1447 yil 17 zulhijja2026 yil 3 iyun, chorshanba

Sod surasi

Makkada nozil bo'lgan.

23-juz,38-sura,88 oyatdan iborat

1.Sod. Zikr sohibi boʻlmish Qurʼonga qasam boʻlsinki, albatta, Qurʼon ilohiy moʻʼjizadir.

2.Ammo kufr keltirgan kimsalar haqni qabul qilishdan g‘ururda va doimo tortishuvdalar.

3.Biz ulardan oldin qanchadan-qancha avlodni kufrlari sababli halok qildik. Ular boshlariga azob tushganida yordam soʻrab nido qilganlar. Ammo endi, qochib qutulish vaqti emas edi.

4.Makka mushriklari ularga oʻzlaridan ogohlantiruvchi bir payg‘ambar kelganidan ajablandilar. Kofirlar: “Bu bir yolg‘onchi sehrgardir”, – dedilar.

5.Muhammad shuncha ilohlarni bitta iloh qilib olibdimi?! Haqiqatan, bu juda qiziq narsa-ku!

6.Ulardan kattalari bir-birlariga: “Yuringlar, oʻz ilohlaringizga sig‘inishda sabrli boʻlinglar! Albatta, bu bizdan iroda qilingan narsadir”, deb joʻnab qoldilar.

7.Bizlar bu haqda oxirgi dinda eshitmaganmiz. Bu faqat bir uydirmadir.

8.Bizlarning oramizda boshqalar qolib oʻsha Muhammadga eslatma nozil qilinibdimi?! Yoʻq, ular Mening eslatmam boʻlgan Qurʼondan shak-shubhadadirlar. Yoʻq, ular hali Mening azobimni totib koʻrmadilar.

9.Yoki ularning oldilarida oʻta izzatli va neʼmatlar beruvchi Robbingizning rahmat xazinalari bor ekanmi?!

10.Yoki osmonlar va Yerning hamda ularning oʻrtasidagi barcha narsalarning hukmronligi ularniki ekanmi?! Bas, u holda sabablari bilan osmonlarga koʻtarilsinlar!

11.Ey Muhammad, Makka mushriklari oʻsha yerning oʻzida yengilgan firqalardan iborat qandaydir bir qoʻshindir, xolos.

12.Ulardan oldin ham Nuh qavmi, Od qabilasi va yerga qoziq qilib qoqilgan baland ehromlar egasi firʼavn ham payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqarganlar.

13.Hamda Samud qabilasi, Lut qavmi va daraxtzor egalari ham payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqarganlar. Ana ular ham oʻzlariga yuborilgan payg‘ambarlarni inkor qilgan firqalardir.

14.Barchalari payg‘ambarlarni inkor qildilar, bas, ularga jazoyim muqarrar boʻldi.

15.Ana ularning barchalari faqat hech toʻxtamasdan keladigan birgina dahshatli qichqiriqni kutmoqdalar, , xolos.

16.Makka mushriklari masxara qilib: “Ey Robbimiz, bizlarga vaʼda qilingan azobdan nasibamizni hisob kunidan oldin tezroq keltira qolgin”, – dedilar.

17.Ey Muhammad, ular aytayotgan soʻzlarga sabr qiling va toat-ibodatda quvvatli boʻlgan bandamiz Dovudni eslang. Darhaqiqat, u Alloh rozi boʻladigan yoʻlga butkul qaytuvchidir.

18.Biz Dovudga tog‘larni kechasi-yu kunduzi doimo u bilan birga tasbeh aytadigan qilib, boʻysundirib qoʻydik.

19.Shuningdek, har tarafdan toʻplanuvchi qushlarni ham Dovudga boʻysundirib qoʻydik. Tog‘lar va qushlarning barchalari unga itoat qilish uchun qaytuvchidir.

20.Uning podshohligini quvvatli qilib berdik va unga hikmat hamda haqqoniy hukm chiqarishda hal qiluvchi xitobni berdik.

21.Ey Muhammad, sizga bir-birlari bilan daʼvolashuvchining xabari keldimi? Oʻshanda ular Dovud ibodat qilayotgan mehrobga chiqqan edilar.

22.Daʼvogarlar Dovud huzuriga kirishganda, u ulardan qoʻrqib ketdi. Ular: “Qoʻrqmagin, bizlar bir-birimizga zulm qilgan ikki daʼvogarlarmiz. Bas, bizning oʻrtamizda haqqoniy hukm qil va birortamizga jabr qilma hamda bizlarni toʻg‘ri yoʻlga boshlagin”, – dedilar.

23.Ularning biri: “Darvoqe, mana bu mening birodarim, uning toʻqson toʻqqizta sovliq qoʻyi bor, mening esa birgina sovliq qoʻyim bor. Keyin u shu bir dona qoʻyga ham koʻz olaytirib: “Uni ham menga topshir deb meni bahsda yengib qoʻydi”, dedi.

24.Dovud ikkinchi daʼvogarni tinglamay turib: “Darhaqiqat, u sening qoʻyingni oʻz qoʻylariga qoʻshib olishni soʻrab senga zulm qilibdi. Darvoqe, koʻp doʻstlar bir-birlariga zulm qiladilar. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilgan kishilargina zulm qilmaydilar. Ular esa juda ozdirlar”, – dedi. Dovud uni imtihon qilganimizni bilib qoldi va darhol Robbisidan shoshib hukm chiqargani uchun mag‘firat soʻradi va sajdaga egilgan holida yerga yiqilib, tavba qildi.

25.Bas, uning oʻsha xatosini kechirdik. Albatta, uning uchun Bizning huzurimizda yaqinlik va goʻzal oqibat bordir.

26.Ey Dovud! Darhaqiqat Biz seni yerda xalifa qildik. Bas, odamlar orasida haq bilan hukm yurit. Hamda havoyi nafsga ergashib ketma. Aks holda, u seni Allohning yoʻlidan adashtiradi. Albatta, Allohning yoʻlidan adashadigan kimsalar uchun hisob kunini unutib qoʻyganlari tufayli qattiq azob bordir.

27.Biz osmon va Yerni hamda ularning oʻrtasidagi barcha narsalarni bekorga yaratgan emasmiz. Bularni behuda deganlar kufr keltirgan kimsalarning gumonidir. Bas, kufr keltirgan kimsalar uchun doʻzaxdan iborat halokat boʻlgay!

28.Biz iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilgan kimsalarni yer yuzida buzg‘unchilik qiluvchilar kabi qilamizmi?! Yoki taqvodor kishilarni fisqu fujur qilib yurgan kimsalardek qilamizmi?! Aslo unday emas!

29.Ey Muhammad, ushbu Qurʼon oyatlarini tafakkur qilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun Biz sizga nozil qilgan muborak kitobdir.

30.Dovudga Sulaymonni ato qildik. Sulaymon naqadar yaxshi bandadir! Haqiqatan, u Alloh rozi boʻladigan yoʻlga butkul qaytuvchidir.

31.Unga bir kuni oqshom payti gijinglab turuvchi uchqur otlar koʻrsatilganini eslang.

32.Shunda Sulaymon payg‘ambar: “Darhaqiqat, men Robbimning zikridan qolib bu yaxshi otlarni suyushga berilib ketibman. Hatto quyosh ham parda bilan berkinib, botib ketibdi.

33.Qani, u otlarni menga qaytaringlar. Keyin otlarning oyoq va boʻyinlarini silay boshladi va ularni qurbonlik qilib soʻyib yubordi.

34.Sulaymonni imtihon qildik va uning taxti ustiga bir jonsiz jasadni tashladik. Keyin u tavba qildi.

35.Sulaymon: “Ey Robbim, meni mag‘firat qilgin va menga oʻzimdan keyin hech kim erisha olmaydigan bir mulk ato qilgin. Albatta, Sen koʻplab neʼmatlarni ato qiluvchisan”, – dedi.

36.Bas, unga uning buyrug‘i bilan u istagan tomonga mayin esaveradigan shamolni boʻysundirib qoʻydik.

37.Shuningdek, barcha qasrlarni bino qiluvchi va dengizlar qaʼriga shoʻng‘ib gavharlarni olib chiquvchi g‘avvos shaytonlarni ham unga xizmatkor qilib qoʻydik.

38.Boshqa boʻysunmaydigan jinlarni esa kishanlar bilan bog‘langan qildik.

39.Mana bular senga ato etganlarimizdir. Bas, sen ularni xohlasang, ehson qil yoki hech kimga bermay oʻzingda saqla. Syendan bu xususda hisobot soʻrash yoʻq.

40.Albatta, Sulaymon uchun huzurimizda yaqinlik va chiroyli oqibat bordir.

41.Ey Muhammad, bandamiz Ayyub Robbisiga nido qilib: “Chindan ham, shayton meni mashaqqat va azobga tutdi”, – degan paytini eslang!

42.Shunda unga: “Oyog‘ing bilan yerni tepgin va buloq otilib chiqadi. Mana bu muzdek choʻmiladigan va ichimlik suvidir”, – dedik.

43.Biz Oʻz tomonimizdan marhamat qilib hamda aql egalariga eslatma boʻlishi uchun, Ayyubga ahli oilasini va ular bilan birga yana oʻshalarning barobaricha farzand ato qildik.

44.Yana Biz Ayyubga: “Qoʻlingga bir dasta novdani olib, u bilan xotiningni urgin va qasamingni buzmagin”, – dedik. Darhaqiqat, Biz Ayyubni musibatlarga sabr qiluvchi deb topdik. U naqadar yaxshi bandadir. Haqiqatan, u Alloh rozi boʻladigan yoʻlga butkul qaytuvchidir.

45.Ey Muhammad, quvvat va farosat egalari boʻlgan bandalarimiz Ibrohim, Ishoq va Yaʼqub payg‘ambarlarni yodga oling.

46.Albatta, Biz ularni xolis bir xislat bilan xos qildik. U oxirat diyorini eslash edi.

47.Shubhasiz, ular Bizning huzurimizda tanlangan, yaxshi kishilardandir.

48.Shuningdek, Ismoil, Al-Yasaʼ va Z ul-Kiflni ham yodga oling. Barchalari yaxshi kishilardandir.

49.Bu bir eslatmadir. Shubhasiz, taqvodorlar uchun goʻzal qaytar joy bordir.

50.Ular uchun barcha darvozalari ochib qoʻyilgan mangu Adn jannatlari bordir.

51.Ular u yerdagi soʻrilarda suyanib oʻtirib, moʻl-koʻl mevalar va sharoblarni chaqiradilar.

52.Ularning huzurida nigohlarini boshqalardan tiygan husnda tengqur hurlar bordir.

53.Bu neʼmatlar sizlarga hisob kuni uchun vaʼda qilinayotgan narsalardir.

54.Albatta, bu Bizning jannat ahllariga beradigan rizqimizdir. Unda neʼmatlarning tugab qolishi boʻlmaydi.

55.Haqiqat mana shudir. Albatta, tug‘yonga ketganlar uchun yomon oqibat bordir.

56.Ularga jahannam bordir. Unga kirib, kuyadirlar. Bas, u naqadar yomon joy!

57.Mana bu qaynoq suv va yiringdir. Bas, uni tatib koʻrsinlar.

58.Uning boshqa shaklidagi turli azoblarni ham tatib koʻrsinlar.

59.Ularga ergashgan kimsalar koʻrsatilib: “Mana bu odamlar sizlar bilan birga jahannamga tashlanuvchi guruhdir”, – deyiladi. UlargaXush kelibsiz” deyish yoʻq. Haqiqatan, ular doʻzaxda toblanuvchilardir.

60.Ularga ergashganlar: “Yoʻq, sizlar xush kelmadingiz! Chunki sizlar bu azobni bizlarga keltirdingiz”, – deydilar. Bas, doʻzax naqadar yomon qarorgohdir.

61.Ular yana: “Ey Robbimiz, kim bizlarga mana shu azobni keltirgan boʻlsa, bas, unga doʻzaxda azobni bir necha barobar ziyoda qilib bergin”, – deydilar.

62.Jahannamdagilar bir-birlariga: “Nega bizlar dunyoda yomonlardan deb hisoblab yurgan moʻmin kishilarni doʻzaxda koʻrmayapmiz?!” – deydilar.

63.Bizlar ularni masxara qilib olgan edikmi?! Yoki ular ham bizlar bilan jahannamda-yu, ammo koʻzlarimiz ulardan og‘ib, ilg‘amay qoldimi?!

64.Albatta, doʻzax ahlining ana shunday tortishishlari aniq haqiqatdir.

65.Ey Muhammad, ularga: “Men faqat bir ogohlantiruvchi payg‘ambarman. Yagona boʻlgan – Vohid va hamma narsaga g‘olib – Qahhor Allohdan oʻzga iloh yoʻq”, – deb ayting.

66.U osmonlar va Yerning hamda ularning oʻrtasidagi barcha narsaning qudratli va mag‘firatli Robbisidir.

67.Ey Rasulim, ularga: “Sizlarga yetkazgan mana shu soʻzlarim ulug‘ bir xabardir”, – deb ayting.

68.Sizlar esa undan yuz oʻgiruvchisizlar!

69.Menda ular bahslashayotgan farishtalardan boʻlgan oliy guruh haqida hech qanday bilim boʻlmagan edi.

70.Menga faqat oʻzimning aniq ogohlantiruvchi payg‘ambar ekanligim vahiy qilinadi, xolos.

71.Robbingiz farishtalarga: “Albatta, men loydan bashar yaratuvchiman”, – deganini eslang.

72.Bas, qachonki, uni rostlab, unga ruhimdan puflaganimdan soʻng, unga sajda qilgan hollaringizda yiqilinglar!, – dedik.

73.Soʻngra, farishtalarning barchalari baravariga, Odam uchun sajda qildilar.

74.Faqat iblisgina kibrlanib sajda qilmadi va kofirlardan boʻldi.

75.Shunda Alloh unga: “Ey iblis, qudrat qoʻlim bilan yaratgan narsaga sajda qilishingdan seni nima man qildi?! Kibr qildingmi yoki sen Odamga koʻra oliy zotlardan boʻldingmi?!” – dedi.

76.Shayton: “Men undan yaxshiroqdirman. Meni olovdan yaratgansan, uni esa loydan yaratding”, – dedi.

77.Alloh unga: “Bas, bu yerdan chiq. Zero, sen dargohimdan quvilgan malʼunsan”, – dedi.

78.Albatta, to qiyomatdagi jazo kunigacha senga Mening laʼnatim boʻladi.

79.Iblis iltijo qilib: “Robbim, u holda menga odamlar tiriladigan kungacha muhlat bergin”, – dedi.

80.Alloh unga: “Bas, sen qiyomat kunigacha muhlat berilganlardansan”, – dedi.

81.Maʼlum bir vaqt kunigacha yashaysan.

82.Iblis: “Bas, Sening izzatingga qasam boʻlsinki, albatta, ularning hammasini yoʻldan ozdiraman”, dedi.

83.Lekin ularning orasidagi ixlosli bandalaringni yoʻldan ozdira olmayman.

84.Alloh: “Zotan haqiqat shudir va Men, faqat haqni aytaman”, – dedi.

85.Albatta, jahannamni sen va odamlar orasidagi barcha senga ergashgan kimsalar bilan toʻldiraman.

86.Ey Muhammad, ularga: “Men daʼvatim uchun sizlardan biror bir haq soʻramayman va men payg‘ambarlikni oʻzimcha daʼvo qiluvchilardan ham emasman”, – deb ayting.

87.Ushbu Qurʼon olamlar uchun faqat bir eslatmadir.

88.Qasam boʻlsinki, sizlar uning ilohiy kitob ekanligi haqidagi xabarini ozgina vaqtdan soʻng qiyomat kunida, albatta, bilasizlar.