1.Allohning amri boʻlgan qiyomat keldi. Bas, ey mushriklar, uni shoshiltirmay qoʻyaqoling. Alloh ular shirk keltirayotgan narsalardan pok va ulug‘dir.
Nahl surasi
Makkada nozil bo'lgan.
14-juz,16-sura,128 oyatdan iborat2.Alloh taolo: “Shubhasiz, Mendan oʻzga iloh yoʻq. Bas, faqat Mendan qoʻrqinglar”,-deb payg‘ambarlariga bashariyatni ogohlantirishlari uchun xohlagan kishisiga Oʻz amridan farishtalarni vahiy bilan tushiradi.
3.U Zot osmonlar va Yerni haq hikmat bilan yaratdi. Alloh mushriklar shirk keltirayotgan narsalardan pok va ulug‘dir.
4.Alloh insonni bir tomchi suv boʻlgan nutfadan yaratdi. Endi esa u Robbisiga qarshi ochiq-oydin xusumatchi boʻlib turibdi.
5.Shuningdek, U chorva hayvonlarini ham yaratdi. Ularning yungi, patlari va terisidan sizni isitadigan kiyimlar tikasiz va boshqa koʻplab foydalar olasiz hamda ularning suti, tuxumi va goʻshtidan tanovul qilasizlar.
6.Hamda sizlar uchun ularda kechqurun yaylovdan qaytarayotgan va tongda oʻtloqqa olib ketayotgan paytingizda chiroyli manzara namoyon boʻladi.
7.Shuningdek, ular yuklaringizni jon mashaqqatisiz yetib bora olmaydigan yurtlarga koʻtarib boradi. Shubhasiz, Robbingiz bandalariga shafqatli – Raʼuf va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
8.U Zot yana sizlar ulov sifatida unga minishingiz uchun ziynat qilib otlar, xachirlar va eshaklarni ham yaratdi. Yana hali sizlar bilmaydigan boshqa ulovlarni ham yaratadi.
9.Toʻg‘ri yoʻlga boshlash yolg‘iz Allohning zimmasida. Lekin yoʻllar ichida qing‘iri ham bordir. Agar Alloh xohlaganida, barchangizni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qilgan boʻlar edi.
10.U osmondan sizlar uchun ichimlik boʻlgan suvni yog‘dirgan Zotdir. Hayvonlaringizni oʻtlatadigan oʻsimliklar ham oʻsha suvdan ozuqalanadi.
11.U sizlar uchun oʻsha suv bilan turli ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undiradi. Albatta, bu bir xil suv bilan turli mevalarning yetishishi haqida tafakkur qiladigan qavmlar uchun ibratli belgi bordir.
12.Alloh sizlarga soʻngra u bekam-koʻst hayot kechirishingiz uchun kecha va kunduzni, quyosh va oyni boʻysundirib qoʻydi. Yulduzlar ham Uning amriga boʻysungandirlar. Albatta, bularda aql ishlatadigan qavmlar uchun ibratli belgilar bordir.
13.Yana U sizlar uchun yerda ranglari turli boʻlgan gullar, hayvonlar, yer osti va usti boyliklari kabi narsalarni yaratib, ularni ham sizlarga boʻysundirib qoʻydi. Albatta, bunda eslatma oladigan qavmlar uchun ibratli belgi bordir.
14.U shunday Zotki, undan barra baliq goʻshti ovlab yeyishingiz, uni zebu ziynat qilib taqadigan sadaf, marvarid kabi toshlarni chiqarib olishingiz uchun dengizni ham boʻysundirib qoʻydi. Unda yana suvni yorib ketayotgan kemalarni koʻrasiz. Uning fazlidan talab etishingiz va shoyad, neʼmatlariga shukr qilishingiz uchun ularni beminnat xizmatkor qilib qoʻydi.
15.Yana U, sizlarni silkitib yubormasligi uchun Yerda ulkan tog‘larni barpo qildi. Ekin-tikin va ichishingiz uchun daryolarni oqizib qoʻydi va koʻzlagan manzillaringizga borishda adashmasligingiz uchun yoʻllarni ham paydo qildi.
16.Alloh oʻz yoʻlingizni belgilashingiz mumkin boʻlgan yana boshqa koʻplab alomatlar ham yaratdi. Ular kechalari dengizda yoki choʻlda yulduzlar bilan yoʻl topadilar.
17.Axir butun mavjudotni yaratadigan Zot bilan hech narsa yarata olmaydigan but-sanamlaringiz barobarmi?! Bas, hali ham ibrat olib, eslatma olmaysizmi?!
18.Agar Allohning neʼmatlarini sanaydigan boʻlsangiz, aslo uning sanog‘iga yeta olmaysiz. Albatta, Alloh bandalariga kechirimli va rahmlidir
19.Alloh ichingizda yashirayotgan narsalaringizni ham, ustingizda oshkor qilayotgan narsalaringizni ham bilib turadi.
20.Mushriklarning Allohdan boshqa sig‘inayotgan maʼbudalari hech narsani yarata olmaydilar, balki ularning oʻzlari yaratiladilar.
21.Ular oʻlikdirlar, jonli emaslar. Oʻzlariga sig‘inayotgan mushriklarning qachon qayta tirilishlarini ham his qilmaydilar.
22.Ilohingiz yagona Ilohdir. Bas, oxiratga iymon keltirmaydiganlarning qalblari Allohning yagona ekanligini inkor qiluvchidir, oʻzlari esa takabburdirlar.
23.Hech shubhasiz, Alloh ularning ichlarida yashirayotgan narsani ham, ustlarida oshkor qilayotgan narsani ham biladi. Albatta, U kibr qiluvchilarni yoqtirmaydi.
24.Ularga: “Robbingiz Muhammadga nimani nozil qildi?” – deyilsa, ular masxara qilib: “Avvalgi oʻtganlarning afsonalarini”, – deydilar.
25.Ular bu tuhmatlarini qiyomat kunida, oʻzlarining gunohlarini toʻlaligicha va ilmsizlik bilan ularni yoʻldan ozdirgan kimsalarning gunohlaridan ham bir qismini boʻyinlariga olish uchun aytganlar. Ogoh boʻlinglar, ular boʻyniga olgan bu gunohlar juda yomondir.
26.Darhaqiqat, ulardan oldingi kofirlar ham oʻz payg‘ambarlariga shunday makrlarni qilgan edilar. Shunda Alloh ularning tuzgan makr binolarining poydevorlari bilan yiqitdi. Bas, binolarining tomi ularning ustlariga quladi va oʻzlari sezmagan tarafdan ularga azob keldi.
27.Soʻngra qiyomat kunida Alloh ularni yanada sharmanda qiladi va ularga: “U but-sanamlar haqida moʻminlar bilan siz tortishib yurgan “sherik”larim qaerda qolishdi?!” – deydi. Shunda ilm berilgan payg‘ambar va ulamolar: “Darhaqiqat, bugun sharmandalik va yomon oqibat kofirlargadir”, – deydilar.
28.Bu dunyoda qilgan gunohlari tufayli oʻzlariga zulm qilgan hollarida farishtalar kelib jonlarini oladilar. Shunda ular taslim boʻlib: “Bizlar biror yomonlik qilgan emasmiz”, – deydilar. Yoʻq, shubhasiz, Alloh nima amal qilib yurganingizni juda yaxshi biluvchidir.
29.Bas, endi u yerda mangu qoladigan jahannam darvozalaridan kiringlar. Kibr qiluvchilarning joylari naqadar yomon!
30.Allohdan qoʻrqqan kimsalarga: Robbingiz payg‘ambariga nimani nozil qildi?” – deyilsa, ular: “Yaxshilikni”, – deydilar. Bu dunyoda goʻzal ish qilganlar uchun ham chiroyli mukofot bor. Lekin shubhasiz, oxirat diyori yanada yaxshiroqdir. Taqvodorlarning diyori qanday ham yaxshi!
31.Ular ostidan anhorlar oqib turadigan mangu Adn jannatlariga kiradilar. Ular uchun u yerda xohlagan narsalari bordir. Alloh taqvo qilganlarni ana shunday mukofotlaydi.
32.Taqvodor kimsalarni gunohlardan pok boʻlgan hollarida, farishtalar jonlarini olayotib: “Sizlarga salom boʻlsin, qilib oʻtgan solih amallaringiz tufayli jannatga kiringlar”, – deydilar.
33.Kofirlar esa faqat oʻzlariga ajal farishtalari kelishini yoki Robbingizdan azob tushish haqidagi amrni kelishini kutib turadilar. Ulardan oldin oʻtgan kofirlar ham mana shunday qilgan edilar. Alloh ularga zulm qilmadi, aksincha, ular oʻzlariga zulm qiluvchi boʻldilar.
34.Bas, qilgan yomonliklari ularning oʻzlariga yetdi va u bilan istehzo qilgan narsalari azob bilan oʻzlarini oʻrab oldi.
35.Allohga shirk keltirgan kimsalar: “Agar Alloh xohlaganida, biz ham, ota-bobolarimiz ham Undan oʻzga biror narsaga ibodat qilmagan va Uning hukmisiz biror narsani harom qilmagan boʻlar edik”, – deydilar. Ulardan oldin oʻtgan kofirlar ham shunday qilgan edilar. Payg‘ambarlar zimmasida faqat Allohning vahiysini odamlarga ochiq-oydin yetkazish vazifasi bordir.
36.Darhaqiqat, Biz har bir ummatga: “Yolg‘iz Allohga ibodat qilinglar va shaytondan uzoqlashinglar”, – deb, payg‘ambar yuborganmiz. Shunda ular orasidan Alloh hidoyat qilganlari ham, yoʻldan ozishlari qatʼiy boʻlganlari ham boʻlgan. Bas, Yer yuzida kezib, payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqarganlarning oqibati qanday boʻlganini koʻringlar.
37.Ey Rasulim, agar siz u mushriklarning hidoyat topishlariga qattiq qiziquvchi boʻlsangiz, bilingki, Alloh Oʻzi adashtiradigan kimsalarni aslo hidoyat qilmaydi va ularga hech kim yordam beruvchilardan boʻlmaydi.
38.Kofirlar jon-jahdlari bilan: “Alloh oʻlganlarni qayta tiriltirmaydi”, – deb Alloh nomi bilan qasam ichdilar. Yoʻq, albatta, tiriltiradi. Bu Uning zimmasidagi haq vaʼdadir. Lekin odamlarning koʻpchiligi buni bilmaydilar.
39.Ularga oʻzlari ixtilof qilayotgan narsalarini bayon qilib berishi uchun hamda kufr keltirgan kimsalar oʻzlari yolg‘onchi ekanligini bilishlari uchun ham qayta tiriltiradi.
40.Biz biror narsani xohlagan paytimizda, unga: “Boʻl”, – deb aytamiz bas, oʻsha narsa, albatta, boʻladi.
41.Kofirlar tomonidan zulm qilinganlaridan keyin Alloh yoʻlida hijrat qilganlarni, albatta, bu dunyoda ham goʻzal maskanlarga joylashtiramiz. Oxirat mukofoti esa, yanada kattaroqdir. Koshki, buni odamlar bilsalar edi!
42.Ular zolimlarning ozorlariga sabr qilgan va Robbilariga suyanadiganlardir.
43.Ey Muhammad, Biz sizdan oldin ham farishtalarni emas, balki faqat siz kabi erkak kishilarnigina payg‘ambar qilib yuborib, ularga vahiy qilib turganmiz. Agarda bu haqda bilmaydigan boʻlsangiz, Tavrot va Injilni biladigan zikr va ilm ahllaridan soʻranglar.
44.Biz payg‘ambarlarni aniq hujjatlar va kitoblar bilan yuborganmiz. Sizga esa odamlarga nozil qilingan hukmlarni ularga bayon qilib berishingiz uchun eslatma boʻlgan bu Qurʼonni nozil qildik. Shoyadki, Allohning oyatlari haqida tafakkur qilsalar va ulardan ibrat olsalar.
45.Makr ishlatib yomonliklarni qilganlar Alloh ularni yerga yuttirib yuborishidan yoki sezmagan tomonlaridan ularga azob kelib qolishidan qoʻrqmay xotirjam boʻldilarmi?!
46.Yoki sayohatlarda aylanib yurganlarida ularni ofat tutishidan xotirjam boʻldilarmi?! Bas, ular Allohni ojiz qoldiruvchi emaslar.
47.Yoki qilgan gunohlari oqibatidan qoʻrqib yurgan paytlarida, ularni biror falokat ushlab qolishidan qoʻrqmaydilarmi?! Darhaqiqat, shunda ham Robbingiz odamlarga shafqatli – Raʼuf va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
48.Axir ular Alloh yaratgan narsalarning soyalari Allohga sajda qilib, boʻysungan hollarida oʻng va chap tomonga egilishini koʻrmadilarmi?!
49.Osmonlar va Yerdagi jonzotlar va farishtalardan tortib, barcha narsalar takabburlik qilmay yolg‘iz Allohga sajda qiladilar.
50.Farishtalar tepalaridagi kuzatib turgan Robbilaridan qoʻrqadilar va, faqat oʻzlariga buyurilgan ishlarnigina qiladilar.
51.Alloh taolo: “Ikki xudo qilib olmanglar! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qoʻrqinglar”, – dedi.
52.Osmonlar va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din ham doimiy Unikidir. Shunday ekan, Allohdan boshqasidan qoʻrqasizlarmi?
53.Sizlarda qaysi neʼmatdan berilgan boʻlsa, albatta, u Alloh taolodandir. Keyin qachon sizlarga biror musibat yetsa bas, Ungagina yolvorasizlar.
54.Soʻngra Alloh sizlardan oʻsha musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir toʻda chiqib yana Robbilariga shirk keltiradilar.
55.Biz ularga ato etgan neʼmatlarga kufr keltirishlari uchun shirk keltiradilar. Bas, oʻtkinchi dunyo manfaatlaridan foydalanib qolaveringlar, yaqinda qiyomat qoim boʻlganda barchasini bilib olasizlar.
56.Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan johilliklari sababli xudo deb oʻylab, oʻzlari bilmaydigan butlari uchun nasiba ajratadilar. Ey mushriklar, Allohga qasamki, albatta, sizlar oʻzlaringiz toʻqib olgan butlaringiz haqida soʻralasizlar.
57.Mushriklar: “Farishtalar Xudoning qizlari”, – deb, Allohga qizlarni mansub qilishadi. U bunday boʻhtondan pokdir. Oʻzlariga esa koʻngillari xushlaydigan oʻg‘illarni nisbat berishadi.
58.Qachonki, ulardan birlariga qiz koʻrgani bilan xushxabar berilsa, uning g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi.
59.Unga berilgan xushxabarning yomonligidan uyalib, u qizni xor qilib olib qolsami yoki uni tuproqqa koʻmib yuborsami? – deb qavmidan berkinib yuradi. Ogoh boʻlinglar, ularning chiqarayotgan hukmlari naqadar yomondir.
60.Oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarda yomon oʻrnak bor. Allohda esa eng oliy sifat bordir. Shuningdek, U izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.
61.Agar Alloh odamlarni qilgan zulmlari tufayli azob bilan ushlaydigan boʻlsa, unda Yer yuzida biror jonivorni tirik qoʻymagan boʻlar edi. Lekin ularni maʼlum muddatgacha kechiktirib qoʻyib beradi. Ana shu muddatlari yetib kelganida esa, uni biror soat orqaga ham oldinga ham sura olmaydilar.
62.Oʻzlari yoqtirmagan narsalarni Allohga nisbat qilishadi. Tillari esa oʻzlari uchun yaqinda chiroyli oqibat boʻlishi haqida yolg‘on soʻzlarni soʻzlaydi. Shubha yoʻqki, ular uchun doʻzax bordir va albatta, ular doʻzaxga birinchilar qatorida tashlanadilar.
63.Ey Muhammad, Allohga qasamki, darhaqiqat, Biz sizdan oldingi ummatlarga ham payg‘ambarlar yuborganimizda, shayton ularga oʻzlarining qabih ishlarini chiroyli qilib koʻrsatgan edi. Bu dunyoda u bugun ularning doʻstidir. Oxiratda esa, ular uchun alamli azob bordir.
64.Biz sizga iymon keltiradigan qavm uchun hidoyat va rahmat manbai boʻlmish kitobni ularga ixtilof qilayotgan narsalarini aniq qilib berishingiz uchungina nozil qildik.
65.Alloh osmondan suv yog‘dirib, u sababli oʻlik yerga hayot berdi. Albatta, bunda nasihat tinglaydigan qavmlar uchun ibratli belgi bordir.
66.Albatta, sizlar uchun chorva hayvonlarida ham ibrat bordir. Sizlarga ularning qorinlaridagi najosat va qon orasidan sizib chiquvchi, shunday boʻlsa ham, ichuvchilarga oson yutumli va toza boʻlgan sutni ichiramiz.
67.Xurmo va uzumlarning mevalaridan esa mast qiluvchi narsalar va goʻzal rizq olasizlar. Albatta, bunda ham aql ishlatadigan qavmlar uchun ibratli belgi bordir.
68.Ey Muhammad, Robbingiz asalariga vahiy qilib: “Asal qilish uchun tog‘larga, daraxtlarga va odamlar koʻtarib qoʻygan ishkomlarga uy qurgin”, – dedi.
69.Keyin har xil mevalardan yeb, Robbing senga qulay qilib qoʻygan yoʻllardan yurgin. Ularning qorinlaridan odamlar uchun unda shifo boʻlgan turli rangdagi asal sharbati chiqadi. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavmlar uchun ibratli belgi bordir.
70.Alloh sizlarni yaratdi, keyin joningizni oladi. Sizlarning orangizda qarib oʻzini boshqara olmaydigan darajada eng tuban umr koʻrishga qaytarilib, ilgari bilgan narsalarining hech birini bilmay qoladigan kishilar ham bordir. Albatta, Alloh hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim va har narsaga kuchi yetadigan – Qodir Zotdir.
71.Alloh rizq xususida ayrimlaringizni ayrimlaringizdan ustun qilib qoʻydi. Bas, bu rizqda ustun qilingan kishilar oʻz rizqlarini qoʻl ostidagi qullariga qaytarib boy va kambag‘allikda unda barchalari barobar boʻlib olmaydilar-ku! Nega unda, Allohning neʼmatini inkor qiladilar.
72.Alloh sizlar uchun oʻzlaringizdan juftlar yaratdi va juftlaringizdan sizlar uchun oʻg‘illar va nabiralar paydo qildi hamda sizlarni pokiza narsalardan rizqlantirdi. Bas, ular botil butlarga iymon keltirib, Allohning neʼmatini inkor qiladilarmi?!
73.Allohni qoʻyib, ular uchun osmonlar va Yerdan biror narsani rizq qilib berolmaydigan va hech narsaga kuchi yetmaydigan butlarga sig‘inadilarmi?!
74.Allohning shaʼniga misol keltirmanglar. Albatta, barchasini yolg‘iz Alloh biladi, sizlar esa bilmaysizlar.
75.Hech narsaga kuchi yetmaydigan qaram qul bilan Biz Oʻz tarafimizdan unga chiroyli rizq bergan va u undan yashirin va oshkora ehson qiladigan hur kimsa barobar boʻladimi?, – deb, Alloh bir misol keltiradi. Hamd yolg‘iz Allohga xosdir. Lekin ularning koʻpchiligi buni bilmaydilar.
76.Alloh yana boshqa ikki kishi haqida misol keltiradi: “Ulardan biri hech narsaga kuchi yetmaydigan soqov bir quldir. Shuningdek, u xoʻjayiniga ortiqcha yuk boʻlib egasi uni qaerga yuborsa, biror yaxshi naf keltirmaydi. Shunday odam bilan oʻzi toʻg‘ri yoʻlda boʻlib va boshqalarni ham adolatga buyuradigan kishi teng boʻladimi?!”
77.Osmonlar va Yerning g‘ayb ilmi Allohga xosdir. Qiyomat ishi esa koʻzni ochib-yumgandek yoki undan ham yaqinroqdir. Shubhasiz, Alloh barcha narsaga qodirdir.
78.Alloh sizlarni onalaringizning qorinlaridan hech bir narsani bilmaydigan chaqaloq holingizda chiqardi va shukr qilishingiz uchun sizlarga quloq, koʻzlar va dillarni berdi.
79.Osmon boʻshlig‘ida uchib yurishga boʻysundirilgan qushlarga qaramaydilarmi?! Ularni faqat Alloh tutib turibdi-ku! Albatta, bunda iymon keltiradigan qavmlar uchun ibratli belgilar bordir.
80.Alloh sizlar uchun uylaringizni oromgoh qildi va sizlar uchun chorva hayvonlarining terilaridan safar qilib koʻchib oʻtadigan kuningizda va yetib kelib joylashadigan kuningizda uni yengil koʻtarib keta oladigan chodir uylar qildi. Hamda qoʻylarning junlaridan, tuyalarning yunglaridan va echkilarning qillaridan maʼlum bir vaqtga qadar foydalaniladigan jihoz va ashyolar qildi.
81.Alloh sizlar uchun yaratgan narsalaridan salqin soyali joylar bunyod qildi va sizlar uchun tog‘lardan boshpanalar qildi hamda sizlar uchun issiq-sovuqdan asraydigan kiyimlar va sizlarga dushmanning ziyon yetkazishidan saqlaydigan sovutlar yaratdi. Allohga iymon keltirib musulmon boʻlarsizlar, deb sizlarga Oʻz neʼmatini mana shunday komil qilib bermoqda.
82.Ey Muhammad, agar ular haqdan yuz oʻgirsalar, u holda sizning zimmangizda, faqat haqiqatni ravshan qilib yetkazish bor, xolos.
83.Ular bularning hammasi Allohning neʼmati ekanini yaxshi biladilar. Keyin bila turib uni inkor qiladilar. Ularning koʻpchiligi kofirlardir.
84.Biz qiyomat kuni har bir ummatdan oʻsha ummatning payg‘ambarini guvoh qilib keltirib qoʻyamiz. Soʻngra kofir boʻlganlarga uzr aytish uchun ruxsat berilmaydi hamda ulardan Allohni rozi qilish ham talab qilinmaydi.
85.Zulm qilganlar qiyomatda azobni koʻrganlarida ulardan bu azob yengillatilmaydi va ularga muhlat ham berilmaydi.
86.Qiyomat kuni mushrik boʻlgan kimsalar Allohga sherik qilgan butlarini koʻrgan paytlarida: “Ey Robbimiz, anavilar bizlar Sendan oʻzga sig‘ingan sheriklarimiz”, – deydilar. Butlar esa bunga javoban: “Sizlar haqiqatan, yolg‘onchisizlar”, – deb gap tashlaydilar.
87.Mushriklar u kunda oʻzlarini Allohga taslim qiladilar va toʻqib olgan ilohlari esa ulardan g‘oyib boʻladi.
88.Kufr keltirgan va odamlarni Allohning yoʻlidan toʻsgan kimsalarga buzg‘unchilik qilganlari uchun azob ustiga azobni koʻpaytiramiz.
89.Biz qiyomat kuni har bir ummat orasidan oʻzlaridan boʻlgan payg‘ambarni guvoh qilib keltiramiz. Sizni esa ey Muhammad, ana ular ustiga guvoh qilib keltiramiz. Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat va rahmat manbai hamda musulmonlar uchun xushxabar boʻlgan kitobni nozil qildik.
90.Albatta, Alloh adolatga, yaxshi ishlarga va qarindoshga haqini berishga buyuradi. Shuningdek, buzuqchilik, yomon ishlar va zulmdan qaytaradi. Alloh shoyad, eslatma olarsizlar, deb sizlarga vaʼz-nasihat qiladi.
91.Agar ahdlashsangiz, Allohga bergan ahdingizga vafo qilinglar. Ustingizga Allohni kafil qilib ichgan qasamlaringizni qatʼiy qilganingizdan keyin buzmanglar. Albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizning barchasini bilib turadi.
92.Bir qavm boshqa bir qavmdan son yoki boylik jihatidan ustunroq boʻlgani uchun qasamlaringizni buzib uni aldov vositasi qilishingiz bilan xuddi oʻzi toʻqigan narsani puxta qilgandan keyin parchalab buzib yuborgan ayol kabi boʻlmanglar. Albatta, Alloh bu bilan sizlarni sinab koʻradi va shubhasiz, qiyomat kunida sizlarga u haqida ixtilof qilib yurgan narsalaringizni bayon qilib beradi.
93.Agar Alloh xohlaganida, albatta, sizlarni bir ummat qilib qoʻyar edi. Lekin U Oʻzi xohlagan kimsalarni yoʻldan adashtiradi va Oʻzi xohlagan kishilarni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qiladi. Albatta, sizlar dunyoda qilib oʻtgan amallaringizdan soʻralasizlar.
94.Qasamlaringizni orangizda aldov vositasi qilib olmanglar. Unday boʻlsa, Islom yoʻlida sobit boʻlgan oyoqlaringiz toyib ketadi. Hamda odamlarni dindan sovutib, Alloh yoʻlidan toʻsganingiz uchun yomon balo va musibatlarni totib qolasizlar va oxiratda sizlar uchun ulkan azob beriladi.
95.Allohga bergan ahdingizni ozgina qiymatga sotib yubormanglar. Agar bilsangiz, shubhasiz, Alloh huzuridagi ajr sizlar uchun dunyo matohlaridan yaxshiroqdir.
96.Sizlarning oldingizdagi narsalar tugab ketadi. Biroq Alloh huzuridagi narsalar esa boqiy qoluvchidir. Biz, albatta, musibatlarga sabr qilganlarga dunyoda qilib oʻtgan amallarining ajrlarini eng goʻzali bilan mukofotlarmiz.
97.Xoh erkak boʻlsin, xoh ayol boʻlsin, kimda-kim moʻmin boʻlgan holda biror solih amal qilsa, bas, Biz unga chiroyli hayot beramiz. Hamda ularga dunyoda qilib oʻtgan amallarining ajrlarini eng goʻzali bilan mukofotlarmiz.
98.Ey moʻmin banda, qachonki, Qurʼon oʻqisang, Allohdan quvilgan shaytonning vasvasasidan panoh soʻragin.
99.Albatta, u shayton uchun iymon keltirgan va Robbilariga tavakkul qiladiganlarning ustidan hech qanday hukmronlik yoʻq.
100.Albatta, uning hukmronligi faqat u shaytonni doʻst tutib va Allohga shirk keltiruvchilar ustidandir.
101.Qachonki, Biz bir oyat oʻrniga boshqa bir oyatni almashtirsak, vaholanki, Alloh oʻzi nozil qilayotgan oyatlarni yaxshi biluvchidir. Ular payg‘ambarga: “Haqiqatan, sen oʻzing oyatlarni toʻqib oluvchisan”, – deydilar. Yoʻq, ularning koʻpchiligi buning hikmatini bilmaydilar.
102.Ey Muhammad, ularga: “Ruh ul-Qudus bu Qurʼonni dinda sobitqadam qilish uchun musulmonlarga hidoyat va bashorat boʻlgan holda haq bilan nozil qildi”, – deb ayting.
103.Albatta, Biz ularning: “Aniqki, u Muhammadga Qurʼonni bir odam oʻrgatyapti”, – deyayotganlarini bilamiz. Lekin ular ishora qilayotgan kimsaning tili arabiy emas ajamiy tildir. Bu Qurʼon esa aniq arabiydir.
104.Shubhasiz, Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalarni Alloh hidoyat qilmaydi hamda ular uchun alamli azob bordir.
105.Yolg‘on soʻzlarni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalargina toʻqiydilar. Aynan oʻshalarning oʻzlari yolg‘onchilardir.
106.Kimki Allohga iymon keltirganidan keyin yana qaytib kufr keltirsa, Allohning g‘azabiga duchor boʻladi. Lekin kim qalbi iymon bilan taskin topgani holda zolimlar tomonidan kufr kalimasini aytishga majbur qilinsa, uning iymoniga ziyon yetmaydi. Ammo kimki koʻngilni kufr tomonga ochsa, bas, u kabilarga Alloh tomonidan g‘azab va ulkan azob boʻladi.
107.Bu azoblarga duchor boʻlishlariga sabab ularning oʻtkinchi dunyo hayotini oxiratdan afzal bilishlari va Allohning kofir qavmlarni hidoyat qilmasligidir.
108.Alloh ana unday kimsalarning qalblarini, quloqlarini va koʻzlarini muhrlab qoʻygan. Aynan ular haqni koʻra olmaydigan g‘ofil kimsalardir.
109.Shubha yoʻqki, oxiratda ziyon koʻruvchilar ham, albatta, ulardir.
110.Albatta, Robbingiz fitnalarga duchor qilinganlaridan soʻng Makkadan Madinaga hijrat qilganlar, keyin Alloh yoʻlida jihod qilib, bunday mashaqqatlarga sabr qilganlar uchun yordamchidir. Albatta, Robbingiz gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.
111.Oʻsha qiyomat kunida har bir jon egasi azobdan qutulishi uchun, faqat oʻz nafsi ilinjida kurashadi. Hamda har bir jon egasiga qilgan amalining mukofoti toʻliq qilib beriladi va ular zarracha ham zulm qilinmaydilar.
112.Alloh bir shaharni misol qilib keltiradi: “U tinch va sokin shahar edi, unga har tomondan rizqi moʻl-koʻl boʻlib kelib turar edi. Bas, uning aholisi Allohning neʼmatlariga noshukrlik qilgach, Alloh unga bu qilmishlari tufayli ochlik va xavf balosi boʻlgan libosni tottirib qoʻydi.
113.Darhaqiqat, ularga oʻzlaridan chiqqan bir payg‘ambar keldi, lekin ular uni yolg‘onchiga chiqardilar. Shundan keyin zolim boʻlgan hollarida ularni azob tutdi.
114.Bas, ey moʻminlar, Alloh sizlarga rizq qilib bergan neʼmatlardan halol va pokizasini yenglar hamda agar Uning Oʻzigagina ibodat qiluvchi boʻlsangiz, Allohning neʼmatlariga shukr qilinglar.
115.Alloh, albatta, sizlarga oʻlimtikni, qonni, choʻchqa goʻshtini hamda Allohdan boshqasiga atab soʻyilgan jonliqlarni qatʼiyan harom qildi. Bordi-yu kimda-kim nochor holda ulardan yeyishga majbur qolsa, haddan va meʼyordan oshmay ozgina yesa, unga gunoh boʻlmaydi. Darhaqiqat, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamatli boʻlgan – Rahim Zotdir.
116.Allohga nisbatan yolg‘on toʻqish uchun tillaringizga kelgan yolg‘onni gapirib: “Bu halol va bu harom”, – deb aytmanglar. Albatta, Allohga nisbatan yolg‘on toʻquvchi kimsalar najot topmaydilar.
117.Unday kimsalar uchun bu oʻtkinchi dunyoda ozgina foydalanib qolish bor. Oxiratda esa ular uchun alamli azob bordir.
118.Ey Muhammad, yahudiy boʻlgan kimsalarga oldingi oyatlarda sizga aytib bergan narsalarni harom qildik. Biz ularga zulm qilmadik, lekin ular oʻzlariga oʻzlari zulm qiluvchi boʻldilar.
119.Keyin albatta, Robbingiz, johillik bilan yomonlik qilib, keyin chin dildan tavba qilgan va oʻzlarini tuzatgan kishilar uchun, shubhasiz, u tavbalardan soʻng Robbingiz kechirimli va rahmlidir.
120.Albatta, Ibrohim Allohga itoat qiluvchi, haq yoʻldan toymaydigan hanif bir ummat edi va u mushriklardan emas edi.
121.Shuningdek, u Allohning neʼmatlariga shukr qiluvchi edi. Alloh uni payg‘ambarlikka tanlab, toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qildi.
122.Biz unga bu dunyoda yaxshilik ato qildik. Albatta, u oxiratda ham solih bandalardandir.
123.Ey Rasulim, keyin sizga haq yoʻldan toymaydigan hanif Ibrohimning diniga ergashing, deb vahiy yubordik. Shubhasiz, Ibrohim mushriklardan emas edi.
124.Shanba kunini ulug‘lash haqidagi buyruqlar faqatgina u kun haqida ixtilof qilgan yahudiylar zimmasiga farz qilingan edi. Albatta, Robbingiz qiyomat kuni ularning oʻrtasida oʻzlari ixtilof qilib oʻtgan narsalar toʻg‘risida hukm qiladi.
125.Ey Rasulim, Robbingizning yoʻliga hikmat va chiroyli nasihat bilan daʼvat qiling. Ular bilan eng goʻzal uslubda munozara qiling. Shubhasiz, Robbingizning Oʻzi Uning yoʻlidan adashgan kimsalarni juda yaxshi biluvchi va U toʻg‘ri yoʻlda hidoyat topganlarni ham biluvchiroqdir.
126.Ey iymon keltirganlar, agar sizlar oʻzingizga yetkazilgan zarar uchun intiqom olmoqchi boʻlsangiz, u holda, faqat sizlarga yetkazilgan ziyon barobarida intiqom olinglar. Biroq intiqom olmay sabr qilsangiz, albatta, sabr qiluvchilar uchun bu intiqomni olmoqdan yaxshiroqdir.
127.Ey Muhammad, bu daʼvat yoʻlida aziyatlarga sabr qiling. Sabr qilishingiz esa faqat Allohning yordami bilan boʻladi. Ularning qilmishlari yuzasidan g‘amgin boʻlmang va ularning qilayotgan makrlaridan ezilmang.
128.Shubhasiz, Alloh taqvo qilganlar va chiroyli amal qiluvchilar bilan birgadir.

