1.Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsa Allohga tasbeh aytadi. U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
Hashr surasi
Madinada nozil bo'lgan.
28-juz,59-sura,24 oyatdan iborat2.U ahli kitob boʻlgan yahudiylardan kufr keltirgan kimsalarni oʻz diyorlaridan birinchi haydash uchun chiqarib yuborgan Zotdir. Ey moʻminlar, sizlar ularni chiqib ketishlarini oʻylamagan edingiz. Ular ham oʻzlarining qalʼalarini Allohning azobidan saqlovchi deb oʻylagan edilar. Bas, Allohning azobi ular hisobga olmagan tomondan keldi va dillariga qoʻrqinch soldi. Ular uylarini oʻz qoʻllari va moʻminlarning qoʻllari bilan buzar edilar. Bas, ey aql egalari, bu hodisalardan ibrat olinglar!
3.Agar Alloh ularga surgun boʻlishni yozmaganida, albatta, ularni mana shu dunyoda qatl qilish yoki asrga olish bilan azoblagan boʻlar edik. Ular uchun oxiratda doʻzax azobi ham bordir.
4.Bunga sabab, ularning Alloh va Uning payg‘ambariga qarshi turganlaridir. Kimki Allohga qarshi tursa, bas, Alloh jazosi qattiq Zotdir.
5.Ey iymon keltirganlar, sizlarning Banu Nazir xurmozorlaridan biror xurmolarni kesganingiz yoki oʻz tanalarida turgan holda qoldirganingiz faqat Allohning izni bilan va fosiqlarni sharmanda qilish uchun boʻldi.
6.Alloh Oʻz Payg‘ambariga ulardan oʻlja qilib bergan narsalar ustiga sizlar qiynalib ot va tuyalarni choptirib borganingiz yoʻq. Lekin Alloh Oʻz payg‘ambarlarini Oʻzi xohlagan kimsalar ustidan hukmron qilib qoʻydi. Alloh har narsaga qodir Zotdir.
7.Alloh qishloq va shaharlarning kofir aholisidan payg‘ambariga oʻlja qilib bergan narsalar – toki sizlardan boy-badavlat kishilar oʻrtasidagina qoʻlma-qoʻl boʻlib yuraveradigan narsa boʻlib qolmasligi uchun – Allohga, Payg‘ambarga va u zotning qarindoshlari, yetimlar, miskinlar va musofirlarga tegishlidir. Payg‘ambar sizlarga nimani keltirgan boʻlsa olinglar, sizlarni nimadan qaytargan boʻlsa undan qaytinglar va Allohdan qoʻrqinglar! Albatta, Alloh jazosi qattiq Zotdir.
8.Yana u oʻljalar oʻz diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan kambag‘al muhojirlarnikidir. Zero, ular Allohdan fazl va rizolik istaganlar hamda Alloh va Uning payg‘amabariga yordam berganlar. Aynan oʻshalar iymonlarida sodiqdirlar.
9.Muhojirlardan oldin Madina diyorida yashagan va iymonni saqlagan ansorlar esa oldilariga hijrat qilib kelgan kishilarni yaxshi koʻradilar va qalblarida ularga berilgan narsa sababli hasad sezmaydilar. Hamda oʻzlarida ehtiyoj boʻla turib, ehson qilishda oʻzgalarni ustun qoʻyadilar. Kimki oʻz nafsining ziqnaligidan saqlana olsa, bas, ana oʻshalar zafar topuvchilardir.
10.Ulardan keyin dunyoga kelgan kimsalar: “Ey Robbimiz, bizlarni va bizlardan ilgari iymon bilan oʻtganlarni mag‘firat qilgin va qalblarimizda iymon keltirgan kimsalarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Robbimiz, shubhasiz, Sen odamlarga shafqatli – Raʼuf va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotsan”, – deydilar.
11.Ey Muhammad, munofiq kimsalar oʻzlarining ahli kitoblaridan boʻlgan kofir birodarlariga: “Qasam boʻlsinki, agar sizlar Madinadan haydab chiqarilsangizlar, albatta, bizlar ham sizlar bilan birga chiqib ketamiz va sizlarga qarshi harakatda hech qachon hech kimga itoat qilmaymiz. Agar sizlarga qarshi jang qilinsa, albatta, bizlar ham sizlarga yordam beramiz”, – deb aytishlarini koʻrmadingizmi? Alloh ularning yolg‘onchiligiga guvohlik beradi.
12.Qasam boʻlsinki, agar yahudiylar oʻz diyorlaridan haydab chiqarilsalar, munofiqlar ular bilan birga aslo chiqib ketmaydilar. Qasam boʻlsinki, agar yahudiylarga qarshi jang qilinsa, munofiqlar ularga yordam ham bermaydilar. Bordi-yu yordam bersalar ham, albatta, yahudiylar mag‘lub boʻlib ortlariga qarab qochadilar va keyin ularga yordam berilmaydi.
13.Ey moʻminlar, shubhasiz, sizlar munofiqlarning dillarida Allohdan koʻra koʻproq qoʻrqinchli tuyulasizlar. Bunga sabab, ular Allohning qudratini anglamaydigan qavm ekanliklaridir.
14.Munofiq va yahudiylar oʻzaro birlashib sizlar bilan jang qila olmaydilar. Ular faqat qalʼali qishloqlar ichida berkinib yoki devorlar ortidan turib jang qila oladilar. Shuningdek, ularning oʻz oralarida adovatlari qattiqdir. Soʻzlaridan ularni birlashgan deb hisoblaysiz-u, ammo qalblari tarqoqdir. Bunga sabab, ularning aqlsiz qavm ekanliklaridir.
15. Ular xuddi oʻzlaridan ozgina oldin, oʻz qilmishlarining uqubatini tatigan, Badr jangida yengilgan mushriklar kabidir. Ularga oxiratda ham alamli azob bor.
16.Ular xuddi shaytonning oʻxshashidirlar. Shayton insonga: “Kufr keltir”, – deydi. Bas, agar inson kufr keltirgach, shayton unga: “Men senga aloqador emasman. Zero, men barcha olamlar Robbisi – Allohdan qoʻrqaman”, – deydi.
17.Bas, shayton va kofir, ikkisining ham oqibati doʻzaxga kirib, unda mangu qolishlari boʻldi. Mana bu zolimlarning jazosidir.
18.Ey iymon keltirganlar, Allohdan qoʻrqinglar va har bir jon egasi ertangi qiyomat kuni uchun nima amalni taqdim etganiga qarasin! Allohdan qoʻrqinglar! Albatta, Alloh barcha qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.
19.Ey iymon keltirganlar! Allohni unutgan kimsalar kabi boʻlmanglar. Shundan keyin Alloh ularga oʻzlarini ham unuttirib qoʻydi. Ana oʻshalar fosiqlardir.
20.Doʻzax ahli bilan jannat ahli hech qachon barobar boʻlmaydi. Jannat ahli yutuqqa erishgan zotlardir.
21.Agar Biz ushbu Qurʼonni biror tog‘ ustiga nozil qilganimizda edi, albatta, u tog‘ni Allohdan qoʻrqqanidan titrab-qaqshab, parchalanib ketganini koʻrar edingiz. Bu misollarni odamlarga shoyad, tafakkur qilsalar deb, keltirmoqdamiz.
22.U – Alloh, shunday Zotdirki, Undan oʻzga iloh yoʻqdir. U yashirin va oshkora narsalarni biluvchidir. U mehribon va rahmlidir.
23.U Alloh, shunday Zotdirki, Undan oʻzga iloh yoʻq. U butun borliqning podshohi boʻlgan – Malik, barcha ayb-nuqsonlardan pok – Quddus, bandalariga omonlik beruvchi – Muʼmin, osoyishtalik ato qiluvchi – Salom, barcha narsani kuzatib turuvchi – Muhaymin, qudrat sohibi – Aziz, boʻysundiruvchi – Jabbor va hammadan ulug‘ boʻlgan – Mutakabbir Zotdir. Alloh mushriklarning keltirayotgan shirklaridan pokdir.
24.U Alloh, barcha maxluqotni yaratuvchi – Xoliq, yoʻqdan bor qiluvchi – Boriy, barcha narsaga surat va shakl beruvchi – Musavvir Zotdir. Uning goʻzal ismlari bordir. Osmonlar va Yerdagi barcha narsa Unga tasbeh aytadi. U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

