1.Ey moʻminlar, bu Alloh va Uning elchisi tomonidan urishmaslik uchun sizlar bilan ahdnoma qilgan mushrik kimsalarga ora ochiqligi haqidagi eʼlondir.
Tavba surasi
Madinada nozil bo'lgan.
10-juz,9-sura,129 oyatdan iborat2.Ey mushriklar, urush harom qilingan toʻrt oy ichida Yer yuzida sayr qilib yuraveringlar. Shuningdek, sizlar Allohni ojiz qiluvchi emasligingizni bilib qoʻyinglar. Alloh, albatta, kofirlarni xoru zor qiluvchidir.
3.Hamda bu odamlarga Alloh va Uning Rasuli tomonidan “Hajjul Akbar” boʻlgan Qurbon hayiti kunidagi bildirgisidir. Albatta, Alloh va Rasulining mushriklar bilan orasi ochiqdir. Bordi-yu tavba qilsangiz, u oʻzingiz uchun yaxshi ishdir. Agar iymondan yuz oʻgirsangiz, u holda Allohni ojiz qiluvchi emasligingizni bilib qoʻyinglar. Ey Rasulim, kufr keltirgan kimsalarga alamli azob haqida “xushxabar” bering.
4.Lekin mushriklar ichidan sizlar ahdlashganingizdan keyin hech narsani buzmagan boʻlsalar va sizlarning ziddingizga hech kimga yordam bermaganlarning ahdlarini belgilangan muddatlarigacha toʻliq yetkazinglar. Albatta, Alloh taqvodor kimsalarni yaxshi koʻradi.
5.Urush harom qilingan oylar chiqqach esa mushriklarni uchratgan joylaringizda oʻldiringlar. Ularni asir tutib olinglar va qamal qilinglar. Hamda ularni barcha kuzatuv joylarida poylab oʻtiringlar. Agarda tavba qilsalar, namozni mukammal ado etib, zakot bersalar unda ularni yoʻllariga xoli qoʻyinglar. Chunki albatta, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
6.Ey Rasulim, agar mushriklardan birortasi sizdan omonlik soʻrasa, uni himoyangizga oling. Toki ular Allohning kalomini eshitsinlar, balki, ibrat olarlar. Undan keyin uni tinch joyiga yetkazib qoʻying. Mana bu ularning haqiqatni bilmaydigan qavm ekanliklaridir.
7.Axir qanday qilib Alloh nazdida va Uning Rasuli huzurida mushriklar uchun ahdu paymon boʻladi?! Lekin Masjid ul-Harom oldida sizlar bilan ahdlashgan kimsalar agar sizlarga nisbatan soʻzlarida tursalar, unda sizlar ham ular uchun ahdingizda toʻg‘ri turinglar. Albatta, Alloh taqvodor kimsalarni yaxshi koʻradi.
8.Darvoqe, qanday qilib ahd boʻlsinki, agar ular sizning ustingizga g‘alaba qilsalar, na yaqinlik jihatdan va na majburiyat jihatdan sizlarga rioya qiladilar. Ular faqat sizlarni og‘izlari bilan rozi qiladilar-u, lekin koʻngillari xush koʻrmaydi. Ularning koʻpchiligi fosiq kimsalardir.
9.Ular Allohning oyatlarini ozgina bahoga sotib, Uning haq yoʻlidan odamlarni toʻsadilar. Darhaqiqat, ularning qilayotgan amallari naqadar yomon boʻlgan ishdir.
10.Ular biron moʻmin kishi xususida na ahdga va na shartga rioya qiladilar. Ana oʻshalar haddan oshgan kimsalardir.
11.Agar tavba qilib iymonga kelsalar, namozni toʻliq ado qilsalar va zakot bersalar, u holda ular sizlarning dindagi birodarlaringizdir. Biz haqni biladigan qavm uchun oyatlarni batafsil bayon qilib beramiz.
12.Agar ahdlashganlaridan keyin ham qasamlarini buzsalar va sizlarning diningizga taʼna toshini otsalar, u holda bu qilmishlaridan voz kechishlari uchun kufr yetakchilariga qarshi jang qilinglar. Zero, ular uchun qasamlarda vafo yoʻqdir. Shoyad, shundan ibrat olib yomonliklardan tiyilsalar.
13.Ey moʻminlar, ahdlarini buzgan, payg‘ambarni yurtidan chiqarib yuborishga qasd qilgan va sizlarga qarshi birinchi boʻlib urush boshlagan qavm bilan jang qilmaysizlarmi?! Yoki ulardan qoʻrqasizlarmi?! Agar chinakam moʻmin boʻlsangiz, qoʻrqishingizga haqli boʻlgan Zot, faqat Allohdir!
14.Ular bilan jang qilinglar, shunda Alloh sizlarning qoʻllaringiz bilan ularni azoblaydi. Hamda ularni sharmanda qiladi, sizlarni ularning ustidan sizlarga nusrat ato etib, iymon keltirgan qavmning dillariga shifo beradi.
15.Shuningdek, kofirlardan aziyat chekkan qalblarining alamlarini ketkazadi. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi – Hakim Zotdir.
16.Ey moʻminlar, Alloh sizlarning orangizdan haq yoʻlida jihod qilgan kimsalarni hamda Allohdan, Rasulidan va moʻminlardan boshqasini doʻst tutmagan va sadoqatda bardavom boʻlgan kishilarni imtihon qilib, bilmay turib, oʻz holingizga tashlab qoʻyilasizlar deb hisoblaysizmi? Alloh barcha qilayotgan ishlaringizdan xabardor Zotdir.
17.Allohga shirk keltirganlar oʻzlarining kufr yoʻlida ekanliklariga guvoh boʻlib turgan hollarida Allohning masjidlarini obod qilishlari mumkin emasdir. Ana ularning bu yoʻlda qilgan barcha amallari behuda ketgan hisoblanadi. Hamda ular doʻzaxda mangu qoladilar.
18.Allohning masjidlarini, faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni toʻliq ado etgan, zakotni egalariga bergan hamda faqatgina yolg‘iz Allohdan qoʻrqadigan kishilargina obod qila oladi. Ajab emaski, ana oʻshalar toʻg‘ri yoʻlni topuvchi kimsalardan boʻlsalar.
19.Kaʼbani ziyorat qilish uchun kelgan hojilarga suv tarqatish va Masjid ul-Haromni obod qilish ishlarini bajarayotgan mushriklarni Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, Alloh yoʻlida jang qilganlar bilan teng qildingizmi?! Aksincha, Alloh nazdida ular teng emasdirlar. Alloh zolimlar qavmini hidoyatga boshlamaydi.
20.Allohga iymon keltirgan, Makkadan Madinaga koʻchib oʻtgan va Allohning roziligi yoʻlida mollari va jonlari bilan jang qilgan kimsalarning Alloh nazdidagi darajalari eng balanddir. Ana oʻshalar ajrga sazovordirlar.
21.Robbilari ularga Oʻz tarafidan boʻlgan rahmat, rozilik va ular uchun ichida tayyorlab qoʻyilgan doimiy neʼmatlar boʻlgan jannatlar haqida xushxabar beradi.
22.Ular u yerda abadiy qoladilar. Albatta, Allohning huzurida ulkan ajr bordir.
23.Ey iymon keltirganlar! Agar ota-onangiz va aka-ukalaringiz boʻlsa ham, kufrni iymondan ustun koʻrsalar, u holda ularni doʻst deb tutmangizlar. Sizlardan kimki shunday holda ham ularni doʻst tutsa, demak, ular zolim kimsalar qatoridadir.
24.Ey Rasulim, moʻminlarga: “Agar ota-onalaringiz, farzandlaringiz, aka-ukalaringiz, ayollaringiz, qavmu qarindoshlaringiz, qoʻlga kiritgan mollaringiz, kasodga uchrashidan qoʻrqqan tijoratingiz va yoqtirgan maskanlaringiz sizga Allohdan va Uning Rasulidan hamda Uning yoʻlida jihod qilishdan sevimliroq boʻlsa, u holda Alloh Oʻz azob amrini keltirguncha kutib turinglar”, – deb ayting. Alloh fosiq qavmni hidoyat qilmaydi.
25.Darhaqiqat, Alloh sizlarga oldin ham koʻp joylarda nusrat berdi. Xususan, Makka bilan Toif oʻrtasidagi vodiydagi Hunayn kunida ham. Oʻshanda sizlarni sanoq va kuch jihatdan koʻp ekanligingiz g‘ururlantirib qoʻygan edi, ammo u sizlarni hech narsadan qutqarib behojat qila olmadi. Sizlarga keng boʻlgan yer torlik qilib qoldi, keyin esa yuz oʻgirgan holingizda tarqalib chekindingiz.
26.Keyin Alloh payg‘ambariga va moʻminlarga Oʻz tomonidan xotirjamlikni tushirdi. Shuningdek, sizlar uni koʻrmagan, yaʼni farishtalardan boʻlgan lashkarlarni nozil qildi. Hamda kufr keltirgan kimsalarni yoʻq qilib azobladi. Mana bu kofirlarning jazosidir.
27.Mana shu jangdan keyin Alloh Oʻzi xohlagan kimsasining tavbasini qabul qiladi. Hamda Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
28.Ey iymon keltirganlar, albatta, Allohga shirk keltirganlar nopok kimsalardir, bas, endi ular bu yillaridan keyin Masjid ul-Haromga yaqinlashmasinlar. Agarda sizlar mushriklarning haj mavsumida Makkaga keltiradigan oziq-ovqatlar va boshqa tijoratga oid narsalar toʻxtab qolishi sababli kambag‘allikdan qoʻrqsangizlar, Bas, agar Alloh xohlasa Oʻz fazli bilan tezda sizlarni boy-badavlat qilib qoʻyadi.
29.Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmaydigan, Alloh va Rasuli harom qilgan narsalarni harom deb bilmaydigan, haq din boʻlmish Islomni din deb qabul qilmaydigan ahli kitob berilgan yahudiy va nasroniylar toki boʻysungan hollarida oʻz qoʻllari bilan jizya bermagunlaricha, jang qilinglar.
30.Yahudiylar: “Uzayr payg‘ambar Allohning oʻg‘lidir”, – dedilar. Nasroniylar esa: “Iso Masih Allohning oʻg‘li”, – dedilar. Bu ularning hech qanday dalilsiz og‘izlari bilan aytgan gaplaridir. Ular bu gapni bundan oldingi kufr keltirgan kimsalarning soʻzlariga taqlid qilib oʻxshatmoqdalar. Alloh ularni laʼnatlasin. Qay tomonga oʻgirilib ketmoqdalar?!
31.Ular Allohni qoʻyib oʻzlarining donishmandlari va rohiblarini xudolar qilib oldilar. Maryam oʻg‘li Iso Masihni ham xudo deb bildilar. Vaholanki, faqat yagona Ilohga ibodat qilishga buyurilgan edilar. Allohdan oʻzga iloh yoʻqdir, faqat yolg‘iz Uning Oʻzi bordir. U Zot ularning sherik qilayotganlaridan munazzah va pokdir.
32.Mushriklar Allohning nuri boʻlgan Islomni behuda gaplar aytib, og‘izlari bilan soʻndirmoqchi boʻladilar. Alloh esa, garchi kofirlar xushlamasalar ham, Oʻz nurini batamom har tarafga yoymasdan qoʻymaydi.
33.U Zot garchi mushriklar yoqtirmasa ham, Rasuli Muhammadni hidoyat va haq din bilan, barcha dinlardan uni ustun qilish uchun yuborgandir.
34.Ey iymon keltirganlar, shubhasiz, oʻsha yahudiy va nasroniylarning donishmand va rohiblaridan aksariyati odamlarning mollarini nohaq yoʻl bilan yeydilar. Hamda Allohning yoʻlidan kishilarni toʻsadilar. Ey Muhammad, oltin va kumushlarni yig‘ib, uni Alloh yoʻlida ehson qilmaydigan kimsalarga alamli azob borligi haqida xushxabar bering.
35.Qiyomat kunida oʻsha jamg‘argan oltin va kumushlari bilan jahannam oʻtida qizdiriladi. Hamda ular bilan peshonalari, yonlari va orqalariga bosilib: “Mana bu oʻzlaringiz uchun toʻplagan narsalaringizdir. Endi esa yiqqan xazinalaringizning mazasini totib koʻringlar”, – deyiladi.
36.Shubhasiz, Allohning nazdida oylarning soni osmonlaru Yerni yaratgan kunidagi Allohning bitigiga koʻra oʻn ikki oydir. Ulardan toʻrttasi urush harom qilingan oylardir. Mana bu haq dindagi hukmdir. Shunday ekan, bu oylarda nafsingizga zulm qilmanglar. Ular bu toʻrt oy ichida sizlarga yoppasiga urush qilganlaridek, sizlar ham mushriklarga yoppasiga urush qilinglar. Hamda bilib qoʻyinglar, shubhasiz, Alloh taqvo qiluvchilar bilan birgadir.
37.Shubhasiz, harom oylarni atayin oldinga yoki ortga surish kufr ustiga ziyoda boʻlgan kufrdir. U bilan kufr keltirganlarni adashtiradilar. Alloh harom qilgan oylarni sanog‘iga moslab olish uchun uni bir yil halol, boshqa bir yil harom qilib oladilar. Shu tarzda ular Alloh harom qilganni oʻzlaricha halollab oladilar. Ularga bu yomon ishlari chiroyli boʻlib koʻrindi. Alloh kofir qavmlarni hidoyatga boshlamaydi.
38.Ey iymon keltirganlar, sizlarga nima ham boʻldiki, agarda Alloh yoʻlida dushmanga qarshi qoʻzg‘alinglar deyilsa, yerga qattiq yopishib oldingiz. Oxirat hayotidan koʻra dunyo hayotiga rozi boʻldingizmi? Axir, dunyo hayotidagi neʼmatlar oxiratdagidan koʻra juda oz narsa-ku?!
39.Agar yovga qarshi jangga qoʻzg‘almasangizlar, u holda Alloh sizlarni alamli azob bilan azoblaydi. Oʻrningizga esa sizlardan boshqa bir itoatli qavmni keltiradi. Sizlar esa bu qilmishlaringiz bilan unga hech qanday zarar bera olmaysizlar. Shubhasiz, Alloh har narsaga kuchi yetadigan – Qodir Zotdir.
40.Agar sizlar Muhammad payg‘ambarga yordam qilmasangiz ham, darhaqiqat, Alloh unga yordam qilgan. Oʻshanda kufr keltirganlar uni bir hamrohi bilan, yaʼni ikki kishining biri boʻlgan holida uni yurtlari boʻlgan Makkadan chiqarganlarida, ikkovlari g‘orda turib, Muhammad sollallohu alayhi vasallam hamrohi Abu Bakr roziyallohu anhuga: “Tashvishlanma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!” – deb aytgan edi. Keyin Alloh uning ustiga xotirjamlik tushirdi va sizlar uni koʻrmagan lashkarlar bilan uni qoʻlladi. Shuningdek, kufr keltirganlarning botil soʻzini tuban qildi. Allohning soʻzi esa, u eng oliydir. Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
41.Ey iymon keltirganlar, sizlarga og‘ir kelsa ham, yengil kelsa ham, jangga chiqinglar. Alloh yoʻlida mollaringiz va jonlaringiz bilan jihod qilinglar. Agar bilsangiz edi, mana shu ishingiz siz uchun yaxshiroqdir.
42.Ey Rasulim, agar chaqirig‘ingiz ular uchun yaqin dunyo manfaati va mashaqqatsiz oʻrtacha bir safar boʻlganida, sizga aniq ergashar edilar. Lekin ularga masofa uzoq koʻrinib safarga chiqmadilar. Yaqinda munofiqlar: “Agar kuchimiz yetganida, albatta, sizlar bilan yoʻlga chiqar edik”, – deb, Alloh nomi bilan yolg‘on qasam ham ichadilar. Shu tariqa ular oʻzlarini ham halok qiladilar. Holbuki, Alloh ularni aniq yolg‘onchi ekanliklarini bilib turibdi.
43.Ey Rasulim, Alloh sizni afv qilsin. Biroq Tabuk safariga bormaslik uchun sizdan ruxsat soʻraganlarning to rostgoʻylari aniq boʻlmay turib hamda yolg‘onchilarni bilmasdan, ularga nega izn berdingiz?
44.Zero, Allohga va oxirat kuniga ishongan kimsalar molu jonlari bilan jihod qilishdan ortda qolish uchun sizdan izn soʻramaydilar. Alloh taqvodorlarni yaxshi biluvchi Zotdir.
45.Faqatgina Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan va koʻngillari gumonda boʻlganlargina sizdan jangga bormaslik uchun izn soʻraydilar. Chunki ular oʻz gumonlarida doimo ikkilanib yuradilar.
46.Agar ular chindan ham jangga chiqishni xohlaganlarida, uning uchun tayyorgarlik qilib qoʻygan boʻlar edilar. Lekin Alloh jihodga chiqishlarini xushlamay, ularni dangasa qilib qoʻydi. Oʻzlaridan boʻlgan kimsalar tarafidan: “Ayollar, yosh bolalar va qariyalar kabi oʻtirib qolganlar bilan oʻtiraveringlar”, – deyildi.
47.Agar ular sizlarning ichingizda jangga chiqqan taqdirlarida ham, sizlarga faqat buzg‘unchilikni ziyoda qilar, sizlarni fitnaga duchor qilib, oralaringizga rahna solgan boʻlardilar. Shuningdek, ichingizda ularga quloq soladiganlar ham bor. Alloh zolim kimsalarning holatini biluvchi Zotdir.
48.Darhaqiqat, avval ham fitna chiqarish uchun fursat axtargan edilar. Hamda ular yoqtirmagan hollarida to haq g‘olib kelib, Allohning amri ustun boʻlguncha ham makr-hiyla qilib, ishlaringizni ostin-ustun qilgan edilar.
49.Ularning orasida: “Menga jangdan qolish uchun izn bergin, urushga yuborib meni fitnaga duchor qilmagin”, – deydigan kimsalar ham bordir. Ogoh boʻlinglar, shundoq ham ular jangdan qolib fitnaga tushib qolgandirlar. Shubhasiz, jahannam kofirlarni oʻrab oluvchidir.
50.Bordi-yu sizga g‘alaba yoki oʻlja kabi biror yaxshilik yetib qolsa, bu ularni xafa qiladi. Mabodo sizga biror bir musibat yetsa, – “Yaxshi hamki, ishimizning oldini olibmiz”, – deb xursand boʻlgan hollarida yuz oʻgirib ketadilar.
51.Ularga: “Bizga Allohning yozib qoʻyganidan boshqa narsa yetmaydi. U bizning xojamizdir”, – deb ayting. Shunday ekan, Allohga, faqat moʻminlar tavakkul qilsinlar.
52.Ey Rasulim, ularga: “Sizlar bizni jangda yo shahid, yo g‘olib boʻlishdek ikki xayrli ishdan birining boʻlishini kutmoqdasiz. Bizlar esa sizlarni Alloh Oʻz dargohidan yoki bizning qoʻlimiz bilan sizlarga azob yetishini kutmoqdamiz. Bas, kutaveringlar, albatta, biz ham sizlar bilan birga kutuvchimiz”, – deb ayting.
53.Munofiqlarga: “Istab yo istamay ehson qilaveringlar. Baribir qilgan sadaqalaringiz sizdan aslo qabul qilinmaydi. Chunki sizlar fosiqlar qavmi boʻlgansizlar”,– deb ayting.
54.Qilgan ehsonlarini qabul qilinishidan toʻsgan narsaning sababi: ularning Allohga va Rasuliga kufr keltirganlari, namozga faqat dangasalik holda kelishlari va sadaqani faqat yoqtirmagan hollarida berishlaridir.
55.Bas, ey Rasulim, ularning mol-dunyolari ham, farzandlari ham sizni ajablantirmasin. Chunki Alloh oʻshalar sababli dunyo hayotida ularni azoblashni va kofir hollarida jonlari chiqishini xohlaydi.
56.Munofiqlar: “Shubhasiz, sizlardanmiz”, – deb Alloh nomi bilan qasam ichadilar. Vaholanki, ular sizlardan emasdirlar. Aksincha, ular qoʻrqadigan qavmdirlar.
57.Agar ular biron boshpana izlab berkinib oladigan g‘orlar yoki kirib oladigan biron teshikni topsalar edi, yugurganlaricha oʻshanga qarab ketgan boʻlar edilar.
58.Ey Rasulim, ularning orasidan tarqatiladigan sadaqalar xususida seni ayblaydiganlari ham bor. U sadaqalardan koʻp miqdorda berilsa, rozi boʻladilar. Bordi-yu ulardan xohlaganlaridek berilmasa, birdan achchiqlanadilar.
59.Agar ular Alloh va payg‘ambari ularga bergan narsaga rozi boʻlib: “Alloh biz uchun kifoya qiladi. Yaqinda Alloh va payg‘ambari bizga oʻz fazlu karamidan beradi, shubhasiz, biz Allohga intiluvchi kishilarmiz”, – deganlarida oʻzlari uchun yaxshi boʻlar edi.
60.Sadaqalar va zakotlarni faqatgina faqirlar, miskinlar, sadaqa yig‘ishda ishlovchilar, koʻngillari islomga oshno qilinuvchi kishilar, haq toʻlab ozod etiluvchi qullar, qarzdorlar, Alloh yoʻlidagilar hamda yoʻlovchilarga berish Alloh tomonidan farz qilindi. Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi – Hakim Zotdir.
61.Ularning orasida payg‘ambarga aziyat beradigan va u har narsani eshitaveradigan “quloqdir”, – deydiganlar ham bor. Ularga: “U sizlar uchun haqni eshituvchi yaxshilik qulog‘idir. Allohga iymon keltiruvchi, moʻminlarga ishonuvchi va sizlardan iymon keltirganlaringiz uchun rahmat manbaidir”, – deb ayting. Allohning Rasuliga aziyat beruvchilar uchun alamli azob bordir.
62.Ey moʻminlar, u munofiqlar: “Cizlarni rozi qilish uchun payg‘ambarga ozor bermadik”,- deb Alloh nomi bilan qasam ichadilar. Holbuki, agar iymonli boʻlganlarida, Alloh va Uning payg‘ambarini rozi qilishlari eng loyiq ish edi.
63.Kimki Alloh va Rasulining belgilagan chegaralaridan oshsa, albatta, uning uchun u yerda mangu qoluvchi jahannam otashi boʻlishini bilmadilarmi?! Mana bu katta sharmandalikdir.
64.Munofiqlar dillaridagi munofiqlikni oʻzlariga fosh qiladigan Qurʼondan sura nozil qilinishidan qoʻrqib turadilar. Ey Rasulim, ularga: “Masxara qilaveringlar, albatta, Alloh baribir siz qoʻrqayotgan oʻsha narsani yuzaga chiqaruvchidir”, – deb ayting.
65.Qasam boʻlsinki, agar ulardan: “Nima uchun masxara qilyapsiz?”- deb soʻrasangiz, ular: “Biz faqatgina bahsga shoʻng‘ib, hazillashyapmiz”, – deydilar. Ey Rasulim, ularga: “Allohni, oyatlarini va Rasulini masxara qilayotgan edingizmi?!” – deb ayting.
66.Uzr aytmanglar, darhaqiqat, sizlar iymon keltirganingizdan keyin yana kufr keltirdingiz. Agar sizlardan bir toifani koʻngildan tavba qilganlari uchun afv qilsak ham, boshqa bir toifani jinoyatchi boʻlganlari uchun azoblaymiz.
67.Munofiq erkaklar ham, munofiq ayollar ham kufrda hammasi birdirlar. Ular yomonlikka buyurib, yaxshilikdan qaytaradilar. Ehson qilmay, qoʻllarini qattiq tutadilar. Ular Allohni unutdilar, bas, shuning uchun Alloh ham ularni rahmatidan uzoqlashtirib unutdi. Shubhasizki, munofiqlar aniq fosiq kimsalardir.
68.Alloh munofiq erkaklar va munofiq ayollarga hamda barcha kofirlarga unda mangu qolinadigan jahannam otashini vaʼda qildi. Jazo oʻlaroq bu ularga yetarlidir. Shuningdek, Alloh ularni laʼnatladi hamda ular uchun doʻzaxda doimiy azob bordir.
69.Ey munofiqlar, sizlar ham xuddi sizlardan oldingi munofiqlar kabisizlar. Ular sizlardan koʻra quvvati koʻproq, mol-dunyo va bola-chaqalari ham ortiqroq edilar. Bas, nasibalarini yeb mazza qilib foydalandilar. Sizlar ham, oldingilar kabi nasibalaringizdan foydalandingizlar. Hamda g‘aflatga botib ketganlaridek sizlar ham kufrga shoʻng‘ib ketdingiz. Ana u munofiqlarning barcha qilgan amallari dunyo va oxiratda behuda ketgandir. Aynan ular ziyon koʻruvchilardir.
70.Ularga oʻzlaridan oldingilarning, yaʼni Nuh, Od, Samud qavmlari va Ibrohimning qavmi, Madyan shahrining aholisi boʻlgan Shuʼayb qavmi hamda ostin-ustun boʻlib ketgan Lut qavmi shaharlarining xabarlari yetib kelmaganmidi?! Ularga payg‘ambarlari ilohiy dalillarni keltirgan edilar. Shunday ekan, Alloh ularga zulm qilmoqchi boʻlmadi, lekin ular oʻzlariga zulm qiluvchi boʻldilar.
71.Moʻmin erkaklar va moʻmina ayollar bir-birlariga doʻstdirlar. Ular insonlarni doimo yaxshilikka buyuradilar va yomonlikdan qaytaradilar, namozlarni toʻla-toʻkis ado etadilar, nisobga yetgan mollaridan zakotni beradilar hamda Alloh va Rasuliga itoat qiladilar. Aynan oʻshalarga Alloh tezda marhamat koʻrsatadi. Shubhasiz, Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
72.Alloh moʻmin va moʻminalarga tagidan anhorlar oqib turuvchi jannatlarni hamda u yerda abadiy qolishni va barqarorlik jannatidagi pokiza maskanlarni vaʼda qildi. Allohdan boʻladigan rozilik esa barchasidan ulug‘roqdir. Mana shu ulkan yutuqdir.
73.Ey Nabiy, kofirlar va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga qattiqqoʻl boʻling. Ularning borar joyi jahannamdir. U naqadar yomon borar joydir.
74.Munofiqlar payg‘ambarga nisbatan aytilgan haqorat soʻzlarni aytmaganliklariga doir yolg‘on qasam ichadilar. Vaholanki, munofiqlar bu kufr soʻzini aniq aytgan edilar va islomga kirganlaridan keyin yana kufr yoʻliga qaytgan edilar. Shuningdek, payg‘ambarga suiqasd qilishdek yetolmagan narsalariga qasd qilgan edilar. Munofiqlar Alloh va Uning Rasuli ularni faqat Oʻz fazlu karamidan boy-badavlat qilib qoʻygani uchungina Alloh va Uning Rasulini yomon koʻrdilar. Bas, endi agar tavba qilsalar, oʻzlari uchun yaxshi boʻlar edi. Agar yuz oʻgirsalar, Alloh ularni dunyo va oxiratda alamli azob bilan azoblaydi. Hamda ular uchun Yer yuzida biron doʻst ham yordamchi ham boʻlmaydi.
75.U munofiqlarning orasida: “Qasam boʻlsinki, agar Alloh bizga Oʻz fazlu karamidan mol-davlat ato qilsa, albatta, biz kambag‘allarga sadaqalar qilamiz va solih kimsalardan boʻlamiz”, – deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham boʻlgan.
76.Vaqtiki, Alloh ularga fazlidan ato qilgach, unga baxillik qildilar va yuz oʻgirgan hollarida burilib ketdilar.
77.Shunday qilib, Allohga bergan vaʼdalariga xilof qilganlari va yolg‘onchilik qilganlari sababli, ularga to Uni uchratadigan qiyomat kunigacha qalblariga nifoq illatini solib qoʻydi.
78.Munofiqlar Alloh ularning sirlarini ham, yashirin suhbatlarini ham, albatta, bilishini bilmasmidilar?! Darhaqiqat, Alloh g‘ayblarni oʻta yaxshi biluvchi Zotdir.
79.Moʻminlardan sadaqalarni koʻngilli qilib beradigan va ehson uchun kuchlari yetganini bazoʻr topib beradigan kimsalarni masxara qiluvchilarni Alloh ham masxara qiladi. Hamda ularga azob bordir.
80.Ey Rasulim, ular uchun xoh mag‘firat soʻrang, xoh mag‘firat soʻramang befoydadir. Agar ular uchun yetmish bora mag‘firat tilasangiz ham, Alloh ularni aslo kechirmaydi. Buning sababi, shubhasiz, ularning Alloh va Rasuliga kufr keltirganlaridir. Alloh esa fosiq qavmlarni hidoyat qilmaydi.
81.Allohning Rasuliga xilof qilib, soxta uzrlari bilan jangga chiqmay, uylarida oʻtirib ortda qolganlar oʻtirishlaridan oʻzlari xursand boʻldilar. Hamda Alloh yoʻlida mollari va jonlari bilan jihod qilishni xush koʻrmadilar. Keyin esa: “Kun issiqda jangga chiqmanglar!” – deb aytishdi. Ey Rasulim, ularga: “Doʻzax olovining issig‘i yanada shiddatliroqdir”, – deb ayting. Koshki, ular buni tushunsalar edi.
82.Endi ular bu bahonalari va qilmishlarining jazosi uchun bu dunyoda oz kulsinlar, oxiratda esa koʻp yig‘lasinlar!
83.Bas, agar Alloh sizni bu safardan salomat chiqarib yana boshqa toifa bilan toʻqnashish uchun qaytarganda sizdan jangga chiqish uchun izn soʻrasalar, ularga: “Endi men bilan aslo jangga chiqmaysizlar va men bilan birga dushmanga qarshi urush ham qilmaysizlar. Chunki sizlar avvalgi gal jangga chiqmay oʻtirishga rozi boʻldingiz. Shunday ekan, yana ortda qoluvchilar bilan oʻtiraveringizlar!” – deb ayting.
84.Ey Rasulim, aslo ulardan oʻlgan biror kishiga janoza namozini oʻqimang va duo qilish uchun qabri boshida ham turmang! Chunki ular dunyo hayotida Allohga va Rasuliga kufr keltirdilar hamda fosiq hollarida oʻldilar.
85.Ularning mol-mulklari va farzandlarining koʻpligi sizni ajablantirmasin. Chunki Alloh ularni bu neʼmatlar bilan bu dunyoda azoblashni va kofir hollarida jonlari chiqishini iroda qiladi, xolos.
86.Agarda “Allohga iymon keltiring hamda Uning Rasuli bilan birga jihod qilinglar”, – degan mazmundagi sura nozil qilinsa, ularning ichidagi qoʻllari uzun badavlatlari sizdan izn istab: “Bizni tek qoʻygin, oʻtiruvchilar bilan birga boʻla qolaylik!” – deydilar.
87.Ular jangga chiqishdan qoʻrqib ortda qoluvchi ayol va bolalar bilan birga boʻlishga rozi boʻldilar. Qalblariga esa tamg‘a urib qoʻyildi. Bas, ular jihodning haqiqatini anglamaydilar.
88.Lekin Rasul va u bilan birga haqiqiy iymon keltirganlar jonlari va mollari bilan jihod qildilar. Yaxshiliklar ana shular uchundir hamda ular zafar quchuvchilardir.
89.Alloh ularning bu amallari uchun ostidan anhorlar oqib turadigan, unda abadiy qolinadigan jannat bog‘larini tayyorlab qoʻygandir. Ana oʻsha – ulkan yutuqdir.
90.Choʻllarda koʻchmanchi hayot kechiradigan Aʼrobiylardan boʻlganlar ularga ruxsat berilishi uchun uzr aytuvchilar keldi. Shunday qilib, Allohga va Rasuliga yolg‘on gapirganlar jangda qatnashmay uylarida oʻtirdilar. Ulardan kofir boʻlganlariga yaqinda alamli azob musibati yetadi.
91.Keksalik yoki nogironlik kabi sabablarga koʻra tanasi zaif boʻlganlar, urushga bora olmaydigan kasallar va jangovar asbob-uskunalar uchun sarf-xarajat qila olmaydigan kambag‘allarga urushda qatnashmaganliklari uchun javobgarlik yoʻq. Toki ular oʻzlarining boshqa vazifa va masʼuliyatlarini oqsatmay, Alloh va Rasuliga ixlosli boʻlsalar, boʻlgani. Yaxshilik qiluvchilarni ayblashga hech qanday yoʻl yoʻq. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
92.Shuningdek, sizning huzuringizga ularni jangda qatnashishda ulovli qilib qoʻyishingiz uchun kelganlarida: “Sizlarni mindirgani hech narsa topa olmayman”, – dedingiz. Ular esa sarf-xarajat qilishga hech narsa topa olmaganlari uchun xafa boʻlib, koʻzlaridan yosh oqib ortga qaytib ketdilar. Ularga ham taʼna-dashnom yoʻqdir.
93.Taʼna uchun yoʻl faqat jangga kirish uchun kuchi yetsa ham, urushdan qochish uchun sizdan ruxsat soʻragan boylargagina tegishlidir. Chunki ular Alloh yoʻlida jang qilish va Uning roziligini qozonishdan koʻra, orqada qolgan ayollar bilan birga boʻlishga rozi boʻldilar. Shuning uchun Alloh ularning qalblarini muhrlab qoʻydi. Ular endi oʻzlarini qanday ofat kutayotganini bilmaydilar.
94.Safardan ularning yonlariga qaytganingizda sizlarga uzrlarini aytadilar. Ularga: “Uzr soʻramanglar! Biz sizlarga aslo ishonmaymiz. Darhaqiqat, Alloh bizlarga hali yoʻlda ekanimizda siz haqingizdagi xabarlarni bildirdi. Yaqinda Alloh va Uning Rasuli bundan keyin qanday amal qilishingizni koʻradi. Keyin esa, g‘oyib va oshkora ishlarni biluvchi Zot boʻlgan Allohning huzuriga qaytarilasizlar. Ana oʻshanda sizlarga barcha qilgan ishlaringizning xabarini beradi”, – deb ayt.
95.Sizlar jangdan g‘olib boʻlib ularning oldiga qaytib, kelganingizda, ularni jazolashdan toʻxtab, qoʻyib yuborishingiz uchun Alloh nomi bilan qasam ichadilar. Mayli, ulardan yuz oʻgiring. Chunki ular niyatlari va xatti-harakatlari jihatidan pokiza emasdirlar. Qilgan yomon ishlarining jazosi sifatida joylari doʻzax boʻladi.
96.Ulardan rozi boʻlishingiz uchun sizlarga yolg‘ondan qasam ichadilar. Bordi-yu sizlar ulardan rozi boʻlsangiz ham, Alloh fosiq qavmlardan aslo rozi boʻlmaydi.
97.Odatda Madina atrofidagi choʻllarda koʻchmanchi hayot kechiradigan badaviylar oʻtroq hayot kechiradigan shaharliklarga qaraganda inkor va munofiqlikda ashaddiyroq hamda Alloh Rasuliga nozil qilgan narsalar hududini bilmasliklari aniqroqdir. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi – Hakim Zotdir.
98.Aʼrobiylardan baʼzilari qilgan sadaqasini zoʻraki yoki ortiqcha chiqim deb biladigan va sizlarga aylanib keladigan musibatlarni poylab turadilar. Ularning oʻzlariga aylanib keladigan yomon musibatlar boʻlsin! Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va boʻlayotgan ishlarni koʻrib turuvchi – Basir Zotdir.
99.Lekin aʼrobiylar ichida Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan, qilgan xayru ehsonlarini Alloh huzurida yaqinlik va Rasulning xayr duolari deb tutadiganlari ham bor. Albatta, u ular uchun Allohga yaqinlik bordir. Yaqinda Alloh ularni, qilgan ezgu amallari uchun Oʻz rahmati bilan jannatiga kirgizadi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
100.Muhojirlar va ansorlardan avvalgi peshqadamlari hamda orqalaridan ularga ezgulik bilan ergashganlardan Alloh rozi boʻldi, ular ham Undan rozi boʻldilar. Yana ular uchun tagida anhorlar oqib turuvchi va u yerda abadiy qolinadigan jannatlarni tayyorlab qoʻydi. Ana oʻsha eng katta yutuqdir.
101.Atrofingizdagi aʼrobiylardan ham va Madina aholisi ichidan ham munofiqlar bordir. Ular nifoqqa odatlanib ketganlar. Ularni siz bilmaysiz, ularni Biz bilamiz. Albatta, ularni ikki karra azoblaymiz. Soʻngra qiyomatda haqiqiy jazo olishlari uchun katta azobga qaytariladilar.
102.Yana boshqalari esa, gunohlarini eʼtirof qildilar. Ular solih amalni boshqa yomoniga aralashtirib yuborgan edilar. Shoyad, Alloh ularning tavbalarini qabul qilar. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
103.Ey Rasulim, ularning mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan va tozalaysan. Ularning haqiga duo qil. Chunki albatta, duongiz ularning qalbiga taskin va tasallidir. Zero, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.
104.Yoki ular Allohning, albatta, bandalari tomonidan chin koʻngildan qilinadigan tavbani qabul qilishini va sadaqalarni olishini hamda Alloh tavbalarini qabul qiluvchi va marhamatli Zot ekanini bilmasmidilar?!
105.Ey Muhammad, ularga: “Amallaringizni qilaveringlar! Bas, yaqinda Alloh va Uning Rasuli hamda moʻminlar ishlaringizni koʻradilar. Tez orada yashirin va oshkora ishlarni biluvchi Zot huzuriga qaytarilasizlar. Keyin sizlarga qilgan ishlaringizning xabarini beradi”, – deb ayting.
106.Shuningdek, ular orasida Allohning amriga havola qilingan boshqalar ham bor. Alloh ularni yo azoblaydi, yoki tavbalarini qabul qiladi. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi – Hakim Zotdir.
107.Ey Rasulim, yana shunday kimsalar ham borki, ular sizlarga zarar yetkazish, kufr va nifoqni orttirish, moʻminlar orasini ajratish va oldin Alloh va Rasuliga qarshi urush ochgan kimsani kutib olish uchun masjid qurib olganlar. Buning ustiga ular: “Biz bundan faqat yaxshilikni xohlagan edik”, – deb qasam ham ichadilar. Siz ularga ishonmang, ularning aniq yolg‘onchilardan ekanligiga Alloh guvohlik beradi.
108.Ey Muhammad, hech qachon u yerda namoz oʻqish uchun turmang! Birinchi kundan taqvo asosiga qurilgan u yerdagi masjidda turishingiz mahbubroqdir. U yerda poklanishni yoqtiradigan kishilar bordir. Alloh esa poklanuvchilarni sevadi.
109.Binosini Allohga boʻlgan taqvo va rozilik asosida qurgan kishi yaxshiroqmi yoki binolariga qulayotgan jar yoqasini asos qilib qurib olgan hamda u bilan jahannam oʻtiga qulagan kishi yaxshimi?! Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmaydi.
110.Qurgan binolari buzilib, oʻlim shiddati bilan to yuraklari yorilgungacha qalblarida gumonda boʻlib qolaveradi. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va hikmat egasi – Hakim Zotdir.
111.Shubhasiz, Alloh moʻminlardan jonlari va mollarini sotib oldi. Albatta, uning evaziga ular uchun jannatni beradi. Alloh yoʻlida jang qilib, oʻldiradilar va yoki oʻldiriladilar. Bu Tavrotda ham Injilda ham Qurʼonda ham Uning zimmasidagi haq boʻlgan vaʼdadir. Allohdan koʻra ahdiga vafodorroq kim bor?! Shunday ekan, ey moʻminlar, bu kelishgan savdolaringizdan xursand boʻlinglar. Ana shuning oʻzi katta yutuqdir.
112.Ular qilgan gunohlariga tavba qiluvchilar, yolg‘iz Allohga ibodat qiluvchilar, doimo hamdu sano aytuvchilar, roʻza tutuvchilar, ruku va sajda qiluvchilar, odamlarni yaxshilikka buyuruvchilar va yomonlikdan qaytaruvchilar hamda Allohning tayin qilgan hududlari va buyruqlariga rioya qiluvchilardir. Ey Rasulim, moʻmin bandalarga xushxabar bering!
113.Na payg‘ambarga va na iymon keltirgan kimsalarga kofir holda oʻlib, ularning doʻzax ahllari ekanligi maʼlum boʻlgandan keyin mushriklar uchun garchi ular qarindoshlari boʻlsa ham, gunohlarining kechirilishi uchun istig‘for soʻrashlari joiz emas.
114.Ibrohimning oʻz otasi uchun istig‘for soʻrashi esa faqat unga qilgan vaʼdasi tufayli edi. Unga otasining, shubhasiz, Allohning dushmani ekanligi aniq boʻlgandan keyin undan voz kechdi. Albatta, Ibrohim nola uruvchi qalbi yumshoq insondir.
115.Alloh bir qavmni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qilgandan keyin ularning qaysi xatti-harakatlari nomaqbul ekanini va nimalardan saqlanish kerakligini bayon qilmaguncha, toʻg‘ri yoʻldan adashtiruvchi boʻlmagan. Shak-shubhasiz, Alloh har bir narsani batafsil biluvchidir.
116.Albatta, osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga xosdir. U tiriltiradi va oʻldiradi. Sizlar uchun Allohdan boshqa doʻst ham, yordamchi ham yoʻqdir.
117.Darhaqiqat, Alloh payg‘ambarning hamda muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul qildi. Ulardan bir guruhining qalblari toyib ketay deganidan keyin ham qiyinchilik soatida unga ergashdilar, keyin esa ularni kechirdi. Chunki U Zot ularga oʻta shafqatli va rahmlidir.
118.Shuningdek, jangga chiqmay ortda qolgan uch kishining ham tavbalarini qabul qildi. Ularga shuncha keng boʻlgan Yer ham torlik qilib qoldi va yuraklari siqilib ketdi. Allohdan qochib, oʻzga joydan panoh yoʻqligini bilishdi. Soʻng butunlay tavba qiluvchilardan boʻlishlari uchun Alloh ularning tavbalarini qabul qildi. Shubhasiz, Alloh koʻplab tavbalarni qabul qiluvchi – Tavvob va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
119.Ey iymon keltirganlar! Allohdan qoʻrqing va doimo sodiqlar bilan birga boʻling!
120.Madina aholisi va ularning atrofidagi aʼrobiylar uchun Rasulullohdan ortda qolishlari va undan kechib oʻzlarini undan ustun qoʻyishlari toʻg‘ri ish emas edi. Shunday boʻlish kerakligining boisi ularga Alloh yoʻlida biror bir tashnalik, mashaqqat yoki ochlik yetsa-da hamda kofirlarni achchiqlantiradigan qadam bossalar va dushmanga qarshi biror musibat yetkazib zafar quchsalar, albatta, ularga shu sababli solih amal yoziladi. Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarning mukofotini zoe qilmaydi.
121.Agar ular Alloh yoʻlida oz yoki koʻp infoq-ehson qilsalar va jangda biror vodiyni kesib oʻtsalar, Alloh ularni qilgan eng yaxshi amallari tufayli mukofotlashi uchun, albatta, ularga ajr yozadi.
122.Moʻminlarning hammasi yoppasiga jangga chiqishlari shart emas. Koshki, har bir guruhdan bir nafar toifa boʻlsa-yu, safarga chiqmay dinni chuqur oʻrgansalar va qavmlariga jangdan qaytib kelgan vaqtlarida ularga pand-nasihat qilib ogohlantirsalar.
123.Ey iymon keltirganlar! Sizlar yaqiningizdagi kofirlarga qarshi jang qiling! Albatta, ular sizlardagi matonat va shiddatni koʻrsinlar. Yana shuni bilib qoʻyinglarki, albatta, Alloh taqvodor kimsalar bilan birgadir.
124.Qachonki biror bir sura nozil qilinsa, ular ichidan: “Bu sura qay biringizda iymonni orttirdi?” – deydigan munofiqlar ham bor. Ammo bu sura moʻminlardagi iymonni ziyoda qildi va ular xursand boʻlar edilar.
125.Ammo qalblarida kasallik boʻlganlarga esa, iflosliklari ustiga yana ifloslik qoʻshiladi, shunday qilib, ular kofir hollarida oʻlib ketadilar.
126.Ular har yili bir yoki ikki marta sinovga duchor boʻlayotganliklarini koʻrmaydilarmi?! Shundan keyin ham ular tavba qilmaydilar va eslatma olmaydilar.
127.Biror bir sura nozil qilinsa, ular: “Sizlarni birov koʻrmayaptimi?” – deb bir-birlariga qarab qoʻyadilar. Keyin bildirmasdan ortlariga qaytib ketadilar. Hech narsani fahmlamaydigan qavm boʻlganlari uchun Alloh ularning qalblarini haqdan burib qoʻygan.
128.Haqiqatan, sizlarga oʻz orangizdan dunyo va oxiratda boshingizdan kechiradigan qiyinchiliklaringizga g‘am chekadigan va sizlarni ardoqlaydigan hamda moʻminlarga rahm shafqatli boʻlgan bir Rasul kelgandir.
129.Ey Muhammad, agar ular ana shulardan keyin ham haqdan yuz oʻgirsalar, ularga: “Menga yolg‘iz Alloh kifoyadir. Undan oʻzga iloh yoʻq va men Unga suyandim. U buyuk Arshning Robbisidir!” – deb ayting.

