1447 yil 18 zulhijja2026 yil 4 iyun, payshanba

Josiya surasi

Makkada nozil bo'lgan.

25-juz,45-sura,37 oyatdan iborat

1.Ho, Mim.

2.Bu Qurʼon Aziz va Hakim boʻlgan Alloh tomonidan nozil qilingan kitobdir.

3.Haqiqatan, osmonlar va Yerda moʻminlar uchun Allohga dalolat qiladigan koʻplab alomatlar bordir.

4.Hamda sizlarning yaratilishingizda va Alloh yer yuziga tarqatib yuborgan jonivorlardan iborat narsalarda ham aniq ishonadigan qavm uchun ibratli alomatlar bordir.

5.Yana kecha va kunduzning almashib turishida va Alloh osmondan rizq tushirib, u sababli suvsizlikdan qaqrab yotgan yerning oʻlimidan keyin tiriltirishida va shamollarning yoʻnalishida aql yuritadigan qavmlar uchun alomatlar bor.

6.Ey Muhammad, bular Allohning oyatlari boʻlib, ularni sizga haq bilan tilovat qilib beryapmiz. Bas, kofirlar Alloh va Uning oyatlarini qoʻyib, qaysi soʻzga iymon keltirmoqdalar?!

7.Har bir tuhmatchi va gunohkorning holiga voy boʻlsin!

8.U oʻziga tilovat qilinayotgan Alloh oyatlarini eshitadi, keyin xuddi ularni eshitmagandek, kibrlangan holda yana kufrda davom etadi. Bas, ey Muhammad, unga alamli azob borligi haqida xushxabar bering.

9.Qachonki, oyatlarimizdan biror narsani bilib olsa, uni masxara qiladi. Ana oʻshalarga xorlovchi azob bordir.

10.Ularning ortida jahannam bor! Kasb qilib topgan boylik va farzandlari ham, Allohdan boshqa tutgan doʻstlari ham ularga biror narsada asqotmaydi. Ularga ulkan azob bordir.

11.Mana bu Qurʼon hidoyat manbaidir. Robbilarining oyatlariga kufr keltirgan kimsalar uchun esa qaqshatqich alamdan iborat azob bordir.

12.Alloh sizlarga dengizni unda Oʻz amri bilan kemalar yurishi uchun va Uning fazlidan istakda boʻlishingiz uchun beminnat xizmatkor qilib qoʻydi. Shoyadki, bu neʼmatlar uchun shukr qilsangizlar.

13.U Oʻz tomonidan sizlarga osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalarni boʻysundirib qoʻydi. Albatta, bularda tafakkur qiladigan qavmlar uchun ibratli alomatlar bordir.

14.Ey Muhammad, iymon keltirgan kimsalarga: Allohning kunlaridan umidvor boʻlmaydiganlarni kechirib yuboraversinlar”, deb ayting. Toki Alloh kechirimli qavmni qilgan ishlari sababidan mukofotlasin.

15.Kimki yaxshilik qilsa, bas, oʻz foydasigadir. Kimki yomonlik qilsa, bas, u oʻz zararigadir. Soʻngra qiyomatda Robbingizga qaytarilasizlar.

16.Darhaqiqat, Biz bani Isroil avlodiga kitob, hikmat va payg‘ambarlik ato qildik va ularni pokiza narsalardan rizqlantirdik hamda ularni oʻz davrlaridagi olamlardan afzal qildik.

17.Yana ularga din ishi borasida hujjatlar ato qildik. Bas, ular oʻzlariga ilm kelganidan keyin oʻzaro adovat qilib ixtilofga tushdilar. Albatta, Robbingiz qiyomat kuni oʻrtalarida ixtilof qilgan narsalari haqida hukm chiqaradi.

18.Ey Muhammad, keyin, Biz sizni din ishida shariatga tayin qildik. Bas, unga ergashing va haqni bilmaydigan kimsalarning havoyi nafslariga ergashmang.

19.Chunki, ular sizdan Alloh tomonidan boʻladigan biror narsani qaytara olmaydilar. Albatta, zolimlar bir-birlariga doʻstdirlar. Alloh esa taqvodorlarning doʻstidir.

20.Bu oyatlar odamlar uchun ochiq-oydin koʻrsatmalardir va aniq ishonadigan qavm uchun hidoyat va rahmatdir.

21.Nahotki yomonliklarni kasb qilganlar oʻzlarini iymon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar kabi qilishimizni va hayotlari ham, mamotlari ham barobar boʻlishini oʻyladilar?! Ular naqadar yomon hukm chiqarmoqdalar!

22.Alloh osmonlar va Yerni haq hikmat bilan, har bir jon qilgan kasbiga yarasha, zulm qilinmagan holida jazo yoki mukofot olishi uchun yaratgan.

23.Ey Muhammad, havoyi nafsini oʻziga iloh qilib olgan va Alloh uni bilib turib adashtirgan, quloq va koʻnglini muhrlab, koʻziga parda tortib qoʻygan kimsani koʻrdingizmi? Bas, uni Alloh yoʻldan adashtirganidan keyin kim hidoyat qila oladi?! Axir, eslatma olmaysizlarmi?!

24.Qiyomatni inkor qiluvchilar: Hayot faqat shu dunyodagi yashashimizdir. Birimiz oʻlib, boshqamiz yashab yuraveramiz. Bizlarni Alloh emas, balki faqat zamon oʻtishigina oʻldiradi”, – dedilar. Holbuki, ularda bu haqida biror hujjatga ega boʻlgan bilim yoʻqdir. Ular faqat shunday gumon qiladilar, xolos.

25.Qachon ularga qayta tirilish toʻg‘risidagi oyatlarimiz bayon etuvchi holida tilovat qilinsa, ularning Bizga qarshi behuda hujjatlari faqat: “Agar rostgoʻy boʻlsangiz, ota-bobolarimizni tiriltirib keltiringlar-chi”, – deyishlarigina boʻladi.

26.Ey Rasulim ularga: “Alloh sizlarga hayot beradi, soʻngra ajallaringiz yetgach oʻldiradi, keyin sizlarni hech shubhasiz boʻladigan qiyomat kuniga jamlaydi. Lekin odamlarning aksariyati buni bilmaydilar”, – deb ayting.

27.Osmonlar va Yerning hukmdorligi yolg‘iz Allohnikidir. Qiyomat qoim boʻladigan kuniana oʻsha kunda buzg‘unchilar ziyon koʻradilar.

28.Qiyomat kuni barcha ummatni qoʻrquv va iztirobdan tiz choʻkkan holda koʻrasiz. Har bir ummat oʻz nomai aʼmolini koʻrishga chaqiriladi, Bugun qilib oʻtgan amallaringizga koʻra jazolanasizlar.

29.Mana bu nomai aʼmol kitobimiz sizlarga faqat haqiqatni aytib beradi. Darhaqiqat, Biz sizlar qilib yurgan amallaringizni ushbu nomai aʼmolga koʻchirib turar edik.

30.Bas, iymon keltirgan va solih amallarni qilgan kimsalar esa, ularni Robbilari rahmati boʻlgan jannatga kiritadi. Ana shuning oʻzi ochiq-oydin yutuqdir.

31.Ammo kufr keltirgan kimsalarga: Axir, sizlarga dunyoda ekaligingizda oyatlarim tilovat qilinmaganmi?! Bas, sizlar kibrlandingiz va gunohkor qavmlardan boʻldingiz”, – deyiladi.

32.Qachonki, sizlarga: “Darhaqiqat, Allohning vaʼdasi rostdir, Qiyomat haqida shubha yoʻqdir”, – deyilsa, sizlar: “Biz qiyomat soati nima ekanini bilmaymiz, faqat gumon qilamiz, xolos. Biz qiyomat boʻlishiga aniq ishonuvchi emasmiz”, – degan edingiz.

33.Ana endi ularga qilib oʻtgan yomonliklari ayon boʻldi va masxara qilib yurgan azoblari ularni oʻrab oldi.

34.Ularga: “Sizlar mana shu kuningizdagi Bizga duch kelishni unutganingizdek, Biz ham bugun sizlarni unutarmiz. Sizlarning joyingiz doʻzaxdir va sizlar uchun azobdan qutqaruvchi hech qanday yordamchilar boʻlmaydi”, deyiladi.

35. Bunday boʻlishingiz, albatta, siz Allohning oyatlarini ermak qilganingiz va sizni dunyo hayoti aldab qoʻygani uchundir. Bas, ular bugun bu doʻzaxdan chiqarilmaydilar va ularga yaxshi amallarga qaytish uchun imkoniyat ham berilmaydi.

36.Bas, barcha hamd osmonlarning Robbi, Yerning Robbi hamda olamlarning Robbigadir.

37.Osmonlar va Yerdagi buyuklik yolg‘iz Unikidir! Shubhasiz, U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.