1447 yil 18 zulhijja2026 yil 4 iyun, payshanba

Mulk surasi

Makkada nozil bo'lgan.

29-juz,67-sura,30 oyatdan iborat

1.Mutlaq hukmronlik Uning qudrat qoʻlida boʻlgan ZotAlloh buyukdir va U har narsaga qodirdir.

2.U oʻlim va hayotni sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun yaratgan Zotdir. Alloh izzati ulug‘ – Aziz va gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur Zotdir.

3.U yetti osmonni qavatma-qavat qilib yaratgan Zotdir. Siz Rahmonning yaratishida biror tafovut va nuqsonni koʻrmaysiz. Bas, koʻzingizni yana osmonga qaytarib koʻring-chi, biror kamchilik koʻrarmikansiz?

4.Soʻngra koʻzingizni qayta-qayta osmonga qarating, koʻzingiz sizga xorib, charchagan holda qaytadi.

5.Haqiqatan, Biz dunyoga yaqin osmonni yulduzli chiroqlar bilan bezadik va ularni shaytonlarga otiladigan toshlar qilib qoʻydik. Yana shaytonlar uchun oxiratda doʻzax azobini ham tayyorlab qoʻyganmiz.

6.Robbilariga kufr keltirgan kimsalar uchun jahannam azobi bordir. U qanday yomon borar joy!

7.Qachonki, ular jahannamga uloqtirilganlarida, qaynab turgan jahannamning oʻkirik faryodini eshitadilar.

8.U g‘azabdan yorilib ketgudek boʻladi. Har gal unga bir toʻda kofir tashlanganida, uning qoʻriqchilari ulardan: “Sizlarga dunyoda biror ogohlantiruvchi payg‘ambar kelmaganmidi?” – deb soʻraydilar.

9.Ular: “Ha, haqiqatan ham, bizlarga ogohlantiruvchi kelgan edi, lekin bizlar uni yolg‘onchiga chiqarganmiz”, deydilar. Hamda: Alloh hech kimga hech narsa nozil qilgan emas, sizlar faqat katta adashuvdasizlar”, – deganmiz.

10.Kofirlar yana: “Agar bizlar payg‘ambar soʻzlarini tinglab, aql ishlatuvchi boʻlganimizda, doʻzax egalari boʻlmas edik”, – deydilar.

11.Bas, ular oʻz gunohlarini shu tarzda eʼtirof qiladilar. Endi, doʻzax egalariga halokat boʻlgay!

12.Robbilaridan g‘oyibona qoʻrqadigan kimsalar uchun mag‘firat va katta mukofot bordir.

13.Ey insonlar, sizlar soʻzlaringizni yashiringlar yoki uni oshkora qilinglar, baribir, U dillardagi sirlarni ham biluvchidir.

14.Axir yaratgan zot Oʻzi yaratgan narsalarini bilmaydimi?! U nozik narsalarni koʻra oluvchi Latif va barcha ishlardan xabardor boʻlgan Xobir Zotdir.

15.U sizlarga yerni boʻysundirib qoʻygan Zotdir. Bas, u Yerning har tomonida kezib yuraveringlar va Allohning bergan rizqidan yenglar. Qiyomatda tirilib chiqish Uning huzurigadir.

16.Ey Makka kofirlari, yoki sizlar osmondagi Zot sizlarni iztirobda harakatlanib turgan yerga yuttirib yuborishidan xotirjam boʻldingizmi?

17.Yoki sizlar osmondagi Zot ustingizga tosh yog‘dirishidan xotirjammisizlar?! Hali azob kelganda, Mening ogohlantirishim qanday ekanligini bilib olasizlar!

18.Darvoqe, ulardan avvalgi kimsalar ham oʻz payg‘ambarlarini yolg‘onchiga chiqargan edilar. Bas, Mening ularga inkorim qanday boʻldi?!

19.Ular ustilarida qanotlarini yoyib va yig‘ib uchib yurgan qushlarni koʻrmadilarmi?! U qushlarni yolg‘iz Rahmon havoda tutib turadi. Albatta, U barcha narsani koʻrib turuvchidir.

20.Rahmondan boshqa sizlarga yordam beradigan lashkarlaringiz kim oʻzi?! Kofirlar esa faqat aldanishdalar.

21.Yoki Rahmon Oʻz rizqini tortib qoʻysa, sizlarga rizq beradigan oʻsha kim oʻzi?! Yoʻq, kofirlar qaysarlikda va haqdan qochishda bardavom boʻldilar.

22.Axir, yuztuban, yerga qarab yuradigan kimsa toʻg‘ri yoʻlni topuvchiroqmi yoki toʻg‘ri yoʻldan qomatini tik tutib boradigan kishimi?!

23.Ey Muhammad, kofirlarga: “U Alloh sizlarni yoʻqdan bor qilgan va sizlar uchun quloq, koʻzlar va dillarni ato qilgan Zotdir. Sizlar esa juda oz shukr qilasizlar”, – deb ayting.

24.Yana ularga: “U sizlarni Yer yuzida yaratib koʻpaytirgan Zotdir. Sizlar qiyomatda Uning huzuriga toʻplanasizlar”, – deb ayting.

25.Ular: “Agar rostgoʻy boʻlsangizlar, qani aytinglar-chi shu vaʼda qilingan qiyomat qachon boʻladi?” – deydilar.

26.Ey Muhammad, ularga: “Qiyomat haqidagi bilim, faqatgina, Allohning huzuridadir. Men faqat aniq ogohlantiruvchiman, xolos”, deb ayting.

27.Bas, qachonki, ular qiyomat azobini yaqindan koʻrganlarida, kofirlarning yuzlari qora boʻladi va ularga: “Mana shu sizlar soʻragan narsa”, – deyiladi.

28.Ey Rasulim, kofirlarga: “Qani, aytinglar-chi, agar Alloh meni va men bilan birga boʻlgan kishilarni halok qilsa yoki halok qilmay bizlarga rahm qilsa Oʻzining ixtiyoridadir, lekin kofirlarni alamli azobdan kim qutqarib qoladi?!

29.Ey Rasulim ularga: U Rahmon mehribondir. Biz Unga iymon keltirdik va Ungagina tavakkul qildik. Hali sizlar kim aniq zalolatda ekanini bilib olasizlar” – deb ayting.

30.Ey Muhammad yana ularga: “Qani, aytinglar-chi, agar suvingiz yer tagiga singib ketsa, bas, endi kim sizlarga oqar suvni keltira oladi?!” – deb ayting.