1447 yil 17 zulhijja2026 yil 3 iyun, chorshanba

Isro surasi

Makkada nozil bo'lgan.

15-juz,17-sura,111 oyatdan iborat

1.Oʻz bandasi Muhammadga moʻʼjizalarimizdan koʻrsatish uchun tunda, Makkadagi Masjid ul-Haromdan Biz atrofini barakatli qilib qoʻygan Quddusdagi Masjid ul-Aqsoga sayr qildirgan Zot barcha aybu nuqsonlardan pokdir. Albatta, U eshituvchi va koʻruvchidir.

2.Biz Musoga Tavrot Kitobini berdik va uni bani Isroil avlodlari uchun hidoyat qilib berib, ularga: “Mendan oʻzgani vakil qilib olmanglar!” – dedik.

3.Ey Nuh bilan birga kemada koʻtarganlarimizning zurriyotlari! Albatta, u Nuh koʻp shukr qiluvchi banda edi.

4.Shuningdek, Biz bani Isroil avlodiga kitobda: “Sizlar, albatta, Shom zaminida ikki marta buzg‘unchilik qilasizlar va katta tug‘yonga ketasizlar”, – deb bildirdik.

5.Bas, qachonki, oʻsha ikki buzg‘unchilikdan birinchisining vaʼda vaqti kelganida, sizlarning ustingizga jazolash uchun shiddatli quvvatga ega boʻlgan bandalarimizni yubordik. Ular hovlilarni oralab kezdilar. Bu qilinishi kerak boʻlgan vaʼda edi.

6.Soʻngra tavba qilganingizdan keyin sizlarni vayron qilgan u kimsalarning ustidan sizlarga yana g‘alabani qaytardik va sizlarni mol-dunyo va farzandlar bilan madad berib, sanog‘ingizni koʻproq qilib qoʻydik.

7.Agar shundan keyin yaxshiliklar qilsangiz, oʻzingiz uchun yaxshilik qilgan boʻlasizlar, agar yomonlik qilsangiz, oʻzingiz uchun yomonlik qilgan boʻlasiz. Bas, keyingi buzg‘unchilikning vaqti kelganida, ular yana yuzlaringizni qora qilishlari, avvalgi safar unga kirganlari kabi Masjid ul-Aqsoga kirib, holingizni tang qilishlari oʻzlari egallab olgan barcha yerlarni vayron qilishlari uchun yana dushmanlaringizni sizlarning ustingizga yuboramiz.

8.Agar tavba qilsangiz, shoyad, Robbingiz sizlarga rahm qilsa. Agar yana buzg‘unchilikka qaytsangiz, Biz ham yana sizlarni yakson qilishga qaytamiz. Jahannamni esa kofirlar uchun zindon qilib qoʻyganmiz.

9.Shubhasiz, mana bu Qurʼon eng toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qiladi va yaxshi amallarni qiladigan moʻminlarga ulkan mukofot borligi haqida xushxabar beradi.

10.Shuningdek, oxiratga ishonmaydigan kimsalar uchun esa qiyomatda alamli azob tayyorlab qoʻyganmiz.

11.Inson Allohdan yaxshilikni soʻrab duo qilganidek, baʼzan shoshqaloqlik qilib yomonlik ham tilab duo qilib qoʻyadi. Inson mana shunday shoshqaloq boʻlgan.

12.Biz kecha va kunduzni qudratimizni koʻrsatib turadigan ikki ibratli belgi qilib qoʻydik. Soʻngra kechaning alomati boʻlgan zulmatni oʻchirib, uning oʻrniga Robbingizdan fazl istashlaringiz uchun hamda yillarning sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun kunduz alomati boʻlgan yorug‘likni koʻrsatuvchi qildik. Hamda barcha narsani Qurʼonda batafsil bayon qilib qoʻydik.

13.Biz har bir insonning qilgan amalini ajralmas qilib boʻyniga bog‘lab qoʻyganmiz. Unga qiyomat kunida uni ochilgan holda uchratadigan nomai aʼmol kitobini chiqarib beramiz.

14.Qiyomatda unga: “Mana, kitobingni oʻqi! Bugun nafsing oʻzingga qarshi yetarli hisob qiluvchidir”, – deyiladi.

15.Kim hidoyat yoʻliga yursa, bas, oʻzi foydasi uchun yuradi. Kim zalolatga ketsa, oʻz zarariga zalolatga ketgan boʻladi. Gunoh yukini koʻtaruvchi hech kim boshqasining gunoh yukini koʻtarmaydi. Biz toki bir payg‘ambar yubormagunimizcha, biror qavmni azoblovchi boʻlmadik.

16.Biz qachonki, biror-bir shaharni halok qilishni istasak, uning maishatparastlarini yuborgan payg‘ambarlarimizga itoat qilishga buyuramiz. Ana shundan keyin ular u yerda itoat qilmay buzg‘unchilik qiladilar. Bas, ularga azob tushishi haqidagi soʻzimiz muqarrar boʻladi. Keyin u shahar aholisini yakson qilib vayronaga aylantiramiz.

17.Nuh payg‘ambardan keyin ham qanchadan-qancha nasllarni itoatsizliklari tufayli halok qildik. Robbingiz oʻz bandalarining qilayotgan gunohlaridan yetarli xabardor va koʻrib turuvchidir.

18.Kimki tez kelib-ketuvchi dunyoni istasa, Biz unga shu dunyoda Oʻzimiz xohlagan kimsalarga istaganimizcha neʼmatlardan naqd qilib beramiz. Keyin oxiratda unga jahannamni beramiz. Unga xorlangan va quvg‘inga uchragan holda kirib, kuyadi.

19.Kimki oxirat savobini istasa va moʻmin holida saʼy-harakati bilan unga harakat qilsa, bas, unday zotlarning saʼy-harakatlari Alloh nazdida maqbuldir.

20.Ey Rasulim, oxirat ajrini istagan mana bu moʻminlarga ham, dunyo manfaatini istagan anavi kofirlarga hambarchalariga Robbingizning neʼmatidan ato qilamiz. Robbingizning neʼmati hech kimdan cheklangan emasdir.

21.Bu dunyoda ularning ayrimlarini ayrimlaridan rizq va martabada qanday ustun qilganimizni koʻring. Albatta, oxirat darajasi ulug‘roq va afzalligi kattaroqdir.

22.Alloh bilan birga boshqa ilohni sherik qilmang. Aks holda, mazammatga uchrab, chorasiz oʻtirib qolasiz.

23.Robbingiz, faqat Oʻzigagina ibodat qilishlaringizni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr qildi. Ey inson, agar ularning birlari yoki har ikkisi yoningda keksalik yoshiga yetsalar, ulargaufdemagin va ularni jerkimagin. Ularga doimo chiroyli bir soʻz aytgin.

24.U ikkovlariga mehribonlik bilan xokisorlik qanotingni pastlatib ochgin. Hamda duongda: “Ey Robbim, ular meni goʻdaklik chog‘imda shafqat bilan tarbiya qilganlaridek, Sen ham ularga marhamat qilgin”, – deb ayt.

25.Ey insonlar, Robbingiz ichingizdagi barcha narsani juda yaxshi biluvchidir. Agar sizlar tavba qilib solihlardan boʻlsangiz, albatta, U tavba qiluvchilarni kechiruvchi Zotdir.

26.Qarindoshga, miskinga va yoʻlovchiga xayru sadaqa qilib haqilarini bering va neʼmatlarimni bekorga sovurib isrofgarchilik qilmang.

27.Chunki isrofgarlar, shubhasiz, shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Robbisiga oʻta noshukr boʻlgan edi.

28.Ey Rasulim, agar oʻzingiz muhtoj boʻlgan holda Robbingizdan yordam yoki marhamat umid qilayotganingiz uchun ulardan vaqtinchalik yuz oʻgirib turgan boʻlsangiz, u holda ularga yumshoq soʻz ayting.

29.Baxillik qilib qoʻlingizni boʻyningizga bog‘lab ham olmang. Isrofgarchilik qilish bilan uni butunlay ochib ham yubormang. Aks holda, bunday feʼldan malomat va hasrat ichida oʻtirib qolasiz.

30.Albatta, Robbingiz Oʻzi xohlagan kishilarning rizqini keng qilib qoʻyadi va xohlaganini tor qilib qoʻyadi. Albatta, U bandalarining barcha ishlaridan xabardor boʻlgan – Xobir va qilayotgan ishlarini koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.

31.Ey insonlar, bolalaringizni kambag‘allikdan qoʻrqib oʻldirmanglar. Ularga ham, sizlarga ham Biz rizq beramiz. Ularni oʻldirish, albatta, katta xatodir.

32.Zinoga yaqinlashmang, albatta, u buzuqlik va yomon yoʻldir.

33.Alloh oʻldirishni harom qilgan jonni oʻldirmang, bu faqat haq sharʼiy sabab tufayli mumkin. Kimki zulm qilinib nohaq oʻldirilsa, Biz uning egasi uchun qasos olishga haq berdik. Lekin u qotilni oʻldirishda haddan oshmasin. Zero, u yordam beriluvchi shaxsdir.

34.Toki yetuklik chog‘iga yetmaguncha, yetimning moliga yaqinlashmang. Lekin u yaxshilik niyati bilan chiroyli tarzda boʻlsa, yetimning molidan foydalanib turish mumkin. Ahdga vafo qilinglar, chunki ahd qiyomat kuni soʻraladigan ishdir.

35.Savdo-sotiqda oʻlchagan paytingizda oʻlchovni toʻliq qilinglar va toʻg‘ri tarozida tortinglar. Mana shunday qilishingiz yaxshi va eng goʻzal yechimdir.

36.Ey inson, u haqida aniq bilimga ega boʻlmagan narsalarga ergashma. Chunki quloq, koʻz, koʻngilbularning barchasi u qilingan ishlar toʻg‘risida javobgardir.

37.Ey inson, Yer yuzida kibrlanib yurma. Chunki sen kuch quvvating bilan aslo yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog‘larga ham yeta olmaysan.

38.Bularning barchasining yomonlari Robbingiz nazdida yoqtirilmagan ishlardir.

39.Ey Rasulim, bu oyatlar Robbingizning sizga vahiy qilgan hikmatlaridan bir qismidir. Allohga boshqa bir soxta ilohni sherik qilmang. Aks holda, malomatlangan va Allohning rahmatidan mahrum boʻlgan holda jahannamga tashlanasiz.

40.Ey mushriklar, nima Robbingiz oʻg‘illarni sizlarga xos qilib berib, farishtalarni esa Oʻziga qiz qilib oldimi? Albatta, sizlar og‘ir gapni aytmoqdasiz.

41.Darhaqiqat, ushbu Qurʼonda odamlarga eslatma olishlari uchun turli masal va hikmatlarni bayon qildik. Lekin bu eslatmalar ularni yanada haqdan yiroqlashtirmoqda.

42.Ey Muhammad, ularga: “Agarda mushriklar aytganlaridek U bilan birga boshqa ilohlar ham boʻlganida edi, u holda ular Arshga ega boʻlishga yoʻl izlagan boʻlar edilar”, – deb ayting.

43.Mushriklar aytayotgan narsalardan U pok va nihoyat darajada yuksakdir.

44.Yetti qavat osmon va Yer hamda ulardagi bor jonzot Unga tasbeh aytadi. Borliqda Uning hamdi bilan poklab tasbeh aytmagan bir narsa yoʻq. Lekin siz ularning tasbehlarini fahmlamaysiz. Albatta, U bandalariga marhamatli boʻlgan – Halim va gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur Zotdir.

45.Ey Muhammad, qachonki Qurʼonni qiroat qilganingizda, siz va oxiratga ishonmaydiganlarning oʻrtasiga koʻrinmas maʼnaviy parda tortib qoʻyamiz.

46.Shuningdek, Qurʼonni anglay olmasinlar, – deb ularning qalblariga toʻsiqlar va eshitmasliklari uchun quloqlariga og‘irlik qilib qoʻyamiz. Siz qachon Qurʼonda yolg‘iz Robbingizni zikr qilsangiz, mushriklar orqalariga burilib, qochib ketadilar.

47.Biz ular sizning qiroatingizga quloq tutayotgan paytlarida unga nima sababdan quloq tutayotganlarini va zolimlar oʻzaro pichirlashib: “Chindan ham siz sehrlangan va aqldan ozgan kishiga ergashmoqdasiz”, – deb aytayotganlarini juda yaxshi biluvchimiz.

48.Ey Muhammad, ular siz haqingizda qandaydir boʻlmag‘ur misollar keltirganlarini koʻring. Bas, ular haq yoʻldan adashdilar, endi toʻg‘ri yoʻlni topa olmaydilar.

49.Kofirlar: “Chirigan suyak va titilgan tuproqlarga aylanib ketgach, chindan ham yangitdan yaratilib, tirilamizmi?!” – dedilar.

50.Ey Muhammad, ularga: “Xoh tosh boʻling xoh temir boʻling, baribir qayta tirilasizlar”, – deb ayting.

51.Yoki boʻlmasa, qayta tirilishi imkonsiz, – deb oʻz koʻnglingizcha katta koʻrinadigan biror maxluq boʻling, baribir Alloh sizlarni tiriltiradi. Hali ular: “Bizlarni kim yana hayotga qaytaradi?” – deb soʻraydilar. Ey Rasulim, ularga: “Sizlarni ilk bor yaratgan Zot”, – deb javob bering. Ular yana sizga boshlarini chayqab: “U kun qachon boʻladi?” – deydilar. Ularga: “Shoyad, u kun yaqinda boʻlsa”, – deb ayting.

52.Alloh sizlarni mahsharga chaqiradigan kunda Unga hamd aytish bilan javob berasizlar va dunyoda juda oz muddat qolganingizni oʻylab qolasizlar.

53.Ey Rasulim, bandalarimga aytingki, ular oʻzaro suhbatlarda doimo eng chiroyli soʻzlardan soʻzlasinlar. Chunki shayton ularning oralarini buzib turadi. Darhaqiqat, shayton insonga aniq dushmandir.

54.Ey insonlar, Robbingiz sizlarni juda yaxshi biluvchidir. Xohlasa, sizlarga rahm qiladi, xohlasa, sizlarga azob beradi. Ey Muhammad, Biz sizni ularning ustiga qoʻriqchi qilib yuborgan emasmiz.

55.Robbingiz osmonlar va Yerdagi bor jonzotni yaxshi biluvchidir. Haqiqatan, Biz baʼzi payg‘ambarlarni baʼzilaridan afzal qildik va Dovudga Zabur kitobini berdik.

56.Ey Muhammad, mushriklardan: “Undan oʻzgani iloh deb oʻylagan maʼbudalaringizga iltijo qilib koʻringlarchi, ular sizlardan biror zararni ketkaza olarmikinlar yoki uni boshqa tomonga burib yubora olarmikinlar?!” – deb soʻrang.

57.Aslida, ular xudo deb iltijo qilayotgan kimsalarning oʻzlari ham qay birlari Robbilarining rizosiga yaqinroq ekan, – deb yoʻl izlaydilar. Uning rahmatidan umid qiladilar, azobidan esa qoʻrqadilar. Darhaqiqat, Robbingizning azobi qoʻrqinchlidir.

58.Yer yuzidagi biror qishloq yoki shahar ahli yoʻqki, Biz ularni qiyomat kuni kelishidan oldin halok etuvchi boʻlmasak yoki ularni qattiq azob bilan azoblovchi boʻlmasak. Bularning taqdiri kitobda bitilgandir.

59.Kofir va mushriklar soʻragan moʻʼjizalarni yuborishimizdan Bizni faqat avvalgi ummatlar u moʻʼjizalarni yolg‘onga chiqarganlari uchun man qildi. Samud qabilasiga ochiq moʻʼjiza sifatida tuyani keltirganimizda unga zulm qildilar. Biz moʻʼjizalarni faqat odamlarni halokatdan qoʻrqitish uchun yuboramiz.

60.Ey Muhammad, sizga: “Robbingiz barcha odamlarni qamrab olgan”, – deb aytganimizni eslang. Biz sizga koʻrsatgan tushni va Qurʼonda laʼnatlangan zaqqum nomli daraxtni odamlar uchun faqat sinov qildik. Biz mushriklarni shu kabi xabarlar bilan qoʻrqitamiz, lekin bu ularning tug‘yonlarini yanada koʻp orttiradi.

61.Vaqtiki, Biz farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar”, – dedik. Keyin barchalari sajda qildilar. Faqat iblis kibrlanib sajda qilmadi va: “Sen loydan yaratgan kimsaga sajda qilamanmi?” – dedi.

62.Iblis yana: “Mendan ustun qilgan shu kimsaning holiga qaramaysanmi? Qasam boʻlsinki, agar meni qiyomat kunigacha tirik qoldirsang, albatta, men uning zurriyotini oʻzimga tortib ketaman. Ulardan faqat ozginalari haq yoʻlda qoladilar”, – dedi.

63.Alloh unga: “Boraver, senga qiyomatgacha umr berdim. Bas, ulardan kimki senga ergashsa, u holda, shubhasiz, jahannam toʻliq jazongiz boʻladi”, – dedi.

64.Alloh iblisga: “Ulardan kuching yetgan kimsani vasvasa ovozing bilan qoʻzg‘at, ularning ustiga otliq va piyoda lashkaringni tort, boyliklari va farzandlarida ularga sherik boʻlib haromdan orttirishga unda, ularga istaganingcha yolg‘on vaʼdalar ber”, – dedi. Malʼun shayton ularga faqat yolg‘on narsalarni vaʼda qiladi.

65.Mening solih bandalarim ustidan esa sen uchun hech qanday hukmronlik yoʻqdir. Robbing Oʻzi vakillikka kifoyadir.

66.Ey insonlar, Robbingiz Oʻz fazlidan rizq izlashlaringiz uchun sizlarga dengizda kemalarni yurgizib qoʻygan Zotdir. Albatta, U sizlarga mehribondir.

67.Dengizda sizlarga biror musibat yetsa, iltijo qiladigan maʼbudalaringiz yoʻq boʻlib qoladi, faqat Uning Oʻzi qoladi. Sizlarga najot berib, yana quruqlikka omon chiqarib qoʻygach esa Undan yuz oʻgirasiz. Haqiqatan, inson noshukrdir.

68.Yoki sizlarni quruqlikning bir tomoniga yer yuttirib yuborish yoxud ustingizdan tosh yog‘dirish xavfidan xotirjammisizlar?! Alloh shunday balo yuboradiki, oʻzingizga himoyachi topolmaysiz.

69.Yoki Alloh sizlarni yana bir marta dengizga qaytarib, ustingizga qattiq shamol yuborishidan hamda kufr keltirganingiz uchun g‘arq qilib yuborish xavfidan xotirjammisizlar?! Shunday ofat keladiki, Bizga qarshi undan oʻch olib beruvchi birortani topa olmaysizlar.

70.Darhaqiqat, Biz Odam bolalarini mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizda ulov va kemalarga mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp maxluqotlardan afzal qilib qoʻydik.

71.Biz qiyomat kunida barcha odamlarni oʻz rahnamolari bilan chaqiramiz. Bas, kimgaki nomai aʼmoli boʻlgan kitobi oʻng qoʻlidan berilsa, aynan oʻshalar oʻzlariga zarracha zulm qilinmagan holda sevinib kitoblarini oʻqiydilar.

72.Kimki, bu yerdagi dunyoda haqiqatni bilmay koʻr boʻlgan boʻlsa, bas, u oxiratda ham koʻr va butunlay yoʻldan ozuvchidir.

73.Ey Rasulim, mushriklar sizga Bizning shaʼnimizga vahiydan boshqa narsani toʻqib chiqarishingiz uchun aldab, burib yuborishlariga oz qoldi. Agar ularning xohishlariga yursangiz, u holda sizni doʻst qilib olar edilar.

74.Agar Biz sizni haq yoʻlda sobitqadam qilmaganimizda, siz ularga biroz moyil boʻlishingizga oz qolgan edi.

75.Shunday boʻlgan taqdirda, albatta, Biz sizga dunyo azobini ham, oxirat azobini ham ikki hissa qilib tottirgan boʻlar edik. Soʻngra Biz tomondan oʻzingizga biror yordamchi topa olmas edingiz.

76.Ular sizni turli hiylalar bilan Makkadagi yerdan chiqarib yuborish uchun qoʻzg‘atib yuborishlariga oz qoldi. U holda, oʻzlari ham sizdan keyin ozgina muddat tura olar edilar, xolos, soʻngra, albatta, halokatga uchrardilar.

77.Payg‘ambarlarini quvib chiqargan qavmning halok qilinishi sizdan oldin yuborgan elchilarimizdan qolgan yoʻldir. Bizning qonunimizda oʻzgarish koʻrmaysiz.

78.Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘isigacha namozni mukammal qoim qiling va tonggi oʻqishni ham ado qiling. Zero, tonggi oʻqish farishtalar hozir boʻladigan namozdir.

79.Tunning bir qismida uyg‘onib tahajjudga turing. Bu sizga xos boʻlgan nafl ibodatidir. Shoyadki, Robbingiz sizni qiyomat kunida shafoat qiladigan maqtovli maqomda tiriltirsa.

80.Yana duo qilib: “Ey Robbim, meni qabrdagi kiradigan joyimga gunohlarim kechirilgan holda sodiqlik bilan kiritgin va qayta chiqadigan joyimdan ham sodiqlik bilan chiqargin. Menga Oʻz huzuringdan yordam beruvchi quvvat ato qil”, – deb ayt.

81.Ey Rasulim: “Haq boʻlgan Islom dini keldi va botil boʻlgan kufr yoʻq boʻlib ketdi. Chunki botil yoʻq boʻluvchi narsadir”, – deb ayting.

82.Biz Qurʼondan moʻminlar uchun shifo va rahmat manbai boʻlgan oyatlarni nozil qilamiz. Lekin bu oyatlar zolimlarga faqat ziyonni orttiradi.

83.Agar Biz insonga neʼmatlarimizni ato qilsak, u shukr qilishdan yuz oʻgirib, chetga burilib ketadi. Qachon unga biror yomonlik yetsa, darrov noumid boʻlib qoladi.

84.Ey Rasulim, ularga: “Har kim oʻz holiga koʻra amal qiladi. Robbingiz esa kim eng toʻg‘ri yoʻlda ekanini yaxshi biluvchidir”, – deb ayting.

85.Ey Muhammad, sizdan ruh haqida soʻraydilar. Ularga: “Ruh faqatgina Robbimning ishidandir. Sizlarga esa u haqida oz ilm berilgandir”, – deb ayting.

86.Qasam boʻlsinki, agar xohlasak, albatta, sizga vahiy qilganlarimizni ketkazamiz, soʻngra oʻzingizga uni qaytarib olish uchun Bizga qarshi biror vakil topa olmassiz.

87.Faqat Robbingizning marhamati bilangina u qalbingizda boqiydir. Haqiqatan, sizga Uning fazli kattadir.

88.Ey Rasulim, ularga: “Qasam boʻlsinki, agar insoniyat va jinlar olami ushbu Qurʼonning oʻxshashini keltirish uchun birlashib, agarda bir-birlariga yordamchi boʻlsalar ham uning oʻxshashini keltira olmaydilar”, – deb ayting.

89.Shubhasiz, Biz ushbu Qurʼonda odamlar uchun ibratli boʻlgan har bir masaldan bayon qildik. Lekin odamlarning koʻpchiligi faqat inkorni tanladilar.

90.Haqni inkor qiluvchilar: “Toki bizlar uchun mana shu yerdan bir buloq chiqarib bermaguningcha, aslo senga iymon keltirmaymiz”, – dedilar.

91.Yoki sening xurmozor, uzumzor bog‘ing boʻlib, uning oʻrtasidan yorib anhorlar chiqarmaguningcha ham, ishonmaymiz.

92.Yoki boʻlmasa oʻzing daʼvo qilganingdek, ustimizga osmonni parcha-parcha qilib tushirmaguningcha, yoxud Allohni va farishtalarni oldimizga keltirib qoʻymaguningcha senga iymon keltirmaymiz.

93.Yoxud sening oltindan bir uying boʻlmaguncha yoki koʻz oʻngimizda osmonga koʻtarilib ketmaguningcha, hargiz senga iymon keltirmaymiz. Bizlarga oʻqiydigan biron kitob tushirmas ekansan, hatto, bu osmonga koʻtarilishingga ham aslo ishonmaymiz. Ey Rasulim, ularga: “Yo pok Parvardigorim, men faqat payg‘ambar boʻlgan bir odam edim-ku!” – deb ayting.

94.Odamlarga hidoyat kelgan paytda iymon keltirishidan toʻsgan narsabu ularning: “Alloh farishtalarni emas, balki odamzotni payg‘ambar qilib yuboribdimi?!” – deyishlari edi.

95.Ey Muhammad, ularga: “Agar Yerda odamlar emas farishtalar maskan tutib bemalol yurganlarida edi, albatta, ularga osmondan payg‘ambar qilib farishtani tushirgan boʻlar edik”, – deb ayting.

96.Yana ularga: “Men bilan sizlarning oʻrtamizda Allohning oʻzi yetarli guvohdir. Albatta, U barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.

97.Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, oʻsha hidoyat topuvchidir. Kimni yoʻldan adashtirsa, bas, ular uchun Undan oʻzga doʻstlarni topa olmaysiz. Ularni qiyomat kunida yuztuban hollarida koʻr, soqov va kar qilib tiriltiramiz. Ularning borar joylari jahannamdir. Agar qachon uning olovi soʻnadigan boʻlsa, yana ularga lovullagan olovni koʻpaytiraveramiz.

98.Bu koʻrgiliklar Bizning oyatlarimizga kufr keltirganlar hamda: “Chirigan suyak va titilgan tuproqqa aylangan vaqtimizda, yangitdan yaralib, qayta tiriluvchimizmi?!” – deganlarning jazosidir.

99.Axir, ular osmonlar va Yerni yaratgan Alloh ularning mislini ham yaratishga qodir ekanini koʻra bilmaydilarmi?! Alloh ular uchun, shubha boʻlmagan bir muddatni belgilab qoʻygan. Bas, lekin zolimlar kufrdan boshqasini tanlamadilar.

100.Ey Muhammad, mushriklarga: “Agar sizlar Robbimning rahmat xazinalariga ega boʻlsangizlar, oʻshanda ham baxillik bilan ishlatishdan qoʻrqib, qattiq ushlab qolardingiz. Chunki inson zoti shunday xasis boʻladi”, – deb ayting.

101.Biz Muso payg‘ambarga toʻqqiz xil aniq moʻʼjizalarni berdik. Keyin Muso firʼavn oldiga kelgan paytida, unga: “Bani Isroil avlodlarini oʻz yurtlari boʻlgan Shom diyoriga qoʻyib yuborishini undan soʻragin”, – deb amr qildik. Shunda firʼavn unga: “Ey Muso, haqiqatan, men seni sehrlangan, deb oʻylamoqdaman”, – dedi.

102.Muso unga: “Ey firʼavn, sen mana bu moʻʼjizalarni faqat osmonlar va Yerning Robbisi dalillar qilib tushirganini aniq bilasan. Ey firʼavn, albatta, men seni halok qilinuvchi, deb oʻylayman”, – dedi.

103.Shunda, firʼavn Muso va uning qavmini u yerdan qoʻzg‘atib, haydab chiqarmoqchi boʻlganida, Biz uni va u bilan birga boʻlganlarning barchasini dengizda g‘arq qildik.

104.Undan keyin bani Isroil avlodlariga: “Hozircha mana shu yerni maskan tutinglar. Endi qachonki vaʼda qilingan oxirat kelganida, sizlarning barchangizni bir oraga toʻplab keltiramiz”, – dedik.

105.Biz bu Qurʼonni haq hikmat bilan nozil qildik va u haq bilan nozil boʻldi. Ey Muhammad, Biz sizni moʻminlarga faqatgina xushxabar beruvchi va kofirlarni jahannam azobidan ogohlantiruvchi qilib yubordik.

106.Biz Qurʼonni odamlarga asta-sekinlik bilan oʻqib berishingiz uchun uni boʻlaklarga ajratdik va boʻlib-boʻlib nozil qildik.

107.Ey Rasulim, mushriklarga: “Xoh unga ishoning, xoh ishonmang, hech farqi yoʻq. Zotan, undan oldin Tavrotdan ilm berilgan kishilar Qurʼon tilovat qilingan vaqtida sajda qilgan hollarida iyak yuzlari bilan yerga yiqiladilar”, – deb ayting.

108.Shuningdek, ular: “Robbimizga tasbeh aytamizki, albatta, Robbimizning vaʼdasi, haqiqatan, amalga oshibdi”, – deydilar.

109.Ilm berilgan kimsalar yig‘lagan hollarida, iyak yuzlari bilan sajdaga yiqiladilar va Qurʼon ularga xokisorlikni ziyoda qiladi.

110.Ey Muhammad: “Istasangiz, Alloh deb duo qilinglar yoki Rahmon deb duo qilinglar. Qanday duo qilsangiz ham joizdir. Zero, barcha goʻzal ismlar Unga xosdir”, – deb ayting. Ey Muhammad, namozingizni juda baland ovozda jahriy qilib yubormang, toki mushriklar eshitib, Qurʼonni haqorat qilmasinlar va uni oʻta past ovozda maxfiy qilib ham yubormang, toki sahobalaringiz tinglab, foydalansinlar. Shu jahriylik va maxfiylik oʻrtasida bir yoʻl tuting.

111.Ey Rasulim: “U farzand tutmagan, Uning mulkida sherigi boʻlmagan va xorlikdan qutqaruvchi doʻstga zor boʻlmagan Allohga hamd boʻlsin”, – deb ayting. Hamda Unga takbir aytib ulug‘lang.