1.Osmonlar va Yerdagi bor narsa Allohga tasbeh aytadi. U qudrat va hikmat sohibidir. Shubhasiz, Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
Hadid surasi
Madinada nozil bo'lgan.
27-juz,57-sura,29 oyatdan iborat2.Osmonlar va Yerning hukmronligi Unikidir. U tiriltiradi va oʻldiradi. U barcha narsaga qodir Zotdir.
3.U Avval, Oxir, Zohir va Botindir. U barcha narsani biluvchidir.
4.U osmonlar va Yerni olti kunda yaratib, soʻngra Oʻz ilmi va qudrati bilan Arshni egallagan Zotdir. U yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, osmondan tushadigan narsalarni ham, unga koʻtariladigan yaxshi amal va duolarni ham biladi. Sizlar qaerda boʻlsangizlar, U sizlar bilan birgadir. Alloh barcha qilayotgan amallaringizni koʻrib turuvchidir.
5.Osmonlar va Yerning hukmronligi Unikidir. Barcha ishlar faqat Allohga qaytariladi!
6.U kechani kunduzga kiritadi va kunduzni kechaga kiritadi. U koʻngillardagi yashiringan narsalarni ham biluvchi Zotdir.
7.Ey insonlar, Allohga va uning payg‘ambari Muhammadga iymon keltiringlar hamda U sizlarni vaqtincha xalifa qilib qoʻygan boyliklaringizdan ehson qilinglar! Bas, sizlardan iymon keltirgan va ehson qilgan kimsalar uchun katta mukofot bordir.
8. Agar sizlar iymon keltiruvchi boʻlsangiz – holbuki, payg‘ambar sizlarni Robbingizga iymon keltirishga chaqirib turibdi, ahdu paymoningizni olgach, nima uchun sizlar Allohga iymon keltirmayapsizlar?!
9.U Oʻz bandasi Muhammadga sizlarni jaholat zulmatlaridan iymon nuriga olib chiqishi uchun aniq oyatlarni nozil qiladigan Zotdir. Shubhasiz, Alloh bandalariga shafqatli – Raʼuf va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
10.Nima uchun sizlar Alloh yoʻlida ehson qilmayapsizlar?! Holbuki, osmonlar va Yerning merosi yolg‘iz Allohnikidir! Sizlardan Makka fath boʻlishidan avval ehson qilgan va kofirlarga qarshi urushgan kishilar fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan barobar boʻlmaydi. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan ulug‘roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh goʻzal jannat vaʼda qilgandir. Alloh qilayotgan barcha amallaringizdan xabardordir.
11.Allohga Uning yoʻlida “qarzi hasana” ehson qiladigan kishi bormi?! Alloh oʻsha kishiga bir necha marta koʻpaytirib qaytaradi. Uning uchun yana sharafli mukofot ham bordir.
12.Moʻmin va moʻminalarning oldilarida va oʻng tomonlarida qilgan yaxshi amal nurlari yoʻllarini yoritib ketayotganini koʻradigan kunni eslang! Oʻsha kunda ularga: “Sizlar uchun bugungi xushxabar – ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu qolinadigan jannatlardir. Ana shu katta yutuqdir!” – deyiladi.
13.U kunda munofiq va munofiqalar iymon keltirgan kimsalarga qarab: “Toʻxtab turinglar, biz ham sizlarning nuringizdan ozgina olib foydalanaylik”, – desalar, ularga: “Ortingizga qaytib nur istanglar”, – deyiladi. Keyin ular bilan moʻminlar oʻrtasida darvozali bir devor uriladi. Uning ichida rahmat, tashqarisida esa azob boʻladi.
14.Ular moʻminlarga: “Biz dunyoda sizlar bilan birga emasmidik”, – deb nido qilganlarida, moʻminlar: “Ha, lekin sizlar oʻzlaringizni fitnaga soldinglar va bizlarga musibat yetishiga koʻz tutdinglar hamda dinimiz toʻg‘risida gumonda boʻldinglar va Allohning amri boʻlgan oʻlim kelguncha xomxayollar sizlarni aldab yurdi. Sizlarni Alloh haqida yolg‘onchi shayton ham aldab qoʻydi” – deydilar.
15.Mana bugun siz munofiqlardan ham, kufr keltirganlardan ham azobdan qutulishlaringiz uchun toʻlov olinmaydi. Joylaringiz doʻzaxdir! U sizlarning munosib joyingizdir! U qanday ham yomon borar joy!
16.Iymon keltirgan kimsalar uchun qalblari Allohning zikriga va nozil boʻlgan haq Qurʼonga moyil boʻlish vaqti kelmadimi?! Yana ular uchun ilgari kitob berilgan, soʻng ular bilan payg‘ambarlari oʻrtasidagi muddat uzayib ketgach, dillari qotib ketgan yahudiy va nasroniylar kabi boʻlib qolmaslik vaqti kelmadimi?! Ulardan koʻplari fosiqdirlar!
17.Ey moʻminlar, bilinglarki, albatta, Alloh suvsizlikdan qaqrab yotgan yerni oʻlimidan keyin tiriltiradi. Aql yuritishingiz uchun sizlarga qudratimizga dalolat qiladigan oyatlarni batafsil bayon qildik.
18.Albatta, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar hamda Allohga “qarzi hasana” berganlar uchun savoblari bir necha barobar koʻp qilib qaytariladi va ular uchun yana sharafli mukofot bordir.
19.Allohga va Uning rasullariga iymon keltirgan kishilar – ana oʻshalar siddiqlardir va Robblari huzuridagi shohidlardir. Ular uchun oxiratda mukofotlari va yoʻllarini yorituvchi nurlari boʻladi. Kufr keltirgan va oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan kimsalar esa – ular doʻzax egalaridir.
20.Ey insonlar, bilinglarki, bu dunyo hayoti faqat oʻyin, behudalik, ziynat, oʻzaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni koʻpaytirishdan iboratdir. U bamisoli bir yomg‘irki, uning sababidan unib chiqqan giyoh kofirlarni taajjubga soladi. Soʻngra u qurigach, uni sarg‘aygan holda koʻrasiz. Soʻngra u xas-choʻpga aylanib qoladi. Oxiratda esa kim uchundir qattiq azob, kim uchundir Alloh tomonidan mag‘firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti faqat aldov matosidir.
21.Ey insonlar, Robbingiz tomonidan boʻladigan mag‘firatga hamda Alloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan kimsalar uchun tayyorlab qoʻyilgan, kengligi osmon va Yerning kengligi kabi boʻlgan jannatga shoshilinglar! Bu Allohning fazli boʻlib, uni Oʻzi xohlagan kishilarga ato qiladi. Alloh buyuk fazl sohibidir.
22.Yer yuzida yoki oʻzlaringizda biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari kitobda yozilgan boʻladi. Albatta, bu Allohga osondir.
23.Toki, sizlar qoʻllaringizdan ketgan narsaga achinmaysizlar va Alloh bergan narsa bilan shodlanib ketmaysizlar. Alloh har qanday kibrli va maqtanchoq kimsalarni sevmaydi.
24.Ular baxillik qiladigan va odamlarni ham baxillikka buyuradigan kimsalardir. Kim baxillik qilib ehson qilishdan yuz oʻgirsa, bas, Alloh hech kimga muhtoj boʻlmagan – G‘aniy va maqtovga sazovar – Hamid Zotdir.
25.Biz payg‘ambarlarimizni dalillar bilan yubordik va ular bilan birga kitob hamda odamlar adolatda turishlari uchun mezon tushirdik. Yana, Biz temirni tushirdik unda katta kuch va odamlar uchun koʻplab manfaatlar bordir. Alloh Oʻziga va payg‘ambarlariga Alloh yoʻlida jihod qilish bilan g‘oyibona yordam beradigan kishilarni bilish uchun ham temirni yaratdi. Albatta, Alloh hammadan kuchli boʻlgan – Qoviy va izzati ulug‘ – Aziz Zotdir.
26.Biz Nuh va Ibrohimni payg‘ambar qilib yubordik hamda payg‘ambarlik va kitobni ham ikkovining zurriyotlariga ato qildik. Bas, ularning orasida hidoyat topuvchi kishilar ham bor, ammo ularning orasida aksariyati fosiqlardir.
27.Soʻngra ularning izlaridan ketma-ket payg‘ambarlarimizni yubordik va Maryam oʻg‘li Isoni ham ularning ortidan yubordik va unga Injilni berdik hamda unga ergashgan kimsalarning qalblarida mehribonlik va shafqat paydo qildik. Rohiblikni esa ular oʻzlari chiqarib oldilar. Biz bu rohiblikni ularga yozmagan edik. Lekin ular oʻzlari Allohning rizoligini istab rohiblik qildilar-u, soʻng unga toʻla rioya qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirgan kimsalarga mukofotlarni ato qildik. Ammo ularning orasida aksariyati fosiqdirlar.
28.Ey Isoga iymon keltirgan kimsalar, Allohdan qoʻrqinglar va Uning payg‘ambari Muhammadga ham iymon keltiringlar. Shunda U zot sizlarga Oʻz rahmatidan ikki barobar ato etadi va sizlarga qiyomatda oldingizda yuradigan bir nur paydo qiladi hamda sizlarni mag‘firat qiladi. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
29.Ahli kitoblar oʻzlari Allohning fazlidan biror narsaga yetishga qodir boʻla olmasliklarini va fazl Allohning “qoʻli”da boʻlib, uni faqat Oʻzi xohlagan kishilarga ato qilishini bilishlari uchun Alloh shunday qildi. Alloh ulkan fazl sohibidir.

