1447 yil 18 zulhijja2026 yil 4 iyun, payshanba

Yunus surasi

Makkada nozil bo'lgan.

11-juz,10-sura,109 oyatdan iborat

1.Alif, Lom, Ro. Ushbular hikmat toʻla kitob oyatlaridir.

2.Oʻz oralaridan boʻlmish Muhammad nomli bir kishigaOdamlarni jahannam azobidan ogohlantiring, iymon keltirganlarga Robbilari huzurida qilgan yaxshiliklari uchun beriladigan ajr boʻlmish sodiqlik qadami borligi haqida xushxabar bering”, – deb vahiy yuborganimiz odamlarga ajablanarli boʻldimi?! Kofirlar esa: “Shubhasiz, bu Muhammad aniq sehrgardir”, – dedilar.

3.Albatta, Robbingiz osmonlar va Yerni olti kunda yaratib, soʻngra Arshga istivo qilgan Allohdir. U ish tadbirini mustahkam koʻradi. Uning iznisiz hech kim shafoat qiluvchi emasdir. Ana oʻsha Alloh sizning Robbingizdir, shunday ekan, Unga ibodat qilinglar. Hali ham bundan eslatma olmaysizlarmi?!

4.Barchangizning qaytish joyingiz Uning huzurigadir. Allohning vaʼdasi haqdir. Shubhasiz, U yaratishni yoʻqdan bor qilib boshlaydi, soʻngra iymon keltirib, solih ish qilganlarni adolat bilan mukofotlash uchun u barcha yaratilganlarni yana hayotga qaytaradi. Kufr keltirganlarga esa, qaynoq suvdan boʻlgan ichimlik va kofir boʻlganlari uchun alamli azob bordir.

5.U Zot quyoshni ziyo taratuvchi va oyni esa nur sochuvchi qildi hamda yillarning sanog‘ini va vaqt oʻlchovlaridagi hisobni bilishingiz uchun u oyni manzillarga ajratib oʻlchab qoʻydi. Bularni Alloh faqat haq hikmat bilan yaratdi. Alloh tushunib yetadigan va biladigan qavm uchun oyatlarni batafsil bayon qiladi.

6.Albatta, tun va kunning almashib turishida hamda osmonlar va Yerdagi Alloh yaratib qoʻygan barcha narsalarda Allohdan qoʻrqadigan qavm uchun dalillar bor.

7.Shubhasiz, Biz bilan roʻbaroʻ boʻlishni umid qilmaydigan, oʻtkinchi dunyo hayotiga rozi boʻladigan va u bilan koʻngli taskin topganlar esa ana ular oyatlarimizdan g‘ofil boʻlganlardir.

8.Qilmishlari tufayli ana oʻshalarning joylari doʻzaxdir.

9.Iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarni esa iymonlari sababli Robbilari ularni hidoyat qiladi. Ular neʼmati moʻl boʻlgan – Naʼim jannatlarida boʻladilar va taglaridan anhorlar oqib turadi.

10.Ularning u yerdagi duolari: “Ey Alloh, Senga tasbeh aytamiz!” – deyish va u yerdagi soʻrashishlariSalomdir. Duolarining oxiri esa: “Olamlar Robbisi boʻlgan Allohga hamd!” – aytmoqlikdir.

11.Agar Alloh odamlarga yaxshilikni tez keltirganidek, yomonlikni ham tezlatsa edi, ularning ajallari bitgan boʻlar edi. Bas, Bizga roʻbaroʻ boʻlishdan umid qilmaydigan gunohkorlarni tug‘yonlarida tentirab yurishlariga tashlab qoʻyamiz.

12.Agar insonga biror bir zarar yetsa, yotgan, oʻtirgan yoki turgan holida ham Bizga iltijo qiladi. Bas, vaqti kelib undan zararini ketkazsak, goʻyo unga yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Shunday qilib, tajovuzkor isrofchilarga qilayotgan ishlari chiroyli qilib qoʻyildi.

13.Darhaqiqat, sizlardan oldingi nasllarni ham zulm qilganlarida va ularga payg‘ambarlari ilohiy dalillarni keltirgan payt iymon keltirmaganlarida halok qilgan edik. Biz shu tarzda jinoyatchilar qavmini jazolaymiz.

14.Soʻngra qanday amal qilishingizni koʻrishimiz uchun ulardan keyin sizlarni Yerda oʻrinbosarlar qildik.

15.Qachonki ularga aniq boʻlgan oyatlarimiz tilovat qilinsa, Bizga duch kelishdan umid qilmaydiganlar: “Bundan boshqa Qurʼon keltir yoki uning oyatlarini almashtirib qoʻyaver!” – deydilar. Ey Rasulim, ularga: “Men uchun uni oʻz tomonimdan oʻzgartirib qoʻyish aslo mumkin boʻlmaydi. Men faqat menga vahiy qilingan oyatlargagina ergashaman. Shubhasiz, men agar Robbimga itoatsizlik qilsam, buyuk kun boʻlmish qiyomat azobidan qoʻrqaman”, – deb ayting.

16.Ey Muhammad, ularga “Agar Alloh xohlaganda edi, men u Qurʼonni oʻqimas edim va Alloh ham uni sizlarga bildirmagan boʻlar edi. Haqiqatan, sizning orangizda undan oldin ham umr kechirdim-ku!”-deb ayting.

17.Allohga nisbatan yolg‘on toʻqigan yoki oyatlarini yolg‘onga chiqargan kimsadan ham zolimroq kishi bormi?! Shubhasiz, u jinoyatchilar najot topmaydilar.

18.Allohni qoʻyib, oʻzlariga zarar ham foyda ham keltirmaydigan narsalarga ibodat qiladilar. Hamda: “Ana shu but va sanamlar Alloh huzurida bizni shafoat qiluvchilarimiz”, – deydilar. Ey Rasulim, ularga: “Allohga osmonlar va Yerdagi bilmaydigan narsalarni bildirib qoʻymoqchimisiz?!” – deb ayting. Alloh ular shirk keltirayotgan narsalardan munazzah va oliy Zotdir.

19.Avvaliga odamlar islom dinida birlashgan yagona ummat boʻlib, vaqt oʻtishi bilan haq dindan uzoqlashib, keyin ixtilofga tushdilar. Agarda Robbingizdan qiyomatgacha muhlat berish haqida soʻz oʻtmaganida, oralarida tortishayotgan narsalari haqida allaqachon hukm qilingan boʻlar edi.

20.U Muhammadga Robbisi tomonidan biz ishonishimiz uchun biror moʻʼjiza tushirilsa edi!” – deydilar. Bas, ularga: “Albatta, g‘ayb ishlari Allohga xosdir. Kutib turinglar, men ham sizlar bilan birga kutib turuvchilardanman”, – deb ayting.

21.Agarda odamlarga yetgan zarar ortidan rahmat zavqini tottirsak, birdan ularda oyatlarimiz haqida makr paydo boʻladi. Ey Rasulim: ularga: “Alloh makrlarni yoʻq qilishda tezroqdir”, – deb ayting. Albatta, elchi farishtalarimiz sizlar qilayotgan makrlaringizni yozib bormoqdalar.

22.U sizlarni quruqlik va dengizda sayr qildiradigan Zotdir. Sizlar kemada boʻlgan chog‘ingizda va mayin shamollar bilan u yoʻlovchilarni olib ketardi. Hamda ular bu sayr bilan xursand boʻlib turganlarida birdan qattiq shamol esib, ularga har tarafdan toʻlqin urib kelib, oʻzlarini u toʻlqin bilan qurshovda qolganlarini sezib, Allohga dinni xolis qilgan hollarida: “Agar bizni mana shundan xalos qilsang, albatta, shukr qiluvchi bandalardan boʻlamiz”, – deya iltijo qiladilar.

23.Vaqtiki, Alloh ularning iltijosini qabul qilib najot berganda, bexos ular Yer yuzida yana nohaq zulm qila boshlaydilar. Ey odamlar, bu qilayotgan zulmingiz faqat oʻz nafsingiz zararigadir. Bular, faqat dunyo hayotining oʻtkinchi matohidir. Oxir-oqibat qaytar joyingiz Bizning huzurimizgadir. Bas, oʻshanda sizlarga qilgan ishlaringizning xabarini beramiz.

24.Haqiqatan, dunyo hayotining misoli xuddi uni Biz osmondan tushirgan suv kabidir. Bas, odamlar va hayvonot yeydigan narsalardan iborat boʻlgan Yer oʻsimliklari u bilan qorishib, zamin chiroyli bezagini oladi va ziynatlanadi. Shundan soʻng u yer egalari endi unga erishib, oʻzlarini unga qodir deb oʻylaydilar. Lekin kechasi yoki kunduzi unga amrimiz kelib, u yerni xuddi kuni kecha yashnab turmagan va oʻrib olingandek qilib qoʻyamiz. Biz tafakkur qiluvchi qavm uchun oyatlarni shu tarzda batafsil bayon qilamiz.

25.Alloh odamlarni salomatlik diyori boʻlgan jannatga chaqiradi va xohlagan kishini toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qiladi.

26.Chiroyli ish qilganlarga yanada goʻzallik boʻlgan jannat va bundan tashqari Alloh jamolini koʻrishdek ziyodalik bordir. Ularning yuzlarini qoralik ham, xorlik ham qoplamaydi. Aynan oʻshalar jannat egalaridir, ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

27.Alloh qaytargan yomon ishlarni qilganlarga esa, har bir gunohga uning barobaricha jazo beriladi va ularni xorlik qoplaydi. Ular uchun Alloh tarafidan saqlovchi ham yoʻq. Ularning yuzlari xuddi zulmatli tunning bir boʻlagi bilan qoplangandek timqaro boʻladi. Ana oʻshalar doʻzax egalaridir. Ular u yerda mangu qoluvchidirlar.

28.Barchalarini oʻsha qiyomat kunida toʻplaymiz, soʻngra shirk keltirganlarga: “Sizlar va Allohga sherik qilib olgan but-sanamlaringiz joyingizda turinglar!” – deb ularning oralarini ajratamiz. Shunda sig‘inilgan sheriklari: “Aslida sizlar bizga sig‘inmas edingiz va hatto biz buni sezmas edik”, – deb aytadilar.

29.Bas, endi bizning va sizning oramizda guvoh boʻlish uchun Allohning Oʻzi kifoyadir. Haqiqatan, siz bizga ibodat qilayotganingizdan bexabar edik.

30.Ana oʻsha yerda har bir nafs egasi bu dunyoda nimaiki qilib oʻtgan boʻlsa, amalini sinab koʻradi va hisob beradi. Hamda barchasi haqqoniy egalari boʻlgan Allohga qaytariladi. Shuningdek, zlaricha toʻqib chiqargan narsalari ulardan g‘oyib boʻladi.

31.Ey Muhammad, ularga: “Osmon va Yerdan sizlarga beminnat rizq berayotgan kim, yoki quloq va koʻzlaringizga egalik qilayotgan kim?! Kim oʻlikdan tirikni chiqaryapti va kim tirikdan oʻlikni chiqarmoqda hamda ishning tadbirini koʻrayotgan kimdir?!” – deb soʻrang. Ular tezda: “Albatta, Alloh”, – deb aytadilar. Shunda ularga: “Unday boʻlsa, Allohdan qoʻrqmaysizlarmi?!” – deb ayting.

32.Bas, mana bu sizning haqiqiy Robbingiz Allohdir. Haqiqat inkor etilgandan keyin zalolatdan boshqa nima ham boʻlar edi. Shunda ham haq yoʻldan qayoqqa og‘ib ketyapsizlar?

33.Shunday qilib, fosiqlik qilganlar ustiga Robbingizning azoblayman, – degan soʻzi haq boʻlib chiqdi. Chunki ular iymon keltirmas edilar.

34.Ularga: “Sherik qilgan but-sanamlaringizdan oldin yaratib, oʻlgandan keyin yana hayotga qaytara oladigan kimsa bormi?!” – deb ayting. Yana ularga: “Alloh yaratishni boshlab, soʻngra yana qaytara oladi. Bas, shunday ekan, qayoqqa burilib ketyapsizlar?!” – deng.

35.Ey Rasulim, ularga: “Sherik qilgan butlaringiz ichidan haq yoʻlga soladigani bormi?!” – deb ayting. Yana ularga: “Faqat Alloh haq yoʻlga boshlaydi”, – deng. Haq yoʻlga boshlaydigan Zot boʻlgan Alloh ergashilishga haqliroqmi yoki yoʻlga sola olmaydigan, balki oʻzi yoʻlga solinishga muhtoj kimsami?! Bas, ey qavmim, sizlarga nima boʻldi?! Qanday hukm chiqaryapsiz oʻzi?!

36.Aslida, koʻpchilik faqat gumon ortidan ergashadilar. Gumon esa, biror narsada haqiqat oʻrniga oʻtmaydi. Albatta, Alloh ularning qilayotgan ishlarini bilib turuvchi Zotdir.

37.Ushbu Qurʼon Allohdan boshqa kimdir tarafidan toʻqib chiqarilgan boʻlishi mumkin emas. Balki u butun olamlar Robbisi tomonidan nozil qilingan, haqligida unda hech qanday shubha boʻlmagan va oʻzidan oldingi ilohiy kitoblarni tasdiqlovchi hamda batafsil bayon etilgan kitobdir.

38.YokiUni Muhammad toʻqib chiqargan”, – deydilarmi?! Ey Rasulim, unda ularga: “Bas, agar rostgoʻylardan boʻlsangiz, Allohdan boshqa kuchingiz yetgan kimsalarni yordamga chaqirib, unga oʻxshash bir dona sura keltirib koʻring-chi?!” – deb ayting.

39.Aksincha, ular Qurʼon ilmini egallamay va uning taʼvil va tafsiri ularga kelmay turib, uni yolg‘onga chiqardilar. Ulardan oldingi qavmlar ham payg‘ambarlarini xuddi shunday yolg‘onchiga chiqargan edilar. Ana, zolimlarning oqibati qanday boʻlganiga nazar soling.

40.Odamlardan ular ichidan unga iymon keltirganlari ham bor va ular ichidan unga iymon keltirmaydiganlari ham bor. Robbingiz esa buzg‘unchilarni juda yaxshi biluvchidir.

41.Ey Rasulim, agar ular sizni yolg‘onchiga chiqarsalar, ularga: “Mening ishimoʻzimga. Sizlarning ishlaringizoʻzingizga! Sizlar mening qilayotgan ishimga aloqador emassiz, men ham sizlarning ishlaringizga aloqador emasman”, – deb ayting.

42.Shuningdek, ular ichida Sizga beparvolik bilan quloq soladigan kimsalar ham bor. Agar ularning oʻzlari aql ishlatmaganlaridan keyin siz maʼnan kar quloqlarga haq gapni eshittira olarmidingiz.

43.Yana ular ichida sizga shunchaki qarab turadiganlari ham bor. Agar ularning oʻzlari koʻra olmaganlaridan keyin siz qalb koʻzi koʻrlarni toʻg‘ri yoʻlga sola olarmidingiz.

44.Albatta, Alloh odamlarga hech narsada zarracha zulm qilmaydi. Lekin odamlar oʻzlariga oʻzlari zulm qiladilar.

45.Alloh ularni jamlaydigan qiyomat kunida oʻzlarini bu dunyoda goʻyo nahor vaqtidan faqatgina bir soat turgandek his qilishadi va bir-birlarini taniy boshlaydilar. Alloh bilan yuzma-yuz boʻlishni yolg‘onga chiqarganlar qattiq ziyon koʻrdilar va hidoyat topganlardan boʻlmadilar.

46.Agarda Biz ularga vaʼda qilayotgan azobning baʼzisini sizga koʻrsatsak yoki ulardan oldin sizni vafot ettirsak ham, baribir ularning qaytib keladigan joylari Bizning huzurimizgadir. Soʻngra nima qilayotganlariga Allohning Oʻzi guvohdir.

47.Har bir ummat uchun Rasul yuborilgandir. Qachonki ularga Rasullari kelsa, oralarida odillik bilan hukm chiqariladi va ularga zarracha zulm qilinmaydi.

48.Ular: “Agar rostgoʻylardan boʻlsangiz, bu vaʼda qilingan azob qachon boʻladi?” – deydilar.

49.Buni soʻraganlarga: “Alloh xohlamas ekan, men hatto oʻzimga na zarar va na foyda ham yetkazishga qodir boʻlmayman. Har bir ummat uchun belgilangan ajal bor. Agar muddatlari yetsa, uni bir soat ham kechiktira olmaydilar va oldinga ham sura olmaydilar”, – deb ayting.

50.Yana ularga soʻzlaringizni davom ettirib: “Qani, aytinglar-chi, yarim tunda, uxlayotganingizda yoki kunduzi aylanib yurganingizda Uning azobi birdan sizlarga kelib qolsa, jinoyatchilar undan nimani tezlatishni xohlaydilar?!” – deb ayting.

51.Qachonki oʻsha azob roʻy bergandan keyingina unga iymon keltirasizlarmi?! Endimi?! Axir, uni qachon boʻladi, – deb shoshiltirgan edingiz-ku!

52.Soʻngra zulm qilgan kimsalarga qarata: “Doimiy azobni totinglar! Sizlar faqat kasb qilgan yomon ishlaringiz uchun jazolanasizlar”, – deyiladi.

53.Ey Rasulim, ular sizdan: “U vaʼda qilingan azob haqmi?” – deb soʻraydilar. Ularga: “Robbimga qasam boʻlsinki, ha, u, albatta, haqdir. Sizlar esa U Zotni ojiz qoldiruvchi emassizlar”, – deb ayting.

54.Zulm qilgan har bir nafs egasida bordi-yu Yer yuzidagi hamma narsa boʻlgan taqdirda ham, dahshatli azobdan qutulish uchun, albatta, uni fido qilib yuborgan boʻlar edi. Ular jahannam azobini koʻrishgach, pushaymonliklarni ichlarida saqlaydilar. Oʻrtalarida adolat bilan hukm chiqariladi va ularga zarracha zulm qilinmaydi.

55.Ey odamlar, ogoh boʻlinglar, osmonlar va Yer yuzidagi barcha narsa, shubhasiz, Allohnikidir. Yana bir bor ogoh boʻlingki, albatta, Allohning aytgan vaʼdasi haqdir, lekin ularning koʻpchiligi buni bilmaydi.

56.U tiriltiradi va oʻldiradi hamda barchangiz Uning huzuriga qaytarilasizlar.

57.Ey odamlar, chindan ham sizlarga Robbingizdan vaʼz-nasihat, koʻngillardagi zararli illatlarga shifo va moʻminlar uchun hidoyat va rahmat manbai boʻlgan Qurʼon keldi.

58.Ey Rasulim, shunday ekan, ularga: “Allohning fazli boʻlgan Islom dini va rahmati boʻlgan Qurʼon bilan, ha, mana shular sababli moʻminlar shod boʻlsinlar. Mana bu dunyoparastlar chirpinib toʻplayotgan boyliklaridan koʻra yaxshiroqdir”, – deb ayting.

59.Ey Muhammad, ularga: “Koʻrdingizmi, Alloh sizlar uchun nozil qilgan rizqdan birini harom, boshqasini halol qilib oldingiz”, – deng. Yana ulardan: “Qani, aytingchi, sizlarga Alloh ruxsat berdimi yoki Allohga bila turib tuhmat qilyapsizlarmi?!” – deb ayting.

60.Allohga qarshi yolg‘on toʻqiydigan kimsalarning hisob-kitob boʻladigan qiyomat kuni haqidagi gumonlari nima ekan?! Shubhasiz, Alloh odamlarga nisbatan fazl va marhamat egasidir, lekin ularning koʻpchiligi shukr qilmaydilar.

61.Ey Rasulim, qanday holatda boʻlmang, Qurʼondan nimani tilovat qilmang, qandaydir bir ishni qilmanglar va oʻshanga kirishganingiz zahoti, albatta, Biz tepangizda guvohmiz. Na Yer yuzida va na osmonlardagi zarra miqdorida boʻladimi yoki undan kichikroqmi yo kattaroq narsami – barchasi Robbingdan chetda maxfiy qolmaydi. Ularning hammasi aniq kitob boʻlgan Lavh ul-Mahfuzda bordir.

62.Ey moʻminlar, ogoh boʻlinglar! Shubhasiz, Allohning doʻstlari boʻlgan avliyolariga oxiratda ularga hech qanday xavfu xatar yoʻq va ular g‘am-tashvish chekmaydilar.

63.Ular iymon keltirgan va Allohdan qoʻrqadigan kimsalardir.

64.Ular uchun bu dunyo hayotida ham, oxiratda ham xushxabar bordir. Allohning soʻzlarida oʻzgartirish yoʻq. Ana shu ulkan yutuqdir.

65.Ey Rasulim, kofirlarning “Payg‘ambar emassan”, – degan soʻzlari sizni aslo ranjitmasin. U shubhasiz, hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

66.Ogoh boʻlinglar, shubhasiz, osmonlar va Yerda kim yoki neki bor barchalari Allohnikidir. Allohdan boshqa, sheriklarga ergashib va ularga iltijo qiladiganlar faqatgina gumonga ergashadilar va ular faqat taxmin qiladilar.

67.U sizlarga orom olishingiz uchun kechani va turli ishlar bilan shug‘ullanishingiz uchun yorug‘lik beradigan qilib kunduzni yaratgan Zotdir. Albatta, bunda eshitib ibrat oladigan qavm uchun alomatlar bor.

68.G‘ofil kimsalar, “Allohning bolasi bor”, – dedilar. U Zot bunday tuhmatdan mutlaqo munazzah va pokdir. Osmonlar va Yerdagi barcha narsalar Unga xosdir. Sizlarning huzuringizda bu haqda hech qanday dalil yoʻq. Alloh shaʼniga bilmaydigan narsalaringizni gapirasizlarmi?!

69.Ey Muhammad, ularga: “Shubhasiz, Alloh shaʼniga yolg‘on toʻqiydigan kimsalar aslo najot topmaydilar”, – deb ayting.

70.Mana shunday kimsalar uchun bu oʻtkinchi dunyoda ozgina foydalanib qolish bor. Oxir-oqibat, ularning qaytar joylari Bizning huzurimizgadir. Keyin esa kufr keltirganlari uchun ularga qattiq azobni tottiramiz.

71.Ey Rasulim, ularga Nuh payg‘ambar haqidagi xabarni oʻqib bering! Oʻshanda Nuh oʻz qavmiga aytgandi: “Ey qavmim, agar orangizda uzoq muddat turishim va Allohning oyatlarini eslatishim sizlarga og‘irlik qilgan boʻlsa, bas, unda men Allohning Oʻziga suyanib, tavakkul qildim. Sheriklaringiz bilan birga jam boʻlib ishlaringizni qilaveringizlar. Keyin qilayotgan ishlaringizni oshkor tutaveringizlar oʻzlaringizga maxfiy boʻlib qolmasin. Soʻngra menga nisbatan istagan hukmingizni ijro qilaveringlar hamda menga shartingizni qoʻyib, muhlat berib oʻtirmanglar.

72.Bas, agar mening oʻgitlarimdan yuz oʻgirsangiz, sizlardan men xizmatim uchun biror haq soʻraganim yoʻq. Mening ajrim faqat Allohning zimmasida. Men Allohga taslim boʻlgan musulmonlardan boʻlishga amr qilinganman.

73.Bas, shuncha chaqiriqlarga qaramay uni yolg‘onchiga chiqarishgach, Biz uni va u bilan kemada birga boʻlgan iymonlilarni toʻfondan qutqardik va ularni Yerda oʻrinbosarlar qildik. Oyatlarimizni yolg‘onga chiqarganlarni toʻfonda g‘arq qildik. Ogohlantirish berilgan va unga quloq tutmaganlarning oqibati qanday boʻlganini koʻring.

74.Soʻngra undan keyin ham koʻplab payg‘ambarlarni oʻz qavmlariga yubordik. Bas, payg‘ambarlar ularga ochiq-oydin hujjatlarni keltirdilar. Ular esa shunda ham oldindan yolg‘onga chiqargan narsalariga iymon keltirmadilar. Tajovuzkorlarning qalblariga shunday qilib tamg‘a bosib qoʻyamiz.

75.Soʻngra ularning ortidan moʻʼjizalarimiz bilan Muso bilan Horun payg‘ambarni firʼavn va uning zodagonlariga yubordik. Bas, ular ham iymon keltirmay kibrlandilar va jinoyatchi qavm boʻldilar.

76.Bas, qachonki ularga Bizning huzurimizdan haqiqat kelganida, ular: “Bu aniq bir sehrdir”, – deganlar.

77.Muso ularga: “Sizlarga haqiqat kelgan paytda bu sehrmi, deysizlar? Axir sehrgarlar aslo muvaffaqiyat qozonmaydilar”, – dedi.

78.Qavm unga: “Sen bizlarga ota-bobolarimizni avvaldan unda amal qilgan holda koʻrgan dinimizdan qaytarish va yerimizga kattalik qilib, ega boʻlib olish uchun keldingmi?” Biz ikkingizga ham ishonuvchi emasmiz”, – dedilar.

79.Firʼavn Muso payg‘ambarni sinash uchun: “Barcha bilimdon sehrgarlarni menga olib kelinglar”, – dedi.

80.Bas, sehrgarlar toʻplanib kelgach, Muso ularga: “Tashlamoqchi boʻlgan aso va arqonlaringizni tashlanglar”, – dedi.

81.Ular qoʻllaridagi narsalarni tashlaganlarida, arqon va asolari ilon shakliga aylanib qoldi. Muso ularga: “Sizlar keltirgan narsabu sehrdir. Alloh, albatta, uni yoʻqqa chiqarib botil qiladi. Shubhasiz, Alloh buzg‘unchilarning amalini isloh qilmaydi.

82.Garchi jinoyatchilar xush koʻrmasalar ham, Alloh oʻz soʻzlari va amrlari bilan haqiqatni yuzaga chiqaradi.

83.Musoga qavmidan faqat bir guruh kishilargina firʼavn va uning zodagonlarining qiynoqqa solib fitna qilishlaridan qoʻrqqanlari uchun iymon keltirdilar. Zero, firʼavn yerda mutakabbir va isrofgarlardan edi.

84.Muso: “Ey qavmim, Allohga iymon keltirgan ekansizlar, bas, faqat Unga tavakkul qilinglar, agar chindan ham musulmon boʻlsangizlar”, – dedi.

85.Bas, ular: “Allohgagina tavakkul qildik. Ey Robbimiz, bizlarni zolimlar qavmiga fitnaga solma”, – dedilar.

86.Bizlarni Oʻz rahmating bilan kofirlar qavmidan xalos qil.

87.Muso va uning akasiga: “Qavmlaringiz uchun Misrda uylar tayyorlanglar va uylaringizni namozgoh uchun qibla qilinglar, namoz oʻqinglar va moʻminlarga esa xushxabar bering”, – deb vahiy qildik.

88.Muso: “Ey Robbimiz, darhaqiqat, Sen firʼavn va uning odamlariga bu dunyo hayotida zeb-ziynat va mol-dunyolar berding. Ey Robbimiz, ular mana shu mol-dunyolari bilan odamlarni Sening yoʻlingdan adashtirishlari uchun shunday qilding. Ey Robbimiz, ularning mol-dunyolarini yakson qilgin, koʻngillarini shunday qattiq qilginki, toki alamli azobni koʻrmagunlaricha, iymon keltirmasinlar”, – dedi.

89.Alloh ularga: “Ikkingizning duongiz ijobat qilindi. Endi toʻg‘ri boʻlinglar va bilmaydigan nodon kimsalarning yoʻliga aslo ergashmanglar”, – dedi.

90.Biz bani Isroil avlodlarini dengizdan oʻtkazganimizdan keyin ularga zulm va dushmanlik qilish uchun firʼavn va uning lashkari ortlaridan quvib yetdi. Endi unga dengizda g‘arq boʻlish vaqti yetganida firʼavn: “Hech qanday iloh yoʻq, faqatgina bani Isroil avlodlari iymon keltirgan Zot – Allohgina borligiga iymon keltirdim hamda men musulmonlardanman”, – dedi.

91.Alloh unga: “Endimi iymon keltirding! Axir, sen bundan oldin itoatsizlik qilgan eding va buzg‘unchilardan boʻlgansan-ku!” – dedi.

92.Mana bugun endi oʻzingdan keyingilarga ibrat boʻlishing uchun jasadingni dengiz qaʼriga choʻktirib, chiritib yubormay, uni sohilga chiqarib qutqarib qolamiz. Haqiqatan, odamlarning koʻpchiligi ulardan ibrat olmay g‘aflatda qoluvchilardir.

93.Albatta, Biz bani Isroil avlodlarini goʻzal va omonlik maskaniga yerlashtirdik va ularga pokiza narsalardan rizq qilib berdik. Ular to oʻzlariga Tavrot ilmi kelmaguncha, ixtilof qilmadilar. Albatta, Robbingiz qiyomat kunida ixtilof qilgan narsalari haqida oralarida hukm chiqaradi.

94.Ey Muhammad, agar sizga nozil qilgan tarixiy voqealar xususida shubhada boʻlsangiz, u holda sizdan oldingi Tavrot yoki Injil kitobini oʻqiydigan kishilardan soʻrab koʻring. Robbingizdan sizga haq vahiy kelgandan keyin aslo shubha qiluvchilardan boʻlmang.

95.Shuningdek, Allohning oyatlarini yolg‘onga chiqaradiganlardan ham boʻlmang, unday boʻlsa, ziyon koʻruvchilardan boʻlib qolasiz.

96.Albatta, kufr va isyonlari sababli Allohning azob soʻzi zimmalariga muqarrar boʻlganlar iymon keltirmaydilar.

97.Ularga barcha moʻʼjizalar kelsa, ham, to qiyomatdagi alamli azobni koʻrmagunlaricha holatlari shunday boʻladi.

98.Qani endi, halok boʻlgan qishloqlar ichida biror-bir qishloq ahli payg‘ambarlari ogohlantirganida azobni sezib, iymon keltirsalar edi, albatta, iymonlari foyda berib halok boʻlmagan boʻlar edilar. Faqatgina Yunus payg‘ambarning qavmi shunday qildi. Ular iymon keltirishgach, ulardan bu dunyo hayotidagi xorlik azobini ketkazdik va ularni oʻz ajallari bilan vafot etadigan maʼlum bir vaqtgacha dunyoda foydalantirdik.

99.Agar Robbingiz xohlasa edi, Yer yuzidagi barcha kishilar yoppasiga iymon keltirgan boʻlar edilar. Bas, axir siz odamlarni moʻmin boʻlishlariga majbur qilasizmi?!

100.Allohning iznisiz hech bir jon egasi iymon keltira olmaydi. Alloh azobni aql yuritmaydigan kimsalarga duchor qiladi.

101.Ey Rasulim, ularga: “Osmonlar va Yerdagi yaratilgan narsalarga ibrat bilan nazar solinglar”, – deb ayting. Lekin iymon keltirmaydigan qavmlar uchun moʻʼjizalar ham, ogohlantirishlar ham foyda bermaydi.

102.Ular faqat oʻzlaridan oldingi kofir holda oʻtgan kimsalarning kunlariga oʻxshash bir kunni kutib turibdilar, xolos. Ey Rasulim, ularga: “Bas, kutib turaveringlar, men ham sizlar bilan birga kutib turuvchilardanman”, – deb ayting.

103.Soʻngra u kunda payg‘ambarlarimiz va iymon keltirganlarga najot beramiz. Moʻminlarga ana shunday qilib najot berishimiz zimmamizdagi haqdir.

104.Ey Muhammad, ularga: “Ey odamlar, agar mening haq dinimdan shubhada boʻlsangiz, bas, bilib qoʻyingki, men sizlarning Allohdan boshqa sig‘inayotgan butlaringizga sig‘inmayman. Aksincha, men sizlarni vafot ettiradigan Zot boʻlmish Allohga sig‘inaman hamda moʻminlardan boʻlishimga buyurilganman”, – deb ayting.

105.Shuningdek, yuzingizni haqqa moil boʻlgan Islom dinida muqim tuting, aslo mushriklardan boʻlmang, – deb buyurilganman.

106.Allohni qoʻyib, senga foyda ham, zarar ham yetkaza olmaydigan narsalarga iltijo qilma. Agar bunday qilsang, u holda sen, albatta, zolimlardan boʻlasan.

107.Agar Alloh sizga biror zarar yetkazsa, bas, Oʻzidan boshqa uni ketkaza oladigan kuch yoʻqdir. Agar sizga biror yaxshilik yetkazishni istasa, Uning fazlini qaytaruvchi hech qanday kuch ham yoʻqdir. Alloh Oʻzi xohlagan bandalariga yaxshilikni yetkazadi. U gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

108.Ey Muhammad, “Ey odamlar, chindan ham sizlarga Robbingizdan haqiqat boʻlgan Qurʼon va Payg‘ambar keldi. Bas, kim hidoyat yoʻlida yursa, faqat oʻz foydasiga yurgan boʻladi. Kim hidoyat yoʻlidan adashsa, faqat oʻzining ziyoniga adashgan boʻladi. Men sizlarning ustingizda vakil emasman”, – deb ayting.

109.Ey Rasulim, siz, faqat oʻzingizga vahiy qilingan narsaga ergashing va toki Alloh hukm qilguncha sabr qiling. Albatta, U hukm qiluvchilarning eng yaxshisidir.