1447 yil 17 zulhijja2026 yil 3 iyun, chorshanba

Baqara surasi

Madinada nozil bo'lgan.

1-juz,2-sura,286 oyatdan iborat

1.Alif, Lom, Mim.

2.Haq ekanligida unda hech qanday shubha boʻlmagan ushbu kitob, Allohdan qoʻrquvchi taqvodor kimsalar uchun toʻg‘ri yoʻlga boshlovchi hidoyat manbaidir.

3.U taqvodor kimsalar g‘oyibdan kelgan xabarlarga iymon keltiradigan va barcha namozlarni toʻliq ado etadigan hamda Biz ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan muhtoj odamlarga nafaqa, ehson va sadaqa qiladigan kimsalardir.

4.Hamda u iymonli kimsalar siz Muhammadga tushirilgan Qurʼonga va sizdan oldingi payg‘ambarlar uchun nozil qilingan kitoblarga ham iymon keltiradilar. Shuningdek, ular oxirat kuniga ham aniq ishonadilar.

5.Ana oʻsha iymonli kimsalar Robbilari tarafidan berilgan hidoyat yoʻlidalar va aynan ulargina oxiratda najot topuvchilardir.

6.Ey Rasulim, albatta, kufr keltirgan kimsalarni Allohning azobidan ogohlantirsangiz ham yoki ogohlantirmasangiz ham ularga baribir foydasi yoʻq, ular shunda ham iymon keltirmaydilar.

7.Alloh kofirlarning qalblari va quloqlariga inkor qilganlari tufayli muhr urib qoʻygan. Hamda koʻzlariga g‘aflat pardasi tortilgan boʻlib, haqiqatni koʻra olmaydilar. Qiyomatda ular uchun ulkan azob tayyorlab qoʻyilgandir.

8.Insonlar orasida oʻzlari moʻmin boʻlmaganlari holda yolg‘ondan, “Biz Allohga va oxirat kuniga iymon keltirdik”, – deydigan kimsalar ham bor.

9.Munofiqlar bu soʻzlari bilan Allohni va iymon keltirganlarni aldamoqchi boʻladilar. Lekin sezmagan hollarida faqatgina oʻzlarini aldaydilar.

10.Ularning qalblarida munofiqlik illati boʻlgan maʼnaviy kasallik bordir. Alloh esa munofiqlarning qilmishlariga yarasha bu kasallikni yanada orttirdi. Iymon keltirdik deb, yolg‘on aytayotganlari tufayli oxiratda ularga alamli azob tayyorlab qoʻyilgandir.

11.Agarda u munofiqlarga: “Yer yuzida buzg‘unchilik qilmanglar!” – deb aytilsa, munofiqlar: “Bizlar, faqat odamlar orasini tuzatuvchi kimsalarmiz”, – deydilar.

12.Ogoh boʻling, ey moʻminlar, aynan ularning oʻzlari fasod tarqatuvchi kimsalardir. Lekin oʻzlari buzg‘unchi ekanliklarini sezmaydilar.

13.Qachonki ularga: “Odamlar iymon keltirganidek sizlar ham iymon keltiringlar”, – deb aytilsa, ular: “Biz aqli past kimsalar iymon keltirganiga oʻxshab iymon keltiramizmi?” – deb aytadilar. Yana bir bor ogoh boʻlingizki, aynan ularning oʻzlari kaltafahm kimsalardir. Lekin ahmoq ekanliklarini oʻzlari bilmaydilar.

14.Ular qachonki iymon keltirgan kimsalarga duch kelsalar: “Biz ham iymon keltirdik”, – deydilar. Bordi-yu shaytonlari boʻlgan munofiq yoʻlboshchilari bilan birga xoli qolgan chog‘larida: “Biz sizlar bilan birgamiz, iymon masalasiga kelsak, faqatgina biz moʻminlarning ustidan kulib, mazax qiluvchilarmiz”, – deydilar.

15.Aksincha, Alloh ularning bu qilmishlari tufayli istehzo qiladi. Hamda bu dunyoda ularni haddan oshishlari va tug‘yonlarida tentirab yurishlariga bir muddat qoʻyib beradi.

16.Ana u munofiqlar hidoyat oʻrniga zalolat yoʻlini sotib olgan kimsalardir. Shunday ekan, ularning bu behuda oldi-berdilari foyda keltirmadi va ular toʻg‘ri yoʻlni topuvchi ham boʻlmadilar.

17.U munofiqlarning misoli xuddi tunda olov yoqqan odamga oʻxshaydi. Olov endi uning atrofini yorita boshlagach, Alloh birdan oʻtni oʻchirib, yorug‘ligini ketkazadi. Shundan soʻng ularni zulmatlarda hech narsani koʻrolmaydigan holatga tashlab qoʻyadi.

18.Ular maʼnaviy jihatdan kardirlar haqni eshitmaydilar, soqovdirlar haqiqatni gapira olmaydilar va koʻrdirlar ochiq dalillarni koʻrmaydilar. Endi ular hidoyat yoʻliga qaytmaydilar.

19.Yoki ularning holati bamisoli dahshatli chaqmoq, momaqaldiroq va qorong‘iliklar ichra osmondan sharros yoqqan yomg‘irga duch kelib qolgan odamga oʻxshaydi. Oʻlim qoʻrquvi sababli yashinning gulduros ovozini eshitmaslik uchun barmoqlarini quloqlariga tiqib oladilar. Alloh esa Oʻz ilmi bilan kofirlarni har tomondan oʻrab oluvchidir.

20.Chaqmoq goʻyo munofiqlarning koʻzlarini olib qoʻygudek edi. Qachonki chaqmoq ularga bir dam atrofni yoritsa, u yerda biroz ildamlanishar, takror ularning tepalarini zulmat qoplasa, joylarida toʻxtab turishardi. Agar Alloh xohlasa edi ularning quloq va koʻzlarini chaqmoq tufayli yoʻq qilib ketkazib qoʻyar edi. Albatta, Alloh har narsaga kuchi yetadigan – Qodir Zotdir.

21.Ey odamlar, sizlarni ham sizlardan oldingi qavmlarni ham yaratgan Robbingizga ibodat qilinglar. Shoyad, shunda Allohdan qoʻrqib, taqvo qilsangizlar.

22.U sizlarga hayot kechirishingiz uchun Yerni toʻshak, osmonni tom kabi bino qilgan hamda osmondan suv yog‘dirgan, keyin u suv tufayli sizlarga rizq boʻlsin deb turli mevalar undirib chiqargan Zotdir. Shunday ekan, bas, sizlar bilib turib boshqa soxta maʼbudlarni Allohga teng qilmanglar.

23.Agar qulimiz Muhammadga Biz nozil qilgan Qurʼondan gumonda boʻlsangiz, qani, unda siz ham unga oʻxshash biror bir sura keltirib koʻring. Buning uchun Allohdan oʻzga shohidlaringizni ham yordamga chaqiraveringlar. Agar chindan ham rostgoʻylardan boʻlsangiz, shunday qilib koʻringlar-chi?!

24.Bordi-yu qilolmasangiz, shundoq ham hech qachon qilolmaysizlar-da, u holda doʻzax olovidan qoʻrqinglar. Doʻzaxning yoqilg‘isi odamlar va toshlardan yasalgan butlar bilan toʻla boʻlib, kofirlar uchun tayyorlab qoʻyilgandir.

25.Ey Muhammad, iymon keltirgan, yaxshi amallar qilgan kimsalar uchun haqiqatan, tagidan anhorlar oqib turuvchi jannatlar muhayyo ekani haqida xushxabar bering. Har gal u yerdan bir meva ularga rizq qilib berilsa: “Axir dunyoda bunday rizq bizga oldin ham berilgan edi-ku?” – deydilar. Ularga, faqatgina u mevaning koʻrinishi oʻxshash qilib berilgan xolos. Hamda u jannat ahllari uchun u yerda pokiza juftlar bordir va ular jannatda mangu qoladilar.

26.Alloh chivin yoki yaratilish jihatdan undan-da ustunroq narsalarni misol tariqasida keltirishdan uyalib, tortinib oʻtirmaydi. Albatta, iymon keltirgan kimsalar bu oyatlarni Robbilaridan haq boʻlib kelgan deb biladilar. Ammo kufr keltirgan kimsalar esa gumrohlik qilib: Alloh bu misol bilan nima deyishni xohlaydi?” deydilar. Alloh bu masallarni keltirish bilan iymon keltirmaganlari uchun koʻpchilikni adashtirib zalolatga ketkazadi hamda koʻpchilikni shu sabab bilan toʻg‘ri yoʻlga yetaklaydi. Lekin Alloh bu misollar bilan faqat fosiq kishilarni yoʻldan adashtiradi.

27.U fosiqlar shunday kimsalarki, Allohga bergan ahdini qatʼiy iqrordan keyin buzadilar, Alloh bog‘lanishiga buyurgan islomiy-axloqiy, qarindosh-urug‘chilik, doʻstlik kabi rishtalarni uzadilar va Yer yuzida fasod tarqatib yuradilar. Ana shunday kimsalar ziyon koʻruvchilardir.

28.Sizlar oldin yoʻq boʻlib, oʻlik ekanligingizda sizga hayot ato etgan, soʻngra yana joningizni olib, vafotingizdan keyin qayta tiriltiradigan, soʻngra yana Uning huzuriga qaytariladigan Allohni qanday qilib inkor qilasizlar?!

29.U Yer yuzidagi barcha narsalarni siz insonlar uchun yaratgan, soʻngra samoga yuzlanib, ularni yetti qavat osmon qilib tiklagan Zotdir. U barcha narsani hikmatini bilib turuvchi Zotdir.

30.Ey Rasulim, Robbingiz farishtalarga qarata: “Men Yer yuzida Odamni xalifa qilmoqchiman”, – deganida, farishtalar: “U yerda buzg‘unchilik qiladigan, nohaq qon toʻkadigan kimsalarni xalifa qilib yaratasanmi? Shundoq ham biz Senga hamd va sanoing bilan tasbeh aytib va Seni muqaddas deb bilamizku”, – deb aytganlar. Shunda Alloh: “Albatta, Men sizlar bilmagan narsalarni bilaman”, – dedi.

31.Alloh Odamni yaratgach, unga barcha narsa nomlarini va xususiyatlarini oʻrgatdi. Soʻngra u narsalarni farishtalarga koʻrsatib: “Modomiki, rostgoʻy boʻlsangiz, qani, mana bu narsalarning ismlari va xususiyatlarini menga aytib beringlar-chi?” – dedi.

32.Farishtalar: “Ey barcha nuqsonlardan pok Zot, biz farishtalarda Sen oʻrgatgandan boshqa ilm yoʻqdir”, – deb aytdilar. Albatta, Sen hamma narsani biluvchiAʼlim va hikmat sohibi boʻlgan – Hakim Zotsan.

33.Shundan keyin Alloh: “Ey Odam, qani, farishtalarga u narsalarning nomlarini birma-bir aytib ber-chi!” – dedi. Odam farishtalarga ularning ismlari haqida xabar bergach, Alloh farishtalarga qarata: “Albatta, Men osmonlaru Yerning barcha sir-asrorini bilaman hamda sizlar oshkora qilgan va ichingizda yashirgan narsalaringizni ham bilaman, demaganmidim?” – dedi.

34.Ey Muhammad, Biz farishtalarga qarata: “Odamga sajda qilinglar”, – deganimizda farishtalar darhol sajda qilganlarini eslang. Faqat iblis sajda qilmay bosh tortib, takabburlik qildi va kofirlardan boʻldi.

35.Shundan keyin: “Ey Odam, endi sen va jufting Havvo bilan jannatga joylashinglar va u neʼmatlardan xohlagan joyingizdan bemalol tanovul qilaveringlar. Faqat mana bu daraxtga yaqinlasha koʻrmang va uning mevasidan yeb qoʻymanglar, aks holda, nafsingizga zulm qilganlardan boʻlib qolasizlar”, – dedik.

36.Biroq shayton Odam va Havvo ikkovini vasvasa qilib, undan toydirdi hamda boʻlib turgan joylari jannatdan chiqardi. Shunda Biz: “Endi bir-biringizga dushman boʻlgan holda jannatdan pastga tushinglar. Yer yuzida siz uchun ajalingiz kelguncha maʼlum bir vaqtgacha qarorgoh, hayot va manfaat bordir”, – deb aytdik.

37.Shundan soʻng, Odam Robbidan tavba va itoatga doir soʻzlarni va buyruqlarni qabul qilib oldi. Alloh esa uni kechirdi. Darhaqiqat, U tavbalarni qabul qiluvchi – Tavvob va bandalariga marhamatli boʻlgan – Rahim Zotdir.

38.Biz: “Endi hammangiz jannatdan tushinglar. Qachonki sizlarga Men tarafdan hidoyat boʻlmish din, kitob yoki payg‘ambar kelgach, kim yuborgan hidoyatimga ergashsa, demak, qiyomat kunida ularga hech qanday xavfu xatar boʻlmaydi va ular g‘am-tashvish ham chekmaydilar”, – dedik.

39.Biroq kufr keltirgan hamda oyatlarimizni inkor qilib, yolg‘onga chiqargan kimsalar esa, doʻzax egalari boʻlib, ular u yerda mangu qoluvchilardir.

40.Ey bani Isroil avlodlari, sizlarga avvallari inʼom etgan neʼmatimni esga olinglar. Menga bergan ahdga vafo qilinglar, shunda Men ham sizga bergan ahdga vafo qilaman. Hamda yolg‘iz Mendangina qoʻrqinglar.

41.Sizlarning oldingizdagi Tavrot va Injilni tasdiqlovchi qilib tushirganim Qurʼonga iymon keltiringlar. Eng birinchilardan boʻlib, unga ishonmasdan kufr keltiruvchi boʻlmanglar. Hamda oyatlarimni oʻtkinchi dunyo manfaati deb, arzimas bahoga almashtirib sotmanglar va faqat Mendangina qoʻrqinglar.ni botilga aralashtirmanglar va oʻzingiz uni Allohdan ekanligini bilib turgan holda haqiqatni odamlardan yashirmanglar.

42. Haqni botilga aralashtirmanglar va oʻzingiz uni Allohdan ekanligini bilib turgan holda haqiqatni odamlardan yashirmanglar.

43.Namozni toʻliq ado qilinglar, zakot beringlar va ruku qiluvchi moʻminlar bilan birga Allohga ruku qilinglar.

44.Sizlarga nozil qilingan Tavrot va Injil kitobini oʻqib turib, odamlarni yaxshilikka chorlaysizlar-u, oʻzingizni esdan chiqarasizlarmi?! Nahotki aqlni ishlatmaysizlar?!

45.Allohdan har qandoq holda ham sabr qilib va namoz oʻqish bilan yordam soʻranglar. Albatta, u namozni toʻliq ado etish qiyin bir amaldir. Biroq namoz oʻqish yolg‘iz Allohdan qoʻrquvchi kimsalargagina mashaqqatli ish emasdir.

46.Sabr va namozda bardavom kimsalar, albatta, bir kun Robbilariga yuzma-yuz kelishni va shubhasiz, yana Uning huzuriga qaytib boruvchi ekanliklarini biladilar.

47.Ey bani Isroil avlodlari, sizlarga inʼom etgan neʼmatlarimni va bir paytlar sizlarni boshqa qavmlarga koʻra olamlarga ustun qilib qoʻyganimni yodga olinglar!

48.Bir nafs egasi boshqasi uchun hech narsa toʻlab berolmaydigan, hech kimdan shafoat qabul qilinmaydigan, qilgan gunohlari uchun badal olinib, evaziga ozod qilinmaydigan, birov tomonidan ular uchun yordam berilmaydigan qiyomat kunidan qoʻrqinglar.

49.Ey bani Isroil avlodlari, sizlarga bir paytlar yomon azoblarni ravo koʻrgan, oʻg‘il bolalaringizni soʻyib, ayol-qizlaringizni buzuq niyatda foydalanish uchun oʻldirmay tirik qoʻyib yuborgan zolim firʼavn xonadonidan qutqarganimizni eslanglar. Ana oʻsha paytdagi boʻlib oʻtgan hodisalarda sizlarga Robbingiz tomonidan katta bir imtihon boʻlgan edi.

50.Sizlar uchun dengizni ikkiga ayirib, g‘arq boʻlishdan qutqarganimizni hamda firʼavnning xonadoni va izdoshlarini koʻzingiz bilan koʻrib turganingizda suvga choʻktirib yuborganimizni ham esga olinglar.

51.Tavrot kitobini berish uchun Muso payg‘ambar bilan Tur deb atalgan tog‘da qirq kecha uchun vaʼdalashganimizni eslanglar. Undan keyin oʻzingizga zulm qilgan holda bir buzoqni ibodat qilish uchun iloh qilib olgan edingizlar.

52.Soʻngra oʻsha yomon ishlardan keyin ham, balki, Menga shukr qilarsizlar deb, sizlarni afv etgan edik.

53.Keyin shoyad, hidoyat topasizlar deb, Musoga Tavrot kitobini va haq bilan botilni ayiruvchi Furqonni ham berganimizni eslanglar.

54.Shundan soʻng Muso oʻz qavmiga qarata: “Sizlar bir buzoqni iloh qilib olib, unga sig‘inish bilan oʻzingizga oʻzingiz qattiq zulm qildingizlar. Endi Yaratganingizga tavba qilib, oʻz-oʻzingizni oʻldiringlar. Bu ishni amalga oshirishingiz sizlarni yoʻqdan bor qiluvchi Boriy Zot nazdida yaxshiroq boʻlar edi”, – deganini ham yodga olinglar. Shundan soʻng, Alloh yana tavbangizni qabul qilib sizlarni kechirdi. Albatta, U kechiruvchi – Tavvob va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

55.Boʻlib oʻtgan hodisalarga qaramay yana: “Ey Muso, biz Allohni aynan koʻz bilan koʻrmagunimizcha senga aslo ishonmaymiz”, – deganingizni yodga olinglar. Bu gapni aytishingiz bilan koʻz oʻngingizda sizlarni halok qiluvchi yashin urgan edi.

56.Balki, endi shukr qilasizlar deb, yashin taʼsiridan oʻlganingizdan keyin ham sizlarni yana qayta tiriltirdik.

57.Sizlar jazirama issiqdan saqlanishingiz uchun bulutni ustingizga soyabon qildik. Osmondan sizlarga shirinlik va bedanalar tushirib: “Rizq qilib bergan toza narsalarimizdan yenglar”, – dedik. Bani Isroil avlodlari Bizga zulm qilmadilar, balki, oʻzlariga zulm qilgan edilar.

58.Oʻshanda Biz: “Bayt ul-Maqdisdagi shu qishloqqa kirib boringlar va u yerdagi xohlagan narsalardan bemalol tanovul qilaveringlar. Darvozadan esa sajda qilgan holda kiringlar va kirib borishda “Hitta – Robbim bizni afv et”, – deb aytinglar, shunda xatolaringizni kechiramiz va yaxshilik qiluvchi muhsin kimsalarga neʼmatlarimizni ziyoda qilib beramiz”, – deganimizni ham eslanglar.

59.Ammo nafslariga zulm qilgan kimsalar ularga aytilgan soʻzni boshqachasiga almashtirib aytdilar. Shundan soʻng zolim kimsalar ustiga fosiqlik qilganlari tufayli osmondan dahshatli balo yog‘dirdik.

60.Ey bani Isroil avlodlari, Muso oʻz qavmi uchun suv talabida boʻlganida, “asong bilan toshga urgin”, – deganimizni esga olinglar. Oʻshanda undan oʻn ikkita buloq otilib chiqqan edi. Shundan soʻng oʻn ikki qabilaning har bir odamlari oʻzlarining suv ichadigan joylarini bilib oldilar. Alloh ato etgan rizqidan yeb-ichinglar va Yer yuzida fasod tarqatuvchilardan boʻlib, buzg‘unchilik qilmanglar.

61.Shuncha moʻʼjizalarga qaramay Musoga qarata: “Ey Muso, faqat bir xil taomga sabr qilib, toqat qilolmaymiz. Biz uchun Robbingga duo qilib soʻra, endi U bizga Yer undirib chiqaradigan narsalardan ham, yaʼni sabzavot, bodring, sarimsoq, mosh, piyoz kabilarni chiqarib bersin”, – deganlaringizni eslanglar. Shunda Muso qavmiga qarab: “Xayrli boʻlgan narsani past narsaga almashtirishni xohlaysizlarmi?! Unda, har qanday bir shaharga tushing u yerda shundoq ham siz soʻragan narsalaringiz bor!” – degan edi. Bani Isrol avlodlarining bu qilmishlari uchun ularga xorlik va zorlik tamg‘asi urildi hamda Allohning g‘azabiga duchor boʻldilar. Bunga esa, Allohning oyatlarini inkor qilganlari va payg‘ambarlarni nohaq oʻldirganlari sabab boʻldi. Yana bir sababi esa, ularning isyon qilganlari va haddan oshganlari edi.

62.Shubhasiz, iymon keltirgan kimsalar, yahudiy dinida boʻlganlar, nasroniy dinida boʻlganlar hamda sobiiylar deb atalgan eʼtiqodda boʻlganlardan, kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan boʻlsalar, ular uchun Robbilari tarafidan ajrlari bordir. Unday zotlar uchun oxiratda hech qanday xavfu xatar yoʻq va ular g‘am-tashvish ham chekmaydilar.

63.Ey bani Isroil avlodlari, Biz sizdan ahdu paymoningizni olgan va ustingizda Tur tog‘ini muallaq koʻtarib turib: “Keltirgan Tavrot kitobimizni amal qilgan holda qattiq ushlanglar va undagi bor hukmlarni yodingizda tutinglar, shoyad, shunda Allohdan qoʻrqsangizlar”, – deganimizni eslanglar.

64.Sizlar esa shundan keyin ham ahdingizdan yuz oʻgirib ketdingiz. Agarda sizlarga Allohning fazli va marhamati boʻlmaganda edi, shubhasiz, ziyon koʻruvchilardan boʻlib qolar edingiz.

65.Ey bani Isroil avlodlari, darhaqiqat, sizlardan shanba kunida imtihon tariqasida berilgan sinovlarga qarshi chiqib haddan oshganlar ahvolini ham yaxshi bilgansizlar. Shunda Biz ularga: “Xoru zor maymunlarga aylanib qolinglar”, – degan edik.

66.Biz bu maymunga aylanish hodisasini oʻsha vaqtdagi zamondoshlariga va kelajakdagi keluvchi ummatlarga ibratomuz bir jazo hamda Allohdan qoʻrquvchi kimsalar uchun vaʼz-nasihat manbai qildik.

67.Muso oʻz qavmiga qarata: “Alloh sizlarga bir sigirni soʻyishni amr qilmoqda”, – deganini eslanglar. Shunda Muso payg‘ambarning qavmi: “Nima, bizni mazax qilyapsanmi?!” – degandilar. Muso esa ularga javoban: “Johil kimsalardan boʻlib qolishimdan Allohdan panoh soʻrayman”, – deb aytgan edi.

68.Keyin ular: “Robbingga duo qilib soʻra, u sigirning qandayligini bizlarga bayon qilsin”, – dedilar. Shunda Muso: “U Zotning amr qilishicha, sigir na qari va na juda yosh, shu ikkisi oralig‘idagi oʻrtacha bir sigir boʻlsin”, – deb aytdi. Soʻngra Muso: “Bas, endi sizga amr qilingan ishni qila qolinglar”, – dedi.

69.Ular yana savol berishda davom etib: “Robbingga duo qilib soʻra, u sigirning rangi qanday ekanini bizlarga bayon qilsin”, – dedilar. Muso esa: “U Zotning aytishicha, u sigir sap-sariq va koʻrganlarni koʻzini quvontiradigan, yaltiroq rangli boʻlsin”, – deb aytdi.

70.Ular yana savollarida davom etgan holda: “Robbingga duo qilib soʻra, u sigirning yana qanday ekanini bizlarga yaxshilab bayon qilsin. Bizlar uchun bu kabi sigirlar bir-biriga oʻxshash boʻlib ketyapti. Sigirning qandayligi haqida aniq tushunolmadik”, – dedilar. Agar Alloh xohlasa, shundan keyin biz, albatta, bu ishni qilishda toʻg‘ri yoʻlni topganlardan boʻlamiz.

71.Oxiri Muso oʻz qavmiga qarata: “U Zotning amr qilishicha sigir, yer haydash, suv tashib ekin sug‘orish uchun boʻyniga arqon tortilib egilmagan, benuqson va tanasida dog‘i boʻlmagan bir sigir boʻlsin”, – dedi. Shundan soʻnggina u yerdagi qavm nochor: “Ana endi barcha maʼlumotni toʻg‘risini keltirding”, – deb aytdilar. Bunday sifatga ega sigirni bazoʻr topib, uni soʻydilar. Oz qolsa, bu ishni qila olmas edilar.

72.Ey bani Isroil avlodlari, ichingizdan bir shaxsni oʻldirib qoʻyib, u haqida tortishganingizni eslab koʻringlar. Alloh esa, berkitib yurganlaringizni oʻrtaga chiqaruvchi Zotdir.

73.Keyin Biz: “Endi soʻyilgan u sigirning biror bir boʻlagi bilan oʻldirilgan jasadga uringlar”, – dedik. Jasadga jon kirib, qotil kim ekanligini aytdi. Xuddi shu kabi, Alloh oʻliklarni qayta tiriltiradi va sizlarga aql yuritishingiz uchun moʻʼjiza va oyatlarini koʻrsatmoqda.

74.Mana shu moʻʼjizalarni koʻrgandan keyin ham qalblaringiz qattiq boʻldi. U koʻngillaringiz toshdek hatto undan ham qattiqroqdir. Chunki toshlardan shundaylari borki, undan daryolar otilib chiqadi, yana shundaylari ham borki, yorilib undan suv chiqadi va yana shundaylari ham borki, Allohdan qoʻrqqanidan dumalab yuqoridan pastga qulaydi. Alloh sizlar qilayotgan ishlaringizdan bexabar emasdir.

75.Ey musulmonlar, bani Isroil avlodlarini sizlarga ishonishiga umid qilyapsizlarmi?! Darhaqiqat, ulardan bir guruhi Allohning kalomini eshita turib, uni fahmlab olganlaridan keyin ham, oʻzlari bilib turib, atayin uni oʻzgartirar edilar.

76.Agarda yahudiylar iymon keltirgan kimsalarga duch kelib qolsalar: “Biz ham iymon keltirdik”, – deb aytadilar. Bordi-yu bir-birlari bilan yolg‘iz qolsalar: “Alloh sizlarga Tavrotda Muhammadning payg‘ambarligi haqida maʼlum qilib, ochib qoʻygan haqiqatlarni Robbingiz huzurida u dalillar bilan sizlarga qarshi hujjat keltirishlari uchun musulmonlar bilan gaplashyapsizlarmi?! Axir ozgina aql ishlatmaysizlarmi?” – deydilar.

77.Axir Alloh ularning pinhona va oshkora qilgan ishlarini aniq biluvchi Zot ekanini bilmaydilarmi?

78.Ularning orasida Tavrot kitobini bilmaydigan, faqat xomxayollar qiladigan savodsizlari ham bor. Ular gumonlarga koʻra harakat qiladilar xolos.

79.Oʻtkinchi dunyo manfaatiga aldanib arzimas baholarga sotish uchun oʻz qoʻllari bilan kitob yozib olib, keyin esa uni “Bu kitob Alloh tomonidan nozil boʻlgan”, – deydigan kimsalarning holiga voy boʻlsin. Oʻz qoʻllari bilan yozgan kitoblari ham, bunday jirkanch kasbdan topgan foydalari oqibati ham oʻzlariga halokatdir.

80.Yahudiylar: “Bizlarga doʻzax azobi sanoqli kunlardagina tegadi”, – deydilar. Ey Muhammad, ularga: “Nima, siz Alloh tarafidan bu haqda qandaydir ahd-paymon olganmisiz?!” – deb ayting. Zero, Alloh ahdiga sira xilof qilmaydi. Yoki sizlar Alloh shaʼniga oʻzingiz bilmaydigan narsalarni gapiryapsizlarmi?!

81.Yoʻq, aslo unday emas! Kimda-kim yomonlikni oʻziga kasb qilsa va qilayotgan xatolari uni har tomondan qamrab olsa, ana oʻsha kimsalar doʻzax egalaridir. Ular u yerda mangu qoluvchilardir.

82.Ammo iymon keltirib, solih amallarni qilgan kimsalar esa, aynan oʻshalar jannat egalaridir. Hamda ular u yerda abadiy qoluvchilardir.

83.Bir paytlar bani Isroil avlodlaridan, “Allohdan oʻzgaga ibodat qilmaysiz, ota-onaga, qavm-qarindoshga, yetim-yesirlarga va miskinlarga yaxshilik qilasizlar hamda odamlarga muloyim boʻlib, chiroyli gaplar aytasizlar, namozni toʻliq ado etasizlar, zakot berasizlar”, – deb ahd olgan edik. Siz bu ahdlashuvdan keyin yuz oʻgirib ketdingiz, faqat sizdan ozgina qismingiz ahdiga vafo qildi. Sizlar haligacha haqiqatdan yuz oʻgiruvchi kimsalarsiz.

84.Shu bilan birga, bani Isroil avlodlaridan, “Nohaq qoningizni toʻkmaysiz, bir-biringizni yurtlaringizdan quvib chiqarmaysiz”, – deb ahdu paymoningizni olganimizni yodga olinglar. Keyin esa oʻzingiz bu ahdga guvohlik berib, unga iqror boʻlgan edingiz.

85.Keyin ey bani Isroil avlodlari, sizlar shunday kimsalarsizki, bir-biringizni oʻldirasizlar, oʻzingizdan boʻlgan bir guruhni yurtlaridan haydab chiqarib yuborasizlar va ularga qarshi gunoh va adovat yoʻlida hamkorlik qilasizlar. Bordi-yu u guruhdagilar sizga asir tushib kelsalar, ulardan tovon olib qoʻyib yuborasizlar. Vaholanki, ularni haydab chiqarish sizlarga harom qilingan edi. Yoki siz Tavrot kitobining baʼzi bir qismiga ishonib, baʼzi bir qismiga ishonmay kufr keltirasizlarmi?! Sizlardan bu ishni qilgan kimsaning jazosi dunyo hayotida, faqat rasvolik koʻrishdir. Qiyomat kunida esa eng shiddatli azobga duchor qilingaydirlar. Alloh siz qilayotgan ishlardan bexabar g‘ofil emasdir.

86.Ana shunday zolim kimsalar abadiy oxiratni unutib, uning oʻrniga oʻtkinchi dunyo hayotini sotib olgandirlar. Modomiki shunday ekan, ulardan azob yengillatilmaydi hamda ularga oxiratda jazodan qutulish uchun yordam berilmaydi.

87.Haqiqatan, Biz Musoga Tavrot kitobini berdik va uning ortidan ketma-ket payg‘ambarlarni yubordik. Maryam oʻg‘li Isoga ochiq-oydin moʻʼjizalar, hujjatlar berdik hamda uni Ruh ul-Qudus boʻlgan Jabroil bilan qoʻlladik. Ey bani Isroil avlodlari, har gal sizlarga bir payg‘ambar nafsingiz istamagan amrlarni olib kelsa, takabburlik qilib ularning bir qismini yolg‘onchiga chiqarib, yana bir qismini oʻldiraverasizlarmi?!

88.Yahudiylar: “Qalblarimiz Islom uchun toʻsib qoʻyilgan”, – deydilar. Yoʻq, unday emas, aksincha, Alloh ularning kufrlari sababli laʼnatlagandir. Ulardan, faqat ozchilik iymon keltiradi.

89.Vaqtiki, ularga Allohning huzuridan oʻzlaridagi Tavrotni tasdiqlovchi boʻlgan kitob kelganida, chunonchi oʻzlari oldin kofirlarga qarshi shu Qurʼon vasilasi bilan yordam soʻrab yurardilar. Ularga oʻzlari tanigan zot boʻlmish Muhammad kelganida esa, inkor qilib kufr keltirdilar. Bas, shunday ekan, kofirlarga Allohning laʼnati boʻlsin!

90.Alloh fazlu karami bilan oʻz qullaridan istaganiga vahiyni nozil qilganiga hasad qilib va Alloh tushirgan kitobni inkor etishlari bilan oʻzlarini eng yomon narsa evaziga sotdilar. Shunday qilib, ular g‘azab ustiga g‘azabga duchor boʻldilar. Kofirlar uchun esa xor qiluvchi azob bordir.

91.Agarda yahudiylarga: “Alloh tushirgan kitobga iymon keltiringlar”, – deyilsa, Ular: “Biz oʻzimizga tushirilgan Tavrotga iymon keltiramiz”, – deydilar. Ularning yonlaridagi Tavrotni tasdiqlovchi boʻlib kelgan, keyingi haq kitob boʻlmish Qurʼonni esa inkor qiladilar. Ey Muhammad, ularga: “Agar Tavrotga iymon keltirgan boʻlsangizlar, unda nega ilgari Allohning payg‘ambarlarini oʻldirar edingizlar?” – deb ayting.

92.Haqiqatan, Muso sizlarga ochiq oydin dalil va oyatlar bilan kelgan edi. Ammo sizlar shundan keyin ham nafsingizga zulm qiluvchi boʻlib, Muso Tur tog‘iga ketgandan keyin buzoq haykalini oʻzingizga iloh qilib oldingizlar.

93.Ey bani Isroil avlodlari, Biz sizdan oʻsha payt ahdingizni olgach, ustingizda Tur tog‘ini muallaq koʻtarib turib: “Biz keltirgan Tavrotni mahkam ushlanglar va quloq tutinglar”, – deganimizda, ular: “Eshitdik va isyon qildik”, – deganlarini eslanglar. Ularning inkorlari sababli koʻngillariga oltin buzoqqa sig‘inish havasi singdirildi. Ey Muhammad, ularga: “Agar siz shunday iymonli boʻlsangiz, unda iymoningiz sizlarni naqadar yomon narsalarga buyuradi?” – deb ayting.

94.Ey Rasulim, ularga: “Agar Alloh huzurida oxirat diyori boʻlgan jannat boshqa odamlarga emas, xolis siz uchun xos boʻlsa, hamda soʻzingizda rostgoʻylardan boʻlsangiz, qani, unda oʻzingizga oʻlimni bir orzu qilib koʻringlar-chi!” – deb ayting.

95.Oldin oʻz qoʻllari bilan qilgan yomonliklari sababidan hech qachon u oʻlimni orzu qilolmaydilar. Alloh zolimlarning qilmishini bilib turuvchi Zotdir.

96.Yahudiylarni ochkoʻzlik borasida oʻtkinchi hayotga mushriklardan ham battar hirs qoʻygan odamlar ekanini koʻrasiz. Ularning baʼzi birlari iloji boʻlsa, ming yil umr koʻrishni xohlaydilar. Vaholanki, u uzun umr koʻrish bilan uni azobdan uzoqlashtiruvchi emasdir. Alloh ularning nima qilayotganlarini koʻrib turuvchi Zotdir.

97.Ey Muhammad, ularga: “Kim Allohning farishtasi Jabroilga dushman boʻlsa, u Allohga ham dushmandir”, – deb ayting. Albatta, shuni bilib olsinlarki, u Jabroil oʻzidan avvalgi kelgan kitoblarni tasdiqlovchi, shuningdek, moʻminlarga hidoyat manbai va xushxabar boʻlgan Qurʼonni Allohning izni bilan qalbingizga nozil qilgandir.

98.Kimki, Allohga, farishtalariga, payg‘ambarlariga hamda Jabroil va Mikoilga dushman boʻlsa, bas, shuni bilsinki, Alloh ham, albatta, bunday kofirlarga dushmandir.

99.Ey Rasulim, haqiqatan, sizga ochiq-oydin oyatlarni nozil qildik. U oyatlarni haq ekanini, faqat fosiq kimsalargina inkor qiladilar.

100.Yahudiylar qachon biror bir ahdlashuv ustida kelishsalar, ulardan bir guruh chiqib u ahdni buzmadimi? Haqiqat shuki, ularning koʻpchiligi iymonga kelmaydilar.

101.Qachonki, ularga Allohning huzuridan oʻzlaridagi Tavrotni tasdiqlovchi Rasul kelsa, kitob berilgan kimsalardan bir guruhi Allohning kitobi Qurʼonni goʻyo hech narsa bilmagandek qabul qilmasdan orqalariga uloqtirdilar.

102.Shuningdek, yahudiylar Sulaymonning hukmronligi va koʻrsatgan moʻʼjizalari toʻg‘risida shaytonlarning uydirmalariga va oʻqib bergan sehr jodulariga ergashib ketdilar. Sulaymon aslo sehr qilib kufr keltirmagan, aksincha, odamlarga sehr-joduni hamda Bobil shahridagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan ilmu amallardan taʼlim beradigan shaytonlar va jinlar kufr keltirganlar. Holbuki, u ikki farishta: “Bizlar faqatgina sizlar uchun bir sinovmiz xolos va bu ilm sababli kufr keltirib qoʻyma”, – deb aytmagunlaricha hech kimga u ilmdan biror narsani oʻrgatmas edilar. Bas, yahudiylar Allohning u ikki farishtasidan er-xotinning oʻrtasini buzadigan ilmu amallarni oʻrganar edilar. Lekin ular bu ilm bilan Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkazuvchi boʻla olmasdilar. Aslida esa ular oʻzlariga zarar keltiradigan va foyda bermaydigan narsalarni oʻrganar edilar. Ular Allohning kitobini dunyo manfaati uchun sehr-joduga almashib, uni sotgan kimsalarga oxiratda hech qanday nasiba yoʻqligini juda yaxshi bilar edilar. Oxiratdagi ulushlaridan ayrilib, oʻzlarini naqadar bir yaramas narsaga sotganlarini bilsalar edi!

103.Agar chindan ham ular iymon keltirib, Allohdan qoʻrqqanlarida, Alloh tarafidan keladigan savob oʻzlari uchun yaxshiroq boʻlardi. Koshki, ular buni bilsalar edi.

104.Ey iymon keltirganlar, “roinoemas, “unzurno”, – deb aytinglar. Hamda sizga aytilayotganlarga quloq solinglar. Kofirlar uchun esa alamli azob bordir.

105.Ahli kitoblardan boʻlgan yahudiy yoki nasroniylarning kofirlari ham, mushriklari ham Robbingiz tarafidan siz musulmonlarga biror bir yaxshilik tushishini xush koʻrmaydilar. Alloh esa rahmatini oʻzi xohlagan bandasiga xos qilib beradi. Alloh buyuk fazlu karam egasidir.

106.Ey Rasulim, bordi-yu biror oyatni hukmini bekor qilsak yoki uni orqaga surib unuttirsak, albatta, uning oʻrniga undan yaxshirog‘ini yoki hukmda unga teng boʻlgan boshqa oyatni keltiramiz. Alloh har narsaga qudrati yetadigan Zot ekanini bilmadingizmi?!

107.Osmonlar va Yerning boshqaruvi, shubhasiz, Allohga oid ekanini bilmadingizmi?! Shuni bilib qoʻyinglar, sizlarga Allohdan oʻzga biror bir doʻst va bir yordamchi yoʻqdir.

108.Ey moʻminlar yoki sizlar ham xuddi ilgari yahudiylar tarafidan Muso payg‘ambar soʻroqqa tutilganidek payg‘ambaringizni boʻlmag‘ur savollarga tutishni xohlaysizlarmi? Bilib qoʻying, kim iymonni kufrga almashtirsa, shubhasiz, u toʻg‘ri yoʻldan adashgan boʻladi.

109.Ahli kitobdan boʻlganlarning koʻpchiligi oʻzlariga haqiqat aniq maʼlum boʻlgandan keyin nafslarida oʻrnashgan hasad tufayli iymon keltirganingizdan keyin sizlarni yana kufr holingizga qaytarishni orzu qiladilar. Sizlar esa Allohning bular haqida amri kelguncha kechiringlar va xatolaridan oʻtib muomala qilib turinglar. Albatta, Alloh har narsaga kuchi yetadigan Zotdir.

110.Namozni toʻliq ado etinglar va zakotni beringlar. Oʻzingiz uchun yaxshi ishlardan nimaiki qilgan boʻlsangizlar, albatta, uning natijasini Allohning huzurida topasizlar. Albatta, Alloh qilayotgan har bir ishingizni koʻrib turuvchi Zotdir.

111.Ular: “Jannatga, faqat yahudiy yoki nasroniy dinida boʻlganlargina kiradilar”, – deydilar. Bu esa ularning xomxayollaridir. Ey Muhammad, ularga: “Agar chindan ham rostgoʻylardan boʻlsangiz, unda dalilingizni keltiringlar”, – deb ayting.

112.Yoʻq, kimda-kim ezgulik qilgan holida oʻzini Allohga taslim qilsa, uning uchun Robbisi huzurida mukofoti bordir. Hamda ularga oxirat kunida hech qanday xavfu xatar yoʻq va ular g‘am-tashvish ham chekmaydilar.

113.Yahudiylar: “Nasroniylar dinlarida haq boʻlgan narsada emaslar”, – deganlar. Xuddi shuningdek, nasroniylar ham: “Yahudiylar dinlarida haq boʻlgan narsada emaslar”, – deganlar. Vaholanki, ular aniq haqiqatni Tavrot va Injil kitobidan tilovat qilar edilar. Kitobdan xabari yoʻq, johil, bilmaydigan kimsalar ham, ularning gapiga oʻxshash gapni aytganlar. Alloh ular tortishayotgan narsalari haqida qiyomat kuni oralarida hukm qiladi.

114.Allohning masjidlarida Uning nomi zikr qilinishiga toʻsqinlik qiladigan va ularni xarob qilishga harakat qiladigan kimsadan ham zolimroq kishi bormi?! Aslida ular masjidlarga qoʻrqqan hollarida kirishlari kerak edi. Ular uchun bu dunyoda sharmisorlik, oxiratda esa ulkan azob bordir.

115.Kunchiqar tomon boʻlgan sharq ham, kunbotar tomon boʻlgan g‘arb ham Allohnikidir. Demak, qaysi tarafga yuzingizni bursangiz, Allohning yuzi oʻsha yerdadir. Albatta, Alloh fazli karami keng – Vosiʼ va hamma narsani biluvchi – Aʼlim Zotdir.

116.Yahudiylar va nasroniylar: “Allohning oʻg‘li bor”, – dedilar. Subhanalloh, Alloh bunday sifatdan pokdir. Aksincha, koʻklardagi va Yer yuzidagi hamma narsa Uning mulkidir. Barcha maxluqotlar Unga qullik qilib, boʻyin eguvchidir.

117.U osmonlaru Yerni yoʻqdan bor qiluvchi Zotdir. Agar biror ishni qiladigan boʻlsa, unga, faqat “Boʻl!” desa bas, albatta, u boʻladi.

118.Bilmaydigan nodon kimsalar: “Alloh bizlarga toʻg‘ridan-toʻg‘ri gapirsa yoki bizga biror-bir alomat kelsa edi”, – deydilar. Ulardan burungilar ham xuddi ularning gaplariga oʻxshash gaplarni aytgandilar. Ularning fikru xayollari, qalblari bir-birlarinikiga oʻxshaydi. Biz barcha alomat va oyatlarni toʻliq ishonadigan odamlar uchun bayon qilib berganmiz.

119.Ey Rasulim, shubhasiz, Biz sizni haq boʻlgan din bilan jannat bilan xushxabar beruvchi va oxirat azobidan ogohlantiruvchi qilib yubordik. Hamda siz doʻzax ahlining qilmishlari uchun masʼul boʻlmaysiz.

120.Ey Rasulim, yahudiylar ham, nasroniylar ham ularning dinlariga, tobe boʻlmaguningizcha, sizdan aslo rozi boʻlmaydilar. Ularga: “Shubhasiz, faqatgina Allohning hidoyati toʻg‘ri yoʻldir”, – deb ayting. Qasam boʻlsinki, bordi-yu sizga yetib kelgan haq maʼlumotdan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashsangiz, Alloh tarafidan sizga na bir doʻst va na bir yordam beruvchi boʻlmaydi.

121.Biz ularga bergan Tavrot va Injil kitobini buzmay, uni toʻg‘ri tilovat qiladigan kimsalar ham bordir. Ana oʻsha zotlar unga, yaʼni Qurʼon va Muhammadga iymon keltiradilar. Kimda-kim uni inkor qilsa, demak, ana oʻshalar ziyon koʻruvchilardir.

122.Ey bani Isroil avlodlari, bir paytlar sizlarga bergan neʼmatlarimni va sizlarni olamdagi ummatlar uzra afzal qilib qoʻyganimni yodga olinglar.

123.Hech kim boshqasi uchun biror narsa toʻlab berolmaydigan, qilgan gunohlari uchun undan badal olinib, evaziga ozod qilinmaydigan, unga shafoat ham foyda bermaydigan, hech kim tomonidan ularga yordam berilmaydigan kun boʻlmish qiyomatdan qoʻrqinglar.

124.Bir paytlar Ibrohimni Robbisi bir necha soʻzlar va buyruqlar bilan imtihon qilganida, ularni batamom ado etganini eslang. Shunda Alloh: “Albatta, Men seni odamlarga yoʻlboshchi, imom qilmoqchiman”, – dedi. Ibrohim esa: “Zurriyotimdan ham qilasanmi?” – deb soʻradi. Alloh: “Mening ahdim zurriyoting orasidagi zolim kimsalargagina yetib bormaydi”, – dedi.

125.Eslang, Allohning uyi – Kaʼbani odamlar uchun ziyoratgoh va omonlik makoni qilib, Ibrohimning turgan joyidan namozgoh qilib oling, dedik. Ibrohim va Ismoilga: “Mening uyimni tavof qiluvchilar, eʼtikofda boʻlib ibodat qiluvchilar, ruku va sajda qiluvchilar uchun pokiza tutinglar”, – deb amr qildik.

126.Hamda Ibrohimning: “Ey Robbim, bu Makka shahrini tinch-omon qilgin hamda uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga iymon keltiruvchilarini turli xil mevalar bilan rizqlantirgin”, – deganini eslang. Shunda Alloh taolo: “Kufr keltirganlarni ham maʼlum bir vaqt rizqdan ozgina foydalantirib, keyin doʻzax azobiga mubtalo qilaman va u naqadar yomon joydir”, – dedi.

127.Ibrohim oʻg‘li Ismoil bilan birgalikda Alloh uyidan sanalmish Kaʼbaning poydevorini koʻtarayotib: “Ey Robbimiz, bizdan bu qilayotgan amalimizni qabul qilgin. Shubhasiz, sen hamma narsani eshituvchi – Samiʼ va biluvchi – Aʼlim Zotsan”, – deb aytganlarini eslang.

128.Ey Robbimiz, ikkimizni ham Sening buyruqlaringga boʻyin egadigan musulmonlardan qil va naslimizdan Senga taslim boʻladigan musulmon bir ummat chiqar. Bizga Kaʼbadagi ibodat usullarimizni koʻrsat hamda tavbamizni qabul ayla. Albatta, Sen tavbalarni qabul qiluvchi – Tavvob va marhamatli boʻlgan – Rahim Zotsan.

129.Ey Robbimiz, u ummatlarning orasidan oyatlaringni oʻqib beradigan, ularga kitob va hikmatni oʻrgatadigan hamda ularni gunohlardan tozalaydigan bir elchini yubor. Shubhasiz, Sen izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi boʻlgan – Hakim Zotsan.

130.Oʻz qadrini pastga urgan kishigina Ibrohimning dinidan yuz oʻgiradi. Albatta, Biz dunyoda Ibrohimni payg‘ambar qilib tanlab oldik hamda, shubhasiz, u oxiratda solih bandalardandir.

131.Vaqtiki, Robbisi unga: “Allohga taslim boʻl!” – deganida, Ibrohim: “Barcha olamlar Robbisiga taslim boʻldim”, – deganini, xotirlang.

132.Ibrohim payg‘ambar oʻg‘illariga, undan keyin kelgan Yaʼqub payg‘ambar ham farzandlariga bu dinni vasiyat qilib: “Ey oʻg‘illarim, shubhasiz, Alloh sizlar uchun bu dinni tanladi. Shunday ekan, sizlar dunyodan, faqat musulmon boʻlgan holda oʻtinglar!” – degan edi.

133.Ey bani Isroil avlodlari, nima yoki sizlar Yaʼqub payg‘ambarga oʻlim oni yaqin kelgach u oʻg‘illariga qarata: “Mendan keyin nimaga ibodat qilasizlar?” – deganida, ular: “Sening va bobolaring Ibrohim, Ismoil va Ishoqning ilohi boʻlmish yolg‘iz Ilohga ibodat qilamiz hamda biz, faqat Uning Oʻziga taslim boʻluvchilarmiz”, – deb javob berganlariga guvoh boʻlganmisizlar?

134.Ular allaqachon oʻtib ketgan ummatlardir. Ularning qilgan yaxshiyu yomon ishlari oʻzlariga, sizning ham qilgan ishlaringiz oʻzingizgadir. Sizlar ularning qilgan amallari boʻyicha masʼul emassizlar.

135.Ular sizga: “Yahudiy yoki nasroniy dinida boʻlinglar, shunda hidoyat topasizlar”, – deydilar. Ey Rasulim, ularga: “Yoʻq, aksincha, biz hanif, haq yoʻldan toymagan Ibrohimning diniga ergashamiz va u mushriklardan emas edi”, – deb ayting.

136.Ey moʻminlar: “Allohga, bizga nozil qilingan kitobga, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Yaʼqubga va uning avlodlariga nozil qilinganlarga hamda Muso va Isoga berilgan kitoblarga va butun payg‘ambarlar uchun Robbilari tarafidan berilganlarga iymon keltirdik. Biz u payg‘ambarlardan birortasining orasini ajratmaymiz va biz Uning buyruqlariga taslim boʻluvchilarmiz”, – deb aytinglar.

137.Agar ular ham sizlar iymon keltirgandek iymon keltirsalar, unda chindan ham hidoyat yoʻlini topibdilar. Bordi-yu undan yuz oʻgirsalar, u holda, shubhasiz, sizlarga nisbatan qarshilik va adovat ichidadirlar. Ey Rasulim, bas, sizni ulardan himoya qilishga Allohning oʻzi kifoya qiladi. Albatta, U hamma narsani eshituvchi – Samiʼ va har bir narsani biluvchi – Aʼlim Zotdir.

138.Allohning maʼnaviy boʻyog‘i boʻlgan dinida sobit boʻlingiz. Axir kimda Allohdan yaxshiroq din koʻrkini beruvchi boʻyoq bor? Bizlar, faqat yolg‘iz Unga ibodat qiluvchilarmiz.

139.Ey Rasulim, ularga: “U sizu bizning Robbimiz boʻlgani holda, Alloh haqida biz bilan tortishasizlarmi? Darhaqiqat, bizning qilgan amalimiz oʻzimizga, shuningdek, sizning ham qilgan amalingiz oʻzingizga. Biz Unga chin dildan ixlos qiluvchilarmiz”, – deb ayting.

140.Ey bani Isroil avlodlari, yoki sizlar: “Chindan ham Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Yaʼqub va uning bolalari yahudiy yoki nasroniy dinida boʻlganlar”, – deb aytasizlarmi? Ey Muhammad, ularga: “Ularning dinlari haqida sizlarmi yoki Alloh yaxshi biluvchiroqmi? Alloh tarafidan boʻlgan oʻzidagi guvohlikni yashirgandan ham zolimroq kimsa bormi?! Alloh qilayotgan ishlaringizdan aslo bexabar emas”, – deb ayting.

141.Ular allaqachon oʻtib ketgan ummatlardir. Ularning qilgan yaxshiyu yomon ishlari oʻzlariga, sizlarning ham qilgan ishlaringiz oʻzingizgadir. Sizlar ular qilgan ishlar boʻyicha soʻralmaysizlar.

142.Odamlar orasidan baʼzi nodonlari musulmonlarga qarata: “Ularni oldin, unga yuzlanib ibodat qilgan qiblalaridan voz kechishlariga nima sabab boʻldi ekan?” – deydilar. Ey Rasulim, siz ularga: “Yer yuzining sharqi ham g‘arbi ham Alloh taolonikidir. U Oʻzi xohlagan kimsalarni toʻg‘ri yoʻlga yetaklaydi”, – deb ayting.

143.Shunday qilib, Biz siz musulmonlarni insoniyatga shohid va oʻrnak boʻlishingiz hamda payg‘ambar ham sizlar uchun guvoh boʻlishi uchun moʻʼtadil, oʻrta bir ummat qildik. Siz ilgari unga yuzlanib ibodat qilgan qiblani oʻzgartirishimiz esa, kim payg‘ambarga ergashishini, kim itoat qilmay orqasiga qarab qaytib ketishini bilish uchun sinov qilganmiz, xolos. Shubhasiz, bu qiblaning oʻzgarishi Alloh hidoyat berganlaridan boshqalari uchun og‘ir bir ishdir. Alloh avvalgi qiblaga qarab qilgan ibodatdagi iymonlaringizni, zoe qilmoqchi emas. Shubhasiz, Alloh odamlarga oʻta shafqatli – Raʼuf va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

144.Ey Rasulim, gohida vahiy umidida yuzingizni osmonga qarab oʻgirilganini koʻramiz. Endi albatta, yuzingizni siz oʻzingiz rozi boʻlgan qibla boʻlmish Kaʼbaga oʻgirtiramiz. Yuzingizni Masjid ul-Harom tomoniga buring. Ey moʻminlar, endi qaerda boʻlsangizlar ham, yuzlaringizni oʻsha Kaʼba tomoniga buringlar. Oʻzlariga kitob berilganlar, albatta, bu amrni Robbilaridan kelgan haq farmon deb biladilar. Alloh ularning qilayotgan ishlaridan bexabar emasdir.

145.Qasam boʻlsinki, kitob berilgan yahudiy va nasroniylarga barcha dalillarni keltirsangiz ham, ular baribir qiblangizga yuzlanib ergashmaydilar. Siz shundoq ham ularning qiblalariga tobe emassiz. Yahudiylar va nasroniylar ham oʻzaro bir-birlarining qiblasiga ergashuvchi emaslar. Agar sizga yetib kelgan ilmdan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashib ketsangiz, u holda, shubhasiz, zulm qilganlardan boʻlib qolasiz.

146.Biz kitob bergan yahudiy va nasroniylar u Muhammadni payg‘ambar ekanligini xuddi oʻz oʻg‘illarini tanigandek bilardilar. Shubhasiz, ulardan bir guruhi oʻz kitoblaridan uning sifatini oʻqib turib, bilgan hollarida haqiqatni yashiradilar.

147.Ey Rasulim, eng toʻg‘ri haqiqat Robbingdan kelgan Qurʼondir. Shunday ekan, aslo shubha qiluvchilardan boʻlmang.

148.Har kimning unga qarab yuzlanadigan oʻz jihati bordir. Ey moʻminlar, sizlar xayrli ishlarni qilishda shoshilinglar. Dunyoning qaerida boʻlsangizlar ham, bir kun Alloh hammangizni hisob-kitob uchun mahsharda toʻplab keltiradi. Albatta, Alloh har narsaga kuchi yetadigan Zotdir.

149.Ey Rasulim, endi qaysi tomondan yoʻlga chiqsangiz ham, namozda yuzingizni Masjid ul-Harom tomoniga buring. Shubhasiz, bu Robbingizdan kelgan haq amrdir. Alloh qilayotgan ishlaringizdan bexabar emasdir.

150.Ha, shunday, ey Rasulim, qaysi tomondan yoʻlga chiqsangiz ham, namozda yuzingizni Masjid ul-Harom tomoniga buring. Sizlar ham ey moʻminlar, yuzlaringizni qibla tomoni boʻlgan Kaʼbaga buringlar. Toki qiblaga yuzlanmasligingiz baʼzi odamlar nazdida sizlarga qarshi dalil va hujjat boʻlib qolmasin. Shuningdek, u insonlar orasida zulm qilganlar ham bor boʻlib, ulardan aslo qoʻrqmanglar, faqat Mendan qoʻrqinglar. Toki sizlarga neʼmatimni toʻla-toʻkis qilib berayin, shoyad, shunday qilib, hidoyat topsangizlar.

151.Shuningdek, orangizdan sizlarga oyatlarimizni tilovat qilib, oʻqib beradigan, sizlarni gunohlardan tozalaydigan, kitob va hikmatdan taʼlim beradigan hamda bilmaydigan narsalaringizni oʻrgatadigan bir payg‘ambar yubordik.

152.Shunday ekan, Meni koʻp zikr qilinglar, shunda sizlarni rahmatim va mag‘firatim bilan yodga olaman. Hamda Menga shukr qilinglar va aslo kufr keltirmanglar.

153.Ey moʻminlar, musibatlarga sabr qilish va namoz oʻqish bilan Mendan yordam istanglar. Shubhasiz, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.

154.Alloh yoʻlida oʻldirilgan shahidlarnioʻlikdirlar”, – deb aytmanglar. Aksincha, ular tirikdirlar, lekin sizlar ularni tirik ekanligini sezmaysizlar.

155.Albatta, Biz sizlarni biroz qoʻrquv solish, ochlik hamda mol-mulk, jon va meva-chevalardan hosilini kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilib koʻramiz. Ey Rasulim, shu sinovlarga sabr qilganlarga xushxabar bering.

156.Ularga biror musibat kelganida: “Albatta, biz Allohga oid qullarmiz, hech shak-shubhasiz, vafot etgandan keyin yana Unga qaytuvchilarmiz”, – deydilar.

157.Ana oʻshalarning ustiga Robbilari tarafidan salovotlar va rahmat yog‘adi. Hamda aynan oʻshalar hidoyat yoʻlini topganlardir.

158.Albatta, Safo va Marva tepaliklari Allohning insonlar uchun qilgan shiorlaridandir. Agarda kimda-kim Allohning uyini haj yoki umra qilsa, u ikki tog‘ orasida saʼy qilib yurishining gunohi yoʻqdir. Hamda kim koʻngildan nafl tariqasida bir xayr qilsa, savobini oladi va albatta, Alloh shukrni qabul qiluvchi – Shokir va hamma narsani biluvchi – Aʼlim Zotdir.

159.Biz nozil qilgan dalillar va Muhammadning haq payg‘ambar ekanligi toʻg‘risidagi hidoyatdan iborat boʻlganlarni odamlarga Tavrot kitobida aniq qilib berganimizdan keyin ham ularni yashirgan kimsalarni, albatta, Alloh laʼnatlaydi. Shuningdek, ularga laʼnatlovchi maloika va moʻminlar ham laʼnat aytadilar.

160.Faqat tavba qilib, xatolarini tuzatgan va odamlarga haqiqatni bayon qilgan kimsalarning tavbasini qabul qilaman. Shubhasiz, Men tavbalarni koʻp qabul qiluvchi – Tavvob va marhamati ziyoda boʻlgan – Rahim Zotdirman.

161.Kufr keltirgan va kofir holida oʻlib ketgan kimsalarga esa, albatta, Allohning, maloikalarning va barcha odamlarning laʼnati boʻlgay.

162.Kofirlar laʼnat va doʻzax ichida mangu qoladilar. Ulardan azob yengillatilmaydi va ularning yuzlariga nazar ham qilinmaydi.

163.Sizlarni yaratgan Ilohingiz yagona Ilohdir. Undan oʻzga iloh yoʻqdir. U oʻta mehribon boʻlgan Rahmon va marhamatli boʻlgan – Rahim Zotdir.

164.Shubhasiz, osmonlar va Yerning mukammal holda yaratilishida, kecha va kunduzning vaqti-vaqti bilan almashib turishida, odamlarga nafi tegadigan foydali narsalarini tashib ketayotgan dengizdagi kemalarning suzishida, Alloh osmondan tushirgan va u sababli oʻlik boʻlib yotgan quruq yerga hayot bergan hayotbaxsh suvda va Yerda har xil jonzotlarni tarqatib qoʻyishida, shamollarni yoʻnaltirishida, osmonu Yer oʻrtasidagi Yaratganning amriga itoatda shay turgan bulutlarda aql yurituvchi qavmlar uchun Allohning qudratiga doir aniq dalillar bordir.

165.Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular Allohdan boshqalarni Unga teng qilib, xuddi Allohni sevgandek u soxta maʼbudalarni sevadilar. Iymon keltirgan kimsalarning Allohga boʻlgan haqiqiy muhabbatlari esa ularnikidan koʻra kuchliroqdir. Oʻz nafsiga zulm qilgan kimsalar azobga duchor boʻladigan qiyomat kunida barcha kuch-qudrat Allohga xosligini va Allohning azobi haqiqatan, shiddatli ekanini bilsalar edi?!

166.Orqasidan odamlarni ergashtirib yuruvchi kimsalar hisob-kitob kunidagi qattiq azobni koʻrgach oʻzlariga ergashgan kimsalardan tonadilar hamda ularni bu dunyoda birlashtirib turgan barcha sabab va aloqalar uziladi.

167.Oʻshanda ortidan ergashgan kimsalar: “Koshki, bizga yana bir karra dunyoga qaytishning imkoni boʻlsa-yu, ular bizdan tonganlaridek, biz ham ulardan tonsak”, – deydilar. Shunday qilib, Alloh taolo ularning qilgan amallarini oʻzlariga hasrat va pushaymonlar qilib koʻrsatadi va ular doʻzaxdan qutulib chiquvchi boʻlmaydilar.

168.Ey odamlar, Yer yuzidagi narsalardan halol va pokiza boʻlganlarini yenglar, shaytonning izidan ergashmanglar. Shubhasiz, u sizlarga ochiq-oydin dushmandir.

169.Shubhasiz, shayton sizlarni yomon va buzuq ishlarga hamda Alloh haqida bilmagan narsalaringizni aytishga buyuradi.

170.Agarda u mushriklarga: “Alloh tushirgan hukmlarga ergashinglar”, – deyilsa, ular: “Yoʻq, bizlar ota-bobolarimizni nimaga ibodat qilganlarini koʻrgan boʻlsak, oʻsha yoʻlga ergashamiz”, – deb aytishadi. Bordi-yu ota-bobolari hech narsaga aqllari yetmagan va toʻg‘ri yoʻlni topmagan boʻlsalar hammi?!

171.Allohga kufr keltirganlarning misoli, xuddi baqiriq-chaqiriqdan boshqa hech narsani eshitmaydigan hayvonlarga hayqirayotgan choʻponning holatiga oʻxshaydi. Ular maʼnan kardirlar – nasihat eshitmaydilar, soqovdirlar – haqni gapira olmaydilar, koʻrdirlar – oyatlarni koʻrolmaydilar. Demak, ular aql ishlata olmaydilar.

172.Ey iymon keltirganlar, Biz sizlar uchun rizq qilib bergan neʼmatlarimizdan halol va pokizalarini tanlab yenglar. Agarda yolg‘iz Ungagina qullik qiluvchi boʻlsangizlar, unda Allohga shukr qilinglar.

173.Alloh sizlarga oʻlimtikni, qonni, choʻchqa goʻshtini hamda Allohdan boshqasiga atab soʻyilgan jonliqlarni qatʼiy harom qildi. Bordi-yu kimda-kim nochor holda ulardan yeyishga majbur qolsa, haddan va meʼyordan oshmay ozgina yesa unga gunoh boʻlmaydi. Darhaqiqat, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamatli boʻlgan – Rahim Zotdir.

174.Shubhasiz, Alloh nozil qilgan Tavrot kitobidagi Muhammadning sifatini qasddan yashiradigan va uni dunyo manfaati uchun arzimas bahoga sotadiganlar, qorinlariga, faqat doʻzax otashini yegan boʻladilar. Alloh ularga qiyomat kunida gapirmaydi va ularni gunohlardan tozalamaydi. Shuningdek, ularga alamli azob beriladi.

175.Ana oʻsha kimsalar hidoyat oʻrniga zalolatni, mag‘firat oʻrniga azobni sotib olgan kimsalardir. Voajab, doʻzax oʻtiga naqadar chidamli boʻlmasalar!

176.Ularga berilgan bu jazo Alloh kitobni, haqiqatan, nozil qilgani sababidandir. Kitobning haqligi toʻg‘risida qarshilik qilgan kimsalar, albatta, haqdan uzoq boʻlgan tortishuv ichidadirlar.

177.Yaxshilik ibodatlarda taraf tortishib yuzingizni sharq yoki g‘arb tomonga burishingizdan iborat emas. Balki yaxshilikning belgisi, Allohga, oxirat kuniga, maloikalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga iymon keltirgan hamda oʻzi u molni yaxshi koʻrishiga qaramay, mol-dunyosidan qarindoshlariga, yetim-esirlarga, miskinlarga, musofirlarga, tilanchilarga va qul ozod qilish uchun beradigan, namozni toʻliq ado etib, zakotni berib yuradigan kimsalarda namoyondir. Shuningdek, yana yaxshilikning namunasi ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar, mashaqqatli va dardli kunlarda hamda jangu jadaldagi qiyinchilik onlarida sabr-toqat qiluvchi kimsalarda bilinadi. Ana shunday kimsalar iymonda sodiq boʻlganlar va aynan oʻshalar Allohdan qoʻrquvchi taqvodorlardir.

178.Ey moʻminlar, sizlarga nohaq va qasddan oʻldirilgan kishilar xususida ozod kishi muqobiliga ozod kishidan, qul uchun quldan, ayol kishi uchun ayoldan qasos olish farz qilindi. Bordi-yu oʻldirilganning tug‘ishgan birodari tomonidan tovon toʻlash evaziga rozi boʻlinib u afv qilinsa, unda maʼqul tomonga ergashish va unga xunini chiroylik tarzda toʻlab berishi kerak. Bu hukm Robbingiz tomonidan sizlarga yengillik va rahmatdir. Agar kimda-kim shunday yengillik va rahmatdan keyin ham haddidan oshadigan boʻlsa, unga alamli azob bordir.

179.Ey aql egalari, sizlar uchun qasos olish hukmida hayotni saqlab qolish bordir. Shoyad, bu hukm sababli qotillik qilishdan qoʻrqsangizlar.

180.Sizlardan biringizga oʻlim oni yaqinlashganda, orqasidan bir xayr, yaʼni boylik qoldirayotgan boʻlsa, ota-ona va qarindoshlarga yaxshilik bilan vasiyat qilish taqvodorlar zimmasidagi burch oʻlaroq farz qilindi.

181.Kimki, vasiyatni eshitib olgandan keyin uni oʻzgartirsa, gunohi uni oʻzgartirganga boʻladi. Albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

182.Agarda kimki, vasiyat qiluvchining biror bir xatoga yoki gunohga moyil boʻlishidan qoʻrqib, vasiyat qiluvchi va merosxoʻrlar orasini tuzatib qoʻysa unga gunoh boʻlmaydi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

183.Ey iymon keltirganlar, sizlardan avvalgi ummatlarga farz qilinganidek, sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi. Shoyad, bu roʻza sababidan Allohdan qoʻrqib, taqvo qilsangizlar.

184.Ramazon roʻzasi sanoqli kunlarda boʻlib oʻtadi. Agar sizlardan biringiz bemor yoki safarda boʻlsa, roʻza tutolmagan kunlarining soni miqdoricha boshqa kunlarda tutsin. Roʻza tutishga madori yetmaydiganlarning zimmasida esa bir miskinning bir kunlik taomi miqdorida fidya bersin. Kimda-kim fidyani koʻngildan chiqarib ortiqroq bersa u oʻzi uchun yaxshidir. Lekin agar bilsangiz edi, sizlar uchun roʻza tutishingiz fidya berib tutmaganingizdan koʻra yaxshiroqdir.

185.Ramazon oyi shunday oydirki, unda insonlarni toʻg‘ri yoʻlga boshlaydigan, haq va botilni ayiruvchi Furqon va hidoyat manbaidan dalillar boʻlgan Qurʼon nozil boʻlgandir. Bas, agar sizlardan kimki bu oyga yetishib, shohid boʻlsa, albatta, roʻzani tutsin. Agar sizlardan biringiz bemor yoki safarda boʻlsa, roʻza tutolmagan kunlarining soni miqdoricha boshqa kunlarda tutsin. Alloh sizlarga osonlikni xohlaydi, qiyinchilik boʻlishni istamaydi. Sizlarga bu osonlik roʻza kunlarining sanog‘ini toʻldirishingiz va hidoyat qilgani uchun Allohni ulug‘lab, takbir aytishingiz uchundir. Shoyadki, bu neʼmatlarga shukr qilsangizlar.

186.Ey Rasulim, bandalarim sizdan Men haqimda soʻrasalar shuni bilsinlarki, albatta, Men ularga juda yaqinman. Menga duo qilgan payt, duo qiluvchining duosini ijobat qilaman. Bas, mening ham chaqiriqlarimga javob berib, amrlarimga itoat qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar. Shoyad, shunda toʻg‘ri yoʻlni topib ketsalar.

187.Sizlarga roʻza oyining tunlarida xotinlaringiz bilan qoʻshilish halol qilindi. Ayollar sizlar uchun, sizlar ham ular uchun gunohlardan saqlanishga yopinchiq kabi libosdirsizlar. Alloh sizlarni kechalari nafsingizga xiyonat qilayotganingizni bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan roʻzaning tunlarida bemalol qoʻshilib, Alloh sizlar uchun bitgan farzand neʼmatini umid qilaveringlar. Tong paytidan boshlab oq ip qora ipdan ajralib, maʼlum boʻladigan vaqtgacha yeb-ichaveringlar. Soʻngra roʻzani kechgacha mukammal qilib tutinglar. Masjidlarda eʼtikofni niyat qilib oʻtirgan paytlaringizda esa xotinlaringiz bilan qoʻshilmanglar. Mana bu hukmlar Allohning sizlarga belgilab qoʻygan chegaralaridir. Alloh man qilgan ishlarga yaqinlashmanglar. Alloh oʻz oyatlarini odamlar gunoh ishlardan saqlanishlari uchun mana shunday ochiq-oydin bayon qiladi.

188.Oralaringizda mol-mulklaringizni nohaqlik bilan yemanglar. Shuningdek, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yoʻl bilan yeyish maqsadida bila turib, u moldan bir miqdorini hokimlarga pora sifatida uzatmanglar.

189.Sizdan yangi chiqqan oylar haqida soʻrashadi. Ularga: “U oy odamlar uchun yil hisoblari va haj vaqtini belgilashga oʻlchovdir”, – deb ayting. Kaʼba ziyoratidan qaytishda uylaringizning orqa tomonidan kirib kelishingiz yaxshi ish emas, kim Allohdan qoʻrqsa oʻsha yaxshi ishdir. Demak, uylarga eshiklaridan kirib boringlar va Allohdan qoʻrqinglar. Shoyad, shunda najot topsangizlar.

190.Sizlarga urush ochganlar bilan sizlar ham Alloh yoʻlida ularga qarshi urush ochinglar, lekin tajovuzkor boʻlmanglar. Zero, Alloh tajovuzkorlarni sevmaydi.

191.Mushriklarni qaerda tutsangiz ham oʻldiringlar. Sizlarni haydab chiqargan joylari Makkadan ularni ham quvib chiqaringlar. Fitna-fasod chiqarish oʻldirishdan ham yomonroqdir. Dushmanlaringiz sizlarga qarshi urush ochmagunlaricha Masjid ul-Harom yonida ular bilan urishmanglar. Bordi-yu agar sizlarga urush boshlasalar, u holda sizlar ham ular bilan urishinglar. Kofirlarning jazosi ana shunday boʻladi.

192.Agar kufrdan kechib, Islomga kirsalar va urushdan tiyilsalar, shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

193.Kofirlar bilan to fitna-fasod tamoman tugab, din yolg‘iz Alloh uchun boʻlguncha jang qilinglar. Agar kufrdan voz kechib, urushni toʻxtatsalar, unda sizlar ham toʻxtatinglar. Chunki dushmanlik, faqat zolimlarga qarshi boʻladi.

194.Urush man qilingan harom oyning badali, harom qilingan oy bilandir. Hurmat qilinishi kerak boʻlgan shartlar buzilsa, unda, qasos qoidasiga amal qilish bor. Agar kim sizga tajovuzkorona bostirib kelsa, sizlar ham ular qanday bostirib kelgan boʻlsalar, ularga shunday bostirib boringlar. Shuningdek, Allohdan qoʻrqinglar va bilib qoʻyinglarki, Alloh taqvodorlar bilan birgadir.

195.Alloh yoʻlida mol-dunyongizni sarflanglar va baxillik qilib, oʻz qoʻllaringiz bilan oʻzingizni halokatga tashlamanglar. Hamda chiroyli amallar qilinglar, shubhasiz, Alloh ehson qiluvchi kimsalarni sevadi.

196.Barcha arkonlariga amal qilgan holda boshlagan haj va umra ibodatini Alloh uchun toʻliq ado etinglar. Agarda betoblik, qaroqchilarga yoʻliqish yoki shunga oʻxshash uzrli sabablar bilan yoʻlingiz toʻsilib qolsa, u holda qurbingiz yetgan biror bir jonliqdan qurbonlik uchun hadya qilib joʻnating. Boshdagi sochlaringizni esa hadyangiz oʻz joyiga yetib bormaguncha olmay turinglar. Bordi-yu sizlardan kimdir oʻsha payt bemor boʻlsa yoki boshidan sochini oldirmagan taqdirda aziyat boʻladigan bir sabab boʻlsa, u holda sochini oldirishi mumkin. Lekin bu ishni qilgan kimsaga roʻza tutish, sadaqa berish yoki qurbonlik soʻyishdan birortasini fidya qilib toʻlashi kerak boʻladi. Agar haj qilishga toʻsqinlik qilgan holatlardan qutulsangiz va kimki hajgacha umra ibodatidan foydalansa, yaʼni ehromdan vaqtincha chiqib, yana hajda qayta ehromga kiradigan boʻlsa, u qurbi yetgan qurbonlikdan biror jonliq soʻyishi kerak. Kimki bunga imkon topa olmasa, unda uch kun hajda va yetti kun hajdan qaytganingizdan keyin roʻza tutish kerak boʻladi. Ana oʻshanda bu toʻliq oʻn kun boʻladi. Bu hukmlar ahli-oilasining yashash joyi Masjid ul-Haromda boʻlmaganlar uchundir. Allohdan qoʻrqinglar va bilib olinglar, albatta, Alloh azobi qattiq boʻlgan Zotdir.

197.Haj maʼlum oylarda ado etiladi. Kim u oylarda hajni niyat qilib uni oʻziga farz qilsa, haj ibodatida ayoliga yaqinlik qilish, fisq-fujur ishlar va janjal-toʻpolon qilishi mumkin emas. Yaxshilik turidan nimaiki qilsangiz, Alloh uni biladi. Ey moʻminlar, oxirat hayoti uchun ozuqa g‘amlanglar. Shubhasiz, ozuqaning eng yaxshisi – bu taqvodir. Ey aql egalari, faqatgina Mendan qoʻrqinglar.

198.Haj mavsumida Robbingizdan fazlu barakat tilab, tijorat qilishingizda sizlarga hech qanday gunoh boʻlmaydi. Arofatdan toʻp-toʻp boʻlib Muzdalifaga tushganingizda Mashʼar ul-Harom degan joyda Allohni zikr qilinglar. Sizlarni toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qilgani uchun Uni eslanglar. Garchi Islomdan avval toʻg‘ri yoʻldan adashib yurgan edingizlar.

199.Soʻngra odamlar toʻplanib tushib borgan tomondan tushinglar va Allohdan mag‘firat tilanglar. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

200.Haj arkonlariga doir ibodatlaringizni ado etganingizdan keyin ilgari ota-bobolaringiz bilan faxrlanib, ularni esga olganingizdek, hatto ulardan ham kuchliroq holda Allohni yodga olinglar. Odamlarning orasida shunday kimsalar ham borki, ular: “Ey Robbimiz, bizlarga, faqat shu dunyoda bergin”, – deydi. Unday kimsalarga oxiratda nasiba yoʻqdir.

201.Ulardan shunday kimsalar borki, ular: “Ey Robbimiz, bizlarga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik ato etgin va bizlarni doʻzax azobidan saqlagin”, – deydilar.

202.Ana oʻshalarga qilgan solih ishlari sababidan ikki dunyoda ham nasiba bordir. Alloh tez hisob-kitob qiluvchidir.

203.Haj asnosidagi sanoqli kunlarda Allohga takbir aytib, koʻp zikr qilinglar. Kimki ikki kunda haj arkonlarini tugatib ketishga shoshilsa, unga gunoh boʻlmaydi. Shuningdek, kimki yana bir kun kechikib, Minoda qolsa, unga ham gunoh boʻlmaydi. Ushbu tavsiyalar Allohdan qoʻrqqanlar uchundir. Allohdan qoʻrqinglar va shuni bilinglarki, sizlar barchangiz, albatta, qiyomatda Uning huzuriga yig‘ilasizlar.

204.Ey Rasulim, odamlardan shunday toifalar borki, ularning dunyo hayotidagi balandparvoz gap-soʻzlari sizni taajjubga soladi. U Islomga ashaddiy dushman boʻlgani holda munofiqlarcha dilidagi soxta iymonini pesh qilib Allohni guvoh qiladi.

205.Sizning oldingizdan ayrilgach esa, Yer yuzida fisqu fasod tarqatish ishlari bilan shug‘ullanadi. Hamda ekin-tikin, nabotot olami, hayvonot va odamzot naslini halokatga uchratish payida boʻladi. Alloh esa fisqu fasodni sevmaydi.

206.Agar unga buzg‘unchilikdan voz kechib, “Allohdan qoʻrqqin”, –deyilsa, g‘ururi yoʻl qoʻymay, yana gunoh tomonga boshlaydi. Unga jahannam bas, keladir. U naqadar dahshatli joy.

207.Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular Allohning roziligini istab oʻz jonlarini fido qiladilar. Alloh bandalariga shafqatli boʻlgan – Raʼuf Zotdir.

208.Ey iymon keltirganlar, hammangiz birdan tinchlik va omonlik dini boʻlgan Islomga kiringlar va shaytonning izidan ergashmanglar. Shubhasiz, u sizlarga ochiq-oydin dushmandir.

209.Sizlarga aniq dalillar kelgandan keyin ham yoʻldan adashsangiz, unda bilib qoʻyinglar, Alloh juda qudratli – Aziz va hukm egasi boʻlgan – Hakim Zotdir.

210.Yoki haqni inkor qiluvchilar Allohning azobini farishtalar bilan bulutlar soyasi orasidan ularga chiqib kelib, beriladigan jazo amri boʻlishini kutib oʻtiribdilarmi? Oxirida barcha ishlar, albatta, Allohga qaytariladi.

211.Ey Muhammad, bani Isroil avlodlaridan, ularga oldin qanchadan-qancha ochiq-oydin oyat va moʻʼjizalar berganimizni soʻrang. Kimki Allohning neʼmati kelganidan keyin uni kufrga oʻzgartirsa, bas, shubhasiz, Alloh jazosi qattiq boʻlgan Zotdir.

212.Kufr yoʻlida yurganlarga oʻtkinchi dunyo hayoti chiroyli qilib koʻrsatib qoʻyilgan va ular iymon keltirganlarning ustidan masxara qiladilar. Holbuki, Allohdan qoʻrqqan kimsalarning qiyomat kunidagi darajalari ulardan koʻra ustundir. Alloh Oʻzi istagan kimsaga behisob rizq beradi.

213.Odamlar oldin bir ummat edilar, keyin ixtilofga tushib ayrilib ketdilar. Shundan soʻng Alloh jannat bilan xushxabar beruvchi va oxirat azobidan ogohlantiruvchi payg‘ambarlarni yubordi. Ular bilan birga insonlar ixtilofga tushgan hollarida oralarida adolat bilan hukm qilishi uchun haq boʻlgan kitobni nozil qildi. Ochiq-oydin dalillar kelganidan keyin esa, kitob berilgan qavmlar oʻzaro hasad qilib u haqida tortishdilar. Alloh iymon keltirganlarni esa Oʻz izni bilan ular tortishgan va erisha olmagan haq yoʻlga hidoyat qildi. Alloh Oʻzi istagan kimsani toʻg‘ri yoʻlga hidoyat qiladi.

214.Ey moʻminlar, nima yoki sizdan oldingi oʻtganlarning boshlariga kelgan ibratli voqealar sizlarga ham kelmay turib jannatga bemalol kirib ketamiz deb oʻyladinglarmi?! Ularga tashvish va musibatlar yog‘ilib kelib, shunday titragan edilarki, hatto payg‘ambar va u bilan boʻlgan iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon kelarkin-a?” – deb yuborishar edi. Ogoh boʻlinglar, shubhasiz, Allohning yordami yaqindir.

215.Ey Muhammad, sizdan nimalarni va kimlarga ehson qilishni soʻraydilar. Ularga: “Nimaiki ehson qilsangizlar, ota-ona, qarindoshlar, yetim-yesirlar, miskinlar va musofirlarga qilinglar. Yaxshi ishlardan nimaiki qilsangiz, albatta, Alloh uni bilib turuvchidir”, – deb ayting.

216.Ey moʻminlar, sizlarga u yoqmasa ham, dushman bilan jang qilish farz qilindi. Sizlar yoqtirmagan narsangiz balki, sizlarga boshqa tarafdan yaxshilik keltirar. Shuningdek, biror narsani sevishingiz esa u sizga yomonlik olib kelar. Hamma narsani aslini Alloh biladi, sizlar esa bilmaysizlar.

217.Ey Muhammad, sizdan urush harom qilingan oyda jang qilishning hukmi haqida soʻraydilar. Ularga: “U oyda jang qilish katta gunohdir”, – deb javob bering. Biroq odamlarni Alloh yoʻlidan toʻsish, Uni inkor qilish, odamlarni Masjid ul-Haromga borishiga toʻsqinlik qilish va aholisini u yerdan quvib chiqarish Alloh nazdida kattaroq gunohdir. Fitna chiqarish urush qilishdan koʻra kattaroq gunohdir. Kofirlarning qoʻlidan kelsa edi, sizlarni to haq diningizdan qaytarguncha, jang qilaverardilar. Bordi-yu sizlardan kimki dinidan qaytib, kofir holida oʻlib ketsa, ana oʻshalarning dunyo va oxiratdagi amallari behuda ketgan boʻladi. Ular doʻzax egalaridir hamda ular u yerda mangu qoluvchilardir.

218.Albatta, iymon keltirgan, Makkadan Madinaga hijrat qilgan va Alloh yoʻlida jiddu jahd qilgan ana shunday kimsalar Allohning rahmatidan umidvor boʻladilar. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

219.Ey Rasulim, sizdan mast qiluvchi ichkilik va qimor oʻynash haqida soʻraydilar. Ularga: “U ikki narsada katta gunoh va shu bilan birga, odamlar uchun baʼzi manfaatlar ham bor. Lekin u ikkisining gunohi foydasidan koʻra kattaroqdir”, – deb ayting. Sizdan yana nimalarni ehson qilishni soʻraydilar. Ularga: “Ehtiyojingizdan ortganini ehson qiling”, – deb javob bering. Shu tariqa, Alloh sizlarga dunyo va oxirat haqida tafakkur qilishingiz uchun Oʻz oyatlarini bayon qilib boradi.

220.Dunyo va oxirat haqida tafakkur qilishingiz uchun Alloh sizlarga oʻz oyatlarini bayon etadi. Ey Muhammad, sizdan yetimlar haqida soʻraydilar, ularga: “Ularni turmushlarini yaxshilash xayrli ishdir”, – deb ayting. Agar ularni orangizga qoʻshsangiz, ular sizning dindagi qardoshlaringizdir. Alloh buzg‘unchi bilan xayrsevarning farqini biladi. Alloh agar istasa sizlarni qiyinchilikka solib qoʻyar edi. Shubhasiz, Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi – Hakim Zotdir.

221.Ey moʻminlar, shirk keltirgan mushrika ayollarni to iymon kelturmagunlaricha nikohingizga olmanglar. Bilib qoʻyinglar, iymon keltirgan bir choʻri qiz, sizlar yoqtirgan hur, mushrika ayoldan koʻra yaxshiroqdir. Shuningdek, to iymon kelturmagunlaricha shirk keltirgan, hur mushrik kishiga qizlaringizni nikohlab bermanglar. Iymonli bir erkak qul, sizlarga yoqqan oʻsha ozod, mushrik erkakdan koʻra yaxshiroqdir. U mushriklar sizlarni doʻzaxga daʼvat qiladilar. Alloh taolo esa sizlarni Oʻz izni irodasi bilan jannatga va mag‘firatga daʼvat qiladi. Hamda insonlarga shoyad, bulardan eslatma oladilar deb, Oʻz oyatlarini bayon qilib boradi.

222.Ey Rasulim, sizdan ayollarning hayz holati toʻg‘risida soʻraydilar. Ularga: “U holat er va xotin uchun koʻngilsizlik va aziyatdir”, – deb ayting. Demak, hayz holatida ayollaringizdan uzoq turinglar va poklanmagunlaricha ularga jinsiy aloqada boʻlib yaqinlashmanglar. Vaqti kelib toza boʻlganlaridan keyin Alloh sizga amr qilib, halol qilgan tarafdan ularga yaqin kelaveringlar. Albatta, Alloh koʻp tavba qiluvchilarni va poklikda bardavom boʻlganlarni yoqtiradi.

223.Ayollaringiz sizlarga farzand yetishtirish uchun bir ekinzordir. Bas, u ekinzorga halol tarafdan qanday xohlasangiz, shunday kelaveringlar. Kelajakka oʻzingiz uchun yaxshi amallarni taqdim qilinglar. Hamda Allohdan qoʻrqinglar va albatta, sizlar oxiratda Unga roʻbaroʻ keluvchi ekaningizni bilib qoʻyinglar. Ey Rasulim, moʻminlarga jannat haqidagi xushxabarni bering.

224.Ezgu ishlar qilish, taqvodor boʻlish, insonlar orasini tuzatish kabi ishlarni qilmaslikka doir ichgan qasamlaringizda Allohni roʻkach qilavermanglar. Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

225.Alloh sizlarni til uchida aytgan behuda qasamlaringiz uchun javobgar tutmaydi. Lekin sizlarni qalbdan bilib turib va xohlab qilgan qasamlaringiz tufayli javobgar qiladi. Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va bandalariga marhamatli boʻlgan – Halim Zotdir.

226.Xotinlaridan bir muddat uzoqlashishga doir qasam ichgan kimsalar uchun toʻrt oy kutish muhlati bordir. Bordi-yu ular bu muddat ichida fikrlaridan qaytsalar, nikohlari davom etadi. Shubhasiz, Alloh gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va marhamati keng boʻlgan – Rahim Zotdir.

227.Agarda ular taloq qilishga qaror qilgan boʻlsalar, u holda Alloh, albatta, hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

228.Taloq qilingan ayollar uch hayz muddati miqdorida oʻzlarini kuzatib oʻtiradilar. Agar ular Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan boʻlsalar, Alloh ularning bachadonlarida yaratgan homilani yoki hayz holatini berkitishlari halol boʻlmaydi. Agar erlari kelishuv qilib, oilani tiklashni xohlab qolsalar, shu muddat ichida ularni qaytarib yana nikohlariga olishga butunlay haqlidirlar. Erkaklarning ayollar ustida haqlari boʻlganidek, ularning ham erkaklar ustida maʼlum bir haqlari bordir. Ammo erkaklarga bu borada ayollardan bir daraja yuqori haq bordir. Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi – Hakim Zotdir.

229.Erning afsus qilib qayta nikohiga olish imkonini beradigan taloq ikki martadir. Bundan keyin endi uni taloq qilmasdan yaxshilik bilan ushlab qolish yoki uchinchi marta taloq qilsa ham, chiroyli bir usulda qoʻyib yuborish kerak boʻladi. Ularga bergan mahringizdan biror narsani olib qolish sizlarga halol boʻlmaydi. Lekin er va xotin ikkovi ham oila davom etgan taqdirda Allohning belgilagan hududlarini oʻrniga qoʻyolmaslikdan qoʻrqsalar, hamda xotin eri bilan yashab ketishiga koʻzi yetmay, eridan taloq qilishni soʻrasa va bu taloq uchun maʼlum miqdorda evaz toʻlashini aytsa, er ham bu taklifni qabul qilsa, ularga gunoh boʻlmaydi. Bular Allohning belgilab qoʻygan sharʼiy hududlaridir, bas, ularni poymol qilmanglar. Kim Allohning belgilab qoʻygan sharʼiy hududlarini bosib oʻtsa, ana oʻshalar Zolim kimsalardir.

230.Agar er uni uchinchi marta taloq qilsa, ayol to boshqa er bilan nikohlanmaguncha unga halol boʻlmaydi. Agarda keyingi er ham uni taloq qilsa, avvalgi er va xotin endi bu safar Allohning belgilab qoʻygan hududlarini oʻz joyiga qoʻyishlariga koʻzlari yetsa, u holda qaytib yana nikohlanishlarida gunoh yoʻqdir. Mana bular Allohning qoʻygan hududlaridir. Ularni fahmlaydigan qavmlar uchun bayon qiladi.

231.Agar xotinlaringizni taloq qilsangiz va ular idda vaqtilariga yetib kelsalar, unda ularni yaxshilik bilan ushlab qolinglar yoki chiroyli bir tarzda qoʻyib yuboringlar. Ammo ularni qiynash uchun zarar bergan holda majburan ushlab turmanglar. Kimda-kim shunday ish qiladigan boʻlsa, shubhasiz, u oʻziga zulm qilgan boʻladi. Allohning oyatlarini ermak qilmanglar. Allohning sizlarga ato etgan neʼmatini va sizlarga vaʼz-nasihat boʻlsin deb nozil qilgan kitob va hikmatni yodingizda tutinglar. Allohdan qoʻrqinglar hamda, albatta, Alloh har bir narsani biluvchi – Aʼlim Zot ekanini bilinglar.

232.Agar xotinlaringizni taloq qilsangiz hamda ular idda vaqtilariga yetib kelsalar, soʻngra yaxshilikcha oʻzaro rozi boʻlishib, kelishib olsalar, ularni erlariga qayta nikohlanishlariga qarshilik qilmanglar. Orangizdagi Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar mana bu oʻgitlar bilan nasihat qilinadi. Bu ishni qilish sizlar uchun eng xayrli va pokiza ishdir. Barchasini Alloh biladi, siz bandalar esa bilmaysizlar.

233.Onalar bolalarini toʻliq ikki yil emizadilar. Bu hukm emizishni oxirigacha batamom qilmoqchi boʻlgan kimsalar uchundir. U onalarni uyg‘un va maʼqul tarzda yedirib-ichirish va kiyim-kechak bilan taʼminlash otaning boʻynidadir. Hech kimga imkoniyatidan tashqari vazifa yuklatilmaydi. Ona ham, ota ham oʻz bolasi tufayli zarar koʻrmasliklari kerak. Agarda ota oʻlib qolsa, uning merosxoʻri zimmasida ham xuddi shu masʼuliyatlar bordir. Agar ota-ona ikkovi oralarida rozilik va maslahat bilan bolani sutdan ajratishni xohlasalar, ularga gunoh boʻlmaydi. Shuningdek, bolalaringizni enagaga emizdirmoqchi boʻlsangiz va unga beradigan haqni mos va chiroyli tarzda topshirib tursangiz ham sizlarga gunoh boʻlmaydi. Allohdan qoʻrqinglar va bilib qoʻyinglarki, shubhasiz, Alloh qilayotgan barcha ishlaringizni koʻrib turuvchi Zotdir.

234.Sizlardan vafot etib, orqalarida juftlarini qoldirganlarning beva ayollari toʻrt oy-u oʻn kun oʻzlarini kuzatib, idda saqlab oʻtiradilar. Agarda idda muddatlari oxiriga yetsa, oʻzlarining keyingi hayotlari haqida yaxshilik istab qilgan ishlarida sizlarga gunoh yoʻqdir. Alloh qilayotgan barcha ishlaringizdan xabardordir.

235.Sizlar uchun erlari vafot etib, idda saqlab turgan ayollarga sovchi qoʻyish haqida ishora qilish yoki koʻnglingizda sovchi qoʻyish haqida pinhona oʻylab yurishingizda gunoh yoʻq. Zero, Alloh sizlarni u ayollar haqida oʻylab yurganingizni bildi. Lekin ular bilan pinhona vaʼdalashmanglar. Faqat yaxshi gap gapirishingiz mumkin boʻladi. To idda muddati tugamaguncha nikoh aqdini tuzishga qaror qilmanglar. Hamda bilib qoʻyinglar, shubhasiz, Alloh ichingizdagi hamma narsani biladi. Shuningdek, Unga isyon qilishdan ehtiyot boʻlinglar. Hamda Alloh, albatta, gunohlarni kechiruvchi – G‘ofur va bandalariga marhamatli boʻlgan – Halim Zot ekanini ham bilinglar.

236.Nikohingizga olgan ayollarni agar ularga hali qoʻl tekkizmay turib yoki mahrni tayinlamay turib, taloq qilishingizda ham gunoh yoʻq. Bunday hollarda ularni nikohga olib ajrashgan odam boy boʻlsa, imkoni boricha yaxshilab, agar kambag‘al boʻlsa, qurbi yetgancha chiroyli qilib moddiy jihatdan bahramand qilsin. Bunday qilish yaxshilik qiluvchi muhsin kimsalar ustidagi burchdir.

237.Bordi-yu ularning mahrini belgilab qoʻygan boʻlsangiz, lekin hali qoʻl tekkizmay turib taloq qilsangiz, u holda belgilangan mahrning yarmini berishingiz kerak boʻladi. Agarda ayol tomon uni kechib yuborsa yoki nikoh aqdi qoʻlida boʻlgan er qolgan yarmidan kechib yuborib, hammasini toʻlab bersa ham, boʻlaveradi. Lekin er tomoni kechib yuborib, hammasini toʻlab berishingiz taqvo jihatiga eng yaqinidir. Orangizdagi insoniy fazilatni unutmanglar. Shubhasiz, Alloh qilayotgan hamma ishlaringizni koʻrib turuvchi Zotdir.

238.Ey moʻminlar, barcha namozlarga va xususan oʻrta namozga ahamiyat qilib, muhofaza qilinglar. Hamda Allohga itoatkor holda turinglar.

239.Agarda dushmanning hamlasi yoki boshqa xatarlardan qoʻrqsangiz, u holda piyoda yoki ulovda ketayotgan boʻlsangiz ham, namozni ado etaveringlar. Bu xavf-xatarlardan forig‘ boʻlgach, sizlarga bilmaganingizni qanday oʻrgatgan boʻlsa, shunday qilib Allohni namozda zikr qilinglar.

240.Sizlardan vafot etayotib, orqalarida ayollarni qoldirayotgan kimsalar xotinlariga bir yilgacha erining uyidan chiqarilmagan holda hayot kechirib, taʼminlanishlari uchun vasiyat qoldirib ketsinlar. Agar ular oʻz roziliklari bilan uydan chiqib ketib, oʻzlarining keyingi hayotlari haqida yaxshilik istab qilgan ishlarida sizlarga gunoh yoʻqdir. Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi – Hakim Zotdir.

241.Talog‘i berilib iddasini kutib oʻtirgan ayollarga yaxshilik bilan maʼlum bir miqdorda moddiy taʼminot berib turish esa, taqvodor erlar zimmasidagi burchdir.

242.Alloh aql yuritishingiz uchun shu yoʻsinda sizlarga oyatlarini bayon qilib boradi.

243.Ey Rasulum, ularning sanoqlari minglab boʻlishiga qaramay, oʻlim qoʻrquvidan yurtlarini tashlab chiqqanlarning ahvolini koʻrmadingizmi? Alloh ulargaoʻlinglar”, – dedi, keyin esa ularni yana tiriltirdi. Albatta, Alloh odamlarga fazl va marhamat Egasidir. Lekin odamlarning koʻplari shukr qilmaydilar.

244.Alloh yoʻlida jang qilinglar va albatta, Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va hamma narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zot ekanini bilinglar.

245.Oʻziga bir necha barobar koʻp qilib qaytarilishi evaziga Alloh yoʻliga chiroyli qarz beradigan kim bor? Holbuki, rizqni toraytiradigan ham, kengaytiradigan ham Allohning Oʻzidir hamda sizlar, shubhasiz, Uning huzuriga qaytarilasizlar.

246.Ey Rasulim, bani Isroil avlodlarining Muso payg‘ambardan keyingi nufuzli jamoasi haqidagi xabarlarini eshitib koʻrmadingizmi? Oʻshanda ular payg‘ambarlariga qarata: “Bizlarga bir podshoh tayin qilib yuborgin va biz u bilan birga Alloh yoʻlida jang qilaylik”, – degan edilar. Payg‘ambar ularga: “Balki, sizlarga urush farz qilinib yozilsa, jangga chiqib urush qila olmassiz”, – degan edi. Ular: “Yurtimizdan haydab chiqarilgan va farzandlarimizdan ajralib qolganmiz-ku, nima uchun Alloh yoʻlida jang qilmas ekanmiz?” – deb aytganlar. Vaqtiki, ularga urush farz qilingach oz kishi mustasno, qolganlari bu ishdan yuz oʻgirdilar. Alloh zolim kimsalarni bilib turuvchi Zotdir.

247.Shundan soʻng payg‘ambarlari ularga: “Alloh sizlarga Tolut ismli kishini podshoh tayin qilib yubordi”, – dedi. Ular esa: “U bizning ustimizga qanday qilib hukmron boʻla oladi? Vaholanki, podshohlikka undan koʻra biz haqliroqmiz. Uning ustiga Tolutga mol-davlatdan moʻl-koʻl berilmagan boʻlsa?!” – deb aytdilar. Payg‘ambar ularga: “Shubhasiz, Alloh uni sizlarning ustingizga podshoh qilib tanladi hamda uning ilmiy va jismoniy tomondan quvvatini orttirdi”, – deb javob qaytardi. Alloh mulkini Oʻzi istagan kimsaga beradi. Shuningdek, Alloh fazlu karami keng boʻlgan – Vosiʼ va barcha narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

248.Payg‘ambarlari ularga: “Tolutning podshoh ekanligining belgisi, sizlarga bir sandiq kelishidadir. U sandiqda sizga Robbingizdan taskin hamda Muso va Horun payg‘ambarlarning oilalaridan qolgan yodgorlik mavjud boʻlib, u sandiqni farishtalar koʻtarib turadilar. Agar haqiqiy moʻmin boʻlsangizlar, shubhasiz, bunday hodisada sizlar uchun, albatta, ulkan alomat bordir”, – deb aytdi.

249.Podshohlikni qoʻlga olgan Tolut oʻz askarlari bilan shahardan ayrilgach, ularga qarata: “Alloh sizlarni qarshingizga chiqqan bir daryo bilan sinab koʻradi. Sinovga koʻra kim undan ichsa demak, u menga ergashganlardan emas, kimki u suvdan totib koʻrmasa, albatta, u menga ergashganlardandir. Lekin kim qoʻli bilan bir hovuch botirib olib ichsa, ruxsat bordir”, – dedi Shundan keyin koʻpchilik sinovdan oʻtolmay undan ichdi, faqat ulardan oz kishi ichmadi. Tolut iymon keltirgan kishilar bilan birga daryoni kechib oʻtgach, askarlar unga: “Bugun bizda dushman Jolut va uning lashkari bilan jang qilishga toqat yoʻq”, – dedilar. Shunda Allohga qiyomat kunida yuzma-yuz kelishlariga ishonadigan iymonli kimsalar: “Qanchadan-qancha kam sonli guruhlar Allohning izni bilan koʻp sonli guruhlar ustidan g‘alaba qozongandirlar. Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, – deb aytdilar.

250.Ular Jolut va uning askarlariga toʻqnash kelganlarida: “Ey Robbimiz, ustimizga sabr-toqatni yog‘dirgin, qadamlarimizni sobit qil va kofir boʻlgan qavmlar ustidan bizga g‘alaba ato et”, – dedilar.

251.Shunday qilib, Allohning izni bilan ularning qoʻshinlarini tor-mor qildilar, Dovud esa Jolutni oʻldirdi. Soʻngra Alloh Dovudga podshohlik va hikmat berdi hamda Oʻzi xohlagan ilmlardan taʼlim berdi. Agar Alloh odamlarning baʼzilarini baʼzilari bilan daf qilib turishi boʻlmasa edi, shubhasiz, Yer yuzi fitna-fasodga toʻlib ketardi. Lekin Alloh barcha olamlar ustida fazlu karam Egasidir.

252.Ey Rasulim, bular Allohning oyatlari boʻlib, ularni sizga roʻyirost tilovat qilmoqdamiz. Siz, shubhasiz, payg‘ambarlardansiz.

253.Bashariyatga yuborilgan ana shu payg‘ambarlarning baʼzilarini baʼzilaridan afzal qildik. Ular orasidan Alloh bevosita gaplashgani va ayrimlarining darajasini yuqori koʻtargani ham bor. Maryam oʻg‘li Iso payg‘ambarga moʻʼjizalar berdik va uni Ruh ul-Qudus boʻlgan Jabroil bilan qoʻllab-quvvatladik. Agar Alloh xohlasa edi, ularga ochiq-oydin dalillar kelgandan keyin ularning orqasidan kelgan ummatlar bir-birlari bilan jang qilmas edilar. Lekin ular turli ixtiloflarga tushdilar, ulardan iymon keltirgan ham, inkor qilgan ham boʻldi. Agar Alloh istamasa edi, ular bir-birlarini oʻldirmas edilar. Lekin Alloh Oʻzi istaganini qiladi.

254.Ey iymon keltirganlar, oldi-sotdi, doʻst-birodarlik va shafoat qilib boʻlmaydigan kun kelmasidan burun sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan xayru ehson qilinglar. Kofirlar esa, ular zolimlardir.

255.Allohdan oʻzga hech qanday iloh yoʻqdir, faqatgina Uning Oʻzi bordir. U hamisha tirik boʻlgan – Hay va abadiy bor boʻlib turuvchi – Qayyum Zotdir. Uni mudroq ham, uyqu ham tutmaydi. Osmonlar va Yer yuzidagi barcha narsa Unga oiddir. Uning izni boʻlmay turib, huzurida kim ham boshqa birovni shafoat qila oladi?! U barcha bandalarning oʻtmishi va kelajagini biladi. U bandalar esa Uning ilmidan agar Oʻzi xohlamasa, hech bir narsani bilib, qamray olmaydilar. U Zotning kursisi osmonlaru Yerni qamrab olgandir. Osmon va Yerdagi barcha narsalarni muhofaza qilish, ularni boshqarish Unga og‘ir kelmaydi. Alloh qudrati keng – Aʼliy va barchadan ulug‘ boʻlgan – Azim Zotdir.

256.Dinda majburlash yoʻqdir. Darhaqiqat, toʻg‘ri yoʻl egri yoʻldan ajrab maʼlum boʻlgan. Agar kim shaytondan yuz oʻgirib, Allohga iymon keltirsa, demak, u hech qachon uzilmaydigan mustahkam Islom halqasini tutibdi. Alloh hamma narsani eshitib turuvchi – Samiʼ va bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

257.Alloh iymon keltirganlarning yordamchisi va doʻstidir. Ularni zulmat qaʼridan nur tomonga chiqaradi. Kufr keltirganlarning doʻstlari esa shaytonlardir. Shaytonlar esa ularni nurdan zulmatga chiqarib tashlaydilar. Ana oʻsha kofirlar doʻzax egalaridir va ular u yerda mangu qoluvchidirlar.

258.Alloh unga saltanat berganidan mag‘rurlanib, Ibrohim payg‘ambar bilan uning Robbisi haqida talashib, tortishgan kimsaning ahvolini koʻrmadingizmi?! Zolim kimsa bilan bahslashgan Ibrohim payg‘ambar: “Robbim istaganiga hayot beradi va istaganini oʻldiradi”, – degan edi. U podshoh esa: “Men ham hayot berib, oʻldira olaman”, – deb aytdi. Keyin Ibrohim esa: “Alloh quyoshni sharqdan chiqaradi, sen uni g‘arbdan chiqarib koʻrchi?!” – deb aytgan. Ana oʻshanda u kufr keltirgan odam esankirab qolgan. Alloh zolim qavmlarni hidoyatga boshlamaydi.

259.Yoki yana boshqa bir kishi haqidagi xabarni bilmaysizmi? U kimsa tomlari bosib vayronaga aylangan va huvillab qolgan bir qishloqdan oʻtib ketayotganda oʻziga oʻzi: “Alloh xarobaga aylanib oʻlgandan keyin bu qishloq aholisini qanday qilib qayta tiriltirarkin-a?!” – dedi. Shunda Alloh uni oʻldirib, yuz yil muddatga shu holda tashlab qoʻydi. Yuz yildan keyin uni qayta tiriltirib: “Necha yil shu oʻlik holda yotding?” – dedi. U esa: “Bir kun yoki yarim kun”, – deb javob berdi. Alloh unga: “Yoʻq, sen yuz yil oʻlik holda yotding. Ana taoming va ichimligingga qaragin, buzilib oʻzgarmagan. Endi eshagingga qara, chirib yotibdi. Bunday hodisani koʻrsatishdan maqsad seni insonlarga ibrat qilib koʻrsatishdir. Bu suyaklarni qanday qilib tiklab, keyin ularga goʻsht qoplab, kiydirishimizni koʻrgin”, – dedi. Unga Allohdan boʻlgan moʻʼjiza ochiq-oydin maʼlum boʻlgach: “Albatta, Alloh hamma narsaga kuchi yetadigan Zot ekanini bilaman”, – dedi.

260.Ey Muhammad, “Bir zamonlar Ibrohim payg‘ambarning Robbim menga oʻliklarni qanday qilib tiriltirishingni koʻrsat”, – deganini eslang. Oʻshanda Alloh: “Nima, tiriltirishimga ishonmaysanmi?” – degan. Keyin Ibrohim: “Yoʻq, albatta, ishonaman, lekin qalbim yanada xotirjam boʻlishi uchun soʻradim”, – deb aytgan. Alloh unga: “Unday boʻlsa, qushlardan toʻrt xilini ushlaysan va ularni oʻzingga oʻrgatib, keyin kesib maydalaysan. Soʻngra ulardan biror boʻlakni har bir tog‘ boshiga alohida qoʻyib chiqib, yoningga chaqirgin. Ana oʻshanda qushlar tirik holda, senga harakatlanib keladi. Shubhasiz, Alloh izzati ulug‘ – Aziz va hikmat egasi – Hakim Zot ekanini bilgin”, – dedi.

261.Alloh yoʻlida mol-dunyolarini ehson qiladigan kimsalarning misoli, xuddi bir dona bug‘doy donining yettita boshoq oʻstirib chiqishi hamda har bir boshoqda esa yuz dona don joylashgani kabidir. Alloh istagan kishilariga ajrini bir necha barobar qilib beradi. Alloh fazlu karami keng boʻlgan – Vosiʼ va barcha narsani bilib turvchi – Aʼlim Zotdir.

262.Mol-dunyolarini Alloh yoʻlida ehson qilib, orqasidan qilgan ishlarini minnat qilmaydigan va kishilarga ozor ham bermaydigan kimsalar uchun Robbilari huzurida ajr-mukofotlari bordir. Oxirat kunida ularga hech qanday xavfu xatar yoʻq va ular g‘am-tashvish ham chekmaydilar.

263.Chiroyli, yaxshi soʻz va oʻzaro kechirimli boʻlish orqasidan minnat qilib, ozor bergan sadaqadan koʻra yaxshiroqdir. Alloh hech kimga muhtoj boʻlmagan – G‘aniy va bandalariga marhamatli boʻlgan – Halim Zotdir.

264.Ey iymon keltirganlar, ehson qiladigan molini odamlar koʻrsin deb beradigan, aslida Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsalarga oʻxshab, sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan yoʻqqa chiqarmanglar. Ana shunday kishilarning misoli xuddi, ustida tuproq boʻlgan qoyatoshga kuchli jala kelib yuvib ketgan, natijada, yana uni sip-silliq tosh holatiga tashlab qoʻyganga oʻxshaydi. Ular ishlab topgan va riyokorlik qilib bergan boyliklaridan hech narsaga ega boʻlmaydilar. Alloh kofir qavmlarni hidoyatga boshlamaydi.

265.Mol-dunyolarini Allohning roziligini istab, qalblaridagi iymonni yanada mustahkamlash uchun xayru ehson qiladiganlarning misoli xuddi tepalikdagi bir bog‘ kabidir. Agarda boqqa sharros yomg‘ir quysa, hosilini ikki barobar beradi. Bordi-yu kuchli yomg‘ir yog‘may, biroz shivillab yoqqan yomg‘ir boʻlsa ham, oʻziga yarasha hosil boʻlaveradi. Alloh har bir qilayotgan ishlaringizni koʻrib turuvchidir.

266.Sizlardan birortangiz tagidan anhorlar oqib turgan, xurmoyu uzumlar va anvoyi mevali bog‘i bor odamning yoshi ulg‘ayib, norasida bolalari bilan qolgan paytida bog‘ini olovli boʻron urib, yonib kul boʻlishini xohlaydimi? Alloh shoyad, tafakkur qilasizlar deb, oyatlarni sizlarga shunday bayon qiladi.

267.Ey iymon keltirganlar, kasbu koringizdan topganlaringizni va Biz sizlar uchun Yerdan undirib chiqargan hosillardan sifati yaxshilarini xayru ehson qilinglar. Oʻzingizga berilganda uni, faqat yoqtirmay koʻz yumib oladigan darajadagi yomon va sifatsizlaridan berishni koʻzlamanglar. Shubhasiz, Alloh maqtovga sazovor – Hamid va hech kimga muhtoj boʻlmagan – G‘aniy Zot ekanini bilinglar.

268.Shayton sizlarni agar xayru ehson qilsangizlar, kambag‘al boʻlib qolishdan qoʻrqitadi va buzuq ishlarga buyuradi. Alloh esa qilgan ehsonlar tufayli Oʻz tarafidan mag‘firat va fazlu karam vaʼda qiladi. Alloh fazlu karami keng boʻlgan – Vosiʼ va barcha narsani bilib turuvchi – Aʼlim Zotdir.

269.Alloh Oʻzi xohlagan kishisiga hikmat ato etadi. Kimga hikmat ato etilgan boʻlsa, darhaqiqat, unga koʻp yaxshilik berilibdi. Bundan, faqat aql egalarigina eslatma va ibrat oladilar.

270.Xayru ehsondan nimaiki qilgan boʻlsangiz va atagan har bir nazringizni Alloh, albatta, bilib turadi. Ehson qilmaydigan, nazrlarini bajarmaydigan va zolim kimsalar uchun oxiratda yordam beruvchilar boʻlmaydi.

271.Agar sadaqalarni oshkora tarzda qilsangiz, juda yaxshidir. Bordi-yu uni kambag‘allarga yashirincha bersangiz, bu oʻzingiz uchun xayrlidir. Bu ishlaringiz tufayli Alloh qilgan yomonliklaringizni berkitadi. Alloh qilayotgan har bir ishingizdan xabardordir.

272.Ey Rasulim, ularning hidoyat topishlari sizning zimmangizda emasdir. Yaxshilikdan nimaiki ehson qilgan boʻlsangizlar, oʻzingiz uchundir. Zero, qilayotgan ehsonlaringizni, faqat Allohning yuzini istab qilasizlar. Qilgan har bir yaxshiligingizning mukofoti oxiratda sizlarga toʻliq qaytariladi va nohaqlikka uchramaysizlar.

273.Sadaqa va ehsonlar oʻzlarini Alloh yoʻlida band qilib, Yer yuzida rizq terib yurishga kuchlari yetmaydigan va iffat va tortinchoqliklari sababidan bilmagan odam ularni boy deb oʻylaydiganlar uchun beriladi. Siz ularning holatlarini siymolaridan tanib olasiz. Shuningdek, ular uyalmay, xiralik bilan tilanib turmaydilar. Agar yaxshilikdan nimaiki qilsangiz, Alloh, albatta, uni biladi.

274.Mol-dunyolarini kechayu kunduz, yashirin yoki oshkora ehson qiladigan kimsalarning Robbilari huzurida ajr-mukofotlari bordir. Hamda ularga oxiratda hech qanday xavfu xatar yoʻq va ular g‘am-tashvish ham chekmaydilar.

275.Ribo yeydigan, sudxoʻrlik qiladigan kimsalar qiyomatda qabrlaridan xuddi shayton chalib, jinni boʻlgan odamdek qayta tiriladilar. Bu jazo ulargasavdo-sotiq ham xuddi sudxoʻrlik kabidir”, – deganlari uchundir. Holbuki, Alloh tijoratni halol, sudxoʻrlikni esa harom qilgan. Bas, agar kimga Robbidan uning haromligiga doir vaʼz-nasihat yetib kelib, sudxoʻrlikdan toʻxtasa, u holda oldingi boʻlib oʻtgan sudxoʻrlikdagi foydalari oʻziga qoladi va uning ishi Allohga havola qilinadi. Agar shundan keyin ham yana sudxoʻrlikka qaytadigan boʻlsa, demak, ular doʻzax egalaridir. Hamda ular u yerda mangu qoluvchi boʻladilar.

276.Alloh sudxoʻrlikdagi foizni yoʻq qiladi, sadaqalardagi barakatni orttiradi. Alloh sudxoʻrlik qiladigan har bir kofir va gunohkorni sevmaydi.)

277.Iymon keltirgan, yaxshi amallar qilgan, namozlarni mukammal ado etgan va zakotlarni bergan kimsalarning Robbilari huzurida ularga ajr-mukofotlari bordir. Hamda ularga oxiratda hech qanday xavfu xatar yoʻq va ular g‘am-tashvish ham chekmaydilar.

278.Ey iymon keltirganlar, Allohdan qoʻrqinglar agarda haqiqiy moʻmin boʻlsangizlar, sudxoʻrlik sarqitlarni tark qilinglar.

279.Agarda shundan keyin ham itoat qilmasangiz, unda Alloh va Rasuli tomonidan sizlarga qarshi urush ochilishini eshitib qoʻyinglar. Shoyad, tavba qilsangizlar, u holda avvalgi sarmoyalaringiz oʻzingizga qoladi. Shunda siz zulm ham qilmagan va adolatsizlikka ham uchramagan boʻlasiz.

280.Agarda qarzdor nochor ahvolda boʻlsa, sharoiti yaxshilanib boyiguncha kutish kerak. Agar bilsangiz edi, bergan qarzlaringizni kechib, sadaqa qilib yuborishingiz oʻzingiz uchun yaxshiroqdir.

281.Hammangiz unda Allohga qaytariladigan qiyomat kunidan qoʻrqingar. Soʻngra u yerda har bir jonga qilgan ishi uchun toʻliq jazo yoki mukofot beriladi va ularga nohaqlik qilinmaydi.

282.Ey moʻminlar, maʼlum bir muddatga bir-birlaringiz bilan qarz oldi-berdi muomalasini qilsangiz, uni yozib qoʻyinglar. Oralaringizdagi bir kotib adolat bilan toʻg‘ri qilib yozsin. Hech qaysi bir kotib Alloh bildirganidek yozishdan bosh tortmasin, qanday boʻlsa, shunday yozsin. Zimmasida qarzi boʻlgan kishi aytib turib yozdirsin hamda Robbisi boʻlgan Allohdan qoʻrqsin va olgan qarzidan biror narsa kamaytirib yozdirmasin. Bordi-yu boʻynida qarzi boʻlgan odam aqli noraso, yosh yoki juda keksaligi bois ojiz hamda karligi, soqovligi va til bilmasligi tufayli aytib turishga qodir boʻlmasa, u holda uning vakili adolat bilan aytib tursin. Shuningdek, erkaklaringizdan ikki kishini guvoh qilinglar. Agarda ikki erkak boʻlmasa, sizlar rozi boʻladigan guvohlardan bir erkak kishi va ikki ayolni guvoh qilinglarki, biri unutib adashganda ikkinchisi eslatib turadi. Guvohlar guvohlik uchun chaqirilganda kelishdan bosh tortmasinlar. Qarz xoh katta boʻlsin, xoh kichik boʻlsin muddatigacha yozib qoʻyishdan erinmanglar. Mana shu Alloh nazdida eng adolatli, shohidlik uchun eng durust va gumon qilmaslik uchun eng yaqin boʻlgan hukmdir. Lekin oralaringizda aylantirib turgan naqd savdo muomalangiz boʻlsa, uni yozmaslikda sizlarga gunoh boʻlmaydi. Oʻzaro oldi-berdi qilganingizda ham guvoh keltiringlar. Agar xarajatlari boʻlsa, yozgan odam ham, guvoh ham zarar qilmasinlar. Agar ularga zarar qilsangiz, shubhasiz, bu sizning fosiqligingizdir. Allohdan qoʻrqinglar, Alloh sizlarga shu tariqa taʼlim beradi. Alloh barcha narsani biluvchi Zotdir.

283.Agar oʻsha payt safarda boʻlib, yozuvchi odam topa olmasangiz, unda qoʻl bilan ushlanadigan bir garov berilsin. Bordi-yu bir-biringizga ishonib omonat qoʻysangiz, unda omonati qoʻyilgan odam uni vaqtida ado etsin. Robbisi boʻlgan – Allohdan qoʻrqsin va shohidlikni aslo berkitmasin. Kimda-kim uni yashirsa demak, shubhasiz, uning qalbi gunohkordir. Alloh qilayotgan barcha ishlaringizni bilib turuvchidir.

284.Osmonlar va Yer yuzidagi barcha narsalar Allohnikidir. Ichingizdagi narsani xoh oshkor qilinglar xoh berkitinglar Alloh sizlarni shu bilan hisob-kitob qiladi. Keyin xohlaganini kechiradi, xohlaganiga azob beradi. Alloh har narsaga kuchi yetadigan – Qodir Zotdir.

285.Allohning Rasuli boʻlgan Muhammad oʻziga Robbidan nozil qilingan Qurʼonga iymon keltirdi va moʻminlar ham iymon keltirdilar. Ularning barchalari Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlarigaAllohning Rasullarini bir-biridan ajratmaymiz”, – deb iymon keltirganlar. Hamda ular: “Eshitdik va itoat qildik, ey Robbimiz, bizlarni mag‘firat qil va oxirgi boradigan joy Oʻzinggadir”, – dedilar.

286.Alloh hech qaysi bir jonga kuchi yetmaydigan narsani taklif qilmaydi. Har kimning qilgan yaxshi amali ham, yomon amali ham uning oʻzigadir. Ey Robbimiz, bordi-yu unutgan yoki xato qilgan boʻlsak, bizni bu sababdan javobgar tutmagin. Ey Robbimiz, bizdan oldingi ummatlarga yuklaganing kabi bizga ham og‘ir yuk yuklamagin. Ey Robbimiz, kuchimiz yetmaydigan masʼuliyatlarni bizlarga yuklab tashlamagin. Bizlarni afv etgin, gunohlarimizni kechirgin va bizlarga rahm qilgin. Sen bizning yolg‘iz Egamizdirsan va kofir qavmlar ustidan bizlarga nusrat bergin.