1447 yil 17 zulhijja2026 yil 3 iyun, chorshanba

Saba' surasi

Makkada nozil bo'lgan.

22-juz,34-sura,54 oyatdan iborat

1.Osmonlardagi va yerdagi barcha narsalar Uniki boʻlgan Allohga hamd boʻlsin. Oxiratda ham hamd faqat Unga xosdir. U hikmat egasi boʻlgan – Hakim va barcha ishlardan xabardor boʻlgan – Xobir Zotdir.

2.U Yer ostiga nimaiki kirsa ham, undan nimalar unib chiqsa barchasini biladi. Shuningdek, osmondan tushadigan barakatlarni ham, unga koʻtariladigan duolarni ham biladi. U marhamati keng boʻlgan – Rahim va gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur Zotdir.

3.Kufr keltirgan kimsalar: “Bizlarga qiyomat kelmaydi”, – dedilar. Ey Muhammad, ularga: “Yoʻq, g‘aybni biluvchi Robbimga qasamki, albatta, u sizlarga keladi. Osmonlar va Yerdagi bir zarra vaznicha, hatto undan ham kichik yoki katta biror narsa Allohdan maxfiy qolmaydi, barchasi aniq kitobda mavjuddir”, – deb ayting.

4.Alloh iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni jannat bilan mukofatlashi uchun ham qiyomat qoim boʻladi. Ana oʻshalar uchun Allohdan mag‘firat va farovon rizq bordir.

5.Bizning oyatlarimizga qarshi ojiz qoldiruvchi boʻlish uchun harakat qilgan kimsalar uchun esa alamli jazodan iborat azob bordir.

6.Ey Rasulim, ilm berilgan kimsalar sizga Robbingiz tomonidan nozil qilingan Qurʼonning haq kitob ekanini va u izzatli, hamdga loyiq Zotning yoʻliga hidoyat qilishini biladilar.

7.Kufr keltirgan kimsalar: “Sizlarga chirib titilib butunlay parcha-parcha boʻlib ketgan vaqtingizda, albatta, sizlar yana yangitdan yaratilasizlar, deb xabar beradigan bir kishini koʻrsataylikmi?” – dedilar.

8.Yana ular: “U Alloh shaʼniga yolg‘on uydirdimi yoki unda jinnilik bormi?” – dedilar. Yoʻq, unday emas, oxiratga ishonmaydigan kimsalarning oʻzlari azobda va hidoyatdan uzoq zalolatdadirlar.

9.Axir ular osmon va yerdagi narsalarga, oldilaridagi va ortlaridagi narsalarga nazar solmaydilarmi?! Agar Biz xohlasak, ularni yerga yuttirib yuboramiz yoki ustilariga osmondan parchalar tashlab yuboramiz. Albatta, bunda Allohga tavba qilib qaytuvchi har bir banda uchun dalolat bordir.

10.Biz Dovud payg‘ambarga ulug‘ fazl ato qilib: “Ey tog‘lar va qushlar! Dovud bilan birga tasbeh aytinglar”, – dedik. Hamda uning uchun temirni xamirdek yumshoq qilib qoʻydik.

11.Yana unga: “Sovutlar yasagin va toʻqishda halqalarini oʻlchovli qil. Ey Dovud oilasi, yaxshi amal qilinglar. Albatta, Men qilayotgan amallaringizni koʻrib turuvchiman”, – dedik.

12.Sulaymonga ertalab bir oylik, kechki payt bir oylik masofani bosib oʻtadigan shamolni xizmatkor qilib qoʻydik va unga mis bulog‘ini oqizib qoʻydik. Hamda jinlardan ham Robbisining izni bilan uning qoʻl ostida ishlaydigan toifalarni boʻysundirib qoʻydik. Agar ulardan kim amrimizdan tashqari chiqsa, unga oʻt azobidan tottirib qoʻyardik.

13.Jinlar unga misdan u xohlagan narsalarnimehroblar, haykallar, hovuzlardek keladigan katta laganlar va mustahkam qozonlarni yasab beradilar. Ey Dovud oilasi, bu neʼmatlarning shukronasi uchun amal qilinglar. Lekin bandalarim orasida shukr qiluvchisi kamdir.

14.Bas, qachonki, Biz Sulaymonga oʻlimni hukm qilganimizda, uning oʻlimiga faqat hassasini yeyayotgan yog‘och kemiruvchi qurtgina dalolat qildi. Vaqtiki, Sulaymon joyidan qulab tushgach, jinlarga ayon boʻldiki, agar ular g‘aybni bilganlarida bu xor qiluvchi mehnat azobida qolmagan boʻlar edilar.

15.Sabaʼ qabilasi uchun oʻz maskanlarida Allohning fazliga doir bir dalil bor edioʻng tomondan ham, chap tomondan ham ikki bog‘ boʻlib, Biz ularga: “Robbingizning rizqidan yeb-ichinglar va Unga shukr qilinglar. Chiroyli shahringiz va mag‘firatli Robbingiz bor”, – degan edik.

16.Bas, ular shukr qilishdan yuz oʻgirdilar. Biz ularning ustiga falokat selni yubordik va ularning bog‘larini achchiq mevali, yulg‘unzor va siyrak butazor boʻlgan xaroba ikki bog‘ga almashtirib qoʻydik.

17.Kufr ketirganlari sababli ularni mana shu falokat bilan jazoladik. Biz faqat kofir kimsagagina mana shunday jazo beramiz.

18.Ular bilan Biz muborak qilgan shaharlarning orasida koʻrinib turadigan, bir-biriga yaqin qishloqlarni barpo qilib, ular orasida yurish masofasini qulay qilib oʻlchab qoʻydik va: “Bu qishloqlarda kechalari ham, kunduzlari ham omonlikda yuraveringlar!” – degan edik.

19.Ular esa shuncha neʼmatlarga noshukrlik qilib: “Ey Robbimiz, safarlarimiz orasidagi masofani ulardan yiroq qil”, – deb, oʻzlariga zulm qildilar, bas, Biz ularni odamlar og‘zidagi hikoyalarga aylantirib qoʻydik va ularni butunlay ezib tashladik. Albatta, bu hodisalarda har bir sabrli va shukr qiluvchi kimsalar uchun alomatlar bordir.

20.Darhaqiqat, iblis ularning ustidagi “Men ularni yoʻldan ozdiraman”, – degan gumonini tasdiqladi. Bas, Sabaʼ qabilasi iblisga ergashdilar. Faqat bir guruh moʻminlargina unga boʻysunmadilar.

21.Holbuki, iblisning ular ustidan hech qanday bir hukmronligi yoʻq edi. Faqat oxiratga iymon keltiradigan kishilarni undan shubhada boʻlgan kimsalardan ajratib, bilib olishimiz uchun shunday qildik. Robbingiz barcha narsani kuzatib turuvchidir.

22.Ey Muhammad, mushriklarga: “Sizlar Allohdan boshqa xudolar deb gumon qilgan butlaringizga iltijo qilaveringlar! Ular na osmonlarda va na Yerda bir zarra vaznicha narsaga ham ega emasdirlar. Ular uchun Yeru osmon – ikkisining yaratilishida sheriklik ham yoʻqdir. Hamda U Zotga ulardan birorta yordamchi ham yoʻq”, – deb ayting.

23.Alloh huzurida faqat Oʻzi izn bergan kishilarning shafoatigina foyda beradi. Qachonki, ularga izn berilib, qalblaridan qoʻrquv ketkazilgach, bir-birlariga: “Robbingiz izn uchun nima dedi?” – deydilar. Ularga: “Haqni aytdi va shafoatga izn berdi. U barchadan oliy va ulug‘ Zotdir”, – deb javob aytadilar.

24.Ey Muhammad, mushriklarga: “Kim sizlarga osmonlardan va yerdan rizq beradi?” – deb ayting. Yana ularga: “Albatta, rizq beruvchi Allohdir. Unday boʻlsa, aniq bizlar yoki sizlar hidoyat uzramiz yoki ochiq-oydin zalolatdamiz” – deb ayting.

25.Ey Muhammad, ularga: “Biz qilgan gunohlar xususida sizlar soʻralmaysizlar va sizlar qilayotgan amallar toʻg‘risida bizlar soʻralmaymiz”, – deb ayting.

26.Ey Rasulim, ularga: “Robbimiz qiyomat kuni oʻrtamizni bir orada jamlaydi soʻngra oramizda haq bilan hukm qiladi. Faqat U adolat bilan hukm qiluvchi – Fattoh va barcha narsani biluvchi – Aʼlim Zotdir.

27.Yana mushriklarga: “U Zotga qoʻshib olgan sheriklaringizni menga koʻrsatinlar-chi?! Yoʻq, Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir”, – deb ayting.

28.Ey Muhammad, Biz sizni, barcha odamlarga jannatdan xushxabar beruvchi va jahannamdan ogohlantiruvchi qilib yubordik! Lekin odamlarning koʻpchiligi bu haqiqatni bilmaydilar.

29.Ular: “Agar chindan ham rostgoʻy boʻlsangizlar, aytinglar-chi, mana shu vaʼda qilingan qiyomat qachon boʻladi?” – deydilar.

30.Ey Muhammad, ularga: “Sizlar uchun shunday bir kunning vaʼdasi borki, Undan bir soat ortga ham qolmaysiz, oldinga ham keta olmaysiz”, – deb ayting.

31.Kufr keltirgan kimsalar: “Biz bu Qurʼonga ham, undan oldingi kitoblarga ham aslo iymon keltirmaymiz”, – dedilar. Ey Rasulim, agar siz oʻsha zolim kimsalarni qiyomat kuni Robbilari huzurida tik turg‘izib qoʻyilib, bir-birlariga gap qaytarayotganlarini koʻrsangiz edi?! Oʻshanda zaif hisoblangan kimsalar mutakabbir kimsalarga: “Agar sizlar boʻlmaganingizda, bizlar, albatta, moʻminlardan boʻlar edik”, – deydilar.

32.Mutakabbir kimsalar zaif sanalganlarga: “Sizlarga hidoyat kelganidan keyin sizlarni undan biz toʻsdikmi? Aksincha, oʻzingiz gunoh qiluvchilardan boʻlgan edingiz”, – deydilar.

33.Zaif sanalganlar mutakabbir kimsalarga: “Yoʻq, kecha-yu kunduz bizga qilgan makrlaringizchi?! Oʻshanda sizlar bizlarni Allohga kufr keltirishga va Unga teng sheriklar qilishga buyurar edingiz”, – deydilar. Ular azobni koʻzlari bilan koʻrgan vaqtlarida nadomatni ichlarida tutadilar. Biz kufr keltirgan kimsalarning boʻyinlariga kishanlar solamiz. Ular faqat dunyoda qilib oʻtgan amallariga yarasha jazolanadilar.

34.Biz qaysi bir qishloqqa biror ogohlantiruvchi payg‘ambar yuborsak, albatta, u yerning maishatparastlari: “Biz sizlar elchi qilib yuborilgan dinni inkor qiluvchilarmiz!” – dedilar.

35.Yana ular: “Bizlarning mollarimiz va farzandlarimiz sizlarnikidan koʻra koʻproq. Demak, biz azoblanuvchi emasmiz”, – dedilar.

36.Ey Muhammad, ularga: “Shubhasiz, Robbim Oʻzi xohlagan kishisining rizqini keng qiladi va Oʻzi xohlaganining rizqini tor qiladi. Lekin odamlarning koʻpchiligi buni bilmaydilar”, – deb ayting.

37.Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Bizning dargohimizga yaqin qila olmaydi. Lekin kim iymon keltirgan va solih amal qilgan boʻlsa, ana oʻshalargagina qilgan amallari tufayli koʻpaytirilgan mukofot bordir. Ular jannatdagi koʻshklarda omonlikda boʻladilar.

38.Bizning oyatlarimizni ojiz qoldirish harakatida yuradigan kimsalar esa – ana ular azobga hozir qilinuvchilardir.

39.Ey Muhammad ularga: “Albatta, Robbim bandalaridan xohlaganining rizqini keng qiladi va xohlaganiga rizqni tor qiladi. Biror narsani ehson qilsangizlar, bas, Alloh uning oʻrnini toʻldiradi. U rizq beruvchilarning eng yaxshisidir”. – deb ayting.

40.U kunda Alloh mushriklarning barchasini yig‘ib, keyin farishtalarga: “Ana ular sizlarga ibodat qilarmidilar?” – deydi.

41.Farishtalar: “Ey pok Robbimiz, ular emas, Sen bizning doʻstimizsan. Yoʻq, ular jinlarga ibodat qilar edilar. Ularning aksariyati ularga ishonuvchilar edi”, – deydilar.

42.Bas, bu kunda biringiz boshqangizga na foyda va na zarar yetkazishga kuchi yetmaydi. Biz, zulm qilganlarga: “Uni yolg‘on deb aytgan doʻzax azobini totib koʻringlar”, – deymiz.

43.Qachonki, ularga oyatlarimiz ravshan holda tilovat qilinsa, ular: “Bu Muhammad faqat sizlarni ota-bobolaringiz ibodat qilib oʻtgan narsalardan toʻsishni xohlaydigan kimsadir”, – deydilar. Buning ustiga yana: “Bu Qurʼon faqat toʻqilgan bir uydirmadir”, – deydilar. Kufr keltirgan kimsalar oʻzlariga haq boʻlgan Qurʼon kelgan paytda: “Bu kitob aniq bir sehrdan iboratdir”, – deydilar.

44.Holbuki, oldin Biz ularga uni oʻqib oʻrganadigan kitoblar keltirmagan edik. Shuningdek, ularga sizdan avval biror ogohlantiruvchi payg‘ambar ham yubormagan edik.

45.Ulardan ilgari oʻtgan kimsalar ham oʻz payg‘ambarlarini inkor qilgan edilar Holbuki, Makka mushriklari Biz ularga ato etgan neʼmatlarning oʻndan biriga ham yetmaganlar. Bas, ular rasullarimni yolg‘onchiga chiqardilar, keyin eʼtirozim qanday boʻlgan edi?!

46.Ey Muhammad, mushriklarga: “Men sizlarga faqat bitta narsani nasihat qilaman. Xolis Alloh uchun ikkita-ikkita va bitta-bitta turib, bir fikr qilib koʻringlar. Sohibingiz Muhammadda hech qanday jinnilik yoʻq. U faqat qattiq azob oldidan sizlarga yuborilgan bir ogohlantiruvchi payg‘ambardir, , xolos”, – deb ayting.

47.Ey Rasulim, ularga: “Men sizlardan daʼvatim uchun haq soʻramayman. Bas, u sizlarga boʻla qolsin. Mening ajrim faqat Allohning zimmasida. U barcha boʻlayotgan ishlarga guvohdir”, – deb ayting.

48.Yana ularga: “Albatta, Robbim haqni oʻrtaga tashlaydi. U Zot g‘ayblarni yaxshi biluvchidir” –, deb ayting.

49.Ey Muhammad, ularga: “Haq boʻlgan Qurʼon keldi. Botil esa yangi bir narsani boshlay olmaydi va eski bir narsani qaytara olmaydi”, – deb ayting.

50.Ey Rasulim, ularga: “Agar men yoʻldan ozsam, bas, faqat oʻz zararimga yoʻldan ozaman va agar hidoyat topsam ham Robbim menga vahiy qilayotgan narsa tufayli topaman”, – deb ayting. Albatta, U hamma narsani eshituvchi – Samiʼ va bandalariga yaqin – Qorib Zotdir.

51.Ey Rasulim, agar siz mushrik va kofirlarni dahshatga tushib, qochgani joy boʻlmagan va yaqin bir makondan doʻzax tomon tutib ketilgan paytlarida koʻrsangiz edi!

52.Qiyomat kuni ular: “Endi, iymon keltirdik”, – deydilar. Uzoq bir makon boʻlgan oxirat diyoridan ularga iymonga qoʻl uzatish qayoqda ekan?!

53.Holbuki, oldin ular dunyo hayotida uni inkor qilgan edilar. Ular uzoqdan turib, g‘aybga tosh otar edilar.

54.Mana endi, xuddi ulardan oldingi tarafdorlariga qilingani kabi, ular bilan oʻzlari orzu qiladigan narsalarning oʻrtasi toʻsib qoʻyildi. Chunki ular dunyoda shak-shubhada edilar.