joylari jahannamdir va u naqadar yomon joydir.

19.Ey Muhammad, sizga Robbingizdan nozil qilingan narsaning, shubhasiz, haq ekanini biladigan kimsa qalb koʻzi koʻr odam kabi boʻladimi? Undan faqatgina, aql egalari eslatma oladi.

20.Iymonli kimsalar Allohga bergan ahdlariga vafo qiladilar va Alloh yoʻlida sodiq qolishga bergan vaʼdalarini buzmaydilar.

21.Ular Allohning qarindoshlar bilan aloqani mustahkamlashga doir buyurgan ishlariga amal qilib rishtalarni bog‘laydilar, Robbilaridan qoʻrqadilar va hisob-kitobning yomon boʻlishidan xavfsiraydilar.

22.Ular Robbilarining roziligini istab turli mashaqqatlarga sabr qiladigan, namozlarini toʻliq qoim qiladigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan bildirmay va bildirib ehson qiladigan hamda yomonlikni yaxshilik bilan qaytaradigan solih kimsalardir. Aynan ular uchun oxirat diyorining goʻzal oqibati bor.

23.Bu oxirat diyori mangu Adn nomli jannatlari boʻlib unga ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlaridan boʻlgan moʻmin va solih kimsalar bilan kiradilar. Keyin ularning huzurlariga har bir eshikdan farishtalar kirib keladilar.

24.Alloh yoʻlida har qanday mashaqqatlarga sabr qilib oʻtganlaringiz uchun endi bu yerda sizlarga salomatlik boʻlgay. Oxirat diyorining oqibati naqadar yaxshi!

25.Allohga bergan vaʼdasini mustahkamlaganidan keyin haq va yaxshilikdan yuz oʻgirib uni buzadiganlar, Alloh bog‘lanishiga buyurgan xayrli amallarni kesadigan va Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan kimsalarga esa Allohdan laʼnat va diyorning yomoni boʻlgan doʻzax bordir.

26.Alloh Oʻzi xohlagan kishilarning rizqini keng qilib qoʻyadi va xohlagan kishilarning rizqini tor qilib qoʻyadi. Mushriklar mana shu oʻtkinchi dunyo hayoti bilan xursand boʻlib yurdilar. Holbuki, bu dunyo hayotining xursandchiligi oxirat oldida faqatgina bir arzimas matodir.

27.Kufr keltirgan kimsalar: “U Muhammadga Robbisi tomonidan biror moʻʼjiza nozil qilinsa edi”, – deydilar. Ey Rasulim, ularga: “Albatta, Alloh Oʻzi xohlagan kishilarni adashtiradi va Allohga tavba qilib qaytgan kishilarni esa hidoyat qiladi”, – deb ayting.

28.Ular iymon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan kimsalardir. Ogoh boʻlinglar, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom topadi.

29.Iymon keltirgan va solih amallarni qilganlar uchun xushnudlik va qaytib boriladigan joyning eng goʻzali – jannat bordir.

30.Shunday qilib, sizni undan oldin ham koʻplab ummatlar oʻtgan bir ummat ichiga sizga vahiy qilgan Qurʼonni tilovat qilib berishingiz uchun yubordik. Holbuki, ular daʼvatga quloq tutmay Rahmonni inkor qilar edilar. Ularga: “U mening Robbimdir, Undan oʻzga iloh yoʻq. Uning Oʻziga suyandim va tavba qilishim ham yolg‘iz Ungadir”, – deb ayting.

31.Bordi-yu bir Qurʼon boʻlib uning kuchi bilan tog‘lar oʻrnidan siljitilsa yoki Yer parchalanadigan boʻlsa yoki boʻlmasa oʻliklar tirilib tilga kiritilsa ham mana shu Qurʼon boʻlar edi. Aksincha, ishlarning barchasi Allohga xosdir. Nahotki, hali ham iymon keltirganlar, agar Alloh xohlasa, barcha odamlarni hidoyatga solar edi, deb tushunmayaptilarmi? Kofir boʻlganlarga esa, Allohning vaʼdasi kelguncha, qilgan ishlari sababli dahshatli ofat yetib turaveradi yoki ularning yurtlari yaqiniga falokatlar tushib kofirlarni sarosimaga solib turadi. Shubhasiz, Alloh vaʼdasiga aslo xilof qilmaydi.

32.Ey Rasulim, darhaqiqat, sizdan oldingi payg‘ambarlarning ustidan ham masxara qilinganida, Men payg‘ambarlarni yolg‘onchi qilib kufr keltirgan kimsalarga bir oz muhlat berdim, keyin ularni azobim bilan tutdim. Mana ularga bergan jazolarim qanday boʻldi?!

33.Har bir jon egasining qilayotgan ishini kuzatib turuvchi Zotni hech narsaga qodir boʻlmagan maxluqlar bilan tenglashtirish mumkinmi? Ular turli narsalarni Allohga sherik qilib oldilar. Ey Rasulim, ularga: “Qani, u butlarning nomlarini va qila oladigan ishlarini aytinglar-chi? Yoki Unga Yer yuzidagi bilmaydigan biron narsasining xabarini berasizlarmi?! Yoki, faqat yuzaki gap bilan soʻzlariga ishonib, sig‘inib ketaverasizlarmi?” – deb ayting. Aksincha, kufr keltirgan kimsalarga oʻzlarining makrlari chiroyli koʻrsatildi va ular haq yoʻldan toʻsildilar. Kimni Alloh yoʻldan adashtirsa, uning uchun biror hidoyat qiluvchi yoʻqdir.

34.Ular uchun bu dunyo hayotida azob bordir. Oxirat azobi esa mashaqqatliroqdir. Ularni Allohning azobidan saqlab qoluvchi hech qanday kuch yoʻqdir.

35.Taqvodor kishilar uchun vaʼda qilingan jannatning misoli uning tagidan anhorlar oqib turadi, mevalari va soyalari doimiydir. Mana bu taqvo qilgan kimsalarning chiroyli oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa mangu doʻzaxdir.

36.Biz Tavrot va Injil Kitobini bergan kimsalar sizga nozil qilingan Qurʼon sababli xursand boʻladilar. Biroq yahudiy va nasroniylardan iborat guruhlar orasida Qurʼonning baʼzi bir qismini inkor qiladiganlar ham bor. Ey Muhammad, ularga: “Albatta, men yolg‘iz Allohga ibodat qilishga va Unga hech narsani sherik qilmaslikka buyurildim. Faqat yolg‘iz Unga qul boʻlishga daʼvat qilaman va oxiri qaytar joyim ham Uning huzurigadir”, – deb ayting.

37.Shuningdek, Biz bu Qurʼonni oldin oʻtgan elchilarimizga oʻz tillarida vahiy qilganimizdek, arabiy hukm holida nozil qildik. Qasam boʻlsinki, agar sizga kelgan shu bilimdan keyin ham ularning havoyi istaklariga ergashsangiz, sizga Alloh tomonidan biror doʻst ham, himoyachi ham yoʻqdir.

38.Darhaqiqat, sizdan avval ham koʻplab payg‘ambarlar yuborganmiz va ularga jufti halollar va zurriyotlar berganmiz. Hech bir payg‘ambar uchun Allohning iznisiz biror moʻʼjiza keltirish mumkin emas. Har bir vaqt uchun munosib Kitob bordir.

39.Alloh nimani xohlasa, uning hukmini bekor qiladi va nimani xohlasa, uni sobit qiladi. Kitobning onasi boʻlgan Lavh ul-Mahfuz Uning huzuridadir.

40.Ey Rasulim, agar sizga u kofirlarga vaʼda qilganlarimizning baʼzilarini koʻrsatsak ham yoki sizni bundan oldinroq vafot ettirsak ham, albatta, sizning zimmangizda Islomni odamlarga toʻliq yetkazish bordir. Bizning zimmamizda esa qiyomat kuni hisob-kitob qilish bor.

41.Makka mushriklari Biz yerlariga kelib, musulmonlarning asta-sekin fath qilib kelayotganlari sababli uni atroflaridan qisqartirib borayotganimizni koʻrmadilarmi?! Alloh Oʻzi xohlaganicha hukm qiladi. Uning hukmini kuzatib, taʼqib qilib boruvchi yoʻq. U tez hisob-kitob qiluvchidir.

42.Ulardan avvalgi yashab oʻtgan kimsalar ham payg‘ambarlariga qarshi makr qilganlar. Biroq barcha makrlar Allohning izmidadir. U Zot har bir jon egasining qilayotgan ishini bilib turadi. Yaqinda kofirlar oxirat diyorining oqibati kimniki ekanini bilib oladilar.

43.Kufr keltirgan kimsalar sizga: “Sen Alloh tomonidan yuborilgan elchi emassan”, – deydilar. Ey Rasulim, ularga: “Men bilan sizning orangizda Allohning guvohligi va ularda Tavrot, Injil va Qurʼon kitobining ilmi bor kishilar guvohligi kifoyadir”, – deb ayting.