1.Alif, Lom, Mim.
Sajda surasi
Makkada nozil bo'lgan.
21-juz,32-sura,30 oyatdan iborat2.U haqida hech qanday shubha boʻlmagan kitobning nozil qilinishi barcha olamlarning Robbisi tomonidandir.
3.Balki kimlardir: “Uni Muhammadning oʻzi toʻqib olgan”, – deb aytarlar?! Yoʻq, bu Qurʼon sizdan oldin biror ogohlantiruvchi kelmagan qavmni ogohlantirishingiz uchun Robbingiz tomonidan nozil qilingan haqiqatdir. Shoyad, ular bu Qurʼon tufayli hidoyat topsalar.
4.Alloh osmonlar va Yerni hamda ularning oʻrtasidagi bor narsalarni olti kunda yaratib, soʻngra Arshga egalik qilgan Zotdir. Sizlar uchun Undan oʻzga biror doʻst va shafoatchi yoʻqdir. Nahotki, eslatma olmaysizlar?!
5.U osmondan yergacha boʻlgan barcha ishni boshqarib turadi. Soʻngra bu ishlarning barchasi miqdori siz sanayotgan hisobda ming yilga teng boʻlgan kunda Uning Oʻziga koʻtariladi.
6.Ana shu Zot sizlarga koʻringan va koʻrinmaganni biluvchi, oʻta izzatli va oʻta rahmlidir.
7.U barcha narsani chiroyli qilib yaratgan Zotdir. Alloh ilk insonni yaratishni esa loydan boshladi.
8.Keyin uning naslini haqir bir tomchi suvdan iborat nutfadan paydo qildi.
9.Soʻngra uni inson qilib tikladi, ichiga Oʻz dargohidagi ruhidan pufladi. Sizlar uchun quloq, koʻz, dillarni paydo qildi. Sizlar esa shukrni juda kam qilasizlar.
10.Kofirlar: “Bizlar yer ostida yoʻq boʻlib ketgach, chindan ham yana yangitdan yaratilamizmi?” – dedilar. Yoʻq, ular oxiratda Robblariga roʻbaroʻ boʻlishni inkor qiluvchilardir.
11.Ey Rasulim, ularga: “Sizlarga vakil qilingan oʻlim farishtasi jonlaringizni oladi, soʻngra, albatta, Robbingizga qaytarilasizlar”, – deb ayting.
12.Agar siz, gunohkorlarni qiyomat kunida Robbilari huzurida boshlari egik hollarida turib: “Ey Robbimiz, vaʼdangning rost ekanligini koʻrdik va eshitdik, bas, bizlarni yana hayotga qaytar, bizlar endi yaxshi amal qilamiz. Endi, bizlar, albatta, qiyomat haq ekanligiga aniq ishonuvchimiz”, – deb yolvorishlarini koʻrsangiz edi!
13.Agar Biz xohlasak, dunyoda irodangizni qoʻlingizdan olib, har bir jonga oʻz hidoyatini bergan boʻlar edik, Lekin Men tomondan, “jahannamni kofir jin va iymonsiz odamlarning barchasi bilan toʻldiraman”, degan soʻz haq boʻldi.
14.Bas, ey kofirlar, ushbu kuningizdagi uchrashuvni unutib qoʻyganingiz sababli endi azobni totinglar! Darvoqe, Biz ham bugun sizlarni unutdik. Yomon ishlarni qilganligingiz tufayli doimiy azobni totinglar!
15.Bizning oyatlarimizga faqat u bilan eslatilganlarida sajda qilgan hollarida yiqiladigan va takabburlik qilmay hamd bilan Robbilariga tasbeh aytadigan kimsalargina iymon keltiradi.
16.Ularning yonboshlari ibodat uchun oz uxlaganlaridan yotoq joylaridan ajrab turadi. Ular Robbilariga qoʻrquv va umid bilan duo qiladilar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan muhtojlarga ehson qiladilar.
17.Bas, hech kim ular uchun qilib oʻtgan amallarining mukofoti uchun berkitib qoʻyilgan oxirat neʼmatlaridagi koʻz quvonchlarini bilmaydi.
18.Axir, moʻmin kishi bilan fosiq kimsa barobar boʻladimi?! Yoʻq, barobar boʻlmaydilar!
19.Iymon keltirgan va solih amallarni bajargan kimsalar uchun qilgan amallari tufayli ziyofat sifatida jannat maskanlari boʻladi.
20.Fosiq boʻlgan kimsalarning maskanlari esa doʻzaxdir. Har gal undan chiqmoqchi boʻlsalar, yana unga qaytariladilar va ularga: “Oʻzlaringiz yolg‘onga chiqargan doʻzax azobini totinglar!” – deyiladi.
21.Albatta, Biz ularga shoyad, itoatsizlikdan qaytarlar deb, oxiratdagi katta azobdan oldin dunyodagi yaqin azobni ham tottiramiz.
22.Robbisining oyatlari bilan eslatilgandan keyin ulardan yuz oʻgirgan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Albatta, Biz unday jinoyatchilardan intiqom oluvchidirmiz.
23.Biz Musoga kitob ato qildik, Bas, ey Muhammad, siz uning Tavrotga roʻbaroʻ boʻlganidan shubhada boʻlmang. Biz Tavrotni bani Isroil avlodi uchun hidoyat manbai qildik.
24.Ular musibatlarga sabr qilishgach, Biz ulardan amrimiz bilan toʻg‘ri yoʻlga boshlaydigan rahnamolarni chiqardik. Ular oyatlarimizga aniq ishonar edilar.
25.Ey Rasulim, albatta, Robbingizning Oʻzi qiyomat kunida odamlar oʻzaro ixtilof qilgan narsalari haqida ajrim qiladi.
26.Oʻzlaridan oldin oʻtgan va hozirda maskanlarida yurib turgan qanchadan-qancha avlodlarni halok qilgan edik, bu ularni hidoyatga boshlamadimi?! Albatta, bunda alomatlar bordir! Axir, ular haqni eshitmaydilarmi?!
27.Axir, ular Biz quruq yerga suv haydab, uning sababi bilan ularning chorvalari ham, oʻzlari ham yeydigan ekinlarni chiqarishimizni bilmadilarmi?! Axir, buni koʻrmaydilarmi?!
28.Ular moʻminlarga: “Agar rostgoʻy boʻlsangizlar, mana shu fath qachon roʻy beradi?” – deydilar.
29.Ey Muhammad,ularga: “Fath roʻy bergan kunida kufr keltirgan kimsalarga iymon keltirishlari foyda bermaydi va ularga tavba uchun muhlat ham berilmaydi”, – deb ayting.
30.Bas, siz esa ulardan yuz oʻgiring va ularning holi nima boʻlishini kutib turing! Zero, ular ham halokatni kutib turuvchidirlar.

