1.Ushbu kitobning nozil qilinishi izzatli, va hikmatli Alloh tomonidandir.
Zumar surasi
Makkada nozil bo'lgan.
23-juz,39-sura,75 oyatdan iborat2.Ey Muhammad, albatta, Biz sizga ushbu kitobni haqiqatan, nozil qildik, bas, siz Allohga dinni Unga xolis qilgan holda ibodat qiling.
3.Ogoh boʻlingiz, ey insonlar, xolis din yolg‘iz Allohnikidir. Undan oʻzgani doʻstlar qilib olgan kimsalar: “Biz faqat ularga bizni Allohga juda yaqin qilishlari uchungina ibodat qilamiz”, – deydilar. Shubhasiz, Alloh qiyomat kunida ixtilof qilayotgan narsalari xususida ularning oʻrtasida haq bilan hukm qiladi. Albatta, Alloh yolg‘onchi va noshukr kimsalarni toʻg‘ri yoʻlga boshlamaydi.
4.Agar Alloh farzand tutishni istasa, albatta, Oʻzi yaratgan narsalaridan xohlaganini tanlab olgan boʻlar edi. U bunday aybdan pokdir. U Alloh, yagona boʻlgan – Vohid va hamma narsada g‘olib – Qahhor Zotdir.
5.U osmonlar va Yerni haq hikmat bilan yaratdi. U kechani kunduzning ustiga oʻraydi, kunduzni esa kechaning ustidan oʻraydi. U quyoshni ham, oyni ham amriga boʻysundirib qoʻygan. Ularning har biri maʼlum muddatgacha yurib boradi. Ogoh boʻlinglar, U hamma narsaga kuchi yetuvchi – Aziz va bandalariga oʻta kechirimli G‘affor Zotdir!
6.U sizlarni bir jondan yaratdi, soʻngra undan jufti Havvoni paydo qildi. Sizlar uchun chorva hayvonlaridan sakkiz juftni yaratib tushirdi. U sizlarni onalaringizning qornida uch tabaqa zulmat ichida asta-sekin yaratadi. Ana shu Alloh – Robbingizdir. Barcha mulk faqat Unikidir. Undan oʻzga iloh yoʻq. Bas, Unga ibodat qilmay qay tomonga burilib ketyapsizlar?!
7.Agar sizlar kufr keltirsangizlar, bas, albatta, Alloh sizlardan behojatdir. U bandalarining kofir boʻlishiga rozi boʻlmaydi. Agar iymon keltirib shukr qilsangizlar U sizlardan rozi boʻladi. Hech bir gunoh yukini koʻtaruvchi boshqa gunoh yukini koʻtaruvchining yukini koʻtarmaydi. Soʻngra qaytishlaringiz Robbingiz huzurigadir. Bas, U sizlarga dunyoda qilib oʻtgan amallaringizning xabarini beradi. Shubhasiz, U koʻngillardagi yashiringan narsalarni ham biluvchi Zotdir.
8.Qachonki, insonga biror ziyon tegsa, Robbisiga qaytib duo qiladi. Soʻngra, qachonki, Alloh Oʻz tomonidan unga biror neʼmat ato qilsa, bundan oldin Allohga qilgan duolarini unutib qoʻyar va boshqalarni ham Allohning yoʻlidan adashtirish uchun Unga tengdoshlarni oʻylab topadi. Ey Muhammad, unga: “Sen oʻz kufring bilan dunyoda ozgina foydalanib qol! Albatta, sen doʻzax ahlidandirsan”, – deb ayting.
9.Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxiratdan qoʻrqadigan va Robbisining rahmatidan umidvor boʻladigan kishi kofir holda yashagan kimsa bilan barobar boʻladimi?! Ey Rasulim ularga: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻladimi?!” – deb ayting. Albatta, bulardan faqat aql egalari eslatma oladilar.
10.Ey Muhammad, iymon keltirgan bandalarimga: “Robbingizdan qoʻrqinglar! Bu dunyoda chiroyli amal qilgan zotlar uchun oxiratda yaxshilik bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob beriladi”, – deb ayting.
11.Yana ularga: “Men Allohga dinni Unga xolis qilgan holda ibodat qilishga buyurilganman”, – deb ayting.
12.Shuningdek, musulmonlarning avvali boʻlishga buyurilganman, – deb ayting.
13.Ey Rasulim: “Men agar Robbimga isyon qilsam, ulug‘ kunning azobidan qoʻrqaman”, – deb ayting.
14.Ey Muhammad odamlarga: “Men faqat Allohga, dinimni Unga xolis qilgan holda ibodat qilaman”, – deng.
15. Bas, ey mushriklar, Undan oʻzga xohlagan narsalaringizga ibodat qilaveringlar. Ey Muhammad, ularga: “Chinakam ziyon koʻruvchilar qiyomat kunida oʻzlariga ham, ahli oilalariga ham ziyon qiluvchi kimsalardir. Ogoh boʻlinglarki, ana shu aniq ziyonkorlikdir”, – deb ayting.
16.Ular uchun jahannamda ustilaridan ham ostilaridan ham olovdan boʻlgan soyabonlar bordir. Bu boʻlajak azob bilan Alloh Oʻz bandalarini qoʻrqitadi. Ey bandalarim, Mendan qoʻrqinglar!
17.Shaytonga ibodat qilishdan chetda boʻlgan va Allohga tavba qilib qaytgan zotlar uchun jannat xushxabari bordir. Bas, ey Muhammad, Mening shunday bandalarimga xushxabar bering.
18.Ular gapni tinglab, soʻng uning eng goʻzaliga ergashadilar. Aynan oʻshalar Alloh hidoyat qilgan kimsalardir va aynan oʻshalar aql egalaridir.
19.Ey Rasulim, axir, bir kimsaga azob haqidagi hukmning soʻzi muqarrar boʻlsa, siz uni hidoyat qila olarmidingiz?! Axir, siz doʻzaxdagi kimsani qutqara olarmidingiz?!
20.Lekin Robbilaridan qoʻrqqan zotlar uchun jannatda ustma-ust qurilgan xonalar boʻlib, ularning ostidan anhorlar oqib turadi. Bu Allohning vaʼdasidir. Alloh vaʼdaga aslo xilof qilmaydi.
21.Alloh osmondan suv yog‘dirib, uni yerda chashmalar qilib oqizib qoʻyganini koʻrmadingizmi? Soʻngra u suvning vositasida turli ekinlarni chiqaradi, vaqti kelib keyin u quriydi, soʻng siz uni sarg‘aygan holda koʻrasiz. Alloh soʻngra uni quruq choʻpga aylantiradi. Albatta, bunda aql egalari uchun ibratli eslatma bordir.
22.Alloh suygan bandasining koʻkragini Islom uchun keng ochib qoʻygan, oʻzi esa, Robbisi tomonidan hidoyat nurida turgan kishi bilan qalbi muhrlanib qolgan kimsa bilan teng boʻladimi?! Bas, Allohni zikr qilishdan qalblari qotib qolganlarga voy boʻlsin! Ana ular aniq zalolatdalar.
23.Alloh oyatlari fasohatli boʻlgan goʻzal soʻzni bir-biriga oʻxshagan va hukmlari takrorlanib bir kitob qilib nozil qildi. Undagi oyatlar oʻqilganda Robbilaridan qoʻrqadigan zotlarning tanalari titrab ketadi. Soʻngra badanlari va qalblari Allohning zikriga moyil boʻlib, yumshaydi. Mana shu kitob Allohning hidoyati boʻlib, unga Oʻzi xohlagan kishilarni hidoyat qiladi. Kimni Alloh yoʻldan ozdirsa, bas, unga biror yoʻl koʻrsatuvchi boʻlmaydi.
24. Axir, qiyomat kunida yomon azobdan oʻz yuzi bilan saqlanadigan kimsa moʻmin bilan teng boʻlarmidi?! U kunda zolimlarga: “Oʻzlaringiz kasb qilib olgan narsaning oqibatini tatib koʻringlar!” – deyiladi.
25.Ulardan oldingi qavmlar ham oʻz payg‘ambarlarini yolg‘onchiga chiqarganlarida, ularga oʻzlari sezmaydigan tomondan azob kelgan edi.
26.Bas, Alloh ularga mana shu dunyo hayotida sharmandalikni tottirdi. Oxirat azobi esa yanada kattaroqdir. Agar ular jazoning yomonligini bilganlarida edi, payg‘ambarlarni inkor qilmagan boʻlar edilar.
27.Biz ushbu Qurʼonda odamlar uchun turli misollarni keltirdik. Shoyad, undan eslatma olsalar.
28.Biz uni qing‘ir boʻlmagan arabiy Qurʼon holida nozil qildik. Shoyad, ular Allohdan qoʻrqsalar.
29.Alloh uning ustida talashuvchi sheriklar boʻlgan bir qul kishini va butunlay bir kishiga tegishli boʻlgan boshqa bir qul kishini misol qilib keltirdi. Bu ikkisining misoli teng boʻladimi?! Barcha hamd Alloh uchundir. Lekin ularning koʻplari buni bilmaydilar.
30.Ey Muhammad, albatta, siz ham umringiz tugab oʻluvchisiz, ular ham oʻluvchidirlar.
31.Soʻngra, albatta, sizlar qiyomat kuni Robbingiz huzurida tortishasizlar.
32.Axir, Alloh shaʼniga shirk va farzand nisbat berib yolg‘on soʻzlagan va rost Qurʼonni oʻziga kelgan ondayoq inkor qilgan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Yoki jahannamda kofirlar uchun joy yoʻqmi?!
33. Haq va rost Qurʼonni keltirgan zot va uni tasdiq qilgan moʻminlar esa – ana ular taqvodor zotlardir.
34.Ular uchun Robbilari huzuridagi jannatda xohlagan narsalari bordir. Bu yaxshi amal qiluvchilarning mukofotidir.
35. Zero, Alloh ularning qilgan eng yomon amallarini oʻchirib, dunyoda qilgan eng chiroyli amallarining ajri bilan ularni mukofotlaydi.
36.Alloh Oʻz bandasi Muhammadni asrashga yetarli emasmi?! Ey Rasulim, ular sizni Allohdan oʻzga narsalar bilan qoʻrqitadilar. Kimni Alloh yoʻldan ozdirsa, bas, uning uchun biror toʻg‘ri yoʻl koʻrsatuvchi boʻlmaydi.
37.Kimni Alloh toʻg‘ri yoʻlga boshlasa, bas, uning uchun biror yoʻldan ozdiruvchi boʻlmaydi. Alloh qudratli va dushmanlardan intiqom oluvchi Zot emasmi?!
38.Qasam boʻlsinki, agar siz ulardan: “Osmonlar va Yerni kim yaratgan”, – deb soʻrasangiz, ular, albatta: “Alloh”, – deydilar. Ularga: “Qani, xabar beringlar-chi, agar Alloh menga biror ziyon yetkazishni istasa, sizlar Allohdan oʻzga iltijo qilayotgan butlaringiz Uning ziyonini arita oluvchimilar? Yoki Alloh menga biror marhamat qilishni iroda qilsa, oʻsha butlar Uning marhamatini ushlab qoluvchimilar?!” – deb ayting. Ey Rasulim, ularga: “Menga Allohning Oʻzi yetarlidir. Tavakkul qiluvchilar faqat Unga suyanadilar”, – deng.
39.Ey Muhammad ularga: “Ey qavmim, oʻz holingizga koʻra amal qilaveringlar, men ham oʻz holimcha amal qiluvchiman. Bas, yaqinda barchasini bilib olasizlar”, – deb ayting.
40.Yaqinda kimga xor qiladigan azob kelishini va doimiy azob tushishini bilib olasizlar.
41.Biz sizga bu kitobni haqiqatan, barcha odamlar uchun nozil qildik. Bas, kimki hidoyat yoʻliga yursa, oʻz foydasiga yurgan boʻladi. Kimki yoʻldan ozsa oʻzining zarariga ozgan boʻladi. Siz ularning ustidan vakil emassiz.
42.Alloh jonlarni oʻlimi vaqtida, oʻlmaganlarini esa uyqusi vaqtida oladi. Bas, oʻlimga hukm qilgan jonlarni qaytarmay ushlab qoladi, qolganlarini esa belgilangan bir muddatgacha qoʻyib yuboradi. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun ibratlar bordir.
43.Yoki mushriklar Allohdan oʻzga shafoatchilarni ushlab oldilarmi?! Ey Muhammad, ularga: “Agar ular biror narsaga kuchlari yetmaydigan va hech narsani tushunmaydigan boʻlsalar-chi?!” – deb ayting.
44.Ey Rasulim, ularga: “Barcha shafoat faqat Allohga xosdir. Osmonlar va Yerning hukmronligi ham Unikidir. Soʻngra oxiratda barchalaringiz Uning huzuriga qaytarilasizlar”, – deng.
45.Qachonki, Allohning yolg‘iz Oʻzi zikr qilinsa, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning yuraklari siqilib ketadi. Qachonki, Undan oʻzga butlar zikr qilinsa, birdan ular shodlanib ketadilar.
46. Ey Muhammad ularga: “Ey Allohim, ey osmonlar va Yerni yoʻqdan bor qilib yaratuvchisi, ey yashirin va oshkor narsalarni biluvchi Zot, Sen bandalarning orasida ular ixtilof qilib yurgan narsalar xususida hukm qilasan”, – deb ayting.
47.Agar zolim kimsalar uchun yerdagi barcha narsa va u bilan birga yana uning barobaricha narsa boʻlsa, albatta, ular qiyomat kunidagi azobning yomonligidan, oʻsha narsalarni toʻlov qilib yuborgan boʻlar edilar. Chunki qiyomatda ularga Alloh tomonidan ular oʻylab ham koʻrmagan narsalar namoyon boʻladi.
48.Ularga oʻzlari kasb qilgan yomonliklari oshkor boʻldi va ularni dunyoda masxara qilib oʻtgan narsa oʻrab oldi.
49.Bas, qachonki, insonga biror ziyon yetsa, darhol Bizga duo qiladi. Soʻngra, unga, Biz tomondan biror neʼmat ato etsak, endi u: “albatta, bu neʼmat menga ilmim tufayli berildi”, – deydi. Yoʻq, lekin u sinov edi, faqat ularning aksariyati uning imtihon ekanini bilmaydilar.
50.U gapni ulardan oldingilar ham aytgan edilar. Bas, qilgan kasblari oʻzlariga foyda bermadi.
51.Bas, ularga qilgan kasblarining yomonliklari musibat boʻldi. Ana u Makka mushriklaridan boʻlgan zolimlarga ham yaqinda qilgan yomonliklari musibat boʻladi. Ular azobdan qochib qutuluvchi emaslar.
52.Axir, ular Alloh Oʻzi xohlagan kishining rizqini keng qilishini va xohlagan kishining rizqini tor qilishini bilmadilarmi?! Albatta, bunda iymon keltiradigan qavmlar uchun ibratlar bordir.
53.Ey Muhammad, ularga Mening nomimdan: “Ey oʻz jonlariga zulm qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid boʻlmanglar! Shubhasiz, U gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir”, deb ayting.
54.Sizlarga azob kelib, keyin yordam berilmay qolishidan oldin tavba qilib Robbingizga qaytinglar va Unga taslim boʻlinglar.
55.Sizlarga, oʻzingiz sezmagan holingizda toʻsatdan azob kelib qolishidan oldin, Robbingiz tomonidan sizlarga nozil qilingan eng goʻzal Qurʼonga ergashinglar!
56. Har qanday bir nafs: “Alloh haqida Unga ibodat qilishda yoʻl qoʻygan kamchiliklarim uchun nadomat boʻlsin! Chindan ham, men masxara qiluvchilardan boʻlgan edim”, – deb qolishidan oldin tavba qilsin.
57.Yoki biror jon: “Agar Alloh meni hidoyat qilganida, albatta, taqvodorlardan boʻlar edim”, – deb qolmasligi uchun.
58.Yoxud azobni koʻrgan chog‘ida: “Koshki, menga yana bir marta dunyoga qaytishning imkoni boʻlsa-yu, men ham chiroyli amal qiluvchilardan boʻlsam”, – deb aytmasligi uchun Islomga ergashinglar!
59.Yoʻq, ey nafs senga Mening oyatlarim kelganida, sen ularni yolg‘onga chiqarding va kibrlanib, kofirlardan boʻlgan eding!
60.Qiyomat kunida Allohga nisbatan yolg‘on soʻzlagan kimsalarni yuzlari qoraygan holda koʻrasiz. Takabburlarning joyi jahannamda emasmi?!
61.Alloh, taqvo qilgan zotlarni yutuqlari sababli doʻzax azobidan qutqaradi. Ularga biror yomonlik yetmaydi va ular g‘amgin boʻlmaydilar.
62.Alloh har bir narsaning yaratuvchisidir. Hamda U barcha narsaga vakildir.
63.Osmonlar va Yerning kalitlari Unikidir. Allohning oyatlariga kufr keltirgan kimsalar – ana oʻshalargina oxiratda ziyon koʻruvchilardir.
64.Ey Muhammad, mushriklarga: “Ey johillar, sizlar meni Allohdan boshqaga ibodat qilishga buyuryapsizlarmi?!” – deb ayting.
65.Darhaqiqat, sizga va sizdan oldingi payg‘ambarlarga ham shunday vahiy qilingan edi. Agar shirk keltirsangiz, albatta, qilgan amalingiz behuda ketadi va aniq ziyon koʻruvchilardan boʻlib qolasiz.
66.Yoʻq, faqat Allohga ibodat qiling va shukr qiluvchilardan boʻling.
67.Ular Allohni Oʻziga loyiq tarzda qadrlamadilar. Qiyomat kunida butun Yer yuzi Uning siqimidadir. Osmonlar ham Uning qudrat qoʻliga yig‘iluvchidir. U Zot ular shirk keltirayotgan narsalardan pok va oliydir.
68.Sur chalinganda, osmonlar va Yerdagi bor jonzot oʻladi, faqat Alloh xohlagan zotlargina tirik qoladi. Keyin unga yana bir puflanadi bas, birdan ular qabrlaridan turib, Allohning amriga muntazir boʻladilar.
69.Mahshardagi yer Robbisining nuri bilan yorishadi. Nomai aʼmol kitobi hisob uchun hozirlab qoʻyiladi. Payg‘ambarlar va guvohlar keltiriladi va ularning oʻrtalarida zulm qilinmagan holda haq bilan hukm qilinadi.
70.Har bir jonga qilgan amali uchun mukofot yoki jazo toʻliq qilib beriladi, U Zot bandalarning qilayotgan ishlarini juda yaxshi biluvchidir.
71.Kufr keltirgan kimsalar guruh-guruh qilinib, jahannamga haydaladi. Unga yetib kelgan paytlarida uning eshiklari ochiladi va jahannam qoʻriqchilari ularga: “Sizlarga ichingizdan Robbingizning oyatlarini tilovat qilib beradigan va sizlarni ushbu kuningizga roʻbaroʻ boʻlishdan ogohlantiradigan payg‘ambarlar kelmaganmidi?!” – deydilar. Ular: “Ha, kelganlar, lekin azoblash soʻzi kofirlar ustiga muqarrar boʻlgandir”, – deydilar.
72.Shunda ularga: “Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar u yerda mangu qolasizlar!” deyiladi. Bas, takabbur kimsalarning joylari naqadar yomondir!
73.Robbilaridan qoʻrqqan zotlar ham guruh-guruh holda jannatga olib boriladilar. Unga yetib kelgan paytlarida uning eshiklari ochiladi va jannat qoʻriqchilari ularga: “Sizlarga salom boʻlsin! Xush keldingiz! Endi, unga mangu qoluvchi boʻlgan hollaringizda kiringlar”, – deydilar.
74.Jannat egalari: “Bizlarga vaʼdasini rost qilgan va bizga bu yerni meros qilib bergan Allohga hamd boʻlsinki, jannatda xohlagan yerimizga joylashyapmiz”, – deydilar. Mana, solih amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshidir!
75.Ey Muhammad, siz u kunda farishtalar Arsh atrofini oʻrab olgan hollarida, Robbilariga hamd bilan tasbeh aytayotganlarini koʻrasiz. Barchalarining oralarida haq bilan hukm qilindi va: “Olamlarning Robbi – Allohga hamdlar boʻlsin!” – deyildi.

