1.Alif, Lom, Ro. Ey Muhammad, bu Qurʼon Robbilarining izni bilan odamlarni zulmatlardan nurga – izzatli va maqtalgan Zotning yoʻliga olib chiqishingiz uchun sizga nozil qilgan Kitobimizdir.
Ibrohim surasi
Makkada nozil bo'lgan.
13-juz,14-sura,52 oyatdan iborat2.Alloh shunday Zotki, U uchun osmonlar va Yerdagi barcha narsa Unikidir. Qiyomatda boʻladigan shiddatli azob dastidan kofirlar holiga voy boʻlsin!
3.Chunki ular oʻtkinchi dunyo hayotini oxiratdan afzal deb biladilar va odamlarni Allohning yoʻlidan qaytaradilar hamda uni qing‘ir qilishni istaydilar.
4.Biz har bir payg‘ambarni hukmlarimizni batafsil bayon qilib berishi uchun oʻz qavmining tili bilan daʼvat qiladigan qilib yubordik. Bas, Alloh Oʻzi xohlagan kimsani yoʻldan ozdiradi va xohlagan kishini hidoyat qiladi. U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
5.Darhaqiqat, Biz Musoni oyatlarimiz bilan bani Isroil qavmiga yuborib unga: “Qavmingni kufr zulmatlaridan iymon nuriga olib chiq va ularga Allohning oʻtmishdagi xalqlar boshiga solgan falokat kunlarini eslatib qoʻy”, – dedik. Albatta, mana bunda har bir sabrli va shukr qiluvchi kishi uchun alomatlar bordir.
6.Oʻshanda Muso oʻz qavmiga: “Firʼavn zodagonlarining zulmidan qutqarib sizlarga najot bergan Allohning neʼmatlarini yodga olinglar. Firʼavn va uning zodagonlari sizlarga azobning eng yomonini ravo koʻrar, oʻg‘illaringizni qatl qilar, ayollaringizni esa buzuq niyatda foydalanish uchun oʻldirmay tirik qoldirar edilar. Ana oʻsha paytdagi boʻlib oʻtgan hodisalarda sizlarga Robbingiz tomonidan katta bir imtihon boʻlgan”, – dedi.
7.Oʻshanda yana Robbingiz: “Qasam boʻlsinki, agar bergan neʼmatlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilaman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir”, – deb eʼlon qilgan edi.
8.Muso yana oʻz qavmiga: “Agar sizlar ham va Yer yuzidagi barcha kishilar ham kufr keltiradigan boʻlsangiz, Allohga hech qanday zarar yetkaza olmaysizlar. Zero, Alloh sizlarning shukr qilishingizdan behojat va maqtalgan Zotdir”, – dedi.
9.Yoki sizlarga oʻzingizdan oldin oʻtgan Nuh, Od, Samud va ulardan keyin oʻtgan, qavmlarning xabari kelmadimi? Ularning holatlarini va sanog‘ini yolg‘iz Allohning Oʻzi biladi. Ularga payg‘ambarlari aniq dalillar bilan kelganlarida, ular qoʻllari bilan payg‘ambarlarning og‘izlarini toʻsib: “Biz sizlar unga elchi qilib yuborilgan dinni inkor qildik. Biz, albatta, sizlar bizni daʼvat qilayotgan diningizdan shubhadamiz”, – dedilar.
10.Ularga payg‘ambarlari: “Osmonlar va Yerning yaratuvchisi boʻlgan Allohning borligi va birligi xususida shak bormi?! U gunohlaringizni mag‘firat qilish va sizlarni maʼlum muddatgacha halok qilmay kechiktirish uchun iymonga chaqirmoqda-ku?!” – dedi. Qavmlari bunga javoban: “Sizlar ham biz kabi odamsiz, faqat bizni ota-bobolarimiz ibodat qilib oʻtgan narsadan toʻsmoqchisiz, xolos. Bas, agar rostdan ham payg‘ambar boʻlsangiz, unda bizga aniq bir hujjat keltiringlar-chi?!” – dedilar.
11.Ularga javoban payg‘ambarlari: “Ha shunday, biz xuddi sizlarga oʻxshagan odamlarmiz, lekin Alloh bandalaridan oʻzi xohlaganiga payg‘ambarlikni beradi. Biz sizlarga Allohning iznisiz biror hujjatni keltira olmaymiz. Moʻminlar, faqat Allohga tavakkul qilsinlar”, – dedi.
12.Nima uchun bizlarni toʻg‘ri yoʻlimizga hidoyat qilgan Allohga tavakkul qilmas ekanmiz?! Albatta, biz yetkazgan aziyatlaringizga sabr qilamiz. Tavakkul qiluvchilar, faqat Allohga suyansinlar.
13.Kufr keltirgan kimsalar oʻz payg‘ambarlariga: “Albatta, biz sizlarni yerimizdan haydab chiqaramiz yoki sizlar bizning dinimizga qaytasizlar”, – dedilar. Shunda Robbilari u payg‘ambarlarga: “Albatta, Biz zolimlarni halok qilamiz”, – deb vahiy qildi.
14.Alloh: “Ularning halokatidan keyin shu yerga sizlarni joylashtiramiz. Bu vaʼda Mening huzurimda oxirat kunida hisobot uchun turishdan qoʻrqadigan va Mening ogohlantirishimdan xavfsiraydigan kishilar uchun”, – deb vahiy yubordi.
15.Soʻngra payg‘ambarlar moʻminlarning g‘alabasi uchun madad tiladilar va har bir zolim va qaysar kimsalar umidsizlikka uchradi.
16.Uning ortidan jahannam keladi. Ular doʻzax ahlining yaralaridan oqib chiqadigan yiringli suvdan ichiriladilar.
17.U suvni yutmoqchi boʻladi-yu, lekin uni tomog‘idan oʻtkaza olmaydi. Unga har tomondan oʻlim keladi-yu, ammo u oʻlib oʻla olmaydi. Uning ortidan bundan ham qattiq azob bordir.
18.Robbilariga kufr keltirganlarning amallarining misoli goʻyo boʻronli kunda shamol uchirib ketgan kulga oʻxshaydi. Kofirlar kasb qilgan ishlaridan hech narsaga qodir boʻlmaydilar. Mana shuning oʻzi butunlay adashishdir.
19.Ey odamzod, Alloh osmonlar va Yerni haq hikmat bilan yaratib qoʻyganini koʻrmadingmi?! Agar u xohlasa sizlarni ketkazib, oʻrningizga boshqa yangi xalqni keltiradi.
20.Buni qilish Allohga qiyin emasdir.
21.Qiyomat kunida barcha odamlar Allohning huzuriga chiqdilar. Takabburlik qilgan kimsalarga bechorahol ergashuvchilar: “Bizlar dunyo hayotida sizlarga tobe edik, endi sizlar bizlarni Allohning biror azobidan qutqaruvchi boʻla olasizlarmi?” – dedilar. Shunda ular: “Agar Alloh bizni haq yoʻlga hidoyat qilganida, biz ham sizlarni hidoyat qilgan boʻlar edik. Endi esa, dod-faryod qilamizmi yoki sabr qilamizmi, biz uchun baribir. Bizga endi qochishga joy yoʻq”, – dedilar.
22.Qachonki, jannat ahli jannatga, doʻzax ahli doʻzaxga hukm qilinib ish bitgach, shayton ularga: “Shubhasiz, Alloh sizlarga haq vaʼda qilgan edi. Men esa vasvasa qilib sizga vaʼda berdim-u, lekin vaʼdamga xilof qildim. Menda ustingizdan hech qanday hukmronlik yoʻq edi. Lekin sizlarni botil yoʻlga chaqirsam, oʻzingiz menga javob qildingiz. Endi meni emas, oʻzingizni malomat qiling. Bugun men sizning qutqaruvchingiz emasman, siz ham meni azobdan qutqaruvchi emassiz. Shundoq ham men sizlar ilgari meni Allohga sherik qilganingizni inkor qilganman. Albatta, u zolimlar uchun alamli azob bor”, – dedi.
23.Iymon keltirgan va solih amallar qilganlar esa taglaridan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritildilar. Robbilarining izni bilan ular u yerda abadiy qoluvchidirlar. Ularning jannatdagi salomlashishlari bir-birlariga salomatlik tilashdir.
24.Ey inson, Alloh chiroyli soʻz boʻlgan iymon kalimasiga qanday misol keltirganini koʻrmadingmi?! U soʻz xuddi bir yaxshi daraxt kabidir, uning ildizi yer ostiga mustahkam oʻrnashgan, shoxlari esa osmondadir.
25.Robbisining izni bilan har doim mevalarini berib turadi. Alloh odamlarga shoyad, eslatma olsalar deb, mana shunday misollarni keltiradi.
26.Nopok soʻz boʻlgan kufrning misoli esa uning ildizi yer yuzasidan qoʻporilib qaror topmagan yomon daraxtga oʻxshaydi.
27.Alloh iymon keltirganlarni bu dunyo hayotida ham, oxiratda ham mustahkam soʻz boʻlgan iymon kalimasi bilan sobitqadam qiladi. Alloh zolimlarni haq yoʻldan ozdiradi. Shuningdek, Alloh Oʻzi xohlagan ishni qiladi.
28.Ey odam bolasi, Allohning neʼmati boʻlgan iymonni kufrga almashtirib yuborgan va qavmlarini oʻzi bilan birga halokat diyoriga qulatgan kimsalarni koʻrmadingmi?!
29.U diyor ular olovda toblanadigan jahannamdir. U qanday ham yomon qarorgoh!
30.Mushriklar odamlarni Uning haq yoʻlidan ozdirish uchun Allohga sheriklarni oʻylab topdilar. Ey Rasulim, ularga: “Hozircha bu dunyodan foydalanib qolinglar! Bas, albatta, oxiri qaytib boradigan joyingiz doʻzaxdir”, – deb ayting.
31.Ey Muhammad, iymon keltirgan bandalarimga ayting, namozni mukammal qoim qilsinlar hamda oldi-sotdi va doʻst-birodarchilik boʻlmaydigan kun atalmish qiyomat kelmasidan oldin, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan pinhona va oshkora xayru ehson qilsinlar.
32.Alloh osmonlar va Yerni yaratgan va osmondan suv yog‘dirib, keyin u tufayli sizlarga rizq boʻladigan mevalarni undirib chiqargan Zotdir. Oʻz amri bilan dengizda suzib yurishi uchun sizlarga kemalarni xizmatkor qilib qoʻygan. Hamda suvlaridan foydalanishingiz uchun daryolarni ham sizlarga beminnat boʻysundirgan.
33.Alloh Quyosh va Oyni doimo harakatlantirib, sizga xizmatkor qilib qoʻydi. Shuningdek, sizga kecha va kunduzni ham boʻysundirdi.
34.Shuningdek, sizlarga Undan soʻragan barcha narsalardan berdi. Agar Allohning neʼmatlarini sanaydigan boʻlsangiz, aslo sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson juda zolim va oʻta noshukrdir.
35.Ey Muhammad, Ibrohimning: “Ey Robbim, Bu Makka shahrini omon qilgin, meni va avlodlarimni sanamlarga sig‘inishdan uzoq qilgin”, – deb aytganini eslang.
36.Ey Robbim, U sanamlar koʻp odamlarni yoʻldan ozdirdi. Bas, kim menga ergashsa, ana oʻsha mening dinimdandir. Kim menga itoatsizlik qilsa, yana oʻzing, shubhasiz, gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotsan.
37.Ey Robbimiz, haqiqatda men zurriyotimdan oʻg‘lim Ismoil va uning onasi Hojarni Bayt ul-Haroming yoniga, ekin oʻsmaydigan bir vodiyga joylashtirdim. Ey Robbimiz, ular namozni toʻliq qoim qilishlari uchun shunday qildim. Bas, Sen Oʻzing odamlarning dillarini ularga moyil qilib qoʻy va ularga turli mevalardan rizq ber, shoyad, shunda shukr qilsalar.
38.Ey Robbimiz, albatta, Sen yashirgan narsamizni ham, oshkor qilganimizni ham bilib turasan. Allohga Yerda ham, osmonda ham hech narsa maxfiy emasdir.
39.Menga keksalikda oʻg‘illarim Ismoil va Ishoqni bergan Allohga hamd boʻlsin. Robbim, shubhasiz, duoni eshituvchidir.
40.Ey Robbim, meni va zurriyotimdan boʻlgan farzandlarimni namozni toʻliq qoim qiluvchi qilgin. Ey Robbimiz, mening duomni qabul qil.
41.Ey Robbimiz, hammaning hisob qilinadigan qiyomat kuni meni, ota-onamni va barcha moʻminlarni mag‘firat qilgin.
42.Aslo zolim kimsalarning qilayotgan ishlaridan Allohni bexabar deb oʻylama. Faqat Alloh ularga jazo berishni koʻzlar dahshatdan qotib qoladigan qoʻrqinchli kunga qoldirmoqda, xolos.
43.Qiyomat kunida ular xorlangan holda boshlarini osmonga koʻtarib yugurib yuradilar. Qotib qolgan koʻzlari oʻzlariga qaytmaydi hamda yuraklari dahshatdan boʻm-boʻsh boʻlib qoladi.
44.Ey Rasulim, odamlarni ogohlantirib qoʻyingki, ularga azob keladigan qiyomat kunida zulm qilganlar: “Ey Robbimiz, bizlarga ozgina muhlat bergin, Sening chaqirig‘ingni qabul qilamiz va payg‘ambarlarga ergashamiz”, – deydilar. Shunda ularga: “Ilgari dunyoda ekaningizda aslo oxirat jazosiga duch kelmay, sizlar uchun zavol yoʻqligi haqida qasam ichmagan edingizmi?!” – deyiladi.
45.Qolaversa, sizlardan oldin oʻzlariga zulm qilgan va shu sabab vayron boʻlgan qabilalarning yashagan joylaridan maskan tutdingiz. Sizlarga ularni nima qilganimiz ayon edi. Shuningdek, sizga saboq olishingiz uchun koʻplab misollar keltirdik.
46.Darhaqiqat, Makka mushriklari oʻzlarining makrlarini qildilar. Agar makrlari tufayli tog‘lar yemirilib ketadigan boʻlsa ham ularning bu makrlari Alloh huzurida maʼlumdir.
47.Allohni payg‘ambarlariga bergan vaʼdasiga xilof qiluvchi, deb oʻylama. Albatta, Alloh qudratli va intiqom oluvchi Zotdir.
48.Qiyomat Yer oʻz shaklini yoʻqotib boshqa yerga va osmonlar ham boshqa olamlarga aylanadigan kundadir. Hammasi yagona va qudratli Allohning huzurida paydo boʻladilar.
49.Oʻsha qiyomat kunida jinoyatchilarni kishanlar bilan bog‘langan hollarida koʻrasan.
50.Zolimlarning kiyimlari qora moydan boʻlib, yuzlarini olov qamrab oladi.
51.Bular Alloh har bir jonga qilgan kasbiga munosib jazo berishi uchundir. Albatta, Alloh tez hisob-kitob qiluvchidir.
52.Ey odamlar, Alloh tarafidan nozil qilingan bu Qurʼon insoniyatga u bilan ogohlantirilishlari va U yagona iloh ekanini bilishlari hamda aql egalari eslatma olishlari uchun bir yetkazishdir.

